O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi va “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini joylashtirish va o‘quv xonalarini ta’lim dasturlarida qayd etilgan fanlar bo‘yicha jihozlash tasarrufida rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralariga yuklatiladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik anjomlar bilan ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarini belgilangan normadagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, pul ta’minoti, shtatdagi lavozimlarga tayinlangan ishchi va xizmatchilarini pul bilan ta’minlash uchun mablag‘lar tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan ushbu oliy ta’lim muassasalarini saqlash bo‘yicha nazarda tutilgan budjet mablag‘lari doirasida ajratiladi;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
Oldingi tahrirga qarang.
o‘quv rejasida harbiy tayyorgarlik uchun zarur miqdordagi o‘quv soatlarini ajratish O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatiladi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda quyidagilarni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlari bo‘yicha o‘qitish uchun talabalarni saralash tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘yicha Yo‘riqnoma;
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha Yo‘riqnoma.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror qoidalaridan kelib chiqqan holda, 2017-yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlar parametriga zarur o‘zgartirishlar kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufida rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 9-oktabr,
809-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 809-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi va “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda OTM deb ataladi) harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari (harbiy ta’lim fakultetlari, harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi, harbiy kafedralar, sikllar va kurslar) faoliyatining huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
Rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari o‘z maqomiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tenglashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Oliy ta’lim vazirligi), tasarrufida OTM bo‘lgan vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. OTM talabalarining harbiy tayyorgarligi — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash maqsadida tashkil etiladigan va ushbu Nizomga ilovadagi sxema bo‘yicha harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘tkaziladigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv yig‘ini, yakuniy davlat attestatsiyasi va Vatanga qasamyod qabul qilish jarayonida amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlardan iborat.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
OTMning kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan erkak talabalar, shuningdek tibbiy OTM talabalari jinsidan qat’i nazar, harbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar (o‘qishga jalb qilinadigan xotin-qiz talabalar soni umumiy talabalar sonining 10 foizidan oshmasligi kerak).
Harbiy tayyorgarlikka 27 yoshgacha (OTM rektorining talabalarni harbiy tayyorgarlikka jalb qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqarilgan kunda) bo‘lgan, salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli va saralash tanlovidan o‘tgan talabalar jalb etiladi.
Harbiy-hisob ixtisosliklari (keyingi o‘rinlarda HHI deb ataladi) bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturi talabalar harbiy tayyorgarligining asosiy hujjati hisoblanadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
harbiy ta’lim fakulteti — OTM bazasida ushbu ta’lim muassasasida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi bo‘limda o‘qiydigan talabalar orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash maqsadida tashkil qilinadigan harbiy o‘quv va ma’muriy bo‘linma hisoblanadi va uzluksiz o‘quv-tarbiyaviy jarayon amalga oshirilishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi — bir nechta OTMda tahsil olayotgan talabalar orasidan bir yoki bir nechta HHI bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash maqsadida o‘quv-tarbiyaviy va metodik ishlar amalga oshiriladigan hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi tarkibiga kiradigan harbiy o‘quv bo‘linma;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
harbiy kafedra — OTMda tahsil olayotgan talabalar orasidan bir yoki bir nechta HHI bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash maqsadida o‘quv-tarbiyaviy va metodik ishlar amalga oshiriladigan hamda ushbu oliy ta’lim muassasi tarkibiga kiradigan harbiy o‘quv bo‘linma;
sikl (kurs) — OTM harbiy ta’lim fakultetining (harbiy kafedrasining) o‘quv-metodik bo‘linmasi bo‘lib, unda alohida fanlar bo‘yicha o‘qitish, OTMda tahsil olayotgan talabalar orasidan bir yoki bir necha turdosh HHI bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanadi.
5. OTMning rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda belgilanadi.
6. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida OTM talabalari orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash quyidagicha tashkil etiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
“Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakultetlarida — bir yil, 2-kursda;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
tibbiy OTM harbiy kafedralarida — 2 yil davomida bir yil, 3 va 4-kursda;
qolgan OTM harbiy kafedralarida — bir yil, 3-kursda.
2-bob. Davlat organlarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini boshqarish bo‘yicha vakolatlari
7. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
OTMda harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari yo‘nalishini hamda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanadigan mutaxassisliklar ro‘yxatini belgilash;
talabalar tahsil olayotgan fuqarolik mutaxassisliklarini inobatga olgan holda HHI bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari shtat lavozimlariga shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarni tanlash va tayinlash;
harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan OTM talabalarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlarini tashkil qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda saralash tanlovi va kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazish tartibini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnomani hamda Yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomani tasdiqlash;
talabalar harbiy tayyorgarligini nazorat qilish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari talabalari bilan o‘quv yig‘inlarini tashkil qilish va o‘tkazish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari talabnomalari asosida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlari va muassasalari o‘quv bazalarini taqdim etish, qurol-aslahalar, harbiy texnika, o‘q-dorilar va harbiy-texnik anjomlar (bundan keyingi o‘rinlarda HTA deb ataladi), o‘quv-mashq vositalari, asboblar, harbiy texnika va boshqa turdagi HTAga zarur materiallar va ehtiyot qismlar, shuningdek o‘rnatilgan maxfiylik rejimi talablariga muvofiq harbiy tayyorgarlik dasturlarida ko‘zda tutilgan harbiy nizomlar, qo‘llanmalar, yo‘riqnomalar, topografik xaritalar, o‘quv darsliklari bilan ta’minlash hamda yoqilg‘i-moylash va boshqa materiallarga limitlar ajratish;
qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va HTAga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;
qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va HTA bilan bog‘liq bo‘lgan tashish, yuklash (tushirish) ishlarini ta’minlash, davlat texnik nazorati va metrologik ta’minot tadbirlarini o‘tkazish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari bitiruvchilarini harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish uchun attestatsiya komissiyalarini tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy ta’lim vazirligi va tasarrufida OTM bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan o‘quv jarayonini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
(7-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari professor-o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
belgilangan HHI bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturlari va rejalariga asosan OTMda harbiy tayyorgarlik tashkil etilishini ta’minlash, talabalar harbiy tayyorgarligi monitoringini olib borish;
o‘quv rejasida talabalar harbiy tayyorgarligi uchun o‘quv soatlari ajratish;
Oldingi tahrirga qarang.
tasarrufida OTM bo‘lgan tegishli vazirliklar va idoralarning harbiy tayyorgarlikni tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda saralash tanlovi va kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazish tartibini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda Yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomani tasdiqlash.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tasarrufida OTM bo‘lgan vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
budjetdan OTMni saqlash uchun mablag‘lar va OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarini belgilangan normadagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va pul ta’minoti hamda shtatdagi lavozimlarga tayinlangan ishchi hamda xizmatchilarini pul bilan ta’minlash uchun moddiy fondlar ajratish;
Oldingi tahrirga qarang.
OTMda qurol-aslahalar, harbiy texnikalar, adabiyotlar bilan ishlash uchun belgilangan talablarga muvofiq harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini alohida joylashtirish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratish va davlat sirlarini saqlash;
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 504-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan ajratiladigan qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va HTA ta’minotidan tashqari boshqa zarur o‘quv moddiy-texnik bazani yaratish.
10. OTMga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
OTMda talabalar harbiy tayyorgarligini sifatli tashkil etish va o‘tkazish, maxfiylik rejimiga amal qilinishini, qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va HTA saqlanishini ta’minlash;
ushbu Nizomga muvofiq OTMda talabalar harbiy tayyorgarligi hamda ular bilan o‘quv yig‘inlari o‘tkazish uchun nazarda tutilgan o‘quv soatlarini taqsimlash;
harbiy tayyorgarlikni tashkil qilish va o‘tkazish uchun zarur o‘quv-yordamchi xodimlar shtat birliklarini ajratish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini alohida joylashtirish, qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va HTA saqlanishini ta’minlash;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini xonalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, aloqa vositalari, kompyuter texnikalari, axborot va ma’lumot beruvchi materiallar bilan ta’minlash;
OTM madaniy-ma’rifiy va sport obyektlarini harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarning ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari uchun ajratish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining buyurtmanomalariga binoan bosma (elektron) ko‘rinishdagi xizmat hujjatlari, o‘quv-uslubiy adabiyotlar, qo‘llanmalarni nashr qilish, ko‘paytirish, zarur bosma va elektron mahsulotlar, shuningdek kanselyariya ashyolari bilan ta’minlash;
talabalarni harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilish, ularga xizmatga oid hujjatlar, qurol-aslahalar, harbiy texnikalar, HTA va o‘quv adabiyotlar bilan ishlashga ruxsat berish;
OTM ilmiy kengashi yig‘ilishida talabalar harbiy tayyorgarligi holatini muhokama qilish.
3-bob. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining tuzilmasi
11. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari shtati professor-o‘qituvchilar, muhandis-texnik va o‘quv-yordamchi xodimlar lavozimlaridan iborat.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari shtati (harbiy lavozimlar, ularga muvofiq harbiy unvonlar va tarif razryadlari) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
12. Tahsil olayotgan talabalar sonidan kelib chiqqan holda, professor-o‘qituvchilar va muhandis-texnik xodimlarning quyidagi lavozimlari belgilanadi:
harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i;
harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i o‘rinbosari;
harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘ining o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
sikl boshlig‘i;
katta o‘qituvchi;
o‘qituvchi;
kurs boshlig‘i (harbiy ta’lim fakultetlari uchun);
katta muhandis;
muhandis.
13. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari lavozimlari Mudofaa vazirligi bo‘linmalarining shtatlari soniga kiradi.
14. Harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra)ga harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i rahbarlik qiladi.
Harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) shaxsiy tarkibi uchun bevosita rahbar hisoblanadi va OTM ilmiy kengashi tarkibiga kiradi.
Harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i quyidagilarga javob beradi:
OTM harbiy ta’lim fakultetida (harbiy kafedrasi) talabalar harbiy tayyorgarligini tashkil qilish va uning sifatiga hamda talabalar bilan o‘quv-tarbiyaviy ishlar olib borilishiga;
komandirlik va metodik tayyorgarlikning sifatli o‘tkazilishiga;
harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) shaxsiy tarkibi o‘rtasida harbiy intizom va ma’naviy-ruhiy muhitni saqlashga;
qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA holati va saqlanishiga;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat sirlari saqlanishini ta’minlashga.
(14-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 504-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)
Harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘iga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:
OTM rektorati, fakultetlari va kafedralari bilan HHI bo‘yicha talabalar harbiy tayyorgarligi masalalari bo‘yicha o‘zaro aloqalarni tashkil qilish va amalga oshirish;
harbiy ta’lim fakultetining (harbiy kafedra) o‘quv, ilmiy, metodik va tarbiyaviy ishlariga, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning komandirlik va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligiga rahbarlik qilish;
maxsus fanlarni o‘rganish bo‘yicha o‘zaro o‘quv-metodik aloqalarni amalga oshirish maqsadida OTM fakultetlari va kafedralari bilan hamkorlikni tashkil qilish;
harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) talabalari bilan o‘quv mashg‘ulotlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan komandirlik, uslubiy-yo‘riqlash va ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazish, o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar sifatini nazorat qilish;
o‘quv jarayonini muntazam takomillashtirish va harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) talabalari va shaxsiy tarkibini o‘qitish va tarbiyalashning ilg‘or usullarini o‘quv jarayoniga joriy etish, harbiy fanlarning yuqori ilmiy-metodik darajada o‘qitilishini ta’minlash;
professor-o‘qituvchilar va o‘quv-yordamchi xodimlar lavozimlariga nomzodlar tanlashda ishtirok etish;
har bir harbiy xizmatchi va o‘quv-yordamchi xodimning kasbiy, ishchanlik, ma’naviy-axloqiy fazilatlari va qobiliyatlarini bilish, ularga munosib ravishda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish;
qurol-aslaha, harbiy texnika, HTA, o‘quv qo‘llanmalari va adabiyotlarning to‘g‘ri hisobga olinishi, saqlanishi, asrab-avaylanishi, xizmat ko‘rsatilishi va ulardan foydalanishni ta’minlash;
o‘quv moddiy-texnik bazani tashkil qilish, rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlarni amalga oshirish;
o‘quv-metodik ishlarni ta’lim jarayonini yaxshilash, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv-mashq va texnik o‘quv vositalarini, shuningdek o‘quv moddiy-texnik bazaning boshqa elementlarini yaratish vazifalarini hal qilishga yo‘naltirish;
barcha turdagi moddiy vositalardan to‘g‘ri foydalanishni ta’minlash va qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA, xizmat hujjatlari mavjudligini yiliga kamida ikki marta shaxsan tekshirish;
ish yuritish holati, otish mashqlari va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA, portlovchi, zaharli, texnik va zaharlovchi moddalarni ishlatishda shaxsiy tarkibning xavfsizlik choralarini qat’iy bajarishni muntazam nazorat qilish;
talabalar bilan o‘quv yig‘inlarini tashkil qilish va o‘tkazish;
harbiy tayyorgarlik bo‘yicha buyruqlar loyihalarini tayyorlash va OTM rektoriga taqdim qilish.
Harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i:
OTM ilmiy kengashlarida o‘quv, ilmiy va tarbiyaviy faoliyat bilan bog‘liq masalalar muhokamasida ishtirok etish;
talabalar harbiy tayyorgarligini tashkil qilish va o‘tkazishda OTMning o‘ziga xos xususiyatlariga to‘liq javob beradigan va ta’lim jarayonining yuqori sifatini ta’minlaydigan tartib va usullarini belgilash;
talabalarga nisbatan ushbu Nizomning 41-bandiga muvofiq, harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) shaxsiy tarkibiga nisbatan esa — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom ustavi va mehnat qonunchiligiga muvofiq rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
o‘z vakolatlariga ko‘ra hujjatlarni va xizmat doirasida yozishmalarni imzolash huquqlariga ega.
15. Harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari, sikl boshliqlari, kurs boshliqlari (harbiy ta’lim fakultetlari uchun), katta o‘qituvchilar va o‘qituvchilar professor-o‘qituvchilar tarkibiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari professor-o‘qituvchilar tarkibining umumiy soni harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgan talabalar soni va professor-o‘qituvchilar tarkibining umumiy yillik o‘quv yuklamasidan kelib chiqqan holda qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘qituvchilar tarkibining shtatdagi umumiy soni 8 nafar va undan ko‘p bo‘lgan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida sikl boshlig‘i rahbarligida eng kamida 3 nafar o‘qituvchidan iborat sikllar tashkil qilinadi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalaridagi sikllar soni va ularning nomlanishi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
16. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlariga tegishli harbiy ma’lumotga ega, ofitserlik lavozimlarida kamida 7 yillik xizmat tajribasi va o‘qituvchilik faoliyatiga moyilligi bo‘lgan ofitserlar tarkibida shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalaridagi lavozimlarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni tayinlash va ularning harbiy xizmatni o‘tash tartibi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatni o‘tash tartibini belgilaydigan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ofitserlarni professor-o‘qituvchilar lavozimlariga tayinlash va ularning boshqa lavozimlarga o‘tkazilishi, odatda o‘quv yili tugagandan so‘ng amalga oshiriladi.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari professor-o‘qituvchilarining bo‘sh lavozimlariga rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayinlanishi mumkin. Shu bilan birga, ular O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari xizmatchilari hisoblanadi.
Rezerv va zaxirada turuvchi ofitserlar tarkibidagi shaxslar (belgilangan tartibda harbiy kiyimda yurish huquqiga ega) talabalar bilan mashg‘ulotlar chog‘ida ularga berilgan harbiy unvonga muvofiq farqlanish belgilariga ega harbiy kiyimda yuradi. Ular harbiy kiyim-kechak va poyabzal bilan o‘z mablag‘lari hisobidan ta’minlanadilar.
17. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining professor-o‘qituvchilari quyidagi huquqlarga ega:
OTM ilmiy kengashiga saylash va saylanish;
o‘quv, ilmiy va tarbiyaviy ishlarning muhim masalalari muhokamasida ishtirok etish;
OTM laboratoriyalari, auditoriyalari, kabinetlari, o‘qish zallari, kutubxonalari, shuningdek axborot-resurs markazlari, o‘quv va ilmiy muassasalari xizmatlaridan foydalanish;
o‘zining alohida xususiyatlariga to‘liq javob beradigan va o‘quv jarayonining yuqori sifatini ta’minlaydigan o‘quv usullari va vositalarini tanlash;
talabalarga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash.
18. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining professor-o‘qituvchilari:
o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha rahbarlik hujjatlari talablarini, talabalarni HHI bo‘yicha tayyorlash o‘quv rejalari va dasturlari mazmunini bilishi;
rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etishi;
o‘quv-metodik ishlarni yuqori darajada o‘tkazish, o‘quv rejalari va dasturlarining samarali va to‘liq bajarilishini ta’minlash, mashg‘ulotlarni ilm-fan va texnologiyalarning eng so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda yuksak g‘oyaviy va uslubiy darajada o‘tkazishi;
ilmiy ish olib borish, uning natijalarini ta’lim jarayoniga joriy qilishda ishtirok etishi;
o‘z ilmiy-nazariy darajasini, pedagogik va harbiy-kasbiy malakasini muntazam oshirib borishi;
xizmat burchini benuqson bajarish, intizomlilik, mehnatga ijodiy va mas’uliyat bilan yondashish, yuksak madaniyat va odoblilik borasida talabalarga namuna bo‘lishi zarur.
19. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining muhandis-texnik xodimlar tarkibiga kiradigan katta muhandis va muhandis:
o‘quv jarayonini moddiy ta’minlash;
qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA hisobini yuritish holati;
qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA saqlanishi, ularni qabul qilish va jo‘natishni tashkil qilishga, ularning butligi va sifatli holati;
harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra)ning o‘ziga bo‘ysunuvchi o‘quv-yordamchi xodimlarining maxsus tayyorgarligi uchun mas’ul.
20. Harbiy ta’lim fakultetlari (harbiy kafedralar) ofitserlarining egallab turgan shtat lavozimi bo‘yicha funksional vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
21. Ta’lim jarayonini ta’minlash, qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA, o‘quv-mashq vositalarini saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish uchun harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari shtatiga quyidagi o‘quv-yordamchi xodimlar lavozimlari joriy etiladi:
kabinet mudiri;
muhandis;
texnik;
laborant;
ishlab chiqarishni o‘qitish (amaliyot) ustasi;
kutubxonachi.
OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining o‘quv-yordamchi xodimlari soni:
auditoriya fondi, laboratoriyalar, ustaxonalar, otish tirlari, parklar, garajlar, boshqa o‘quv obyektlari, qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA, o‘quv texnik vositalarining mavjudligi va ularni saqlash, shuningdek ularga xizmat ko‘rsatish va harbiy tayyorgarlik o‘quv jarayoni ta’minlash ishlari hajmidan kelib chiqqan holda, qonunchilikda ko‘zda tutilgan normativlarga muvofiq;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida ta’lim olayotgan talabalar umumiy sonining 7 foizigacha bo‘lgan nisbatda belgilanadi.
O‘quv-yordamchi xodimlarning tegishli shtat birliklarini hisoblash va asoslash harbiy ta’lim fakultetlari (harbiy kafedralar) boshliqlari tomonidan belgilangan normalardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi va OTM rektoriga muvofiqlashtirish va tasdiqlash uchun kiritiladi.
O‘quv-yordamchi xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i bilan kelishilgan holda OTM rektorining buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining o‘quv-yordamchi xodimlari OTMning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.
22. O‘quv-yordamchi xodimlarning vazifalari harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i tomonidan belgilanadi.
4-bob. Saralash tanlovi
23. Talabalar harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun tanlov asosida saralab olinadi:
“Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakultetlarida — abituriyentlarning OTMga o‘qishga kirishida o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihon davomida;
tibbiy OTM harbiy kafedralarida — OTMda ta’lim olishning ikkinchi kursi oxirida saralash tanlovi jarayonida;
boshqa OTM harbiy kafedralarida — OTMda ikkinchi kurs oxirida saralash tanlovi jarayonida.
Saralash tanlovi o‘tkazilishidan oldin OTMning turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ega fakultetlarida talabalar bilan tushuntirish ishlari tashkil etiladi.
24. Kasbiy (ijodiy) imtihondan ko‘zlangan asosiy maqsad abituriyentlarning tanlangan fan bo‘yicha bilim ko‘nikmalari va darajasini, ularning tanlangan yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olish va kelgusida ishlash imkoniyatini belgilaydigan ijodiy, jismoniy va fiziologik qobiliyatini baholashdan iborat. Kasbiy (ijodiy) imtihon topshirishga:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan;
Oldingi tahrirga qarang.
shaxsiy arizalariga binoan (OTM rektori nomiga, o‘zi yozgan) ixtiyoriy ravishda harbiy tayyorgarlikni o‘tash istagini bildirgan;
(24-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
Oldingi tahrirga qarang.
salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli abituriyentlarga ruxsat beriladi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
25. Saralash tanlovining asosiy maqsadi suhbatlashish va tushuntirish ishlarini olib borish orqali talabalarning harbiy kafedrada o‘qish salohiyati va keyinchalik harbiy mutaxassislik bo‘yicha xizmat qilishi mumknligini belgilaydigan chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi asosida jismoniy rivojlanishi hamda bilim darajasini baholashdan iborat. Saralash tanloviga:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan;
shaxsiy arizalariga binoan (OTM rektori nomiga, o‘zi yozgan) ixtiyoriy ravishda harbiy tayyorgarlikni o‘tash istagini bildirgan;
salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli talabalarga ruxsat beriladi.
26. Quyidagilar harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida ta’lim olish uchun talabalarni saralash tanlovining asosiy mezonlari hisoblanadi:
tibbiy ko‘rik;
Oldingi tahrirga qarang.
(26-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
OTMda ta’lim olish jarayonida o‘zlashtirilgan bilim darajasi natijalari;
umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;
chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Talabalar (fuqarolar)ni harbiy xizmatga yaroqliligini tekshirish bo‘yicha tibbiy ko‘rik OTM joylashgan joydagi mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmaning (bo‘lim) tibbiy komissiyalari tomonidan harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘ining so‘rovnomasiga binoan belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
(27-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
Tibbiy ko‘rikni o‘tkazish muddati va joyi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
29. OTMda ta’lim olish jarayonida o‘zlashtirilgan bilim darajasini baholash natijasi OTMdagi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilishdan oldingi o‘qish davrida to‘plangan ballar yig‘indisidan tashkil topadi.
30. Talabalarning umumjismoniy tayyorgarligi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutaxassislari tomonidan baholanadi.
Talabalarning umumjismoniy tayyorgarligi belgilangan talablarga muvofiq baholanadi. O‘tkazish muddatlari va joyi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi talablariga javob bermagan talabalar saralash tanlovining keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
31. Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha bilim darajasi test o‘tkazish usuli yordamida baholanadi.
Kerakli sharoitlar yaratish, joylarda test sinovlarini talablarga qat’iy rioya etgan holda tegishli ravishda tashkil etish va adolatli o‘tkazish, shuningdek ularning natijalari xolisligi uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga yuklatiladi.
5-bob. Harbiy tayyorgarlik
32. Talabalar harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga saralash tanlovi natijalari bo‘yicha qabul qilinadi.
33. Bir OTMdan boshqasiga belgilangan tartibda ko‘chirilgan talabalarni harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalariga qabul qilish, shuningdek avval o‘qishdan chetlatilgan (intizomsizligi bo‘yicha chetlatilgan talabalar bundan mustasno) talabalarni o‘qishga tiklash bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishilgan holda alohida ko‘rib chiqiladi.
34. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilingan talabalar belgilangan miqdorda o‘quv guruhlari bo‘yicha taqsimlanadi.
OTMda harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi va Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
OTM talabalarining harbiy tayyorgarligi uchun 528 soat, shu jumladan OTMdagi auditoriya mashg‘ulotlari uchun 450 soat va o‘quv yig‘inlari uchun 78 soat vaqt ajratiladi.
Harbiy tayyorgarlik fanlari va mashg‘ulotlar turlari bo‘yicha o‘quv soatlarini taqsimlash harbiy tayyorgarlik dasturlari bilan belgilanadi.
Ta’lim fanlari bo‘yicha o‘quv vaqtining taqsimlanishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
Mashg‘ulotlar harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i tomonidan o‘rnatilgan kun tartibiga muvofiq harbiy kun usulida (mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan kunda talabalar faqat harbiy tayyorgarlik bilan shug‘ullanadi) o‘tkaziladi. Bunda o‘quv mashg‘ulotlari uchun kuniga 6 — 8 soat ajratiladi.
Talabalar harbiy tayyorgarlik fanlarini OTMning boshqa kafedralarida o‘zlashtirgan bilimlar asosida o‘rganadi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. O‘quv yig‘inlari harbiy tayyorgarlikning yakuniy bosqichi hisoblanadi va olgan bilimlarni mustahkamlash, HHI bo‘yicha majburiyatlarni bajarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish, o‘q otar qurollardan otish mashqlarini amaliy bajarish, harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport tadbirlari va harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkazish hamda talabalarni Vatanga qasamyodga qabul qildirish uchun mo‘ljallangan.
(35-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
O‘quv yig‘inlarining davomiyligi 15 kalendar kunni tashkil qiladi.
O‘quv yig‘inlariga harbiy tayyorgarlik bo‘yicha barcha turdagi nazoratlarni topshirgan talabalar yuboriladi.
Talabalarni o‘quv yig‘inlariga yuborish uchun o‘quv yig‘iniga jalb qilinayotgan talabalar ro‘yxati e’lon qilinadi va bu haqida OTM rektorining buyrug‘i chiqariladi.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari tomonidan OTM joylashgan joydagi mudofaa ishlari bo‘limlariga taqdim etilgan ro‘yxatlar asosida talabalar belgilangan tartibda o‘quv yig‘inlariga chaqiriladi.
O‘quv yig‘inlarini o‘tkazish tartibi va joyi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Talabalarga o‘quv yig‘inlari davrida yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatchilar uchun qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlar joriy qilinadi.
(35-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
36. Uzrli sabablarsiz harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida muntazam ravishda qatnashmaydigan, o‘quv yig‘inlarini o‘tashdan bo‘yin tovlaydigan yoki ta’lim jarayonida va o‘quv yig‘inlarini o‘tash davrida intizomni buzadigan, shuningdek harbiy tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan nazorat turlarini topshirmagan talabalar harbiy kafedra boshliqlari taqdimnomasiga binoan OTM rektori buyrug‘i bilan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalaridan chetlashtiriladi.
37. Harbiy tayyorgarlikni o‘tash davrida sog‘lig‘idan shikoyat qilgan talabalar harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari bo‘limlariga tibbiy ko‘rikdan o‘tishga yuboriladi. Harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan talabalar belgilangan tartibda harbiy tayyorgarlikdan chetlashtiriladi va ofitserlar tarkibiga kiritish uchun attestatsiyaga qo‘yilmaydi.
38. Harbiy tayyorgarlikni o‘tash davrida talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Umumharbiy nizomlari talablari joriy qilinadi.
39. Harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgan talabalar quyidagi huquqlarga ega:
harbiy mavzu bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarda qatnashish;
harbiy ta’lim fakultetidagi (harbiy kafedra) kutubxona fondidan, qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA namunalari, ko‘rgazmali qo‘llanma, stend, maketlardan foydalanish.
40. Talabalar:
harbiy ishni vijdonan o‘rganishi, HHI bo‘yicha komandirlik, metodik va amaliy malakalarni qunt bilan egallashi;
harbiy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Umumharbiy nizomlari talablariga va harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) kun tartibiga rioya etishi;
mashg‘ulotlarga belgilangan kiyimda bo‘lish qoidalarini buzmasdan kelishi, sochini tartibga keltirishi;
o‘quv dasturi va kun tartibida ko‘zda tutilgan harbiy tayyorgarlik bo‘yicha barcha turdagi mashg‘ulotlarda muntazam qatnashishi, harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishi;
davlat, shu jumladan harbiy mol-mulkni avaylash, qurol-aslaha, harbiy texnika va HTAga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, o‘quv moddiy-texnik bazani takomillashtirishda ishtirok etishi;
xavfsizlik choralariga (qurol, qurol-yarog‘, harbiy texnika, harbiy-texnik jihozlar bilan ishlaganda va boshqa holatlarda) va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishi shart.
41. Talabalarga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish davrida quyidagi choralar qo‘llanilishi mumkin:
a) rag‘batlantirish:
avval belgilangan intizomiy jazo choralarini bekor qilish;
minnatdorchilik e’lon qilish;
ota-onalariga (turar-joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga) minnatdorlik xati jo‘natish;
faxriy yorliq bilan mukofotlash;
qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlash.
b) intizomiy jazo choralari:
hayfsan e’lon qilish;
qattiq hayfsan e’lon qilish;
harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasidan chetlashtirish.
Oldingi tahrirga qarang.
42. Talabalarning harbiy tayyorgarlikdan o‘tish davridagi bilimi qonunchilikka muvofiq tekshiriladi va baholanadi. Harbiy tayyorgarlikni o‘tab bo‘lgach, nazoratning barcha turlarini muvaffaqiyatli topshirgan, o‘quv yig‘inlaridan o‘tgan talabalar harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasiga qo‘yiladi.
(42-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
43. Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini topshirgan va bakalavriatning to‘liq kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga belgilangan tartibda “leytenant” harbiy unvoni beriladi va ular haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladi yoki rezerv yoxud zaxiraga o‘tkaziladi.
Harbiy tayyorgarlik kursini to‘liq o‘tagan, biroq keyingi yillarda OTMni tugatgan shaxslarga harbiy unvon berish hujjatlari ularning OTMni tugatgani to‘g‘risida diplom olgandan so‘ng kechi bilan uch yil muddatda murojaatlari asosida harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan rasmiylashtiriladi.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari mudofaa ishlari bo‘limlariga taqdim etadigan harbiy unvon berishga oid hujjatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
6-bob. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining o‘quv moddiy-texnik bazasi
44. Talabalarni o‘quv dasturlariga muvofiq belgilangan HHI bo‘yicha sifatli tayyorlashni ta’minlash uchun mo‘ljallangan moddiy va texnik vositalar, bino va qurilmalar kompleksi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining o‘quv moddiy-texnik bazasini tashkil qiladi.
O‘quv moddiy-texnik baza talabalar bilan o‘tkaziladigan o‘quv jarayonini tashkil etish va amalga oshirishning moddiy asosi hisoblanadi va ushbu baza ilm-fan hamda texnikaning zamonaviy rivojlanish darajasiga mos bo‘lishi kerak.
45. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining o‘quv moddiy-texnik bazasiga quyidagilar kiradi:
qurol-aslaha va harbiy texnikalar, shu jumladan o‘quv-mashq qurol-aslahalari va harbiy texnikalari;
ko‘rgazmali qurollar, o‘quv-mashq va o‘qitish texnik vositalari;
auditoriyalar, sinflar, kutubxonalar, xizmat, o‘quv va yordamchi xonalar;
umumqo‘shin, taktik va maxsus tayyorgarlik bo‘yicha vazifalarni puxta bajarish hamda o‘quv yig‘inlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan o‘quv dalalari, maxsus o‘quv-mashq majmualari, o‘quv shaharchalari, saf tortish maydonlari, tirlar, o‘quv markazlari (poligonlar) va boshqa obyektlar;
o‘quv ustaxonalar, bokslar, angarlar, harbiy texnikani saqlash joylari, texnik xizmat ko‘rsatish punktlari, qurol-yarog‘ va HTA saqlash omborlari;
kutubxona fondi.
46. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan komandirlik tayyorgarligini o‘tkazish va talabalar bilan harbiy tayyorgarlik dasturida belgilangan taktik o‘t ochish vazifalarini bajarish maqsadlarida harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlari va oliy harbiy ta’lim muassasalariga biriktiriladi, zarurat tug‘ilganda ularning statsionar (dala) o‘quv bazasidan foydalaniladi.
47. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalariga ajratiladigan xonalar o‘quv dasturi fanlari (bo‘limlari) bo‘yicha jihozlanadi va ulardan faqat harbiy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar va talabalarning mustaqil tayyorlanishi uchun foydalaniladi.
48. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshliqlari buyurtmanomalariga asosan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini qurol-yarog‘, harbiy texnika va HTA bilan ta’minlaydi.
7-bob. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining kundalik faoliyati
49. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining kundalik faoliyatini tashkil etish harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv jarayonining sifatli olib borilishini, o‘rnatilgan tartib va harbiy intizomni saqlash, kun tartibi va ish kuni reglamentiga amal qilinishi, o‘quv moddiy-texnik bazani saqlanishini ta’minlashi darkor.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining kundalik faoliyati ularning joylashuvi va o‘quv jarayonini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinib, harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i tomonidan bazasida harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari tashkil etilgan OTM rektori bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari kun tartibi va ish kuni reglamenti harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘i tomonidan belgilanadi, bunda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar, o‘quv-yordamchi xodimlarning haftalik xizmat vaqtining umumiy davom etish muddati qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomiyligiga mos kelishi kerak.
(49-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
50. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarining qurol-aslaha, harbiy texnika va HTA, shuningdek binolari va ularga tutash hududlarni qo‘riqlash va saqlash belgilangan tartibda rektor tomonidan OTM mablag‘lari hisobidan tashkil qilinadi.
8-bob. “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakulteti faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari
51. “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni amalga oshiruvchi harbiy ta’lim fakulteti (keyingi o‘rinlarda fakultet deb ataladi) o‘z faoliyatini OTMning alohida fakulteti huquqlari asosida tashkil etadi.
52. Fakultet “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash bilan bir qatorda rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha talabalar harbiy tayyorgarligini ta’minlaydi.
Fakultet talabalarining harbiy tayyorgarligi bakalavrlar tayyorlashning tarkibiy qismi hisoblanadi va ushbu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv rejasining umumkasbiy fanlar ro‘yxatiga kiradi.
Harbiy tayyorgarlik fanlari uchun o‘quv soatlari va mashg‘ulotlar turlari taqsimoti o‘quv rejalari va harbiy tayyorgarlik dasturi bilan belgilanadi.
53. Fakultet shtati tahsil olayotgan talabalar soni va professor-o‘qituvchilarning haqiqiy o‘quv yuklamasidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi tomonidan Mudofaa vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va ushbu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv rejalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq o‘zgarishi mumkin.
Fakultet shtatga muvofiq professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldiriladi: Mudofaa vazirligi hisobidan — kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va OTM hisobidan — oliy harbiy ma’lumotli rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar yoki “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan ofitserlar bilan.
Bunda fakultetga OTM hisobidan qo‘shimcha ravishda fakultet dekani o‘rinbosari lavozimi uchun 0,5 shtat birligi ajratiladi va u talabalar bilan ma’naviy ma’rifiy ishlarni rejalashtirish, tashkil etish va amalga oshirish uchun javobgar bo‘ladi. Uning xizmat vazifalari OTM rasmiy hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
54. Faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish uchun fakultet boshlig‘i raisligida o‘quv-metodik kengash tashkil etiladi. O‘quv-metodik kengash tarkibi OTM rektori tomonidan tasdiqlanadi.
55. Fakultet boshlig‘i OTM ilmiy kengashi va qabul komissiyasi a’zosi, shuningdek yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi raisining o‘rinbosari hisoblanadi.
Fakultet boshlig‘i o‘z xizmat vazifalarini ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq bajaradi. Bundan tashqari uning vazifalariga quyidagilar kiradi:
OTM ilmiy kengashi va fakultetning o‘quv-metodik kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash;
o‘quv-tarbiyaviy jarayonning amalga oshirilish, shuningdek talabalarning bitiruv malakaviy ishlari va malakaviy amaliyotini nazorat qilish;
talabalarni navbatdagi kursga o‘tkazish, ularni qabul qilish (chetlashtirish), yakuniy davlat attestatsiyalariga va bitiruv malakaviy ishni himoya qilishga ruxsat berish, akademik ta’tillar berish va stipendiyalar tayinlash to‘g‘risida OTM rektori buyruqlari loyihalarini ishlab chiqish;
fakultetning o‘quv-metodik kengashi ishiga rahbarlik qilish, ilmiy va ilmiy-metodik konferensiyalar tashkil qilish va o‘tkazish;
iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni olimpiadalarda qatnashishga tayyorlash bo‘yicha ishlarga rahbarlik qilish, maxsus stipendiyalar uchun talabalarni tanlash;
OTM marketing xizmati bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarining fakultet bitiruvchilari orasidan yetuk, malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish, ularni ish bilan ta’minlash ishlarini tashkil etish;
talabalar yotoqxonasida yashayotgan fakultet talabalarining bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etish.
Oldingi tahrirga qarang.
56. Fakultetda ta’lim olayotgan, sog‘lig‘i bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli talabalar harbiy tayyorgarlikka jalb etiladi.
(56-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
OTMga o‘qishga kirishda fanlar blokidagi o‘ringa qarab, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballarning 33,3 foizidan kam ball to‘plagan abituriyentlar davlat test sinovlariga kiritilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
57. OTM rektorining talabalarni harbiy tayyorgarlikka jalb qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i OTMda birinchi o‘quv yili oxirida o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha chiqariladi.
(57-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
58. Talabalarning salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqliligi OTM joylashgan hududdagi mudofaa ishlari boshqarmasi (bo‘limi) harbiy-tibbiy komissiyasining tibbiy ko‘rik natijalariga asosan aniqlanadi. Salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan talabalar fakultet boshlig‘i taqdimnomasiga binoan rektor buyrug‘i bilan OTMdan chetlashtiriladi yoki tahsil olish uchun boshqa ta’lim yo‘nalishiga o‘tkaziladi.
Harbiy tayyorgarlik davrida salomatligi yuzasidan shikoyat qilgan talabalar harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari bo‘limiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuboriladi. Salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan shaxslar fakultet boshlig‘i taqdimnomasiga binoan rektor buyrug‘i bilan OTMdan chetlatiladi yoki tahsil olish uchun boshqa ta’lim yo‘nalishiga o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
59. Fakultet talabalarining o‘quv yig‘inlari OTMda o‘qishning 2-kursi oxirida o‘tkaziladi hamda OTM o‘quv rejasi va o‘quv jarayoni jadvalida o‘quv amaliyot turi sifatida qayd etiladi.
(59-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
60. Talabalar harbiy tayyorgarlikning barcha dasturlari bajarilgandan so‘ng o‘quv yig‘inlari oxirida harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi va uning natijalari mazkur ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv rejalarida nazarda tutilgan boshqa fanlar bo‘yicha davlat attestatsiyalari bilan teng hisobga olinadi.
61. Uzrli sabablarsiz mashg‘ulotlarda qatnashmagan, o‘quv yig‘inlaridan bo‘yin tovlagan yoki ta’lim jarayonida va o‘quv yig‘inlari davrida intizomni buzgan, shuningdek belgilangan nazorat turlarini topshirmagan talabalar fakultet boshlig‘i taqdimnomasiga binoan rektor buyrug‘i bilan OTMdan chetlashtiriladi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
62. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari tekshiruvdan o‘tkaziladi, ularning mazmuni va davriyligi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
63. Ushbu Nizomni qo‘llash masalalari bo‘yicha yuzaga keladigan kelishmovchiliklar qonunchilikka muvofiq hal etiladi.
(63-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
64. Ushbu Nizom talablarini buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradi.
(64-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida talabalar orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
* “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” fakultetlarida tahsil olayotgan talabalarni saralash tadbirlari OTMga o‘qishga qabul qilish va ular tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar topshirishda amalga oshiriladi.
** “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar harbiy tayyorgarlikdan III va IV-semestrlarda o‘tadi.
(izoh O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2017-y., 09/17/809/0076-son; 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son; 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)