Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali va shaffof mexanizmlarini yaratish, mazkur sohadagi loyihalarni, loyiha va texnik hujjatlarni sifatli ekspertizadan oʻtkazish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5624-son Farmoniga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5187-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son)
2. “Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) faoliyati sohasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan barcha loyihalarga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda boshqa loyihalar tashabbuskorlari (buyurtmachilar) shartnoma asosida texnik topshiriq yoki tender hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish uchun mustaqil ravishda Markazga “Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri” axborot tizimi orqali murojaat qilishlari mumkin;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)
Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari, begʻaraz texnik koʻmaklashish (grantlar) mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari hisobidan loyihalarni ishlab chiqishni, amalga oshirishni va qoʻllab-quvvatlashni moliyalashtirish Markaz bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
2019-yil 1-iyundan boshlab qiymatidan qatʼi nazar, narx koʻrsatkichlarining oʻrtacha bozor darajasini oʻrganish yakunlari boʻyicha dastlabki hisob-kitoblar asosida shakllantiriladigan loyihaning cheklangan qiymati belgilangan holda loyihalarning texnik topshiriqlari va tender hujjatlari Markazga ekspertizaga kiritiladi. Bunda, loyihalarning texnik topshiriqlari va tender hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida kelishilmaydi va ekspertizadan oʻtkazilmaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
loyihalarni amalga oshirish natijasida ishlab chiqilgan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini “Raqamli hukumat”ning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish va amaliyotga joriy etishga ularning texnik topshiriq va axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUKning ijobiy xulosalari olinganidan soʻng ruxsat beriladi;
ijobiy xulosaga ega boʻlmagan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini foydalanishga qabul qilish, ishga tushirish hamda “Raqamli hukumat” doirasidagi tizimlar va servislar bilan integratsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-sonli Farmoniga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son)
Oldingi tahrirga qarang.
loyihaning texnik topshirigʻini yoki tender hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olmagan holda, loyiha cheklangan qiymatining 0,5 foizi miqdorida (tender hujjatlari boʻyicha — har bir lot summasidan), biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda toʻlov undiriladi. Bunda, ushbu ekspertiza 100 foiz oldindan haq toʻlash sharti bilan amalga oshiriladi;
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
yuklatilgan vazifalarni bajarishda Markaz davlat va nodavlat tashkilotlar, shu jumladan loyiha institutlari, injiniring va konsalting kompaniyalari, ilmiy-taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro, xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5187-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son)
5. Markaz 2022-yil 1-yanvarga qadar yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari barcha turdagi soliqlar va majburiy toʻlovlar toʻlashdan ozod etilsin, boʻshaydigan mablagʻlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, shuningdek, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga maqsadli tarzda yoʻnaltirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5187-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5187-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son)
8. Agentlik bir oy muddatda yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun Markazni mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa zarur moddiy-texnik resurslar bilan jihozlashni taʼminlasin.
9. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-may,
PQ-4328-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi PQ-4328-son qaroriga
ILOVA
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan “Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish hamda boshqa loyihalarni (keyingi oʻrinlarda — loyihalar) kompleks ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash, shuningdek amalga oshirishni muvofiqlashtirish va loyihadan keyingi monitoring tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
buyurtmanoma — loyihaning maqsad va vazifalarini, shuningdek, asosiy parametrlarini, uni amalga oshirish zarurligi asoslarini oʻz ichiga olgan belgilangan namunadagi hujjat;
veb-sayt — tashabbuskorlar (buyurtmachilar) tomonidan hujjatlarini yuborish va joylashtirish, shuningdek, tender va texnik hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirishni taʼminlovchi Internet tarmogʻidagi ixtisoslashtirilgan veb-sayt;
loyiha pasporti — loyihani amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar hajmi va ehtiyojlar, loyihani amalga oshirish uchun zarur tashkiliy tadbirlar koʻlamini, oʻlchamda ifodalanuvchi koʻrsatkichlarda samaradorlikni dastlabki baholashni, loyihani amalga oshirishdan kutilgan natijalarni, uning asosiy parametrlarini tavsiflovchi belgilangan namunadagi texnik hujjat;
loyiha konsepsiyasi — loyiha tashabbuskori (buyurtmachisi)ning vazifalarini bosqichma-bosqich va tizimli hal etishni taʼminlovchi, axborotlashtirish obyektini rivojlantirishning asoslantirilgan yoʻllarini oʻz ichiga olgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan texnik hujjat;
texnik topshiriq — loyihani ishlab chiqish, amalga kiritish va qabul qilish jarayonida amalga oshirilishi lozim boʻlgan qarorlarga qoʻyiladigan talablarni belgilab beruvchi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan texnik hujjat;
texnik hujjatlar — idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, axborot resurslari, dasturiy mahsulotlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni loyihalashtirish, yaratish va joriy etish (ekspluatatsiya qilish)da foydalaniladigan hujjatlar (pasport, konsepsiya, texnik topshiriq) majmui;
tender hujjatlari — tenderni tashkil etish jarayoni va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi birlamchi axborotni, shuningdek, tenderga qoʻyilayotgan tovar (ish, xizmat)ning malaka, texnik, narx va boshqa tavsiflarni oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami;
postmonitoring (loyihadan keyingi monitoring) — loyiha parametrlarining loyihani amalga oshirish tugallangandan soʻng belgilangan muddat ichida uning maqsadlari va vazifalariga muvofiqligini baholash boʻyicha tadbirlar majmui;
loyihalarning elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirishda ishonchli maʼlumotlar bilan taʼminlash, nazorat qilish, hisobini yuritish, moliyaviy mablagʻlarni samarali taqsimlash va ulardan foydalanish, yagona davlat siyosatini, yagona texnologik yondashuvni amalga oshirish maqsadida yaratilgan axborot resursi.
3. Loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, ularni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlarni normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalariga kiritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi.
4. Loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish mazkur Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Loyiha pasporti va konsepsiyasini kelishish tartibi
5. Markazga buyurtmanoma topshirish tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan pochta yoki elektron aloqa, shu jumladan veb-sayt orqali mazkur Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq loyiha pasportini ilova qilgan holda amalga oshiriladi.
6. Loyiha pasporti axborotlashtirish obyektini dastlabki tekshirish asosida ishlab chiqiladi va quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
loyihaning maqsad va vazifalari;
loyihaning umumiy tavsiflari va parametrlari;
loyihadan kutilayotgan natijalar;
loyihani amalga oshirish uchun taxminiy muddat;
oʻlchamda ifodalanadigan koʻrsatkichlarda samaradorlikni dastlabki baholash;
loyihaning dastlabki qiymati va zarur tashkiliy tadbirlar.
7. Loyiha pasporti kelib tushgan kundan eʼtiboran yetti ish kuni mobaynida quyidagi talablarni hisobga olgan holda Markaz tomonidan koʻrib chiqiladi:
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyot doirasida yagona davlat siyosatining maqsad va vazifalariga muvofiqligi;
belgilangan vazifalarni bajarish imkoniyati;
loyiha amalga oshirilishining davlat axborot xavfsizligiga taʼsiri;
loyihaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi amaldagi standartlar va meʼyoriy hujjatlarga muvofiqligi.
8. Loyiha pasportini koʻrib chiqish natijalariga koʻra Markaz tashabbuskorga (buyurtmachiga) yozma yoki elektron shaklda, shu jumladan veb-sayt orqali quyidagi mazmundagi xabarnomani yuboradi:
a) loyihaning amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligini va yanada batafsil oʻrganishlarni oʻtkazish haqida;
b) qayta ishlanishi toʻgʻrisidagi tavsiyalar, shu jumladan loyihani amalga oshirish muddatlarini koʻchirish haqida;
v) sabablari asoslantirilgan holda loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligi haqida.
9. Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiqligi haqida xabarnoma olingan taqdirda, tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan loyiha konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi va pochta yoki elektron aloqa, shu jumladan veb-sayt orqali Markazga koʻrib chiqish va kelishish uchun yuboriladi.
10. Tashabbuskor (buyurtmachi) Markazga bir vaqtning oʻzida loyiha pasporti va konsepsiyasini koʻrib chiqish uchun taqdim etish huquqiga ega.
11. Loyiha pasporti va konsepsiyasini koʻrib chiqish va kelishish uchun toʻlov olinmaydi.
12. Loyiha konsepsiyasida quyidagilar nazarda tutiladi:
loyihaning maqsad va vazifalarini belgilash;
ilgʻor, shu jumladan xorijiy tajribani oʻrganish;
loyihani yanada rivojlanish yoʻnalishlarini belgilash;
loyihani amalga oshirish va kuzatib borish, shu jumladan axborot xavfsizligini taʼminlash uchun zarur resurslarni baholash;
loyihani amalga oshirishning dastlabki qiymatini aniqlash;
loyihani moliyalashtirish manbalari;
loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan samarani baholash;
loyihani amalga oshirish boʻyicha xavf-xatarlarni baholash;
yagona texnologik yondashuvlardan foydalanganlik;
loyihani amalga oshirish tadbirlarini aniqlash;
loyihalarni amalga oshirish doirasida biznes jarayonlarini maqbullashtirish boʻyicha ish natijalari;
loyihani rivojlantirish, modernizatsiyalash istiqbollari;
loyihani amalga oshirishning taxminiy muddatlarini aniqlash;
loyihani qabul qilish shartlari va sifatini baholash tartibini aniqlash;
amalga oshirilayotgan loyihaning muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini, xususan ijtimoiy va iqtisodiy koʻrsatkichlarni shakllantirish;
loyihani dastlabki baholash, moliyaviy xarajatlar va daromadlarni, moliyalashtirishning muqobil sxemalari va manbalarini asoslash, loyihaning amalga oshirilishiga inflyatsiyaning taʼsirini hisobga olish, shuningdek, loyihani amalga oshirishning moliyaviy samaradorligi va modelini baholash.
13. Loyiha konsepsiyasi tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilishi mumkin.
14. Loyiha konsepsiyasi Markaz tomonidan, zarur hollarda manfaatdor vazirliklar va idoralar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, Texnik koʻmaklashish markazi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator (keyingi oʻrinlarda — manfaatdor vazirliklar va idoralar) bilan birgalikda u kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
Manfaatdor vazirliklar va idoralar konsepsiya kelib tushgan kundan eʼtiboran yetti ish kuni mobaynida Markazga loyiha konsepsiyasi boʻyicha tegishli xulosa yuboradi.
15. Konsepsiya loyihasi boʻyicha eʼtirozlar mavjud boʻlgan yoki konsepsiya loyihasi mazkur Nizomning 12-bandiga toʻliq ravishda muvofiq kelmagan taqdirda, Markaz tashabbuskorga (buyurtmachiga) loyiha konsepsiyasini qayta ishlash lozimligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
16. Tashabbuskor (buyurtmachi) xabarnoma olgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida loyiha konsepsiyasi boʻyicha qayta ishlangan hujjatlarni mulohazalar haqidagi maʼlumotnoma bilan birga Markazga kiritadi.
17. Tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan eʼtirozlar bartaraf etilganda, loyiha konsepsiyasi koʻpi bilan oʻn ish kuni ichida qayta koʻrib chiqiladi.
18. Loyihaning qayta ishlab chiqilgan konsepsiyasini koʻrib chiqishda tashabbuskor (buyurtmachi)ga yangi asoslar boʻyicha eʼtirozlar berishga yoʻl qoʻyilmaydi, avval berilgan kamchiliklarni bartaraf etish doirasida qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlar bilan bogʻliq eʼtirozlar bundan mustasno.
19. Markaz loyiha konsepsiyasini quyidagilar boʻyicha koʻrib chiqadi:
tegishli ravishda rasmiylashtirilganligi va barcha zarur hujjatlar mavjudligi;
loyiha pasportiga muvofiqligi;
tashkiliy va funksional qismlarning samaradorligi;
loyiha zimmasiga yuklatiladigan vazifalarni bajarish imkoniyatlari va taklif qilinayotgan yechim variantlari;
funksional va operatsion jarayonlarni qayta tashkil etish va optimallashtirish zaruriyati;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqligi;
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyot doirasida yagona siyosat amalga oshirilishini taʼminlash;
loyihani amalga oshirishga yagona texnologik yondashuv qoʻllanilishini taʼminlash;
axborot xavfsizligini taʼminlash;
loyihaning ustuvorlik darajasini aniqlash;
loyiha konsepsiyasining mazkur Nizom 12-bandiga muvofiqligi.
20. Loyiha konsepsiyasini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha manfaatdor vazirliklar va idoralarning xulosalarini hisobga olgan holda Markaz tashabbuskor (buyurtmachi)ga loyiha Reyestrga kiritilganligi va uning ustuvorlik darajasi aniqlanganligi toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda, shu jumladan veb-sayt orqali xabar yuboradi.
21. Loyihalarning ustuvorligi Markaz tomonidan quyidagilarni inobatga olgan holda belgilanadi:
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va Milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasiga (“Raqamli Oʻzbekiston — 2030”) muvofiqligi;
ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlik tahlilining koʻrsatkichlari, shuningdek, loyihani amalga oshirishdan kutiladigan natijalar;
“Elektron hukumat” tizimini va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish tamoyillari va asosiy yoʻnalishlariga muvofiqligi;
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyot doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amalga oshirish, joriy etish, rivojlantirish va yanada takomillashtirishda yagona texnologik yondashuvning qoʻllanilishi;
fuqarolarning aksariyat qismi, aholining keng ijtimoiy qatlamlari va (yoki) tadbirkorlik subyektlarining manfaatlariga daxldor davlat funksiyasini ijro etish yoki davlat xizmatini koʻrsatish;
loyihani amalga oshirish natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilishi nazarda tutilayotgan elektron xizmatlar soni;
loyihani amalga oshirish hisobiga qisqartirilayotgan tartib-taomillar soni va vaqt hajmi;
dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlari sohasida mahalliy ishlanmalardan foydalanilishi;
xalqaro moliya institutlari va (yoki) xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit mablagʻlarini jalb qilish;
loyihaning amalga oshirishga tayyorligi darajasi;
ishga tushirilgandan keyingi ekspluatatsiya xarajatlari miqdori.
22. Loyihani ustuvor deb topish toʻgʻrisidagi qaror loyihani amalga oshirish uchun bajarilishi majburiy boʻlgan kelgusidagi ishlarni, shu jumladan texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlarini tayyorlash, loyihani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish uchun asos boʻladi.
23. Loyiha ustuvor deb topilgan taqdirda tashabbuskor (buyurtmachi) axborot-kommunikatsiya sohasidagi meʼyoriy hujjatlarda belgilangan tartibda texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha tadbirlarning bajarilishini taʼminlaydi.
24. Tashabbuskor (buyurtmachi) ustuvor deb hisoblangan loyihaning amalga oshirilishini rad etishga haqli emas.
3-bob. Texnik topshiriqni va/yoki tender hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish
25. Texnik topshiriqni va/yoki tender hujjatlarini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PQ-332-son “Investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi, davlat xaridiga doir tender boʻyicha xarid qilish hujjatlari va texnik topshiriqlar hamda shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlari tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli tashkilotlarni jalb etgan holda ishlab chiqilishi mumkin.
26. Texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlari Markazga pochta yoki elektron aloqa, shu jumladan veb-sayt orqali mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda buyurtmanoma toʻldirilgan holda ekspertizadan oʻtkazish uchun topshiriladi.
27. Texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlari ular kelib tushgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida Markaz tomonidan, zarur holatlarda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqiladi. Manfaatdor vazirliklar va idoralar tegishli xulosalarini oʻn kun ichida Markazga yuboradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va korxonalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining axborot tizimlari va resurslarini loyihalashtirish, yaratish va modernizatsiyalash boʻyicha texnik topshiriqlarini “raqamli nazorat” funksiyasi mavjudligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-204-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2025-y., 06/25/204/1013-son)
Oldingi tahrirga qarang.
28. Markaz texnik topshiriqni quyidagilar yuzasidan shartnoma asosida ekspertizadan oʻtkazadi:
(28-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)
loyiha konsepsiyasiga muvofiqligi;
“Elektron hukumat” yagona identifikatorlarining qoʻllanilishi;
zarur maʼlumotlarni izlash, toʻplash, qayta ishlash va saqlash imkoniyati;
ochiq maʼlumotlar toʻplamini generatsiya qilish imkoniyati;
“yagona darcha” tamoyili asosida elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishni taʼminlash uchun “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi bilan integratsiya qilish imkoniyati;
mavjud boʻlgan axborot tizimlarini, maʼlumotlar bazalarini, axborot resurslarini, dasturiy mahsulotlarni, shu jumladan apparat va dasturiy vositalarni modernizatsiya qilish, yangi komponentlarni koʻpaytirish va boshqalar orqali yanada kengaytirish imkoniyati;
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyot doirasida boshqa tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish imkoniyati.
29. Markaz tender hujjatlarini quyidagilar yuzasidan ekspertizadan oʻtkazadi:
mazkur Nizom talablariga muvofiqligi;
nomlar va atamalarni turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etgan holda ularning bir xilda qoʻllanilishi;
tender ishtirokchilari uchun qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi (litsenziyaning mavjudligi, ish tajribasi, moliyaviy ahvoli, texnik jihozlanganligi, davlat xaridlarining aniq obyektiga bogʻliq holda boshqa malaka talablari);
texnik va moliyaviy baholash mezonlarining xolisligi va asoslantirilganligi;
tender hujjatlari qayta kiritilganda ijobiy xulosa berilmaganligi sabablari bartaraf etilganligi.
Tender hujjatlari va/yoki texnik topshiriqni ekspertizadan oʻtkazish mobaynida xarid qilinadigan tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, tender hujjatlari va/yoki texnik topshiriqning toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlash uchun boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin.
30. Markaz manfaatdor vazirliklar va idoralarning xulosalarini inobatga olgan holda, tender hujjati va/yoki texnik topshiriq boʻyicha ekspertiza xulosasini (ijobiy yoki qayta ishlash zarurligi toʻgʻrisida) yozma ravishda yoki elektron shaklda, shu jumladan ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda veb-sayt orqali tashabbuskorga (buyurtmachiga) yuboradi.
31. Loyihani qayta ishlash zarurati toʻgʻrisida xulosa berilgan taqdirda, tashabbuskor (buyurtmachi) qayta ishlab chiqilgan texnik topshiriqni va/yoki tender hujjatini mulohazalar haqidagi maʼlumotnomasi bilan birgalikda takroran koʻrib chiqish uchun Markazga taqdim etadi. Bunda takroran koʻrib chiqish uchun toʻlov olinmaydi.
32. Texnik topshiriq va/yoki tender hujjati texnik topshiriq takroran kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda takroran koʻrib chiqiladi.
33. Qayta ishlab chiqilgan texnik topshiriq va/yoki tender hujjatini koʻrib chiqishda tashabbuskor (buyurtmachi)ga yangi asoslar boʻyicha eʼtirozlar berishga yoʻl qoʻyilmaydi, avval berilgan kamchiliklarni bartaraf etish doirasida qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlar bilan bogʻliq eʼtirozlar bundan mustasno.
4-bob. Loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish va ishga tushirish
34. Loyihani amalga oshirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirishda loyihaning samarali, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashga oid ishlar Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
36. Loyihani ishga tushirish tashabbuskorning (buyurtmachining) qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi, bunda komissiya tarkibiga Markaz vakillari kiritilishi shart, shuningdek, zarur hollarda manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari kiritilishi mumkin.
37. Qabul komissiyasi amalga oshirilgan loyihaning texnik topshiriqqa muvofiqligi yuzasidan xulosani, shuningdek, loyihani amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan, sotib olingan va joriy qilingan axborot tizimlarini qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tayyorlaydi.
5-bob. Loyihaning postmonitoringi (loyihadan keyingi monitoring)
38. Loyihaning postmonitoringi qabul komissiyasi tomonidan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi imzolangan vaqtdan boshlab oʻn ikki oy davomida Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
39. Postmonitoring va muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishni baholash natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan biri qabul qilinishi mumkin:
a) loyiha konsepsiyasida koʻrsatilgan muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishildi;
b) loyiha muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga toʻliq ravishda erishmadi, uni modernizatsiyalash zarur;
v) loyiha muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishmadi, batafsil tahlil qilish va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish zarur.
40. Loyihani foydalanishdan chiqarib tashlash uchun asoslar quyidagilardan iborat:
a) loyihadan foydalanish muddatining yakunlanganligi, agar shunday muddat normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan boʻlsa;
b) loyihadan foydalanishning maqsadga muvofiq emasligi, jumladan texnik vositalar va dasturiy taʼminot samaradorligining pastligi, huquqiy tartibning oʻzgarganligi, boshqaruv qarorlarining qabul qilinishi va loyihadan foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa oʻzgarishlarning mavjudligi;
v) loyihadan foydalanishning moliyaviy-iqtisodiy jihatdan samarasizligi.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Loyihani foydalanishdan chiqarib tashlash uchun mazkur Nizomning 40-bandida koʻrsatilgan bir yoki bir nechta sabablar mavjud boʻlgan taqdirda, Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga loyihani foydalanishdan chiqarish boʻyicha taklif kiritadi. Bunda, Vazirlik taklifni belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va loyihadan foydalanishning moliyaviy-iqtisodiy jihatdan samarasizligi yoki maqsadga muvofiq emasligi, jumladan texnik vositalar va dasturiy taʼminot samaradorligining pastligi kabi bir nechta sabablarni topganda loyihani foydalanishdan chiqarib tashlash toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori ustidan tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
6-bob. Yakuniy qoidalar
42. Markaz yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish maqsadida texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlarini koʻrib chiqish va ekspertizadan oʻtkazish uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha maʼlumotlar va materiallarni tashabbuskordan (buyurtmachidan) talab qilib olishga, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlarning, loyiha institutlari, muhandislik va konsalting kompaniyalari, ilmiy va taʼlim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar, xorijiy va milliy tashkilotlarning mutaxassislarini shartnoma asosida jalb qilishga haqli.
43. Markazning mansabdor shaxslari loyiha pasporti va konsepsiyasini kelishish, loyihaning texnik va/yoki tender hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, loyiha amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va postmonitoringi uchun masʼuldirlar hamda ushbu tadbirlarda xolislikni taʼminlaydi.
44. Tashabbuskor (buyurtmachi) quyidagilar uchun javobgardir:
texnik va/yoki tender hujjatlarining mazkur Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq ishlab chiqilishi;
taqdim etiladigan hujjatlar, maʼlumotlar va axborotlarning oʻz vaqtida, sifatli va ishonchli boʻlishi;
loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish;
axborot xavfsizligini taʼminlash;
loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari tartibi va talablariga rioya qilish.
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha
TASHKILIY SXEMA

Bosqichlar

Tadbirlar

Muddatlar

Masʼullar

1-bosqich

Loyiha pasportini ishlab chiqish va Markazga buyurtmanoma berish

Tashabbuskor
(buyurtmachi)

2-bosqich

Loyiha pasportini koʻrib chiqish, loyihani amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish va tashabbuskorga xabarnoma yuborish

yetti ish kuni ichida

Markaz

3-bosqich

Loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va Markazga kelishish uchun kiritish

Tashabbuskor
(buyurtmachi)

4-bosqich

Loyiha ustuvorligini inobatga olgan holda loyiha konsepsiyasini koʻrib chiqish va kelishish hamda Reyestrga kiritish

oʻn besh ish kuni ichida

Markaz,
manfaatdor vazirlik
va idoralar

5-bosqich

Texnik topshiriqni va/yoki tender hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritish

Tashabbuskor
(buyurtmachi)

6-bosqich

Ekspertiza oʻtkazish va texnik topshiriq va/yoki tender hujjatlari boʻyicha xulosa taqdim etish

oʻttiz kalendar kuni ichida

Markaz,
manfaatdor vazirlik
va idoralar

7-bosqich

Loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va foydalanishga topshirish

oʻrnatilgan tartibda

Tashabbuskor
(buyurtmachi),
Markaz,
manfaatdor vazirlik
va idoralar

8-bosqich

Postmonitoring va loyiha samaradorligini baholash

oʻn ikki oy ichida

Markaz

“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DMga

‎‎sana:___________ __________-son

BUYURTMANOMA

Sizdan, ilovaga muvofiq _______________________________________________________________ loyihaning pasport/konsepsiyasini koʻrib chiqishingizni va kelishishingizni soʻraymiz.

Buyurtmachining aloqa raqamlari (ijrochisi koʻrsatilgan holda):
____________________________________________________________________________.
Ilovalar elektron shaklda quyidagi manzilga yuborildi: ______________________________________________.
Buyurtmanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
_______________________________
‎‎_______________________________
_______________________________
Buyurtmachi

‎‎__________________(Imzo)

‎‎F.I.O.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DM direktori

sana: __________ __________-son

BUYURTMANOMA

Sizdan, ___________________________________________________________________________________ishlab chiqish/modernizatsiyalash/texnik qoʻllab-quvvatlash loyihasi boʻyicha texnik topshiriqqa va/yoki tender hujjatiga xulosa berishingizni soʻraymiz.

Loyihaning dastlabki taxminiy qiymati ___________________________________________________________.

Loyiha (ishlar, xizmatlar) ni moliyalashtirish manbalari(quyida koʻrsatilganlardan biri tanlanadi):

oʻz mablagʻlari;
budjet mablagʻlari;
kreditlar (qarzlar);
boshqa manbalar (koʻrsatiladi).
Texnik topshiriq va/yoki tender hujjatini ekspertizadan oʻtkazish uchun oldindan toʻlovni kafolatlaymiz.
Arizachi/buyurtmachining pochta manzili (joylashgan joyi):_____________________________________________;
Arizachi/buyurtmachining bank rekvizitlari: __________________ (bank kodi, STIR, hisob raqami, bank nomi).
Arizachi/buyurtmachining aloqa raqamlari (ijrochisi koʻrsatilgan holda):
Ilovalar elektron shaklda quyidagi manzilga yuborildi: ______________________________________________.
Buyurtmanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
________________________________
________________________________
________________________________

Buyurtmachi

(imzo)

F.I.O.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
“Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

TASDIQLAYMAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DM direktori

______________________________________
“____” _____________________________________ yil

Xulosa _______ -son

__________________________________________________ boʻyicha‎‎

(loyiha nomi)

“____”________y.

Toshkent sh.
1. Ekspertiza oʻtkazish uchun asos:
2. Loyiha tashabbuskori (buyurtmachisi) nomi:
3. Ekspertiza oʻtkazishda foydalaniladigan hujjatlar roʻyxati:
______________________________
______________________________
______________________________
4. Ekspertiza natijalari boʻyicha xulosa va takliflar:
______________________________
______________________________
______________________________
5. Kiritilgan hujjatlar boʻyicha xulosa:
______________________________
______________________________
______________________________
Markaz direktori oʻrinbosari:
_____________________________________________________________________________
Markaz departamenti boshligʻi:
_____________________________________________________________________________
Markaz boʻlim boshligʻi:
_____________________________________________________________________________
Mutaxassis:
_____________________________________________________________________________
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2019-y., 07/19/4328/3162-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 01.02.2020-y., 06/20/5930/0105-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son; 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son; 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son; 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son; 05.11.2025-y., 06/25/204/1013-son)