Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTONDA JISMONIY TARBIYA VA SPORTNI YANADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, aholi keng qatlamlarini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi toʻgʻrisida” 1998-yil 10-noyabrdagi Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi hamda tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturi Konsepsiyasi va uni amalga oshirishga doir tadbirlar 1 va 2-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, respublika budjeti va mahalliy budjetlar, sport federatsiyalari, klublari, jamiyatlari, homiylar, xorijiy investorlar mablagʻlari, shuningdek sport tashkilotlari tomonidan aholiga pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy manbalari hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Kamolot”, “Sogʻlom avlod uchun”, “Mahalla” jamgʻarmalari bilan birgalikda bir oy muddatda:
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha aniq tadbirlarni ishlab chiqsinlar;
har bir tumanda qishloq sport-sogʻlomlashtirish klublari tashkil etsinlar, ularning faoliyatiga sportning ommaviy, milliy turlarini va xalq oʻyinlarini keng joriy qilsinlar;
aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy-sport ishlariga keng jalb etishga yoʻnaltirilgan muntazam ommaviy-sport musobaqalarini tashkil qilish va oʻtkazish tizimini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar;
mamlakat hududidagi barcha mavjud sport inshootlarini, ularning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, xatlovdan oʻtkazsinlar, shuningdek, mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olgan holda, ommaviy musobaqalarni muntazam oʻtkazish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar;
aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi maxsus testlarni ishlab chiqsinlar va joriy qilsinlar. Mazkur testlarni muvaffaqiyatli topshirganlar uchun uch darajali “Alpomish” va “Barchinoy” nishonlarini taʼsis etsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda, sport-sogʻlomlashtirish klublari toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Belgilab qoʻyilsinki, sport-sogʻlomlashtirish klublari, jamoat tashkilotlari sifatida, oʻz faoliyatini muassislarning ulushli mablagʻlari, aʼzolik badallari, homiylar mablagʻlari va qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiradilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
bir oy muddatda Adliya vazirligi bilan birgalikda “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini;
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda poytaxtda Respublika boksni rivojlantirish markazini tashkil qilish boʻyicha ikki oy muddatda;
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Toshkent otchopari negizida Respublika milliy sport turlarini rivojlantirish markazini tashkil qilish boʻyicha ikki oy muddatda;
umumxalq “Sport bayrami”ni taʼsis etish toʻgʻrisida oʻn kun muddatda takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har yili ishlab chiqiladigan investitsiya dasturlarida Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishga mablagʻlar limitlarini nazarda tutsinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
6. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, boshqa ommaviy axborot vositalari jismoniy tarbiya va sportni, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishni, oʻquv yurtlari va mehnat jamoalarining sport klublari, sport maktablari, mutaxassislar va murabbiylar faoliyatini yoritishni taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 27-may,
271-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
27-maydagi 271-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat dasturi
KONSEPSIYASI
Ushbu Dastur Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Dasturda jismoniy tarbiya va sportga millatning umumiy madaniyatining ajralmas qismi, mamlakatning har bir fuqarosining jismoniy va axloqiy kamolotga yetishini, kasalliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishni taʼminlashning asosi sifatida qaraladi.
1. Dasturning asosiy vazifalari
Quyidagilar Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturining asosiy vazifalari hisoblanadi:
xalqning salomatligini mustahkamlash, mehnat samaradorligini oshirish va ijodiy faollikni uzaytirish, odamlarning kasallanishi darajasini pasaytirish;
sogʻlom turmush tarzini shakllantirish;
aholining oʻz jismoniy rivoji masalalariga boʻlgan dunyoqarashini oʻzgartirish;
“Sogʻlom avlod uchun” dasturini amalga oshirishda jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining rolini koʻtarish;
jinsi va yoshiga koʻra aholining jismoniy tayyorligi darajasining maqsadli dasturlari va meʼyoriy talablarini ishlab chiqish;
qishloqda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, kasalliklarning oldini olish va sport ishlarini yaxshilash;
milliy oʻyinlarni, sport musobaqalari va turlarini aholini jismoniy tarbiyalash tizimiga joriy etishni, muvofiqlashtirilgan jismoniy tarbiyani rivojlantirishni taʼminlash;
qishloq joylarda yoshlarning salomatligini mustahkamlash maqsadida milliy sport turlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimida jismoniy tarbiya-sport omilini yangi pogʻonaga koʻtarish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport klublari, shu jumladan ularning aholiga pulli xizmatlar koʻrsatuvchi shoxobchalarini shakllantirish;
jismoniy tarbiya va sportni ilmiy jihatdan taʼminlash tizimini yaratish;
oʻquv-mashq jarayonining zamonaviy usullarini joriy etish;
sport zaxiralarini tayyorlash shoxobchalarini kengaytirish;
sport mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha tadbirkorlikni, marketingni hamda jismoniy tarbiya-sport xizmatlari koʻrsatishni rivojlantirish;
jismoniy tarbiya va sportning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, ularning texnologik, ilmiy-texnikaviy va axborot bilan taʼminlanish darajasini oshirish;
tarmoqni isloh qilishning meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish;
aholida olimpiya harakati toʻgʻrisidagi bilimlarni, kichik yoshidan boshlab keksaygunigacha jismoniy mukammallikka boʻlgan ongli ehtiyojni shakllantirish;
mamlakat sportchilarini Olimpiya oʻyinlariga, Osiyo oʻyinlariga, Markaziy Osiyo va Butunjahon oʻsmirlar oʻyinlariga tayyorlashni hamda ularning mazkur oʻyinlarda muvaffaqiyatli qatnashishlarini taʼminlash.
2. Jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish
Jismoniy tarbiya-sport faoliyatini kadrlar bilan taʼminlash maqsadida olimpiya zaxiralari bilim yurtini kollejga aylantirish nazarda tutilmoqda. Barcha viloyat markazlarida olimpiya zaxiralari kollejlari ochish moʻljallanmoqda. Tizimni tashkiliy jihatdan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasida viloyat, shahar va tuman sport klublari, korxonalar, xoʻjaliklar, muassasalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlari tizimiga ega boʻlgan respublika tarmoq jismoniy tarbiya-sport klublari tashkil qilish nazarda tutilmoqda. Ularda xalq oʻyinlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar paydo boʻladi.
Qishloqda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlarini kuchaytirish uchun sport-sogʻlomlashtirish klublari tashkil etish nazarda tutilmoqda. Ular sogʻlom avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashga daʼvat etilgan.
Fuqarolar turmushida jismoniy tarbiya va sport maqomini oshirish maqsadida har yili aprel oyining uchinchi shanbasida “Sport bayrami” umumxalq bayramini oʻtkazish nazarda tutilmoqda. Ushbu bayramni, keng aholi qatlamlarini jalb etgan holda, yozgi sport mavsumining ochilishi tarzida oʻtkazish moʻljallanmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Yangi tashkil qilingan jismoniy tarbiya va sport muassasalari darajasi va turini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ularni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq attestatsiyadan oʻtkazish asosida amalga oshiriladi.
(2-boʻlimning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6iyuldagi 156-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)
Davlat, jamoat va sport tashkilotlari faoliyatidagi ish sohalari va yoʻnalishlarini aniq belgilab olish yoʻnalishida jismoniy tarbiya va sportni boshqarishni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sportni davlat tomonidan boshqarishni asosan quyidagilarga qaratish nazarda tutilmoqda:
qonunchilik-meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda davlat, jamoat va xususiy jismoniy tarbiya-sport muassasalari tomonidan ularga rioya qilish;
budjet mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlardan terma komandalarni Olimpiya va Osiyo oʻyinlariga, jahon va Osiyo chempionatlariga tayyorlash, sportning milliy turlarini rivojlantirish maqsadli dasturlarini amalga oshirishda oqilona foydalanish;
aholining turli jins va yoshdagi guruhlarini jismoniy rivojlantirishning meʼyoriy standartlarini ishlab chiqish;
sportning milliy turlarini, musobaqalar va oʻyinlarni, ishlab chiqarishda jismoniy tarbiyani, muvofiqlashtirilgan jismoniy tarbiyani va shu kabilarni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
jismoniy tarbiya-sport yoʻnalishidagi muassasalarni sertifikatlashtirish va akkreditatsiya qilish;
tarmoqni ilmiy va tibbiy taʼminlash tizimini takomillashtirish;
musobaqalarning yagona sport taqvimini ishlab chiqish.
3. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, ommaviy-sport ishlarini va sportning milliy turlarini rivojlantirish
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, ommaviy-sport ishlarini va sportning milliy turlarini rivojlantirish sohasidagi asosiy vazifalar quyidagilar hisoblanadi:
bolalarning jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan jismoniy tarbiya boʻyicha, ularning gavdasi, jussasini normal rivojlantirish boʻyicha kundalik mashgʻulotlarni barcha bolalar maktabgacha muassasalarida joriy qilish. Bolalar maktabgacha muassasalarida bolalarni jismoniy tarbiyalash boʻyicha mutaxassislar shtatini joriy qilish;
Jismoniy tarbiyaga doir oʻquv dasturlari boʻyicha majburiy dars (mashgʻulot)larni har haftada 4 — 6 soatgacha yetkazish. Oʻquv jarayoniga olimpiya taʼlimini, milliy oʻyinlar va musobaqalarni joriy etish;
oʻquvchilar va talabalarning umumjismoniy tayyorgarligini maxsus testlar boʻyicha tekshirishning umummilliy haftasini joriy qilish, maxsus testlarni muvaffaqiyatli topshirganlik uchun xalq dostoni qahramonlari sharafiga “Alpomish” va “Barchinoy” deb nomlangan uch darajali koʻkrak nishonlarini taʼsis etish. Talabalarning “Talaba” sport uyushmasini tashkil qilish;
yangidan tashkil etilgan kollejlar va litseylarda maʼnaviy va jismoniy rivojlangan yoshlarni tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sport omillaridan samarali foydalanish chora-tadbirlarini koʻrish;
“Kollej sporti” harakatini tashkil etish, uni yoshlarni jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga jalb qilishning asosiy manbaiga aylantirish;
sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda xotin-qizlarni homiladorlik davrida jismoniy tarbiyalash davlat dasturini ishlab chiqish va joriy etish, hamma joyda xotin-qizlar sport-sogʻlomlashtirish klublari ochish;
aholining mehnat samaradorligini oshirish va mehnat qilish faolligini uzaytirish maqsadida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlarini mehnat tartibiga joriy qilish va boʻsh vaqtlarda ommaviy jismoniy tarbiya-sport ishlarini tashkil etish orqali ishlab chiqarishda jismoniy tarbiyani rivojlantirish, ishlab chiqarish korxonalari amaliyotiga sogʻlom turmush tarzini hamda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishni moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini joriy etish;
uy-joylardan foydalanish tashkilotlari daromadlaridan ajratmalar, otaliq qiluvchilar, homiylar, jamoat tashkilotlari, kooperativlar va xususiy korxonalar mablagʻlari hisobiga mahallalarda jismoniy tarbiya va sport jamgʻarmalarini tuzish yoʻli bilan ularda jismoniy tarbiya usullari va shakllarini ishlab chiqish, barcha bogʻlarda va dam olish hududlarida aholi bilan ommaviy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlarini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishni taʼminlash;
qishloq mehnatkashlarida va ularning oila aʼzolarida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishni, ularning oʻz jismoniy rivoji masalalariga munosabatlarini oʻzgartirishni, jismoniy tarbiyani aholining kundalik hayotiga keng joriy qilishni, jismoniy tarbiya vositalari bilan kasalliklarning oldini olishni nazarda tutuvchi dasturni amalga oshiruvchi dasturning muhim qismi sifatida qishloqda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy ishlarni rivojlantirish;
hamma joyda mavjud umumtaʼlim maktablari, litsey va kollejlar bazasida qishloq aholisi bilan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlarini olib boruvchi markazlar, qishloq jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish klublari, qishloq sporti uyushmalari tashkil qilish hamda sportning milliy turlarini va xalq oʻyinlarini joriy etishni taʼminlash.
Xalq anʼanalari va urf-odatlarini saqlashga, madaniy merosni avaylab asrashga, shuningdek aholining sportning milliy turlariga va xalq oʻyinlariga boʻlgan muhabbatiga muhim ahamiyat berib, mahalla, qishloq, tuman va viloyatlarda sportning milliy turlari va xalq oʻyinlari boʻyicha festivallar muntazam oʻtkaziladi, bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida sportning milliy turlari boʻyicha boʻlimlar ochiladi.
4. Jismoniy tarbiya va sportni ilmiy-uslubiy va tibbiy taʼminlash
Ushbu yoʻnalishda quyidagilar nazarda tutiladi:
jinsi va yoshiga koʻra aholining jismoniy tayyorgarligi darajasi boʻyicha maqsadli dasturlar va meʼyoriy talablarni ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya va sport nazariyasi va amaliyotining eng dolzarb muammolari boʻyicha ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlarni nashr etish dasturini tayyorlash, faoliyatning turli yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlarning tarmoq bankini yaratgan holda jismoniy tarbiya va sportni ilmiy-axborot bilan taʼminlash tizimini tashkil qilish, ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlarni nashr etishni taʼminlash, sportning milliy turlari va xalq oʻyinlarini ilmiy-axborot bilan taʼminlash tizimini tashkil etish, “Fan sportga” ilmiy-sport jurnalini nashr etishni tashkil qilish;
sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda, keyinchalik salomatlikni mustahkamlash uchun jismoniy mashqlardan foydalanish boʻyicha tavsiyanomalar bergan holda, aholining barcha yosh guruhlarini har yili dispanserizatsiyadan va profilaktika koʻrigidan, jismoniy rivojlanish ahvoli darajasini tekshirishdan oʻtkazish;
mamlakat terma komandalarini tayyorlash jarayonida sportchilarni muntazam tibbiy kuzatuvdan oʻtkazib borishni, yakka tartibda davolanish va salomatlikni tiklash boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqishni taʼminlash, sportning barcha turlari boʻyicha ilmiy jihatdan taʼminlash guruhlarini shakllantirish;
vrachlik-jismoniy tarbiya dispanserlari va vrachlik nazorati shoxobchalarini kengaytirish, kasalxona va sanatoriylarda jismoniy tarbiya-salomatlikni tiklash markazlari ochish;
korxona, muassasa va tashkilotlarda sogʻliqni saqlash, mehnatni muhofaza qilish va jismoniy tarbiya mutaxassislarini birlashtiruvchi yagona salomatlik xizmatlari tashkil qilish.
5. Jismoniy tarbiya va sport tizimi imkoniyatlarini rivojlantirish
Jismoniy tarbiya va sport imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutining sport turlari boʻyicha trener kadrlar, sportda menejment va marketing boʻyicha, sportning milliy turlari va xalq oʻyinlari boʻyicha, davolash jismoniy tarbiyasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashdagi rolini oshirish nazarda tutilmoqda.
Viloyatlardagi universitetlar va pedagogika institutlarining jismoniy tarbiya fakultetlarida maktablar uchun jismoniy tarbiya oʻqituvchilari va maktabgacha muassasalar uchun yoʻriqchi-uslubchilar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish moʻljallanmoqda. Tarmoq kadrlari malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish, chet ellarda tajriba orttirishga yuborish tizimini ishlab chiqish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan mavjud sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini jiddiy yaxshilash va ulardan foydalanish ishlarini amalga oshirish moʻljallanmoqda. “Yangiobod” va “Bildirsoy” sport bazalarida sportning yozgi va qishki turlari boʻyicha olimpiya oʻquv-mashgʻulot markazlari tashkil qilish koʻzda tutilmoqda.
Sport tovarlari ishlab chiqarish boʻyicha xorijiy investorlar ishtirokidagi kichik va qoʻshma korxonalar tashkil qilish hamda ushbu mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotish ishlarini amalga oshirish moʻljallanmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniyat va sport ishlari vazirligiga jismoniy tarbiya va sportning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish masalalarini muvofiqlashtirish, sport obyektlarini loyihalash va qurish, sport tovarlarini ishlab chiqarish va sotish boʻyicha korxona va tashkilotlar tashkil qilishga koʻmaklashish yuklanadi.
(5-boʻlimning beshinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 156-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)
6. Jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilish
Vaqtli matbuotda, telekoʻrsatuvlar va radio eshittirishlarda sport mavzuidagi materiallarni quyidagi maqsadlarda keng yoritish nazarda tutiladi:
aholida sogʻlom turmush tarziga ehtiyojni, oʻzining jismoniy rivoji toʻgʻrisida qaygʻurish istagi va layoqatini shakllantirish;
jismoniy tarbiya va sportning davlat oldida turgan ijtimoiy-iqtisodiy va tarbiyaviy vazifalarni hal etishdagi rolini targʻib qilish;
ishlab chiqarishdagi jismoniy tarbiyaning mehnatchilarning ish qobiliyatini oshirish va kasb kasalliklarini kamaytirishdagi imkoniyatlarini namoyon qilish;
jismoniy tarbiya oʻqituvchisi va trenerlik kasbining nufuzini oshirish;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining sport tadbirkorligi va marketingini, aholiga pulli xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha tajribasini umumlashtirish va yoyish.
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida, adabiyot va sanʼatda jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilganlik uchun har yilgi mukofotlarni taʼsis etish, har yili sport jurnalistlari va sport targʻibotchilarining seminar-kengashlarini oʻtkazish, sportning milliy turlari, musobaqalar va xalq oʻyinlarini rivojlantirish boʻyicha telereydlarni muntazam oʻtkazish, sportning milliy turlari, musobaqalar va xalq oʻyinlarini targʻib qiluvchi mutaxassislar ishtirokida “Davra suhbatlari” tashkil qilish nazarda tutilgan.
(6-boʻlimning yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6iyuldagi 156-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)
Jismoniy tarbiya-sport mavzuidagi varaqlama va choʻntak taqvimlari, bukletlar, otkritkalar, maʼlumotnomalar, “sportga doir rasmlar”, “kichkintoylar uchun jismoniy tarbiya” kabilarni boʻyash uchun bolalar kitobchalarini koʻp nusxada nashr etish va Olimpiya shon-shuhrati muzeyining sportchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi rolini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish nazarda tutiladi.
7. Jismoniy tarbiya va sport sohasida mablagʻ bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish, nodavlat sektorini rivojlantirish
Millatni sogʻlomlashtirish va sportda yuksak natijalarga erishish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladigan mablagʻ bilan taʼminlash manbai sifatida davlat tomonidan mablagʻ bilan taʼminlash bilan bir qatorda, oʻz xodimlarini va ularning oila aʼzolarini yuqori darajada sogʻlom va jismoniy rivojlangan holatda tutishdan manfaatdor boʻlgan kasaba uyushmalari tashkilotlari, vazirliklar, idoralar, korxonalar, xoʻjaliklar, tashkilotlar mablagʻlarini jalb etish nazarda tutiladi.
Bozor munosabatlarining rivojlanishi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda mablagʻ bilan taʼminlashning yangi manbalaridan foydalanish vazifasini qoʻyadi, ulardan quyidagilar moʻljallangan:
sport marketingini rivojlantirish;
sport klublari qatnashchilarining aʼzolik badallari;
homiylikni kengaytirish;
reklamada sportdan foydalanish;
aholiga sport xizmatlari koʻrsatishni yanada rivojlantirish;
mamlakatimiz sport mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish;
sport federatsiyalari va klublarining oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlashi;
“Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi, Futbol jamgʻarmasi hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa jamgʻarmalar samaradorligini oshirish;
xorijiy investitsiyalardan, xalqaro jamgʻarmalar va tashkilotlar mablagʻlaridan foydalanish;
televideniyeda reklama-sport koʻrsatuvlarini kengaytirish;
sportshou tashkil qilish, professional sportdan tushadigan foydadan foydalanish;
sport lotereyalari oʻtkazishdan tushadigan mablagʻlardan keng foydalanish.
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda nodavlat sektori va sport xizmatlari koʻrsatish marketingi tobora katta ahamiyatga ega boʻladi. Shu maqsadda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
xususiy jismoniy tarbiya-sport muassasalari tashkil etish, ularni akkreditatsiya qilish va sertifikatlashtirish shartlari, xizmatlar sifati standartlari boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
nodavlat sektori muassasalariga davlat tashkilotlaridagi binolar va sport inshootlarini ularga imtiyozli shartlarda uzoq muddatli ijaraga berish orqali yordam koʻrsatish.