Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.10.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-oktabrdagi PQ-5269-sonli “Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarori ijrosini ta’minlash hamda mintaqada qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, sohani modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash, ilg‘or va intensiv agrotexnologiyalarni joriy qilishda malakali mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mintaqaning tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish, ularning kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish, ilg‘or, intensiv agrotexnologiyalarni joriy qilish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilashda zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni tayyorlash;
tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarga mehnat bozorining ehtiyojiga muvofiq tarzda sifatli bilim berish;
bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirib borish;
professor-o‘qituvchilar tarkibining kasbiy bilimini, mahoratini va ilmiy salohiyatini doimiy ravishda oshirish;
ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini amaliyotga joriy etish orqali tashkilotlar bilan hamkorlikda qo‘shma innovatsion ishlanmalar va amaliy tadqiqotlarni olib borish, natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish.
3. Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
4. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 988-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 09/19/988/4142-son)
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining o‘quv-metodik ta’minotini tashkil etish hamda moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziriga zarur hollarda Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 874-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2017-yil 1-sentabrgacha:
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialida o‘quv-metodik jarayonining tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv adabiyotlari, zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Termiz turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejini tugatish va uning Termiz tumani, Yangiobod qishloq fuqarolar yig‘ini, Limonzor qishlog‘i hududida joylashgan binolari va inshootlarini tegishli hududi hamda o‘quv va yotoqxona mebellari bilan Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi mazkur qarorning 6-bandida ko‘rsatilgan bino va inshootlarni tegishli hududi bilan birga hamda o‘quv va yotoqxona mebellarini belgilangan tartibda topshirsin, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qabul qilib olsin hamda ulardan samarali foydalanilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2019-yil va keyingi yillar parametrlarini shakllantirishda Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali obyektlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
9. Surxondaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 874-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son)
“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi bilan birgalikda o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotlarini, dala tajribalari va ilmiy tadqiqotlarini o‘tkazish maqsadida filialning o‘quv-tajriba xo‘jaligini tashkil etish uchun 50 gektar sug‘oriladigan yer maydonini ajratilishini;
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga respublikaning boshqa hududlaridan ishga taklif etilgan mutaxassislarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati Termiz shahri va Termiz tumanida qurilayotgan arzon uy-joylardan imtiyozli shartlar asosida ehtiyojdan kelib chiqqan holda ajratilishini ta’minlasin.
10. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialini saqlash xarajatlari 2017-yilda “Ta’lim” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
11. Quyidagilar Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi 2017-yil 1-sentabrgacha Termiz turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining ularning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, tegishli yo‘nalish (kasb)lar bo‘yicha yashash joyiga yaqin bo‘lgan kasb-hunar kollejlariga belgilangan tartibda joylashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-iyul,
479-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 988-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 09/19/988/4142-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 479-son qaroriga
2-ILOVA
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining o‘quv-metodik ta’minotini tashkil etish hamda moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari
DASTURI

T/r

Tadbirlar nomi

Bajarish muddati

Moliyalashtirish manbalari

Mas’ul bajaruvchilar

I. Filial faoliyatini tashkil etish

1.

Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining ustavini ishlab chiqish, belgilangan tartibda tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

Bir oy muddatda

-

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi,

Toshkent davlat agrar universiteti

2.

Filialning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tuzish va tasdiqlash.

Bir oy muddatda

-

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti

3.

Tanlov asosida filialni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash.

2 oy muddatda

-

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi,

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi,

Toshkent davlat agrar universiteti

4.

Filialning Vasiylik kengashi tarkibini shakllantirish va tasdiqlash.

2017-yil avgust

-

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi,

Surxondaryo viloyati hokimligi,

Toshkent davlat agrar universiteti

va uning Termiz filiali

5.

Filialning talabalari uchun o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlari bazasini yaratish maqsadida filial mutaxassis kadrlarining iste’molchilari hisoblangan viloyat tashkilotlari bilan ishga joylashtirish va amaliyotlarni tashkil etish bo‘yicha shartnomalar tuzish.

Doimiy ravishda

-

Toshkent davlat agrar universiteti

Termiz filiali

6.

Filial professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida Toshkent shahridan va viloyatlardan taklif etilgan olim va mutaxassislarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida Termiz shahrida va Termiz tumanida qurilayotgan arzon uy joylardan imtiyozli shartlar asosida ajratish:

2017-yil — 25 ta

2018-yil — 20 ta

2019-yil — 20 ta

2020-yil — 15 ta

2017 — 2020-yillar

Tijorat banklarining imtiyozli kreditlari

Surxondaryo viloyati hokimligi,

Termiz shahar va Termiz tuman hokimliklari

II. Filial moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlash

7.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2018-yil va keyingi yillar parametrlarini shakllantirishda Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali obyektlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini tashkil qilish.

2017-yildan boshlab

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi

8.

O‘quv-ishlab chiqarish amaliyotlarini, dala tadqiqotlarini o‘tkazish maqsadida filialning o‘quv-tajriba xo‘jaligini tashkil etish uchun 50 gektar sug‘oriladigan yer maydonini ajratish.

2017-yil

-

Surxondaryo viloyati hokimligi,

Qishloq va suv xo‘jaligi vaz�rligi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi

III. Filialning o‘quv-metodik va pedagogik ta’minotini tashkil etish

9.

Filialni davlat ta’lim standartlari, o‘quv-metodik adabiyotlar, axborot materiallar (shu jumladan ularning elektron variantlari), maxsus davriy nashrlar bilan ta’minlash.

2017-avgust

Filialning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti,

Toshkent davlat agrar universiteti

10.

Ilmiy muassasalarning yetakchi ilmiy xodimlarini va ishlab chiqarishning tajribali mutaxassislarini filialning pedagogik faoliyatiga jalb etish.

2018-yildan boshlab

-

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalari

11.

Xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish.

Doimiy ravishda

Xalqaro loyihalarning grant mablag‘lari va Filialning budjet va budjetdan tashqari mablag‘la�i

Qishloq xo‘jaligi vazirligi,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti,

Toshkent davlat agrar universiteti

12.

Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birga qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlanmalarni tashkil etish.

Doimiy ravishda

Davlat grantlari va xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha tushgan mablag‘lar

Qishloq xo‘jaligi vazirligi,

Toshkent davlat agrar universiteti,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

13.

Axborotlar, to‘plangan tajriba va mutaxassislarning keng almashinuvini ta’minlash, pedagog kadrlarning yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalaridagi stajirovkalarini tashkil etish. Filialda leksiyalar va maxsus mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarning yuqori malakali olimlarini taklif etish.

Doimiy ravishda

Bajaruvchilar va homiylar mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarning grantlari

Qishloq xo‘jaligi vazirligi,

vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalari,

“El-yurt umidi” jamg‘armasi

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 28-son, 656-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son, 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son, 13.12.2019-y., 09/19/988/4142-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)