Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 19-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2890]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3239, 04.06.2020-y.) asosan 2020-yil 5-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-sonli “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais R. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-may,
01/27-26/04-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 15-maydagi 01/27-26/04-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash” (bundan buyon matnda 14-son MBMS deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-son “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash sohasida Oʻzbekiston Respublikasidagi baholash faoliyatining normativ jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. 14-son MBMSning normalari va qoidalari yuridik shaxslar tovar-moddiy zaxiralar qiymatini ularni realizatsiya qilish yoki shartnoma va/yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha usulda boshqa shaxsga berish ehtimolini hisobga olgan holda shartnoma va/yoki qonun hujjatlariga muvofiq majburiyatlar bajarilishini taʼminlash sifatida baholash maqsadlariga qaratilgan.
2. Quyidagilar 14-son MBMSning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash tushunchalari va qoidalaridan foydalanishda, shuningdek ularning qiymatini baholashda baholovchilar va mol-mulk egalari xatti-harakatlarining muvofiqligini taʼminlash;
baholashning xolisligi va sifatini oshirishda koʻmaklashadigan tartib-taomillarni belgilash;
boshlangʻich axborot, baholash toʻgʻrisidagi hisobot mazmuni va materialni bayon etishga nisbatan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar turlicha talqin qilinishini istisno etadigan yagona talablarni belgilash.
3. 14-son MBMSda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
analog — tarkibi, texnik kelib chiqishi, shuningdek foydalanish maqsadiga koʻra baholash obyektiga oʻxshash, muhim alomatlarining yigʻindisi boʻyicha yaqin boʻlgan obyekt;
toʻgʻridan toʻgʻri xarajatlar — alohida turdagi tovar-moddiy zaxiralarni ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) jarayoni bilan bevosita bogʻliq boʻlgan hamda ularning birligi tannarxga toʻgʻridan toʻgʻri kiritiladigan ishlab chiqarish xarajatlari;
bilvosita xarajatlar — bir necha turdagi tovar-moddiy zaxiralarni ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish xarajatlari, ular muayyan tovar-moddiy zaxiralar birliklari tannarxiga bevosita kiritilmaydi, buning oqibatida ular xarajatlar obyektlari va ularning birligi tannarxi oʻrtasida hisob-kitob yoʻli bilan taqsimlanadi;
joriy qiymat — muayyan sanada amal qilayotgan bozor narxlari boʻyicha tovar-moddiy zaxiralarning qiymati yoki xabardor qilingan, bitimni amalga oshirishni xohlovchi, bir-biridan mustaqil taraflar oʻrtasida bunday bitimni amalga oshirishda aktivni sotib olish yoki majburiyatni bajarish uchun yetarli boʻlgan summa;
tovar qiymatining yoʻqotilishi — isteʼmol xossalarining pasayishi yoki yomonlashuvi sababli tovar-moddiy zaxiralarning qiymati pasayadigan nisbiy miqdor;
tovar-moddiy zaxiralar — keyinchalik sotish maqsadida normal faoliyat yuritish jarayonida tutib turiladigan va ishlab chiqarish jarayonida boʻlgan, shuningdek mahsulot ishlab chiqarish jarayonida yoxud maʼmuriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan moddiy aktivlar.
Quyidagi koʻrinishdagi aktivlar tovar-moddiy zaxiralar hisoblanadi:
sotish uchun moʻljallangan tayyor mahsulot, tovarlar, shu jumladan yoʻldagi tovarlar;
tugallanmagan ishlab chiqarish;
ishlab chiqarish jarayonida foydalanish yoki ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish maqsadlari uchun moʻljallangan xomashyo, materiallar, xarid qilinadigan yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar, konstruksiya va detallar, yoqilgʻi, idish va idishbop materiallar, ehtiyot qismlar, boshqa materiallar zaxiralari.
2-bob. 14-son MBMSni qoʻllanish sohasi
4. 14-son MBMS baholovchi tashkilotlar, baholovchilar va buyurtmachilar tomonidan tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishda qoʻllanilishi majburiydir.
5. 14-son MBMS yuridik shaxslarning mulkida boʻlgan tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholashda qoʻllaniladi.
6. Xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat mulkidagi aktivlar baholash obyektlari boʻlgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (8-son MBMS) “Xususiylashtirish maqsadida mulk qiymatini baholash” (roʻyxat raqami 2025, 2009-yil 28-oktabr) qoʻllaniladi.
7. 14-son MBMSni qoʻllashda 14-son MBMSning ilovasida keltirilgan Uslubiy koʻrsatmalarga rioya etilishi lozim.
3-bob. 14-son MBMSni buxgalteriya hisobi standartlari bilan oʻzaro aloqasi
8. Baholash obyektlari 14-son MBMS talablariga muvofiq baholanganda olingan natijalar Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini hisobga olgan holda qoʻllanilishi mumkin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS) norma va talablari faqat 14-son MBMSda nazarda tutilgan hollarda qoʻllanilishi mumkin. Boshqa hollarda 14-son MBMS talablariga rioya etish zarur.
10. 14-son MBMS baholash usullari bilan aniqlangan baholash obyektining qiymati moliyaviy hisobot uchun belgilangan tartibda aniqlangan ushbu mol-mulkning qiymatidan jiddiy tarzda farqlanishi mumkin.
4-bob. Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash xususiyatlari
11. Yuridik shaxslarning balansida turgan va mulkida boʻlmagan tovar-moddiy zaxiralar (haqi toʻlangan va xaridorga yuklab joʻnatilishi kerak boʻlgan tovarlar, konsignatsiya tovarlari, qayta ishlashga berilgan xomashyo va materiallar hamda boshqalar) mazkur aktivlar mulkdorining yozma roziligi bilan baholanishi kerak.
12. Baholash obyektlari (tovar-moddiy zaxiralar sifatida yuridik shaxslarning balansida boʻlgan va/yoki ularning mulkida boʻlgan) ishlab chiqarish sikli tugallangan aktivlar (shu jumladan kapital qurilish) boʻlganda, ular boʻyicha alohida Mulkni baholash milliy standartlari qabul qilingan boʻlsa, ular tegishli Mulkni baholash milliy standartlari talablari asosida baholanadi.
13. Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholashda 14-son MBMS usullari qoʻllanilganda, baholash taomilida sotishdan keyingi taomillar xarajatlari, foyda va shartnomalarni rasmiylashtirish xarajatlari hisobga olinmaydi.
5-bob. 14-son MBMS talablari
1-§. Umumiy qoidalar
14. Baholovchi uchun 14-son MBMSning talabi baholashning quyidagi bosqichlariga rioya etishdan iborat:
baholash vazifasini belgilash va baholash obyektini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
axborot yigʻish va uni tahlil qilish;
baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash;
baholash obyektining qiymatini hisob-kitob qilish va aniqlash;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish.
15. Buyurtmachi uchun 14-son MBMSning talabi quyidagilardan iborat:
baholovchi bilan birgalikda baholash toʻgʻrisidagi vazifani belgilash va baholash obyektini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
baholash obyektiga kirish imkoniyatini taʼminlash (zarur hollarda);
baholovchiga zarur dastlabki axborotni taqdim qilish.
2-§. Baholash vazifasini belgilash
16. Baholash vazifasi buyurtmachi tomonidan baholovchi tashkilot bilan birgalikda tuziladi va baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga ilova shaklida rasmiylashtiriladi.
Baholash vazifasi quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
baholash obyektining nomi va qisqacha tavsifi;
buyurtmachining nomi va uning rekvizitlari;
baholovchi tashkilotning nomi va uning rekvizitlari;
baholashni oʻtkazish uchun asoslar;
baholash maqsadi (vazifasi) va baholash natijalaridan foydalanish moʻljali;
baholash sanasi;
baholash maqsadiga muvofiq boʻlgan aniqlanayotgan qiymat turi;
farazlar va cheklovchi shartlar (ular mavjud boʻlganda);
buyurtmachi tomonidan taqdim etilishi lozim boʻlgan dastlabki axborot roʻyxati;
baholash ishlarini bajarish muddatlari.
Baholash vazifasi qoʻshimcha shartlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
3-§. Axborot yigʻish va uni tahlil qilish
17. Tovar-moddiy zaxiralarni baholashda asosiy axborot manbai boʻlib yuridik shaxsning buxgalteriya hisobi va hisoboti hujjatlari hisoblanadi.
18. Baholash obyektining qiymatini baholash jarayonida buyurtmachi quyidagilarni taqdim etadi:
baholash sanasidan oldingi moliyaviy hisobot hujjatlarining nusxalari hamda tovar-moddiy zaxiralarning miqdori va buxgalteriya maʼlumotlari (narx axboroti, sanalar va h.k.) oʻz ichiga olgan hujjatlarni;
tovar-moddiy zaxiralar toʻgʻrisidagi balans moddalarining rasshifrovkasi, ularning miqdori va oʻlchov birligini;
sifat tavsiflarini koʻrsatgan holda tovar-moddiy zaxiralar holatining dalolatnomasini;
baholash obyektiga taalluqli boʻlgan boshqa hujjatlarni.
Zarurat tugʻilganda baholovchi tomonidan tovar-moddiy zaxiralarni yuridik shaxslarning balansiga qabul qilish uchun asos boʻluvchi hujjatlar nusxalari (shartnomalar, qabul qilish dalolatnomalari va h.k.) soʻrab olinishi mumkin.
19. Baholash obyektini baholashda quyidagilardan foydalanilishi mumkin:
buyurtmachidan olingan axborotdan;
ishlarni bajarishga jalb qilingan uchinchi shaxslardan olingan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan axborotdan;
ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning (tarmoq, tahliliy sharhlar, bozor sharhlari), shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida eʼlon qilingan statistika maʼlumotlaridan;
boshqa axborotdan (soʻrov, intervyu natijalari boʻyicha va boshqa manbalardan olingan), bunda ushbu axborotdan foydalanganlik uchun javobgarlik baholovchiga yuklanadi.
20. Baholovchi tomonidan qoʻllaniladigan usullar bozor holati va dinamikasi toʻgʻrisida, shuningdek baholash obyekti boʻyicha bitimlar haqida (sanasi, narxi, narxni shakllantiruvchi omillar, axborot manbai va boshqalar) axborotdan foydalanishni talab etgan hollarda baholovchi 14-son MBMSning talablariga muvofiq baholash obyekti tegishli boʻlgan bozor segmenti toʻgʻrisida umumiy axborotni yigʻishi kerak.
21. Baholash jarayonida foydalaniladigan axborot baholovchi tomonidan baholash uchun zarur boʻlgan narxni shakllantiruvchi omillarni aniqlash uchun ishonchli va yetarli boʻlishi lozim.
Buyurtmachi tomonidan taqdim qilingan, shuningdek ishlarni bajarishga jalb qilingan uchinchi shaxslardan olingan axborot quyidagi hollarda ishonchli hisoblanadi, agar ular:
axborotni taqdim etgan tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan boʻlsa, tegishli manbalarga havola qilingan boʻlishi lozim boʻlgan, baholovchi tomonidan ommaviy axborot vositalari, Internet tarmogʻi, soʻrov, intervyu natijalari boʻyicha va boshqa oʻxshash manbalardan olingan axborot bundan mustasno;
hujjatlar asl nusxadagi hujjatning nusxasi boʻlgan hollarda axborot tegishli boʻlgan tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan boʻlsa.
22. Agar buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan axborot hajmi va sifati 14-son MBMS talablariga muvofiq baholashni amalga oshirish va baholash obyektlarini baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlash uchun yetarli boʻlmasa, baholovchi baholash boʻyicha ishlarni bajarishdan bosh tortishga haqli.
23. Baholashni oʻtkazishda baholovchi uchun maʼlum boʻlgan barcha axborot va hujjatlar qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda maxfiylik shartlarida qoʻllanilishi shart.
4-§. Baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash
24. 14-son MBMS doirasida baholash obyekti qiymatining hisob-kitobi xarajat va qiyosiy yondashuvlarni qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
Biror-bir yondashuvdan foydalanishning imkoni yoʻqligi yoki cheklanganligini baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tegishli dalillarni keltirgan holda asoslanishi lozim.
25. Tovar-moddiy zaxiralar qiymati xarajat yondashuvi bilan baholanganda quyidagi usullar qoʻllaniladi:
almashtirish usuli;
qiymatni indeksatsiya qilish usuli;
oʻrtacha hisoblangan qiymat usuli;
oʻrtacha narx boʻyicha baholash usuli.
26. Almashtirish usuli ustama (toʻgʻridan toʻgʻri va bilvosita) xarajatlar qiymatini hisobga olgan holda ishlab chiqaruvchi zavodlarning narxlarini (sotish narxi, preyskurant boʻyicha va h.k.) qoʻllash yoʻli bilan almashtirish qiymatini aniqlashga asoslanadi.
27. Qiymatni indeksatsiyalash usuli qimmatlashishning statistik indekslarini hisobga olgan holda tovar-moddiy zaxiralarning dastlabki qiymatini qoʻshimcha baholash yoʻli bilan tiklanish qiymatini aniqlashni nazarda tutadi.
28. Oʻrtacha hisoblangan qiymat usuli bilan hisoblash tovar-moddiy zaxiralarning turidan kelib chiqib guruhlar va kichik guruhlar tuzishni nazarda tutadi hamda tovar-moddiy zaxiralar kelib tushgan vaqtdagi narxlar oʻzgarishi dinamikasiga qarab, ularning guruhlari va kichik guruhlariga salmoqlarni berishga asoslanadi.
29. Oʻrtacha narx boʻyicha baholash usuli tovarlarning turdosh guruhlariga nisbatan tovar bir birligining oʻrtacha qiymatini hisob-kitob qilish yoʻli bilan qoʻllaniladi. Tovar narxlari sezilarli tebranib turganda ushbu usulni qoʻllab boʻlmaydi.
30. Xarajat yondashuvi usullarini 14-son MBMS boʻyicha qoʻllash doirasida tiklanish qiymati yoki almashtirish qiymati tovar qiymatini yoʻqotish miqdoriga tuzatiladi.
Tovar-moddiy zaxiralar doirasida “tugallanmagan ishlab chiqarish” qiymatini baholaganda tovar qiymatini yoʻqotish miqdoriga tuzatish kiritilmaydi.
31. Qiyosiy yondashuv analog bilan toʻgʻridan toʻgʻri qiyoslash usuli orqali qoʻllaniladi.
32. Qiyosiy yondashuv oʻxshash obyektlarning sotilishi (yoki taklifi) toʻgʻrisidagi bozor axborotidan tovar bozorida foydalanishni anglatadi. Bunda sotish (yoki taklif) narxlariga baholash obyekti va analog tavsiflaridagi tafovutlarni hisobga olgan holda tuzatish kiritiladi.
33. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan qayta sotilishi taqiqlangan, monopol tovarlari va yuqori likvidli tovar turlarining qiymatini baholashda qiyosiy yondashuvdan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-§. Turli yondashuvlar doirasida olingan baholash natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash
34. Baholash obyektining yakuniy qiymati turli yondashuvlar bilan baholashda olingan baholar natijalarini muvofiqlashtirish orqali aniqlanadigan qiymatning yagona miqdori tarzida ifodalanadi.
35. Muvofiqlashtirish turli yondashuvlar bilan olingan baholash natijalariga 14-son MBMSning Uslubiy koʻrsatmalarida belgilangan tartibda aniqlanadigan tegishli ogʻirlik koeffitsiyentlarini qoʻyish orqali amalga oshiriladi.
36. Turli yondashuvlar bilan hisob-kitob qilish yakunlari boʻyicha olingan baholash natijalari oʻrtasida jiddiy (30 foizdan ortiq) tafovutlar mavjud boʻlganda ushbu tafovutning sabablari tahlil qilinadi, u baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi hamda muvofiqlashtirish uchun baholovchining fikriga koʻra eng toʻgʻri natijalar tanlab olinadi.
Baholovchi qoʻllanilgan baholash yondashuvlari (usullari) natijalarini muvofiqlashtirishdan bosh tortishga va yondashuvlardan birining natijasini yakuniy qiymat sifatida tavsiya etishga haqli. Bunda baholovchi oʻzining rad javobini baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirishi va asosli dalillarni keltirishi lozim.
37. Muvofiqlashtirishda baholovchi quyidagilarni hisobga olishi zarur:
baholash maqsadi va baholash natijalaridan foydalanish moʻljalini;
baholash obyektining oʻziga xosligini;
tahlil va hisob-kitob qilishga asos boʻlgan axborotning toʻliqligini;
baholash yondashuvi baholash obyektiga oʻxshash obyektlarning odatdagi xaridorlari va sotuvchilarining asoslarini aks ettirilishini;
baholash yondashuvining bozor konyunkturasini hisobga olinishini.
38. Muvofiqlashtirish usuli va solishtirma ogʻirlikni tanlash, shuningdek keltirilgan barcha mulohazalar va farazlar baholovchi tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslantirilishi zarur.
6-§. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
39. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchining professional fikrini ifodalaydi va baholash obyektining qiymatini aniqlash boʻyicha qilingan ishning hujjatli tasdigʻi hisoblanadi.
40. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot undan foydalanuvchi baholovchi tomonidan qilingan hisob-kitoblarning mantigʻini tushuna oladigan va butun ketma-ketligini takrorlay oladigan qilib tuzilishi lozim. Shuningdek, baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchi zarur hollarda baholash obyektining qiymatini hisobotda keltirilgan maʼlumotlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda hisoblash imkoniga ega boʻlishi lozim.
41. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholash obyekti toʻgʻrisidagi barcha axborot, baholash jarayonida foydalanilgan barcha axborot tavsifi, qilingan tahlil bosqichlari va hisob-kitoblar, olingan natijalarning asoslanmasi, baholash obyektining yakuniy qiymati, baholash bazasining tasdigʻi, baholashning maqsadi, shuningdek baholash natijalari toʻliq va bir xil talqin qilinishini taʼminlovchi barcha farazlar va cheklovchi shartlar boʻlishi lozim.
42. Hisobot faqatgina baholash jarayonidagi hisob-kitoblar va tahlil qilishda foydalanilgan axborot va maʼlumotlardan iborat boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan, baholashni oʻtkazishda foydalanilgan yoki hisob-kitoblar natijasida olingan axborotda axborot manbaiga havolalar keltirilishi lozim.
43. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot quyidagi tuzilishga ega boʻlishi lozim:
titul varagʻi;
mundarija;
kuzatuv xati (umumlashtiruvchi qism);
qisqartmalar, shartli belgilar, ramzlar, birliklar va atamalar roʻyxati;
kirish;
asosiy qism;
xulosa;
foydalanilgan manbalar roʻyxati;
ilovalar.
44. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchi (baholovchilar) tomonidan sahifama-sahifa raqamlangan va imzolangan, tikilgan, shuningdek baholovchi tashkilot rahbarining imzosi va shu tashkilot muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi lozim.
45. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilovada baholovchi tomonidan foydalanilgan hamda baholash obyektining miqdor va sifat tavsiflarini belgilovchi hujjatlarning nusxalari boʻlishi lozim.
46. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga baholovchi tashkilotning litsenziyasi, baholovchilarning malaka sertifikatlari va fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash polisining nusxalari ham ilova qilingan boʻlishi lozim.
47. Baholashni oʻtkazishda ayrim hisob-kitoblar baholash toʻgʻrisidagi hisobotdagi ushbu hisob-kitoblarga havolalarni koʻrsatgan holda ilovaga chiqarilishi mumkin.
48. Baholovchi tashkilot baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilgan baholash natijalari uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
6-bob. Axborotni oshkor etishga qoʻyiladigan talablar
49. Baholash jarayonida foydalanilgan barcha axborot (maxfiy xususiyatga ega boʻlgani bundan mustasno) baholash toʻgʻrisidagi hisobotda, ular baholovchi tomonidan qanday shaklda toʻplangan boʻlsa, shunday shakl va tartibda ochib beriladi.
50. Maxfiy tusdagi axborot baholovchi tomonidan faqat buyurtmachi va/yoki bunday axborotni taqdim qilgan shaxslar bilan kelishuv boʻyicha yoxud sudning tegishli qaroriga binoan oshkor etiladi. Foydalanilayotgan axborotning maxfiylik darajasi buyurtmachi va/yoki bunday axborotni taqdim etuvchi yoxud unga bevosita aloqador boʻlgan shaxslar tomonidan belgilanadi.
51. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda barcha ehtimollar va cheklovchi shartlar, shuningdek axborotni oshkor etishga qoʻyiladigan har qanday talablar ochib beriladi.
52. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot, shuningdek baholovchining baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalariga, mazkur standartga va qabul qilingan boshqa mulkni baholash standartlariga rioya qilinganligi haqidagi bayonotdan iborat boʻlishi, standartlarning talablaridan har qanday chetga chiqish koʻrsatilishi va bunday chetga chiqishga tushuntirish berilishi lozim.
7-bob. Yakuniy qoidalar
53. 14-son MBMSning baholash jarayoni va olingan natijani bayon etish, baholashga va yakuniy qiymat toʻgʻrisidagi xulosaga daxldor boʻlgan har qanday farazlar va cheklovchi shartlarni oshkor etish bilan bogʻliq talablaridan biron-bir tarzda chetga chiqilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
54. Baholovchi qonun hujjatlariga muvofiq 14-son MBMSning talablariga qisman yoki toʻliq rioya qilish imkoni boʻlmagan hollarda, baholovchi baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlash boʻyicha mos keluvchi hisoblarni va baholashning tegishli tartib-taomillarini amalga oshirishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda belgilanishi lozim boʻlgan qiymatni koʻrsatish va aniqlash bilan bir qatorda 14-son MBMSning talablaridan chetga chiqishlarning sabablarini dalillar bilan isbotlashi va asoslab berish zarur.
55. Mazkur 14-son MBMS Baholovchi tashkilotlar uyushmasi va Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati bilan kelishilgan.
Baholovchi tashkilotlar uyushmasi raisi A. ISLAMOV
2017-yil 15-may
Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati raisi N. MIRZARAXIMOVA
2017-yil 15-may
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash”ga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha
USLUBIY KOʻRSATMALAR
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (14-son MBMS) “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha Uslubiy koʻrsatmalar (bundan buyon matnda Uslubiy koʻrsatmalar deb yuritiladi) 14-son MBMSni amalda qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Uslubiy koʻrsatmalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aynan bir xil obyekt — kimyoviy tarkibi va fizik xossalariga koʻra baholash obyektiga oʻxshash, tabiiy kelib chiqishi (standarti) boʻyicha baholash obyektidan biror-bir farqlanishlari mavjud boʻlmagan obyekt;
analog-obyekt — baholash jarayonida ular haqidagi axborotdan foydalaniladigan aynan bir xil obyekt yoki analog.
2-bob. Baholash vazifasini belgilash
2. Baholash vazifasini tuzishda baholash obyekti asosiy tasniflari, shuningdek barcha huquq va majburiyatlarni hisobga olgan holda tavsiflanadi.
3. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa erkin shaklda va 14-son MBMS talablarini hisobga olgan holda tuziladi, buyurtmachi hamda baholash tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi, ularning muhrlari bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi va baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi.
3-bob. Axborotni yigʻish va uni tahlil qilish
4. Baholash obyekti toʻgʻrisida axborot yigʻish buyurtmachidan baholash obyektiga doir hujjatlarni olish, baholash obyektini koʻzdan kechirayotganda olingan axborotni oʻrganish, tovarlar bozoriga doir axborotni izlash va oʻrganish, axborotni tahlil qilish, baholash obyektini tavsiflashdan iborat.
5. Hisob-kitoblarning hajmi va ularni mufassallashtirish baholashni oʻtkazish uchun foydalaniladigan axborot va hujjatlarga bogʻliqdir.
6. Axborot va taqdim etilgan hujjatlar tahlil qilinganda baholash obyektini koʻzdan kechirish natijalari hisobga olinadi. Ularda nomuvofiqliklar, qarama-qarshiliklar aniqlanganda yoki ularning ishonchliligiga shubha tugʻilganda baholovchi dastlabki maʼlumotlarni aniqlashtirishga va ularni kelgusi hisob-kitoblarda qoʻllashga yoki baholash uchun boshqa asoslangan axborotdan foydalanishga haqlidir.
7. Yigʻilgan (buyurtmachidan yoki u vakolat bergan shaxslardan olingan) boshlangʻich hujjatlarga ega boʻlgan holda, baholovchi buyurtmachining vakili yoki baholash obyektining balansda saqlovchisi vakili bilan birga baholash obyektini koʻzdan kechirish, uning amaldagi holatini oʻrganish, uni tavsiflash, fotosuratga olish hamda baholash obyektini identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni bajaradi.
8. Baholash obyektlarini koʻzdan kechirish taomili ularni identifikatsiya qilish, jismoniy holatini aniqlash, taqdim etilgan boshlangʻich hujjatlarga nomuvofiqliklarni, shuningdek boshlangʻich hujjatlarda koʻrsatilmagan nuqsonlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
9. Tovar-moddiy zaxiralardan foydalanish, egalik qilish va ishlov berish huquqlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat roʻyxatidan va nazoratidan oʻtkazilishi zarur boʻlgan taqdirda baholovchi tegishli roʻyxatdan oʻtkazish yoki ruxsat berish hujjatlari nusxasini talab qilib olishi kerak.
10. Buyurtmachi baholovchini baholash obyektiga belgilangan tartibda kirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
11. Baholash taomili baholash obyekti va/yoki uning analoglari toʻgʻrisida bozor axborotidan foydalanishni talab qilgan hollarda baholovchi oʻxshash (aniq yoki taxminan oʻxshash) obyektlarning narxlari (yoki takliflari) toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish uchun baholash obyektlarining bozorini tahlil qiladi.
Axborot yigʻishda aynan bir xil analog-obyektlar toʻgʻrisidagi axborot ustuvor hisoblanadi.
12. Analoglar toʻgʻrisida axborotni yigʻishda import tovarga qoʻshimcha xarajatlar (soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, transport xarajatlari, boshqa xarajatlar) hisob-kitobiga xolis yondashish maqsadida baholash obyekti va analoglar ishlab chiqarilgan mamlakatdan kelib chiqishi boʻyicha muvofiq kelishi toʻgʻrisidagi shartlarga rioya etilishi zarur.
Obyektlarning boshqa parametr va tavsiflari baholash obyekti uchun narxni shakllantiruvchi boʻlib hisoblangan taqdirda, ularni ham qiyoslash majburiydir.
13. Baholash obyektining analoglari toʻgʻrisida axborot yigʻishda analoglarni tanlash elementlarining talablarini hisobga olish lozim.
Baholash obyekti muayyan tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan tovar hisoblangan taqdirda, baholovchi aynan oʻxshash baholash obyektini tanlashda baholash obyektining tovar belgisiga alohida eʼtibor qaratishi kerak.
14. Axborotni yigʻish va uni tahlil qilish taomili baholovchi tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladigan baholash obyektini identifikatsiya qilish bilan birga olib boriladi.
4-bob. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash
1-§. Umumiy qoida
15. 14-son MBMS talablariga muvofiq baholash obyektining qiymatini baholashda xarajat va qiyosiy yondashuvlardan foydalaniladi.
2-§. Xarajat yondashuvi
16. Baholash obyektini baholashda xarajat yondashuvi tovar qiymati yoʻqotilishini chegirgan holda baholash obyektining toʻliq tiklanish qiymatini yoki almashtirish qiymatini aniqlashga asoslanadi.
17. Baholash obyektining qiymatini baholashda xarajat yondashuvi hisob-kitoblarning quyidagi bosqichlariga rioya etishni oʻz ichiga oladi:
toʻliq tiklanish qiymatini yoki almashtirish qiymatini aniqlash;
baholash obyektining tovar qiymati yoʻqotilishi hajmini aniqlash;
baholash obyektining qiymatini toʻliq tiklanish qiymati yoki almashtirish qiymati va tovar qiymati yoʻqotilishining qiymat koʻrsatkichi oʻrtasidagi farq sifatida aniqlash.
18. Toʻliq tiklanish qiymati yoki almashtirish qiymatini aniqlash quyidagi usullardan birini qoʻllash orqali amalga oshiriladi:
almashtirish usuli;
qiymatni indeksatsiyalash usuli;
oʻrtacha hisoblangan qiymat usuli;
oʻrtacha narx boʻyicha baholash usuli.
19. Almashtirish usuli tovar-moddiy zaxiralarning qiymatini aynan bir xil obyektlarni sotish (yoki savdolashish uchun chegirmani hisobga olgan holda taklif) yoki agar aynan bir xil obyekt ishlab chiqarishdan chiqarib tashlangan boʻlsa, unga yaqin analoglarni narxiga qarab baholashga asoslanadi.
Baholash obyektining almashtirish usuli bilan toʻliq tiklanish qiymati yangi aynan bir xil obyekt yoki analog-obyektning narxiga qarab aniqlanadi. Tavsiflarga doir tafovutlar boʻlgan taqdirda, analogning narxiga tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Baholash obyektining toʻliq tiklanish qiymati ishlab chiqaruvchi zavodning sotish narxiga (yoki rasmiy dilyerlarning sotish narxiga) tenglashtiriladi.
Analog-obyekt Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan hollarda mazkur analogning narxiga joylashgan joyiga qarab tuzatish kiritish zarur.
Quyidagi xarajatlarni hisobga olgan holda narxga tuzatish kiritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berish (tashish);
baholash paytida qonun hujjatlarida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning turlari.
Turgan joyiga qarab tuzatishni hisoblash ketma-ketligi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
analogning shartnomaviy narxi aniqlanadi, u analogning sotish (taklif) va yetkazib berish (transport xarajatlari) narxi qoʻshilmasiga teng;
import qilishda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar qonun hujjatlariga muvofiq hisoblanadi.
Transport xarajatlari haqiqiy tashish xarajatlari boʻyicha qabul qilinadi. Tashish xarajatlarining haqiqiy miqdorini aniqlash yoki hisob-kitob qilishning imkoni boʻlmaganda transport xarajatlari analog-obyektni sotish/taklif qiymatidan 5 foiz miqdorida qabul qilinadi.
20. Qiymatni indeksatsiyalash usuli statistika organlari belgilaydigan narxlarning qimmatlashish indeksini qoʻllash orqali amalga oshiriladi. Bunda indekslar, narxlar indekslari hisoblangan davrga qarab, balansga qabul qilingan sanadan boshlab baholash obyektining bazaviy (boshlangʻich, tiklanish) qiymatiga nisbatan qoʻllanadi.
Bazaviy qiymat sifatida buxgalteriya hisobi maʼlumotlari yoki tayyorlovchilarning (yoki dilyerlar, yetkazib beruvchilarning) retrospektiv sanadagi narx axborotidan foydalanish mumkin (bunda aynan bir xil tavsifli aniq analog narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanish zarur).
21. Oʻrtacha hisoblangan qiymat usuli turdosh tovar-moddiy zaxiralarning guruh va kichik guruhlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Guruhlash tovar-moddiy zaxiralarning oʻziga xos tavsiflaridan (turi, foydalanish sohasi, modellari va boshqalar) kelib chiqib amalga oshiriladi.
Tovar-moddiy zaxiralarning kichik guruhlariga oʻrtacha hisoblangan qiymatni hisoblashga solishtirma oʻlcham asos hisoblanadi.
Solishtirma oʻlchamlar korxona balansiga kelib tushayotgan har bir tovarlar turkumiga beriladi. Balans narxi joriy bozor narxlariga yaqinroq boʻlgan kichik guruhlarga kattaroq ulush berilishi zarur. Kichikroq ulushni balansga birinchi boʻlib qabul qilingan kichik guruhga berish maqsadga muvofiq.
Oʻrtacha hisoblangan qiymat usuli quyidagi formula bilan aniqlanadi:
Ssv = (S1 * U1) + (S2 * U2) + … + (Sn * Tn) bu yerda:
Ssv — baholash obyekti bir tovar pozitsiyasining oʻrtacha hisoblangan qiymati;
S1, S2, … Cn — baholash obyekti bir tovar pozitsiyasining balans qiymati;
U1, U2, … Un — solishtirma oʻlcham.
Baholash obyekti bir tovar pozitsiyasining balans qiymati har bir guruh (yoki kichik guruh) umumiy balans qiymatini mazkur guruhning (yoki kichik guruhning) tovar-moddiy zaxiralar miqdoriga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
22. Oʻrtacha narx boʻyicha baholash usuli hisobot davrida xarid qilingan, turkumlarning umumiy miqdoriga boʻlingan yetkazib berishlarning qoldigʻida va har bir turkumida mavjud boʻlgan tovarlar birliklari qiymatlarining summasini aniqlash yoʻli bilan qoʻllaniladi:
Ssr — xarid qilingan tovar birligining oʻrtacha tannarxi;
Si i-turkumdagi birlikning xarid qiymati;
n — davr uchun tovarlar xaridi turkumlarining soni;
So — hisobot davri boshiga qoldiqdagi tovar birligining tannarxi.
23. Baholash sanasida baholash obyekti tovar qiymatining yoʻqotilishi jismoniy, funksional va iqtisodiy yoʻqotishlarning yigʻindisi sifatida belgilanadi. Tovar qiymatining yoʻqotilishi 100 foizdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Jismoniy yoʻqotishda tovar-moddiy zaxiralar qiymatining yoʻqotishlari baholash obyektining foydalanishga yaroqlilik xossalarini, shu jumladan tabiiy eskirish, tabiat hodisalarining taʼsiri, avariyalar, boshqa jismoniy taʼsirlar natijasida qisman yoki toʻliq yoʻqotishi bilan bogʻliq.
Funksional yoʻqotish isteʼmol jihatidan afzalliklar, texnik innovatsiyalar yoki bozor standartlarining oʻzgarishi oqibatida yuzaga keladi.
Iqtisodiy yoʻqotish baholash obyektiga nisbatan tashqi vaziyatning oʻzgarishi (shu jumladan, tovar bozoridagi oʻzgarishlar, ijtimoiy, moliyaviy, qonunchilik, ekologik va boshqa sharoitlarning oʻzgarishi) natijasida yuzaga keladi.
Tovar qiymatining yoʻqotilishi toʻliq tiklanish qiymatidan (koeffitsiyent koʻrsatkichi) yoki pul ifodasidagi almashtirish qiymatidan (mutlaq miqdor) foizlarda yoki ulushlarda belgilanishi mumkin.
24. Xom ashyo materiali hisoblangan tovar-moddiy zaxiralar jismoniy (texnik) xossalarini yoʻqotmagan taqdirda, tovar qiymati yoʻqotilishining miqdori nolga teng boʻladi.
25. Tovar qiymati yoʻqotilishining miqdori quyidagi formulaga muvofiq aniqlanadi:
UTS= 1 – (1 – UTSfiz) * (1 – UTSfunk) * (1 – UTSek) bu yerda:
UTS — baholash obyekti tovar qiymati yoʻqotilishining koeffitsiyent koʻrsatkichi;
UTSfiz — baholash obyekti jismoniy yoʻqotishining koeffitsiyent koʻrsatkichi;
UTSfunk — baholash obyekti funksional yoʻqotishining koeffitsiyent koʻrsatkichi;
UTSek — baholash obyekti iqtisodiy yoʻqotishining koeffitsiyent koʻrsatkichi.
26. Baholash obyektining jismoniy yoʻqotishi quyidagi usullar bilan aniqlanadi:
foydalilik usuli;
ekspert hisob-kitobi usuli.
27. Foydalilik usuli jismoniy yoʻqotishni bartaraf etishga xarajatlar — qoʻshimcha tovarlarni xarid qilish, turli xil qoʻshimcha va ingrediyentlarni qoʻshish, foydalilikni oshirish va h.k. yigʻindisi sifatida hisoblanadi.
28. Ekspert hisob-kitobi usuli jismoniy holatning ekspert baholari shkalasiga muvofiq aniqlanadi:

Holatning bayoni

Holatning tavsifi

Tovar qiymatining yoʻqotilishi, %

Yangi

Yangi holatda, foydalanish muddati tugallanmagan, biron-bir oʻzgartirish yoki qoʻshimchalarsiz foydalanishga yaroqli.

0 — 5

Juda yaxshi

Deyarli yangi, belgilangan foydalanish muddati oʻtgan, lekin tovar oʻzgartirish yoki qoʻshimchalarsiz foydalanishga yaroqli, tovarning toʻliq massasi (butun hajmi) saqlangan holatda (yoʻqotishlarsiz), qayta idishga solish, foydalanish yoki saqlash shartlarini oʻzgartirish talab qilinmaydi.

6 — 19

Yaxshi

Tovar foydaliligini oshirish uchun mayda xarajatlarni hisobga olganda foydalanishga yaroqli, qayta idishga solishni (qayta qadoqlashni) talab qiladi, qisqa foydalanish muddatiga ega, yangi tovar bilan galma-gal ishlatilishi mumkin, asosiy elementlarini almashtirmagan holda mayda taʼmirlash ishlari oʻtkaziladi (agar tovar mexanizm hisoblansa yoxud mexanik yoki elektron asosda ishlasa).

20 — 40

Qoniqarli

Konsistensiyasi oshirilgandan keyin foydalanishga yaroqli, tovarning isteʼmol xossalarini oshiruvchi muayyan qoʻshimchalar qoʻshilganda foydalilik sifatlari oshirilganda qoʻllanilishi mumkin, tovardan foydalanish alohida qoʻllash sharoitlarini (yangi tovar bilan kam-kam qismlarini galma-gal ishlatishni talab qiladi), asosiy elementlarini almashtirgan holda yirik taʼmirlash ishlari oʻtkaziladi (agar tovar mexanizm hisoblansa yoxud mexanik yoki elektron asosda ishlasa).

41 — 60

Qoniqarsiz

Chiqindi materiallari, ikkilamchi xomashyo yoki siniq parchalar yoxud ehtiyot qismlar sifatida foydalanishga yaroqli.

61 — 80

29. Qiymatning funksional yoʻqotishi baholash obyektining tavsiflari (yaxshilashlar va/yoki ularning elementlari) isteʼmol bozorining joriy talablariga nomuvofiqligini yuzaga keltirgan miqdor sifatida aniqlanadi, toʻliq tiklanish qiymatiga yoki almashtirish qiymatiga shu miqdorda tuzatish kiritish zarur.
Funksional yoʻqotish miqdorini aynan bir xil obyekt va zamonaviyroq analogning narxlaridagi farqqa teng deb hisoblash mumkin.
30. Iqtisodiy yoʻqotish baholash obyekti qiymatiga tashqi omillarning salbiy taʼsiri yuzaga keltirgan, baholash obyektining tiklanish qiymati yoki almashtirish qiymatining pasayish miqdorini bildiradi. Quyidagilar tashqi omillarga kiradi: bozordagi vaziyat, foydalanishdagi cheklovlar, infratuzilmaning, qonun hujjatlarining oʻzgarishi va boshqalar.
Iqtisodiy qimmatlashuvni aniqlash analog-obyektlarni, ulardan biri iqtisodiy yoʻqotishga ega, sotish narxi yoki bozor qiymatini qiyoslashga asoslangan.
31. Xarajat yondashuvini qoʻllaganda baholash obyektining qiymati tovar qiymatining yoʻqotilishi miqdorini chegirgan hamda tashqi qimmatlashuvni hisobga olgan holda toʻliq tiklanish qiymati (yoki almashtirish qiymati) sifatida aniqlanadi. Baholash obyekti qiymati quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
S = S v(z) * (100% – UTS) bu yerda:
Sv(z) — baholash obyektining tiklanish qiymati yoki almashtirish qiymati;
UTS — baholash obyekti tovar qiymatining yoʻqotilishi, foizda.
3-§. Qiyosiy yondashuv
32. Qiymatni qiyosiy yondashuv bilan hisoblash quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
bozorni tadqiq etish, analog-obyektlar boʻyicha axborotni tahlil qilish va yigʻish;
qiyoslash analoglarini tanlash;
qiyoslash birliklarini aniqlash;
qiyoslash elementlarini tanlash;
qiymatni hisoblash usullarini tanlash;
qiyoslash elementlari boʻyicha tuzatishlarni hisoblash;
analog-obyektlar narxiga (qiymatiga) tuzatishlar kiritish;
baholash obyekti qiymatini aniqlash.
33. Baholash obyektlari bozori analog-obyektlarga doir bitimlar (takliflar) toʻgʻrisida axborot olish maqsadida tadqiq va tahlil qilinadi.
34. Qiyoslash analoglarini tanlash asosan mahalliy bozorda amalga oshiriladi (shu jumladan kelib chiqishga koʻra import boʻlgan analoglar uchun). Mahalliy bozorda analoglar mavjud boʻlmaganda 14-son MBMS talablarini hisobga olgan holda xorijiy bozorlar analoglari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
35. Baholash obyektining qiyoslash birliklarini tanlash va aniqlash baholash obyekti oʻlchov birliklarini hisobga olish xususiyatlariga muvofiq amalga oshiriladi: ogʻirlik (tn, kg, gr, litr va h.k.), uzunlik (km, metr, sm va h.k.), maydon (kv.m, kv.sm. va h.k.) oʻlchov birligi yoki yoppasiga oʻlchov birligi (vagon, konteyner va h.k.).
36. Quyidagilardan:
mulkiy huquqlar (majburiyatlar, cheklovlar va h.k.);
moliyalashtirish shartlari (boʻlib-boʻlib toʻlash, imtiyozli toʻlovlar va h.k.);
alohida shartlar (toʻlovlar va yetkazib berishning bozorga oid boʻlmagan shartlari);
bozor shartlari (vaqt mobaynida narxlarning oʻzgarishi va h.k.);
joylashgan joyi (mahalliy va xorijiy bozorlar va h.k.);
jismoniy tavsiflari (xossalari, tarkibi va h.k.);
iqtisodiy xossalari (tannarxi, xarajatlarni tejashi va h.k.);
narxni shakllantirishning boshqa xususiyatlaridan faqat narxni shakllantiruvchi va analoglarning narxiga jiddiy taʼsir koʻrsata olishga qodir boʻlganlari qiyoslash elementlari sifatida qabul qilinadi.
Baholashni qiyosiy yondashuv usullari bilan oʻtkazayotganda baholovchi obyektning yakuniy qiymatiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa qiyoslash elementlarini ham koʻrib chiqishi mumkin. Baholovchi buni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirishi va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlashda hisobga olishi zarur.
37. Baholash obyekti qiymatini qiyosiy yondashuv vositasida baholash analog bilan toʻgʻridan toʻgʻri qiyoslash usuli orqali amalga oshiriladi.
38. Analog bilan toʻgʻridan toʻgʻri qiyoslash usuli oʻxshash mahsulot ishlab chiqaruvchi zavodlarning narxlaridan foydalanishni nazarda tutadi.
39. Qiyosiy yondashuv usullarini qoʻllashda kamida ikkita baholash obyekti toʻgʻrisida axborot yigʻish lozim.
40. Analog bilan toʻgʻridan toʻgʻri qiyoslash usuli analoglarning narxlariga tegishli tuzatishlarni kiritish orqali amalga oshiriladi:
S = San * K1 * K2 * K3* … Kn bu yerda:
S — baholash obyektining narxi;
San — analog obyektning narxi;
K1 * K2 * K3* … Kn — baholanayotgan obyekt va analogning parametrlari qiymatlaridagi farqlarni hisobga oluvchi tuzatuvchi koeffitsiyentlar.
41. Baholash obyektining joylashgan joyiga juft sotuvlar usuliga muvofiq tuzatish kiritiladi. Juft sotuvlar usuli xarajat yondashuvi kabi qoʻllaniladi.
42. Jismoniy holatga tuzatish baholash obyektining va tanlangan analoglarning jismoniy holati darajasini solishtirishdan kelib chiqib (tovar qiymatining yoʻqotilishi sifatida aniqlanadi), quyidagicha formula boʻyicha hisoblanadi:
K — tovar qiymati yoʻqotilishiga tuzatish kirituvchi koeffitsiyent;
Iobyekt — baholash obyekti jismoniy holatining koeffitsiyent koʻrsatkichi;
Ianalog — analog-obyekt jismoniy holatining koeffitsiyent koʻrsatkichi.
43. Analog-obyektlarning narxiga (qiymatiga) qiyoslash elementlari boʻyicha tuzatish kiritish quyidagi qoidalardan kelib chiqib amalga oshiriladi:
analog-obyektlarning narxiga (qiymatiga) qiyoslash elementlari boʻyicha tuzatish baholash obyektiga nisbatan kiritiladi;
agar qiyoslash elementi boʻyicha baholash obyekti analog-obyekt bilan solishtirganda yaxshiroq koʻrsatkichlarga ega boʻlsa, u holda analog-obyektning narxi (qiymati) tuzatish miqdoriga oshiriladi;
agar qiyoslash elementi boʻyicha baholash obyekti analog-obyekt bilan solishtirganda yomonroq koʻrsatkichlarga ega boʻlsa, u holda analog-obyektning narxi (qiymati) tuzatish miqdoriga kamaytiriladi.
44. Tuzatishlar foiz va/yoki pul ifodasida kiritiladi.
4-§. Qoʻllanilgan baholash yondashuvlarining natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash
45. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish hamda baholashning turli yondashuvlarini qoʻllab olingan natijalarni oʻlchash va qiyoslash yoʻli bilan baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash quyidagi usullardan biri yordamida amalga oshiriladi:
mantiqiy muvofiqlashtirish usulida baholovchi amalga oshiradigan tahlil asosida, barcha muhim parametrlarni hisobga olgan holda solishtirma oʻlchamlarni tanlashdan iborat. Baholovchi tomonidan ustuvor yondashuv belgilanadi, qolgan yondashuvlarning natijalaridan esa ustuvor yondashuv yordamida olingan natijani tekshirish va unga tuzatish kiritish uchun foydalaniladi;
matematik oʻlchash usulida baholashga turlicha yondashuvlar bilan olingan natijalarning ulushlarini aniqlash uchun bir nechta mezonlardan foydalaniladi, ularning yordamida qoʻllanilgan hisoblash usulining afzalliklari yoki kamchiliklari muayyan obyektni baholash xususiyatlarini hisobga olgan holda tavsiflanadi.
46. Ulushlarni aniqlashda baholovchi quyidagi asosiy omillarni tahlil qilishi lozim:
baholash maqsadini va baholash natijalaridan foydalanish moʻljalini;
baholash obyektining xususiyatini;
tahlil va hisob-kitoblar oʻtkazilishiga asos boʻlgan axborotning batafsilligini;
baholash yondashuvi baholash obyektiga oʻxshash obyektlarning odatdagi xaridorlari va sotuvchilari motivatsiyasini aks ettirishga qodirligini;
baholash yondashuvi bozor konyunkturasini hisobga olishga qodirligini.
47. Baholash obyekti qiymatining yakuniy miqdori quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
S is = Sd * K1 + Ss * K2 + S z * K3 bu yerda:
Sis — baholash obyektining yakuniy qiymati;
Sd, Ss, Sz — tegishincha daromad, qiyosiy va xarajat yondashuvlari bilan aniqlangan qiymatlar;
K1, K2, K3 — har bir baholash yondashuvi uchun tanlangan tegishli ulushlarni belgilovchi koeffitsiyentlar.
Bunda quyidagi shart bajarilishi lozim:
K1+ K2+ K3 = 1
5-bob. Baholash toʻgʻrisida hisobot tuzish
48. Toʻplangan axborot natijasining tasdigʻini va tegishli hisob-kitoblarni oʻz ichiga olgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholovchining baholash obyekti qiymatiga doir xulosasi taqdim etiladi.
49. Baholash toʻgʻrisida hisobotni tuzishda quyidagi qoidalarga amal qilish lozim:
baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun muhim boʻlgan barcha axborotni oʻz ichiga olgan boʻlishi zarur;
baholashni oʻtkazishda foydalanilgan yoki hisob-kitoblar natijasida olingan, baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan axborot tasdiqlangan boʻlishi zarur;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning mazmuni mazkur hisobotdan foydalanuvchilarni chalgʻitmasligi, shuningdek turlicha talqin qilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan materiallar tarkibi va ketma-ketligi hamda baholash jarayoni tavsifi qiymat hisoblanishini va xuddi shunday natijalarni olish imkoniyatini berishi lozim;
baholash jarayonida foydalanilmagan axborot, agar bunday axborotni ilova qilish baholash faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining talablariga binoan majburiy boʻlmasa, baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilmasligi lozim.
50. Tovar-moddiy zaxiralarni baholash toʻgʻrisidagi hisobot quyidagi boʻlimlar va ularning qismlaridan iborat boʻlishi lozim:
a) I boʻlim “Titul varagʻi” — baholash toʻgʻrisidagi hisobotning birinchi sahifasi hisoblanadi va hujjatni qidirish uchun zarur boʻlgan birlamchi axborot manbai boʻlib xizmat qiladi.
Titul varagʻida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning roʻyxat raqami;
ishning nomi;
baholash obyektining nomi;
baholashdan maqsad va moʻljal;
buyurtmachining nomi;
baholovchi tashkilotning nomi;
baholash sanasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobot ikki va undan ortiq kitobdan iborat boʻlsa, har bir kitob birinchi kitobning titul varagʻiga muvofiq boʻlgan va mazkur kitobga daxldor maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan oʻz titul varagʻiga ega boʻlishi lozim. Kitob raqami titul varagʻiga qoʻyiladi;
b) II boʻlim “Mundarija” — tegishli sahifalarning raqamlari koʻrsatilgan barcha boʻlimlar, kichik boʻlimlar, bandlar (agar ular nomlangan boʻlsa), ilovalar nomini oʻz ichiga oladi.
Ikki va undan ortiq kitobdan iborat boʻlgan baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilganda ularning har birida oʻz mundarijasi boʻlishi lozim. Bunda birinchi kitobda butun baholash toʻgʻrisidagi hisobotning kitoblar raqamlari koʻrsatilgan mundarijasi, keyingi kitoblarda — faqat tegishli kitob mundarijasi joylashtiriladi. Birinchi kitobda keyingi kitoblar mundarijasi oʻrniga faqat ularning nomini koʻrsatishga yoʻl qoʻyiladi;
v) III boʻlim “Ilova xat (umumlashtiruvchi qism)” buyurtmachiga baholashni oʻtkazish natijalari haqidagi erkin shaklda (amaliy uslubda) bayon etilgan xabarni oʻz ichiga oladi. Xatda quyidagilar koʻrsatiladi:
baholashni oʻtkazish uchun asos;
baholash obyektining nomi va roʻyxatga olingan manzili;
bajarilgan ishlar mazmunining qisqacha bayoni;
qiymat aniqlangan sanadagi baholash obyektining qiymati haqida xulosa;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot qaysi qonun hujjatlariga muvofiq tayyorlangan boʻlsa, shu hujjatlarga havola;
ilova xat baholash toʻgʻrisidagi hisobot asosida tayyorlangani va faqat hisobotning toʻliq matniga bogʻliq ravishda, yaʼni hisobotda qabul qilingan barcha farazlar va cheklashlarni hisobga olgan holda talqin qilinishi mumkinligiga koʻrsatma.
Ilova xat baholovchi tashkilotning firma blankasida rasmiylashtiriladi, uning rahbari tomonidan imzolanadi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi;
g) IV boʻlim “Kirish” asosiy dalillar va xulosalarning qisqacha bayonini oʻz ichiga oladi. Mazkur boʻlimga quyidagi qismlar kiritilishi lozim:
asosiy dalillar va xulosalar, bu yerda quyidagilar koʻrsatiladi:
baholash obyekti haqida umumiy axborot;
baholash toʻgʻrisida shartnoma nomi, uning raqami va tuzatilgan sanasi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotga soʻnggi tuzatish kiritilgan va hisobot taqdim etilgan koʻrinishda rasmiylashtirilgan kalendar sanaga muvofiq boʻlgan baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana;
baholash maqsadi va qiymat turi;
baholash buyurtmachisi haqida maʼlumotlar yuridik shaxslar uchun — nomi, rekvizitlari, jismoniy shaxslar uchun — F.I.Sh., pasport maʼlumotlari;
baholovchi tashkilot haqida (toʻliq nomi, yuridik manzili, fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash haqidagi maʼlumotlar, baholash faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beradigan litsenziya raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati) hamda baholovchi tashkilot bilan mehnat shartnomasiga asosan ishlaydigan baholovchi haqida (familiyasi, ismi, otasining ismi, baholashni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjat raqami va berilgan sanasi). Shuningdek, baholashni oʻtkazish va baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlashga jalb qilinadigan barcha tashkilotlar va mutaxassislar haqida axborot ularning malakasi va baholash obyektini baholashda ularning ishtirok etish darajasini koʻrsatgan holda keltirilishi lozim;
baholash natijalariga taʼsir koʻrsatgan farazlar va cheklovchi shartlar (mavjud boʻlganda);
d) V boʻlim “Asosiy qism” quyidagi majburiy qismlarni oʻz ichiga olishi lozim:
baholash jarayoni bosqichlari, bu yerda baholovchi oʻzi bajargan ishlar ketma-ketligini bosqichma-bosqich bayon etadi. Har bir bosqichda baholash obyektini baholash boʻyicha bajarilgan ishlar haqida umumiy maʼlumotlar keltiriladi (bajarilgan ishlarning oddiy roʻyxatini keltirishga yoʻl qoʻyiladi). Amalga oshirilgan tahlil va hisob-kitoblarning yanada batafsil tavsifi baholash obyektining xususiyatlari, baholash vazifasi va mavjud axborot hajmiga muvofiq quyidagi qismlarda keltiriladi;
baholash obyektining tavsifi, bu yerda baholash obyektining miqdor va sifat koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlar keltiriladi.
Baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholashni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni olish jarayoni ham axborotni olishning aniq manbalarini, hujjatning nomi, raqami, sanasini va uni identifikatsiya qiluvchi boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda aks ettiriladi.
Agar buyurtmachining soʻralayotgan axborotni taqdim etishdan bosh tortishi baholash natijalarining aniqligi va/yoki haqqoniyligiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatsa, bu holat baholash toʻgʻrisidagi hisobotda qayd etiladi.
Baholash obyektining tavsifi baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchida baholash obyektining qimmatliligiga taʼsir etadigan barcha jihatlardan baholash obyekti haqida xolis tasavvurni shakllantirishi lozim.
Baholash obyekti bozorining tahlili uning qiymatiga taʼsir etadigan barcha omillar tahlilini oʻz ichiga olishi lozim. Boʻlimda baholash obyekti qiymatini aniqlashda foydalanilgan narxni shakllantiruvchi barcha omillar haqida axborot keltirilishi va ularning qiymatlari asoslanishi lozim.
Baholovchi foydalanilgan barcha qonun hujjatlarini ham baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirishi kerak.
Baholash jarayoni tavsifi baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchiga baholash jarayoni mantigʻini va baholovchi baholash obyekti qiymatini aniqlash yoʻlida tashlagan qadamlarning muhimligini tushunish imkoniyatini beruvchi baholash obyekti qiymatini aniqlash ketma-ketligini oʻz ichiga olishi lozim.
Har bir yondashuv doirasida baholovchi oʻzining barcha tahlillari, hisob-kitoblari, fikr-mulohazalarini keltiradi. Qabul qilingan yondashuvlar doirasida baholash usullarini qoʻllab baholashni amalga oshirishda baholovchining har bir harakati lozim darajada asoslangan boʻlishi kerak.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan barcha axborotni tekshirish imkoniyati boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda, shuningdek, baholovchining fikriga koʻra u qoʻllagan baholash obyekti qiymatini hisoblash usulini toʻla aks ettirish uchun muhim hisoblangan har qanday maʼlumotlar aks ettirilishi mumkin;
e) VI boʻlim “Xulosa” quyidagi qismlardan tarkib topishi lozim:
muqofiqlashtirish taomili tavsifini keltirgan holda turli yondashuvlarni qoʻllab olingan baholash obyektini baholash natijalarini muvofiqlashtirish;
baholash yondashuvlarining har biri yordamida olingan natijalar oʻrtasidagi jiddiy tafovut uning ehtimoliy sabablari hususidagi asoslangan sharhlar bilan bayon etilishi kerak.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning xulosa qismida sifat toʻgʻrisida bayonot — baholovchining baholash toʻgʻrisidagi hisobot qonun hujjatlari va qoʻllanilayotgan baholash standartlari talablariga muvofiqligi haqidagi rasmiy bayonoti ifoda etilishi kerak;
j) VII boʻlim “Ilovalar” baholashni oʻtkazishda foydalanilgan bosma shakldagi barcha axborotni (shu jumladan internet-sahifalarni), shuningdek hisob-kitoblar va hisob-kitob jadvallarini oʻz ichiga olishi kerak.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilova qilingan barcha hujjatlar tegishli tarzda rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim (bunga vakolatli shaxs tomonidan imzolangan hamda hujjatlarni taqdim etuvchi organlar va tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak, bundan Internet tarmogʻi yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan olingan axborot mustasno).
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilovalar baholovchi tashkilot litsenziyasi, baholovchining baholashni oʻtkazish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalarini, fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash polisining nusxasini ham oʻz ichiga olishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda ilovadagi hujjatlarning toʻliq roʻyxati keltirilishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobot nusxasini baholovchi tashkilot hisobot tuzilgan sanadan eʼtiboran qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida saqlashi shart.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 25-son, 554-modda)