Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirIning
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 14-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3100]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 31-martdagi 352-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3823, 24.04.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-noyabr,
142-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 13-noyabrdagi 142-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq iqtisodiyot va moliya organlari, gʻaznachilik xizmati boʻlinmalari, davlat maqsadli va boshqa jamgʻarmalar hamda budjet tashkilotlarida (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) chet el valyutasida operatsiyalarni yuritishni normativ tartibga solinishini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 51-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3450, 31.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 10/23/3450/0546-son)
Standart budjet hisobining boshqa standartlari bilan birgalikda qoʻllaniladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
chet el valyutasi — muomalada boʻlgan hamda xorijiy davlatda qonuniy toʻlov vositasi hisoblangan banknotlar, xazina biletlari va tangalar koʻrinishidagi chet el pul belgilari, shuningdek hisobvaraqlarda va omonatlarda boʻlgan xorijiy davlatlarning pul birliklaridagi hamda xalqaro pul yoki hisob-kitob birliklaridagi mablagʻlardir;
chet el valyutasidagi operatsiyalar — budjet hisobida chet el valyutasida amalga oshirilishi yoki hisob-kitob qilinishi belgilangan operatsiyalar;
chet el valyutasida operatsiya amalga oshirilgan sana — tashkilotlarda chet el valyutasidagi operatsiya natijasida qonunchilik hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq aktiv va majburiyatlarni buxgalteriya hisobida aks ettiriladigan sana;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
kurs farqi — milliy valyutaga nisbatan chet el valyutasi kursining oʻzgarishi munosabati bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalarda vujudga keladigan (ijobiy, salbiy) farq;
rasmiy kurs — valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya va statistika hisoboti uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursi.
2. Standartning maqsadi chet el valyutasida ifodalangan aktiv va majburiyatlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish hamda uning maʼlumotlarini moliyaviy hisobotlarda ochib berish tartibini belgilash hisoblanadi.
2-bob. Standartning qoʻllanilish sohasi
3. Standart Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tashkilotlar va tashkilotning xorijdagi tarkibiy boʻlinmalarida chet el valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun tatbiq etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tashkilotlar budjet hisobini milliy valyuta — soʻmda yuritadi va moliyaviy hisobotlarni taqdim etadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi budjet tashkilotlari budjet hisobini milliy valyuta — soʻmda va xorijiy valyutada yuritadi, moliyaviy hisobotlarni esa milliy valyuta — soʻmda taqdim etishlari lozim.
3-bob. Buxgalteriya hisobida chet el valyutasidagi operatsiyalarni aks ettirish
6. Chet el valyutasidagi operatsiyalar budjet hisobida sodir etilgan vaqtda toʻlov kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyutada aks ettiriladi.
7. Quyidagilar tashkilotlarning chet el valyutasidagi operatsiyalari boʻlib hisoblanadi:
a) aktivlar, ishlar, xizmatlarni chet el valyutasida xarid qilish yoki sotish;
b) chet el valyutasida toʻlanishi yoki olinishi belgilangan kreditlar yoki qarzlar;
v) chet el valyutasidagi majburiyatlarni qabul qilish yoki majburiyatlarni qoplash;
g) chet el valyutasida ifodalangan aktivlarni hisobdan chiqarish yoki qabul qilish.
8. Budjet hisobida chet el valyutasida ifodalangan aktiv va majburiyatlarning qiymatini hisobotlarda aks ettirish uchun soʻmda qayta hisoblash lozim.
9. Budjet hisobi uchun chet el valyutasida ifodalangan aktiv va majburiyatlarni soʻmda qayta hisoblash chet el valyutasida operatsiya sodir etilgan sanadagi rasmiy kurs boʻyicha amalga oshiriladi.
Chet el valyutasida ayrim operatsiyalarni amalga oshirish muddatlari Standartning ilovasida keltirilgan.
4-bob. Kurs farqi
10. Chet el valyutasi kursi qiymatining soʻmga nisbatan koʻtarilish natijasida ijobiy kurs farqi yuzaga keladi.
11. Chet el valyutasi kursi qiymatining soʻmga nisbatan pasayish natijasida salbiy kurs farqi yuzaga keladi.
12. Tashkilotlarning chet el valyutasida ifodalangan aktiv va majburiyatlari hisobot davrining soʻnggi ish kunida chet el valyutasida operatsiya amalga oshirilgan sanadagi rasmiy kurs boʻyicha qayta baholashni amalga oshiradi.
Bunda, hisobot davrining soʻnggi ish kunida tashkilotlar yagona va shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi, kassasi hamda boshqa hisob raqamlardagi chet el valyuta mablagʻlarini, shuningdek chet el valyutasidagi moliyaviy aktivlarning qiymatini operatsiya sodir etilgan vaqtdagi rasmiy kurs boʻyicha soʻmda ifodalaydi.
13. Quyidagi chet el valyutasidagi aktiv va majburiyatlar boʻyicha kurs farqi aniqlanadi:
a) yagona va shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida, kassada hamda boshqa hisob raqamlardagi chet el valyuta mablagʻlari;
b) chet el valyutasidagi pul ekvivalentlari;
v) grant loyihalari mablagʻlari;
g) chet el valyutasida ifodalangan debitorlik va kreditorlik qarzlari, akkreditivlar, kreditlar, zayomlar va lizing majburiyatlari;
d) chet el valyutasida qabul qilingan moliyaviy majburiyatlar.
14. Tashkilotlarning chet el valyutasida xarid qilingan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, oʻrnatiladigan uskunalar, kapital qoʻyilmalar, tovar-moddiy zaxiralar boʻyicha kurs farqi aniqlanmaydi.
15. Tashkilotlar chet el valyutasini qayta baholashda ijobiy kurs farqini balansning moliyaviy natijalar boʻlimidagi kurs farqidan foyda subschyotiga, aksincha chet el valyutasini qayta baholashda salbiy kurs farqi balansning moliyaviy natijalar boʻlimidagi kurs farqidan zarar subschyotida aks ettiriladi.
16. Tashkilotlar Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2169, 2010-yil 22-dekabr) bilan tasdiqlangan 308-son shakldagi “Bosh jurnal kitobi”ning tegishli subschyotlarida hosil boʻlgan kurs farqini (ijobiy va salbiy) yil davomida jamgʻarib boradi hamda yil oxirida tashkilotning yakuniy moliyaviy natijasi hisobidan chiqariladi.
5-bob. Axborotni ochib berish
17. Moliyaviy hisobot va unga doir tushuntirishlarda quyidagilar ochib beriladi:
a) chet el valyutasidagi kurs farqidan koʻrilgan foyda yoki zararlar;
b) hisobot davri boshlanish va soʻnggi kunidagi rasmiy kurslar oʻrtasidagi farqlar;
v) tashkilot moliyaviy natijalarida aks ettirilgan kurs farqlari;
g) moliyaviy hisobot tuzishda hisobot sanasidagi rasmiy kursi.
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”ga
ILOVA
Chet el valyutasida ayrim operatsiyalarni amalga oshirish muddatlar
ROʻYXATI

Chet el valyutasidagi operatsiyalar

Chet el valyutasidagi operatsiya
amalga oshirilgan sana

Chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna yoki bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalar

Chet el valyutasidagi pul mablagʻlarining shaxsiy gʻazna yoki bankdagi hisobvaraqlarga kelib tushish yoki ularni bank hisobvaraqlaridagi hisobdan chiqarish sanasi

Chet el valyutasidagi kassa operatsiyalari

Chet el valyutasini kassaga kirim qilish yoki ularni kassadan berish sanasi

Chet el valyutasidagi daromadlar

Chet el valyutasidagi daromadlarni hisobga olish sanasi

Chet el valyutasidagi xarajatlar

Chet el valyutasidagi xarajatlarni hisobga olish sanasi

Tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlarni baholash

Tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlarning xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshlangʻich hisob hujjatlari (tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasi) mavjud boʻlganda, ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasi

Hisobdorlar boʻyicha chet el valyutasidagi xodimlarga qarzlarni aks ettirish

Boʻnak hisobotini tasdiqlash sanasi

Chet el valyutasidagi qarzlarni soʻndirish

Chet el valyutasidagi qarzlarni toʻlash sanasi

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2018-y., 10/18/3100/2330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 01.08.2023-y., 10/23/3450/0546-son)