|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT ISLOM UNIVERSITETI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent islom universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 1999-yil 7-apreldagi Farmonini bajarish yuzasidan, islom diniga oid boy va noyob maʼnaviy-madaniy merosni chuqur oʻrganish, uni asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish va ushbu sohada aholining bilim darajasini oshirish, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent islom universitetining oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha davlat taʼlim standartlarini, oʻquv jarayoni uchun zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni jahonning ilgʻor hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
3. 1999/2000 oʻquv yiliga Toshkent islom universitetining ikkala fakultetining har biriga talabalar qabul rejasi 25 tadan davlat granti va 25 tadan toʻlov-kontrakt asosida (jami 100 ta) belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-dekabrdagi PQ-1024-sonli qaroriga asosan kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 515-modda)
5. Universitetga moddiy va maʼnaviy yordam beruvchi Homiylar kengashi tarkibi hamda universitet qoshidagi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi tuzilmasi 3* va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi Universitet taqdimnomasiga muvofiq oliy taʼlim yoʻnalishlari va ixtisosliklari klassifikatoriga va ilmiy xodimlar mutaxassisliklari nomenklaturasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
7. Toshkent islom universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda universitet qoshidagi islomshunoslik ilmiy-tadqiqot Markazi Nizomini va Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasi Nizomini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;
islom taʼlimotiga oid manbalar roʻyxatini tuzish, ularni jamlash hamda tashkil etilgan Manbalar xazinasi faoliyatini amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqsin va ularning bajarilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi universitet ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarini davlatning ilmiy-texnika dasturlari roʻyxatiga kiritsin va ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha grantlar ajratishni nazarda tutsin.
9. Mustaqil Vatanga va milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqatli hamda islomshunoslik, din tarixi, huquqi va falsafasi boʻyicha ushbu universitetning uchinchi va undan yuqori kurs iqtidorli talabalari uchun uchta Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasi joriy etilsin.
Mazkur stipendiyaning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi PF—555-son Farmonida oʻrnatilgan davlat stipendiyalari miqdorida belgilansin va ularni tayinlash Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-martdagi 157-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat stipendiyalari toʻgʻrisida Nizom va ularni tayinlash tartibi” asosida amalga oshirilsin. Ushbu tartibga 5-ilovaga muvofiq toʻldirishlar kiritilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
yetuk mutaxassislarni ishga taklif etish, professor-oʻqituvchilarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishlari, xalqaro ilmiy konferensiyalarda qatnashishlari, talabalarning yirik oʻquv markazlarida taʼlim olishlari, shuningdek, chet elda chop etiladigan davriy nashrlarga obuna boʻlish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini xarid qilish, Manbalar xazinasini toʻldirib borish uchun har yili universitet buyurtmalari boʻyicha erkin almashtiriladigan valyutadagi xarajatlarni qoplash uchun;
universitet, uning qoshida tashkil etilgan islomshunoslik ilmiy-tadqiqot Markazi va akademik litsey, shuningdek, Manbalar xazinasi faoliyatini moliyaviy taʼminlash uchun;
universitetning oʻz matbaa va tahririyat-nashriyot bazasini barpo etish uchun taqdim etiladigan hisob-kitoblarga muvofiq zarur mablagʻlar ajratsin.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 2-apreldagi 154-son qaroriga muvofiq qisqartirilayotgan yengil avtomobillardan ikkitacini Toshkent islom universiteti balansiga bepul oʻtkazsin.
12. Toshkent islom universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinadigan qonunlar va qarorlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning meʼyoriy va yoʻriqnoma hujjatlari majburiy tartibda tarqatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi:
universitetni uning kutubxonasini toʻldirish uchun maxfiy boʻlmagan bosma asarlar va kitob mahsulotining (ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, tabiiy) nazorat nusxalarini (2 nusxada) bepul oluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin;
universitet buyurtmalari boʻyicha oʻquv-uslubiy va ilmiy mahsulotlarining oʻz vaqtida nashr etilishini taʼminlasin;
universitetning oʻz matbaa va tahririyat-nashriyot bazasini barpo etishga va uning faoliyatini tashkil etishga yordam bersin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi davlat va nodavlat hamda jamoat tashkilotlarining Toshkent islom universitetini rivojlantirish jamgʻarmasi homiylari sifatida Jamgʻarmaga moliyaviy va moddiy-texnikaviy yordam koʻrsatish haqidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin (6-ilova).
Jamgʻarmaning barcha yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, xorijiy tashkilotlar, uyushmalar, jamgʻarmalar va fuqarolar uchun ochiq ekanligi belgilab qoʻyilsin.
15. Jamgʻarma barcha turdagi soliqlardan va bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun toʻlovlardan tashqari) 5 yil muddatga ozod qilinsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti va uning tarkibiy tuzilmalari hamda yotoqxonasi Toshkent shahar, Bobur koʻchasi, 55-uy (5-son kasb-hunar maktabi binolari kompleksi) ga joylashtirilsin.
Toshkent shahar hokimligi 1999-yil 1-iyulga qadar universitet binosi xonalarini oʻqish jarayoni xususiyatlarini hisobga olgan holda rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirsin va binoni universitet balansiga oʻtkazsin.
Universitet, islomshunoslik ilmiy-tadqiqot Markazi va akademik litseyni joylashtirishga ajratilgan binoni rekonstruksiya qilish, uni zarur asbob-uskuna va mebellar, zamonaviy kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlash, shuningdek, darsliklar va oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan taʼminlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan haqiqiy xarajatlar doirasida mablagʻ bilan taʼmin etilsin hamda 2000-yildan boshlab investitsiya dasturiga kiritilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent islom universitetini tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazsinlar hamda milliy va xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun universitetning tegishli hisob raqamlarini ochsinlar.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi belgilangan tartibda universitetni zamonaviy aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi va boshqa aloqa turlari bilan taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)
20. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 6-may,
224-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 193-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 28-son, 312-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 7-apreldagi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
2. Toshkent islom universiteti davlat oliy oʻquv yurti hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va ushbu Nizomga muvofiq hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tajribasini inobatga olgan holda oʻquv-uslubiy, ilmiy va boshqa faoliyatlarni amalga oshiradi.
3. Toshkent islom universiteti yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob, milliy va xorijiy valyutalarda hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasining davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhr, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.
Toshkent islom universiteti joylashgan manzil: Toshkent shahar, Bobur koʻchasi, 55-uy.
II. Toshkent islom universitetining maqsad va vazifalari
4. Toshkent islom universitetining maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
dinshunoslik asoslari, yoʻnalishlari, ilmiy-tadqiqot tamoyillari, islom dini tarixi, falsafasi, ularning jamiyat hayoti va rivojidagi oʻrni bilan bogʻliq masalalarni hamda zamonaviy fanlarni chuqur oʻzlashtirgan, davlat va jamoat tashkilotlari, diniy muassasalar oldidagi nazariy va amaliy vazifalarni hal etishga qodir, yuksak madaniy saviya, kasbiy bilimdonlik va axloqiy-estetik barkamollikni oʻzida mujassamlashtirgan vatanparvar, fidokor, yuqori malakali mutaxassis — bakalavr va magistr kadrlar tayyorlash hamda mavjud kadrlarning malakasini oshirishni taʼminlash;
islom diniga oid taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash borasida jahondagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining tajribasini atroflicha oʻrganish, tahlil etish va Toshkent islom universiteti oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish, ularda burchga sadoqat va vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash, millatimizning buyuk ilmiy, maʼnaviy qadriyatlari asosida yetuk islomshunos mutaxassis kadrlar tayyorlashni taʼminlash;
ajdodlarimizning boy diniy ilmiy-nazariy meroslarini tiklash, chuqur oʻrganish, tahlil etish va rivojlantirish, tadqiqotlar natijalarini jamlash va umumlashtirish asosida keng jamoatchilikka yetkazish;
jahon sivilizatsiyasi tarixida islom dinining tutgan oʻrnini tadqiq etish asosida hozirgi koʻp dinlik sharoitida dunyoda, mintaqada va mamlakatimizdagi islomning roli va ahamiyatini aniqlash, rivojlanish yoʻnalishlari, gʻoyalari va qonuniyatlarini nazariy va amaliy jihatdan tahlil etish;
uzluksiz taʼlim tizimi va keng jamoatchilik uchun dinshunoslik, xususan, islom taʼlimoti va falsafasi boʻyicha ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar, oʻquv dasturi va qoʻllanmalar yaratish hamda ularni nashr etish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijdan sohaning yetuk mutaxassis-oʻqituvchilarini jalb qilish, manfaatdor davlat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari, tijorat tuzilmalari hamda jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar va shaxslar bilan shartnoma asosida ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
har tomonlama rivojlangan va sodiq shaxsni, mustaqil davlat fuqarosini Vatan fidoyisi, jamiyat va oila oldidagi oʻz masʼuliyatini his qiluvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda xalq anʼanalarini eʼzozlovchi, el-yurt kelajagi uchun halol mehnat qiluvchi, diniy bagʻrikenglik ruhida tarbiyalangan barkamol avlodni shakllantirish.
III. Taʼlim oluvchilar, ularning huquq va burchlari
a) talabalar
5. Toshkent islom universitetiga umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega boʻlgan shaxslar test sinovlari natijalariga koʻra davlat grantlari hamda toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganlar Toshkent islom universiteti rektorining buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi va ularga talabalik guvohnomasi hamda reyting-sinov daftarchasi beriladi.
Toshkent islom universiteti islomshunoslik, dinshunoslik, islom tarixi va falsafasi, fiqh, iqtisodiyot, tabiiy fanlar yoʻnalishlari va ixtisosliklari boʻyicha quyidagi taʼlim turlari asosida oʻqitishni amalga oshiradi:
Bakalavriat — taʼlim yoʻnalishi boʻyicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, oʻqish muddati 4 yildan kam boʻlmagan tayanch oliy taʼlimi boʻlib, uni tugatganlarga davlat attestatsiyasi yakunlariga koʻra “bakalavr” darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Magistratura — bakalavriat negizida muayyan mutaxassislik boʻyicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, oʻqish muddati 2 yildan kam boʻlmagan oliy taʼlim boʻlib, uni tugatganlarga davlat attestatsiyasi yakunlariga koʻra “magistr” darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
6. Toshkent islom universiteti talabalarining huquq va burchlari quyidagilardan iborat:
universitet Manbalar xazinasi, kutubxonasi, axborot tizimi, oʻquv, ilmiy, tibbiy va boshqa boʻgʻinlarining xizmatidan bepul foydalanish;
ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha turlarida, konferensiyalar, simpoziumlarda ishtirok etish, oʻz ishlarini nashrga taqdim etish;
tanlangan taʼlim yoʻnalishi va ixtisosligi boʻyicha oʻtiladigan fanlarga qoʻshimcha ravishda boshqa fanlarni ham shartnoma asosida oʻzlashtirish;
qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy ixtisoslik boʻyicha taʼlim olish;
universitetda oʻqish davrida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish;
belgilangan tartib va miqdorda stipendiyalar, shuningdek, Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasini olish;
tibbiy maʼlumotnomalar asosida va boshqa istisno hollarda belgilangan tartibda akademik taʼtil olish;
universitetning talabalar uylaridan joy bilan taʼminlanish;
oʻqishdan boʻsh vaqtlarida mehnat shartnomasi boʻyicha ishlash.
Talabalar oʻqishini bir oliy oʻquv yurtidan boshqasiga koʻchirish, oʻqishga tiklash tartibi va shartlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Toshkent islom universitetining talabalari taʼlim dasturlari va oʻquv rejasida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari hamda universitet Nizomiga, ichki tartib qoidalariga va qonunchilikda belgilangan barcha axloqiy-meʼyoriy tartiblarga rioya etishlari shart.
7. Ushbu Nizom va oliy oʻquv yurtining ichki tartib qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzgan talabalarga quyidagi intizomiy jazolar qoʻllaniladi: hayfsan, qatʼi hayfsan, oliy oʻquv yurti talabalari safidan chiqarish.
6) tinglovchilar
8. Toshkent islom universiteti huzurida malaka oshirayotgan shaxslar tinglovchilar hisoblanib, ularning maqomi universitet talabasi maqomiga tenglashtiriladi va oʻqish natijalariga koʻra davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi, tinglovchilarni oʻqitish shartlari va huquqlari tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
v) aspirantlar, doktorantlar, izlanuvchilar va stajyor-tadqiqotchilar
9. Oliy maʼlumotga ega, oliy oʻquv yurtining aspiranturasida oʻqiyotgan va fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan shaxs aspirant hisoblanadi,
Kunduzgi shakldagi aspiranturada oʻqish uch yildan, sirtqi shaklda esa toʻrt yildan oshmasligi kerak.
Fan nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan va fan doktori ilmiy darajasini olish maqsadida dissertatsiya tayyorlash uchun oliy oʻquv yurtining doktoranturasiga qabul qilingan shaxslar doktorant hisoblanadi va oʻqish muddati uch yildan ortiq boʻlmasligi kerak.
Universitetga biriktirilgan va fan nomzodi yoki doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan shaxs izlanuvchi hisoblanadi.
Universitetning yuqori malakali olimlari rahbarligida ilmiy faoliyatga tayyorlanuvchi qobiliyatli shaxs stajyor-tadqiqotchi hisoblanadi.
Ilmiy faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi Oʻzbekiston fuqarolari uchun imtiyozlar berish tegishli Nizomga asosan, chet ellik fuqarolar uchun esa xorijiy davlatlar fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalariga qabul qilish va oʻqitish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Toshkent islom universitetida fan nomzodi hamda fan doktori ilmiy darajasini berish yuzasidan ixtisoslashgan kengashlar faoliyat koʻrsatadi.
IV. Oʻquv jarayoni
11. Toshkent islom universitetida oʻquv jarayoni yillik oʻquv hamda mashgʻulotlar jadvallari asosida tashkil etiladi.
12. Toshkent islom universitetida oʻquv mashgʻulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: maʼruza, konsultatsiya, seminar, amaliy mashgʻulot, laboratoriya ishi; nazorat ishi, kollokvium, mustaqil ish, amaliyot, kurs ishi, bakalavrlik bitiruv ishi hamda magistrlik dissertatsiyasi.
Taʼlim oʻzbek va xorijiy (arab, ingliz, fors va boshqa) tillarda olib boriladi.
Oʻquv yili ikki semestrga boʻlinadi va har birida talabalarning oʻzlashtirishi reyting nazorati (yoki imtihon sessiyasi) shaklida yakunlanadi.
Talabalarga oʻquv yili davomida kamida ikki marta jami 10 haftagacha taʼtil beriladi.
Oʻzlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga oʻtkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan rektor buyrugʻi bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli oʻtkazish mumkin emas.
V. Universitetning tuzilishi
13. Toshkent islom universiteti tarkibiga rektorat, fakultetlar, kafedralar, universitet qoshidagi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi, Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi, Manbalar xazinasi, Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasi, akademik litsey, kutubxona va boshqa oʻquv, ilmiy hamda yordamchi boʻlimlar kiradi.
14. Toshkent islom universitetida amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga binoan belgilangan tartibda tarkibiy tuzilmalar tashkil qilinishi, qayta tashkil qilinishi, qoʻshib yuborilishi yoki tugatilishi mumkin.
VI. Universitet professor-oʻqituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari, oʻquv-yordamchi va maʼmuriy-xoʻjalik xodimlarining tarkibi
15. Toshkent islom universitetining ilmiy-pedagogik kadrlari tarkibiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi, oʻqituvchi, assistent va ilmiy xodimlar kiradi. Ular oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilayotgan yuqori saviyali oʻqituvchi va xodimlardan shakllantiriladi.
Toshkent islom universitetida professor-oʻqituvchilar tarkibi talabalarga 1:4,5 nisbatda belgilanadi.
Professor-oʻqituvchilar lavozimini egallash “Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni ishga qabul qilish tartibi haqida”gi Nizomga muvofiq tanlov asosida, mehnat shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
16. Toshkent islom universitetining professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda universitetning Ilmiy kengashiga saylash va saylanish;
universitetning faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama etish va hal qilishda ishtirok etish;
universitetning Manbalar xazinasi, kutubxonasi, axborot tizimi, oʻquv, ilmiy va maishiy boʻgʻinlarining xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;
oʻqitishning uslub va vositalarini tanlash, oʻquv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini taʼminlovchi ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq oliy oʻquv yurti tomonidan belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
17. Toshkent islom universiteti professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlarining burchlari:
oʻquv kurslari mazmunini oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlariga muvofiq belgilash;
pedagogik va ilmiy jarayonning yuqori samaradorligini taʼminlash;
ushbu Nizomga rioya qilish;
talabalar bilan olib boriladigan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda, shu jumladan, darsdan tashqari vaqtda ham bevosita ishtirok etish;
taʼlim oluvchilarda vatanparvarlik, fidoyilik, mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni rivojlantirish;
oʻz malakasini muttasil ravishda oshirish.
18. Toshkent islom universitetining professor-oʻqituvchilariga besh yilda kamida bir marta malakasini oshirish kafolati beriladi.
19. Toshkent islom universitetining maʼmuriy-xoʻjalik, muhandis-texnika, oʻquv-yordamchi va boshqa xizmat xodimlarining huquq va burchlari oliy oʻquv yurtining ichki tartib qoidalari va lavozimga oid yoʻriqnomalar bilan belgilanadi.
VII. Universitetni boshqarish
20. Toshkent islom universitetini bevosita boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydigan rektor tomonidan amalga oshiriladi.
Rektor oliy oʻquv yurti faoliyatiga toʻliq masʼuldir. U, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, oliy oʻquv yurti nomidan ish olib boradi, barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda universitet nomidan vakillik va universitetning mol-mulkiga masʼullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bankda universitetning hisob raqamlarini ochadi, kreditlardan foydalanish boʻyicha buyruqlar beradi.
Rektor oliy oʻquv yurtining vakolati doirasida:
Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasiga rahbarlik qiladi;
prorektorlarning muayyan vazifalari hamda masʼuliyatlarini belgilaydi;
bosh buxgalterni ishga tayinlaydi va ishdan ozod qiladi;
universitet ilmiy-pedagogik xodimlari va xizmatchilarini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda ishga oladi va ishdan boʻshatadi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 12-bobi (“Mehnat shartnomasi”)
universitetning barcha xodimlari va taʼlim oluvchilari uchun ijrosi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi;
universitet tarkibiga kirgan Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi, Manbalar xazinasi, Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda boshqa boʻlinmalarning vakolatini belgilaydi va ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
universitet xodimlarining shtatlar soni, limiti va lavozim maoshlari tarif setkasi doirasida universitet professor-oʻqituvchilari va xodimlarining sonini tasdiqlaydi hamda lavozim maoshlarini belgilaydi;
universitet xodimlarining lavozim maoshlariga ustama va qoʻshimchalarni belgilaydi, Zarur hollarda universitet tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi, mehnatga soatbay haq toʻlash fondi stavkalarini amaldagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10,6 foizi doirasida belgilaydi hamda jahon tajribasini nazarda tutgan holda universitetda ishlash uchun mutaxassislarni, jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilishning turli iqtisodiy shakllaridan foydalanadi;
(20-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
universitet Ilmiy kengashning tavsiyasiga binoan kafedralarni tashkil etish yoki tugatish huquqiga ega.
Universitet rektoriga oʻzi ishlayotgan oliy oʻquv yurtida va undan tashqarida haq toʻlanadigan boshqa rahbarlik lavozimida (ilmiy va ilmiy-uslubiy rahbarlikdan tashqari) oʻrindoshlik boʻyicha ishlashga ruxsat etilmaydi. Rektor oʻz vazifalarini oʻrindoshlik boʻyicha bajarishi mumkin emas.
Rektor Toshkent islom universiteti faoliyati yuzasidan Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi oldida masʼuldir va unga muntazam ravishda hisobot beradi.
21. Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq Toshkent islom universitetida uning faoliyatini yoʻnaltirish va taʼminlash uchun Ilmiy kengash tashkil etiladi.
Ilmiy kengash aʼzolarining soni universitet rektori buyrugʻi bilan belgilanadi.
Ilmiy kengash tarkibiga rektor (kengash raisi), prorektorlar, dekanlar, kafedra mudirlari, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi hamda talabalar kiradi. Ilmiy kengashning boshqa aʼzolari umumiy majlisda yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
22. Toshkent islom universitetini boshqaruvchi jamoat organi — Homiylar kengashi tashkil etiladi. Uning tarkibiga davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining vakillari kiradi.
Homiylar kengashining tarkibi, vakolatlari, uni shakllantirish tartibi va faoliyati Homiylar kengashi toʻgʻrisidagi Nizom bilan belgilanadi.
23. Toshkent islom universitetining prorektorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi bilan kelishilgan holda rektor tomonidan tayinlanadi.
24. Toshkent islom universiteti fakultetini Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi bilan kelishilgan holda rektor tomonidan tayinlanadigan dekan boshqaradi.
Fakultet dekani oʻz faoliyatida oliy oʻquv yurtining fakulteti toʻgʻrisidagi Nizomga amal qiladi.
Fakultet toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq fakultetda Ilmiy kengash tashkil etiladi. Uning tarkibi, vakolatlari va faoliyati fakultet Ilmiy kengashi toʻgʻrisidagi Nizom bilan belgilanadi.
25. Kafedra faoliyatini tanlov asosida universitetning Ilmiy kengashi saylaydigan mudir boshqaradi. Uning vakolatlari va kafedra faoliyati tegishli Nizom bilan belgilanadi.
VIII. Universitet mol-mulki va mablagʻlari
26. Toshkent islom universitetiga operativ boshqarish huquqi bilan davlat (taʼsischi) tomonidan binolar, inshootlar, mulk komplekslari, oliy oʻquv yurtining pasportiga muvofiq asbob-uskunalar, shuningdek, isteʼmol, ijtimoiy, madaniy va boshqa maqsadlar uchun zarur boʻlgan mulklar biriktiriladi.
Toshkent islom universitetiga ajratilgan yer uchastkalari oliy oʻquv yurtiga doimiy bepul foydalanish uchun biriktiriladi.
27. Toshkent islom universitetining taʼlim faoliyatini moliyaviy taʼminlash davlat grantlari asosida mutaxassislar tayyorlash uchun ajratilgan mablagʻlar, davlat tomonidan belgilangan normativlardan kelib chiqqan holda qayta tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirish hisobiga ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlar, jumladan, talabalar va tinglovchilarni oʻqitish uchun belgilangan tartibda olinadigan toʻlov-shartnoma asosidagi mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
28. Toshkent islom universitetiga jismoniy va yuridik shaxslardan sovgʻa, hadya yoki vasiyat boʻyicha berilgan pul mablagʻlari, mol-mulk va boshqa mulkiy obyektlarga, oliy oʻquv yurti faoliyatining samarasi hisoblangan intellektual va ijodiy mahsulotlarga, shuningdek, oʻz faoliyati orqali oladigan daromadlar va ushbu daromadlar hisobiga sotib olingan mulkiy obyektlarga egalik qilish huquqi beriladi.
29. Toshkent islom universiteti mol-mulkni ijaraga oluvchi va ijaraga beruvchi sifatida faoliyat koʻrsatish huquqiga ega. Universitet oʻziga biriktirilgan mulkiy obyektlarni Ilmiy kengashning roziligi bilan, sotib olish huquqisiz, joylardagi hokimiyat organlari tomonidan belgilangan narxlardan past boʻlmagan narxda ijaraga berishni amalga oshiradi.
30. Toshkent islom universiteti oliy oʻquv yurtining asosiy faoliyatiga zarar yetkazmaydigan tartibda taʼlim va boshqa sohalarda pulli xizmat koʻrsatishi va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Universitet oʻz mulki bilan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarning ustav jamgʻarmasida qatnashish huquqiga ega.
Toshkent islom universiteti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda ushbu Nizomga zid boʻlmagan shartnomalar tuzish, majburiyatlar va boshqa shartlarni belgilash boʻyicha masalalarni mustaqil hal qiladi.
IX. Xalqaro hamkorlik
31. Toshkent islom universiteti xalqaro hamkorlik ishlarida quyidagi huquqlarga ega:
Ilmiy Kengashning qaroriga binoan xorijiy davlatlarning tegishli oʻquv yurti bilan bevosita aloqalar oʻrnatish, ular bilan hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar tuzish, qonunchilikda belgilangan tartibda hamkorlikda kafedralar, markazlar, laboratoriyalar va boshqa boʻlinmalar tashkil etish;
talabalar, aspirantlar, doktorantlar, pedagogik va ilmiy xodimlar bilan ikki tomonlama almashish dasturida ishtirok etish;
hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar, kongresslar, simpoziumlar va boshqa tadbirlar oʻtkazish;
taʼlimni takomillashtirish va rivojlantirish xalqaro dasturlarida ishtirok etish;
Toshkent islom universitetida chet el fuqarolarini tayyorlash va malakasini oshirish hamda universitet ilmiy-pedagogik xodimlarining xorijda oʻqituvchilik va ilmiy-tadqiqotchilik ishlari davlatlararo shartnomalar, taʼlimni boshqarish boʻyicha tegishli organlari oʻrtasidagi shartnomalar asosida amalga oshirish;
xalqaro nodavlat tashkilotlarga belgilangan tartibda aʼzo boʻlish.
32. Toshkent islom universiteti Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan va “Taʼlim toʻgʻrisida” hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Qonunlarda belgilangan vazifalarni bajarishga, shuningdek, xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega.
X. Universitetni qayta tashkil etish va tugatish
33. Toshkent islom universitetini qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlish, ajratish va qayta oʻzgartirish, shuningdek, uni tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida va qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va davlat organlarini tugatish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 193-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 28-son, 312-modda)
“Davlat stipendiyalari toʻgʻrisida Nizom va ularni tayinlash tartibi”ga toʻldirishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-martdagi 157-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat stipendiyalari toʻgʻrisida Nizom va ularni tayinlash tartibi”ning:
1-bandi “Ulugʻbek” soʻzidan keyin “Imom al-Buxoriy” soʻzlari bilan;
8-bandining 6-qatori “Ulugʻbek davlat stipendiyasi sovrindori” soʻzlaridan soʻng “Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasi sovrindori” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
Toshkent islom universitetini rivojlantirish jamgʻarmasi homiylari
ROʻYXATI
1. Tashqi ishlar vazirligi.
2. Toshkent shahar hokimligi.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi.
4. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi.
5. Xalq taʼlimi vazirligi.
6. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi.
7. Adliya vazirligi.
8. Fanlar akademiyasi.
9. Fan va texnika davlat qoʻmitasi.
10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita.
11. Davlat mulk qoʻmitasi.
12. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi.
13. Oʻzbekiston banklar uyushmasi.
14. Oʻzbekturizm milliy kompaniyasi.
15. Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi.
16. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
17. Toshkent sharqshunoslik instituti.
18. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi.
19. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi.
20. “Qanoat” muvofiqlashtirish markazi.
Ushbu roʻyxat, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, Jamgʻarmaga homiy boʻlish istagini bildirgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, jumladan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar uchun ochiqdir.