O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Rais M. ABDUSALOMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-oktabr,
951-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktabrdagi 951-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida
NIZOM
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 33-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining (bundan buyon matnda kuzatuvchi deb yuritiladi) huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega.
2. Kuzatuvning maqsadi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.
3. Saylov komissiyalari kuzatuvchini mandati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan ro‘yxatga olgandan keyin unga o‘z vakolatlarini to‘laqonli hamda to‘sqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.
4. Siyosiy partiya a’zosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh bo‘lgan har qanday O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi siyosiy partiyadan kuzatuvchi bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan fuqarolar yig‘ini raisi, uning o‘rinbosari, maslahatchisi, shuningdek fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslari kuzatuvchi bo‘lishi mumkin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
41. Kuzatuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga (bundan buyon matnda hududiy saylov komissiyasi deb yuritiladi) murojaat etish hamda hududiy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olish jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Kuzatuvchilarga mandatlar elektron shaklda “E-saylov” axborot tizimi orqali berilganda mandat hududiy saylov komissiyasi raisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
II. Kuzatuvchilarning hujjatlarini rasmiylashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Siyosiy partiyaning tuman (shahar) tashkiloti, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tegishli saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berilgan kundan boshlab, saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi. Bunda ariza:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovida — hududiy saylov komissiyasiga;
bo‘shab qolgan o‘rinlarga xalq deputatlari tuman, shahar (bundan Toshkent shahri mustasno) Kengashlari deputatlari saylovida — tuman, shahar saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Arizaga kuzatuvchilarning ro‘yxati (ismi-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami ko‘rsatilgan holda), ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxalari, 3x4 sm. o‘lchamdagi ikki dona fotosurat ilova qilinadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida tegishli saylov komissiyasiga saylovga kamida o‘n kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 16-iyundagi 1073-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiya tashkilotining va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun tegishincha mazkur Nizomning 1, 2 yoki 3-ilovasiga muvofiq shaklda mandat beradi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344- qaroriga asosan chiqarilgan)
8. Mandatda siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan farqlash uchun alohida belgilar (mandat rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Siyosiy partiya tashkiloti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tegishli saylov komissiyasidan mandatlarni olgandan so‘ng ularni kuzatuvchilarga yetkazilishini ta’minlaydi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 16-iyundagi 1073-sonli qarori tahririda)
10. Quyidagi hollarda kuzatuvchiga mandat berish rad etilishi mumkin:
kuzatuvchiga nomzod 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
saylovga o‘n kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa;
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 16-iyundagi 1073-sonli qarori tahririda)
tegishli saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyadan nomzod ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa (siyosiy partiyaning kuzatuvchilari uchun);
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining mansabdor shaxsi bo‘lmasa (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining kuzatuvchilari uchun);
mazkur Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa.
11. Kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek ovoz berish kuni mandatni taqib yurishi shart.
12. Kuzatuvchining vakolat muddati unga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugaydi.
Tegishli saylov komissiyasi tomonidan takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, kuzatuvchilar mandatining amal qilishi tegishli muddatga uzaytiriladi.
III. Kuzatuvchining huquq va majburiyatlari
13. Kuzatuvchi:
saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;
Oldingi tahrirga qarang.
nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning va siyosiy partiyalarning (vakillarining) saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
(13-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;
muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;
saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonini kuzatish;
ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;
saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;
saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);
kuzatuv natijalari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
tegishincha hududiy, okrug, tuman, shahar saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda hudud yoki okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir bo‘lish;
(13-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin tegishli uchastka saylov komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qilish;
(13-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 16-iyundagi 1073-sonli qarori tahririda)
agar saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida ushbu uchastka saylov komissiyasi a’zolariga ularning ishiga aralashmagan holda ma’lum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;
saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari haqida, shuningdek saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega.
Kuzatuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
14. Kuzatuvchi:
o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilishi;
barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko‘rsatishi;
o‘z xulosalarini shaxsan o‘tkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslashi shart.
15. Kuzatuvchiga quyidagilar man etiladi:
saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;
saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, biron bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;
saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;
uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish;
saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Kuzatuvchi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va ushbu Nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda tegishli saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
IV. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
17. Kuzatuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 16-iyundagi 1073-sonli qarori tahririda)
Kuzatuvchi shikoyatni ko‘rib chiqishda bevosita ishtirok etishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida nizomga
1-ILOVA

Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida nizomga
2-ILOVA

Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida nizomga
3-ILOVA

(1 — 3-ilovalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktabrdagi 951-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq Markaziy saylov komissiyasining nizom va yo‘riqnomalari to‘g‘risida” 2004-yil 18-sentabrdagi 198-son qarori 8-bandi va 8-ilovasi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov o‘tkazish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2014-yil 11-sentabrdagi 618-son qarori 1-bandining to‘qqizinchi xatboshisi va 8-ilovasi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashuvchi siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2016-yil 7-oktabrdagi 752-son qarori.