|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.10.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli “Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini yanada jadallashtirish borasidagi vazifalarni samarali hal etishda davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasidagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash masalalari departamenti unga qoʻshimcha 8 ta shtat birligini kiritgan holda Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) etib qayta tashkil etilsin.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar qoʻshimcha ravishda Departament faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
milliy iqtisodiyotning muhim vazifalarini hal etish hamda uni barqaror rivojlantirishga qaratilgan integratsiyalashuv imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasida sanoat ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va diversifikatsiyasini taʼminlash hamda energetika, agrar sohalarni jadal rivojlantirish siyosatini amalga oshirishga qaratilgan integratsiyalashuv imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ishlab chiqarishni texnik jihatdan tartibga solish, xalqaro standartlarni tatbiq etish, akkreditatsiya, veterinariya, sanitariya va fitosanitariya sohalarida zamonaviy boshqaruv tizimini hamda integratsiyalashuv imkoniyatlarini joriy etish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqish;
respublikaning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan integratsiyalashuvi sharoitida bojxona-tarif va notarif tartibga solishning samarali tizimini rivojlantirish va uni qoʻllash choralarini muvofiqlashtirish;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) va kapitalning xalqaro koʻlamda harakatlanish jarayonlarini hamda mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni tahlil qilish va ularning tashqi bozorga erkin chiqish imkoniyatlarini monitoring qilish asosida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini muvofiqlashtirish;
respublikada transport kommunikatsiyalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmalarida islohotlar amalga oshirilishining kompleks oʻrganilishi va tahlil qilinishini tashkil etish natijalari asosida integratsiyalashishga doir takliflar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi boʻyicha muzokaralar jarayonida ishtirok etish hamda integratsiyalashuvga masʼul boʻlgan mutasaddi davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish, shuningdek, xalqaro hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomalar loyihalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish;
milliy qonunchilikni Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuviga asos boʻluvchi amaldagi xalqaro shartnomalarga moslashtirish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi yuzasidan tizimli monitoring olib borish hamda tegishli maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi oʻz markaziy apparati tuzilmasida xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi masalalari bilan shugʻullanuvchi tarkibiy boʻlinmalarni tashkil etsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Departamentning qoʻshimcha shtat birliklari Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tizimidagi bittadan shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;
mazkur Farmonning 3-bandida nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlari markaziy apparatida tashkil etiladigan tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining soni tegishli idora faoliyatining oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda uning rahbari tomonidan belgilanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-5785-son Farmoniga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-yanvar,
PF-5903-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-yanvardagi PF-5903-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti
TUZILMASI
Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 16 nafar,
shu jumladan boshqaruv xodimlari — 15 nafar.
Departamentga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi — tashqi mehnat migratsiyasi va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — tashqi mehnat migratsiyasi va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
6. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi — tashqi mehnat migratsiyasi qismida;
8. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi — mehnat migrantlarining transport xavfsizligi va respublikadan tashqarida ularni tashish hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi — mehnat migrantlari va ular oilalarining yashash sharoitlarini yaxshilash hamda ularga uy-joy qurib berish qismida;
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish qismida;
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
16. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
17. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
18. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
19. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi — xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
20. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — mehnat migrantlarini qaytarish, ularni reintegratsiya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish qismida hamda boshqa tegishli sohalarda.
Departament bilan hamkorlik qilinishi taʼminlanadigan tashkilotlar roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi;
2. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-yanvardagi PF-5903-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-5785-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-bandning birinchi xatboshisidagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash masalalari departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) 3-ilovaga muvofiq” soʻzlari “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 6-banddagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash” soʻzlari “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 2-ilovada:
6-banddagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash” soʻzlari “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik” soʻzlari bilan almashtirilsin;
16-banddagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri oʻrinbosari” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasi Departamenti mudirining xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2020-y., 06/20/5903/0039-son; 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)