Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning biznes gʻoyalarini amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashish borasida qator choralar koʻrilmoqda.
Hududlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, ularning barqaror va qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishiga, milliy hunarmandchilik yanada rivojlanishiga, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilishiga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalari roʻyobga chiqishiga hamda shu asosda aholining bandligi taʼminlanishiga zamin yaratilmoqda.
Shu bilan birga, aholining mehnat orqali daromad topishga boʻlgan qiziqishini keskin oshirish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatini, shuningdek, hududlarda foydalanilmayotgan binolarda ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni, aholi tomorqalari va boʻsh ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bogʻliq loyihalarni imtiyozli shartlarda moliyalashtirishni tizimli ravishda davom ettirishni taqozo etmoqda.
Respublika hududlarida aholining daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanishiga, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama koʻmaklashish va mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida:
1. Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha:
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-apreldagi PQ-142-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 07/25/142/0350-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari, tuman (shahar) hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari rahbarligida, viloyat, tuman (shahar) iqtisodiyot va sanoat, bandlik, moliya, investitsiya, soliq, statistika boʻlinmalari, hududiy Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy boʻlinmalari rahbar va xodimlaridan iborat tarkibda “Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari” (keyingi oʻrinlarda — Markazlar);
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati tarkibida boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida boʻlinmalar;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tuzilmasida Aholi tadbirkorligini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash dasturlarini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boshqarmasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tarkibida boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida tegishli sektorlar tashkil etilsin.
2. Ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishda ishtirok etayotgan banklarga aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish va monitoring yuritishni tashkil etish boʻyicha maxsus boshqarmalar va filiallarda maxsus boʻlimlar ochish hamda boshqarma (boʻlim)lar faoliyatiga bevosita rahbarlikni rais oʻrinbosariga biriktirish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PQ-5140-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 07/21/5140/0538-son)
4. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida:
Oldingi tahrirga qarang.
nazarda tutilgan loyihalar va tadbirlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB hamda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
Oldingi tahrirga qarang.
imtiyozli kreditlar oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yillik 8 foiz stavkada 3 — 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ajratiladi. Bunda, 2020-yil 1-yanvardan boshlab kreditlar AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB orqali Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida, 2022-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan yillik 14 foiz stavkada beriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etishga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Sh.A. Vafayev masʼul etib belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kreditlar bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi xulosasi asosida beriladi.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirining, Markaziy bank raisining hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining oʻrinbosarlari Dastur koordinatorlari etib belgilansin hamda ularga:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son)
viloyatlar va tuman (shahar)lar Markazlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish;
viloyatlar va tuman (shahar)larda dastur ijrosini taʼminlashda ishtirok etadigan tijorat banklarini belgilash;
ajratilayotgan resurslarni hududlarning salohiyati, mablagʻlarni oʻzlashtirish darajasidan kelib chiqqan holda hududlar va banklar kesimida taqsimlash;
haqiqiy ehtiyojdan hamda shakllantirilgan loyihalarning istiqboli va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirilganligidan kelib chiqqan holda ajratilayotgan resurslarni tijorat banklari hamda hududlar kesimida tezkor qayta taqsimlash vakolatlari berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
61. Mazkur qarorga muvofiq tijorat banklariga taqsimlangan mablagʻlardan “Turonbank” ATBga kredit resursi sifatida qayta moliyalashtirilgan qismining 2021-yil 1-avgust holatiga qoldiq qismi Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining bank ustav kapitalidagi ulushini oshirish uchun yoʻnaltirilsin.
(61-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-avgustdagi PQ-5207-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 07/21/5207/0750-son)
Oldingi tahrirga qarang.
62. Respublika komissiyasiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratishning miqdorlari va shartlariga oʻzgartirish kiritish vakolati berilsin.
(62-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-apreldagi PQ-142-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 07/25/142/0350-son)
7. Dastur koordinatorlari va tijorat banklarining rahbarlari zimmasiga:
tuman (shahar)lar ixtisoslashuvi hamda aholi koʻnikmalaridan kelib chiqqan holda tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi uchun mahalliy hokimliklar bilan birgalikda qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash;
qishloq va mahallalarda aholining oilaviy biznesni rivojlantirish borasidagi takliflari va xohish-istaklaridan kelib chiqib hamda dasturni amalga oshirishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan viloyat Markazlariga koʻrsatmalar berib borish;
Dasturda belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish vazifalari yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5242-son Farmoni, 2018-yil 7-iyundagi ““Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-3777-son va 2018-yil 14-iyuldagi “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3856-son qarorlari asosida imtiyozli kreditlar:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-394-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 07/22/394/0920-son)
viloyatlar yoki tuman (shahar)lar Markazlari tomonidan oilalarning xohish va istaklari, tadbirkorlik subyektlari va yoshlarning loyihalari, ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yetarli sharoitlari mavjudligi chuqur oʻrganilib, har bir oila va tadbirkorlik subyektlarining taklif etayotgan loyihalariga kredit ajratish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida beriladigan xulosalar asosida;
Oldingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslarga tovarlar (xizmatlar) fiskal belgili kassa cheki asosida yetkazib berilgan (xizmatlar koʻrsatilgan) va loyiha egasi undan qanoatlanish hosil qilganidan soʻng ajratiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (xizmat koʻrsatuvchi)ning hisobraqamiga oʻtkazib beriladi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar va uyushmalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda barcha tuman (shahar)larda aholi va muhtoj oilalarni foydali mehnatga jalb etgan holda eksportbop, bozor talabiga toʻliq javob beradigan qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonini qamrab olgan klaster tizimini keng joriy etish boʻyicha aniq choralarni koʻrsin.
Bunda:
mahsulotlarni yetishtirish va qayta ishlash jarayonida aholining, birinchi navbatda, muhtoj oilalarning ishtirokini va moddiy manfaatdorligini oshirish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish asosida ulardan mahalliy sharoitlarda keng foydalanish, klaster tizimini joriy qilishda xorijiy mutaxassislarni va mazkur sohada yuqori koʻrsatkichlarga erishgan yetakchi tadbirkorlarni jalb qilish;
serhosil meva-sabzavot ekinlarini ekish, naslli chorva mollarini yetishtirish, tayyor mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash jarayoniga zamonaviy innovatsion, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratsin.
10. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi va Markazlar bilan birgalikda:
tadbirkorlik sohasida muayyan tajriba va yutuqlarga erishgan tadbirkorni ularning soha va imkoniyatlarini oʻrgangan holda tajriba orttirish, koʻnikma shakllantirish maqsadida “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida maslahatlarni berish boʻyicha imtiyozli kreditlar olayotgan tashabbuskor, ayniqsa yosh tadbirkorlarga biriktirish;
aholining, ayniqsa yoshlarning biznes gʻoya va startaplarini amaliyotga tatbiq etishga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda “biznes inkubatorlar”ni tashkil etish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari va Markazlarga hududlarning oʻziga xos xususiyatini hisobga olib, “bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida har bir mahallani aniq bir yoʻnalishga ixtisoslashtirish, imtiyozli kreditlar mavjud sharoit va oilalarning xohish-istaklari inobatga olingan holda ajratilishiga eʼtibor qaratish vazifasi yuklatilsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3182-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan sektor rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan hududlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishi taʼminlanishida va kreditlarning belgilangan muddatda qaytarilishiga masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin hamda bu borada tijorat banklariga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va loyihada ishtirok etayotgan tijorat banklariga, xonadonlarga tashrif buyurgan holda imtiyozli kreditlardan foydalanish samarasi, natijadorligi va belgilangan muddatlarda qaytarilishini muntazam ravishda nazorat qilib borish vazifasi yuklatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-mart,
PQ-4231-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4231-son qaroriga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI

J.A. Qoʻchqorov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Respublika komissiyasi raisi

T.A. Ishmetov

Markaziy bank raisi

B.E. Zaxidov

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

A.A. Kamalov

Markaziy bank raisi oʻrinbosari

Lavozimi boʻyicha

loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etuvchi tijorat banklari rahbarlari

Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-apreldagi PQ-142-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 07/25/142/0350-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 07/19/4231/2724-son, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son; 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 07/21/5140/0538-son; 04.08.2021-y., 07/21/5207/0750-son, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son; 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son, 13.10.2022-y., 07/22/394/0920-son; 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son; 17.04.2025-y., 07/25/142/0350-son)