O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining
buyrug‘i
Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 6-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2970]
O‘zbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Vazir A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
132-son
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2017-yil 29-dekabrdagi 132-son buyrug‘iga
ILOVA
Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tibbiyot amaliyotida qo‘llaniladigan etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomning talablari tibbiy va farmatsevtika faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar, shu jumladan davolash-profilaktika muassasalari va ularning dorixonalariga (bundan buyon matnda tibbiy va farmatsevtika faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar) nisbatan tatbiq etiladi.
2. 70 foizli etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga hamda Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Etil spirtini realizatsiya qilish
3. 96 (shu jumladan 96,1 — 96,6) foizli etil spirti (bundan buyon matnda 96 foizli etil spirti deb yuritiladi) farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar va ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar (bundan bayon matnda etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar deb yuritiladi) tomonidan realizatsiya qilinadi.
4. 96 foizli etil spirti faqat tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tibbiy va farmatsevtik faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarga ularning 96 foizli etil spirtga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda shartnoma asosida realizatsiya qilinadi.
5. 96 foizli etil spirti kilogramm o‘lchov birligida realizatsiya qilinadi.
6. 96 foizli etil spirtini chakana realizatsiya qilish taqiqlanadi.
7. 96 foizli etil spirtini realizatsiya qilishda O‘zbekiston Respublikasining davlat standartlari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga, mehnat muhofazasi qoidalariga, texnika xavfsizligi qoidalariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ta’minlanishi kerak.
8. Etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar manfaatdor shaxslarga realizatsiya qilinadigan 96 foizli etil spirtining muvofiqlik sertifikati bilan tanishishlari uchun imkoniyat yaratishi shart.
3-bob. Etil spirtini hisobga olish va berish
9. Tashkilotga qabul qilingan (kirim qilingan) va tashkilot hisobida mavjud bo‘lgan 96 foizli etil spirtining hisobi tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan etil spirtini hisobga olish, saqlash va berish bo‘yicha mas’ul shaxs (bundan buyon matnda mas’ul shaxs deb yuritiladi) tomonidan doimiy ravishda olib borilishi shart.
10. 96 foizli etil spirti u qabul qilingan (kirim qilingan) kunning o‘zida tashkilotlarda mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda yuritiladigan etil spirtining hisobini yuritish kitobida (bundan buyon matnda kitob deb yuritiladi) hisobga olinishi lozim.
11. Kitob ip o‘tkazib tikilgan, uning varaqlariga tartib raqamlari qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Kitobning oxirgi betida jami varaqlar soni ko‘rsatilib, mas’ul shaxs tomonidan imzolanadi va tashkilot muhri (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) qo‘yiladi.
Kitobga ma’lumotlar mas’ul shaxs tomonidan qayd etib boriladi.
12. Kitobda 96 foizli etil spirtini hisobga olish bilan birga uning hisobdan chiqarilishi, hisobda mavjud bo‘lgan etil spirtining harakati (qoldig‘i) haqidagi ma’lumotlar ham qayd qilib boriladi.
13. Kitobni to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan xato bir chiziq bilan o‘chiriladi va keyingi qatorga to‘g‘ri yozuv kiritiladi. Kiritilgan har bir tuzatish shu varaqda tuzatishning o‘ng tarafida izohlanib, mas’ul shaxsning imzosi hamda tashkilot muhri (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanishi zarur. Kitobdagi yozuvlarni o‘chirish, bo‘yash, ustidan qog‘oz yopishtirish, shuningdek kitobda ochiq qatorlar qoldirish taqiqlanadi.
14. 96 foizli etil spirtining tabiiy yo‘qotish miqdori har oyda (oyning 3 sanasigacha) etil spirtining haqiqiy qoldig‘ini inventarizatsiyadan o‘tkazishda hisoblab chiqiladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadigan dalolatnoma asosida hisobdan chiqariladi.
96 foizli etil spirtini saqlashda tabiiy yo‘qotish miqdori Birinchi guruhga etil spirtini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning (ro‘yxat raqami 2524, 2013-yil 15-noyabr) 10-ilovasiga muvofiq aniqlanadi.
15. Mas’ul shaxs tashkilot rahbarining ko‘rsatmasiga asosan etil spirtini tashkilot tarkibiy tuzilmalariga ularning talabnomalarida ko‘rsatilgan miqdorga mutanosib ravishda foydalanish uchun beradi, bundan etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar mustasno.
16. Berilgan 96 foizli etil spirtining har kunlik foydalanilgan miqdori hisobi olib borilishi zarur, bundan etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar mustasno.
17. Mas’ul shaxs 96 foizli etil spirtini hisobga olish va berish uchun moddiy javobgar shaxs hisoblanadi.
4-bob. Etil spirtini saqlash
18. 96 foizli etil spirti etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlarda omborxonalarda saqlanishi shart.
Tibbiy va farmatsevtika faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda 96 foizli etil spirti omborxonalarda yoxud dori vositalari saqlanadigan xonalarda qulflanadigan javonlarda saqlanadi.
19. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonalar (xonalar) sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarning talablariga javob berishi kerak.
20. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonada elektr ta’minoti, issiqlik va suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimi hamda havo almashtirish uskunasi bo‘lishi kerak.
21. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonada spirtning miqdorini va foizini o‘lchash asboblari hamda havo parametrlarini qayd qilish asboblari (termometrlar, gigrometrlar yoki psixrometrlar) bo‘lishi kerak.
22. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonalardagi (xonalardagi) asbob-uskunalar hamda jihozlar toza holda saqlanishi kerak.
23. 96 foizli etil spirti texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga javob beradigan idishlarda (metall, shisha idishlarda) yoki ishlab chiqaruvchining idishlarida saqlanadi. Idishlar germetik yopilgan bo‘lishi shart. Etil spirti farmakopeya talablariga asosan polimer idishlarda ham saqlash mumkin.
24. 96 foizli etil spirti idishlarda saqlanganda idish hajmining to‘liqligi 90 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Bunda etil spirti metall idishlarda katta hajmlarda saqlansa, idish hajmining to‘liqligi 75 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
25. 96 foizli etil spirti saqlanadigan idishlar omborxonalarda stellajlarda yoxud tagliklarda joylashtirilishi shart. Idishlarni tagliklarsiz polda joylashtirish taqiqlanadi. Tagliklar polda bir qatorda yoki stellajlarning balandligi hisobga olingan holda stellajlarda bir necha qavatda joylashtiriladi.
26. 96 foizli etil spirti havo harorati salqin bo‘lgan hamda uning fizik-kimyoviy xususiyatlarini inobatga olgan holda uni to‘g‘ri saqlanishini ta’minlaydigan sharoitda saqlanadi.
27. 96 foizli etil spirtini mineral kislotalar (xususan, sulfat va azot kislotalari), ishqorlar, o‘simlik moylari, oltingugurt, bog‘lov materiallar bilan bir joyda saqlash taqiqlanadi.
28. Mas’ul shaxs 96 foizli etil spirtini saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
29. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1861-moddasi.
30. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2017-yil 27-dekabr
Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA

________________________________________

(tashkilotning nomi)

Etil spirtining hisobini yuritish
KITOBI


T/r

Oylar

Etil spirti hisobga olingan sana

Etil spirtini kirim qilish

Etil spirtini hisobdan chiqarish

Etil spirtining harakati (qoldig‘i)

Etil spirti qaysi tashkilotdan qabul qilinganligi (tashkilot nomi)

Qabul qilingan etil spirtining kirim hujjati (schyot-faktura, yuk xati, dalolatnoma) sanasi va raqami

Qabul qilingan etil spirtining miqdori

Qabul qilingan etil spirtining foizi

Qabul qilingan etil spirtining seriyasi / partiyasi

Etil spirtining berilgan sanasi

Etil spirti berilgan tashkilot (tarkibiy tuzilma)

Berilgan etil spirtining miqdori

Berilgan etil spirtining foizi

Berilgan etil spirtining seriyasi / partiyasi

Etil spirtini qabul qilib olgan tashkilot (tarkibiy tuzilma) mas’ul xodimi F.I.O.

Etil spirtining tabiiy yo‘qotish miqdori (bunda hisobdan chiqarish uchun asos bo‘lgan dalolatnomaning sanasi va soni ham ko‘rsatiladi)

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

12

13

14

15


(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2018-y., 10/18/2970/0667-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)