O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida
“Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 101-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-martdagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son)
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar;
jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda metodik yordam ko‘rsatishni va ko‘maklashishni ta’minlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 8-oktabr,
287-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 287-son qaroriga
1-ILOVA
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
Namunaviy nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibini hamda jamoatchilik ekologik nazorati subyektlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydi.
2. Jamoatchilik ekologik nazorati — atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga doir jamoatchilik chora-tadbirlari tizimidir.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Jamoatchilik ekologik nazorati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlariga, ushbu Namunaviy nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Jamoatchilik ekologik nazorati:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;
ommaviy axborot vositalari;
nodavlat notijorat tashkilotlar;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (keyingi o‘rinlarda fuqarolar deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
5. Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonuniylik, xolislik, mustaqillik, oshkoralik, shaxs, jamiyat hamda davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tamoyillari ta’minlanishi kerak.
6. Quyidagilar jamoatchilik ekologik nazoratining asosiy vazifalari hisoblanadi:
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish;
atrof muhit holatini kuzatib borish, atrof muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlash;
mo‘ljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash;
yuridik va jismoniy shaxslarning atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash;
atrof muhitdagi o‘zgarishlar, tabiiy resurslardan foydalanilishi va ko‘rilayotgan tegishli chora-tadbirlar to‘g‘risida davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarni hamda fuqarolarni xabardor qilishda ishtirok etish;
tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini ta’minlash.
7. Quyidagilar jamoatchilik ekologik nazoratining obyektlari hisoblanadi:
yer, yer osti boyliklari, suvlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy va texnogen manbalar;
atrof muhitning ifloslanishiga va tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan faoliyat, harakat yoki harakatsizlik.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish maqsadida jamoatchilik ekologiya nazoratchilari tizimini shakllantirishi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi mumkin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 101-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)
9. Ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladilar va ularning murojaatlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq o‘z vaqtida chora ko‘radilar.
10. Aholining, aholi yashash punktlarining ekologik xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlarga ega bo‘lgan ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarga ushbu ma’lumot bilan o‘z vaqtida va to‘liq bepul tanishishini ta’minlashi zarur, qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
11. O‘zbekiston ekologik harakati, o‘z ustavidagi vazifalariga muvofiq, nodavlat notijorat tashkilotlarining ekologik nazoratni amalga oshirishdagi ishtirokini yanada kuchaytirishga doir tavsiyalar ham ishlab chiqadi.
II. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish
12. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamoatchilik ekologik nazorat sohasidagi faoliyati fuqarolarning tegishli o‘zini o‘zi boshqarish hududida (shaharchalar, qishloqlar, ovullar hamda shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar mahallalarida) amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida hamda ushbu Namunaviy nizomning 5-bandida sanab o‘tilgan tamoyillar bilan bir qatorda demokratizm, ijtimoiy adolat, mustaqillik, jamoatchilik asosidagi o‘zaro yordam, mahalliy urf-odatlar va an’analar ta’minlanishi kerak.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamoatchilik ekologik nazorat bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Jamoatchilik ekologik nazorati bo‘yicha faoliyatga umumiy rahbarlik fuqarolar yig‘inining raisi hamda fuqarolar yig‘inining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Fuqarolar yig‘inining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasining jamoatchilik ekologik nazorati sohasidagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-oktabrdagi 274-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolar yig‘inining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 134-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik ekologik nazorati bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish maqsadida Fuqarolar yig‘inining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari, kommunal xizmatlar, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlari, ichki ishlar organlari (profilaktika bo‘yicha inspektorlar), Yoshlar ittifoqi bo‘linmalari vakillarini, fuqarolar yig‘inining raisi maslahatchilarini va sohalar bo‘yicha komissiyalar vakillarini belgilangan tartibda jalb qilish huquqiga ega.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
17. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:
atrof muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha qarorlar tayyorlashda va qabul qilishda, shuningdek davlat ekologik dasturlari hamda boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadilar;
tegishli hududda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiradilar;
atrof muhitning holatini va atrof muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni kuzatib borishni amalga oshiradilar;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadilar;
maxsus vakolatli davlat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda xabardor bo‘lgan o‘zining vakolatli vakilining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi to‘g‘risida takliflar kiritadilar;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining o‘zlari aniqlagan holati to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni xabardor qiladilar;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritadilar;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli davlat organlariga murojaat qiladilar va axborot oladilar;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini o‘rganishni, jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazadilar;
atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish masalalari yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitadilar hamda ularning natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladilar;
Oldingi tahrirga qarang.
atrof muhitni muhofaza qilishga ko‘maklashadilar, ekologik nazoratning boshqa subyektlari va ommaviy axborot vositalari bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha, shu jumladan jamoatchilik ekologiya nazoratchilari tizimini shakllantirishda hamkorlik qiladilar;
(17-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 101-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)
aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarda ko‘maklashadilar.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Jamoatchilik ekologik nazoratining samaradorligini oshirish uchun Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning hududlarida tashkil etilgan maslahat markazlari negizida jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga qisqa muddatli kurslar o‘tkazishda ko‘maklashadilar.
Tegishli hududlarda joylashgan ta’lim muassasalari fuqarolar yig‘inlari murojaatiga binoan aholining ekologik madaniyatini oshirish ishlari doirasida turli tadbirlarni o‘tkazish, jamoatchilik ekologiya nazoratchilari uchun qisqa muddatli kurslar tashkil qilish uchun o‘quv jarayonidan bo‘sh bo‘lgan o‘quv xonalarini taqdim etishlari mumkin.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 101-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)
19. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ekologik nazoratni amalga oshirish uchun shartnoma asosida mutaxassis va ekspertlarni qonunchilikka muvofiq jalb qilishi mumkin.
20. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamoatchilik ekologik nazorati bo‘yicha vakolatlarini amalga oshirish uchun o‘z mablag‘laridan hamda yuridik va jismoniy shaxslardan xayriya sifatida tushgan, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘laridan foydalanishi mumkin.
III. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish
Oldingi tahrirga qarang.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagi huquqlarga ega:
(22-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
atrof muhitni muhofaza qilishni, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash masalalari bo‘yicha qarorlar tayyorlashda, shuningdek davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish;
atrof muhitning holatini va atrof muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni kuzatib borishda ishtirok etish;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
maxsus vakolatli davlat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda o‘z vakilining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi to‘g‘risida takliflar kiritish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining o‘zlari aniqlagan holatlari to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni xabardor qilish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli davlat organlariga murojaat qilish va ulardan axborot olish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini o‘rganish, jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda ko‘kalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
ekologik nazoratning maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolar va ommaviy axborot vositalari bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha, shu jumladan jamoatchilik ekologiya nazoratchilari tizimini shakllantirishda hamkorlik qilish;
(22-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 101-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)
davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarida ko‘maklashish;
atrof muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish davlat dasturlari bajarilishi masalalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chop etilgan materiallarni to‘plash va tahlil qilish hamda mazkur ma’lumotlar bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda Internet butunjahon axborot tarmog‘ida resurslarni tashkil qilish, ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish, ommaviy axborot vositalariga hammuassis bo‘lish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalarida jamoatchilik ekologik nazorati natijalari yoritilishida ishtirok etish;
jamoatchilik ekologik nazorati maqsadida suratga olishlarni, audio va videotasvirlarni amalga oshirish hamda qonunchilikni buzmagan holda ushbu materiallarni chop etish va efirga uzatish;
tegishli davlat organlariga ekologik nazorat masalalari bo‘yicha murojaatlar yuborish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq yig‘ilishlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;
atrof muhit va aholi salomatligi muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, davlat ekologik dasturi bajarilishi masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar, komissiyalar va ilmiy-texnikaviy kengashlarni tashkillashtirishda tashabbuskorlik ko‘rsatish, ularda mutaxassis va ekspertlarni ishtirok etishga jalb qilish;
jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazishda tashabbuskorlik qilish va ularni o‘tkazish.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
23. Jamoatchilik ekologik nazorati bo‘yicha faoliyatni moddiy va moliyaviy ta’minlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari tashkilot mol-mulkini shakllantirishning quyidagi manbalari mablag‘laridan foydalanish huquqiga ega:
kirish va a’zolik badallari, agar ular ustavda nazarda tutilgan bo‘lsa;
muassislardan, qatnashchilardan (a’zolardan) bir marotaba va muntazam ravishda tushadigan tushumlar;
ixtiyoriy mulkiy badallar va ehsonlar;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan, faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladigan daromadlar (foyda);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek jamoatchilik ekologik nazorati bo‘yicha faoliyatini amalga oshirish uchun davlat tomonidan belgilangan tartibda beriladigan subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar va grantlar shaklida yordam olishi mumkin.
24. Nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagilarni bajarishi shart:
ekologik nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa subyektlariga ko‘maklashish;
ekologik nazoratning boshqa subyektlari vazifalarini ularning o‘rniga bajarmaslik.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
IV. Fuqarolarning jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha huquqlari va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
25. Fuqarolar jamoatchilik ekologik nazoratini respublika hududida ham, o‘zining doimiy yashash joyida ham, vaqtincha turgan joyida ham bevosita amalga oshirish huquqiga ega.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
26. Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
atrof muhitni muhofaza qilishni, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash masalalari bo‘yicha qarorlar tayyorlash va qabul qilishda, shuningdek davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini kuzatib borishni amalga oshirish;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining o‘zlari aniqlagan holati to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilish;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli davlat organlariga murojaat qilish va ulardan axborot olish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishda, jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazishda ishtirok etish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda ko‘kalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish.
Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
27. Fuqarolar quyidagilarni bajarishi shart:
ekologik nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa subyektlariga ko‘maklashish.
Fuqarolarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
V. Jamoatchilik ekologik nazoratining asosiy shakllari
28. Quyidagilar Jamoatchilik ekologik nazoratining asosiy shakllari hisoblanadi:
atrof muhitning holatini va uning xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat ta’siridagi o‘zgarishlarini, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini, davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishini kuzatib borish;
davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda ko‘kalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitish;
jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazish.
Jamoatchilik ekologik nazorati atrof muhit va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning holatini tahlil qilish va baholash, shuningdek jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllar va usullardan ham foydalanilishi mumkin.
29. Kuzatib borish quyidagilarni:
atrof tabiiy muhitga ta’sir qiluvchi manbalar holatini;
atrof tabiiy muhitga ta’sir qiluvchi fizikaviy, kimyoviy va biologik jarayonlar, hodisalar va omillarni;
atmosfera havosining, yer usti va yer osti suvlarining, tuproqning, yer usti ekotizimlarining va geologik muhitning ifloslanish darajasi holatini;
o‘simlik va hayvonot dunyosining holati hamda xo‘jalik va boshqa faoliyat ta’sirida ularning degradatsiya jarayonlarini ta’riflash (aniqlash), baholash, tahlil va prognoz qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Kuzatish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan mustaqil ishlab chiqilgan rejalar va dasturlarga muvofiq o‘zlari uchun qulay bo‘lgan usul va vositalar bilan amalga oshiriladi.
30. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek fuqarolar davlat ekologik nazoratining quyidagi asosiy shakllari amalga oshirilganda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga amal qilinishini, davlat dasturlari va boshqa ekologik dasturlar amalga oshirilishini tekshirish;
atrof muhit monitoringi;
davlat ekologik ekspertizasi.
31. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan kuzatuvchilar nomzodlarini ko‘rsatish ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyalar taqdimiga binoan amalga oshiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan kuzatuvchilar nomzodlarini ko‘rsatish tashkilotning ijro etuvchi rahbarlik organining taqdimiga binoan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar davlat ekologik nazorati amalga oshirilganda o‘zini o‘zi taklif qilish yo‘li bilan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidan) yoki o‘zi a’zo yoki faoli bo‘lgan nodavlat notijorat tashkiloti taqdimiga binoan kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
(31-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
32. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining hamda fuqarolarning davlat ekologik nazoratida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ekologik nazorat sohasida maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
33. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining hamda fuqarolarning idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tegishli idora va tashkilot bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining hamda fuqarolarning idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishiga faqat yuridik shaxsning vakili yoki yakka tartibdagi tadbirkorning vakili ishtirokida yo‘l qo‘yiladi.
Ishlab chiqarish uchastkalarini (sexlarni, bo‘limlarni) tashkilot ma’muriyatini va hamrohlik qiluvchi shaxsni xabardor qilmasdan aylanib chiqish (ko‘zdan kechirish) man etiladi.
34. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (o‘z vakolatlari doirasida) tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda ko‘kalamzorlashtirilishi masalalariga doir hisobotlarini eshitadilar.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning jamoat eshituvlari, konferensiyalar, “davra suhbatlari” va boshqa tadbirlar tashkil qilinganda ekologik nazorat sohasida maxsus vakolatli davlat organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas’ul shaxslarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining axborot va hisobotlarini eshitishlari mumkin.
35. Jamoatchilik ekologik ekspertizasi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tashabbusi bilan ekologik asoslanilishida ehtiyoj bo‘lgan har qanday faoliyatda amalga oshirilishi mumkin. Jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish man etiladi.
Jamoatchilik ekologik ekspertizasi, davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilishidan qat’i nazar, amalga oshirilishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik ekspertizasining xulosasi tavsiyaviy xarakterga ega.
VI. Jamoatchilik ekologik nazorati natijalarini rasmiylashtirish va amalga oshirish shakllari
36. Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari belgilangan tartibda ma’lumotnoma yoki axborot tuzish orqali, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘llar bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari bo‘yicha axborot yoki ma’lumotnoma:
ekologik nazorat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki nodavlat notijorat tashkiloti vakillari tomonidan amalga oshirilganda tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raisi yoki nodavlat notijorat tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi;
ekologik nazorat o‘zini o‘zi taklif etish yo‘li bilan fuqaro tomonidan amalga oshirilganda nazorat natijalari fuqaro tomonidan tasdiqlab beriladi.
Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari bo‘yicha axborot yoki ma’lumotnoma fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlariga, boshqa davlat organlariga, shuningdek tashkilotlar rahbarlariga belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
37. Quyidagilar jamoatchilik ekologik nazorati natijalarini amalga oshirish shakllari hisoblanadi:
maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini jamoatchilik ekologik nazorati natijalari to‘g‘risida xabardor qilish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun davlat organlariga taklif kiritish.
Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘llar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
38. Maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini jamoatchilik ekologik nazorati natijalari to‘g‘risida xabardor qilish belgilangan tartibda beriladigan og‘zaki, yozma va elektron murojaatlar (arizalar, takliflar yoki shikoyatlar) shaklida bo‘lishi mumkin.
Murojaatlarga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari yoki fuqarolarda mavjud bo‘lgan ushbu murojaatlarning tub mohiyati bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorlar (yoki ularning nusxalari), shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun kerak bo‘lgan boshqa hujjatlar, shu jumladan foto, audio va videomateriallar ilova qilinishi mumkin.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining yoki fuqarolarning jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha murojaatlari qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 101-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 41-son, 526-modda; 2017-y., 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son; 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son; 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son; 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)