|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.10.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bank ustav kapitali miqdorini, aksiyadorlar tarkibini, bank nomi va manzilini oʻzgartirish, ustavga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 2-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 573-7]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3253, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5296-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1998-yil 9-noyabrda 426-son bilan tasdiqlangan Bank ustav kapitali miqdorini, aksiyadorlar tarkibini, bank nomi va manzilini oʻzgartirish, ustavga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 573, 1998-yil 19-dekabr) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-aprel,
14/20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 14-apreldagi 14/20-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bank ustav kapitali miqdorini, aksiyadorlar tarkibini, bank nomi va manzilini oʻzgartirish, ustavga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1.4-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ustavga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishi tegishli qaror qabul qilgan kundan boshlab bir oy mobaynida Markaziy bankning Kredit tashkilotlari prudensial nazorati departamentiga (keyingi oʻrinlarda — Prudensial nazorat departamenti) quyidagi hujjatlarni uch nusxada taqdim etadi:”.
2. 1.5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1.5. Taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik va mazkur Nizom talablariga mos kelgan hollarda Prudensial nazorati departamenti Bank nazorati qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun kiritadi, aks holda hujjatlar bankka qayta ishlash uchun qaytariladi.
Ustavga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni koʻrib chiqish va roʻyxatga olish 30 kun muddat ichida amalga oshiriladi.”.
3. 1.6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1.6. Qoʻmita tomonidan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin Prudensial nazorati departamenti tomonidan bank ustavining titul varagʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi, taqdim etilgan hujjatlarning bir nusxasi Markaziy bankda saqlanadigan bankning yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi.
Roʻyxatga olingan hujjatlar bir nusxadan bankning bosh ofisi joylashgan erdagi tegishli Markaziy bank Bosh boshqarmasiga va bankka bank yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyish uchun topshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bosh boshqarmalari va bank ustavining titul varagʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatga olinganligini qayd etadi.”.
4. 1.7-bandda:
birinchi xatboshidagi “1.5” raqami “1.4” raqami bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Komissiya” degan soʻz “Qoʻmita” degan soʻz bilan almashtirilsin.
5. 4.6-bandning birinchi xatboshisidagi, 5.4-bandning birinchi xatboshisidagi, 6.1-banddagi va 6.3-bandning birinchi xatboshisidagi “Litsenziyalash” degan soʻz “Prudensial nazorati” degan soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 4.7-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Prudensial nazorati departamenti taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va Qoʻmitaga bankning yangi nomini tasdiqlash, bank ustaviga bu bilan bogʻliq kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish hamda yangi nom bilan bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani qayta rasmiylashtirib berish masalasini kiritadi.”.
7. 4.8-bandda:
birinchi xatboshidagi “Litsenziyalash” degan soʻz “Prudensial nazorati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Komissiyaning” degan soʻz “Qoʻmitaning” degan soʻz bilan almashtirilsin.
8. 6.4-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6.4. Prudensial nazorati departamenti taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular mazkur Nizom talablariga mos kelsa, Bank nazorati qoʻmitasiga bank filiali toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish masalasini kiritadi.”.
9. 6.7-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6.7. Qoʻmita tomonidan bank filiali toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng Prudensial nazorati departamenti tomonidan filial toʻgʻrisidagi nizomning titul varagʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi, Qoʻmita bayonnomasi va taqdim etilgan hujjatlarning bittadan nusxasi bank filialining Markaziy bankda saqlanadigan yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi.”.
ikkinchi xatboshidagi “Komissiya” degan soʻz “Qoʻmita” degan soʻz bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2018-y., 10/18/573-7/1152-son)