Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining
qarori
Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarida veterinariya-sanitariya qoidalarini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5067-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarida veterinariya-sanitariya qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Davlat veterinariya Bosh boshqarmasi boshligʻining 2007-yil 15-yanvardagi 5-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarida veterinariya-sanitariya qoidalari” oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais v.b. B. NORQOBILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-yanvar,
3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi raisining 2018-yil 12-yanvardagi 3-son qaroriga
ILOVA
Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalari uchun veterinariya-sanitariya
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”, “Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisida” va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarida veterinariya-sanitariya qoidalarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar sotish, shuningdek xoʻjalikning oʻzida foydalanish maqsadida sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalari uchun moʻljallangan.
2. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalaridagi sogʻin sigir podalari veterinariya vrachi yoki veterinariya feldsherining doimiy nazoratida boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmita tomonidan belgilangan tartibda brutsellyoz, tuberkulyoz, mastit kasalliklariga, zarurat tugʻilganda boshqa kasalliklarga tekshirib turilishi lozim.
3. Qoramollarning yuqumli kasalliklarini oldini olish maqsadida sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalari veterinariya qonunchiligida belgilangan zoogigiyena va veterinariya qoidalariga rioya qilinishini va boshqa tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlashlari lozim.
4. Muassasalarni sut bilan taʼminlash uchun ajratilgan barcha qoramollar oyiga bir marta veterinariya nazoratidan oʻtkazilishi, yilda ikki marta brutsellyoz va tuberkulyoz kasalliklariga tekshirib turilishi lozim.
5. Qoramollarda kasallik borligi gumon qilinganda, sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalari kasallikka gumon qilingan mollarni tezlik bilan ajratib, bu haqda veterinariya mutaxassisiga maʼlum qilishlari lozim.
Kasallikka tashxis qoʻyilgunga qadar sogʻilgan sutni isteʼmol qilish, hayvonlarga ichirish yoki qayta ishlash korxonalariga topshirish taqiqlanadi.
6. Kasal sigirlardan sogʻilgan sut alohida idishlarga quyilib, undan veterinariya vrachining ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.
7. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarida qoramollar odam va hayvonlar uchun umumiy boʻlgan yuqumli kasalliklar bilan kasallanganda, shu kasallikka qarshi zarur tadbirlar oʻtkazilib, xoʻjalik ushbu kasallikdan sogʻlomlashtirilgunga qadar, undan sutni chiqarish va xoʻjalikda isteʼmol qilish taqiqlanadi.
8. Mastit bilan kasallangan hayvonlarni aniqlash uchun fermadagi sigirlar har oyda bir marta klinik koʻrikdan oʻtkazilib, yelinning har bir boʻlagidan alohida sut olinib, belgilangan tartibda tekshirish lozim.
Mastit kasalligi bilan kasallangan sigirlardan sogʻib olingan sut qaynatilib faqat hayvonlarni boqishda ozuqa sifatida foydalanilishi mumkin.
9. Sigir tuqqan kundan keyingi 7 kun davomida (ogʻiz suti ketguncha) sogʻib olingan sutni isteʼmol qilish, qayta ishlash korxonalariga topshirish yoki sotish taqiqlanadi. Bunday sutdan faqat hayvonlarni boqishda ozuqa sifatida foydalaniladi.
II. Sutchilik fermasining tuzilishi va jihozlanishiga qoʻyiladigan veterinariya-sanitariya talablar
10. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarini qurish, qayta qurish (fermalardagi binolar, sigirlar boqiladigan molxonalar, sut saqlash xonalari, sogʻish xonalari, tugʻruqxonalar, buzoqxonalar va boshqa xonalar), jihozlash va qoramolchilik korxonalarini texnologik loyihalash meʼyorlari sanitariya talablariga binoan boʻlishi zarur.
11. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarining sogʻish xonalari, ferma hududi, qoʻralar, molxonalar, buzoqxonalar, sutxonalar va ularga kirib chiqish yoʻllari muntazam ravishda tozalanib tushirilishi lozim.
12. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarining hududi mustahkam devor bilan oʻralgan, oqova suvlar chiqib ketadigan moslamalar bilan taʼminlangan, transport vositalarining asosiy yoʻli, yoʻlaklar suv oʻtkazmaydigan qattiq qoplama bilan qoplangan boʻlishi kerak. Hududning boʻsh yerlari koʻkalamlashtirilgan boʻlishi zarur.
13. Hududga kirish va chiqish darvozalari oldida transport vositalari gʻildiraklarini va piyodalar oyoq kiyimlarini dezinfeksiya qilish uchun maxsus dezinfeksiya toʻsiqlari va toʻshamalari qurilgan boʻlishi, ular dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan muntazam toʻldirib turilishi zarur.
Hudud ichidagi molxonalar va boshqa ishlab chiqarish xonalariga kirish joylarida ham dezinfeksiya toʻshamalari (qipiqli yoki mayda yanchilgan somonli) boʻlishi hamda ular muntazam ravishda dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan toʻldirib turilishi zarur.
14. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalarda goʻngni molxonadan chiqarish, zararsizlantirish, ishlov berish va foydalanishga tayyorlashning texnologik meʼyorlaridan kelib chiqib goʻng omborlari quriladi. Har bir sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermasida goʻngni zararsizlantirish usuli koʻzda tutilgan boʻlishi kerak (uzoq saqlash, kimyoviy yoki biologik usul).
15. Qoramolchilik fermasi hududidagi hojatxonalar fermaning sigirxonalari va boshqa binolaridan 25 m uzoqlikda qurilishi hamda uning chuquri 2/3 qismga toʻlganda tozalanishi kerak.
16. Sutni sovutish xonasiga maxsus sovutgich va pasterizator qurilmasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
17. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalari texnologik maqsadlar uchun (sogʻish apparatlari hamda sut solinadigan idishlarga sanitariya ishlovi berish, yelinni yuvish va boshqalar) ichimlik suvi bilan taʼminlanishi zarur.
III. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermalaridagi binolarni saqlash va mollarni parvarish qilishda veterinariya-sanitariya talablari
18. Sigirxonalarga va boshqa ishlab chiqarish binolariga kirish joylari oyoq kiyimini tozalash moslamalari hamda dezinfeksiyalovchi moddalar bilan namlangan dezinfeksiya gilamchalari bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
19. Veterinariya vrachining ruxsatisiz va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan ferma hududiga boshqa xoʻjaliklardan qoramol olib kelish taqiqlanadi.
Fermaga kirib kelgan har bir odam oʻrnatilgan tartibda sanitariya oʻtkazgichi orqali kiritilishi lozim.
20. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermasi hududida, qoramollar saqlanadigan va boshqa ishlab chiqarish binolarida veterinariya qonunchiligi talablariga muvofiq profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari oʻtkazib turilishi zarur.
21. Qoramolchilik fermasida har oyning maʼlum bir belgilangan kuni sanitariya kuni deb eʼlon qilinishi zarur. Sanitariya kuni ferma hududi, molxonalar va boshqa ishlab chiqarish binolari yaxshilab mexanik tozalanishi, sigirxona devorlari, oynalari, shiplari, oxurlari va boshqa uskunalari changdan tozalanishi, sogʻish zallari devorlar, ustunlar va toʻsiqlarning ifloslangan joylari yuvilib, yangi soʻndirilgan ohak bilan oqlanishi zarur.
Shu kuni veterinariya xodimlari barcha sogʻin sigirlarni koʻzdan kechirib, ularning yelinlariga alohida eʼtibor berishlari, shuningdek molxonalar va uning atroflarini tozalash hamda dezinfeksiya ishlarini sifatini tekshirishlari lozim.
22. Sut saqlash asbob-uskunalari, pollar har kuni yuvilib, ifloslangan sogʻish zallari devorlari muntazam ravishda tozalanib, ishqorli eritma bilan dezinfeksiyalanishi zarur.
23. Sigirlar ostiga somon, poxol yoki qirindidan toʻshama solinishi va u har kuni almashtirib turilishi zarur. Sigirlar sogʻilishidan bir soat oldin tozalanib, terisining ifloslangan joylari iliq suv bilan yuvilishi kerak.
IV. Sigir sogʻishda veterinariya-sanitariya talablari
24. Sut sogʻuvchilar sigir sogʻishda sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari, sogʻish xonalarini ozoda saqlashlari, shuningdek doimo sigirlar yelinining holatini kuzatib borishlari lozim.
25. Sogʻuvchi (mashinada sogʻish operatori) sogʻishdan oldin quyidagilarga rioya qilishi zarur:
a) qoʻlini bilagigacha sovunlab yuvib, toza sochiqda artib, toza xalat kiyib, boshiga roʻmolcha bogʻlashi;
b) sigirni yelinini eʼtibor bilan koʻzdan kechirishi, yuvishi, sochiq (mato yoki qogʻozdan qilingan) bilan artib quritishi;
v) sutni birinchi oqimini alohida idishga sogʻishi.
26. Yelindan sut bilan ivigan qon yoki yiring kelganda, shuningdek yelinda qizarish, shish yoki ogʻriq kuzatilganda sogʻuvchi bu haqda tezlik bilan veterinariya vrachiga (feldsher) xabar berib, sutni alohida idishga solib qoʻyishi zarur. Bunday sigirni sogʻib boʻlgach, sogʻuvchi qoʻlini yuvib, dezinfeksiyalovchi eritma bilan ishlov berishi, sut sogʻilgan idishni dezinfeksiyalashi zarur.
27. Kasallangan yoki kasallikka gumon qilingan sigir ajratib, alohida saqlanadi. Kasallangan sigir sutini ishlatish va sigirni saqlash veterinariya vrachi (feldsher) xulosasi bilan amalga oshiriladi.
V. Sutga birinchi ishlov berish va saqlash qoidalari
28. Sutga birinchi ishlov berish, filtrlash va sovutish sutxonada amalga oshirilishi lozim.
Sutni filtrlashga bir necha qavatli oq doka yoki lavsan matolari ishlatilishi mumkin.
Dokali filtr bir idishga bir marta sutni filtrlash uchun ishlatilishi zarur. Filtrlashga ishlatilgan doka 2 foizli kalsiyli soda eritmasida yuvib, 12 — 15 daqiqa qaynatilishi va quritilishi kerak.
Filtrlangan sut zudlik bilan sovutiladi. 10° S sovutilgan sutni 20 soatdan ortiq fermada saqlash mumkin emas.
29. Sutni sovutish uchun maxsus sovutgichlardan foydalaniladi, sovutgichi yoʻq fermalarda tuzli muz aralashmali hovuzlarda sut flyagalarga solib sovutilishi mumkin. Bunda flyagalar ogʻzi ochilib toza doka bilan yopilgan boʻlishi kerak.
30. Sovutilgan sut bilan yangi sogʻilgan, yaʼni sovutilmagan sutni aralashtirish taqiqlanadi.
Baʼzi holatlarda sanitariya sifati yuqori darajali sovutilmagan sutni sanitariya va veterinariya nazorati organlari bilan kelishgan holda isteʼmolchilarga joʻnatishga ruxsat etiladi.
31. Sutni sut qabul qilish punktlariga yoki sut zavodlariga sut tashishga moʻljallangan maxsus avtotransportlarda, avtoulovlarga oʻrnatilgan sisternalarda yoki sutni maxsus idishlarga solib alohida ajratilgan transportlarda tashishga ruxsat etiladi.
Sut tashiydigan mashinaning kuzovi toza va u har xil hidlardan holi boʻlishi kerak.
Sut bilan birga mashinada oʻtkir hidli, changlanadigan va zaharli moddalarni (benzin, kerosin, kreolin, zaharli ximikatlar, sement, boʻr va boshqalar) tashish taqiqlanadi.
32. Sut tashiladigan idishlarning qopqogʻi germetik yopiladigan boʻlib, ular oziq-ovqat mahsulotlari uchun ruxsat etilgan materiallardan tayyorlangan boʻlishi kerak.
33. Sut solingan sisterna va idishlar joʻnatishdan oldin muhrlanadi. Yozda sutni transport vositalarida tashilganda idishlardagi sut chayqalib yogʻi ajralmasligi uchun iloji boricha ogʻzigacha, qishda esa boʻgʻzigacha toʻldirilishi zarur.
34. Yoz faslida sutning isib ketishi, qishda esa muzlab qolishining oldini olish uchun sut solingan idishlar ustiga brezent yoki boshqa matolar yopilishi kerak.
VI. Ferma xodimlarining shaxsiy gigiyena qoidalari
35. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermasida ishlovchi barcha xodimlar quyidagilarga rioya qilishlari lozim:
a) bevosita sut bilan ishlovchilar-sut sogʻuvchilar va boshqa xodimlar qoʻllari, yuzlari, badanlari, oyoq kiyimlari va kiyimlarini toza boʻlishini taʼminlashlari, tirnoqlarini kalta qilib olib yurishlari;
b) hojatxonaga borishdan oldin sanitariya kiyimlarini saqlash joyida yechib qoldirishlari, hojatxonadan chiqqandan soʻng qoʻllarini sovunlab yuvishlari;
v) oʻzini yomon his etib, tana harorati koʻtarilib kasallikka gumon qilinganda yoki terida yiringli yaralar paydo boʻlganda, kuyganda, kesib olganda tezlik bilan bu haqda ferma rahbariyatiga xabar berib tibbiyot muassasasiga murojaat qilishlari;
g) xodim tibbiyot tekshiruvidan oʻtib yoki davolanib boʻlgach ferma rahbariyatiga shaxsiy meditsina kitobchasini koʻrsatishi.
36. Sut va hayvonlarning yemishiga yot narsalar tushib qolishining oldini olish maqsadida maxsus kiyimlarga toʻgʻnogʻich yoki igna taqish shuningdek choʻntaklarida toʻgʻnogʻich, oynacha va boshqa narsalarni olib yurmaslik lozim. Sigirxonada, sutga, sut idishlariga va asbob uskunalariga ishlov berish vaqtida ovqatlanish va chekish taqiqlanadi.
37. Sut yetishtiruvchi qoramolchilik fermasida:
a) har bir xodim boshidan oyogʻigacha maxsus kiyim bilan taʼminlanishi;
b) maxsus kiyimlar muntazam yuvib turilishi va ularni ishchilarga toza, saranjom-sarishta holda berilishi nazorat qilib borilishi;
v) fermaning barcha xodimlari uchun veterinariya va sanitariya mashgʻulotlari tashkil etilishi lozim.
38. Mutaxassislar ishga qabul qilinishida, ular tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtganligi, shuningdek veterinariya va sanitariya taʼlimini olganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomalar taqdim etilganida, ular rasmiylashtirishlari lozim.
39. Ushbu qoidalarning bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya nazorati organlari tomonidan nazorat qilib boriladi.