Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazining
Qarori
Ijodkor yoshlar respublika tanlovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 26-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2887]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2778-son “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi qaror qiladi:
1. Ijodkor yoshlar respublika tanlovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Madaniyat vaziri M. MURATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 3-may,
10-Q/Q-son
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori M. XOLMUHAMEDOV
Toshkent sh.,
2017-yil 3-may,
34/QQ-son
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining 2017-yil 3-maydagi 10-Q/Q, 34/QQ-son qaroriga
ILOVA
Ijodkor yoshlar respublika tanlovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ijodkor yoshlar respublika tanlovlarini (bundan buyon matnda tanlov deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tanlovlar bolalar musiqa va sanʼat maktablari va ixtisoslashtirilgan musiqa-badiiy maktab-internatlari (bundan buyon matnda bolalar musiqa va sanʼat maktablari deb yuritiladi), oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari (respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari) oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladi.
2. Quyidagilar tanlovlarning asosiy maqsadlari hisoblanadi:
oʻquvchi yoshlarning isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish;
oʻquvchilarda oʻzlari tanlagan ixtisosliklarni chuqur oʻrganishga qiziqishni oshirish;
oʻquvchilarning kelajakdagi kasblarni toʻgʻri tanlashiga koʻmaklashish;
oʻquv-tarbiya jarayonini, oʻqituvchilarning pedagogik mahoratini takomillashtirish, ular tomonidan qobiliyatli oʻquvchilar bilan aniq maqsadga yoʻnaltirilgan yakka tartibdagi ishlarni oʻtkazish.
3. Tanlovlar bosqichlari va turlarini tashkil etish uchun masʼuliyat taʼlim muassasalarining rahbarlari, tegishli ravishda vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boʻlinmalari zimmasiga yuklanadi.
4. Tanlovlarni oʻtkazish muddatlari va joylari tegishli hokimliklar bilan kelishiladi, ular qatnashchilarni turar joy, oziq-ovqat bilan taʼminlashda va boshqa tashkiliy masalalarni hal etishda yordam koʻrsatadi.
2-bob. Tanlovni bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazish
1-§. Umumiy qoidalar
5. Bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilarining musiqa fanlari boʻyicha tanlovlari har uch yilda bir marta quyidagi bosqichlar boʻyicha oʻtkaziladi:
1-bosqich — tuman, shuningdek hududi tumanlarga boʻlinmagan shahar boʻyicha;
2-bosqich — viloyat boʻyicha, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasida va Toshkent shahrida;
3-bosqich — respublika boʻyicha.
6. Tanlovda ishtirok etadigan oʻquvchilarni tavsiya etishda ularning tanlov shartlari talablariga mosligi boʻyicha taʼlim muassasasi rahbari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi boshliqlari masʼul hisoblanadilar.
7. Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishlari uchun taʼlim muassasasi rahbariyati nomzodlarning quyidagi hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim qiladi:
nomzodning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti nusxasi;
nomzodga taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan berilgan ijodiy tavsifnoma (asosiy taʼlim olayotgan mutaxassisligi koʻrsatilgan holda);
3 x 4 sm hajmdagi hamda 9 x 12 sm hajmdagi 2 tadan rangli fotosurat;
nomzodning toʻliq ijro dasturi;
nomzodning 5 tagacha ijodiy ishlarining fotosuratlari joylashtirilgan fotoalbom (tasviriy va amaliy sanʼat mutaxassisliklari uchun).
8. Hujjatlar tanlovning 3-bosqichi boshlanishiga bir oy qolgunga qadar qabul qilinadi. Mazkur muddatdan kechikib topshirilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.
2-§. Tanlovni oʻtkazish shartlari
9. Tanlovning birinchi bosqichida oʻz taʼlim muassasalaridagi hisobot konsertlarida eng katta eʼtibor qozongan, ikkinchi bosqichda I, II, III oʻrinlarni egallagan, uchinchi — yakunlovchi bosqichda esa, tanlovga tavsiya etilgan har qaysi ixtisoslik (nominatsiya) boʻyicha faqat I oʻrinni egallagan oʻquvchilar ishtirok etadi.
10. Tanlovning ijro dasturi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat akademik litseylarining tegishli soha mutaxassislari tomonidan ishlab chiqiladi hamda Madaniyat vazirligi tomonidan tanlov oʻtkazilgunga qadar kamida bir yil oldin tasdiqlanadi.
11. Tanlovning ijro dasturi tasdiqlangandan soʻng, unga oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Tanlov mezonlarining murakkabligiga qoʻyiladigan talablar respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat akademik litseylari, madaniyat va sanʼat kollejlariga qabul qilinadigan abituriyentlar bilimlari darajasiga muvofiqlashtiriladi.
13. Ishtirokchilar ijro dasturlarini yoddan ijro etadi. Ishtirokchilarning ijrosi 25 ballik tizim boʻyicha baholanadi.
3-§. Tanlov ixtisosliklari (nominatsiyalari)
14. Tanlov quyidagi ixtisosliklar (nominatsiyalar) boʻyicha oʻtkaziladi:
fortepiano (1 ta nominatsiya — fortepiano);
torli cholgʻular (3 ta nominatsiya — skripka, alt, violonchel)
damli va zarbli cholgʻular (11 ta nominatsiya — fleyta, goboy, klarnet, fagot, truba, saksofon, valtorna, trombon, bariton, tuba, zarbli cholgʻular);
xalq cholgʻulari (16 ta nominatsiya — nay, qoʻshnay, chang, rubob-prima, qashqar rubobi, afgʻon rubobi, dutor (prima, alt, tenor), dutor-bas, tanbur, doira, gʻijjak, gʻijjak-alt, qobuz bas, bayan, akkordeon, gitara);
akademik xonandalik (2 ta nominatsiya — erkak ovozi, ayol ovozi);
anʼanaviy xonandalik (2 ta nominatsiya erkak ovozi, ayol ovozi);
anʼanaviy cholgʻu ijrochiligi (11 ta nominatsiya — nay, qoʻshnay, chang, qonun, rubob, afgʻon rubob, ud, tanbur, dutor, doira, gʻijjak);
estrada xonandaligi (2 ta nominatsiya — erkak ovozi, ayol ovozi);
estrada cholgʻu ijrochiligi (10 ta nominatsiya — fortepiano, skripka, truba, trombon, saksofon-alt, saksofon-tenor, klarnet, gitara, bas-gitara, zarbli cholgʻular);
musiqashunoslik (2 ta nominatsiya — musiqa nazariyasi va musiqa adabiyoti);
ansambllar (8 ta nominatsiya — xalq cholgʻulari ansambli, anʼanaviy sozandalar ansambli, anʼanaviy ashulachilar ansambli, folklor ansambli, estrada vokal ansambli, estrada cholgʻu ansambli, xor jamoa dirijorligi, raqs guruhi);
xoreografiya sanʼati (3 ta nominatsiya — xalq raqsi, zamonaviy raqs, mumtoz raqs);
teatr (tomosha) sanʼati (3 ta nominatsiya — drama teatri aktyorligi, musiqiy drama teatri aktyorligi, qoʻgʻirchoq teatri aktyorligi);
tasviriy sanʼat (4 ta nominatsiya — rang tasvir, grafika, miniatura, haykaltaroshlik);
amaliy sanʼat (9 ta nominatsiya — naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi, ganch oʻymakorligi, kashtachilik, zardoʻzlik, kulolchilik, toʻquvchilik, zargarlik, popopchilik).
3-bob. Tanlovni oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazish
1-§. Umumiy qoidalar
15. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari (respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari) oʻquvchilarining ijodiy tanlovlari musiqa ijrochilari oʻrtasida har ikki yilda bir marta, uch turda oʻtkaziladi.
16. Taʼlim muassasasi rahbariyati respublika tanlovida ishtirok etishlari uchun nomzodlarning quyidagi hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim qiladi:
nomzodning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti nusxasi;
3 x 4 sm hajmdagi hamda 9 x 12 sm hajmdagi 2 tadan rangli fotosurat;
nomzodga taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan berilgan ijodiy tavsifnoma (asosiy taʼlim olayotgan mutaxassisligi koʻrsatilgan holda);
nomzodning toʻliq ijro dasturi.
17. Hujjatlar respublika tanlovi boshlanishiga bir oy qolgunga qadar qabul qilinadi. Mazkur muddatdan kechikib topshirilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.
2-§. Tanlovni oʻtkazish shartlari
18. Tanlovga saralab olish va yuborish oʻquvchilarning hisobot konsertlari yakunlari boʻyicha amalga oshiriladi.
19. I, II, III oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar faqat soʻnggi tur yakunlari boʻyicha aniqlanadi.
20. Tanlovning ijro dasturi madaniyat, sanʼat, musiqa yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining tegishli yetakchi soha mutaxassislari tomonidan ishlab chiqiladi va tanlov oʻtkazilgunga qadar kamida bir yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
21. Tanlovning ijro dasturi tasdiqlangandan soʻng unga oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tanlov topshiriqlarining murakkabligiga qoʻyiladigan talablarning oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinadigan abituriyentlar bilimlari darajasiga muvofiq boʻlishini taʼminlaydi.
23. Ishtirokchilar ijro dasturlarini yoddan ijro etadi.
Zarbli cholgʻular ijro etuvchi ishtirokchi klavishli zarbli cholgʻular uchun yozilgan asarlarni yoddan ijro etadi, boshqa zarbli cholgʻular uchun yozilgan asarlarni esa, ixtiyoriy ravishda notaga qarab ijro etishi mumkin.
Ishtirokchilarning ijrosi 25 ballik tizim boʻyicha baholanadi.
3-§. Tanlov ixtisosliklari (nominatsiyalari)
24. Tanlov quyidagi ixtisosliklar (nominatsiyalar) boʻyicha oʻtkaziladi:
fortepiano (1 ta nominatsiya — fortepiano);
torli cholgʻular (4 ta nominatsiya — skripka, alt, violonchel, kontrabas);
damli va zarbli cholgʻular (10 ta nominatsiya — fleyta, goboy, klarnet, fagot, truba, saksofon, valtorna, trombon, tuba, zarbli cholgʻular);
xalq cholgʻulari (17 ta nominatsiya — nay, qoʻshnay, chang, rubob-prima, qashqar rubobi, afgʻon rubobi, dutor (prima, alt, tenor), dutor-bas, tanbur, doira, gʻijjak, gʻijjak-alt, gʻijjak qobuz bas, gʻijjak qobuz kontrabas, bayan, akkordeon, klassik gitara);
akademik xonandalik (2 ta nominatsiya — erkak ovozi, ayol ovozi);
anʼanaviy xonandalik (2 ta nominatsiya — erkak ovozi, ayol ovozi);
anʼanaviy cholgʻu ijrochiligi (12 ta nominatsiya — nay, qoʻshnay, chang, qonun, rubob, afgʻon rubob, ud, tanbur, sato, dutor, doira, gʻijjak);
estrada xonandaligi (2 ta nominatsiya — erkak ovozi, ayol ovozi);
estrada cholgʻu ijrochiligi (11 ta nominatsiya — fortepiano, skripka, fleyta, truba, trombon, saksofon-alt, saksofon-tenor, klarnet, gitara, bas-gitara, zarbli cholgʻular);
musiqashunoslik (3 ta nominatsiya — musiqa nazariyasi, jahon musiqa adabiyoti, oʻzbek musiqa adabiyoti);
xoreografiya sanʼati (3 ta nominatsiya — xalq raqsi, mumtoz raqs, zamonaviy raqs);
teatr (tomosha) sanʼati (4 ta nominatsiya — drama teatri aktyorligi, musiqiy drama teatri aktyorligi, qoʻgʻirchoq teatri aktyorligi, ommaviy bayramlar rejissorligi);
folklor ijrochiligi (2 ta nominatsiya — erkak ovozi, ayol ovozi);
4-bob. Tanlovni tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishidagi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazish
1-§. Umumiy qoidalar
25. Tanlov oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.
26. Taʼlim muassasasi rahbariyati tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishi uchun nomzodlarning quyidagi hujjatlarini Oʻzbekiston Badiiy akademiyasiga taqdim qiladi:
nomzodning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti nusxasi;
nomzodga taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan berilgan ijodiy tavsifnoma;
3 x 4 sm hajmdagi hamda 9 x 12 sm hajmdagi 4 tadan rangli fotosurat;
nomzodning koʻpi bilan 15 ta ijodiy ishlaridan namunalar.
27. Hujjatlar respublika tanlovi boshlanishiga besh kun qolgunga qadar qabul qilinadi. Mazkur muddatdan kechikib topshirilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.
2-§. Tanlovni oʻtkazish shartlari
28. Tanlovga saralab olish va yuborish ijodiy ishlarini baholash yakunlari boʻyicha amalga oshiriladi.
29. I, II, III oʻrinlar tanlov yakunlari boʻyicha aniqlanadi.
30. Tanlovning dasturi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining mutaxassislari tomonidan ishlab chiqiladi va tanlov oʻtkazilgunga qadar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
31. Tanlov dasturi tasdiqlangandan soʻng, unga oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tanlov topshiriqlarining murakkabligiga qoʻyiladigan talablarning oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinadigan abituriyentlar bilimlari darajasiga muvofiq boʻlishini taʼminlaydi.
Ishtirokchilarning ijodiy fanlardan bajargan ishlari tanlovga qoʻyiladi. Ishtirokchilarning ishlari 100 ballik tizim boʻyicha baholanadi.
3-§. Tanlov ixtisosliklari (nominatsiyalari)
33. Tanlov quyidagi ixtisosliklar (nominatsiyalar) boʻyicha oʻtkaziladi:
dastgohli rangtasvir rassomi (3 ta nominatsiya — portret janri, peyzaj janri, natyurmort janri);
mahobatli rangtasvir rassomi (3 ta nominatsiya — interyer, eksteryer, mozaika);
qayta tiklash rassomi (2 ta nominatsiya — rangtasvir asarlarini qayta tiklash, amaliy sanʼat asarlarini qayta tiklash);
teatr liboslari sanʼati rassomi (3 ta nominatsiya — tomoshabob liboslar, kino sahnalari liboslari, dunyo liboslari);
grimmchi rassom (2 ta nominatsiya — kino va televideniye grimm rassomi, teatr grimmchisi);
teatr sanʼati butafori rassomi (1 ta nominatsiya);
teatr sahna bezagi rangtasvir rassomi (1 ta nominatsiya);
mahobatli bezak sanʼati rassomi (3 ta nominatsiya — mahobatli bezak, kulolchilik, mayda plastika);
kino va televideniye rassomi (2 ta nominatsiya — kino rassomi, televideniye rassomi);
dizayner (2 ta nominatsiya — sanoat dizayni, loyihalovchi dizayner);
reklama boʻyicha mutaxassis (1 ta nominatsiya);
interyer va mebellar dizayneri (2 ta nominatsiya — interyer dizayneri, mebellar dizayneri);
landshaftlar dizayneri (1 ta nominatsiya);
meʼmoriy-dekorativ sanʼati loyihalovchi dizayner (2 ta nominatsiya — interyerni loyihalovchi, esteryerni loyihalovchi);
milliy etnografik va badiiy liboslar dizayneri (3 ta nominatsiya — milliy liboslar, etnografik folklor liboslar, zamonaviy liboslar);
grafika rassomi (3 ta nominatsiya — dastgohlik grafika, kitob grafikasi, amaliy grafika);
lokli miniatura rassomi (3 ta nominatsiya — lokli miniatura, illustratsiya miniaturasi, pano miniaturasi);
haykaltaroshlik (4 ta nominatsiya — mayda plastika, dekorativ bezakli haykal, dastgohli, mahobatli);
chinni va kulolchilik mahsulotlari usta-rassomi (2 ta nominatsiya — chinni usta-rassomi, kulol usta-rassomi);
shisha buyumlar usta-rassomi (1 ta nominatsiya);
ganch boʻyicha usta-rassom (1 ta nominatsiya);
naqqoshlik boʻyicha usta-rassom (1 ta nominatsiya);
yogʻoch oʻymakorlik boʻyicha usta-rassom (1 ta nominatsiya);
badiiy gilam va gobelenlarni ishlab chiqarish usta-rassomi (1 ta nominatsiya);
kashtachilik boʻyicha usta (1 ta nominatsiya);
zardoʻzlik boʻyicha usta-rassom (1 ta nominatsiya);
zargarlik buyumlari usta-rassomi (1 ta nominatsiya);
misgarlik boʻyicha usta-rassom (1 ta nominatsiya);
milliy va badiiy liboslar modelyeri (2 ta nominatsiya — milliy liboslar modelyeri, zamonaviy liboslar modelyeri);
fotograf (3 ta nominatsiya — fotografiya ishlari boʻyicha mutaxassis, badiiy fotografiya boʻyicha mutaxassis, kompyuter grafikasi boʻyicha mutaxassis).
5-bob. Tanlovlarni oʻtkazish boʻyicha ishlarni tashkil qilish
34. Tanlovlarni oʻtkazish boʻyicha butun tadbirlar kompleksini bajarish uchun tegishli vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boʻlinmalari oʻz buyruqlari bilan tashkiliy qoʻmitalar, hakamlar hayʼatlari, apellyatsiya komissiyalari va boshqa tuzilmalarni tashkil etadi.
35. Tashkiliy qoʻmitalar tanlovlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazishda yagona ilmiy-uslubiy yondashuvni taʼminlaydi, hakamlar hayʼatlari, apellyatsiya komissiyalari va boshqa tuzilmalar tarkibini shakllantiradi va tasdiqlaydi, sinov topshiriqlarini tayyorlashni tashkil etadi, baholash mezonlarini va yakunlar chiqarish tartibini tasdiqlaydi, qatnashchilarning tanlovlarga kelishi bilan bogʻliq barcha masalalarni hal qiladi.
Bunda apellyatsiya komissiyalari hakamlar hayʼatlari tarkibida boʻlmagan kamida uchta yetakchi mutaxassisdan tuziladi.
Hakamlar hayʼatlari gʻoliblarni aniqlaydi va tanlovlar yakunlarini bayonnoma (protokol) qarori bilan rasmiylashtiradi.
36. Apellyatsiya komissiyalari tanlovlar qatnashchilarining shikoyatlari va arizalarini koʻrib chiqadi. Apellyatsiya komissiyalariga, zarurat boʻlganda, hakamlar hayʼatlari qarorlarini bekor qilish yoki ularga oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
37. Tanlovlarni oʻtkazish jarayonlari boʻyicha kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
38. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. NURIDINOV
2017-yil 2-may
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 21-son, 404-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)