Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 20-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2565-7]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 9-oktabrdagi 23-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 28-fevraldagi 53-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2565, 2014-yil 28-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 10-son, 110-modda) bilan tasdiqlangan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin hamda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-fevral,
65-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 20-fevraldagi 65-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 68-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“68. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari:
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, sanoat siyosati, iqtisodiyotning alohida sohalari va tarmoqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti bilan bogʻliq masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan;
tashqi savdo va investitsiyalar bilan bogʻliq masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan;
tashqi siyosiy faoliyat bilan bogʻliq masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan;
Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan;
fuqarolarning mehnat huquqlariga taalluqli masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan;
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan;
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan;
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan;
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan;
advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladigan masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan;
nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan;
fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar boʻyicha — Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilishi lozim.”.
2. 69, 711, 712 va 88-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. 115-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“115. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoxud uni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish ushbu hujjatni qabul qilgan organ tomonidan yoxud bunga vakolatli boshqa organ tomonidan ushbu hujjat qabul qilingan tartibda amalga oshiriladi.
Boshqa vazirlik va idoralar bilan qoʻshma holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga shu vazirlik va idoralar bilan qoʻshma holda oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritiladi yoki oʻz kuchini yoʻqotgan deb topiladi.
Bir nechta vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishda, kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kelishilgan vazirlik va idoralardan qaysi birining manfaatlariga yoki vakolatlariga daxl qilsa, oʻsha vazirlik va idoralar bilan kelishiladi.
Boshqa vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar shu vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda oʻz kuchini yoʻqotgan deb topiladi.
Agar idoraviy normativ-huquqiy hujjatga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar uni qabul qilishda ishtirok etmagan vazirlik va idoralar bilan kelishilishi lozim boʻlsa, bunday oʻzgartirish va qoʻshimchalar ushbu vazirlik va idoralar bilan ham kelishilishi lozim.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 10/19/2565-7/2653-son)