Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining:
“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-noyabrdagi PF-5584-son farmoniga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan boshlab yuridik shaxs tashkil etmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilganligi;
“Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi etib qayta tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Faoliyati parvozlar xavfsizligi taʼminlanishini nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi rahbarlari va xodimlarining mehnatiga takomillashtirilgan tarif setkasi boʻyicha haq toʻlash razryadlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-sentabr,
825-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 825-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va quyidagi maqsadlarda tashkil etilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy muhofaza qilish, oʻqitish va malakasini oshirishni;
Agentlik vazifalarining samarali bajarishlarini taʼminlashni;
Agentlikni moddiy-texnik taʼminlash, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni moliyalashtirish chora-tadbirlarini takomillashtirish.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
qonun hujjatlariga muvofiq pulli xizmatlar koʻrsatishdan, shu jumladan aerodrom hududida parvozlar xavfsizligiga xavf solishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishdan tushadigan mablagʻlarning 100 foizi;
maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun Agentlik xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar miqdorining 80 foizi;
“Oʻzaeronavigatsiya” markazi sof foydasining 5 foizi;
aviatsiya xavfsizligi uchun undiriladigan yigʻimlar miqdorining 3 foizi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarma mablagʻlarining tushishi va sarflanishi milliy valyutada hisobga olinadi.
5. Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga muvofiq Agentlikning daromadlar manbalari boʻyicha ochilgan maxsus gʻaznachilik shaxsiy hisobvaraqlarida jamlanadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
6. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
a) Agentlikni moddiy-texnik taʼminlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari bilan qoplanmagan boshqa xarajatlar uchun;
b) Agentlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, mukofotlash, moddiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy himoya qilish, oʻqitish va malakasini oshirish, shu jumladan:
Agentlik xodimlariga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqalar toʻlash;
Agentlik xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalarida imtiyozli (maxsus) tarzda yurish xarajatlarni qoplash uchun;
v) Agentlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish, shu jumladan:
vakillik xarajatlarini, shuningdek, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlarini oʻtkazish xarajatlarini qoplash, suvenirlar, mahsulotlar, bukletlar va axborot-maʼrifiy materiallarni xarid qilish;
xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
v1) davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini va ekspertlarni shartnoma asosida jalb qilish xarajatlari uchun;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-apreldagi 151-sonli qaroriga asosan “v1” kichik band bilan toʻldirilgan)
g) qonunchilikda taqiqlanmagan Agentlik faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlar uchun.
7. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va keyingi yilga oʻtkaziladi.
8. Jamgʻarma mablagʻlaridan har yili Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida foydalaniladi. Agentlik daromadlari va xarajatlari smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
9. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasi kelgusi yil uchun mablagʻlar tushishining kutilayotgan prognozi va tadbirlar oʻtkazish zaruratidan kelib chiqqan holda tuziladi.
10. Agentlikning tashabbusi bilan zarur hollarda, Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlar miqdoridan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
4-bob. Hisobot, nazorat va jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi uchun masʼuliyat
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va qatʼiy maqsadli foydalanish yuzasidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.
12. Agentlik direktori Jamgʻarma mablagʻlaridan qonuniy va maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
13. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 825-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi xodimlarini mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Faoliyati parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan Agentlik rahbarlari va xodimlarining lavozim maoshlari takomillashtirilgan tarif setkasi boʻyicha tarif koeffitsiyentini qoʻllagan holda uch barobar miqdorda belgilanadi: bitta lavozim maoshi — budjet mablagʻlari hisobidan, ikkita lavozim maoshi — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi).
Qoʻshimcha haq va ustamalar lavozim maoshlarining umumiy yigʻindisidan belgilanadi.
2-bob. Agentlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash
3. Agentlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va mukofotlash, shuningdek, ularga moddiy yordam koʻrsatish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
a) budjet ajratmalari hisobidan:
Agentlik xodimlarining lavozim maoshlari;
qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda davlat xizmatchilarining lavozim maoshiga mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti;
yiliga mehnatga haq toʻlashning ikki oylik fondi miqdoridagi mukofotlar;
bir yilda bir marotaba bir oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam toʻlovlari;
Agentlik xodimlarining mehnatini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash fondi mablagʻlarining 15 foizi miqdorida moddiy taqdirlash va ragʻbatlantirish;
faxriy unvonlar uchun qoʻshimcha haqlar;
b) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:
faoliyati parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan Agentlik rahbarlari va xodimlarining ikkita lavozim maoshlari;
vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqalar toʻlash;
Agentlik xodimlarining ushbu Nizom 3-bobida koʻrsatilgan har oylik ustamalari, moddiy yordam va mukofotlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa qoʻshimcha haq va ustamalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish miqdorlari va choralarini qoʻllash shartlari
4. Amaldagi (uchuvchi, shturman) guvohnomalarga ega boʻlgan rahbar va inspektorlar tarkibiga lavozim maoshiga har oy quyidagi miqdorlarda ustamalar belgilanadi:
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (keyingi oʻrinlarda IKAO deb ataladi) tilni bilishni baholash shkalasi boʻyicha ingliz tilini 4-darajadan past boʻlmagan darajada bilish va amaliy faoliyatda qoʻllashi uchun — 15 foiz;
2 — darajali malaka uchun — 30 foizgacha;
1 — darajali malaka uchun — 50 foizgacha;
fuqaro aviatsiyasining amaldagi (uchuvchi, shturman) guvohnomasi uchun 50 foizgacha;
Oldingi tahrirga qarang.
1 soat parvoz vaqti uchun — Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki baravarigacha miqdorida. Bir oyda 20 soatdan oshgan haqiqiy parvoz vaqti uchun haq toʻlanmaydi.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-apreldagi 151-sonli qarori tahririda)
5. Havodagi harakatni boshqarish boʻyicha amaldagi dispetcher guvohnomasiga ega boʻlgan rahbar va inspektorlar tarkibiga lavozim maoshiga har oy quyidagi miqdorlarda ustamalar belgilanadi:
IKAOning tilni bilishni baholash shkalasi boʻyicha ingliz tilini 4-darajadan past boʻlmagan darajada bilish va amaliy faoliyatda qoʻllash uchun — 15 foiz;
2 — darajali malaka uchun — 30 foizgacha;
1 — darajali malaka uchun — 50 foizgacha;
havodagi harakatni bevosita boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan ish oʻrinlarida mustaqil ishlashga ruxsatnoma uchun — 30 foizgacha;
havo harakatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimida mustaqil ishlashga ruxsatnoma uchun — 30 foizgacha;
havodagi harakatni boshqarish boʻyicha amaldagi dispetcher guvohnomasi uchun — 50 foizgacha;
havo kemalariga xizmat koʻrsatishni tashkil etish va havo hududidan foydalanishni tekshirish hamda nazorat qilish uchun — 50 foizgacha.
6. Havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha amaldagi muhandis guvohnomasiga ega boʻlgan rahbar va inspektorlar tarkibiga lavozim maoshiga har oy quyidagi miqdorlarda ustamalar belgilanadi:
xodimga har bir havo kemasi turi uchun berilgan toifalar turi va soniga qarab 26 foizdan 170 foizgacha;
havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish ruxsatnomasi uchun — 60 foizgacha;
havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha amaldagi muhandis guvohnomasi uchun — 16 foizgacha.
7. Agentlik direktori va uning oʻrinbosariga alohida muhim parvozlarni tashkil etishda ishtiroki uchun har oylik lavozim maoshiga 30 foizdan 40 foizgacha miqdorda ustamalar belgilanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun har oylik lavozim maoshiga ustamalar quyidagi miqdorlarda toʻlanadi: 3 yildan 5 yilgacha — 15 foiz, 5 yildan 10 yilgacha — 20 foiz, 10 yildan 15 yilgacha — 30 foiz, 15 yildan 20 yilgacha — 40 foiz, 20 yil va undan ortigʻiga — 50 foiz.
9. Bayram kunlari munosabati bilan beriladigan mukofotlar — bir lavozim maoshigacha boʻlgan miqdorda (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) haqiqatda ishlangan vaqtdan qatʼi nazar toʻlanadi.
Tashabbuskorlik va xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarganliklari uchun Agentlik xodimlari bir yilda bir marotaba ikki oylik ish haqi miqdorida ularning faoliyatini alohida baholash asosida mukofotlanishi mumkin.
Oʻrindoshlik asosida ishlarni bajarganlik uchun ragʻbatlantirish Agentlik xodimlariga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Agentlik xodimlariga mehnatga haq toʻlash fondidan ikki yuz foizgacha miqdorda har oylik ustamalar belgilanadi. Ustamaning aniq miqdori Agentlik direktori tomonidan xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash asosida belgilanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-apreldagi 151-sonli qarori tahririda)
11. Zarur hollarda (davolanish, toʻy marosimi, yaqin qarindoshlarining dafn marosimi, baxtsiz hodisa bilan bogʻliq hollarda), Agentlik xodimlariga kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravarigacha miqdorda moddiy yordam toʻlanadi.
12. Agentlik xodimlariga, mehnat taʼtiliga chiqish sanasi kuniga bir kalendar yilda bir marta lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam toʻlovi amalga oshiriladi.
13. Agentlik xodimlariga bir yilda bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalarida imtiyozli (maxsus) tarzda yurishga ruxsat beriladi.
14. Agentlik xodimlariga, foydalanilmagan mehnat taʼtili vaqti uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kompensatsiya taqdim etilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 300-moddasi.
15. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan toʻlovlarning barcha turlari Fondda mablagʻlar mavjud boʻlganda, Agentlik direktorining buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 825-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Faoliyati parvozlar xavfsizligi taʼminlanishini nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi rahbarlari va xodimlarining mehnatiga takomillashtirilgan tarif setkasi boʻyicha haq toʻlash
razryadlari
* Boshqarma va boʻlim boshligʻi oʻrinbosariga YTS boʻyicha razryadlar Agentlikning boshqarma va boʻlim boshligʻi razryadlaridan tegishli ravishda 5 foizga kam stavkada belgilanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/825/3821-son)