|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2015 — 2019-yillar davrida ijtimoiy, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan kompleks holda yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va sizot suvlar sathini pasaytirish, Guliston shahrini arxitekturaviy-rejali qurishni tubdan yangilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi vazifalar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-sentabrdagi PQ-2401-son qarori bilan tasdiqlangan 2015 — 2019-yillar davrida ijtimoiy, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan kompleks holda yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va sizot suvlar sathini pasaytirish, Guliston shahrini arxitekturaviy-rejali qurishni tubdan yangilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish, shuningdek yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni kompleks rivojlantirish va jadal modernizatsiyalash, uy-joy fondini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish va yangilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sirdaryo viloyati va Guliston shahri hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-sentabrdagi PQ-2401-son qarori bilan tasdiqlangan 2015 — 2019-yillar davrida ijtimoiy, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan kompleks holda yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va sizot suvlar sathini pasaytirish, Guliston shahrini arxitekturaviy-rejali qurishni tubdan yangilash chora-tadbirlari dasturining (keyingi oʻrinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb ataladi) soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar.
2. 2015 — 2019-yillar davrida suv taʼminoti, sanitariya, irrigatsiya, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti va telekommunikatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish yoʻli bilan ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish, muhandislik-kommunal tarmoqlar va inshootlarni modernizatsiyalash bilan kompleks holda Guliston shahrini arxitekturaviy-rejali qurishni tubdan yangilash boʻyicha kompleks tadbirlar (keyingi oʻrinlarda Kompleks tadbirlar deb ataladi) tasdiqlansin, ular quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
Guliston shahrining 1-ilovaga* muvofiq shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish;
arxitektura ansambllari yaratish, 2-ilovaga* muvofiq mavjud shahar tashkil qiluvchi maydonlarni va obod xiyobonlarni rekonstruksiya qilish, yangilarini barpo etish, shu jumladan zamonaviy bozor infratuzilmasini shakllantirish yoʻli bilan Guliston shahrini qurish;
3, 3a-ilovalarga* muvofiq yoʻl-transport infratuzilmasi va aholiga avtotransport xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish;
4, 4a, 4b, 4v, 4g-ilovalarga* muvofiq suv taʼminoti, kanalizatsiya, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti va telekommunikatsiyalar tizimlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash hisobiga Guliston shahrining muhandislik-kommunal infratuzilmasini rivojlantirish;
5-ilovaga* muvofiq Guliston shahrining uy-joy fondini rivojlantirish;
6 — 10-ilovalarga* muvofiq madaniyat, sport, sogʻliqni saqlash va taʼlim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash hisobiga ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish.
3. Sirdaryo viloyati va Guliston shahri hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari — Chora-tadbirlar dasturini va Kompleks tadbirlarni amalga oshirish doirasida jalb etilgan buyurtmachilar:
oʻn kun muddatda — nazarda tutilgan loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishning hamda drenaj tizimini takomillashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va sizot suvlar sathini pasaytirish tadbirlarini birgalikda bajarishning tarmoq jadvallarini tasdiqlasinlar;
yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha nazarda tutilgan ishlarning tasdiqlangan parametrlarga qatʼiy muvofiq ravishda jadal bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
tasdiqlangan tadbirlarning paydo boʻladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etish boʻyicha zarur tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni koʻrgan holda bajarilishi monitoringini doimiy asosda amalga oshirsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hamda Davlat geologiya qoʻmitasi Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda irrigatsiya-drenaj obyektlaridan foydalanish boʻyicha ixtisoslashtirilgan hududiy xizmatni belgilangan tartibda tashkil etsinlar, keyinchalik unga yuklangan quyidagi vazifalarni sifatli bajarish uchun uni yuqori malakali mutaxassislar, yangi zamonaviy texnika, shuningdek asbob-uskunalar bilan taʼminlasinlar:
yer osti suvlari rejimini nazorat qilishning zamonaviy metodlaridan samarali foydalanish, shu jumladan sizot suvlar sathi monitoringining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, keyinchalik yer osti suvlari xaritalarini va maʼlumotlar bazalarini muntazam ravishda yangilab borish;
eng avvalo, taʼmirlash va tiklash ishlarini kompleks amalga oshirish asosida Guliston shahrining meliorativ-irrigatsiya tizimi obyektlari va inshootlaridan ishonchli ravishda foydalanishni tashkil etish;
mavjud boʻlgan, shu jumladan shaharga tutash yuqori zonalardagi inshootlardan foydalanuvchi turdosh suv xoʻjaligi korxonalari bilan sizot suvlar sathini pasaytirish, keyinchalik ularni “Shoʻroʻzak” va “Markaziy Mirzachoʻl kollektori” magistral drenaj kollektorlariga toʻliq oqizib yuborish boʻyicha aniq hamkorlik qilish.
5. Sirdaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda eskirgan va avariya holatidagi turar joylarni, shu jumladan Guliston shahrining qayta barpo etilayotgan va kengaytirilayotgan koʻchalaridagi qizil chiziqlar chegarasiga tushayotgan 11-ilovaga* muvofiq obyektlarni bosqichma-bosqich buzish tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Chora-tadbirlar dasturi va Kompleks tadbirlarni soʻzsiz amalga oshirish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimligining mahalliy budjeti parametrlarini shakllantirish va bajarish boʻyicha 12-ilovaga* muvofiq tarkibda ishchi guruh tashkil etilsin.
* 1 — 12-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Ishchi guruh (Yusupov):
koʻrsatilgan manba hisobiga investitsiya loyihalarini uzluksiz va bir maromda moliyalashtirishni nazarda tutgan holda Sirdaryo viloyatining har yilgi mahalliy budjeti prognozini muvozanatli shakllantirishni;
Sirdaryo viloyati tumanlari va shaharlari boʻyicha joyiga borgan holda mahalliy budjetga soliqlar va majburiy toʻlovlarga doir muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlar yuzaga kelishiga yoʻl qoʻygan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrgan holda har haftalik qatʼiy monitoring olib borsin.
Ishchi guruh har 15 kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 9-martdagi F-4421-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Respublika komissiyasiga mahalliy budjetning prognoz parametrlarini taʼminlash hamda soliqlar va majburiy toʻlovlar, jumladan muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni toʻliq yigʻishga doir koʻrilayotgan mukammal chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sirdaryo viloyati va Guliston shahri hokimliklari buzilishi kerak boʻlgan hududlarda fuqarolarni hisobga olish va ularni propiska qilish qoidalariga rioya etilishi choralarini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili 2016-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda unga ushbu qarorda nazarda tutilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida bajarilgan, buyurtmachilarning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha loyihalar kiritilishini taʼminlasinlar.
9. “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi maqbul texnik xulosalar qoʻllanishini hamda bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifatini hisobga olgan holda Guliston shahrining tasdiqlangan bosh rejasiga muvofiq barpo etilayotgan obyektlarning joylashtirilishi, texnik shartlari va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish sifati yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.I. Zakirov, Gʻ.I. Ibragimov, A.I. Ikramov va B.Y. Xodiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-sentabr,
262-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 36-son, 480-modda; 2016-y., 14-son, 132-modda; 2017-y., 38-son, 1049-modda)