O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlari akkreditatsiya kartochkasining shaklini tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 15-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3055]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a’zolarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlari akkreditatsiya kartochkasining shakli ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 4-iyundagi 179-mh-son “Akkreditatsiya kartochkasining shaklini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2681, 2015-yil 4-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 22-son, 299-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin hamda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
4. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilinishini ta’minlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-avgust,
418-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 15-avgustdagi 418-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
Izoh:
akkreditatsiya kartochkasiga akkreditatsiyadan o‘tkazilgan shaxsning Nodavlat notijorat tashkilotlarining akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijiy fuqarolar bo‘lgan xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolari davlat reyestridagi tartib raqamiga muvofiq raqam beriladi;
akkreditatsiya kartochkasi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tegishli o‘rinbosari tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi;
yozuvlari o‘chirilgan, rasmi ko‘chirilgan, yirtilgan yoki boshqacha tarzda yaroqsiz holga keltirilgan akkreditatsiya kartochkalari haqiqiy hisoblanmaydi;
ushbu buyruq kuchga kirgunga qadar Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlariga, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a’zolariga berilgan akkreditatsiya kartochkalari ularning amal qilish muddati tugagungacha haqiqiy hisoblanadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2018-y., 10/18/3055/1727-son)