Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2017 — 2019-yillarda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Sanoat va eksport salohiyatini yanada kengaytirish, mavjud resurslardan toʻliqroq va samarali foydalanish hamda muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal qurish, xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish, aholining bandligi va daromadlarini oshirish asosida Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanini kompleks rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2017 — 2019-yillarda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin. Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari, shuningdek zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini yangidan qurish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash boʻyicha investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq;
importning oʻrnini bosadigan raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutuvchi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
xizmatlar sohasini va servis infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 3-ilovaga* muvofiq;
meʼmoriy qiyofani oʻzgartirish, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal qurish dasturining asosiy parametrlari 4-ilovaga* muvofiq;
ijtimoiy infratuzilmani yanada takomillashtirish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 5-ilovaga* muvofiq.
2. Toshkent shahri hokimligi investitsiya loyihalari oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning moʻljallangan hajmlari oʻzlashtirilishini va yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutgan holda Dastur parametrlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
1 — 6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Vazirliklar, idoralar, Toshkent shahri va Mirzo Ulugʻbek tumani hokimliklari loyihalarning tashabbuskorlari va Dastur doirasida jalb etilgan boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilishining tarmoq jadvallari tasdiqlanishini, ularda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishning, qurilish-montaj ishlarini bajarishning, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan butlash va quvvatlarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlarini nazarda tutsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda ushbu qarorga muvofiq amalga oshirish nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hajmlari va manbalarini aniqlashtirgan holda unga belgilangan tartibda kiritsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-avgustdagi 651-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 893-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha Dasturni bajarish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
7. Toshkent shahrida yer uchastkalari berish amaliyotini oʻrganish boʻyicha komissiya shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq 2017-yil 1-fevralgacha boʻlgan muddatda Toshkent shahri va Mirzo Ulugʻbek tumani hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilishi uchun yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 23 –– 244-moddalari.
8. Tijorat banklariga Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar va ularga butlovchi buyumlarni xarid qilish uchun belgilangan tartibda kreditlar, shu jumladan xorijiy valyutadagi kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
9. Toshkent shahri hokimligi har chorakda:
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining majlislarida Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha faoliyatning natijadorligini koʻrib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dasturning bajarilishi toʻgʻrisidagi axborot taqdim etsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U.Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 12-dekabr,
400-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 50-son, 567-modda; 2017-y., 34-son, 893-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son)