Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 14-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 29-martda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 1, 3-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 314-modda, № 12, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 12, 656-modda; 2007-yil, № 4, 158, 166-moddalar, № 6, 248-modda, № 9, 416, 422-moddalar, № 12, 607-modda; 2008-yil, № 4, 187, 188, 189-moddalar, № 7, 352-modda, № 9, 485, 487, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 128-modda, № 9, 329, 334, 335, 337-moddalar, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 5, 176, 179-moddalar, № 9, 341-modda, № 12, 471, 477-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar; 2018-yil, № 1, 4-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 2301 va 2302-moddalar bilan toʻldirilsin:
“2301-modda. Dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish)
Isbotlashni amalga oshirayotgan shaxslar yoki isbotlashda ishtirok etish uchun jalb qilinayotgan shaxslar tomonidan dalillarning tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari materiallari boʻyicha dalillarni toʻplash, tekshirish va baholash chogʻida gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda hujjatlarga yoxud ashyolarga bila turib yolgʻon maʼlumotlarni kiritishda va oʻzga buzib koʻrsatishlarda namoyon boʻladigan soxtalashtirilishi (qalbakilashtirilishi), —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa;
b) shaxsni ushlab turishga, qamoqqa olishga, jinoiy javobgarlikka tortishga yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etishga, hukm qilishga yoxud oqlashga sabab boʻlsa, —
muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat toʻgʻrisidagi jinoyat ishi boʻyicha dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish), xuddi shuningdek dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, —
muayyan huquqdan mahrum etib, yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2302-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish)
Jinoyatni sodir etishga aloqasi yoʻqligi oldindan ayon boʻlgan shaxsni jinoiy taʼqib qilish maqsadida yoxud shaxsning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga zarar yetkazish maqsadida tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga vakolatli shaxslar tomonidan soxtalashtirish (qalbakilashtirish), —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmishlar axborotni nooshkora olish uchun moʻljallangan maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”;
2) 235-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“235-modda. Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash
Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash, yaʼni maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga, shuningdek gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga ulardan yoki boshqa uchinchi shaxsdan biror-bir axborot olish, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik koʻrsatuvi olish maqsadida, ularni sodir etilgan qilmish uchun oʻzboshimchalik bilan jazolash yoxud biror-bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan qoʻrqitish, urish, doʻpposlash, qiynash, azob berish yoʻli bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim oʻtkazish yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazish, —
muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) hayot va sogʻliq uchun xavfli boʻlgan zoʻrlikni qoʻllagan holda yoxud shunday zoʻrlikni qoʻllash tahdidi bilan;
b) milliy, irqiy, diniy yoki ijtimoiy kamsitish zamiriga asoslangan har qanday sabab boʻyicha;
v) bir guruh shaxslar tomonidan;
g) takroran;
d) keksa shaxsga yoki nochor ahvoldagi shaxsga, voyaga yetmagan shaxsga yoxud homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
e) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
j) hayotga va sogʻliqqa zarar yetkazishi mumkin boʻlgan ashyolar qoʻllanilib;
z) dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) maqsadida sodir etilgan boʻlsa, —
muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga ogʻir shikast yetkazilishiga yoxud boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
muayyan huquqdan mahrum etib, yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”;
3) 237 va 238-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“237-modda. Yolgʻon xabar berish
Yolgʻon xabar berish, yaʼni jinoyat toʻgʻrisida bila turib yolgʻon xabar berish —
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat:
a) ayblovning sunʼiy dalillarini vujudga keltirgan holda;
b) gʻarazgoʻylik niyatlarida;
v) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab;
g) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
238-modda. Yolgʻon guvohlik berish
Yolgʻon guvohlik berish, yaʼni surishtiruv olib borish, dastlabki tergov chogʻida yoki sudda guvohning yoki jabrlanuvchining bila turib yolgʻon koʻrsatuv berishi yoxud ekspertning bila turib yolgʻon xulosa berishi, xuddi shuningdek bir tildan ikkinchi tilga bila turib notoʻgʻri tarjima qilish —
uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Surishtiruv olib borish, dastlabki tergov yoxud ishni sudda koʻrish chogʻida yolgʻon koʻrsatuvlar berish uchun guvohni yoki jabrlanuvchini yoki yolgʻon xulosa berish uchun ekspertni yoxud notoʻgʻri tarjima qilish uchun tarjimonni pora evaziga ogʻdirib olish, xuddi shuningdek ularga yoki ularning yaqin qarindoshlariga ruhiy, psixologik, jismoniy taʼsir koʻrsatish yoki boshqacha tarzda taʼsir koʻrsatish orqali yolgʻon koʻrsatuv berishga majbur qilish —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab;
b) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda, № 6, 248, 249-moddalar, № 9, 422-modda, № 12, 594, 595, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 177, 187-moddalar, № 9, 482, 484, 487-moddalar, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 136-modda, № 9, 335-modda, № 12, 469, 470-moddalar; 2010-yil, № 6, 231-modda, № 9, 334, 336, 337, 342-moddalar, № 12, 477-modda; 2011-yil, № 4, 103, 104-moddalar, № 9, 252-modda, № 12/2, 363-modda; 2012-yil, № 1, 3-modda, № 9/2, 244-modda, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 385-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 5-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 19-modda quyidagi mazmundagi oʻninchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sudlarda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi prinsipini cheklaydigan qoʻshimcha talablarni joriy etish taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda toʻgʻridan toʻgʻri nazarda tutilgan hollar mustasno”;
2) 22-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim”;
3) 53-moddaning birinchi qismidagi “dalillar sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni” degan soʻzlar “dalillarni” degan soʻz bilan almashtirilsin;
4) 87-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan almashtirilsin:
“Himoyachi jinoyat ishi boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etishga haqli boʻlib, ular jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyilishi, shuningdek tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov oʻtkazish va jinoyat ishini sudda koʻrish jarayonida majburiy baholanishi lozim. Ushbu dalillar: ishga taalluqli axborotga ega boʻlgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish; davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga soʻrov yuborish hamda ulardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish orqali toʻplanishi mumkin”;
5) 91-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish tarzidagi, tintuv, koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti tarzidagi protsessual harakatlar videoyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etilishi shart”;
6) quyidagi mazmundagi 951-modda bilan toʻldirilsin:
“951-modda. Dalillarning maqbul emasligi
Agar faktik maʼlumotlar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yoʻli bilan yoxud ushbu Kodeks talablari buzilgan holda olingan boʻlsa, shu jumladan:
1) jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllagan holda;
2) ularni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) yoʻli bilan;
3) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyaga boʻlgan huquqlari, shuningdek tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
4) jinoyat ishi boʻyicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan bajarilishi natijasida;
5) nomaʼlum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin boʻlmagan manbadan;
6) jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan oʻz tasdigʻini topmagan koʻrsatuvlaridan olingan boʻlsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.
Faktik maʼlumotlardan dalil sifatida foydalanishning maqbul emasligi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning oʻz tashabbusi bilan yoki ishtirokchilarning iltimosnomasi boʻyicha aniqlanadi. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya dalillarning maqbul emasligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilayotganida har bir holatda yoʻl qoʻyilgan buzilish nimada aniq ifodalanganligini aniqlab olishi va asoslantirilgan qaror qabul qilishi shart.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan ushbu Kodeks normalari buzilgan holda olingan koʻrsatuvlardan, ekspert xulosasidan, ashyoviy dalillardan, audio-, videoyozuvlardan va boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanadi”;
7) 241-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxs mazkur ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ajrim ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli”;
8) 426-moddaning oltinchi qismidagi “stenogramma yuritilishi mumkin. Stenografik yozuv ishga ilova qilinmaydi” degan soʻzlar “stenogramma yuritilib, uning materiallari jinoyat ishiga qoʻshib qoʻyiladi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi 746-XII-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan 257-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 168-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 249-modda; 2008-yil, № 9, 487-modda, № 12, 636-modda; 2011-yil, № 4, 101-modda; 2012-yil, № 9/2, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda) 31-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Prokuror ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolarni va jinoyat-huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini ijro etish chogʻida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshira borib, oʻz vakolatlari doirasida:
ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki maʼmuriy qamoqqa tortilgan shaxslardan jinoyatlar toʻgʻrisida olingan arizalar, xabarlarni va boshqa maʼlumotlarni darhol roʻyxatga olish va hal etishda jinoyat-protsessual qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishini;
ushbu shaxslarga yoki ularning yaqin qarindoshlariga ruhiy, psixologik, jismoniy taʼsir koʻrsatilishi yoki boshqacha tarzda taʼsir koʻrsatilishi ehtimolini;
qonunga xilof ravishda intizomiy javobgarlikka tortishning har bir fakti haqida yuqori turuvchi prokurorni keyinchalik xabardor qilgan holda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtash tartibini buzganlik uchun mahkumlarga nisbatan qoʻllanilgan intizomiy jazo chorasining qonuniyligini majburiy tekshirishni amalga oshirishi shart”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 2-moddasining 8-bandi mazkur Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-aprel,
OʻRQ-470-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 03/18/470/1005-son)