|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.04.2020
|
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 22-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2465-6]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/11-sonli ““O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2465-8, 13.04.2020-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4160-son “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son “O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi, 2018-yil 13-iyuldagi PQ-3852-son “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 26-apreldagi 9/1-son qarori (ro‘yxat raqami 2465, 2013-yil 3-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 23-son, 309-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
5/10-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-martdagi 5/10-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. 6-banddagi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida” degan so‘zlar “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. 14-bandning o‘n beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchada ko‘rsatilgan shaxsning(lar) familiyasi to‘liqligicha, ismi va otasi ismining bosh harflari hamda ularning imzolari (chek bundan mustasno).”.
3. 20-bandda:
ikkinchi xatboshidan “(mikrofirmalar uchun buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxsning imzo namunasini taqdim etish talab etilmaydi)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshidan “va muhr izi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan hisob-kitob hujjatlariga muhr qo‘yish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash talab etilmaydi.”.
4. 44-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. To‘lov talabnomasi mablag‘larni oluvchi tomonidan mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi ikki nusxada tuzilgan Reyestr bilan birga unga xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim qilinadi. Reyestrning birinchi nusxasi tashkilot rahbari va buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs tomonidan imzolangan hamda tashkilot muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak, bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan reyestrda muhr izining mavjudligi talab etilmaydi. Reyestrning birinchi nusxasi qabul qilish sanasi ko‘rsatilib, bank mas’ul xodimining imzosi va bank tomonidan unga biriktirib qo‘yilgan muhr bilan tasdiqlangan holda mablag‘larni oluvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankda qoladi.”.
5. 59-bandning “a” kichik bandidan to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2019-y., 10/19/2465-6/2933-son)