“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda avtomobil va aviatsiya benziniga, dizel va kema yonilg‘isiga, reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘iga va mazutga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Avtomobil va aviatsiya benziniga, dizel va kema yonilg‘isiga, reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘iga va mazutga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va rasmiy e’lon qilingan kunidan boshlab olti oy o‘tgach amalga kiritilsin.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach, standartlashtirish bo‘yicha ularda ko‘rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan normativ hujjatlarning majburiylik xususiyatini yo‘qotishi va belgilangan tartibda qo‘llanilishida ixtiyoriylik kasb etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.