Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda yoqilgʻi-energetika tarmogʻini kompleks rivojlantirish hamda energiya resurslariga tobora oshib borayotgan ehtiyojni taʼminlashning muhim omili boʻlgan energiya manbalarini diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, geologiya qidiruv ishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va narxlarni shakllantirish ishlarining samarasizligi respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslari bilan toʻliq taʼminlanmasligiga, neft-gaz tarmogʻi korxonalari moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.
Jumladan, soʻnggi 20 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 8 foizga oshgani holda mamlakat korxonalari tomonidan uni qazib olish hajmi 29 foizga pasaydi, 2008 — 2018-yilda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foizga qisqardi, oʻtgan 5 yil davomida tabiiy gazning tabiiy zaxiralari oʻrnini toʻldirish boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 70 foizga yaqin hajmni tashkil etdi.
2017-2018-yillarda moliyaviy mablagʻlarning yetishmasligi va moddiy-texnik resurslarning taqchilligi natijasida tabiiy gaz qazib olishning oʻsishi prognoz koʻrsatkichlariga nisbatan 42 foizni tashkil etgan xolos.
Tartibga solish funksiyalari va tijorat faoliyatini oʻzida birlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof boʻlmagan tizimi neft-gaz tarmogʻi korxonalarida zamonaviy menejmentni joriy etishga, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish, neft-gaz tarmogʻi korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishni taʼminlash, qabul qilingan xalqaro amaliyot asosida sogʻlom raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni va ilgʻor boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida:
1. Xalqaro konsalting kompaniyalari va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika ishchi komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Respublika ishchi komissiyasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda:
a) amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin va bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratsin:
uglevodorod xom ashyosini qazib olish hajmlarini koʻpaytirish;
gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish;
tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirish;
investitsiyaviy loyihalarni tanqidiy oʻrganish va maqbullashtirish, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish;
neft-gaz tarmogʻi korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va narx shakllanishini takomillashtirish;
b) Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining har bir yoʻnalishi boʻyicha ishchi komissiyalar tarkibini tasdiqlasin;
v) tashkil qilinayotgan ishchi komissiyalari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — XMI/XHMT) va konsalting kompaniyalarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
g) Energetika vazirligida boshqaruv xodimlari soni 20 shtat birlikdan oshmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, XMI/XHMT texnik koʻmaklashish mablagʻlari (grantlari) hisobidan moliyalashtiriladigan neft-gaz tarmogʻini isloh qilishni muvofiqlashtirish boʻyicha loyiha ofisi tashkil qilinishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligining Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagida tayyorlangan va quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi tizimini takomillashtirish va samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin:
“Oʻzbekneftgaz” AJga “Oʻzburgʻuneftgaz” AJ, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ, “Oʻzneftmahsulot” AJ, “Oʻzneftgazmash” AJlarni qoʻshish, “Oʻzbekneftgaz” AJ ijro etuvchi apparati tarkibida tugatilayotgan boʻgʻinlarning vazifalari va funksiyalarini bajaruvchi tegishli boʻlinmalarni tashkil etish orqali tizim boshqaruvida ortiqcha boʻgʻinlarni qisqartirish;
“Oʻztransgaz” AJni “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarish va “Oʻzbekneftgaz” AJning “Oʻztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) berish;
“Oʻztransgaz” AJning gaz taʼminoti boʻyicha hududiy filiallari negizida “Hududgaztaʼminot” AJni tashkil qilish va Agentlikni uning aksiyadori etib belgilash.
4. Quyidagilarga:
a) “Oʻztransgaz” AJga:
Oldingi tahrirga qarang.
tabiiy gazni yetkazib berish, shuningdek, eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi tashkilotlar, shu jumladan mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlar asosida faoliyat yurituvchi qoʻshma korxonalar va xorijiy kompaniyalardan xarid qilish;
(4-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)
Oldingi tahrirga qarang.
toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha “Hududgaztaʼminot” AJ va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish.
(4-bandning “a” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)
b) “Hududgaztaʼminot” AJga:
gaz taqsimlash tarmoqlarini va tegishli uskunalarni xavfsiz ekspluatatsiya qoidalarining normativ talablariga rioya qilgan holda ekspluatatsiya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
suyultirilgan gazni xarid qilish, yetkazib berish, saqlash hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga sotish;
tabiiy gazni keyinchalik gaz taqsimlash tarmogʻiga ulangan respublika ichki isteʼmolchilariga, shu jumladan aholiga sotish maqsadida magistral gaz uzatish tizimi orqali yetkazib berilganda ― “Oʻztransgaz” AJdan, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri gaz taqsimlash tarmogʻiga yetkazib berilganda ― tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilaridan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan tariflar boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi asosida xarid qilish funksiyalari yuklansin.
(4-bandning “b” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoniga asosan uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)
5. Ishlab chiqarish boʻlinmalari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqaruv oʻrnatish maqsadida neft-gaz qazib chiqarish va gazni qayta ishlash tashkilotlari yuridik shaxs tashkil etmasdan, 2-ilovaga muvofiq “Oʻzbekneftgaz” AJning tarkibiy boʻlinma (boshqarma, zavod)lari etib qayta tashkil qilinsin.
6. Ayrim tashkilotlar “Oʻzbekneftgaz” AJga va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga qoʻshish yoʻli bilan 3-ilovaga muvofiq qayta tashkil etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Agentlik, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
“Oʻzneftmahsulot” AJ tasarrufidagi fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilgʻi quyish shoxobchalarini tadbirkorlik subyektlariga auksion savdolari orqali sotish hamda olis, yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlarida yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashning muqobil tizimini joriy qilish;
gaz taʼminoti boʻyicha viloyat, tumanlararo (shahar) filiallariga yoki ularning uchastkalariga biriktirilgan gaz taʼminoti obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish va isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish;
“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan, shu jumladan avval qabul qilingan hukumat qarorlariga muvofiq sotish koʻzda tutilgan aktivlarini, sotuvga qoʻyilgan paytdan boshlab bir oy davomida talabgorlar boʻlmagan taqdirda boshlangʻich narxni qadam-baqadam pasaytirish yoʻli bilan sotish;
“Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning bozorlar, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlarini 4-ilovaga muvofiq mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berish;
“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning servis tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ustav kapitalidagi ulushlarini 5-ilovaga muvofiq Agentlikka berish;
tabiiy gazni va suyuq uglevodorodlarni qazish, qayta ishlash, tashish, uzatish va sotishning barcha bosqichlarida resurslar hisobini yuritish boʻyicha elektron uskunalarni qoʻllash orqali ularning alohida hisobi yuritilishini joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga uglevodorod xom ashyosi yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni koʻpaytirishni taʼminlash maqsadida respublika uglevodorod xom ashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish boʻyicha funksiyalarni berish.
8. Hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifa sifatida quyidagilar belgilansin:
a) “Oʻzbekneftgaz” AJ uchun — 2024-yilga kelib uglevodorod xom ashyosi, shu jumladan tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 milliard metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 million tonnaga yetkazish, shu bilan iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtiyojlarini toʻliq qondirishni, shuningdek, kompaniyaning daromadi ortishini, shu jumladan quyidagilar hisobidan taʼminlash:
investitsiya kiritishning xorijiy amaliyotda keng tarqalgan shartlari va mexanizmlari asosida qazib olinishi qiyin boʻlgan konlarda uglevodorod xom ashyosini qazib olishga dunyoning yirik neft-gaz kompaniyalarini jalb qilish;
mustaqil xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda neft-gaz tarmogʻi korxonalarining operatsion samaradorligini oshirish va xarajatlarini maqbullashtirish, shuningdek, ularning qarz yuklamasini kamaytirish;
ishlab chiqilgan konlarda zamonaviy texnologiyalar asosida uglevodorod xom ashyosi qazib olishning unumdorligini oshirish;
2020 — 2022-yillarda milliy neft-gaz tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari boʻyicha xalqaro tender savdolarida ishtirok etish uchun kamida 6 ta xorijiy neftservis tashkilotlarini jalb qilish;
xorijiy tajribani hisobga olgan holda, shu jumladan “Raqamli kon” konsepsiyasini amalga oshirish asosida ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;
xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda neft-gaz tarmogʻidagi investitsiya loyihalarini tanqidiy oʻrganish va mahalliy neft-gaz qazib oluvchi korxonalarning real moliyaviy imkoniyatlariga qarab maqbullashtirish;
b) “Oʻztransgaz” AJ uchun — shu jumladan quyidagilar hisobiga gaz transport tizimining “zaif” jihatlarini bartaraf etish va uning tranzit salohiyatini rivojlantirish:
gaz quvurlari va kompressor stansiyalarini, shu jumladan XMI/XHMT mablagʻlarini jalb etish orqali qurish, rekonstruksiya qilish;
yer osti gazni saqlash stansiyalarida tabiiy gazni saqlash hajmlarini oshirish;
yuqori bosimli gaz taqsimlash punktlarida tabiiy gaz oqimlarining monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) hamda avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini joriy etish;
v) “Hududgaztaʼminot” AJ uchun — tabiiy gazni isteʼmolchilarga yetkazishda yoʻqotishlarni shu jumladan quyidagilar hisobiga kamaytirish:
faoliyat koʻrsatayotgan gaz taqsimlash punktlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;
2022-yilga qadar Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi isteʼmolchilar uchun toʻliq joriy etish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun gaz taʼminoti obyektlarini xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish.
9. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
aksiyadorlik jamiyatlarining vazifalari va funksiyalarini batafsil bayon qilgan holda “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ ustav kapitallari shakllantirilishi va taʼsis hujjatlari tasdiqlanishini;
“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ tashkiliy tuzilmalari va ijro etuvchi apparati tuzilmalari tasdiqlanishini, ularning boshqaruv organi shakllantirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
a) Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil qilish boʻyicha har bir tadbirning aniq amalga oshirish muddati va masʼul shaxslar koʻrsatilgan chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlasin, bunda qayta tashkil qilinayotgan “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan oʻtkazish, korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllarini joriy qilish, ushbu aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil aʼzolarni jalb qilish nazarda tutilsin;
b) Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktabrga qadar XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalarining texnik koʻmagida “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJdagi rahbarlik lavozimlariga neft-gaz tarmogʻidagi yirik xorijiy kompaniyalarda yoki xalqaro boshqaruv kompaniyalarida ishlash tajribasiga ega boʻlgan menejerlarni jalb qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
v) 2019-yil 1-sentabrga qadar Gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bajarish uchun gaz taʼminoti obyektlarini xususiy operatorlarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin, bunda, shu jumladan investorlarni tanlash, shartnomani tuzish va bekor qilish, shuningdek, vositachilik toʻlovlari miqdorini belgilash va toʻlash, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining boshqaruvga beriladigan hududda tabiiy gaz uchun toʻlovlarni yigʻish boʻyicha vazifalarini ularga berish tartibi va investorlarga qoʻyiladigan boshqa talablar koʻzda tutilsin;
g) 2019-yil 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihalarining doimiy monitoringi, foydalanilayotgan konlar va quduqlar supervayzingini amalga oshirish uchun xalqaro muhandislik-maslahat kompaniyalarini jalb qilishni koʻzda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda 2019-yil 1-oktabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga uglevodorod xom ashyosining yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni koʻpaytirish maqsadida respublika uglevodorod xom ashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va unumdorligini oshirish boʻyicha funksiyalarni berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish boʻyicha amaldagi loyihalarni, xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha istiqbolli uchastkalar, investitsion bloklar va uglevodorod xom ashyosi konlariga doir mavjud fond va boshqa materiallarni berish;
mavjud geofizik va burgʻulash uskunalari, chuqur ilm talab qiladigan texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar hamda zarur maxsus va avtotransport texnikasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishni hisobga olib, 2020-yildan boshlab uglevodorod xom ashyosi boʻyicha olib boriladigan geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlarini belgilash.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda hamda XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalarining texnik koʻmagida 2019-yil 1-noyabrga qadar qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish boʻyicha asoslantirilgan ekspluatatsion, operatsion va investitsiyaviy xarajatlar toʻliq qoplanishini nazarda tutgan holda, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflarini belgilash uslubini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻztransgaz” AJ:
a) 2019-yil yakunidan boshlab, moliyaviy hisobotlar majburiy tartibda moliyaviy hisobot yuritishning xalqaro standartlariga muvofiq tuzilishini va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda mustaqil tashqi audit oʻtkazilishini taʼminlasin;
b) 2020-yil yakunidan boshlab quyidagilarni:
Hisob va hisobot boʻyicha xalqaro standartlar (ISAR)ning tamoyillari va talablariga muvofiq hisobot eʼlon qilishning korporativ standartlarini joriy etish;
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ni qoʻllash hamda har chorakda faoliyatning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha moliyaviy hisobot tuzish va eʼlon qilish;
Global hisobot tashabbusi (GRI)ga muvofiq, shu jumladan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar boʻyicha hisobot chop etish;
xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish;
savdolar, aktivlar rentabelligi, aktivlar va majburiyatlarning aylanishi darajasi hamda boshqa koʻrsatkichlar boʻyicha xalqaro amaliyot asosida belgilanadigan minimal talablarni amaliyotga joriy etish;
Uglevodorod resurslarini boshqarish tizimi (PRMS) talablariga muvofiq uglevodorod va uning zaxiralarining hisobini olib borish, tasniflash va boshqarish xalqaro tizimini joriy etish;
xalqaro standartlarga muvofiq uglevodorod xo mashyosi zaxiralarining auditini oʻtkazishni taʼminlasin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Agentlik bilan birgalikda XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalari koʻmagida 2024-yildan kechiktirmasdan ustav kapitallarida davlat ulushini 51 foizdan kam boʻlmagan miqdorda saqlab qolgan holda, mahalliy va xalqaro fond bozorlarida aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish orqali “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻztransgaz” AJga investorlar jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning mazkur qarorning 4 va 5-ilovalarida koʻrsatilgan ulushini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Agentlikka berish hamda “Oʻzbekneftgaz” AJning “Oʻztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini Agentlikka berish davlatning “Oʻzbekneftgaz” AJ ustav kapitallaridagi ulushini va “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz tarkibiga kiruvchi tashkilotlardagi ulushini kamaytirish hisobiga balans qiymatida amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6258-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son)
mazkur qarorga muvofiq bir tashkilotdan boshqa tashkilotga, shu jumladan ularning qayta tashkil etilishi va yopilishi paytida topshirilayotgan va olinayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, xususan, aksiyalar va ustav kapitallaridagi ulushlar qiymati barcha turdagi soliqlar boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi;
“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va ularning tashkilotlari qimmatli qogʻozlar emissiyasi chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yigʻimlarini va topshirilayotgan avtotransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishda avtotransport yigʻimlarini toʻlashdan ozod etiladi;
“Oʻzbekneftgaz” AJ tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning qayta tashkil qilinishi natijasida ularga qarashli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga Agentlik va “Oʻzbekneftgaz” AJning ega boʻlishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi hisoblanmaydi;
“Oʻzbekneftgaz” AJ “Oʻzburgʻuneftgaz”, “Oʻzneftgazqazibchiqarish”, “Oʻzneftmahsulot” va “Oʻzneftgazmash” aksiyadorlik jamiyatlarining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;
“Oʻztransgaz” AJning amaldagi shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlar oʻzida saqlanib qoladi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ oʻrtasidagi taqsimlash chegaralarida gaz hisoblash asboblarining koʻrsatkichlari va texnik holatini nazorat qilish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi zimmasiga yuklatiladi.
(13-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Agentlik 2020-yil 1-aprelga qadar mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan tashkilotlarning ustav kapitalidagi ulushlarining sotuvga chiqarilishini taʼminlasin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
15. 2020-yil 1-iyulga qadar quyidagilar:
respublika tashqarisiga “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimi boʻyicha olib chiqib ketilgan uskunalar (gaz generatorlari, dvigatellar, kuch turbinalari va boshqalar) ularni qayta olib kirishda bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi “2017 — 2021-yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash boʻyicha davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 3372-son qaroriga muvofiq “Oʻzbekneftgaz “AJ va uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan geologik qidiruv ishlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinsin.
16. Quyidagilarga:
gaz taʼminoti tashkilotlarining mulkiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 269-moddasi 1-bandida koʻzda tutilgan yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha soliq imtiyozlari;
2021-yilning 1-yanvariga qadar muddatga “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqariladigan tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3953-son qaroriga ilovaning 9-bandi tatbiq etilsin.
17. Qazib olinishi qiyin zaxiralarga ega ishlanayotgan konlarni tanlovlar oʻtkazish orqali, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni uglevodorod xom ashyosini qazib olish hajmlaridan qaytarish sharti bilan, taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar asosida uglevodorod xom ashyosi qazib olish boʻyicha yuqori texnologiyali xizmatlar koʻrsatish sohasida tajribaga ega boʻlgan kompaniyalar boshqaruviga topshirish amaliyotga joriy etilsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) bir hafta muddatda taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar tuzish asosida uglevodorod xom ashyosini qazib olish uchun xususiy investorlar jalb etiladigan Neft va gaz konlari roʻyxatini tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida energiya samaradorligini oshirish dasturini qabul qilsin:
quyosh panellari va suv isitkichlar, shuningdek, isteʼmolchilar uchun energiya samarador qozonlar oʻrnatishni, shu jumladan ularni xarid qilish xarajatlarini qisman subsidiyalash yoʻli bilan ragʻbatlantirish;
budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasini shakllantirish manbalarini kengaytirish;
nostandart gaz gorelka jihozlarini zamonaviy va energiya samarador gaz gorelka jihozlari bilan almashtirish;
iqtisodiyotning eng koʻp energiya sarflovchi sohalarida energiya resurslaridan oqilona foydalanish va energiya samaradorligi dasturlarini ishlab chiqish maqsadida majburiy ravishda energoaudit oʻtkazish.
19. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, yoqilgʻi-energetika korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan 2019 — 2021-yillarda yoqilgʻi-energetika tarmogʻi ehtiyojlari uchun oʻzlashtirishga tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, uskunalar, butlovchi mahsulotlar, ehtiyot qism va materiallar turlari, shuningdek, ularni taʼmirlash va modernizatsiyalash boʻyicha ishlar va xizmatlarning roʻyxati 6-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilansinki, ushbu roʻyxatga kiritilgan loyihalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4302-son qarorida koʻzda tutilgan amalga oshirish mexanizmlari va qoʻllab-quvvatlash choralari tatbiq etiladi.
20. Belgilansinki, 2019-yil 1-oktabrdan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunidagi monitoring, nazorat, shaffoflik, samaradorlik va natijadorlik tahlilini taʼminlash borasidagi talablar strategik ahamiyatga ega boʻlgan, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishning alohida tartibi belgilangan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlarining barcha turlariga nisbatan tatbiq etiladi;
davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga qoʻyilgan talablarga muvofiq, davlat buyurtmachisiga oʻzining yoki yuqori turuvchi organning rasmiy veb-saytida davlat xaridlarining toʻliq tavsifini keltirgan holda, ularning natijalarini eʼlon qilish majburiyati ham yuklanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi doimiy ravishda davlat xaridlari samaradorligi va natijadorligining masofaviy tahlilini, zarur hollarda joylarga chiqib olib boradi hamda maxsus davlat xaridlari axborot portali va oʻz rasmiy veb-saytlarida tahlil xulosalarini joylashtiradi;
(20-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
yetkazib beruvchilarning ishtirok etishiga imkon berish maqsadida, shu jumladan import tovarlar, ishlar va xizmatlarni eng yaxshi takliflarni tanlab olish va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar bilan xarid qilish uchun kontraktlar tuzish avvaldan davlat xaridlari maxsus axborot portalida tegishli maʼlumotlar joylashtirilgan va keyin saralash natijalari aks ettirilgan holda amalga oshiriladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda barcha davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlash boʻyicha talablarni kuchaytirishni, nazorat qilishning aniq mexanizmlarini va unda jamoatchilikning faol ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning, shu jumladan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Jahon bankining korrupsiyaga qarshi kurashish va har yilgi “Biznes yuritish” hisoboti borasidagi tavsiyalarini joriy etishni nazarda tutgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni:
2019-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida”gi va “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunlarining, shu jumladan xorijiy investorlarga yer osti boyliklari maydonlarini taqdim etish boʻyicha tanlov(auksion) savdolarini oʻtkazishning shaffof mexanizmlarini, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzishning shartlarini, xususan, qazib olingan uglevodorod xom ashyosining Oʻzbekiston Respublikasiga tegishli boʻlgan qismini ichki bozorga yetkazib berish boʻyicha talabni koʻzda tutuvchi yangi tahrirdagi loyihalarini;
ikki oy muddatda xalqaro mutaxassis va ekspertlarni jalb etgan holda, taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar asosida uglevodorod xom ashyosini qazib olishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Neft-gaz tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3107-son qarorining 1 — 4, 7 va 8-bandlari hamda 1 — 16 ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.
26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-iyul,
PQ-4388-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika ishchi komissiyasi
tarkibi
Oldingi tahrirga qarang.

1.

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Komissiya raisi

2.

J.A. Qoʻchqorov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri

3.

A.S. Sultanov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri

4.

B.M. Mavlonov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari

5.

G.K. Saidova

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari

6.

M.P. Olloyorov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari

7.

M.R. Abdullayev

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining oʻrinbosari

8.

B.A. Xodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri

9.

R.K. Davletov

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri

10.

B.F. Islamov

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi

11.

J.T. Mirzamaxmudov

Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi oʻrinbosari

12.

T.A. Ishmetov

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

13.

A.Ya. Xaydarov

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

14.

Sh.Sh. Sharaxmetov

Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi

15.

Sh.A. Vafayev

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijrochi direktori

16.

N.T. Agzamov

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi

17.

B.B. Sidiqov

“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi

18.

Sh.S. Samatov

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kotibiyati mudiri, Komissiya masʼul kotibi

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga
2-ILOVA
Yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiy boʻlinmalari (boshqarma, zavod) etib qayta tashkil qilinadigan neft-gaz qazib olish va gazni qayta ishlash tashkilotlari
roʻyxati

T/r

Tashkilotning nomlanishi

Tarkibiy boʻlinmaning nomlanishi

1.

“Muborakneftgaz” MCHJ

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi

2.

“Shoʻrtanneftgaz” MCHJ

Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi

3.

“Ustyurtgaz” MCHJ

Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi

4.

“Gazlineftgazqazibolish” MCHJ

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi

5.

“Andijonneft” AJ

Andijon neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi

6.

“Muborak GQIZ” MCHJ

Muborak gazni qayta ishlash zavodi

Izoh:
qayta tashkil etilayotgan tashkilotlarda 2020-yilning 1-yanvariga qadar ushbu qaror chiqishiga qadar statistika organlariga topshirilishi koʻzda tutilgan hisobotlarni topshirish majburiyati saqlab qolinadi.
2020-yilning 1-yanvaridan boshlab, 2019-yil va undan keyingi yillarda hududlarda ishlab-chiqarilgan sanoat mahsulotlarni hisoblash bazasiga yuqorida koʻrsatilgan tashkilotlarning qayta tashkil etilganligini hisobga olib, tuzatishlar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga
3-ILOVA
“Oʻzbekneftgaz” AJga va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga qoʻshish yoʻli bilan qayta tashkil etiladigan ayrim tashkilotlar
ROʻYXATI

T/r

Qayta tashkil etilayotgan xoʻjalik jamiyatlarning nomlanishi

Aktivlarni qabul qiluvchi tashkilot

Izoh

1.

“Neftgazeksport” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJda tashqi bozorlarda mahsulotni sotish vazifalarini amalga oshirish boʻyicha tarkibiy boʻlinma tashkil etilganligi munosabati bilan.

2.

“OʻZNEFTEGAZGEOLOGIYA” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJda geologik-qidiruv, burgʻulash ishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinma tashkil etilganligi munosabati bilan.

3.

Neftgazqazibolish-Injiniring” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJda qurilish-montaj ishlarini tashkil qiladigan va olib boradigan tarkibiy boʻlinma tashkil etilganligi munosabati bilan.

Oqchalak shaharchasida joylashgan, “Ustyurt GKM direksiyasi” UK balansidagi uchta koʻp qavatli 30 ta xonadonli turar joylarning Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga oʻtkazilishini hisobga olgan holda.

4.

“Ustyurt GKM direksiyasi” UK

5.

“Jarqoʻrgʻonneft” AJ

“Jarqoʻrgʻonneft” AJning aktivlari (konlar va boshqa obyektlar) “Oʻzbekneftgaz” AJga oʻtkazilishi munosabati bilan.

6.

“Geoburneftegazservis” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJda aktivlar va servis xizmatlarni boshqarish funksiyalarni amalga oshiradigan tarkibiy boʻlinma tashkil etilganligi munosabati bilan.

7.

“Neftegazinvest” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinma tashkil etilganligi munosabati bilan.

8.

“Tarmoqlararo oʻquv-kurs kombinati” MCHJ

“Tasis-oʻquv” taʼlim markazi MCHJ

Tarmoq mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida birlashtirilayotgan xoʻjaliklar negizida “UNG training” MCHJ yagona taʼlim markazini tashkil qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga
4-ILOVA
Ustav kapitalidagi “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ulushi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berilayotgan bozorlar, savdo va chorvachilik komplekslari
roʻyxati

T/r

Tashkilot nomlanishi

Aktivlar balansiga egalik qiluvchi tashkilot

1.

“MURUVVAT-CNORVADOR” MCHJ*

“Oʻzbekneftgaz” AJ

2.

“Buxoro Markaziy dehqon bozori” AJ

BuxoroneftniqaytaishlashzavodiMCHJ
BuxorogazsanoatqurilishAJ

3.

“Neftagrokompleks” MCHJ*

“Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ

4.

“FAR-AGRO” MCHJ**

“Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ

5.

“Tabiiy toza” MCHJ*

“Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ

6.

“Yangi bozor” dehqon bozori” AJ

“Andijonneftbaza” MCHJ
“Andijonneft” AJ

7.

“Navoiy Savdo Kompleksi” AJ

“Navoiyneftbaza” MCHJ

8.

“Yorqoʻrgʻon” dehkon (oziq-ovqat) bozori AJ

“Qarshineftbaza” MCHJ

9.

“MNG-Agrokompleks” MCHJ*

“Muborakneftgaz” MCHJ

10.

“MNG-Parrandakompleks” MCHJ*

“Muborakneftgaz” MCHJ

11.

“MNG-CNORVA” MCHJ*

“Muborakneftgaz” MCHJ

12.

“Jarqoʻrgʻon Agro texno” MCHJ*

“Jarqoʻrgʻonneft” AJ

13.

“Imperium Agro Tur” MCHJ*

“Ustyurtgaz” MCHJ

* Viloyatlar hokimlarining qaroriga asosan belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga sotish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga bepul beriladi.
** Viloyatlar hokimlarining qaroriga asosan belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga sotish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga bepul berish toʻgʻrisidagi qaror investor bilan muzokaralar yakuni asosida qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga
5-ILOVA
Ustav kapitalidagi “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarning ulushi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berilayotgan tashkilotlar
roʻyxati

T/r

Tashkilotlarning nomlanishi

Aktivlar balansiga egalik qiluvchi tashkilot

1.

“Muborakneftgazmontaj” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

2.

“Janubgazqurilish” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

3.

“Toshneftgazqurilish” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

4.

“Buxorogazsanoatqurilish” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

5.

“Oʻztashqineftgaz” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

6.

“Avtogaztaʼminot” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

7.

“Qashqadaryoneftgazsanoatqurilish” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

8.

“Fargʻona neftbaza” MCHJ

“Oʻzneftmahsulot” AJ

9.

“Guliston neftbaza” MCHJ

“Oʻzneftmahsulot” AJ

10.

“Nefttaʼminot” AJ

“Oʻzneftmahsulot” AJ

11.

“Qoʻqon neftgaz parmalash ishlari” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

12.

“Buxoroneftgazparmalash” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

13.

“Qashqadaryoparmalash ishlari” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

14.

“Surxon parmalash ishlari” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

15.

“Minora qurish ekspeditsiyasi” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

16.

“Oʻzpartamponaj” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

17.

“Neft va gaz quduqlarini sinash” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

18.

“Koson neftgazqidiruv ekspeditsiyasi” MCHJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

19.

“Olot neftgazqidiruv ekspeditsiyasi” MCHJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

20.

“Ustyurt qidiruv burgʻulash boshqarmasi” MCHJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

21.

“Texnik taʼminlash va butlash” MCHJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

22.

“Oʻzparavtotrans” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

23.

“Qashqadaryo texnologik transport” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

24.

“Sarbon-Neftegaz” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

25.

“Oʻzpartaʼminot” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

26.

“Qashqadaryo neft-gaz qurilish va taʼmirlash” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

27.

“Oʻzparqurilish” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

28.

“Buxoroneftgazavtonaql” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

29.

“Oʻzbekkimyomash zavodi” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ
“Oʻzneftgazmash” AJ

30.

“Qoʻqon mexanika zavodi” AJ

“Oʻzneftgazmash” AJ

31.

“Andijon sinov-tajriba zavodi” AJ

“Oʻzneftgazmash” AJ

32.

“Buxoro mexanika-taʼmirlash zavodi” AJ

“Oʻzneftgazmash” AJ
“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

33.

“Xoʻjaobod texnologik transport boshqarmasi” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

34.

“Toʻytepa metall qurilmalari” AJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

35.

“Neftgaztaʼmirlash” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

36.

“Neftgazqurishtaʼmirlash” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

37.

“Neftgazqidiruv” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

38.

“Oʻzneftgazinformatika” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

39.

“Muborakneftgaztrans” AJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

40.

“Texnik taʼminlash va butlash boshqarmasi” MCHJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

41.

“Neftgazmontaj” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

“Oʻztransgaz” AJ

42.

“NEFTGAZDEPOZIT” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

“Oʻztransgaz” AJ

43.

“Bentonite” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

44.

“Neftgazmeʻyor” MCHJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

45.

“Andijonneftgazquduqtaʼmirlash” MCHJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

46.

“Maxsusbutlashgaz” MCHJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

47.

“Muborak uy-joydan foydalanish koʻp tarmoqli” MCHJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

48.

“Vodiyneftgazavtotrans” MCHJ

“Andijonneft” AJ

49.

“Yakkabogʻ voxa teks” MCHJ

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

50.

“Yangiariq plast” MCHJ

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

“Neftegazinvest” MCHJ

51.

“Mebellar uyi” MCHJ

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

52.

“Nukus Polimer” MCHJ

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

“Neftegazinvest” MCHJ

53.

“Muborakeko-hayot” MCHJ

“Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ

54.

“Muborak teks” MCHJ

Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ

55.

“Moʻmin tekstil” MCHJ

Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ

56.

“Mng-quruvchi” MCHJ

“Muborakneftgaz” MCHJ

57.

“Koson maxsus mexanizatsiyalashgan” MCHJ

“Oʻzneftmahsulot” AJ

58.

“Viloyat monitoring markazlari” MCHJ

“Urgench neftbaza” MCHJ

59.

“Neftegazmineral” MCHJ

“Oʻzburneftgaz” AJ

60.

“Ungm-Biogaz” MCHJ

“Oʻzneftgazmash” AJ

61.

“Oʻzneftgazaloqa” MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

62.

“Polietilen Quvurlar” UK

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

63.

“Koʻprikyoʻlqurilish boshkarmasi” UK

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

64.

“Shoʻrtanneftgaz-tekstil” UK

“Shoʻrtanneftgaz” MCHJ

65.

“Polipropilen Quvurlar” SHK

“Shoʻrtan gaz kimyo kompleksi” MCHJ

66.

MTP “Agromash-servis”

“Jizzax neftbaza” MCHJ

67.

“Kultakneftgaz” QK MCHJ

“Oʻzbekneftgaz” AJ

“Shoʻrtanneftgaz” MCHJ

68.

“UNG Econn” QK MCHJ

“Neftgazinvest” MCHJ

69.

“Uz-Prista” QK MCHJ

“Oʻzneftmahsulot” AJ

70.

“Oʻzmaloyl” QK MCHJ

“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ

71.

“Uztatgeoservis” QK MCHJ

“Oʻzbekgeofizika” AJ

72.

“Uz-PristaResycling” QK

“Oʻzneftmahsulot” AJ

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga
7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 14-oktabrdagi “Dengizkoʻl gaz-kondensat konining (GKK) Xoʻjasayat uchastkasi, Xoʻjadavlat GKK va Sharqiy Olot GKKni oʻzlashtirish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-2633-son qarorining rus tilidagi matni 4-bandining uchinchi xatboshi quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
tamojennix platejey (za isklyucheniyem sborov za tamojennoye oformleniye) vvozimie oborudovaniye, materiali, zapasnie chasti, komplektuyushiye izdeliya, instrumenti i mexanizmi, programmnoye obespecheniye, ne proizvodimie v respublike, a takje goryuche-smazochnie materiali, po perechnyam, formiruyemim v ustanovlennom poryadke;
periodicheskix tamojennix platejey (za isklyucheniyem sborov za tamojennoye oformleniye) vvozimie stroitelnuyu i spetsialnuyu texniku, oborudovaniye, komplektuyushiye izdeliya, spetsialnie transportnie sredstva, sbornie stroitelnie konstruksii v tamojennom rejime “vremenniy vvoz”, po perechnyam, formiruyemim v ustanovlennom poryadke.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-maydagi “Oʻzbekiston Mustaqilligi” investitsiya blokida geologik qidiruv ishlari va “Mustaqillikning 25 yilligi” konida qoʻshimcha qidiruv va oʻrganish ishlarini olib borgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo kompleksini qurish toʻgʻrisida”gi PQ-2948-son qarori quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Bitimni amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida “Surhan Gas Chemical Operating Company” MCHJ XKga:
2020-yilning 1-yanvariga qadar loyiha va pudratchi tashkilotlari bilan, toʻgʻridan-toʻgʻri muhokamalar asosida, ishlarni amalga oshirish boʻyicha bitimlarni tender oʻtkazmasdan tuzishga;
2022-yilning 1-yanvariga qadar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini ham amalga oshirishga;
loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanguniga qadar loyiha doirasidagi ishlarni oldindan moliyalashtirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-maydagi “Toshkent shahrida koʻp tarmoqli muz kompleksini qurishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2964-son qarorining 1 va 5-bandlaridagi “2018” raqamlari “2019” raqamlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4067-son qarori rus tilidagi 12-ilovasining 20-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyundagi “Neft-gaz tarmogʻida litsenziyalash tartibotlarini qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznesni yuritishni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 444-son qarori 1-ilovasining 11-bandi “g” kichik bandi “texnika vositalari” soʻzlaridan keyin “shu jumladan zamonaviy oʻlchov asboblarini Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulash orqali” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi “Suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 1008-son qarorida:
a) 2-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Energetik qurilmalarni sovutish uchun ishlatiladigan texnik suv oʻz manbasiga qaytarilishi hamda tabiiy oqim va gidroelektrostansiyalar kanallaridagi suv ishlatilishini inobatga olgan holda “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi, “Toshkent issiqlik elektr markazi” unitar korxonasi hamda “Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlanmaydi”;
b) 2-ilovaning 5 — 7-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son; 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son; 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)