Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining davlat ekologik nazoratini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga va Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-avgustdagi 216-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 22-bandiga muvofiq, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlariga rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining vazifalari va funksiyalari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyul,
525-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-iyuldagi 525-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-yanvardagi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 1-son, 1-modda) bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining xizmat guvohnomasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomda:
a) 3-bandga “Tashqi ishlar vazirligi,” soʻzlaridan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 3-ilovaga izohning 1-bandiga “Tashqi ishlar vazirligi,” soʻzlaridan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi” soʻzlari qoʻshilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 108-modda) bilan tasdiqlangan Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 14-ilovaga izohdagi “(grek yongʻogʻi, pista, nok, olma, shuningdek, qaragʻay, archaning barcha turlari, sharq tuyya daraxti, eman, shumtol, zarang daraxti, qayin) uchun jismoniy shaxslarga jarima” soʻzlari “(grek yongʻogʻi, pista, nok, olma, shuningdek, qaragʻay, archaning barcha turlari, sharq tuyya daraxti, eman, chinor, shumtol, zarang daraxti, qayin) uchun jismoniy shaxslardan undirish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 29-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2019-y., 09/19/29/2475-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2018-y., 09/18/525/1493-son; 15.01.2019-y., 09/19/29/2475-son)