O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Dasturiy ta’minot vositalari eksporti va importi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 4-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2549-2]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi PF-5177-son “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-avgustdagi 670-son “Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladilar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 25-noyabrdagi 61-mh, 17, 01-02/21-30, 330 V-son qarori (ro‘yxat raqami 2549, 2014-yil 8-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 2-son, 25-modda) bilan tasdiqlangan Dasturiy ta’minot vositalari eksporti va importi to‘g‘risida nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-yanvar,
mh-186-son
Tashqi savdo vaziri J. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-yanvar,
1-p-son
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-yanvar,
01-02/15-79-son
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-yanvar,
330-V-2-son
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy bank Boshqaruvining 2019-yil 10-yanvardagi mh-186, 1-p, 01-02/15-79 va 330-V-2-son qaroriga
ILOVA
Dasturiy ta’minot vositalari eksporti va importi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisi tomonidan Internet tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali 5 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan dasturiy ta’minot vositalarini eksport shartnomasisiz xorijiy valyutaga sotish, Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimiga ma’lumot kiritmasdan amalga oshiriladi.
Dasturiy ta’minot vositalarining eksporti 5 ming AQSh dollaridan oshgan taqdirda, dasturiy ta’minot vositalarining eksport shartnomasi bo‘yicha ma’lumotlar elektron raqamli imzodan foydalangan holda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi.”.
2. 7-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Tushumlarning tushish muddatlari xorijiy onlayn-savdo maydonchasi qoidalariga muvofiq belgilanadi.”.
3. 8-banddagi “vakolatli” degan so‘z “tijorat” degan so‘z bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.02.2019-y., 10/19/2549-2/2570-son)