Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.06.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyundagi 366-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida“ 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son Farmonini ijro etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlarining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu’balarining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi to‘g‘risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) markaziy apparatida 25 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlarida (keyingi o‘rinlarda hududiy bo‘limlar deb ataladi) 70 nafar etib belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga, zarurat bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Agentlikning markaziy apparati va uning hududiy bo‘limlari tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan ta’minlanadigan Respublika stomatologiya poliklinikasini va Respublika markaziy maslahat-diagnostika poliklinikasini davlat unitar korxonalari etib qayta tashkil etish;
“DOTS” markazining vazifalari, funksiyalari va majburiyatlarini Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bergan holda uni tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
Agentlik faoliyatini tashkil etish qayta tashkil etilgan Respublika stomatologiya poliklinikasi, Respublika markaziy maslahat-diagnostika poliklinikasi, shuningdek, tugatilayotgan “DOTS” markazini moliyalashtirishga ajratilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Agentlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Agentlik va uning hududiy bo‘limlari xodimlari mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha, tegishli ravishda, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlariga tenglashtiriladi;
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu’balari xodimlariga mehnatga haq to‘lashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-sentabrdagi 459-son qaroriga 9a, 10a, 11a va 12a-ilovalarda nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.
4. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidan Agentlik tasarrufiga belgilangan tartibda o‘tkazilsin:
6-ilovaga muvofiq tibbiy-ijtimoiy muassasalar, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
“Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalarini kengaytirish yuzasidan ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
6. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi tuzilmasidagi Urush va mehnat faxriylarini sanatoriyada sog‘lomlashtirishni tashkil etish bo‘limi uning funksiyalarini va 4 ta shtat birligini Agentlikka bergan holda tugatilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Agentlik bilan birgalikda:
Agentlikning markaziy apparati uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Avtobazasi uchun nazarda tutilgan avtotransport vositalari limitlari doirasida 2 ta biriktirilgan yengil avtotransport ajratsin;
Agentlik markaziy apparatini zarur nazariy bilimlarga va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, Agentlikka yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishni ta’minlay oladigan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlasin;
bir oy muddatda hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlari va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu’balari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin;
hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlari va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu’balarini tegishli ravishda hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalarida va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida zarur sharoitlar yaratib, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni, ularning jismoniy imkoniyatlarini inobatga olgan holda tekin joylashtirishni ta’minlasin.
8. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Agentlik markaziy apparatiga transport kommunikatsiyalari qulay, shuningdek, xizmat ko‘rsatiladigan kontingent — keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, zarur sharoitlarga ega bo‘lgan bino ajratish to‘g‘risida taklif kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi asosli hisob-kitoblar bo‘yicha moddiy-texnik bazani shakllantirish uchun zaruriy jihozlar, mebel, ofis va kompyuter jihozlari, tashkiliy texnika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xarid qilish, shuningdek, binoni ta’mirlash uchun Agentlikka mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikning buyurtmanomasi bo‘yicha uni belgilangan tartibda tegishli aloqa turlari bilan ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Q. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-marta,
252-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining
TAShKILIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining markaziy apparati
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlari soni — 25 nafar.
Izoh: texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
3-ILOVA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlarining namunaviy
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlari soni — 5 nafar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlari boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 70 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
4-ILOVA
Tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu’balarining namunaviy
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlari soni — 1 nafar.
Inspektor xodimlarining soni — 2-3 nafar (viloyat boshqaruvidagi shaharlar va Toshkent shahrining 10 ta tumanida — 3 nafardan, qolgan tuman va shaharlarda — 2 nafardan).
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 195 nafar.
Inspektor xodimlarining soni — 412 nafar.
Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uyida xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar soni — 2003 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qarorlariga amal qiladi.
3. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilot va idoralar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
4. Agentlik o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining tuzilmaviy bo‘linmalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Agentlikning hududiy bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq o‘z faoliyatini amalga oshiradilar.
6. Agentlik tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda hududiy bo‘limlar deb ataladi);
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu’balari (keyingi o‘rinlarda — shu’balar deb ataladi);
urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika sanatoriylari;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilititsiya qilish va protezlash hududiy markazlari;
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘limlari;
Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi.
Agentlik tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar o‘z faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizomlar va ustavlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Agentlik huzurida yuridik shaxs hisoblanmaydigan, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab — quvvatlash jamg‘armasi va budjetdan tashqari “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mavjud.
Ushbu jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va sarflash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7. Agentlik mustaqil yuridik shaxs bo‘lib, bank hisob raqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi yozilgan muhr va blankaga ega.
8. Agentlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish;
nogironlikni belgilashning keng qamrovli yagona tizimini yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
muhtoj shaxslarni protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish.
10. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish sohasida;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga manzilli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish qonunchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni rivojlantirishga oid davlat va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda va uni amalga oshirishda ishtirok etadi;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish samaradorligini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi uslub va ijtimoiy texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
keksalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordamning yangi shakl va mexanizmini tatbiq etish, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalarini reabilitatsiya qilish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
b) nogironlikni belgilashning keng qamrovli yagona tizimini yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish sohasida;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmatini boshqaradi, nogironlik holati, dinimikasi va unga olib keladigan omillarning tizimli tahlilini o‘tkazadi;
nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va tibbiy-ijtimoiy yordam choralarini amalga oshirish sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda nogironlik belgilash tartibini takomillashtirishda ishtirok etadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni yakka tartibda reabilitatsiya qilish dasturlari bajarilishiga va nogironligi bo‘lgan shaxslar organizmi hayot faoliyati yoki funksiyalarini to‘liq yoki qisman tiklash asosida ushbu tadbirlarning samaradorligini baholashga ko‘maklashadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa yoshdagi fuqarolar uchun infratuzilma va jamoat transporti obyektlaridan qulay foydalanishni ta’minlaydigan shaharsozlik sohasidagi davlat siyosatini shakllantirishda ishtirok etadi;
v) tibbiy-ijtimoiy muassasalarning keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida;
Agentlik faoliyati bilan bog‘liq qonunchilikda belgilangan nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga imtiyozlar, sanatoriy-kurortda sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanmalar, texnik va maxsus reabilitatsiya vositalarini taqdim etish sohasi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishning yangi shakl va mexanizmlarini tatbiq etish bo‘yicha tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari birgalikda yolg‘iz keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va davlat ko‘magiga muhtoj aholining boshqa guruhlariga ijtimoiy — maishiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda yashaydigan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga maishiy, tibbiy va madaniy xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi, mazkur muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashni ta’minlaydi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam dasturlarini moliyalashtirish uchun mablag‘larni jalb etishga oid ishlarda nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini tatbiq etishga ko‘maklashadi;
g) muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida:
nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularni parvarishlash uchun maxsus harakatlanish vositalari, moslamalari, boshqa reabilitatsiyaning texnik vositalariga ehtiyojni aniqlaydi va ularni ishlab chiqarishga buyurtmalar beradi;
nogironligi bo‘lgan va boshqa muhtoj shaxslarga protez-ortopediya yordamini tashkil etish, vazirliklar, muassasalar va ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish, ularning yangi turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
nogironligi bo‘lgan va boshqa muhtoj shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
nogironligi bo‘lgan va boshqa muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va harakatlanish vositalari bilan ta’minlash tartibini belgilaydi;
mahalliy ishlab chiqarilgan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sifatini yaxshilash va turlarini ko‘paytirish, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishga xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha choralar ko‘radi;
d) tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish sohasida:
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarini zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash orqali uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni yakka tartibda reabilitatsiya qilish dasturlarini ishlab chiqish tartibi, ular reabilitatsiyasining yakka tartibdagi dasturini amalga oshirish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari va davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi bo‘yicha choralarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha manzilli choralarni amalga oshiradi;
odam savdosi oqibatida jabrlangan fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi va keyinchalik ijtimoiylashuvi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
11. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha davlat va boshqa tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish;
Agentlik vakolatiga kiradigan hujjatlar, statistik ma’lumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar va boshqa axborotlarni o‘zga vazirlik, idora va muassasalardan so‘rash va olish;
tibbiy-ijtimoiy yordam boshqaruvi tizimini takomillashtirish va rivojlantirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda malakali xodimlarni tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga takliflar kiritish;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida maqsadli davlat dasturlarining bajarilishini tahlil qilish;
Agentlikka yuklangan vazifalar doirasida davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat, loyiha tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xalqaro tashkilotlarning yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
tibbiy-ijtimoiy yordam mutaxassislari malakasini oshirish dasturlariga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish;
tibbiy-ijtimoiy yordam muammolari bo‘yicha ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va nashr etish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi, taqdim etilayotgan tahliliy hujjatlarning xolisonaligi va kompleksliligi uchun javob beradi.
4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil qilish
13. Agentlik bevosita O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga bo‘ysunadi.
Agentlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan nazorat qilinadi va muvofiqlashtiriladi.
14. Agentlikni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi.
Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bir nafar o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
Agentlik direktori maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
15. Agentlik direktori o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:
a) Agentlik faoliyati yuzasidan umumiy boshqaruvni amalga oshiradi;
b) Agentlik xodimlari, hududiy bo‘limlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
v) hududiy bo‘limlar rahbarlari hisobotlarini eshitadi;
g) O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga quyidagilarni kiritadi:
Agentlik faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlar;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa normativ hujjatlar loyihalari;
idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlash yoki lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi taqdimnomalar;
Agentlik va uning hududiy bo‘limlari tuzilmalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida taqdimnomalar;
d) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, o‘z o‘rinbosari, Agentlik, hududiy bo‘limlar va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
e) o‘z vakolati doirasida Agentlik faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha Agentlik hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlarining barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
j) Agentlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
z) qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga muvofiq boshqa ishlarni amalga oshiradi.
16. Agentlik direktori bo‘lmagan taqdirda uning vakolatlarini direktor o‘rinbosari bajaradi.
17. Agentlik hududiy bo‘limlarini O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliqlar boshqaradi.
18. Agentlik va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy muhofazasi bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlariga tenglashtiriladi.
19. Tibbiy-ijtimoiy xizmat hududiy bo‘limlari boshliqlari, Agentlikka idoraviy mansub bo‘lgan respublika tashkilotlari rahbarlari, Agentlikning hududiy bo‘limlariga idoraviy mansub bo‘lgan “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari rahbarlari, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar rahbarlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash viloyat markazlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi.
5-bob. Agentlikning o‘z tuzilmaviy bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorligi
20. Agentlikning o‘z hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligi Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.
21. Agentlik markaziy apparatining tuzilmaviy bo‘linmalari, o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda ishlagan holda:
topshiriqlarni hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadilar hamda ularning bajarilishini nazorat qiladilar;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlariga tarkibiy bo‘linmalarining bevosita faoliyati masalalari bo‘yicha so‘rovlar yuboradilar hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladilar;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyati amaliyotini tekshiradilar va o‘rganadilar, natijalarini umumlashtiradilar, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadilar va qabul qiladilar;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar o‘rganilishini tashkil etadilar;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ish rejalarini tahlil qiladilar, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ko‘radilar;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadilar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Agentlik hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining ishtirokini tashkil etadilar, himoyaga muhtoj fuqarolar toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadilar.
6-bob. Yakunlovchi qoida
22. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
6-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tasarrufiga o‘tkazilayotgan muassasalari
RO‘YXATI

T/R

Muassasalar nomi

Muassaslar soni

Muassasalarning joylashgan joyi

1.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar uchun “Saxovat” internat-uylari

6

Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari

2.

Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati

1

Toshkent shahri

3.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat-uylari

20

Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2), Andijon (2), Buxoro (2), Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo (2), Sirdaryo (2), Toshkent, Farg‘ona (2), Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri

4.

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Muruvvat” internat-uylari

6

Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri (2)

5.

Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar

3

Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri

6.

Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika sanatoriylari

5

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari

7.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi

1

Toshkent shahri

8.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlari

10

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari

9.

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi

1

Toshkent shahri

10.

Bosh tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari

14

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri

11.

Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi

1

Toshkent shahri

Muassasalarning jami soni:

70

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/252/2848-sona)