O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 18-maydagi PQ-3730-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek hududlarning ekologik va sanitariya holatini yaxshilash, sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish va belgilangan tartibda zarur darajada saqlashni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari (keyingi o‘rinlarda Qoidalar deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda hududlarni sanitariya jihatidan tozalash ishlarining tasdiqlangan qoidalarga muvofiq tashkil etilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-oktabr,
787-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qaroriga
1-ILOVA
Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu qoidalar sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini yaratish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish tartibini belgilaydi hamda barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan unga rioya etilishi majburiy hisoblanadi.
2. Ushbu qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
obodonlashtirish obyektlari — ko‘chalar, aylanma ko‘chalar, yo‘llar, markaziy maydonlar, yo‘lkalar, ko‘priklar, tunnellar, yo‘lovchilar o‘tadigan yer osti yo‘llari, favvoralar, ariqlar, kanallar, daryolar, ko‘llar va boshqa suv havzalarining qirg‘oqlari, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun foydalaniladigan obyektlar (madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon massivlari, bog‘lar, bulvarlar, xiyobonlar), tashqi yoritish, reklama pannolari, yo‘l ko‘rsatkichlari, portallar, peshlavhalar, drenaj (drenajning vertikal, yopiq va ochiq gorizontal, yopiq kollektori), irrigatsiya novlari tarmoqlari, tashqi yoritish tarmoqlari;
sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlari — qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va vaqtinchalik saqlash uchun, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq foydalaniladigan obyektlar (chiqindi qutilari, konteynerlar, chiqindi to‘plash shoxobchalari, shu jumladan, maxsus ajratilgan va jihozlangan joylar);
qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek, ularning hududida va obodonlashtirish obyektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar (oziq-ovqat va o‘simlik chiqindilari, to‘qimachilik mahsulotlari, o‘rash-joylash (qadoqlash) materiallari, shisha, rezina, qog‘oz, plastmassa, yog‘och chiqindilari, o‘zining foydalanish xususiyatlarini yo‘qotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, supurindi, shuningdek, qattiq yoqilg‘ida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bug‘qozonlaridan foydalanish natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar);
suyuq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar (oqova suvlar, chiqindi to‘kiladigan o‘ralar va septiklarda yig‘ilgan turli xil suyuq chiqindilar, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan yuvindi chiqindilari, markazlashmagan kanalizatsiyaning najas chiqindilari);
yirik gabaritli maishiy chiqindilar — jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgan mebellar, maishiy texnikalar (sovutkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va shu kabilar), tashkiliy texnikalar (kompyuterlar, printerlar va shu kabilar), texnik uskunalar, avtotransport vositalarini almashtirish natijasida hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilar, shuningdek, daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil bo‘ladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va o‘lchamlari bo‘yicha 0,75 m3 hajmli konteynerlarga joylashtirishning imkoni bo‘lmagan qurilish chiqindilari.
Oldingi tahrirga qarang.
qurilish chiqindilari — bino va inshootlar, shu jumladan, yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalarini hamda ishlab chiqarish obyektlarini qurish, rekonstruksiya va (yoki) montaj qilish, ta’mirlash va buzish ishlarini amalga oshirishda hosil bo‘ladigan chiqindilar;
(2-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-yanvardagi 40-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.01.2021-y., 09/21/40/0070-son — 2021-yil 29-apreldan kuchga kiradi)
xavfli maishiy chiqindilar — foydalanish xususiyatini yo‘qotganidan so‘ng insonlar hayoti, sog‘lig‘i va atrof tabiiy muhitga xavf soluvchi, shuningdek, utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan va yig‘ish, tashish hamda zararsizlantirishning maxsus texnologiyalaridan foydalanishni talab qiluvchi tovarlardan hosil bo‘ladigan chiqindilar (simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslari, simobli termometrlar chiqindilari, barcha turdagi akkumulyatsiya qiluvchi elementlar va shu kabilar);
Oldingi tahrirga qarang.
ikkilamchi moddiy resurslar — maishiy xo‘jalikda va iqtisodiyot tarmoqlarida hosil bo‘ladigan, bevosita yoki qo‘shimcha ishlov berishdan so‘ng takror foydalanish imkoni mavjud bo‘lgan, iste’mol va ishlab chiqarish chiqindilari (metall, plastmassa, shisha, qog‘oz chiqindilari va shu kabilar);
(2-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ikkilamchi xom ashyo — iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanish uchun texnik imkoniyat va iqtisodiy maqsadga muvofiqligi mavjud bo‘lgan ikkilamchi moddiy resurslar;
ikkilamchi xom ashyoni tayyorlash — ikkilamchi moddiy resurslarni sotib olish yoki bepul qabul qilish, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni saralash;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qaroriga asosan o‘ninchi va o‘n birinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
“signal” usuli — chiqindi tashish texnikasi bilan aholi yashash punktlarini aylanib chiqib, signal berish yo‘li bilan iste’molchilarni xabardor qilish orqali yakka tartibdagi turarjoy sektoridagi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish.
3. Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish mazkur qoidalarning ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Sanitariya jihatidan tozalash ishlarini tashkil etish
4. Sanitariya jihatidan tozalash ishlariga hududlarni (obodonlashtirish obyektlari, turar joy va tashkilotlar hududini) tozalash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlari kiradi.
5. Hududlarni tozalash:
obodonlashtirish obyektlarida — shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan;
ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan;
yakka tartibdagi turar joy uylari va tashkilotlarning yer uchastkalarida ajratilgan yer uchastkasi doirasida — jismoniy va yuridik shaxslar (yer uchastkalari egalari, mulkdorlari yoki doimiy foydalanuvchilari, shuningdek, ijaraga oluvchilar) tomonidan;
avtomobil yo‘llari va sun’iy yo‘l inshootlarida ajratilgan yer uchastkasi doirasida — ushbu obyektlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar (balansda saqlovchilar) tomonidan;
temir yo‘llarda ajratilgan yer uchastkasi doirasida (chuqur qiyalik va ko‘tarmalar, temir yo‘lni kesib o‘tish va aylanib o‘tish joylari va h.k.) — ushbu obyektlarga xizmat ko‘rsatuvchi temir yo‘l tashkilotlari tomonidan;
bozorlar hududi va ularga tutash hududlarda — bozorlar ma’muriyati tomonidan;
jamoat yo‘lovchi transporti bekatlarida joylashgan vaqtinchalik savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida — ushbu obyekt egalari tomonidan, agar ijara shartnomalarida boshqalar nazarda tutilmagan bo‘lsa);
savdo do‘konlari yoki boshqa savdo nuqtalariga, shu jumladan, ko‘chma shoxobchalarga tutash hududlarda 5 m radiusda — kichik chakana savdo va umumiy ovqatlanish (oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va umumiy ovqatlanish sohasida xizmatlar ko‘rsatish palatkalari, do‘konchalari), shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish (poyabzal ta’mirlash va shu kabilar) sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshiriladi.
6. Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashgan tashkilot deb ataladi) tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda, shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ko‘p kvartirali turar joy sektorida — chiqindi to‘plash shoxobchalaridan, yakka tartibdagi turar joy sektorida esa chiqindi to‘plash shoxobchalaridan yoki “signal” usulida amalga oshiriladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2019-y., 09/19/95/2583-son)
Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan bir kunda bir marta, “signal” usulida — uch kunda bir martani tashkil etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 26-bobi.
3-bob. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash uchun chiqindi qutilarini joylashtirish va ulardan foydalanish
7. Hududlar, binolar va inshootlarning qattiq maishiy chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish maqsadida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus chiqindi qutilari o‘rnatiladi.
8. Chiqindi qutilari mazkur qoidalarning 5-bandiga muvofiq, hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan majburiy tartibda quyidagilarda o‘rnatiladi:
ko‘p kvartirali uylarning podyezdiga kirish yo‘lida — 1 ta;
tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar, shuningdek, savdo obyektlarining binosiga kirish (chiqish) yo‘lida — 1-2 ta;
metro, yer osti va yer usti o‘tish joylarining har bir kirish (chiqish) yo‘lida — 2 ta;
aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun mo‘ljallangan obyektlarda (madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon massivlari, bog‘lar, bulvarlar, skverlar, xiyobonlar va boshqalar) — obyektning har 800 m2 maydonida 1 ta va yo‘laklar va yo‘lkalar chizig‘i bo‘ylab o‘rnatilganda bir-biridan 40 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
bozorlar va savdo obyektlarida (supermarket, gipermarket va boshqalarda) — obyektning har 250 m2 maydonida 1 ta va savdo do‘konlari qatori bo‘ylab o‘rnatilganda — bir-biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
jamoat yo‘lovchi transport bekatlarida — 1-2 ta;
avtoturargohlar va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonchalariga kirish (chiqish) yo‘lida — 1-2 ta;
davolash muassasalarining hovli hududida — obyektning har 700 m2 maydonida 1 ta, asosiy alleyalarda esa — bir biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
chekish uchun maxsus ajratilgan joylarda — 1-2 ta;
plyajlar va suv akvatoriyalari (daryolar, ko‘llar, ko‘rfazlar yoki hovuzlar)ga tutash rekreatsiya zonalarida — suv bo‘linishidan 15 m hamda yashil ekinlardan 3 — 5 m uzoqlikda joylashtirgan holda, obyektning har 800 m2 maydonida 1 ta;
ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda va markaziy maydonlarda, yo‘lkalarda hamda magistral ko‘chalarning piyodalar zonasi bo‘ylab, shuningdek, ko‘priklarda — hududdan foydalanish intensivligidan kelib chiqib, piyodalar serqatnov hududda — har 50 metrdan oshmagan masofada va odam kam joylarda — har 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan.
9. Turg‘un ko‘cha chiqindi qutilari harakatlanadigan konstruksiyaga (ag‘dariladigan mexanizmga) ega bo‘lishi va ularni o‘rnatish uchun ajratilgan joyga mustahkamlab qo‘yish uchun asos qismiga ega bo‘lishi lozim.
Vaqtinchalik savdo do‘konlari, shu jumladan, ko‘chma shoxobchalarga (oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va umumiy ovqatlanish sohasida xizmatlar ko‘rsatish palatkalari, do‘konchalariga) tutash hududlarda — 5 metr radiusgacha ko‘tarish mexanizmli yoki ularni bo‘shatish uchun almashtiriladigan chelaklarga ega bo‘lgan ko‘chma chiqindi qutilari o‘rnatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Chiqindi qutilari, ulardan belgilangan maqsadda foydalanilishi va xizmat ko‘rsatilishi (tozalash, bo‘shatish v.h.) uchun qulay bo‘lgan joyga o‘rnatilishi, piyodalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar aravachalari hamda velosipedlar harakatiga xalaqit bermasligi, toza va soz holatda saqlanishi, shuningdek, barcha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
Chiqindi qutilarini bo‘shatish va tozalash ularning to‘lishiga ko‘ra muntazam ravishda, lekin sutkada bir marotabadan kam bo‘lmagan holda olib borilishi lozim.
Chiqindi qutilarini yuvish va dezinfeksiya qilish bir oyda kamida bir marotaba amalga oshirilishi lozim yoki ularning tozaligini va qulay bo‘shatilishini ta’minlash uchun maxsus chiqindi qoplari (paketlar) qo‘llanilishi mumkin.
11. Chiqindi qutilarini o‘rnatish, o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash (tozalash, bo‘shatish, yuvish, dezinfeksiya qilish va ta’mirlash) mazkur Qoidalarning 5-bandiga muvofiq, hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
4-bob. Chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etish va ulardan foydalanish
12. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ko‘magida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, professional boshqaruv tashkiloti yoki tegishli hududda yashovchilarning bevosita murojaati bo‘yicha chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini joylashtirish joylarini aniqlash bilan bog‘liq masalalarni hal qiladilar.
Yopiq turdagi chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va kelishilgan namunaviy yoki individual loyiha (eskiz) asosida amalga oshiriladi.
Gavjumroq joylarda hududlardan foydalanish intensivligiga bog‘liq ravishda chiqindi to‘plash shoxobchalarining qo‘riqlanmaydigan (modulli) inshootlari tashkillashtirilishi mumkin.
Faoliyat yuritayotgan chiqindi to‘plash shoxobchalarini buzish ishlari ularning o‘rniga yangi chiqindi to‘plash shoxobchalari qurilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Chiqindi to‘plash shoxobchalari turar joy binolarining derazalari, bolalar muassasalari uchastkalarining chegarasi, dam olish joylaridan 20 metrdan kam bo‘lmagan va 100 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada shuningdek, moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining qo‘riqlanadigan tegralari chegaralaridan tashqarida joylashtiriladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 370-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/370/0597-son)
Chiqindi to‘plash shoxobchasining hududi o‘tish yo‘liga tutash bo‘lishi, lekin maxsus avtotransport vositasining kirishiga xalaqit bermasligi lozim. Alohida joylashgan maydonchada (o‘tish yo‘lidan uzoqda) maxsus avtotransport vositasining konteynerlarni bo‘shatish uchun qulay kirish imkoniyati va burilish maydonchasi (12 m x 12 m) ko‘zda tutiladi.
14. Chiqindi to‘plash shoxobchalarini joylashtirish (imkon darajasida) binolar fasadining ko‘cha tomonidagi transport va piyoda tranzit kommunikatsiyasining ko‘rinish zonasi tashqarisiga loyihalashtiriladi.
15. Chiqindi to‘plash shoxobchasining maydoni va unda joylashtiriladigan konteynerlar soni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq belgilanadi.
16. Chiqindi to‘plash shoxobchalari va konteynerlaridan turar joy xonalarining derazalari va kirish yo‘llarigacha bo‘lgan masofa qat’iy ravishda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq belgilanadi.
17. Chiqindi to‘plash shoxobchalari obodonlashgan kirish yo‘li, tungi tashqi yoritqichlari, salqin ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiyaga oqim tizimi, shuningdek, yomg‘ir suvlarini oqizish kanalizatsiyaga ega bo‘lishi lozim.
18. Konteynerlarni o‘rnatish maydonchalarining yuzasi asfaltlangan yoki beton qoplamali bo‘lishi lozim. Suv turib qolishiga va konteynerlarning sirpanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida maydoncha qoplamasining qiyaligi o‘tish yo‘li qismi tarafga 5 — 10 foizni tashkil etgan holda va maxsus avtotransport vositasining kirishiga qulay tarzda o‘rnatiladi.
19. Chiqindi to‘plash shoxobchalari hududida quyidagi ma’lumotlar joylashtiriladi:
chiqindi to‘plash shoxobchasining nomi yoki raqami;
chiqindi to‘plash shoxobchasidan foydalanuvchi tashkilotning nomi va aloqa bog‘lash ma’lumotlari, shu jumladan dispetcherlik xizmatining telefon raqami;
hududiy ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining ishonch telefon raqami, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali.
5-bob. Chiqindi to‘plash shoxobchalarini konteynerlar bilan ta’minlash
20. Chiqindi to‘plash shoxobchalari qattiq maishiy chiqindilarni alohida to‘plash uchun mazkur qoidalarning 42-bandiga muvofiq, ajratib turuvchi ranglar va maxsus belgilar hamda yozuvlar bilan markalangan konteynerlar bilan ta’minlanishi lozim.
Konteynerlarni chiqindi tashish mashinalariga bo‘shatish uchun ular (xavfli maishiy chiqindilar uchun maxsus konteynerlar bundan mustasno) to‘rtta g‘ildirakchalar bilan jihozlangan va mustahkam old devoriga, shuningdek, maxsus avtotransport vositasining manipulyatori bilan ishlashi uchun moslamaga ega bo‘lishi lozim.
21. Konteynerlarga mexanik mustahkamligini ta’minlovchi usul bilan (konteynerning inventar raqami va balansda saqlovchining nomi to‘g‘risida) ma’lumotlar qayd etiladi.
22. Konteynerlar xizmat ko‘rsatish (foydalanish) muddatining tugashi, shuningdek, haqiqiy texnik holatiga (mexanik va boshqa shikastlarga) ko‘ra yangisiga yoki sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga javob beruvchi, shikastlanmaganlariga (ta’mirlanganlariga) almashtirilishi lozim.
Konteynerlar kirish yo‘lagi bilan teng darajada joylashishi lozim.
6-bob. Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish
23. Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni joylashtirish va saqlash mazkur qoidalar, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik talablarga muvofiq hamda chiqindilardan oqilona foydalanishni ta’minlovchi usullarda yoki ularni boshqa shaxslarga topshirish orqali amalga oshiriladi.
24. Jismoniy shaxslar:
ko‘p kvartirali uylarda — qattiq maishiy chiqindilarni chiqindi to‘plash shoxobchalariga joylashtirishda konteynerlarga tashlaydilar;
yakka tartibdagi turar joy sektorida — qattiq maishiy chiqindilarni maxsus avtotransport vositasi “signal” usulida, jadval bo‘yicha kelguniga qadar o‘z hududlarida saqlaydilar va maxsus avtotransport vositasiga joylashtiradilar.
Bunda, maxsus chiqindi qoplari (paketlar) yoki g‘ildirakli va zich yopiladigan qopqoqli konteynerlardan (40 — 120 l) foydalanilishi mumkin.
25. Ixtisoslashgan tashkilotning xizmat ko‘rsatish hududida joylashgan yuridik shaxslar maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan shartnoma tuzadilar va egallab turgan yer uchastkasida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash uchun g‘ildirakli va zich yopiladigan qopqoqli hamda maxsus avtotransport vositasining manipulyatori bilan ishlashi uchun moslamaga ega bo‘lgan konteynerlarni o‘rnatgan holda, qattiq maishiy chiqindilarni vaqtinchalik to‘plash va saqlash joylarini tashkillashtiradilar (agar ijara shartnomalarida boshqalar nazarda tutilmagan bo‘lsa).
Oldingi tahrirga qarang.
Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlari hududida qattiq maishiy chiqindilarni vaqtinchalik to‘plash va saqlash joylari binolar fasadining transport va piyoda tranzit kommunikatsiyasi ko‘rinmaydigan zonasida (imkon qadar) tashkil etiladi va bunda chiqindi tashish maxsus avtotransport vositalarining mazkur obyektlarga shikast yetkazmaslik choralari ko‘riladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdgai 370-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/370/0597-son)
Agar yer uchastkasida (ko‘chmas mulkda) o‘z maishiy va xo‘jalik faoliyatini yer uchastkasining (ko‘chmas mulkning) mulkdori bilan ijara shartnomasi yoki boshqa kelishuv asosida amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs o‘z kuchi bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketilishini tashkillashtirmagan taqdirda, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketilishini tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlar yer uchastkasining (ko‘chmas mulkning) mulkdori zimmasiga yuklanadi.
Hovlilarning ichki hududidagi konteynerlarni o‘rnatish maydonchasi maxsus avtotransport vositasining kirish yo‘llariga yaqin joylashishi lozim.
26. Jismoniy va yuridik shaxslar uchun quyidagilar taqiqlanadi:
qattiq maishiy chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarga va obyektlarga (ko‘chalarga, hovlilarga, suv yo‘llariga, ariq va qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, joylashtirish va ko‘mish uchun mo‘ljallanmagan boshqa joylarga) tashlash hamda joylashtirish;
suyuq maishiy chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarga va obyektlarga (uylar hududidan tashqariga, sug‘orish tizimi kollektorlariga, suv yo‘llariga, ariqlarga, yomg‘ir suvlarining kanalizatsiya tizimiga, ochiq, gorizontal va vertikal yopiq drenajlarga hamda ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan boshqa joylarga) oqizish;
qattiq maishiy chiqindilarni avtotransport vositalaridan ularning to‘xtashi, to‘xtab turishi yoki harakatlanishi vaqtida ruxsat etilmagan joylarga va obyektlarga tashlash;
qattiq maishiy chiqindilarni ularni joylashtirish obyektlarida (yer o‘ralar, idishlar va h.k.), tashkilot hududi, dalalar va aholi yashash punktlarida maxsus texnik qurilmalarsiz yoqish;
barglarni yoqish;
ko‘p kvartirali uyning umumiy foydalaniladigan joylarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va saqlash joylarini tashkillashtirish;
yirik gabaritli maishiy chiqindilar va qurilish chiqindilarini chiqindi to‘plash shoxobchalariga tashlash va joylashtirish;
qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni tashish uchun mo‘ljallanmagan (hujjatda nazarda tutilmagan) transport vositalarida (yirik gabaritli maishiy chiqindilar va qurilish chiqindilari, shuningdek, daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil bo‘ladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari va boshqalar) bundan mustasno), shuningdek, maishiy chiqindilarni tashish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxslar hamrohligida tashish.
7-bob. Yirik gabaritli maishiy chiqindilar
27. Yirik gabaritli maishiy chiqindilar 8 — 10 m2dan kam bo‘lmagan maydonli, sun’iy suv o‘tkazmaydigan qoplama va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlari bilan jihozlangan, maxsus ajratilgan maydonchalarda to‘planishi lozim.
28. Yirik gabaritli maishiy chiqindilarni to‘plash uchun maydonchalar:
ko‘p kvartirali turar joy sektorida — qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalariga bevosita yaqinlikda;
yakka tartibdagi turar joy sektorida — maydonchaning 100 — 200 metr radiusdagi samarali qamrovi hisobi bilan eng yaqin turar joy va (yoki) odamlarning doimiy bo‘lish joyi obyektlarigacha 20 metrdan yaqin bo‘lmagan masofada ajratiladi.
Yirik gabaritli maishiy chiqindilarni to‘plash uchun maydonchalarning muqobil varianti bo‘lib, multilift tizimi bilan jihozlangan maxsus avtotransport vositalari yordamida tashiladigan, 3 — 6 m3 hajmli konteynerlarni (almashadigan kuzovlarni) o‘rnatish hisoblanadi.
29. Yirik gabaritli maishiy chiqindilarni ularning hosil bo‘lish joyidan olib chiqib ketish ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomasi asosida, alohida to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin.
8-bob. Qurilish chiqindilari
30. Qurilish, montaj, ta’mirlash, shuningdek, bino va inshootlarni buzish ishlarini amalga oshiruvchi shaxslar mazkur obyektlarda hosil bo‘luvchi qurilish chiqindilarining zich to‘planishini ta’minlashi lozim.
Aholidan hosil bo‘luvchi qurilish chiqindilari yirik gabaritli maishiy chiqindilarni to‘plash maydonchalariga yig‘iladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish yoki buzish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ular tomonidan hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jarayonlari tartibini belgilaydigan texnik va texnologik hujjatlarga shuningdek, atrof muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi bayonot loyiha hujjatlari bo‘yicha va davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga ega bo‘lishi lozim.
(30-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-yanvardagi 40-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.01.2021-y., 09/21/40/0070-son — 2021-yil 29-apreldan kuchga kiradi)
Chiqindilarni qurilish maydonchalaridan olib chiqib ketish va bunda tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilish mas’uliyati, agar buyurtmachi bilan shartnomada boshqa shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, ishlarni bajarishda pudratchi bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs zimmasiga yuklanadi.
31. Faoliyati natijasida qurilish chiqindilari hosil bo‘ladigan tashkilotlar qurilish chiqindilarini maksimal utilizatsiya qilish, sotish yoki chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga topshirish uchun kompleks choralarni amalga oshirishi, shuningdek, utilizatsiya qilinmaydigan qurilish chiqindilarini ekologik xavfsiz ko‘milishini ta’minlashi lozim.
32. Qurilish chiqindilarini ularning hosil bo‘lish joyidan olib chiqib ketish, ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomasi asosida, alohida to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin.
9-bob. Avtotransport chiqindilari
33. Jismoniy va yuridik shaxslar (avtoturargohlar egalari, yonilg‘i quyish shoxobchalari, avtotransport, mexanizmlar va boshqa texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ustaxonalari) barcha hosil bo‘luvchi avtotransport chiqindilarini to‘plash, olib chiqib ketish, qayta ishlash va zararsizlantirilishini ta’minlashi shart.
34. Barcha turdagi transport, mashina va mexanizmlarning chiqindilari qismlarga bo‘linishi va turi bo‘yicha alohida to‘planishi lozim, jumladan:
ishlatilib bo‘lingan moylar mazkur chiqindilarni to‘plash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga topshiriladi;
akkumulyatorlarning elektrolitlari maxsus idishlarga to‘kiladi va mazkur chiqindilarni to‘plash, utilizatsiya qilish hamda qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga zararsizlantirish uchun topshiriladi;
elektroliti to‘kilgan kislotali akkumulyator batareyalari ikkilamchi xom ashyo va rangli metallarni qabul qiluvchi punktlarda to‘planadi;
avtomobil pokrishkalari mazkur chiqindilarni to‘plash, utilizatsiya qilish hamda qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga qayta ishlash uchun topshiriladi;
ikkilamchi moddiy resurs hisoblangan boshqa chiqindilar (plastmassa, metall va h.k.) qabul qilish punktlariga topshiriladi.
10-bob. O‘simliklardan hosil bo‘ladigan chiqindilarni tozalashda, shuningdek, daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil bo‘ladigan chiqindilar
35. Xazonlar to‘kilishi davrida to‘kilgan barglarni har kuni yig‘ishtirish zarur.
To‘plangan barglar maxsus ajratilgan joylar yoki kompostyorlash maydonlariga olib chiqiladi. To‘plangan barglarni olib chiqib ketish mazkur qoidalarning 5-bandiga muvofiq, hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yoki shartnoma asosida (alohida buyurtma bo‘yicha) ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Kompostyorlash jarayoni filtratsiyaga qarshi asosga, drenaj suvlarini to‘plash va oqizish tizimiga ega bo‘lgan, maxsus tayyorlangan maydonchada amalga oshiriladi. Chiqindilar uyum qilib joylashtiriladi.
36. Hududlarning daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil bo‘ladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) bilan bir sutkadan ortiq ifloslantirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
11-bob. Suyuq maishiy chiqindilar
37. Markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lmagan uylarda suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash uchun belgilangan tartibda oqova yig‘iluvchi, germetik rezervuarli chiqindi to‘kiladigan o‘ralar o‘rnatiladi.
Chiqindi to‘kiladigan o‘ra maxsus avtotransport vositasining (assenizatsiya avtomobilining) erkin harakatlanishi hisobga olingan holda joylashishi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
38. Suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish maxsus avtotransport vositasiga (assenizatsiya avtomobiliga) ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida yoki alohida buyurtma bo‘yicha amalga oshiriladi.
39. Chiqindi to‘kiladigan o‘ralarni tozalash davriyligi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Suyuq maishiy chiqindilar quyiladigan stansiyalar, assenizatsiya dalalari yoki suyuq maishiy chiqindilarni qabul qilish bo‘yicha maxsus obyektlarga olib chiqib ketiladi.
12-bob. Xavfli maishiy chiqindilar
40. Chiqindi to‘plash shoxobchalarida xavfli maishiy chiqindilarni to‘plash uchun maxsus konteynerlar (xavfli maishiy chiqindilarni saqlash, yuklash-tushirish ishlari va tashishda ularning butligini ta’minlaydigan to‘plovchi idishlar) o‘rnatiladi.
41. Yig‘ilgan xavfli chiqindilar mazkur chiqindilarni yig‘ish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga topshiriladi.
13-bob. Qattiq maishiy chiqindilarni alohida to‘plash va olib chiqib ketish
42. Chiqindi to‘plash shoxobchalarida alohida to‘plashni tashkillashtirish maqsadida majburiy tarzda quyidagilar uchun to‘rt turdagi konteynerlar o‘rnatiladi:
qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar (ikkilamchi moddiy resurslar aralashmasidan iborat chiqindilar) uchun — ko‘k rang;
organik qattiq maishiy chiqindilar (oziq-ovqat va boshqa biologik chiriydigan chiqindilar) uchun — jigarrang;
qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar (boshqa maishiy chiqindilar) uchun — kulrang;
xavfli maishiy chiqindilar uchun — to‘q sariq rang;
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘liq saralab yig‘ish uchun ajratib turuvchi rangli va (yoki) maxsus belgilar hamda yozuvlar bilan markalangan qo‘shimcha konteynerlar (plastmassa chiqindilari — sariq, shisha va shisha siniqlari — oq, qog‘oz chiqindilari — havo rang) o‘rnatilishi mumkin.
Bunda, qayta ishlanadigan va xavfli maishiy chiqindilar keyinchalik chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga shartnoma asosida sotish va (yoki) berish uchun saralashga yuboriladi.
43. Alohida to‘plangan va saralangan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun chiqindi tashish mashinalaridan foydalangan holda, olib chiqib ketishning bir nechta jadvallarini tashkillashtirish orqali yoki qattiq maishiy chiqindilarning turli fraksiyalari uchun alohida kameralar o‘rnatilgan bunkerli maxsus avtotransport vositalaridan foydalanilishi mumkin.
14-bob. Maishiy chiqindilarni tashishga qo‘yiladigan asosiy talablar
44. Maishiy chiqindilarni tashish ularni tashilishida tushirib qoldirish, avariya holatini paydo qilish, insonlar salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazish ehtimollarini istisno qiluvchi usullar bilan amalga oshiriladi.
Qattiq maishiy chiqindilarni tashish maxsus avtotransport vositalarida (chiqindi tashish mashinalari va boshqa maxsus mashinalarda) amalga oshiriladi (yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilari, shuningdek, daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan chiqindilar bundan mustasno).
Oldingi tahrirga qarang.
Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlariga shikast yetkazilishining oldini olish maqsadida ular joylashgan hududlarga besh tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli chiqindi tashish maxsus avtotransport vositalari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdgai 370-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/370/0597-son)
Maishiy chiqindilarni maxsus avtotransport vositasining kuzovidan tashqarida tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maishiy va boshqa chiqindilar tashib ketiladigan maxsus transport vositalarini boshqarishga maxsus tayyorgarlik, instruktaj va tibbiy ko‘rikdan o‘tgan haydovchilar qo‘yiladi.
45. Maishiy chiqindilarni tashish ularni tashish uchun harakat yo‘nalishi ko‘rsatilgan holda, belgilangan tartibda to‘ldirilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
15-bob. Qattiq maishiy chiqindilarni ko‘mishga qo‘yiladigan asosiy talablar
46. Qattiq maishiy chiqindilar poligonlar, chiqindilarni qayta ishlash va yoqish zavodlari, kompostyorlash maydonlariga olib chiqib ketiladi.
Qattiq maishiy chiqindilarni ko‘mish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qoidalarning 15-bobi.
47. Qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilarni poligonlarga ko‘mish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
151-bob. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish shoxobchalarini tashkil etish va ulardan foydalanish, shuningdek, ikkilamchi xom ashyoni tayyorlashga doir asosiy talablar
1-§. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish shoxobchalarini tashkil etish va ulardan foydalanish
471. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish shoxobchalarini (keyingi o‘rinlarda — qabul qilish shoxobchalari) tashkil etish alohida qurilgan binolarda yoki noturar joy binolarining alohida xonalarida, shuningdek, ko‘chma (mobil) vositalarda amalga oshirilishi mumkin.
Alohida quriladigan binolardagi qabul qilish shoxobchalarini joylashtirish aholi punktlarining bosh rejalariga va boshqa shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarining roziligi olinishi zarur.
Aholi gavjumroq joylarda hududlardan foydalanish intensivligiga bog‘liq ravishda, shuningdek, chiqindi to‘plash shoxobchalarida ikkilamchi xom ashyoni to‘plash va tayyorlash uchun vaqtinchalik inshootlar tashkil etilishi mumkin.
Noturar joy binolarida joylashtiriladigan qabul qilish shoxobchalari ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish va olib chiqib ketish uchun alohida kirish/chiqish yo‘li mavjud bo‘lgan zarur xonalarga ega bo‘lishi lozim.
Qabul qilish shoxobchalarining bevosita turar joy binolarida tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
472. Qabul qilish shoxobchasi faoliyatini tashkil etish uchun ikkilamchi xom ashyoni tayyorlovchilar atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga (ekologik normativlarga) va davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga ega bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
473. Alohida qurilgan binolarda joylashgan qabul qilish shoxobchalarining oraliq masofasi turar joy va ma’muriy binolardan 20 metrdan kam bo‘lmagan va davolash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda o‘quv muassasalari, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish hamda umumiy ovqatlanish obyektlari, shuningdek, dam olish joylaridan 50 metrdan kam bo‘lmagan masofani tashkil etishi hamda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining qo‘riqlanadigan tegralari chegaralaridan tashqarida joylashishi lozim.
(473-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 370-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/370/0597-son)
Ikkilamchi xom ashyoni saqlash omborxonalari va maydonchalari davolash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda o‘quv muassasalaridan, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish hamda umumiy ovqatlanish obyektlari, shuningdek, dam olish joylaridan 50 metrdan kam bo‘lmagan uzoqlikda bo‘lishi kerak.
474. Alohida qurilgan binolarda joylashgan qabul qilish shoxobchalari quyidagilarga ega bo‘lishi zarur:
obodonlashtirilgan kirish yo‘llari;
ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish uchun alohida xona va (yoki) maydoncha;
har xil turdagi ikkilamchi xom ashyoni vaqtinchalik saqlash uchun alohida-alohida bo‘lingan omborxonalar va (yoki) maydonchalar;
toza va ishlatilgan (ishchi) kiyimlarni saqlash uchun shkaf va dezinfeksiya vositalari;
tabiiy va sun’iy (shu jumladan, tungi tashqi) yoritqichlar;
ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiyaga oqim tizimi, sanuzel, shuningdek, yomg‘ir suvlarini oqizish kanalizatsiyasi.
Markazlashtirilgan ichimlik suv ta’minoti tarmog‘i mavjud bo‘lmaganda, xodimlar qo‘l yuvishi uchun qo‘lyuvgichlardan foydalaniladi. Markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘i mavjud bo‘lmaganda o‘ralar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yiladi.
475. Barcha turdagi qabul qilish shoxobchalarida:
polning yuzasi oson tozalanadigan va dezinfeksiya qilinadigan qoplamaga ega bo‘lishi;
devorlar oson yuviladigan materiallar bilan qoplangan bo‘lishi;
xona shamollatiladigan bo‘lishi;
konteynerlarni o‘rnatish maydonchalarining yuzasi asfaltlangan yoki beton qoplamali bo‘lishi kerak.
Suv turib qolishiga va konteynerlarning sirpanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida maydoncha qoplamasining qiyaligi o‘tish yo‘li qismi tarafga 5 — 10 foizni tashkil etgan holda va transport vositasining kirishiga qulay tarzda o‘rnatiladi.
476. Barcha turdagi qabul qilish shoxobchalari (shu jumladan, omborxonalar va maydonchalar) yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishi va toza tutilishi kerak.
Xonalar har kuni namlantirib tozalanishi va kamida bir haftada bir marta — dezinfeksiya, zarur hollarda — dezinseksiya va deratizatsiya qilinishi lozim.
Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish va saqlash konteynerlari va boshqa idishlar vaqti-vaqti bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilib turilishi kerak (kamida har uch oyda bir marta).
Bunda dezinfeksiya vositalarini ularni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarga muvofiq ishlatish, ishlab chiqaruvchining asl qadoqlash idishida, alohida ajratilgan joylarda saqlash zarur.
Qabul qilish shoxobchasiga tutash hudud (5 m radiusda) har kuni tozalanishi va ozoda saqlanishi kerak.
477. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan konteynerlar va boshqa idishlar xizmat ko‘rsatish (foydalanish) muddatining tugashi, shuningdek, haqiqiy texnik holatiga (mexanik va boshqa shikastlanishlarga) ko‘ra yangisiga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar (sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari) talablariga javob beruvchi, shikastlanmaganlariga (ta’mirlanganlariga) almashtirilishi lozim.
478. Turg‘un qabul qilish shoxobchalarida ko‘rinadigan joyga quyidagi ma’lumotlar osib qo‘yilishi (joylashtirilishi) kerak:
tashkilotning nomi va aloqa bog‘lash ma’lumotlari (shu jumladan, telefon raqami);
ish vaqti (ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish);
qabul qilinadigan ikkilamchi xom ashyo turlari va narxlari.
2-§. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlash va tashish
479. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlash:
qabul qilish shoxobchalari orqali ikkilamchi xom ashyoni sotib olish yoki bepul qabul qilish;
ikkilamchi xom ashyo doimiy ravishda hosil bo‘ladigan obyektlarni konteyner, chiqindi qutisi, yashik va boshqa maxsus vositalar bilan ta’minlash;
qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari va poligonlarida ikkilamchi xom ashyoni saralash yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan tartibda biriktirib berilgan hududlarda ikkilamchi xom ashyoni (metall parchalari va chiqindilarini sotib olishdan tashqari) qabul qilish shoxobchalari orqali tayyorlash mazkur klasterlar tomonidan amalga oshiriladi (mazkur hududda qayta ishlovchi tashkilotlarning ikkilamchi xom ashyoni o‘zlariga tegishli shoxobchalar orqali sotib olishi yoki qabul qilishi bundan mustasno).
4710. Qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari va poligonlarida ikkilamchi xom ashyoni tayyorlash faqat saralash uskunalaridan foydalanish orqali va barcha texnika xavfsizligi talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
4711. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlash jarayonida fuqarolar salomatligiga va atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan zamonaviy texnologiya va usullar qo‘llanilishi kerak.
4712. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlashda og‘ir mehnat talab qilinadigan texnologik jarayonlar mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lishi lozim.
4713. Ikkilamchi xom ashyoni vaqtincha saqlash omborxonalarda va (yoki) maxsus ajratilgan maydonchalarda amalga oshiriladi.
4714. Tayyorlangan makulatura, gazlama va polimer materiallar xom ashyosi ularni vaqtincha saqlash joylarida turlari bo‘yicha alohida presslangan holda saqlanishi kerak.
Isitiladigan omborlarda (xonalarda) saqlanganda ikkilamchi xom ashyo isitish moslamasidan 1 metrdan yaqin bo‘lmagan masofada joylashtiriladi. Bunda isitish moslamalarining oldi to‘silgan bo‘lishi zarur.
4715. Quyidagilar taqiqlanadi:
a) davolash-profilaktika (infeksiya, teri-tanosil, onkologik, sil) muassasalarida va bo‘linmalarida (patalogo-anatomik, yiringli jarrohlik va boshqalar), veterinariya muassasalarida, shuningdek, zaharli moddalar ishlab chiqaruvchi va (yoki) ulardan foydalanuvchi tashkilotlarda ikkilamchi xom ashyoni tayyorlash;
b) qabul qilish shoxobchasida tibbiyot chiqindilari xom ashyosini tayyorlash;
v) maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish jarayonida, shuningdek, maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalari va saralash punktlaridan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xom ashyoni ixtisoslashgan tashkilotning roziligisiz ajratib olish va o‘zlashtirish;
g) ikkilamchi xom ashyo vaqtincha yig‘iladigan va saqlanadigan joylar yaqinida (5 metrdan kam bo‘lmagan radiusda) ochiq olovdan foydalanish va payvandlash ishlarini olib borish;
d) ikkilamchi xom ashyoni utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlashni ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan uskuna va jihozlarda o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish;
e) ikkilamchi xom ashyoni yo‘lovchi va oziq-ovqat tashishga mo‘ljallangan transport vositalari, shuningdek, hayvonlarga qo‘shib tortiladigan, dvigatel bilan jihozlanmagan qurilmalarda tashish;
j) ikkilamchi xom ashyoni tashishda uni transport vositasining kuzovidan tashqarisiga joylashtirish.
4716. Ikkilamchi xom ashyoni tashish faoliyati avariya holatini yuzaga keltirish, fuqarolar salomatligi va atrof muhitga zarar yetkazish ehtimollarini istisno qiluvchi usullar bilan, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Ikkilamchi xom ashyoni ochiq kuzovli transport vositalarida tashishda ularning usti brezent yoki boshqa materiallar bilan yopib qo‘yilishi shart.
4717. Ikkilamchi xom ashyoni tashishga mo‘ljallangan transport vositasi quyidagi talablarga javob berishi lozim:
haydovchi kabinasi yuk platformasidan muqim o‘rnatilgan to‘siq bilan ajratilgan bo‘lishi;
kuzov tubining yuzasi va devorlari germetik, bortlardan biri esa ochiladigan bo‘lishi;
transport vositasining barcha qismlari tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay bo‘lishi;
kuzovning ichki qismi yuvish va dezinfeksiya vositalari ta’siriga chidamli materiallar bilan qoplangan bo‘lishi;
kuzov tashqi qismining uch tomonida “Ikkilamchi xom ashyo” yozuvi bo‘lishi.
3-§. Topshiriladigan ikkilamchi xom ashyo uchun o‘zaro hisob-kitob qilish va naqd pul mablag‘larini sarflash
4718. Ikkilamchi xom ashyoni topshiruvchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblar haqiqatda topshirilgan ikkilamchi xom ashyo miqdori uchun:
yuridik shaxslar bilan — naqdsiz shaklda;
Oldingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslar bilan — naqd shaklda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq to‘lovning boshqa usullarida amalga oshiriladi.
(4718-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4719. Qabul qilinayotgan ikkilamchi xom ashyo uchun o‘zaro hisob-kitob qilinishida ikkilamchi xom ashyoni topshirishni rag‘batlantiruvchi, tayyorlovchilar tomonidan belgilanadigan erkin (kelishilgan) narxlar qo‘llaniladi.
4720. Qabul qilish shoxobchalarida ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish uchun tarozi va boshqa zarur o‘lchov asboblar bo‘lishi shart.
4721. Tayyorlanadigan ikkilamchi xom ashyo uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishda zarur bo‘ladigan naqd pul mablag‘larini olish maqsadida ikkilamchi xom ashyoni tayyorlovchilar xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga hisoblangan hajmlarda ikkilamchi xom ashyo qabul qilishni (sotib olishni) ta’minlaydigan summaga pul chekini topshiradilar.
4722. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlovchilar qaramog‘idagi qabul qilish shoxobchalariga naqd pul mablag‘larini ajratishni xarajat kassa orderi yoki tashkilot rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan to‘lov qaydnomasi bo‘yicha amalga oshiradilar.
4723. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlovchilarning tarkibiy bo‘linmalari hisoblangan qabul qilish shoxobchalari har oyda ularga naqd pul mablag‘lariga talab va xarajatlar to‘g‘risida hisobot taqdim etadilar.
4724. Naqd pul mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tayyorlangan ikkilamchi xom ashyoni sotish qonunchilikda belgilangan tartibda, savdo qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
4725. Pul mablag‘larining tushishi, ularni qabul qilish shoxobchalariga tarqatish, naqd pul mablag‘larining saqlanishi, naqd pul mablag‘lari va ikkilamchi xom ashyo harakati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha operatsiyalar bo‘yicha birlamchi hujjatlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida rasmiylashtirish uchun javobgarlik tashkilot rahbari va bosh buxgalteriga yuklanadi.
4-§. Tayyorlanayotgan ikkilamchi xom ashyoni hisobga olish
4726. Ikkilamchi xom ashyoni tayyorlovchi tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan ikkilamchi xom ashyo harakatining hisobi va nazoratini yuritish bo‘yicha mas’ul shaxs tayinlanadi.
4727. Yuridik shaxslardan ikkilamchi xom ashyoni qabul qilishda uch nusxada qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuziladi, uning bir nusxasi keyinchalik hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish uchun ikkilamchi xom ashyoni topshiruvchiga beriladi.
Ikkilamchi xom ashyoning miqdori (og‘irligi) va tavsifi ikkilamchi xom ashyoni tayyorlovchi tomonidan haqiqatda qabul qilish holati bo‘yicha tuziladigan qabul qilish-topshirish dalolatnomalarida qayd qilinadi.
4728. Qabul qilish-topshirish dalolatnomasining qat’iy hisoboti yuritiladi va u har bir varag‘i belgilangan tartibda raqamlangan va tikilgan qabul qilish-topshirish dalolatnomalarini hisobga olish daftarida qayd etiladi.
5-§. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish (to‘plash) va tayyorlashda xodimlarning shaxsiy gigiyenasi va xavfsizligini ta’minlash
4729. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish (to‘plash), saralash, saqlash va tashish bilan shug‘ullanadigan, shuningdek, transport vositalari va konteynerlarga sanitar ishlov berish ishlarini amalga oshiruvchi xodim dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi (bir yilda kamida bir marta) va qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘p uchraydigan hamda o‘ta xavfli infeksiyali kasalliklarga (sil, gepatit, o‘lat, vabo va boshqalar) qarshi profilaktik immunizatsiya (vaksinatsiya) qilinishi lozim.
4730. Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish (to‘plash), saralash, saqlash va tashishga qo‘yilgan xodim tegishli maxsus kiyim va shaxsiy gigiyena hamda himoya vositalari (niqob yoki respirator, qo‘lqop, himoya kombinezoni, yuvish vositalari va boshqalar), shuningdek, birinchi tibbiy yordam vositalari bilan birga dori qutisi bilan ta’minlanishi kerak.
Maxsus kiyim qulay va ishlovchilarni chang hamda boshqa ifloslanishlardan himoya qilishi, oson tozalanadigan va dezinfeksiya qilinadigan bo‘lishi lozim.
4731. Sanitariya-epidemiologik jihatidan xavf tug‘diruvchi ikkilamchi xom ashyo tezkor izolyatsiya qilinishi va zararsizlantirilishi kerak.
(151-bob O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
16-bob. Hududlarni yil mavsumlari bo‘yicha tozalash
48. Hududlarni bahor-yozgi tozalash ishlari har yili mart-avgust davrida amalga oshiriladi va quyidagilardan iborat bo‘ladi:
ko‘cha — yo‘llar tarmog‘ining qatnov qismini, yo‘lkalar va maydonlarni supurish va yuvish (suv sepish);
ko‘p kvartirali uylar atrofidagi barcha hududlarni kunlik (yakshanbadan tashqari) sanitariya jihatidan tozalash, yo‘lkalarni, kirish yo‘llari zinalarini supurish;
hududlarni qattiq maishiy chiqindilar bilan ifloslanishdan tozalash;
chiqindi to‘plash shoxobchalarini tozalash, chiqindi qutilarini tozalash va yuvish.
49. Hududlarni kuz-qishki tozalash ishlari sentabrdan fevral oyigacha amalga oshiriladi va quyidagilardan iborat bo‘ladi:
barglarni supurish va to‘plash, ariqlarni tozalash;
ko‘cha — yo‘llar tarmog‘ining qatnov qismini, yo‘lkalar va maydonlarni supurish;
qattiq qoplamalarga muzga qarshi materiallar bilan ishlov berish;
qorlarni supurish va surish, sirpanchiqlarni bartaraf etish, ko‘cha — yo‘llar tarmog‘ining qatnov qismi, yo‘lkalar, maydonlarda hosil bo‘lgan qor va qor-muzliklarni yo‘q qilish;
ko‘p kvartirali uylar atrofidagi barcha hududlarni kunlik (yakshanbadan tashqari) sanitariya jihatidan tozalash, yo‘lkalarni, kirish yo‘llari zinalarini supurish;
hududlarni qattiq maishiy chiqindilar bilan ifloslanishdan tozalash;
chiqindi to‘plash shoxobchalarini tozalash, chiqindi qutilarini tozalash va yuvish.
50. Uy atrofidagi hududlarni mexanizatsiya vositasida tozalash ishlari kunduzi amalga oshirilishi lozim.
Tozalash mashinalari yordamida tozalashning imkoni bo‘lmagan joylar, ushbu mashinalar ish boshlashidan avval qo‘l yordamida tozalanishi lozim. Yo‘lkalar va uy atrofidagi hududlarning o‘tish yo‘llaridagi qor qo‘l yordamida tozalanganda kurak bilan to‘liq olib tashlanishi lozim.
17-bob. Mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
51. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslari (keyingi o‘rinlarda mansabdor shaxslar deb ataladi) mazkur Qoidalarga rioya qilinishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshiradilar.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-oktabrdagi 648-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2025-y., 09/25/648/0943-son)
Oldingi tahrirga qarang.
52. Mazkur qoidalarning 3, 4 va 5-boblari shuningdek, 151-bobning 2-paragrafi talablarini buzish hollari aniqlanganda, mansabdor shaxslar quyidagi ta’sir ko‘rsatish choralarini ko‘radilar:
(52-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
Oldingi tahrirga qarang.
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishining monitoringi yoki davlat ekologik nazorati natijalari bo‘yicha, dalolatnoma (ma’lumotnoma) rasmiylashtirgan holda, jismoniy va yuridik shaxslarga mazkur qoidalarning 3, 4 va 5-boblari shuningdek, 151-bobning 2-paragrafi talablarining buzilishi bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar beradi;
(52-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
qonun buzilishlarining jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bartaraf etilishi yuzasidan avvalgi monitoring yoki davlat ekologik nazorati natijalariga ko‘ra faqatgina dalolatnomada (ma’lumotnomada) ko‘rsatilgan faktlar bo‘yicha va muddatlarda yoki jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatiga ko‘ra — belgilangan muddatdan oldin, nazorat qiluvchi organ buyrug‘iga asosan bir ish kuni davomida nazoratni amalga oshiradilar;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan mansabdor shaxslarning majburiy ko‘rsatmalari bajarilmagan hollarda, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortish choralarini ko‘radilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91 –– 913-moddalari.
Mazkur bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan funksiyalar nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organlar bilan qo‘shimcha kelishuvsiz amalga oshirilib, ular bir ish kuni davomida xabardor qilinadi.
53. Maishiy chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarga joylashtirgan shaxslarni aniqlashning imkoni bo‘lmagan taqdirda, mansabdor shaxslar, mazkur qoidalarning 5-bandiga muvofiq hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘lari hisobiga ruxsat etilmagan va tartibsiz chiqindixonalarni bartaraf etish yoki hududlarni tozalash, shuningdek, chiqindixona hududini qayta tiklash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berish (ikki ish kunidan to‘rt ish kunigacha bo‘lgan muddat belgilagan holda) huquqiga egalar.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy ko‘rsatmalar mas’ul shaxslar tomonidan belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, mansabdor shaxslar “Toza hudud” va “Maxsustrans” davlat unitar korxonalarini shuningdek, xususiy ixtisoslashgan tashkilotlarni kelishuv asosida jalb etgan holda, ruxsat etilmagan va tartibsiz chiqindixonalarni bartaraf etish yoki hududlarni tozalash, shuningdek, chiqindixona hududini qayta tiklash choralarini ko‘rib, majburiy ko‘rsatmalarni bajarmagan shaxslarga sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun hisob-kitoblarni (to‘lov muddatini belgilagan holda) taqdim etadilar.
(53-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda mansabdor shaxs, majburiy ko‘rsatmani olgan shaxs (yoki uning vakili), ixtisoslashgan tashkilot, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati vakili tomonidan imzolanadigan, ruxsat etilmagan va tartibsiz chiqindixonalarni bartaraf etish yoki hududlarni tozalash, shuningdek, chiqindixona hududini qayta tiklash choralari ko‘rilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma tuziladi.
Majburiy ko‘rsatmani olgan shaxs (yoki uning vakili) dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, ushbu dalolatnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortganlik sabablarini dalolatnoma tuzilgan kunning o‘zida yozma ravishda asoslashi kerak.
Majburiy ko‘rsatmani olgan shaxs (yoki uning vakili) kelmagan taqdirda, mansabdor shaxs, ixtisoslashgan tashkilot, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati vakilining imzosi yetarli hisoblanadi;
(53-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 88-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son)
Sanitariya jihatidan tozalash bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z muddatida to‘lamaslik yoki rad etish (bosh tortish) hollarida mansabdor shaxslar sudlarga to‘lovlarni undirish bilan bog‘liq da’volar kiritadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
54. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qonunchilikda belgilangan tartibda, aholi yashash joylarini tozalash obyektlari bo‘yicha joriy sanitariya nazorati o‘rnatadi.
(54-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)
Oldingi tahrirga qarang.
55. Ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar.
(55-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
18-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
56. Mazkur qoidalar talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(56-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 53-moddasi.
Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalariga
ILOVA
Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish sxemasi
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Jarayonlar

Tashkiliy tadbirlar

1-bosqich

Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish

Jismoniy va yuridik shaxslar

Sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashgan tashkilotlar

1. Hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar, majburiy tartibda QMCHlarni to‘plash uchun chiqindi qutilarini o‘rnatadilar.

2. Yuridik shaxslar maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan ixtisoslashgan tashkilotlar bilan shartnoma tuzadilar va egallab turgan yer uchastkasida konteynerlarni o‘rnatgan xolda QMCHlarni vaqtinchalik to‘plash va saqlash joylarini tashkillashtiradilar.

3. Sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashgan tashkilotlar:

chiqindi to‘plash shoxobchalari qurishni;

chiqindi to‘plash shoxobchalarini konteynerlar bilan ta’minlashni amalga oshiradilar.

Qattiq maishiy chiqindilarni (KMCH) to‘plash uchun chiqindi qutilarini joylashtirish

Chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etish

2-bosqich

Sanitariya jihatidan tozalash ishlarini tashkil etish

Hududlarni tozalash

Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish

1. Hududlar, bino va inshootlarning tozaligini ta’minlash maqsadida jismoniy va yuridik shaxslar o‘z hududlarida tozalash ishlarini amalga oshiradilar.

2. QMCHlarni to‘plash va olib chiqib ketish ko‘p kvartirali turar joy sektorida — chiqindi to‘plash shoxobchalaridan. yakka tartibdagi turar joy sektorida esa “signal” usulida amalga oshiriladi.

3. QMCHlarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan bir kunda bir marta, “signal” usulida — uch kunda bir martani tashkil etadi.

4. QMCHlarni tashish maxsus avtotransport vositalarida xamda ularni tashilishida tushirib qoldirish, avariya holatini paydo qilish, insonlar salomatligi va atrof muhitga zarar yetkazish ehtimollarini istisno qiluvchi usullar bilan amalga oshiriladi.

Bahor-yozgi tozalash ishlari

QMCHlarni qayta ishlash korxonalari

Kuz-qishki tozalash ishlari

QMCH poligonlari

3-bosqich

Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish

Chiqindi qutilariga xizmat ko‘rsatish (tozalash. bo‘shatish)

Chiqindi to‘plash shoxobchalarini saqlash

1. Chiqindi qutilarini bo‘shatish va tozalash ularning to‘lishiga ko‘ra muntazam ravishda, lekin sutkada bir marotabadan kam bo‘lmagan holda amalga oshiriladi.

2. Chiqindi qutilarini yuvish va dezinfeksiya qilish bir oyda kamida bir marotaba amalga oshiriladi.

3. Chiqindi to‘plash shoxobchalari sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lishi lozim.

4. Konteynerlar foydalanish muddatining tugashiga ko‘ra yangisiga yoki shikastlanmaganlariga (ta’mirlanganlariga) almashtirilishi lozim.

4-bosqich

Nazoratni amalga oshirish

Monitoring yuritish

Ta’sir choralarini ko‘rish

1. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi davlat ekologik nazoratni amalga oshiradi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi aholi yashash joylarini tozalash obyektlari bo‘yicha joriy sanitariya nazorati o‘rnatadi.

3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT va fuqarolar chiqindilar bilan bog‘lik ishlarni amalga oshirish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar.

(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-oktabrdagi 648-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2025-y., 09/25/648/0943-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublika Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-avgustdagi 216-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 8-son, 80-modda) bilan tasdiqlangan Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 40-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya qilinmaganligi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-oktabrdagi 295-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 109-modda) bilan tasdiqlangan Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat hisobi va nazoratini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 13-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning amalga oshirilishi monitoringi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuzilmalar bilan kelishilmagan holda amalga oshiriladi.
Monitoring chiqindilarning amalda hosil bo‘lgan hajmlari, chiqindilarning hosil bo‘lish manbalari xatlovi materiallarida nazarda tutilgan ularni vaqtincha saqlash joylari, qayta ishlash va utillashtirish usullarining mosligini aniqlash maqsadida, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlarini ko‘zdan kechirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Chiqindilarning amalda hosil bo‘lgan hajmlari, chiqindilarning hosil bo‘lish manbalari xatlovi materiallarida nazarda tutilgan ularni vaqtincha saqlash joylari, qayta ishlash va utillashtirish usullarining nomuvofiqligi aniqlangan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslari quyidagi choralarni ko‘radilar:
yuridik shaxslarga monitoring o‘tkazish natijalari bo‘yicha dalolatnoma (ma’lumotnoma) rasmiylashtirgan holda, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar beradilar;
qonun buzilishlarining yuridik shaxslar tomonidan bartaraf etilishi yuzasidan monitoring natijalariga ko‘ra faqat dalolatnomada (ma’lumotnomada) ko‘rsatilgan faktlar bo‘yicha va muddatlarda yoki yuridik shaxsning murojaatiga ko‘ra — belgilangan muddatdan oldin, nazorat qiluvchi organ buyrug‘iga asosan bir ish kuni davomida nazoratni amalga oshiradilar (bir vaqtning o‘zida bir nechta qonun buzilishlari bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan hollarda majburiy ko‘rsatmalarning bajarilishini nazorat qilish majburiy ko‘rsatmalarning so‘nggi muddati tugaganidan so‘ng bir marta amalga oshiriladi);
yuridik shaxslar tomonidan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar bajarilmagan hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy jazo qo‘llaydilar.
Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarga xo‘jalik yurituvchi subyektga xo‘jalik va tashkiliy-boshqaruv xususiyatiga ega bo‘lgan topshiriq berish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi.
Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar o‘z faoliyatining qonuniyligi, xolisligi, uning qonun hujjatlariga muvofiq to‘g‘ri tashkil qilinishi va amalga oshirilishi uchun javob beradilar”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2018-y., 09/18/787/1989-son; 15.01.2019-y., 09/19/29/2475-son; 07.02.2019-y., 09/19/95/2583-son, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son; 28.01.2021-y., 09/21/40/0070-son, 22.02.2021-y., 09/21/88/0135-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son; 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 14.08.2023-y., 09/23/370/0597-son; 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son; 17.10.2025-y., 09/25/648/0943-son)