Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot va taʼlim muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 21-avgustdagi PQ-3231-son qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va moliya vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-oktabr,
870-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi 870-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) va uning hududiy boshqarmalarining maqomini, vazifalari va funksiyalarini, huquqlari va javobgarligini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Bosh boshqarma moliyaviy huquqbuzarliklar profilaktikasini, budjet tizimi budjetlari mablagʻlari maqsadli sarflanishini, moliyaviy nazorat obyektlari tomonidan budjet qonunchiligiga, shuningdek budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat moliyaviy nazorat organi hisoblanadi.
3. Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Budjet kodeksi va boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladilar.
4. Bosh boshqarmaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Bosh boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga boʻysunadi va hisobot beradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi) oʻz faoliyatida bevosita Bosh boshqarmaga boʻysunadilar va hisobot beradilar.
6. Bosh boshqarmaning hududiy boshqarmalari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va davlat tilida oʻz nomi yozilgan muhrga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
2-bob. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalarining vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalarining vazifalari hisoblanadi:
budjet tashkilotlarida budjet mablagʻlarini boshqarish va budjet hisobini yuritish boʻyicha maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida budjet tashkilotlarining moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilish;
budjet qonunchiligiga rioya etish boʻyicha budjet tashkilotlari bilan tizimli asosda profilaktika ishlarini olib borish;
budjet tashkilotlarida aniqlanayotgan pul mablagʻlari va moddiy boyliklarni talon-taroj qilish, kamomadlarga yoʻl qoʻyish, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini tuzish, tasdiqlash hamda ijro etish tartibini buzish va budjet qonunchiligini boshqacha tarzda buzish holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etish shart-sharoitlarini bartaraf qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
masofaviy nazoratni keng koʻlamda qoʻllash, zamonaviy axborot texnologiyalari va maʼlumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlari va maqsadlarini aniqlash yoʻli bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda budjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanishda budjet qonunchiligiga hamda budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlardan (qarzlardan), shuningdek insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat maqsadli va boshqa jamgʻarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi boshqa jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi 363-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son)
oʻz vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash;
moliya inspektori lavozimi joriy etilgan tashkilotlarda aksiz soligʻini toʻgʻri hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi yuzasidan nazorat oʻrnatish.
8. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) budjet tashkilotlarida budjet mablagʻlarini boshqarish va budjet hisobini yuritish boʻyicha maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida budjet tashkilotlarining moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilish sohasida:
xarajatlar smetasiga kiritilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni haqqoniyligi va ularni amaldagi normativlarga muvofiqligi yuzasidan dastlabki nazoratni oʻtkazish;
mehnatga haq toʻlash boʻyicha belgilangan razryadlarga, lavozim maoshlari, ustamalar, ish haqiga qoʻshimchalar va boshqa toʻlovlar miqdorlariga rioya etilishi ustidan dastlabki nazoratni amalga oshirish;
xodimlarning belgilab qoʻyilgan cheklangan umumiy soniga, xodimlarning toifalari oʻrtasidagi oʻzaro nisbat normativlariga, namunaviy shtat normativlariga rioya etilishi yuzasidan dastlabki nazoratni amalga oshirish;
tarifikatsiya roʻyxatlarini tuzishning qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibi va normativlariga rioya etilishi yuzasidan dastlabki nazoratni oʻtkazish;
b) budjet qonunchiligiga rioya etish boʻyicha budjet tashkilotlari bilan tizimli asosda profilaktika ishlarini olib borish sohasida:
budjet tizimi budjetlari xarajatlarini rejalashtirish davrida profilaktika ishlarini kuchaytirish va uning samaradorligini oshirish;
elektron tarzda budjet tizimi budjetlari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmalar mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida tegishli manbalardan olinadigan maʼlumotlarni tahlil qilish asosida moliyaviy huquqbuzarliklarni sodir etilishi xavfi mavjud boʻlgan moliyaviy nazorat obyektida profilaktika ishlarini olib borish;
(8-bandning “b” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 350-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/350/1206-son)
hududiy moliya organlari va gʻaznachilik boʻlinmalarida budjet qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan profilaktika ishlarini olib borish;
v) budjet tashkilotlarida aniqlanayotgan pul mablagʻlari va moddiy boyliklarni talon-taroj qilish, kamomadlarga yoʻl qoʻyish, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini tuzish, tasdiqlash hamda ijro etish tartibini buzish va budjet qonunchiligini boshqacha tarzda buzish holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etish shart-sharoitlarini bartaraf qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish sohasida:
moliyaviy huquqbuzarliklar profilaktikasini olib borish uchun maʼlumotlar bazasini shakllantirish, umumlashtirish va hisobini yuritish;
budjet tizimi budjetlari va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanishda masofadan kuzatish tizimini va kameral nazoratni joriy etish orqali tekshirishlar samaradorligini oshirish;
moliyaviy nazorat va huquqbuzarliklar profilaktikasi shakllari hamda usullarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
aniqlanayotgan tizimli va xarakterli moliyaviy huquqbuzarliklarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga tegishli takliflar kiritish;
(8-band “v” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
g) masofaviy nazoratni keng koʻlamda qoʻllash, zamonaviy axborot texnologiyalari va maʼlumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlari va maqsadlarini aniqlash yoʻli bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda budjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish sohasida:
bir hudud yoki sohada aniqlangan xarakterli moliyaviy huquqbuzarliklar yuzasidan respublika hududidagi nazorat obyektlarida tizimli tekshirishlarni oʻtkazish;
moliyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon yaratuvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha moliyaviy nazorat obyektlariga taqdimnomalar kiritish;
budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va maqbullashtirish boʻyicha tahliliy ishlarni amalga oshirish hamda tegishli takliflar ishlab chiqish;
d) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanishda budjet qonunchiligiga hamda budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishida budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun markazlashgan manbalardan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam toʻlovlari uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik muassasalari tomonidan chet el valyutasidagi mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
budjet ssudalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibiga rioya etilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
davlat xaridlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
qonun hujjatlarining avvalgi taftishda yoki tekshirishda aniqlangan buzilishi hollarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tartibidagi tekshirishlarni tashkil etish;
davlat nazorati hujjatlarini umumlashtirish, ular yuzasidan tegishli axborotlar va takliflar tayyorlash;
davlat moliyaviy nazorati natijalarida aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, maqsadsiz va noqonuniy xarajatlarni, pul mablagʻlari va tovar-moddiy boyliklar kamomadini undirish, nazorat obyekti aybdor shaxslarini javobgarlikka tortish yuzasidan taqdimnomalar tayyorlash;
nazorat tadbirlarini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan taʼminlash;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, qonunda koʻzda tutilgan maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etilishini tashkillashtirish;
davlat moliyaviy nazorati natijalari boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan materiallar harakatini monitoring qilish;
e) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlardan (qarzlardan), shuningdek insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlardan (qarzlardan) va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
investitsiya loyihalari uchun budjet tizimi budjetlari hamda grant mablagʻlari hisobidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi, loyiha-smeta hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
j) davlat maqsadli va boshqa jamgʻarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
davlat maqsadli jamgʻarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va uning tarkibidagi tashkilotlarni saqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlaridan maqsadli foydalanishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan buyurtmachi-tashkilotlarga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan yoʻl va boshqa obyektlarda bajarilgan qurilish, rekonstruksiya, kapital taʼmirlash va ekspluatatsiya (joriy taʼmirlash, saqlash, qish mavsumida saqlash va koʻkalamzorlashtirish) ishlari hajmlari hisobotlarda va haqiqiy xarajatlar buxgalteriya hujjatlarida toʻgʻri aks ettirilganligi, shuningdek xomashyo va boshqa materiallarni amaldagi normativlarga asosan hisobdan chiqarilishini tekshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasidan buyurtmachi-tashkilotni saqlash uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
meliorativ dastur doirasida sugʻoriladigan yerlarni meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari uchun ajratilgan mablagʻlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlariga maqsadli sarflanishi hamda bajarilgan ishlar hajmlarini hisobotlarda va haqiqiy xarajatlarini buxgalteriya hujjatlarida toʻgʻri aks ettirilganligi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining meliorativ texnikasini sotib olish uchun ajratilgan (uzoq muddatli imtiyozli lizing, qarz) mablagʻlaridan maqsadli foydalanishni tekshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni toʻgʻri tayinlanishi, hisoblanishi, oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va toʻlanishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlardagi fuqarolarning pensiya yigʻmajildlarida mavjud boʻlgan ish stajini tasdiqlovchi va ish haqi toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻgʻriligi va haqqoniyligini tekshirish;
tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari xizmati faoliyatini nazorat qilish;
shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallarining toʻgʻri va toʻliq hisoblab chiqarilishi, oʻz vaqtida toʻlanishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki va uning filiallarida fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi hamda foizlar toʻgʻri hisoblab chiqarilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarining hisob-kitoblarga asoslangan holda toʻliq va oʻz vaqtida oʻtishi hamda ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish;
(8-bandning “j” kichik bandi oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 350-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/350/1206-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi, Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi, “Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish” jamgʻarmasi va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa jamgʻarmalar mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
(8-band “j” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 247-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2019-y., 09/19/247/2835-son)
j1) paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirilishini taʼminlash sohasida:
paxta xomashyosini qabul qilish, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish jarayonlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali monitoring qilish va profilaktika tadbirlarini tashkillashtirish;
paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan tayyor mahsulotlar haqiqiy miqdorini hamda ishlab chiqarish kuyindilarining tasdiqlangan normativlarga muvofiqligini tekshirish;
qabul qilingan paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan tayyor mahsulotlar harakati hisobi va hisobotlari haqqoniyligini nazorat qilish;
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilaridan qabul qilingan paxta xomashyosi uchun amalga oshirilgan yakuniy hisob-kitoblarning toʻgʻriligi yuzasidan nazorat olib borish;
tayyorlangan urugʻlik chigitlarning texnik talablar hamda navlarni joylashtirishning belgilangan topshiriqlarga muvofiqligi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
maʼlumotlar bazasini shakllantirish, umumlashtirish va hisobini yuritish orqali qonun buzilishi holatlari oldini olish boʻyicha profilaktika ishlarini olib borish;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi 363-sonli qaroriga asosan “j1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son)
z) oʻz vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash sohasida:
jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek moliyaviy nazorat obyektlarining (davlat moliyaviy nazorati natijalari boʻyicha eʼtirozlar) murojaatlarini koʻrib chiqish (oʻrganish va tekshirish);
kelib tushgan va koʻrib chiqilgan (oʻrganilgan, tekshirilgan) murojaatlarini umumlashtirish, tahlil qilish va ularning natijalari boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
i) moliya inspektori lavozimi joriy etilgan korxonalarda aksiz soligʻini toʻgʻri hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi yuzasidan nazorat oʻrnatish sohasida:
moliya inspektorlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan roʻyxati tasdiqlanadigan korxonalarda alohida mahsulot turlari boʻyicha aksiz soligʻini toʻgʻri hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilish;
aksiz soligʻi toʻlanadigan ayrim turdagi tovarlarning aksiz markalari bilan toʻliq markalanishi va olingan aksiz markalari sonining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga muvofiqligini taqqoslab borish;
aksiz soligʻi solinadigan ayrim turdagi mahsulotlarni sotilishi boʻyicha belgilangan tartiblarga amal qilinishi yuzasidan nazorat oʻrnatish;
har oyda aksiz markalarining haqiqatda mavjudligini xatlash, shikastlangan aksiz markalarini yoʻqotishga topshirishdan oldin ularni sonini buxgalteriya hisobotlariga muvofiqligini oʻrganish;
haqi oldindan toʻlanmagan mahsulotni isteʼmolchiga yuklab joʻnatilishi, aksiz soligʻi boʻyicha hisobot buzib koʻrsatilishi, aksiz soligʻi hisoblanishi va toʻlanishi hamda aksiz markalari bilan markalash tartibini buzilishi, oʻsimlik yogʻi korxonalarida tayyor mahsulot chiqishining belgilangan normativlari bajarilmasligi hollari toʻgʻrisida tegishli chora-tadbirlar koʻrish uchun vakolatli organlarni tezkor xabardor qilish.
Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
3-bob. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalarining huquqlari va javobgarligi
9. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari oʻzlariga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, banklardan, gʻaznachilik boʻlinmalaridan, shuningdek boshqa tashkilotlardan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish yuzasidan zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash va olish;
nazorat obyektlarining elektron maʼlumotlar bazasi va axborot resurslaridan foydalanish;
boshqa davlat moliyaviy nazorat organlari, vazirlik va idoralarning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari bilan axborot almashish;
Gʻaznachilik boʻlinmalaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklaridan budjet tizimi budjetlari, Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmalar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa jamgʻarmalar mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida maʼlumotlar soʻrash va olish;
(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 350-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/350/1206-son)
yozma soʻrov asosida davlat moliyaviy nazorati sohasida Bosh boshqarmaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bank va tijorat sirini tashkil etuvchi budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlari oluvchilar haqidagi maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Aksiyadorlik tijorat Xalq banki filiallaridan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga kelib tushgan pensiya badallari toʻgʻrisida maʼlumotlarni soʻrash va olish;
davlat xaridlari boʻyicha savdolarni oʻtkazuvchi tashkilot va muassasalarning maxsus axborot portalidan (yopiq qismidan) foydalanish;
davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishda maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni koʻrib chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning mutaxassislarini ekspert sifatida jalb etish;
nazorat obyektining mansabdor va boshqa masʼul shaxslardan moliyaviy nazorat tadbiri jarayonida paydo boʻladigan masalalar boʻyicha tushuntirishlar berishni talab qilish;
nazorat obyekti mansabdor va boshqa masʼul shaxslarining tushuntirishlar berish va nazorat tadbiri natijalari boʻyicha rasmiylashtiriladigan hujjatlarni imzolashdan bosh tortganliklari toʻgʻrisidagi dalolatnomani tuzish;
zarur hollarda, kassa va kassa binolari, omborlar, arxivlar va boshqa binolarni muhrlash, qalbakilashtirish, soxtalashtirish va boshqa suisteʼmolliklar alomatlari aniqlangan taqdirda esa nazorat obyekti tegishli hujjatlarini olib qoʻyish, shuningdek nazorat obyekti mansabdor shaxslaridan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, pul mablagʻlari va hisob-kitoblarni xatlovdan oʻtkazilishini talab qilish;
davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish jarayonida aniqlangan xato kamchiliklarni bartaraf etish, maqsadsiz va noqonuniy xarajatlarni, pul mablagʻlari va tovar-moddiy boyliklar kamomadini undirish, paxta xom-ashyosi va uning mahsulotlari miqdorini aniqlangan kamomadga asosan hisobotlardan chiqarib tashlash hamda nazorat obyekti aybdor shaxslarini javobgarlikka tortish yuzasidan majburiy tusga ega taqdimnomalar kiritish.
(9-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi 363-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son)
Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari quyidagilarga majbur:
oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni sifatli bajarish;
davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatlarda bayon etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi, xolisligi va toʻliqligini taʼminlash;
davlat sirlarining hamda nazorat obyektlarining qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlash;
hududiy boshqarmalar tomonidan aniqlangan xarakterli huquqbuzarliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh boshqarmani xabardor qilish.
4-bob. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini tashkil etish
11. Bosh boshqarmaga Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Bosh boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
12. Bosh boshqarma xodimlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari Bosh boshqarma boshligʻining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Hududiy boshqarmalar boshligʻi oʻrinbosarlari — boʻlim boshliqlari, boʻlim boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor mudirlari, bosh mutaxassislar, bosh nazoratchi-taftishchilar, yetakchi nazoratchi-taftishchilar va nazoratchi-taftishchilar, bosh moliya inspektorlari, moliya inspektorlari hududiy boshqarmalari boshligʻi tavsiyanomasiga koʻra, Bosh boshqarma boshligʻi taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Hududiy boshqarmalar bosh buxgalteri, xodimlar va maxsus ishlar boʻyicha mutaxassisi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha inspektori, bosh yuriskonsulti, shuningdek texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar belgilangan tartibda hududiy boshqarma boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi 363-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son)
13. Bosh boshqarma boshligʻi:
Bosh boshqarma faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyatiga Bosh boshqarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan boʻshatish va boshqa ishga oʻtkazish, xodimlarni ragʻbatlantirish va intizomiy jazolar qoʻllash boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyatiga Bosh boshqarmaning hududiy boshqarmalari boshliqlarini ragʻbatlantirish va intizomiy jazolar qoʻllash boʻyicha takliflar kiritadi;
Bosh boshqarmaning hududiy boshqarmalari faoliyati ustidan tashkiliy va uslubiy rahbarlikni hamda nazoratni amalga oshiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Bosh boshqarma boshligʻi unga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgar boʻladi.
Bosh boshqarma boshligʻi birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarining funksional vazifalari qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan belgilanadi.
14. Hududiy boshqarmalar boshliqlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyatiga Bosh boshqarmaning hududiy boshqarmalari boshligʻi oʻrinbosarlari — boʻlim boshliqlari, boʻlim boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor mudirlari, bosh mutaxassislar, bosh nazoratchi-taftishchilar, yetakchi nazoratchi-taftishchilar va nazoratchi-taftishchilar, bosh moliya inspektorlari va moliya inspektorlarini ishga qabul qilish, ishdan boʻshatish va ishdan ishga oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritadi;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi 363-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq Bosh boshqarmaning hududiy boshqarmalari xodimlarini ragʻbatlantirish va ularga intizomiy jazolar qoʻllash hamda xizmat safarlariga yuborish toʻgʻrisida buyruqlar chiqaradi;
xatlar va xizmat guvohnomalari, shuningdek moliyaviy nazoratni oʻtkazish huquqini beruvchi bir martalik guvohnomalar va buyruqlarni imzolaydi;
boshqarma ishlarini tashkil etish va boshqarish, oʻzining vakolati doirasida boshqarma xodimlariga bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi;
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi 363-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son)
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Hududiy boshqarmalar boshliqlari ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgar boʻladilar.
15. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari oʻz ishlarini tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri va Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan yillik nazorat rejasi asosida amalga oshiradi.
Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda rejadan tashqari moliyaviy nazoratni amalga oshirishi mumkin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan roʻyxati tasdiqlangan korxonalarda (etil spirti va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bundan mustasno) moliya inspektorlari lavozimi joriy etiladi.
Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarga moliya inspektori lavozimi etil spirti va alkogolli mahsulotlar chiqarishga litsenziya berilishiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Bosh boshqarmaning hududiy boshqarmalari tavsiyanomasiga muvofiq joriy etiladi, litsenziyaning amal qilishi toʻxtatilganda yoxud bekor qilinganda ushbu lavozim tugatiladi.
Bosh moliya inspektorlari va moliya inspektorlari Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari tarkibida faoliyat yuritadi, ular bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi. Shartnoma muddati tugashi bilan mehnat shartnomasi qonun hujjatlariga muvofiq yangi muddatga qayta tuzilishi mumkin.
17. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlari (moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilmagan xodimlar hamda moliya inspektorlari bundan mustasno) attestatsiyasi har 3 yilda oʻtkaziladi.
5-bob. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining ish haqi va ularni moddiy ragʻbatlantirish
18. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Oʻzbekiston Respublikasi moliya tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy rivojlantirish jamgʻarmasi va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
19. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga tasdiqlangan xarajatlar smetasida iqtisod boʻlgan ish haqi fondi doirasida sogʻliq uchun xavflilik belgilangan nazorat obyektlarida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davriga Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga ularning lavozim maoshiga nazorat obyektining moliya-iqtisod xodimlariga belgilangan miqdorda qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi.
20. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga ularning oʻz faoliyatida xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi hamda ishdagi yuksak yutuqlari uchun bir yoʻla toʻlanadigan mukofot toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasi moliya tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Moliyaviy nazorat obyektlarining mansabdor shaxslari Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga majburdirlar.
Moliya inspektorlari lavozimlari joriy etiladigan korxonalar tomonidan moliya inspektorlari faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanadi.
22. Bosh boshqarma va uning hududiy boshqarmalarining qonun hujjatlariga muvofiq koʻrsatma va taqdimnomalarini bajarmaslik, maʼlumot taqdim etmaslik yoxud bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, hamda ularga har qanday shaklda taʼsir koʻrsatish taqiqlanadi va qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi 870-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjetga aksiz soligʻi tushishini nazorat qiluvchi moliya inspektorlari lavozimlarini joriy etish toʻgʻrisida” 1996-yil 26-noyabrdagi 418-son qarorida:
a) 1-banddan “1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 4-banddagi “1-ilovada koʻrsatib oʻtilgan” soʻzlari “Moliya inspektori lavozimlari joriy etiladigan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Tovarlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish va sotishni davlat tomonidan nazorat qilishni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 23-dekabrdagi 532-son qarorida:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
2. “Oʻzpaxtayogʻ” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzneftmahsulot” AJ ning tarkibiga kiruvchi ilovaga muvofiq ayrim korxonalarda hamda etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan korxonalarda (uzum va mevalarni dastlabki qayta ishlovchi korxonalardan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari lavozimi joriy etilsin”;
b) 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 4-bandning beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
g) 1-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“PRILOJENIYE
k postanovleniyu Kabineta Ministrov ot 23-dekabrya 1998 goda № 532
PEREChEN
predpriyatiy, na kotorix vvodyatsya doljnosti finansovix inspektorov

I. Predpriyatiya,
vxodyaщiye v sostav AO “Uzpaxtayog”

Respublika Karakalpakstan

1. AO “Yoggar”

2. AO “Turon-Xojeli”

Andijanskaya oblast

3. AO “Andijon yogʻ moy”

4. AO “Asaka yogʻ”

Buxarskaya oblast

5. AO “Kogon yogʻ-ekstraksiya”

6. OOO “Yevrosnar”

Djizakskaya oblast

7. OOO “Boʻston olami”

8. OOO “Nurli-don”

Kashkadarinskaya oblast

9. AO “Koson yogʻ-ekstraksiya”

10. AO “Qarshi yogʻ-ekstraksiya”

Navoinskaya oblast

11. OOO “Vangʻozi agro-eksport”

12. OOO “Kontinent-N yogʻ-moy”

Namanganskaya oblast

13. AO “Uchqoʻrgʻon yogʻ”

14. OOO “Namangan tola-tekstil”

Samarkandskaya oblast

15. AO “Kattaqoʻrgʻon yogʻ-moy”

Surxandarinskaya oblast

16. AO “Surxonoziqovqatsanoati”

17. SP OOO “Agroxizmat Shindong”

Sirdarinskaya oblast

18. AO “Guliston ekstrakt-yogʻ”

Tashkentskaya oblast

19. AO “Yangiyoʻl yogʻ-moy”

Ferganskaya oblast

20. AO “Fargʻona yogʻ moy”

21. AO “Qoʻqon yogʻ-moy”

Xorezmskaya oblast

22. AO “Urganch yogʻ-moy”

gorod Tashkent

23. AO “Toshkent yogʻ-moy kombinati”

II.  Predpriyatiya,
vxodyaщiye v sostav AO “Uzbekneftgaz”

Kashkadarinskaya oblast

1. OOO “Muborakneftgaz”

2. OOO “Shoʻrtanneftgaz”

gorod Tashkent

3. AO “Uztransgaz”

Xorezmskaya oblast

4. UP “Urganchtransgaz”

Buxarskaya oblast

5. OOO “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi”

Ferganskaya oblast

6. OOO “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi”

Tashkentskaya oblast

7. OOO “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi”

III. Predpriyatiya,
vxodyaщiye v sostav AO “Uzneftprodukt”

Respublika Karakalpakstan

1. OOO “Taxiatosh neft bazasi”

Andijanskaya oblast

2. OOO “Andijon neft bazasi”

Buxarskaya oblast

3. OOO “Buxoro neft bazasi”

Djizakskaya oblast

4. OOO “Jizzax neft bazasi”

Kashkadarinskaya oblast

5. OOO “Qarshi neft bazasi”

Navoinskaya oblast

6. OOO “Navoiy neft bazasi”

Namanganskaya oblast

7. OOO “Toʻraqoʻrgʻon neft bazasi”

Samarkandskaya oblast

8. OOO “Maroqand neft bazasi”

Surxandarinskaya oblast

9. OOO “Termiz neft bazasi”

Sirdarinskaya oblast

10. OOO “Guliston neft bazasi”

Tashkentskaya oblast

11. OOO “Kuchlik neft bazasi”

12. OOO “Paxta neft bazasi”

13. OOO “Chinobod neft bazasi”

Ferganskaya oblast

14. OOO “Fargʻona neft bazasi”

Xorezmskaya oblast

15. OOO “Urganch neft bazasi”;

d) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi 870-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Neft mahsulotlari bilan taʼminlash tizimini va ularni sotishda hisob-kitob qilish mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 19-maydagi 225-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 5-son, 38-modda) 9-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 707-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/707/3626-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy nazorat-taftish boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2015-yil 30-iyundagi 173-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-yil, 6-son, 52-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2015-yil 27-oktabrdagi PF-4761-son Farmoni) 2015-yil 25-dekabrdagi 372-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 12-son, 110-modda) ilovasining 1 va 20-bandlari.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2017-y., 09/17/870/0175-son, 14.05.2018-y., 09/18/350/1206-son, 18.05.2018-y., 09/18/363/1233-son; 26.03.2019-y., 09/19/247/2835-son, 24.08.2019-y., 09/19/707/3626-son; 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son)