Norasmiy tarjima
Jeneva konvensiyasiga Qo‘shimcha Protokol
Xalqaro qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga taalluqli 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyalariga doir (I protokol)
Jeneva, 1977-yil 8-iyun
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Qo‘shimcha Protokolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi 946-XII-sonli “Urush qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyalariga hamda xalqaro tusdagi va xalqaro bo‘lmagan tusdagi qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyalariga doir qo‘shimcha protokollarga qo‘shilish haqida”gi Qaroriga asosan qo‘shilgan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 1994-yil 8-apreldan kuchga kirgan)
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar,
xalqlarning tinchlikda yashashini ko‘rishdan iborat samimiy istak-xohishlari haqida bayon qilib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq har bir davlat o‘z xalqaro munosabatlarida boshqa har qanday davlatning hududiy yaxlitligiga yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish xavfi bilan tahdid solishdan yoxud kuch ishlatishdan, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti maqsadlariga nomuvofiq bo‘lgan boshqa xil xatti-harakatlarni sodir etishdan saqlanishga majbur ekanini eslatib,
shu bilan birga, urush qurbonlari himoyasini ko‘zda tutuvchi qoidalarni tasdiqlash va rivojlantirish, ularning nisbatan samarali qo‘llanishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar miqyosini kengaytirish zarurligini qayd etib,
mazkur Protokoldagi yoki 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyalaridagi biron-bir narsa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga nomuvofiq bo‘lgan har qanday tajovuzni yoxud har qanday kuch ishlatishni qonunlashtiruvchi yoki bunday xatti-harakatlarga ruxsat etuvchi qoida sifatida talqin etilishi mumkin emasligiga ishonch bildirib,
shuningdek, mazkur Protokoldagi va 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyalaridagi qoidalar, qurolli mojaroning mazmun-mohiyati yoki kelib chiqishi, nizolashayotgan tomonlar ilgari surgan yoki ularga tegishli deb hisoblangan sabablar bilan bog‘liq qandaydir nomuvofiq tafovutlardan qat’i nazar, har qanday sharoitda ushbu hujjatlar homiyligiga olingan barcha shaxslarga nisbatan to‘laligicha qo‘llanishi zarurligini ta’kidlab,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
I QISM
UMUMIY QOIDALAR
UMUMIY QOIDALAR
1-modda — Umumiy prinsiplar va qo‘llanish sohasi
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Protokolga amal qilish va har qanday sharoitda unga amal qilinishini ta’minlash majburiyatini zimmasiga oladi.
2. Mazkur Protokolda yoki boshqa xalqaro bitimlarda ko‘zda tutilmagan hollarda, fuqaro shaxslar va kombatantlar mavjud odatlar, insoniylik prinsiplari va jamoatchilikning vijdon amriga asoslangan xalqaro huquq prinsiplarining himoyasi va ta’sirida bo‘ladi.
3. Mazkur Protokol 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyalarini to‘ldiradi va ushbu Konvensiyalar uchun umumiy bo‘lgan 2-moddada qayd etilgan vaziyatlarda qo‘llanadi.
4. Oldingi bandda qayd etilgan vaziyatlar qatoriga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida va mazkur Nizomga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va hamkorlik masalalariga taalluqli xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi Deklaratsiyada mustahkamlab qo‘yilgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mustamlakachilik hukmronligi va chet el istilosiga qarshi va irqchilik rejimlariga qarshi kurash olib borayotgan xalqlar ishtirokidagi qurolli mojarolar ham kiradi.
2-modda — Ta’riflar
Mazkur Protokol maqsadlari uchun:
a) “Birinchi konvensiya”, “Ikkinchi konvensiya”, “Uchinchi konvensiya” va “To‘rtinchi konvensiya” deganda tegishli tartibda Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyasi; Dengizdagi qurolli kuchlar tarkibidan bo‘lmish yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyasi; Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyasi; Urush vaqtida fuqaro aholini himoya qilish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyasi; “Konvensiyalar” deganda qurolli mojarolar qurbonlarining qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan to‘rtta Jeneva konvensiyasi nazarda tutiladi;
b) “qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan xalqaro huquq normalari” iborasi nizolashayotgan tomonlar ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro bitimlarda tilga olingan va qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan normalarni, shuningdek, xalqaro huquqning qurolli mojarolarga nisbatan qo‘llanadigan umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini bildiradi;
s) “Homiy Davlat” deganda nizolashayotgan tomon tayinlagan, dushman tomon esa tan olgan va Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq Homiy Davlat zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishga rozilik bildirgan betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlat tushuniladi;
d) “Substitut” tushunchasi 5-moddaga muvofiq Homiy Davlatning o‘rnini bosadigan tashkilotga nisbatan ishlatiladi.
3-modda — Qo‘llanishning boshlanishi va to‘xtatilishi
Har qanday paytda qo‘llanadigan qoidalarga ziyon yetkazmagan holda:
a) Konvensiyalar va mazkur Protokol shu Protokolning 1-moddasida tilga olingan har qanday vaziyatlar boshlanishidanoq qo‘llanadi;
b) Konvensiyalarning va mazkur Protokolning qo‘llanishi nizolashayotgan tomonlar hududida yalpi harbiy harakatlar to‘xtagach barham topsa, bosib olingan hududlarda esa istilo tugashi bilan to‘xtaydi. Har ikki holda ham to‘la ozod etilishi, vataniga qaytarilishi yoki joylashtirilishi kechroq amalga oshadigan shaxslar bundan mustasnodir. Bu shaxslar to‘la ozod etilishi, vataniga qaytarilishi yoki joylashtirilishi amalga oshadigan muddatga qadar Konvensiyalar va mazkur Protokolning tegishli qoidalaridan foydalanishda davom etadi.
4-modda — Nizolashayotgan tomonlarning huquqiy maqomi
Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishi, shuningdek, ushbu hujjatlarda ko‘zda tutilgan bitimlarning tuzilishi nizolashayotgan tomonlarning huquqiy maqomiga daxl etmaydi. Na biron-bir hududning istilo etilishi va na Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishi ushbu hududning huquqiy maqomiga daxl etmaydi.
5-modda — Homiy Davlatlar va ular substitutlarining tayinlanishi
1. Nizolashayotgan tomonlarning vazifasi bunday mojarolarning boshlanishidanoq Homiy Davlatlar tizimining qo‘llanishi, xususan, ularning tayinlanishi va quyida keladigan bandlar asosida tan olinishi yo‘li bilan Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishi va ularga amal qilinishini ta’minlashdan iboratdir. Homiy Davlatlar zimmasiga nizolashayotgan tomonlar manfaatlarini muhofaza qilish vazifasi yuklanadi.
2. Yuqorida 1-moddada tilga olingan vaziyat yuzaga kelishi bilan nizolashayotgan tomonlarning har biri Konvensiyalarni va mazkur Protokolni qo‘llash maqsadida paysalga solmay Homiy Davlatni tayinlaydi, shuningdek, xuddi shu maqsadda dushman tomon tayinlagan va o‘zi tan olgan Homiy Davlatning faoliyat boshlashiga paysalga solmasdan ruxsat etadi.
3. Agar 1-moddada tilga olingan vaziyat yuzaga kelishi bilan Homiy Davlat tayinlanmagan yoki tan olinmagan bo‘lsa, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi boshqa har qanday beg‘araz insonparvarlik tashkilotlarining xuddi shunday yo‘l tutish borasidagi huquqlariga ziyon yetkazmagan holda, nizolashayotgan tomonlarning roziligi asosida, paysalga solmasdan, nizolashayotgan tomonlar rozi bo‘lgan Homiy Davlatlarni tayinlash maqsadida nizolashayotgan tomonlarga o‘z xayrli xizmatini tavsiya etadi. Shu maqsadda u, xususan, har bir tomonga murojaat qilib, mazkur tomon dushman tomonga nisbatan munosabatda o‘z nomidan Homiy Davlat sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kamida beshta davlat ro‘yxatini taqdim etishini, shuningdek, har bir tomonga murojaat qilib, mazkur tomon dushman tomon nomidan Homiy Davlat sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kamida beshta davlat ro‘yxatini taqdim etishini so‘rashi mumkin; bu ro‘yxatlar shunday iltimos tushganidan so‘ng ikki hafta ichida mazkur qo‘mitaga yuborilishi kerak; u ana shu ro‘yxatlarni solishtirib chiqib, har ikki tomon ro‘yxatida ham nomi qayd etilgan davlatning tegishli taklifga roziligini oladi.
4. Agar yuqorida bayon etilganiga qaramay, Homiy Davlat tayinlanmagan yoki faoliyat ko‘rsatmayotgan bo‘lsa, nizolashayotgan tomonlar Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoxud xolislik va samaradorlik kafolatini beruvchi boshqa har qanday tashkilotning yuqorida qayd etilgan tomonlar bilan tegishli maslahatlashuvidan so‘ng va ushbu maslahatlashuvlarning natijalarini hisobga olgan holda substitut sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi taklifini zudlik bilan qabul qiladi. Bunday substitutning faoliyati nizolashayotgan tomonlarning roziligiga asoslanadi; nizolashayotgan tomonlar substitut Konvensiyalar va mazkur Protokol bo‘yicha o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarishida uning faoliyatiga ko‘maklashish uchun barcha imkoniyatdan foydalanadi.
5. 4-moddaga muvofiq Konvensiyalar va mazkur Protokolni qo‘llash maqsadida Homiy Davlatning tayinlanishi va tan olinishi nizolashayotgan tomonlarning yoki boshqa har qanday hududlar, jumladan, istilo etilgan hududlarning huquqiy maqomiga daxl qilmaydi.
6. Nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida diplomatik munosabatlarning mustahkamlanishi yoki uchinchi davlatga diplomatik munosabatlarga oid xalqaro huquq normalariga muvofiq ravishda tomonlardan birining manfaatlarini va ushbu tomonga mansub fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish vazifasining yuklatilishi Konvensiyalar va mazkur Protokolni qo‘llash uchun Homiy Davlatning tayinlanishiga to‘siq hisoblanmaydi.
7. Har gal mazkur Protokolda Homiy Davlat atamasi tilga olinganda, bu atama substitutga ham taalluqli hisoblanadi.
6-modda — Maxsus tayyorlangan xodimlar
1. Tinchlik davridayoq Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishiga, xususan, Homiy Davlatlar faoliyatiga ko‘maklashish uchun maxsus xodimlar tayyorlash maqsadida Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) milliy jamiyatlari yordamida tegishli sa’y-harakat ko‘rsatadi.
2. Bunday xodimlarni to‘plash va tayyorlash masalasi davlatlar vakolatiga kiradi.
3. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tuzishi va shu maqsadda unga yuborishi mumkin bo‘lgan tegishli shaxslar ro‘yxatini Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga taqdim etish uchun o‘z qo‘l ostida tayyor holda saqlaydi.
4. Har qanday vaziyatda ham bu shaxslardan milliy hududlar tashqarisida foydalanishning sharti manfaatdor tomonlar o‘rtasida tuziladigan maxsus bitimlar mavzusi hisoblanadi.
7-modda — Kengash
Mazkur Protokol depozitariysi bitta yoki bir nechta Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar iltimosiga va ko‘pchilik Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar roziligiga asosan Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishiga taalluqli umumiy masalalarni muhokama etish uchun barcha ko‘rsatib o‘tilgan Tomonlar ishtirokida kengash chaqiradi.
II QISM.
YARADORLAR, BEMORLAR VA KEMA HALOKATIGA UCHRAGAN SHAXSLAR
YARADORLAR, BEMORLAR VA KEMA HALOKATIGA UCHRAGAN SHAXSLAR
I BO‘LIM.
UMUMIY HIMOYA
UMUMIY HIMOYA
8-modda — Atamalar
Mazkur Protokol maqsadlari uchun:
a) “Yaradorlar” va “bemorlar” deganda jarohatlangani yoki bemorligi yoxud boshqa xil jismoniy yoki ruhiy xastaligi yoki nogironligi tufayli tibbiy yordamga, yoxud parvarishga muhtoj bo‘lgan, har qanday dushmanlik harakatlaridan o‘zini tiyadigan harbiy xizmatchilar, shuningdek, fuqaro shaxslar tushuniladi. Bu atamalar chaqaloqli onalar, chaqaloqlar va ayni chog‘da tibbiy yordamga yoki parvarishga muhtoj bo‘lgan va har qanday dushmanlik harakatlaridan o‘zini tiyadigan boshqa shaxslar, masalan, homilador va kamquvvat ayollarga ham taalluqlidir;
b) “kema halokatiga uchragan shaxslar” deganda ularning o‘zlari yoki ular tushgan kema yoki uchish apparati halokatga uchrashi oqibatida dengizda yoki boshqa suvlarda xatar ostida qolgan, har qanday dushmanlik harakatlaridan o‘zini tiyadigan harbiy xizmatchilar, shuningdek, fuqaro shaxslar tushuniladi. Bu shaxslar ularni qutqarish mobaynida Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq har qanday dushmanlik harakatlaridan o‘zini tiyishda davom etish sharti bilan boshqa maqomga ega bo‘lgunlariga qadar kema halokatiga uchraganlar, deb hisoblanaveradi;
c) “tibbiy xodimlar” deganda nizolashayotgan tomonlar faqat “e” bandda ko‘rsatilgan tibbiy maqsadlarni bajarish, tibbiyot tuzilmalarini ma’muriy-xo‘jalik jihatdan ta’minlash yoki sanitariya-transport vositalarida ishlash, yoxud bu vositalarni ma’muriy-xo‘jalik jihatdan ta’minlash uchungina tayinlagan shaxslar tushuniladi. Bunday tayinlashlar doimiy yoki vaqtincha ahamiyat kasb etishi mumkin. Tibbiy xodimlar atamasi quyidagilarni qamrab oladi:
I) nizolashayotgan tomonlarning harbiy va fuqaro tibbiy xodimlari, shu jumladan, Birinchi va Ikkinchi konvensiyalarda qayd etilgan xodimlar va fuqaro mudofaasi tashkilotlari ixtiyoriga berilgan xodimlar;
II) Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) milliy jamiyatlari va nizolashayotgan tomonlar tegishli tartibda tan olgan va vakolat bergan boshqa milliy ko‘ngilli ko‘mak jamiyatlarining tibbiy xodimlari;
III) 9-modda 2-bandida qayd etilgan tibbiyot tuzilmalari yoki sanitariya-transport vositalarining tibbiy xodimlari;
d) “diniy xodimlar” deganda harbiy va fuqaro shaxslar, masalan, faqat diniy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan va quyidagilar ixtiyoriga berilganlar tushuniladi:
I) nizolashayotgan tomonlarning qurolli kuchlariga;
II) nizolashayotgan tomonlarning tibbiyot tuzilmalarga yoki sanitariya-transport vositalariga;
III) 9-moddaning 2-bandida qayd etilgan tibbiyot tuzilmalari yoki sanitariya-transport vositalariga;
IV) nizolashayotgan tomonlarning fuqaro mudofaasi tashkilotlariga.
Diniy xodimlarning mansubligi doimiy yoki vaqtincha muddatga bo‘lishi mumkin va ularga nisbatan “k” bandning qoidalari amal qiladi;
e) “tibbiyot tuzilmalari” deganda tibbiy maqsadlarda, xususan, yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni qidirish, yig‘ib olish, tashish, tashxis qo‘yish yoki davolash, shu jumladan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, kasalliklarning oldini olish bilan shug‘ullanish uchun tuzilgan harbiy yoxud fuqaro muassasalari. yoki boshqa tuzilmalar tushuniladi. Bu atama, masalan, gospitallarga va shu kabi boshqa tibbiyot markazlari va institutlarga, shuningdek, bunday tuzilmalarning tibbiyot jihozlari omborlariga va tibbiy-farmatsevtika omborlariga ham tegishlidir. Tibbiyot tuzilmalari statsionar yoki ko‘chma, doimiy yoxud vaqtincha tarzda tashkil etilishi mumkin;
f) “sanitariyaga taalluqli yuklarni tashish” deganda Konvensiyalar va mazkur Protokol himoyasida bo‘lgan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni, shuningdek, tibbiy va diniy xodimlarni, tibbiyot asbob-uskunalari va zaxiralarini quruqlikda, suvda va havoda tashish tushuniladi;
g) “sanitariya-transport vositalari” deganda faqat sanitariyaga taalluqli tashishlargagina mo‘ljallangan va nizolashayotgan tomonlarning vakolatli ma’muriy organi nazorati ostida bo‘lgan harbiy yoki fuqaro, doimiy yoxud vaqtinchalik har qanday tashish vositalari tushuniladi;
h) “yer ustidagi sanitariya-transport vositalari” deganda sanitariyaga taalluqli quruqlikda tashishning har qanday vositalari tushuniladi;
i) “sanitariya kemalari va suzish vositalari” deganda sanitariyaga taalluqli suvda tashishning har qanday vositalari tushuniladi;
j) “sanitar uchish apparatlari” deganda sanitariyaga taalluqli havoda tashishning har qanday vositalari tushuniladi;
k) “doimiy” deganda tibbiyot tuzilmalari, tibbiy xodimlar va sanitariya-transport vositalarining noaniq muddatga faqat tibbiyot maqsadlari uchungina mo‘ljallanishi tushuniladi. “Vaqtincha” deganda tibbiyot tuzilmalari, tibbiy xodimlar va sanitariya-transport vositalarining cheklangan muddatlarga va shu muddatlar davomida faqat tibbiyot maqsadlari uchungina jalb etilishi tushuniladi. Boshqa maxsus tushunchalar mavjud bo‘lmagan hollarda “tibbiyot tuzilmalari”, “tibbiy xodimlar” va “sanitariya-transport vositalari” iboralari ham doimiy, ham vaqtincha toifalarga taalluqli hisoblanadi;
l) “farqlovchi emblem” deganda tibbiyot tuzilmalarini, sanitariya-transport vositalarini, tibbiy va diniy xodimlarni, tibbiyot asbob-uskunalari va zaxiralarini himoyalashda qo‘llanilayotgan qizil xoch, qizil yarim oy yoki oq sathdagi qizil sher va quyosh farqlovchi belgilari tushuniladi;
m) “farqlovchi belgi” deganda mazkur Protokolning I Ilova III bobiga muvofiq faqat tibbiyot tuzilmalari yoki sanitariya-transport vositalarinigina tanib olish uchun belgilangan har qanday signal yoxud xabar berish tushuniladi.
9-modda — Qo‘llanish sohasi
1. Yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarning qismatlarini yengillashtirishga qaratilgan mazkur Qism qoidalari 1-bandda qayd etilgan vaziyatlarga daxldor bo‘lgan barcha shaxslarga birdek qo‘llaniladi; bunda ularning irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini yoki e’tiqodi, siyosiy yoxud boshqa xil maslagi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoxud shunga o‘xshash boshqa turdagi maqomi bilan bog‘liq bo‘lgan hech qanday nomuvofiq tafovutlar hisobga olinmaydi.
2. Birinchi konvensiyaning 27 va 32-moddalari nizolashayotgan tomonlarga quyidagilar tomonidan insonparvarlik maqsadlarida yetkazib berilgan doimiy tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari (Ikkinchi konvensiyaning 25-moddasi qoidalari qo‘llaniladigan gospital kemalardan tashqari) va ularning xodimlariga nisbatan qo‘llaniladi:
a) betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlat tomonidan;
b) bunday davlatning tan olingan va vakolatga ega bo‘lgan ko‘mak jamiyati tomonidan;
c) beg‘araz xalqaro insonparvarlik tashkiloti tomonidan.
10-modda — Himoya va parvarish
1. Qaysi tomonga mansubligidan qat’i nazar yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarning barchasi hurmat va himoyadan foydalanadi.
2. Har qanday vaziyatda ham ularga insoniy muomala qilinadi, ular salomatligining ahvoli taqozo etgan tegishli tibbiy yordam va parvarish iloji boricha qisqa muddatlarda va kengroq miqyosda ko‘rsatiladi. Tibbiy nuqtayi nazardan tashqari hech qanday tushuncha asosida ularni bir-biridan farqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
11-modda — Alohida shaxslar himoyasi
1. Dushman tomon hukmi ostida bo‘lgan yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan, qo‘lga olingan yoxud 1-moddada qayd etilgan vaziyatlarda boshqa xil yo‘llar bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning jismoniy va ruhiy salomatligiga, daxlsizligiga biron-bir oqlab bo‘lmaydigan harakat yoki kamchilik tufayli ziyon yetkazilmasligi kerak Shuningdek, mazkur moddada qayd etilgan shaxslarning salomatligi taqozo etmagan va tegishli protsedurani amalga oshiruvchi tomonning hech qanday tarzda ozodlikdan mahrum etilmagan o‘z fuqarolariga nisbatan tibbiy nuqtayi nazardan o‘xshash vaziyatlarda qo‘llanishi umume’tirof etilgan tibbiyot qoidalariga mos kelmaydigan hollarda bu shaxslarni biron-bir tibbiy protseduraga duchor etish taqiqlanadi.
2. Xususan, bunday shaxslarni hatto o‘z roziligi bo‘lgan taqdirda ham quyidagilarga duchor etish taqiqlanadi:
a) jismoniy jarohatlar yetkazish;
b) tibbiy yoki ilmiy tajribalarda foydalanish;
c) boshqalarga ko‘chirib o‘tkazish uchun tana to‘qimalari yoki tana a’zolarini kesib olish;
1-bandda qayd etilgan talablar asosida bunday harakatlar o‘zini oqlaydigan ayrim holatlar bundan mustasno.
3. Faqat ko‘ngilli ravishda, hech qanday undashlar va majburlashlarsiz, quyish uchun qon yoki ko‘chirish uchun tana to‘qimasini topshirish hollarigina 2.s) banddagi taqiqlardan istisno sifatida qaralishi mumkin; bunday topshirishlar faqat terapevtik maqsadlarda, umume’tirof etilgan tibbiyot qoidalariga muvofiq tarzda va qon yoki tana to‘qimasini topshiruvchiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan muayyan nazorat ostida amalga oshirilishi shart.
4. Dushman tomonning hukmi ostida bo‘lgan va unga mansub bo‘lmagan biron-bir shaxsning jismoniy yoki ruhiy holatiga yoxud daxlsizligiga jiddiy xavf soluvchi har qanday qasddan qilingan harakat yoki atayin yo‘l qo‘yilgan kamchilik, shuningdek, 1 va 2-bandlardagi taqiqlardan birontasining buzilishi yoki 3-band talablarining bajarilmasligi mazkur Protokolni jiddiy buzish hisoblanadi.
5. 1-bandda qayd etilgan shaxslar har qanday jarrohlik amaliyotini rad etish huquqiga ega. Rad javobi olingan hollarda tibbiy xodimlar bu haqda mijoz tomonidan imzolangan yoki tasdiqlangan tegishli yozma ariza olishga harakat qilishi kerak.
6. Nizolashayotgan tomonning bevosita mas’uliyati ostida 1-bandda qayd etilgan quyish uchun qon yoki ko‘chirish uchun tana to‘qimasini topshirish amalga oshirilayotgan bo‘lsa, har bir tegishli tomon bu topshirishlarning barchasi haqida tibbiy yozuvlarni qayd etib borishi kerak. Bundan tashqari, nizolashayotgan tomonlarning har biri urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan, qo‘lga olingan yoxud 1-moddada qayd etilgan vaziyatlarda boshqa xil yo‘llar bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan barcha tibbiy protseduralarni yozib borishga harakat qilishi zarur. Bunday yozuvlar har doim Homiy Davlat tekshirishi uchun taqdim etishga tayyor turishi shart.
12-modda — Tibbiyot tuzilmalari himoyasi
1. Tibbiyot tuzilmalari har doim hurmat va himoyadan foydalanadi va hujum uchun nishon bo‘lishi mumkin emas.
2. 1-band fuqaro tibbiyot tuzilmalariga ular quyidagi shartlarga javob bergan taqdirda qo‘llanadi:
a) nizolashayotgan tomonlardan biriga mansub bo‘lishi kerak;
b) nizolashayotgan tomonlardan biri e’tirof etgan va vakolat bergan bo‘lishi kerak;
c) mazkur Protokolning 9-moddasi 2-bandi yoki Birinchi konvensiyaning 27-moddasiga muvofiq vakolat berilgan bo‘lishi kerak.
3. Nizolashayotgan tomonlarga bir-birlarini o‘zlarining statsionar tibbiyot tuzilmalari joylashuvi haqida xabardor etish tavsiya qilinadi. Bunday xabarlashuvning mavjud emasligi tomonlarni 1-band qoidalariga amal qilish majburiyatidan xalos etmaydi.
4. Biron-bir vaziyatda tibbiyot tuzilmasidan harbiy obyektlarni hujumdan pana qilish uchun foydalanish mumkin emas. Nizolashayotgan tomonlar tibbiyot tuzilmalarini joylashtirish paytida iloji boricha harbiy obyektlarga qilinadigan hujum ularning xavfsizligiga tahdid solmasligini ta’minlaydi.
13-modda — Fuqaro tibbiyot tuzilmalari himoyasining to‘xtatilishi
1. Fuqaro tibbiyot tuzilmalaridan insonparvarlik faoliyatidan tashqari dushmanga ziyon yetkazuvchi harakatlarni sodir etishda foydalanilgan taqdirdagina ularning himoya huquqi to‘xtatiladi. Ammo himoyadan foydalanish huquqi tegishli hollarda bu haqdagi ogohlantirish e’tiborga olinmagach, muayyan oqilona muddat belgilab ogohlantirishdan keyingina to‘xtatilishi mumkin.
2. Quyidagilar dushmanga ziyon yetkazuvchi harakat deb hisoblanmaydi:
a) tibbiyot tuzilmalari tibbiy xodimlarining o‘zini o‘zi muhofaza qilish yoki o‘z qaramog‘idagi yaradorlar va bemorlarni himoya qilish maqsadida yengil shaxsiy qurollarga ega bo‘lishi;
b) tibbiyot tuzilmalarining qorovul, soqchi yoki konvoylar tomonidan qo‘riqlanishi;
c) tibbiyot tuzilmalarida bemorlar va yaradorlardan olib qo‘yilgan va hozircha tegishli xizmatlarga topshirilmagan o‘qotar qurollar va o‘q-dorilarning mavjudligi;
d) tibbiyot tuzilmalarida harbiy xizmatchilar yoki boshqa kombatantlarning tibbiyot nuqtayi nazaridan kelib chiqib joylashtirilishi.
14-modda — Fuqaro tibbiyot tuzilmalarini rekvizitsiya qilishdagi cheklashlar
1. Istilochi davlat istilo etilgan hududdagi fuqaro aholining tibbiy ehtiyojlarining qondirilishi davom etishini ta’minlashga majbur.
2. Shuning uchun istilochi davlat fuqaro tibbiyot tuzilmalarini, ularning asbob-uskunalarini, materiallarini rekvizitsiya qilishi (qiymatini to‘lash sharti bilan majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olishi) yoki bunday zaxiralar fuqaro aholiga tegishli darajada tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun va bu yerda davolanayotgan yaradorlar va bemorlarni muntazam parvarish qilish uchun zarur bo‘lib turar ekan, bu yerda ishlaydigan tibbiy xodimlarni majburiy ravishda boshqa ishlarga jalb etishi mumkin emas.
3. 2-bandda qayd etilgan umumiy qoidalarga amal qilingan taqdirda, istilochi davlat yuqorida tilga olingan zaxiralarni quyidagi aniq shartlarga amal qilgan holda rekvizitsiya qilishi mumkin:
a) bu zaxiralar istilochi davlat qurolli kuchlari tarkibiga tegishli yoki harbiy asirlar sirasidan bo‘lgan yaradorlar va bemorlarga tegishli darajada va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lsa;
b) rekvizitsiya faqat bunga zarurat mavjud bo‘lib turgan paytgacha davom etsa;
c) bunday rekvizitsiya daxl qilgan fuqaro aholining tibbiy ehtiyoji, shuningdek, davolanayotgan yaradorlar va bemorlarning ehtiyoji qondirilishi davom etishini ta’minlash uchun zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilsa.
15-modda — Fuqaro tibbiy va diniy xodimlari himoyasi
1. Fuqaro tibbiy xodimlari hurmat va himoyadan foydalanadi.
2. Zarur hollarda, harbiy harakatlar oqibatida fuqaro tibbiyot xizmatlari ishdan chiqqan hududlarda fuqaro tibbiy xodimlariga iloji boricha keng ko‘lamda ko‘maklashiladi.
3. Istilochi davlat istilo etilgan hududlardagi fuqaro tibbiy xodimlari o‘z zimmalaridagi insonparvarlik faoliyatini ko‘ngildagidek bajarishiga imkoniyat yaratish uchun ularga iloji boricha keng ko‘lamda yordam ko‘rsatadi. Istilochi davlat bu xodimlardan ular o‘z faoliyatini bajarish chog‘ida qaysidir shaxsga tibbiy mazmundagidan boshqacha alohida e’tibor berishini talab qilishi mumkin emas. Bu xodimlar o‘zlarining insonparvarlik faoliyatiga mutanosib bo‘lmagan vazifalarni bajarishga majbur etilmaydi.
4. Manfaatdor nizolashayotgan tomon zarur deb hisoblagan barcha nazorat va xavfsizlik choralariga amal qilgan fuqaro tibbiy xodimlari o‘z xizmatlariga ehtiyoj mavjud bo‘lgan har qanday joyga kirish huquqiga egadir.
5. Fuqaro diniy xodimlari hurmat va himoyadan foydalanadi. Konvensiyalar va mazkur Protokolning tibbiy xodimlarni himoyalash va tanib olishga taalluqli qoidalari ushbu shaxslar uchun ham teng darajada qo‘llaniladi.
16-modda — Tibbiy vazifalarni bajaruvchi shaxslarning umumiy himoyasi
1. Hech qanday sharoitda biron-bir shaxs tibbiyot odobi doirasida tegishli tibbiy vazifalarni bajargani uchun, bu vazifani kimning manfaati yo‘lida bajarganligidan qat’i nazar, qandaydir jazoga tortilishi mumkin emas.
2. Tibbiy vazifalarni bajaruvchi shaxslar tibbiyot qoidalariga yoxud yaradorlar va bemorlar manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqa tibbiyot me’yorlariga yoki Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidalariga xilof ravishda harakat qilish yoxud biron ishni bajarish yoki yuqoridagi qoidalarda amalga oshirish zarur deb topilgan biron-bir harakat yoki ishni bajarmaslik uchun majbur etilishi mumkin emas.
3. O‘z qaramog‘idagi yoki qachondir qaramog‘ida bo‘lgan yarador va bemorlarga taalluqli ma’lumotlar ana shu mijozlarga va ularning oila a’zolariga ziyon keltirishi mumkin deb hisoblagan tibbiy vazifalarni bajaruvchi shaxs dushman tomon yoki o‘zi mansub bo‘lgan tomonga tegishli biron-bir kishiga bunday ma’lumotlarni taqdim etish uchun majburlanishi mumkin emas; uning o‘zi mansub bo‘lgan tomon qonunchiligida ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno. Ammo, yuqumli kasalliklar to‘g‘risida bildirish borasidagi majburiy tibbiyot talablari bajarilishi kerak.
17-modda — Fuqaro aholi va ko‘mak jamiyatlarining o‘rni
1. Yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslar hatto dushman tomonga mansub bo‘lgan taqdirda ham fuqaro aholi ularga hurmat ko‘rsatadi, shuningdek, ularga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Fuqaro aholiga va Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) milliy jamiyatlari kabi ko‘mak jamiyatlariga, hatto ularning o‘z tashabbuslari asosida, yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni yig‘ib olish va bosib olingan yoki istilo etilgan hududlarda bo‘lsa ham ularni parvarishlash uchun ruxsat etiladi. Bunday insonparvarlik harakatlarini bajargani uchun hech kim hech qanday quvg‘inga, ta’qibga, hukm va jazoga duchor etilmasligi kerak.
2. Nizolashayotgan tomonlar fuqaro aholiga yoki 1-bandda ko‘rsatilgan ko‘mak jamiyatlariga murojaat etib, ulardan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni yig‘ib olishni va parvarishlashni, o‘lganlarni qidirishni va ular topilgan joy to‘g‘risida xabar berishni iltimos qilishi mumkin; ular ushbu murojaatga javoban ish boshlaganlarni tegishli himoya va zarur ko‘mak bilan ta’minlaydi. Agar dushman tomon tegishli hudud ustidan nazorat o‘rnatgan yoki qayta nazorat o‘rnatgan bo‘lsa, u holda mazkur tomon ham tegishli ehtiyoj mavjud bo‘lib turgan vaqt davomida ularni xuddi shunday himoya va zarur ko‘mak bilan ta’minlaydi.
18-modda — Tanib olish
1. Nizolashayotgan tomonlarning har biri tibbiy va diniy xodimlarni, shuningdek, tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarini tanib olishni ta’minlashga intiladi.
2. Nizolashayotgan tomonlarning har biri, shuningdek, farqlovchi emblemalar va farqlovchi signallardan foydalanadigan tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarini tanib olish imkonini beruvchi tegishli usul va amallarni qo‘llash va bajarishga intiladi.
3. Istilo etilgan hududlarda va jang borayotgan yoki jang boshlanishi ehtimoli mavjud bo‘lgan hududlarda fuqaro tibbiy xodimlari va fuqaro diniy xodimlari farqlovchi emblemalar va ularning maqomini tasdiqlaydigan shaxsiy guvohnomalar yordamida tanib olinadi.
4. Vakolatli ma’muriyatlarning roziligi asosida tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari tegishli emblema bilan belgilanadi. Kemalar va mazkur Protokolning 22-moddasida qayd etilgan suzish vositalari Ikkinchi konvensiya qoidalariga muvofiq tarzda belgilanadi.
5. Nizolashayotgan tomon mazkur Protokolga III Ilovaning I bobiga muvofiq tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarini tanib olish uchun farqlovchi emblemalar bilan bir qatorda farqlovchi signallardan foydalanishga ham ruxsat etishi mumkin. Istisno tariqasida, yuqorida qayd etilgan bobda ko‘zda tutilgan alohida hollarda sanitariya-transport vositalari farqlovchi emblemadan foydalanmasdan turib farqlovchi signallarni ishlatishi ham mumkin.
6. Ushbu moddadagi 1 — 5-bandlar qoidalarining qo‘llanish tartibi mazkur Protokolga III Ilovaning I — III boblariga muvofiq ravishda belgilanadi. Mazkur Ilovaning III bobida ifodalangan va faqat tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarini tanib olish uchungina mo‘ljallangan signallar, mazkur bobda ko‘rsatilgan holatlarni istisno etganda, ushbu bobda qayd etilgan tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarini tanib olishdan tashqari biron-bir boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas.
7. Tinchlik davrida farqlovchi emblemaning qo‘llanish doirasi Birinchi konvensiya 44-moddasida ko‘zda tutilganiga nisbatan kengaytirilishiga mazkur modda qoidalari ruxsat etmaydi.
8. Konvensiyalar va mazkur Protokolning farqlovchi emblemadan foydalanish, emblemalarni qo‘llash borasida suiiste’molchiliklarga barham berish va ularning oldini olishga taalluqli qoidalari farqlovchi signallarga nisbatan ham birdek qo‘llaniladi.
19-modda — Betaraf davlatlar va nizolashayotgan tomonlar hisoblanmaydigan boshqa davlatlar
Betaraf davlatlar va nizolashayotgan tomonlar hisoblanmaydigan boshqa davlatlar o‘zlariga tegishli hududga kiritilishi yoki urush tamom bo‘lgungacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin bo‘lgan va mazkur Qismga muvofiq himoyadan foydalanadigan shaxslarga nisbatan, shuningdek, o‘zlari qidirib topgan va nizolashayotgan tomonlarga mansub bo‘lgan marhumlarga nisbatan mazkur Protokolning tegishli qoidalarini qo‘llaydi.
20-modda — Repressaliylarning taqiqlanishi
Mazkur Qismga muvofiq himoyaga olingan shaxslar va obyektlarga qarshi repressaliylar qo‘llash taqiqlanadi.
II BO‘LIM.
SANITARIYAGA TAALLUQLI YUKLARNI TASHISH
SANITARIYAGA TAALLUQLI YUKLARNI TASHISH
21-modda — Yer ustidagi sanitariya-transport vositalari
Yer ustidagi sanitariya-transport vositalari xuddi ko‘chma tibbiyot tuzilmalari kabi Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq hurmat va himoyadan foydalanadi.
22-modda — Gospital kemalar va qirg‘oqoldi qutqaruvchi suzish vositalari
1. Konvensiyalar qoidalari quyidagi:
a) Ikkinchi konvensiyaning 22, 24, 25 va 27-moddalarida qayd etilgan kemalar;
b) ulardagi qutqarish qayiqlari va kichikroq kemalar;
c) ularning xodimlari va komandasi;
d) ularning sahnida joylashgan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarga taalluqli ekanidan tashqari, shuningdek, bu kemalar tashiyotgan Ikkinchi konvensiyaning 13-moddasida ko‘rsatilgan toifalarning birontasiga ham mansub bo‘lmagan fuqaro shaxslar hisoblanuvchi yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanadi. Ammo bunday fuqaro shaxslar o‘zlari mansub bo‘lmagan biron-bir tomonga topshirilishi yoki dengizda asirlikka olinishi mumkin emas. Agar bu shaxslar o‘zlari mansub bo‘lmagan nizolashayotgan tomon hukmi ostiga tushib qolsa, ular To‘rtinchi konvensiya va mazkur Protokolning ta’sir doirasida hisoblanadi.
2. Konvensiyalarda ko‘zda tutilgan kemalar himoyasi, Ikkinchi konvensiyaning 25-moddasiga muvofiq, nizolashayotgan tomonga quyidagilar tomonidan faqat insonparvarlik maqsadida ishlatish uchungina taqdim etiladigan gospital kemalarga nisbatan qo‘llaniladi:
a) betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan davlat tomonidan;
b) beg‘araz xalqaro insonparvarlik tashkiloti tomonidan, har ikkala holda ham ushbu moddada bayon etilgan talablar bajarilishi shart.
3. Ikkinchi konvensiyaning 27-moddasida qayd etilgan kichikroq kemalar, ushbu moddada ko‘zda tutilgan tartibda xabar yetkazilmagan taqdirda ham, tegishli himoyadan foydalanadi. Shunga qaramay, bunday kemalarni tanib olish va belgilashni osonlashtirish maqsadida, nizolashayotgan tomonlarga bunday kemalarga oid barcha tafsilotlardan bir-birlarini xabardor etish tavsiya qilinadi.
23-modda — Boshqa sanitariya kemalari va suzish vositalari
1. Mazkur Protokolning 22-moddasida va Ikkinchi konvensiyaning 38-moddasida ko‘rsatilgan hollardan tashqari, dengizdagi yoki boshqa suvlardagi sanitariya kemalari va suzish vositalari xuddi ko‘chma sanitariya tuzilmalari kabi Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq hurmat va himoyadan foydalanadi. Ularni sanitariya kemalari yoki suzish vositalari sifatida tanish va aniqlab olish mumkin bo‘lgan taqdirdagina bunday himoya samara berishini hisobga olgan holda, bu kemalarni farqlovchi emblema bilan belgilash kerak va bunda, iloji boricha, Ikkinchi konvensiyaning 43-moddasi 2-bandi qoidalariga amal qilish zarur.
2. 1-bandda ko‘rsatilgan kemalar va suzish vositalari urush qonunlarining ta’sir doirasida hisoblanadi. Yuqori turgan va bu kemalarni o‘z buyrug‘ini zudlik bilan bajarishga majbur etishga qodir bo‘lgan har qanday harbiy kema ularga to‘xtash, tegishli hududni tark etish, muayyan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanish yuzasidan buyruqlar berishi mumkin va ular bu kabi har qanday buyruqqa bo‘ysunishga majbur. Bunday kemalar va suzish vositalari o‘z sahnidagi yaradorlar va bemorlar, kema halokatiga uchragan shaxslar uchun zarur bo‘lib turar ekan, ularni biron-bir yo‘l bilan o‘z zimmasidagi sanitariya vazifalarini bajarishdan chalg‘itish mumkin emas.
3. 1-bandda ko‘rsatilgan himoya faqat Ikkinchi konvensiyaning 34 va 35-moddalarida bayon etilgan hollardagina barham topishi mumkin. 2-bandga asosan berilgan buyruqqa ochiq-oydin bo‘ysunmaslik Ikkinchi konvensiyaning 34-moddasiga muvofiq ravishda dushmanga ziyon yetkazuvchi harakat, deb hisoblanadi.
4. Nizolashayotgan tomon har qanday dushman tomonga sanitar kema yoki suzish vositasining, ayniqsa, suv sig‘imi 2000 brutto-tonnadan ortiq bo‘lgan kemalarning nomlanishi, texnik ma’lumotlari, suzib ketish vaqti, suzish tezligi va yo‘nalishi haqida iloji boricha suzib ketishidan oldinroq xabar berishi kerak, shuningdek, kemani tanish va aniqlab olishni osonlashtiradigan boshqa har qanday ma’lumotlarni ham xabar qilishi mumkin. Dushman tomon bunday ma’lumotlarni olganini tasdiqlashi lozim.
5. Ikkinchi konvensiyaning 37-moddasi qoidalari bunday kemalar va suzish vositalarida joylashgan tibbiy va diniy xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi.
6. Ikkinchi konvensiya qoidalari Ikkinchi konvensiyaning 13-moddasida va mazkur Protokolning 44-moddasida ko‘zda tutilgan va bunday sanitariya kemalari va suzish vositalarida joylashgan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Ikkinchi konvensiyaning 13-moddasida ko‘rsatilgan toifalarning birontasiga ham mansub bo‘lmagan fuqaro shaxslar hisoblanuvchi yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslar dengizda paytida o‘zlari mansub bo‘lmagan biron-bir tomonga topshirilishi yoki bunday kema yoxud suzish vositalaridan tushirib olinishi mumkin emas. Ammo bu shaxslar o‘zlari mansub bo‘lmagan nizolashayotgan tomon hukmi ostiga tushib qolsa, ular To‘rtinchi konvensiya va mazkur Protokolning ta’sir doirasida hisoblanadi.
24-modda — Sanitar uchish apparatlarining himoyasi
Sanitar uchish apparatlari mazkur Qism qoidalariga muvofiq hurmat va himoyadan foydalanadi.
25-modda — Dushman tomon nazorati ostida bo‘lmagan hududlardagi sanitar uchish apparatlari
Do‘st kuchlar tomonidan jismoniy nazorat o‘rnatilgan quruqlik va havo hududlarida yoki dushman tomonidan jismoniy nazorat o‘rnatilmagan dengiz va havo hududlarida nizolashayotgan tomonning sanitar uchish apparatlarining hurmat va himoyadan foydalanishi dushman tomon bilan tuziladigan biror bitimga bog‘liq emas. Shunga qaramay, ushbu hududlarda sanitar uchish apparatlaridan foydalanuvchi nizolashayotgan tomon ko‘proq xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, xususan, bu uchish apparatlari dushman tomonning “yuza-havo” rusumidagi qurollari yetmaydigan balandlikda uchayotgan bo‘lsa, dushman tomonga 29-moddada ko‘zda tutilgan tartibda xabar beradi.
26-modda — Tutash zonalar yoki shunga o‘xshash zonalardagi sanitar uchish apparatlari
1. Nizolashayotgan tomonlarning vakolatli ma’muriyatlari o‘rtasida 29-moddaga muvofiq oldindan tuziladigan bitim asosidagina tutash zonalarning do‘st kuchlar tomonidan jismoniy nazorat o‘rnatilgan qismlarida va biron-bir kuch tomonidan aniq jismoniy nazorat o‘rnatilmagan joylar va uning ustidagi havo hududlarida sanitar uchish apparatlarining himoyasi to‘la amal qilishi mumkin Bunday bitim mavjud bo‘lmagan hollarda sanitar uchish apparati o‘zini xavf-xatar ostiga qo‘yib harakatlanishiga qaramay, u tanib olingan paytidan boshlab hurmatdan foydalanadi.
2. “Tutash zona” deganda qarama-qarshi tomonlarning ilg‘or bo‘linmalari bir-biriga tutash joylashgan har qanday quruqlikdagi joy, ayniqsa, yerdan turib bir-biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri mo‘ljallab otilgan o‘q yetib boradigan darajada yaqin joylashgan joy tushuniladi.
27-modda — Dushman tomon nazorati ostida bo‘lgan hududlardagi sanitar uchish apparatlari
1. Dushman tomonidan jismoniy nazorat o‘rnatilgan quruqlikdagi va dengizdagi hududlar ustidan uchish paytida, agar bunday parvoz uchun bu dushman tomonning vakolatli ma’muriyatlaridan oldindan rozilik olingan bo‘lsa, nizolashayotgan tomonning sanitar uchish apparatlari himoyadan foydalanishda davom etadi.
2. Dushman tomonidan jismoniy nazorat o‘rnatilgan quruqlikdagi va dengizdagi hududlar ustidan uchish paytida, agar bunday parvoz uchun 1-bandda ko‘zda tutilgan rozilik olinmagan yoki parvoz davomida rozilik berish bilan bog‘liq shartlar buzilgan yoxud navigatsiya xatoliklariga yo‘l qo‘yilgan yoki parvoz xavfsizligiga favqulodda vaziyatlar xatar solib turgan hollarda, sanitar uchish apparati o‘zini tanitish va dushman tomonni bunday vaziyatlardan xabardor etish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Bunday uchish apparatini tanib olishi bilanoq dushman tomon, 30-moddaning 1-bandida ko‘zda tutilganidek, unga yerga yoki suvga qo‘nish to‘g‘risida buyruq berish yoxud o‘z manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa choralarni qo‘llash uchun barcha oqilona imkoniyatlardan foydalanadi va har qanday vaziyatda ham uchish apparatiga hujum qilishdan oldin, unga buyruqni bajarishi uchun vaqt beradi.
28-modda — Sanitar uchish apparatlaridan foydalanishdagi cheklashlar
1. Nizolashayotgan tomonlarning o‘z sanitar uchish apparatlarini dushman ustidan qandaydir harbiy ustunlikka erishish maqsadlarida ishlatishi taqiqlanadi. Sanitar uchish apparatlari mavjudligidan harbiy obyektlarning hujumdan daxlsizligini ta’minlashda foydalanish mumkin emas.
2. Sanitar uchish apparatlaridan ayg‘oqchilik ma’lumotlarini to‘plash va uzatishda foydalanilishi va ularning bortida bunday maqsadlar uchun mo‘ljallangan biron-bir asbob-uskuna mavjud bo‘lishi mumkin emas. Ularning 8-modda “f” bandida belgilangan ro‘yxatga kirmagan har qanday shaxslar va yuklarni tashishi taqiqlanadi. Bortdagi shaxslarning shaxsiy buyumlarini tashish yoki bortda faqat uchishni boshqarishni, aloqa o‘rnatishni yoki tanitishni osonlashtirish uchungina xizmat qiladigan asbob-uskunalarning mavjud bo‘lishi taqiqlanmaydi.
3. Sanitar uchish apparatlari o‘z bortidagi yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslardan olib qo‘yilgan, bortda saqlab turilgan va hozircha tegishli xizmatga topshirilmagan o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar, shuningdek, bortdagi tibbiy xodimlarga o‘zini o‘zi muhofaza qilishi yoki o‘z qaramog‘idagi yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni himoyalashi uchun zarur bo‘ladigan yengil qo‘l qurollaridan boshqa hech qanday qurol-aslahalarni tashishi mumkin emas.
4. 26 va 27-moddalarda qayd etilgan parvozlarni amalga oshirish paytida sanitar uchish apparatlaridan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni qidirish uchun foydalanish mumkin emas; dushman tomon bilan oldindan tuziladigan muayyan bitimda ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.
29-modda — Sanitar uchish apparatlariga taalluqli xabar va bitimlar
1. 25-moddaga muvofiq xabarda yoki 26, 27-moddalar, 28-moddaning 4-bandi va 31-moddaga muvofiq oldindan rozilik olish bo‘yicha so‘rovda sanitar uchish apparatlarining taxminiy soni, parvoz rejasi va tanitish vositalari haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi va ular har bir parvozning 28-moddaga muvofiq tarzda amalga oshishini bildiruvchi vositalar hisoblanadi.
2. 25-moddaga muvofiq yuborilgan xabarni olgan tomon zudlik bilan bunday xabarni olganini tasdiqlaydi.
3. 26-27-moddalar, 28-moddaning 4-bandi va 31-moddaga muvofiq oldindan rozilik olish bo‘yicha so‘rov kelib tushgan tomon iloji boricha tezkorlik bilan so‘rayotgan tomonga quyidagilarni xabar qiladi:
a) so‘rovni qondirishga rozi ekani to‘g‘risida;
b) so‘rovni rad etgani to‘g‘risida;
c) so‘rovga javoban oqilona muqobil takliflar to‘g‘risida Shuningdek, u mazkur hududda boshqa parvozlarni to‘xtatishni yoki muayyan vaqtga cheklab qo‘yishni ham taklif etishi mumkin.
Agar so‘rov yuborgan tomon muqobil takliflarni qabul qilsa, u tegishli tomonga bu takliflarni qabul qilishga rozi ekanini bildiradi.
4. Tomonlar tezkorlik bilan xabar yetkazish va bitim tuzishni ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi.
5. Tomonlar, shuningdek, bu kabi har qanday xabar va bitimlarning mazmun-mohiyati tegishli harbiy qismlar e’tiboriga yetkazilishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi va mazkur qismlarga bunday sanitar uchish apparatlari foydalanadigan tanitish vositalari haqida tegishli tushunchalar beradi.
30-modda — Sanitar uchish apparatlarini qo‘ndirish va tekshirish
1. Dushman tomonidan jismoniy nazorat o‘rnatilgan hududlar, shuningdek, biron-bir kuch tomonidan aniq jismoniy nazorat o‘rnatilmagan hududlar ustida parvoz qilayotgani sanitar uchish apparatlariga vaziyat taqozosiga ko‘ra quyida qayd etilgan bandlarga muvofiq tekshirish o‘tkazish maqsadida yerga yoxud suvga qo‘nish uchun buyruq berilishi mumkin. Sanitar uchish apparatlari bu kabi har qanday buyruqqa bo‘ysunishi kerak.
2. Sanitar uchish apparati buyruq bo‘yicha yoki boshqa biron bir sabab tufayli yerga yoxud suvga qo‘ngan taqdirda, u 3 va 4-bandlarda ko‘rsatilgan talablarga nechog‘lik javob berishini aniqlash maqsadidagina tekshirilishi mumkin. Bu kabi har qanday tekshirish paysalga solmasdan, qisqa muddatda amalga oshiriladi. Tekshirish o‘tkazayotgan tomon yaradorlar va bemorlarning uchish apparati bortidan tashqariga chiqib turishlarini talab qilmaydi, ularning tashqariga chiqib turishi tekshirish uchun bevosita zarur bo‘lgan holatlar bundan mustasno. Tekshirish o‘tkazayotgan tomon barcha hollarda yaradorlar va bemorlarning ahvoli tekshirishlar oqibatida yoki ularning uchish apparati bortidan tashqariga chiqarilishi natijasida yomonlashmasligini ta’min etadi.
3. Agar uchish apparatini tekshirish ko‘rsatsaki:
a) u 8-moddaning “j” bandida belgilangan sanitar uchish apparati hisoblanadi;
b) 28-moddada qayd etilgan shartlarni buzmagan;
c) oldindan tuzilgan bitimsiz parvoz qilmagan yoki bunday bitim taqozo qilingan holatda bu talabni buzmagan bo‘lsa, u holda mazkur uchish apparatiga va uning bortidagi dushman tomonga yoki betaraf davlatga yoxud nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlatga mansub shaxslarga parvozni to‘sqinliklarsiz davom ettirish uchun ruxsat beriladi.
4. Agar uchish apparatini tekshirish ko‘rsatsaki:
a) u 8-moddaning “j” bandida belgilangan sanitar uchish apparati hisoblanmaydi;
b) 28-moddada qayd etilgan shartlarni buzgan;
c) oldindan tuzilgan bitimsiz parvoz qilgan yoki bunday bitim taqozo qilingan holatda bu talabni buzgan bo‘lsa, u holda mazkur uchish apparati ushlab qolinishi mumkin. Uchish apparatining bortidagi barcha shaxslarga nisbatan Konvensiyalar va mazkur Protokolning tegishli qoidalariga muvofiq muomala qilinadi. Doimiy sanitar uchish apparati sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan har qanday ushlab qolingan uchish apparatidan pirovardida faqat sanitar uchish apparati sifatidagina foydalanish mumkin.
31-modda — Betaraf davlatlar yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmaydigan boshqa davlatlar
1. Sanitar uchish apparatlari betaraf davlatlar yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmaydigan boshqa davlatlar hududi ustidan parvoz qilmasligi va oldindan kelishilgan bitim taqozo etganidan tashqari xollarda bu hududlarga qo‘nmasligi kerak. Ayni chog‘da, bunday bitim mavjud bo‘lgan hollarda, ular butun parvoz davomida, shuningdek, mazkur hududda amalga oshiriladigan har qanday oraliq qo‘nishlari vaqtida hurmatdan foydalanadi Shunga qaramay, ular sharoit taqozosiga ko‘ra yerga yoki suvga qo‘nish to‘g‘risida berilgan har qanday buyruqqa bo‘ysunishlari kerak.
2. Agar sanitar uchish apparati betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlat hududi ustidan oldindan kelishilgan bitim mavjud bo‘lmagan yoki uning shartlari buzilgan yoxud navigatsiya xatoliklariga yo‘l qo‘yilgan yoki parvoz xavfsizligiga favqulodda vaziyatlar xatar solib turgan hollarda parvoz qilayotgan bo‘lsa, u holda o‘zini tanitish va bunday parvozdan xabardor etish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Bunday uchish apparatini tanib olishi bilanoq dushman tomon, 30-moddaning 1-bandida ko‘zda tutilganidek, unga yerga yoki suvga qo‘nish to‘g‘risida buyruq berish yoxud o‘z manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa choralarni qo‘llash borasida barcha oqilona imkoniyatlardan foydalanadi va har qanday vaziyatda ham uchish apparatiga hujum qilishdan oldin, unga buyruqni bajarishi uchun vaqt beradi.
3. Agar sanitar uchish apparati bitimga muvofiq yoki 2-bandda qayd etilgan vaziyat taqozosiga ko‘ra betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlat hududidagi yerga yoxud suvga tegishli buyruq yoxud muayyan sabablar tufayli qo‘ngan taqdirda, u sanitar uchish apparati ekanini aniqlash maqsadida tekshiriladi. Tekshirish paysalga solmasdan, qisqa muddatda amalga oshiriladi. Tekshirish o‘tkazayotgan tomon yaradorlar va bemorlarning uchish apparati bortidan tashqariga chiqib turishlarini talab qilmaydi, ularning tashqariga chiqib turishi tekshirish uchun zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno. Tekshirish o‘tkazayotgan tomon barcha hollarda yaradorlar va bemorlarning ahvoli tekshirishlar oqibatida yoki ularning uchish apparati bortidan tashqariga chiqarilishi natijasida yomonlashmasligini ta’min etadi. Agar tekshirish chog‘ida uning sanitar uchish apparati ekani aniqlansa, u holda mazkur uchish apparatiga va uning bortidagi shaxslar bilan birga, qurolli mojarolar davrida qo‘llaniladigan xalqaro huquq normalariga muvofiq ushlab qolinishi zarur bo‘lganlar bundan mustasno, parvozni davom ettirish uchun ruxsat beriladi va parvozni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan tegishli shart-sharoit yaratiladi. Agar tekshirish chog‘ida uning sanitar uchish apparati hisoblanmasligi aniqlangan taqdirda, mazkur uchish apparati ushlab qolinadi va uning bortidagi shaxslarga nisbatan 4-bandga muvofiq muomala qilinadi.
4. Vaqtincha muddatga tushirishni istisno etganda, betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlat hududidagi mahalliy ma’murlar roziligiga muvofiq sanitar uchish apparatlaridan tushirib olingan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslar, mazkur davlat bilan nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida boshqacha mazmundagi bitim mavjud bo‘lmagan taqdirda, tegishli davlat tomonidan qurolli mojarolar davrida qo‘llaniladigan xalqaro huquq normalari taqozosiga muvofiq shunday holatda ushlab turiladiki, to ular yana qaytadan harbiy harakatlarda ishtirok eta olmasin. Gospitalga joylashtirish va urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni ushbu shaxslar mansub bo‘lgan davlat o‘z zimmasiga oladi.
5. Betaraf davlat yoki nizolashayotgan tomon hisoblanmaydigan boshqa davlat sanitar uchish apparatlarining o‘z hududlari ustidan parvoz etishi yoki bu hududga qo‘nishiga nisbatan har qanday talablar va cheklashlarni barcha nizolashayotgan tomonlar uchun tengma-teng ravishda qo‘llaydi.
III BO‘LIM.
BEDARAK YO‘QOLGAN SHAXSLAR VA VAFOT ETGANLAR
BEDARAK YO‘QOLGAN SHAXSLAR VA VAFOT ETGANLAR
32-modda — Umumiy prinsip
Mazkur Bo‘lim qoidalarini qo‘llashda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, nizolashayotgan tomonlar va Konvensiyalarda va mazkur Protokolda qayd etilgan xalqaro gumanitar tashkilotlar o‘z faoliyatida birinchi navbatda oilalarning o‘z qarindoshlari taqdiri haqida xabardor bo‘lish huquqidan kelib chiqadi.
33-modda — Bedarak yo‘qolgan shaxslar
1. Vaziyat taqozo etgan paytdanoq va eng kechi bilan faol harbiy harakatlar tugaganidan keyin nizolashayotgan tomonlarning har biri dushman tomon bedarak yo‘qolgan deb xabar bergan shaxslarni qidirishga kirishadi. Dushman tomon esa qidiruvga ko‘maklashish maqsadida bunday shaxslar haqidagi barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etadi.
2. Yuqoridagi bandga muvofiq ma’lumotlar yig‘ishga ko‘maklashish maqsadida nizolashayotgan tomonlarning har biri bundan keyin Konvensiyalar va mazkur Protokolda ko‘zda tutilgan qulay munosabatdan foydalanmaydigan shaxslarga nisbatan:
a) harbiy harakatlar yoxud istilo natijasida qo‘lga olingan, qamalgan yoki boshqacha yo‘sinda ikki haftadan ziyod muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoxud ana shunday tutqunlikda paytida vafot etgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni To‘rtinchi konvensiyaning 138-moddasida ko‘zda tutilgan tartibda ro‘yxatga oladi;
b) bunday shaxslarni qidirish, agar ular harbiy harakatlar yoki istilo tufayli boshqa bir vaziyatda vafot etgan bo‘lsa ularga tegishli ma’lumotlarni ro‘yxatga olish borasidagi ishlarga imkon qadar keng miqyosda ko‘maklashadi va zarur hollarda bunday qidirish va ro‘yxatga olish ishlarini o‘zi amalga oshiradi.
3. 1-bandga muvofiq bedarak yo‘qolganligi haqida xabar berilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va bunday ma’lumotlar bo‘yicha so‘rovlar bevosita Homiy Davlat yoki Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy ma’lumotlar agentligi orqali yoxud Qizil Xochning (Qizil Yarim Oyning, Qizil Sher va Quyoshning) milliy jamiyatlari orqali yuboriladi. Ma’lumotlar Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va uning Markaziy ma’lumotlar agentligi orqali yuborilmagan taqdirda, nizolashayotgan tomonlarning har biri bunday ma’lumotlar Markaziy ma’lumotlar agentligiga ham jo‘natilishini ta’minlaydi.
4. Nizolashayotgan tomonlar qidirish, tanib olish va tashish uchun komandalar tuzish to‘g‘risida bitimlar tuzishga, shu jumladan, zarur hollarda bu komandalar dushman tomon nazorati ostidagi hududlarda o‘z vazifasini bajarayotganida ularga dushman tomon xodimlarining hamrohlik qilishi to‘g‘risida ham bitim tuzishga intiladi. Bunday komandalarning xodimlari o‘z vazifalarini bajarayotgan davrdagina hurmat va himoyadan foydalanadi.
34-modda — Marhumlarning xoki
1. Istilo bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra yoki harbiy harakatlar yoxud istilo tufayli qamoqxonada vafot etgan shaxslar va o‘zlari harbiy harakatlar oqibatida vafot etgan muayyan mamlakatning bevosita fuqarosi hisoblanmagan shaxslarning xoklari hurmat qilinadi va barcha bunday shaxslar dafn etilgan joylar ham hurmat qilinadi, shuningdek, agar bunday shaxslarning xoklari va qabrlari Konvensiyalar va mazkur Protokolda ko‘zda tutilganidan ko‘ra foydaliroq muomaladan foydalanmayotgan bo‘lsa, u holda ular To‘rtinchi konvensiyaning 130-moddasida qayd etilgan tartibda saqlanadi va belgilanadi.
2. Dushman tomonlar o‘rtasidagi munosabat yoki mavjud vaziyat taqozo etishi bilanoq, hududida harbiy harakatlar yoxud istilo tufayli yoki qamoqxonada vafot etgan shaxslarning qabrlari va balki ularning xoklari dafn etilgan boshqa joylar joylashgan Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi maqsadlarda bitim tuzadi:
a) marhumlar qarindoshlarining va qabrlarni ro‘yxatga oluvchi rasmiy xizmatlar vakillarining qabristonga kirishi uchun ko‘maklashish, shuningdek, qabristonga kirishni ta’minlashga ko‘maklashadigan amaliy choralarni belgilash;
b) bunday qabrlarni saqlash va ularga muntazam qarab turish;
c) marhumlar mansub bo‘lgan mamlakatning iltimosiga muvofiq yoki ushbu mamlakat e’tiroz bildirmasa, marhumlar qarindoshlarining iltimosiga muvofiq ularning xoklarini va shaxsiy yuklarini vataniga qaytarishga ko‘maklashish.
3. Agar “2.b” yoki “2.s” bandda ko‘zda tutilgan bitimlar mavjud bo‘lmasa yoxud marhumlarning vatani hisoblangan mamlakat ular dafn etilgan joylarni o‘z hisobidan saqlab turishni ta’minlashga rozilik bildirmasa, u holda hududida bunday dafn etish joylari joylashgan Oliy Ahdlashuvchi Tomon bu marhumlarning xoklarini vataniga qaytarishda ko‘maklashishni taklif etishi mumkin Bunday taklif qabul qilinmagan taqdirda, Oliy Ahdlashuvchi Tomon muayyan taklif kiritilgan sanadan besh yil o‘tgandan so‘ng va marhumlarning vatani hisoblangan mamlakatni tegishli tartibda xabardor etgan holda qabriston va qabrlarga nisbatan o‘z qonunchiligida ko‘zda tutilgan choralarni qo‘llashi mumkin.
4. Ushbu moddada qayd etilayotgan hududida bunday dafn etish joylari joylashgan Oliy Ahdlashuvchi Tomonga faqat quyidagi hollardagina eksgumatsiya qilish uchun ruxsat etiladi:
b) yuksak ijtimoiy zarurat, jumladan, tibbiy zarurat va tekshirish o‘tkazish zarurati tufayli eksgumatsiya qilish shart bo‘lgan hollarda; bunda Oliy Ahdlashuvchi Tomon har doim xoklarga nisbatan hurmat bilan yondashadi va marhumlarning vatani hisoblangan mamlakatni eksgumatsiya qilish niyati haqida xabardor etadi, shuningdek, unga qayta dafn etish taxmin etilayotgan joy to‘g‘risida batafsil ma’lumot beradi.
III QISM.
HARBIY HARAKATLAR YURITISH USULLARI VA VOSITALARI — KOMBATANTLAR VA HARBIY ASIRLARNING MAQOMI
HARBIY HARAKATLAR YURITISH USULLARI VA VOSITALARI — KOMBATANTLAR VA HARBIY ASIRLARNING MAQOMI
I BO‘LIM.
HARBIY HARAKATLAR YURITISH USULLARI VA VOSITALARI
HARBIY HARAKATLAR YURITISH USULLARI VA VOSITALARI
35-modda — Asosiy me’yorlar
1. Har qanday qurolli mojaro yuz bergan hollarda, nizolashayotgan tomonlarning harbiy harakatlar yuritish usullari yoki vositalarini tanlash huquqi cheklanmagan deb hisoblanmaydi.
2. Ortiqcha vayrongarchilik va ortiqcha azob-uqubat keltirishga qodir bo‘lgan qurol-yarog‘lar, snaryadlar, harbiy harakat yuritish vositalari va ashyolarini qo‘llash taqiqlanadi.
3. Tabiat va atrof-muhitga keng miqyosli, uzoq muddatli va jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud xuddi shu maqsadga qaratilgan harbiy harakat yuritish usullari yoki vositalarini qo‘llash taqiqlanadi.
36-modda — Qurol-yarog‘larning yangi turlari
Yangi qurol-yarog‘larni, harbiy harakatlar yuritish usul va vositalarini tadqiq etish, ishlab chiqish, sotib olish yoki iste’molga kiritish chog‘ida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ularni qo‘llash mazkur Protokolda yoki Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga nisbatan joriy etilgan boshqa biron-bir xalqaro huquq normasida qisman yoki butunlay taqiqlangan yoxud taqiqlanmaganligini aniqlashi zarur.
37-modda — Munofiqlikni taqiqlash
1. Dushmanni munofiqlik yo‘li bilan o‘ldirish, yarador qilish yoki asir olish taqiqlanadi. Munofiqlik, deganda dushmanning ishonchini qozonish va uni qurolli mojarolar paytida qo‘llanadigan xalqaro umumnormalariga muvofiq tegishli himoyada bo‘lish yoxud himoyalanish uchun imkon berish bo‘yicha haqli ekaniga aldab ishontirishga qaratilgan xatti-harakat tushuniladi. Quyidagi xatti-harakatlar munofiqlikka misol bo‘la oladi:
a) yarashish bayrog‘i ostida muzokara olib borish niyati borligi haqida mug‘ombirlik bilan aldash yoki taslim bo‘lish haqida mug‘ombirlik bilan aldash;
b) yaradorligi yoki bemorligi tufayli safdan chiqqani haqida mug‘ombirlik bilan aldash;
c) fuqaro shaxs yoki nokombatant maqomiga egaligi haqida mug‘ombirlik bilan aldash;
d) Birlashgan Millatlar Tashkiloti, betaraf davlatlar yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmaydigan boshqa davlatlar belgilari, emblemalari yoxud formali kiyimlaridan foydalanib, o‘zining himoyaga olingan shaxs maqomiga egaligi haqida mug‘ombirlik bilan aldash.
2. Harbiy hiylalar taqiqlanmaydi. Bunday hiylalar dushmanni chalg‘itish yoki shoshqaloqlikka undashga qaratilgan ammo munofiqlik hisoblanmaydigan xatti-harakat bo‘lib, bunda qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan biron-bir xalqaro huquq normasi buzilmaydi hamda ana shu huquq asosida beriladigan himoyaga nisbatan dushman tomonning ishonchi aldanmaydi. Quyidagi xatti-harakatlar bunday hiylalarga misol bo‘la oladi: maskirovka qilish, pistirmalar qo‘yish, soxta operatsiyalarni bajarish va yolg‘on ma’lumot tarqatish usullaridan foydalanish.
38-modda — Emblemani tan olish
1. Konvensiyalarda yoki mazkur Protokolda ko‘zda tutilgan qizil xoch, qizil yarim oy yoki qizil sher va quyosh kabi farqlovchi emblemalarni yoxud boshqa emblemalar, belgilar yoki signallarni maqsadga xilof ravishda ishlatish taqiqlanadi. Shuningdek, qurolli mojarolar paytida xalqaro doirada tan olingan boshqa himoya emblemalarini, belgi va signallarni, shu jumladan, yarashish bayrog‘i va madaniy qadriyatlar himoyasi emblemasini atayin suiiste’mol qilish taqiqlangandir.
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining farqlovchi emblemasidan mazkur Tashkilot ijozatisiz foydalanish taqiqlanadi.
39-modda — Milliy emblemalar
1. Qurolli mojaroda betaraf davlatlarga yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmagan boshqa davlatlarga mansub bayroqlar, harbiy emblemalar, harbiy unvon belgilari yoki formali kiyimlardan foydalanish taqiqlanadi.
2. Dushman tomonlarga mansub bayroqlar, harbiy emblemalar, harbiy unvon belgilari yoki formali kiyimlardan hujum paytida yoxud harbiy harakatni yashirish, unga ko‘maklashish, uni himoyalash yoki qiyinlashtirish maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
3. Mazkur moddadagi yoki 37-moddaning 1. d) bandidagi biron-bir narsa xalqaro huquqning josuslikka yoki dengizdagi qurolli mojarolar vaqtida bayroqlardan foydalanishga nisbatan qo‘llanadigan umume’tirof etilgan muayyan normalariga daxl qilmaydi.
40-modda — Rahm-shafqat
Hech kimni omon qoldirmaslik haqida buyruq berish, shunday deb dushmanga tahdid etish yoki shundan kelib chiqqan holda harbiy harakatlar yuritish taqiqlanadi.
41-modda — Dushman tomonning safdan chiqqan shaxslari uchun kafolatlar
1. Safdan chiqqan deb e’tirof etilgan yoki ayni sharoitda shunday deb e’tirof etilishi lozim bo‘lgan shaxsga qarshi hujum qilish taqiqlanadi.
2. Quyidagi holatlarda har qanday shaxs safdan chiqqan hisoblanadi:
a) dushman tomonning hukmi ostida bo‘lsa;
b) asir tushish niyatini ochiq-oydin bildirsa;
c) hushsizligi, yaradorligi yoxud bemorligi tufayli safdan chiqqan bo‘lsa-yu, shuning oqibatida himoyalanishga qodir bo‘lmasa, bu holatlarning har birida ushbu shaxs har qanday dushmanlik xatti-harakatidan o‘zini tiyishi va qochishga urinmasligi shart.
3. Harbiy asir sifatida himoya huquqiga ega bo‘lgan shaxslar harbiy harakatlar paytidagi g‘ayriodatiy sharoitda dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan taqdirda, ularni Uchinchi konvensiyaning I Qism III Bo‘limida ko‘zda tutilgan tartibda evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lmasa, u holda ushbu shaxslar ozod etiladi va ularning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur ehtiyot choralari ko‘riladi
42-modda — Uchish apparatlari bortidagi shaxslar
1. Falokatga uchragan uchish apparatini parashyutda tark etgan biron-bir shaxs yerga tushib olishiga qadar unga qarshi hujum qilinmaydi.
2. Falokatga uchragan uchish apparatini parashyutda tark etgan biron-bir shaxs dushman tomon nazoratidagi yerga tushgan paytda uning dushmanlarcha xatti-harakat sodir etayotgani yaqqol ayon bo‘lmagan taqdirda, hamla uchun nishon bo‘lmasidan oldin unga asir tushishi uchun imkoniyat yaratib beriladi.
3. Havo-desantchi qo‘shinlariga nisbatan mazkur modda himoyasi tatbiq etilmaydi.
II BO‘LIM.
KOMBATANTLAR VA HARBIY ASIRLAR MAQOMI
KOMBATANTLAR VA HARBIY ASIRLAR MAQOMI
43-modda — Qurolli kuchlar
1. Nizolashayotgan tomonning qurolli kuchlari, ushbu tomon dushman tomonidan tan olinmagan hukumat yoki ma’muriyat bo‘lgan taqdirda ham, tegishli tomon oldida o‘ziga tobe kishilar yurish-turishi uchun mas’ul hisoblangan shaxsning qo‘mondonligi ostidagi barcha tashkillashtirilgan qurolli kuchlar, guruh va bo‘linmalardan iboratdir. Bunday qurolli kuchlar qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan turli qoidalar qatori xalqaro huquq normalariga ham amal qilinishini ta’minlaydigan ichki intizom tartibiga bo‘ysunadi.
2. Nizolashayotgan tomonlar qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi (Uchinchi konvensiyaning 33-moddasida qayd etilgan tibbiy va diniy xodimlardan tashqari) shaxslar kombatantlar hisoblanadi, ya’ni ular harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
3. Nizolashayotgan tomon har gal o‘z qurolli kuchlari tarkibiga tartib saqlashni ta’minlovchi yarim harbiy yoki qurolli tashkilotni kiritar ekan, bu haqda boshqa nizolashayotgan tomonlarni xabardor etadi.
44-modda — Kombatantlar va harbiy asirlar
1. Yuqoridagi 43-moddada ta’riflangan har qanday kombatant dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgach, harbiy asir hisoblanadi.
2. Barcha kombatantlar qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan xalqaro huquq normalariga amal qilishga majbur ekaniga qaramay, bu normalarning buzilishi kombatantni kombatant hisoblanish huquqidan yoki dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan taqdirda, harbiy asir hisoblanish huquqidan mahrum etmaydi; 3 va 4-bandlarda ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.
3. Hujumda yoki hujumga tayyorgarlik hisoblangan harbiy amaliyotda ishtirok etayotgan vaqtida kombatantlar harbiy harakatlar oqibatlaridan fuqaro aholini himoyalashni yanada kuchaytirishda ko‘maklashish maqsadida o‘zlarini fuqaro aholidan farqlashga majburdirlar. Ammo qurolli nizolar vaqtida harbiy harakatlar mazmunidan kelib chiqqan holda kombatant o‘zini fuqaro aholidan farqlashi mumkin bo‘lmagan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, u quyidagi hollarda ochiq qurol taqib yurish sharti bilan o‘zining kombatantlik maqomini saqlab qoladi:
a) har bir qurolli to‘qnashuv paytida;
b) u shaxsan ishtirok etishi zarur bo‘lgan hujumga tayyorgarlik munosabati bilan jangovar amallarni bajarish jarayonida dushmanga ochiq-oydin ko‘rinib turgan paytida.
Mazkur band talablariga javob beradigan xatti-harakatlarga 37-moddaning “1.s” bandida ko‘zda tutilgan munofiqlik tushunchasi mazmunidan kelib chiqib yondashilmaydi.
4. Uchinchi bandning ikkinchi qismida bayon etilgan shartlarni bajarmayotgan paytda dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan kombatant harbiy asir hisoblanish huquqidan mahrum bo‘ladi, ammo shunga qaramasdan, unga nisbatan Uchinchi konvensiya va mazkur Protokolga muvofiq harbiy asirlar foydalanadigan himoyaga teng bo‘lgan himoyadan foydalanish imkoni beriladi. Bunday himoya qatoriga Uchinchi konvensiyaga muvofiq harbiy asir o‘zi sodir etgan har qanday huquqbuzarlik uchun sud qilingan va jazoni o‘tayotgan paytda foydalanishi mumkin bo‘lgan himoya ham kiradi.
5. Hujumda yoki hujumga tayyorgarlik hisoblangan harbiy amaliyotda ishtirok etmagan har qanday kombatant dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan taqdirda, u ilgari sodir etgan xatti-harakatlari nuqtayi nazaridan kombatant va harbiy asir hisoblanish huquqini saqlab qoladi.
6. Mazkur modda har qanday shaxsning Uchinchi konvensiya 4-moddasiga muvofiq holda harbiy asir hisoblanish huquqiga ziyon yetkazmaydi.
7. Mazkur modda nizolashayotgan tomonlar muntazam qo‘shinlari qurolli bo‘linmalarining formali kiyimdagi tarkibiga kiritilgan kombatantlarning formali kiyim kiyishi yuzasidan davlatlar o‘rtasida umum qabul qilingan amaldagi tartibni o‘zgartirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan.
8. Birinchi va Ikkinchi konvensiyalarning 13-moddasida qayd etilgan shaxslar toifasiga qo‘shimcha sifatida, mazkur Protokolning 43-moddasida belgilangan nizolashayotgan tomonlar qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi barcha shaxslar, mabodo yarador yoki bemor bo‘lsa, mazkur Protokolga muvofiq yoki dengizda yoxud boshqa suvlarda kema halokatiga uchragan taqdirda Ikkinchi konvensiyaga ko‘ra himoyadan foydalanish huquqiga ega.
45-modda — Harbiy harakatlarda qatnashayotgan shaxslar himoyasi
1. Harbiy harakatlarda qatnashayotgan va dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan shaxs harbiy asir hisoblanadi va shu tufayli Uchinchi konvensiya himoyasidan foydalanishi mumkin. Bunda ushbu shaxs harbiy asirlik maqomiga da’vo qilishi va uning bunday huquqqa egaligi ayon bo‘lishi yoki ushbu shaxs mansub bo‘lgan tomon uni ushlab turgan davlatni, yoxud Homiy Davlatni xabardor etish yo‘li bilan unga nisbatan shunday maqom berilishini talab etishi zarur bo‘ladi. Bu kabi shaxslarning harbiy asir maqomiga ega bo‘lish huquqi mavjudligi borasida qandaydir shubha yuzaga kelgan taqdirda, ular vakolatli sud organi tomonidan o‘z maqomlari aniqlashtirib berilishiga qadar ushbu maqomlarini saqlab qoladi va shu bilan birga, Uchinchi konvensiya va mazkur Protokol himoyasidan foydalanishda davom etadi.
2. Agar dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan shaxs harbiy asir sifatida ushlab turilmagan bo‘lsa va uning harbiy harakatlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun sud qilinishi kutilayotgan taqdirda, ushbu shaxs sudlov organi oldida o‘zining harbiy asir maqomiga egalik huquqi tiklanishini va bu masala yuzasidan tegishli qaror chiqarilishini talab qilish huquqiga egadir. Amaldagi protsedura bo‘yicha mumkin bo‘lgan hollarda bunday qaror tegishli huquqbuzarlik uchun sud boshlanishidan oldin chiqariladi. Homiy Davlat vakillari ushbu masala yuzasidan sud qarori chiqariladigan sudlov jarayonida hozir bo‘lish huquqiga ega; tegishli davlatning xavfsizligi nuqtayi nazaridan sud majlisining yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishi bundan mustasno. Bu holda muayyan davlat Homiy Davlatni tegishli tartibda xabardor etadi.
3. Harbiy harakatlarda qatnashgan, ammo harbiy asirlik maqomiga ega bo‘lmagan va To‘rtinchi konvensiyaga muvofiq tarzda nisbatan qulay muomala imkoniyatidan foydalanmayotgan har qanday shaxs barcha hollarda mazkur Protokolning 75-moddasida ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanish huquqiga egadir Istilo etilgan hududda joylashgan bu kabi har qanday shaxs, agar josus sifatida qo‘lga olinmagan bo‘lsa, To‘rtinchi konvensiyaning 5-moddasidan mustaqil ravishda, mazkur Konvensiyaga muvofiq aloqa huquqiga ham ega hisoblanadi.
46-modda — Josuslar
1. Konvensiyalarning yoki mazkur Protokolning boshqa har qanday qoidasidan qat’i nazar, nizolashayotgan tomon qurolli kuchlari tarkibiga mansub har qanday shaxs josuslik bilan shug‘ullanayotgan paytida dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan taqdirda, u harbiy asir maqomidan foydalanish huquqiga ega hisoblanmaydi va unga nisbatan josus sifatida muomala qilinadi.
2. Nizolashayotgan tomon qurolli kuchlari tarkibiga mansub shaxs mazkur tomon nomidan dushman tomon nazoratida bo‘lgan hududda axborot yig‘ayotgan yoki yig‘ishga urinayotgan taqdirda, agar bunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan paytida o‘z qurolli kuchlarining formali kiyimida bo‘lsa, u josuslik bilan shug‘ullangan shaxs, deb hisoblanmaydi.
3. Nizolashayotgan tomon qurolli kuchlari tarkibiga mansub bo‘lgan va dushman tomon bosib olgan hududda yashayotgan shaxs ushbu hududda o‘zi mansub tomon nomidan harbiy ahamiyatga molik axborot yig‘ayotgan yoki yig‘ishga urinayotgan taqdirda, agar bunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan paytida munofiqlik bilan harakat qilmayotgan yoxud ataylab xufiya usullardan foydalanmayotgan bo‘lsa, u josuslik bilan shug‘ullangan shaxs, deb hisoblanmaydi. Bundan tashqari, bunday shaxs harbiy asir maqomiga egalik huquqini yo‘qotmaydi va agar bu shaxs josuslik qilayotgan paytida qo‘lga olinmagan bo‘lsa, unga nisbatan josuslardek muomala qilinmaydi.
4. Nizolashayotgan tomon qurolli kuchlari tarkibiga mansub bo‘lgan, ammo dushman tomon bosib olgan hududda yashamaydigan shaxs ushbu hududda josuslik bilan shug‘ullanayotgan taqdirda, bunday shaxs harbiy asir maqomiga egalik huquqini yo‘qotmaydi va unga nisbatan josuslardek muomala qilinmaydi. Bu shaxsning o‘zi mansub qurolli kuchlarga yana qo‘shilib ulgurmasidan ilgari qo‘lga olingani bilan bog‘liq hollar bundan mustasno.
47-modda — Yollanma shaxslar
1. Yollanma shaxs kombatant yoki harbiy asir maqomiga ega emas.
2. Yollanma shaxslar qatoriga quyidagi har qanday shaxslar kirishi mumkin:
a) qurolli mojaro tarkibida kurashish uchun mahalliy joyda yoki chet elda maxsus yollangan shaxslar;
b) harbiy harakatlarda bevosita qatnashuvchi shaxslar;
c) harbiy harakatlarda asosan shaxsiy manfaat nuqtayi nazaridan qatnashadigan va ularga nizolashayotgan tomondan bevosita yoki shu tomon ko‘rsatmasi bilan mazkur tomon qurolli kuchlari shaxsiy tarkibiga mansub xuddi shu daraja va shu vazifani bajaruvchi kombatantlarga va’da qilingan yoki to‘lanadigan muayyan mablag‘ga nisbatan anchagina ko‘p miqdordagi haq rostdan ham to‘lanadigan shaxslar;
d) nizolashayotgan tomon fuqarosi hisoblanmaydigan va nizolashayotgan tomon nazorati ostida bo‘lgan hududda muqim yashamaydigan shaxslar;
e) nizolashayotgan tomon qurolli kuchlari shaxsiy tarkibiga kirmaydigan shaxslar;
f) nizolashayotgan tomon hisoblanmagan davlat tomonidan uning qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi shaxs sifatida rasmiy vazifani bajarish uchun yuborilmagan shaxslar.
IV QISM.
FUQARO AHOLI
FUQARO AHOLI
I BO‘LIM.
HARBIY HARAKATLAR OQIBATLARIDAN UMUMIY HIMOYALANISH
HARBIY HARAKATLAR OQIBATLARIDAN UMUMIY HIMOYALANISH
I BOB.
ASOSIY QOIDA VA UNING QO‘LLANISH SOHASI
ASOSIY QOIDA VA UNING QO‘LLANISH SOHASI
48-modda — Asosiy qoida
Nizolashayotgan tomonlar fuqaro aholi va fuqaro obyektlarini hurmat qilish va himoyalashni ta’minlash uchun har doim fuqaro aholi bilan kombatantlar o‘rtasidagi, shuningdek, fuqaro obyektlari bilan harbiy obyektlar o‘rtasidagi tafovutni aniq bilib olishlari va o‘z harakatlarini faqat harbiy obyektlarga qarshi qaratishlari kerak.
49-modda — Hujum tushunchasi va uning qo‘llanish sohasi
1. “Hujum” deganda, hamla qilish yoki mudofaalanish paytida amalga oshirilishidan qat’i nazar, dushmanga qarshi kuch ishlatish harakati tushuniladi.
2. Mazkur Protokoldagi hujumga taalluqli qoidalar qaysi hududda, shu jumladan, nizolashayotgan tomonga tegishli, ammo dushman tomon nazorati ostida bo‘lgan milliy hududda ham sodir etilayotganidan qat’i nazar, barcha hujumlarga nisbatan qo‘llanadi.
3. Mazkur Bo‘limdagi qoidalar quruqlikda, havoda yoki dengizda amalga oshirilayotgan va fuqaro aholiga, alohida fuqaro shaxslarga yoki quruqlikda joylashgan fuqaro obyektlariga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harbiy harakatlarga nisbatan qo‘llanadi. Bu qoidalar, shuningdek, quruqlikdagi obyektlarga qarshi dengizdan yoki havodan amalga oshiriluvchi barcha hujumlarga nisbatan qo‘llanadi, ammo dengizdagi yoxud havodagi qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan xalqaro huquq normalariga boshqacha bir tarzda daxl qilmaydi.
4. Mazkur Bo‘limdagi qoidalar To‘rtinchi konvensiyada, xususan, shu Konvensiyaning II Qismida va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar uchun majburiy hisoblangan boshqa xalqaro bitimlarda ko‘zda tutilgan insonparvarlik himoyasiga taalluqli qoidalarni to‘ldiradi, shuningdek, fuqaro aholi va fuqaro obyektlarini quruqlikda, dengizda yoki havoda harbiy harakatlar oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan boshqa xalqaro huquq normalarini to‘ldiradi.
II BOB.
FUQARO SHAXSLAR VA FUQARO AHOLI
FUQARO SHAXSLAR VA FUQARO AHOLI
50-modda — Fuqaro shaxslar va fuqaro aholi tushunchalari
1. Uchinchi konvensiyaning 4-moddasida (A.1, A.2, A.3 va A.6) va mazkur Protokolning 43-moddasida ko‘rsatilgan biron-bir shaxslar toifasiga mansub bo‘lmagan har qanday shaxs fuqaro shaxs hisoblanadi. Biron-bir shaxsning fuqaro shaxs ekani to‘g‘risida shubha tug‘ilgan holda ham u fuqaro shaxs hisoblanaveradi.
2. Fuqaro aholi fuqaro shaxs hisoblangan barcha shaxslardan iboratdir.
3. Fuqaro aholi orasida fuqaro shaxs tushunchasiga mos kelmaydigan alohida shaxslarning mavjudligi bu aholini fuqaroviy mazmunga egaligidan mahrum etmaydi.
51-modda — Fuqaro aholi himoyasi
1. Fuqaro aholi va alohida fuqaro shaxslar harbiy amaliyotlar munosabati bilan yuzaga keladigan xavf-xatardan saqlanishda umumiy himoyadan foydalanadi. Bu borada qo‘llanadigan xalqaro huquqning boshqa normalariga qo‘shimcha sifatida ushbu himoyani amalga oshirishda barcha hollarda quyidagi qoidalarga amal qilinadi.
2. Fuqaro aholi hisoblanuvchi aholi, shuningdek, alohida fuqaro shaxslar hujum uchun nishon bo‘lmasligi kerak. Fuqaro aholini terror qilishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etish yoki shunday zo‘ravonlik bilan tahdid qilish taqiqlanadi.
3. Fuqaro aholi mazkur Bo‘limda ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanadi; ularning harbiy harakatlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashish hollari va qatnashgan davri bundan mustasno.
4. Tanlamay hamla qilish mazmunidagi hujumlar taqiqlanadi. Tanlamay hamla qilish mazmunidagi hujumlar qatoriga quyidagilar kiradi:
a) aniq harbiy obyektlarga yo‘naltirilmagan hujumlar;
b) aniq harbiy obyektlarga yo‘naltirish mumkin bo‘lmagan harbiy harakat yuritish usuli yoki vositalari qo‘llaniladigan hujumlar;
c) oqibatlarini mazkur Protokol talablari asosida cheklash mumkin bo‘lmagan harbiy harakat yuritish usuli yoki vositalari qo‘llaniladigan hujumlar va shu taxlit, yuqoridagi hollarning har birida harbiy obyektlar bilan birga fuqaro shaxslar yoki fuqaro obyektlariga ham tafovut qilinmagan holda talafot yetkaziladi.
5. Shular qatorida quyidagi hujum turlari ham tanlamay hamla qilish mazmunidagi hujum hisoblanadi:
a) shaharda, qishloqda yoki fuqaro shaxslar yoxud fuqaro obyektlari joylashgan boshqa bir hududda yaqqol ko‘rinib turgan va bir-biridan uzoqda bo‘lgan muayyan harbiy obyektlarga yagona harbiy obyekt sifatida yondashgan holda bomba tashlash yoki boshqa har qanday usul va vositalar yordamida hujum qilish;
b) erishilishi ko‘zda tutilayotgan aniq va bevosita harbiy ustunlikka nisbatan o‘ta ziyod bo‘lgan, yo‘l-yo‘lakay fuqaro aholi o‘rtasida qurbonlar paydo bo‘lishiga, fuqaro shaxslarning yaralanishiga va fuqaro obyektlariga talafot yetishiga yoki bularning barchasi bir yo‘la sodir bo‘lishiga olib kelishini kutish mumkin bo‘lgan hujum qilish.
6. Fuqaro aholiga yoki alohida fuqaro shaxslarga repressaliy tartibida hujum qilish taqiqlanadi.
7. Fuqaro aholi yoki alohida fuqaro shaxslarning mavjudligi yoxud harakatlanayotgani holatidan muayyan punkt yoki hududlarni harbiy harakatdan himoyalash, xususan, harbiy obyektlarni hujumga nishon bo‘lishdan saqlab qolish yoxud harbiy harakatni yashirish, unga ko‘maklashish yoki xalal berish maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nizolashayotgan tomonlar harbiy obyektlarni himoya qilish yoxud harbiy amaliyotni yashirish maqsadlaridan kelib chiqib, fuqaro aholi yoki alohida fuqaro shaxslarning harakatlanishiga yo‘nalish berishlari mumkin emas.
8. Bu taqiqlarga nisbatan har qanday xilof ish tutish nizolashayotgan tomonlarni fuqaro aholi va fuqaro shaxslarga nisbatan zimmasida bo‘lgan huquqiy majburiyatlardan, shu jumladan, 57-moddada ko‘zda tutilgan ehtiyot choralarini qo‘llash majburiyatidan ozod etmaydi.
III BOB.
FUQARO OBYEKTLARI
FUQARO OBYEKTLARI
52-modda — Fuqaro obyektlarining umumiy himoyasi
1. Fuqaro obyektlari hujum yoki repressaliylar uchun nishon bo‘lmasligi kerak. Fuqaro obyektlari, deganda 2-bandda tushuncha berilgan harbiy obyektlar qatoriga kirmaydigan barcha obyektlar tushuniladi.
2. Hujum qat’iy ravishda faqat harbiy obyektlarga hamla qilish bilan cheklanishi shart. Harbiy obyektlar, deganda mazmun-mohiyati, joylashuvi, mo‘ljallanishi va foydalanilishi jihatlaridan harbiy harakatlarga samarali ulush qo‘shishi bilan birga, to‘la yoki qisman vayron etilishi, bosib olinishi yoki ta’siriga barham berilishi tegishli shart-sharoitda sezilarli harbiy ustunlik sanaladigan muayyan doiradagi obyektlar tushuniladi.
3. Odatda fuqaroviy maqsadlar uchun mo‘ljallangan obyektdan, masalan, ibodat maskani, uy yoki boshqa xil turar-joy imorati yoxud maktabdan harbiy harakatlarni samarali qo‘llab-quvvatlashda foydalanilmayotgani borasida muayyan gumon mavjud bo‘lgan taqdirda, bunday obyektdan fuqaroviy maqsadlarda foydalanilayotgani taxmin etiladi.
53-modda — Madaniy qadriyatlar va ibodat maskanlari himoyasi
Qurolli mojarolar davrida madaniy qadriyatlarni himoyalash to‘g‘risida 1954-yil 14-mayda qabul qilingan Gaaga konvensiyasi qoidalariga va boshqa tegishli xalqaro hujjatlarga ziyon yetkazmagan holda, quyidagilar taqiqlanadi:
a) xalqlarning madaniy yoki ma’naviy merosi sanaladigan tarixiy yodgorliklar, san’at asarlari yoxud ibodat maskanlariga nisbatan biron-bir dushmanlik xatti-harakatini sodir etish;
b) bunday obyektlardan harbiy harakatlar jarayonini qo‘llab-quvvatlashda foydalanish;
c) bunday obyektlarni repressaliylar obyektlariga aylantirish.
54-modda — Fuqaro aholi jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan obyektlar himoyasi
1. Fuqaro aholini och qoldirishni urush yuritishning usuli sifatida qo‘llash taqiqlanadi.
2. Fuqaro aholi foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoki aholini ochlikka duchor etish, ularni ko‘chib ketishga majbur qilish yoxud boshqa sabablar bo‘yicha ulardan jon saqlash vositasi sifatida foydalana olmasligi maqsadida fuqaro aholi jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan obyektlarga, masalan, oziq-ovqat zaxiralari, oziq-ovqat yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi hududlari, ekinzorlar, chorva, ichimlik suvi g‘amlash inshootlari va suv zaxiralariga, shuningdek, irrigatsiya inshootlariga hujum qilish, ularni yakson etish, ko‘chirib ketish yoxud yaroqsiz holga keltirish taqiqlanadi
3. Yuqorida 2-bandda ko‘zda tutilgan taqiqlar dushman tomonning xizmatida bo‘lgan mazkur bandda qayd etilgan quyidagi obyektlarga nisbatan qo‘llanilmaydi:
a) faqat o‘z qurolli kuchlari shaxsiy tarkibini saqlab turish uchungina zarur bo‘lgan obyektlar;
b) shaxsiy tarkibni saqlab turish uchun bo‘lmasa ham, harbiy harakatlarni bevosita qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan obyektlar; bunda mazkur obyektlarga nisbatan, kelgusida fuqaro aholining yetarli miqdordagi oziq-ovqat va ichimlik suvisiz qolishi va oqibatda aholi o‘rtasida ochlik boshlanishi yoki ular ko‘chib ketishi ehtimoli mavjud bo‘lgan xatti-harakatlarni qo‘llash mutlaqo taqiqlanadi.
4. Bu obyektlar repressaliy obyektlariga aylanmasligi kerak.
5. Muayyan nizolashayotgan tomon buni o‘z milliy hududini istilodan mudofaa etish ehtiyoji yuzasidan hayotiy muhim deb e’tirof etgan taqdirda, uning nazoratidagi hududning qat’iy harbiy vaziyat taqozo etgan qismiga nisbatangina 2-moddada ko‘zda tutilgan taqiqlardan chekinilishi uchun ruxsat beriladi.
55-modda — Tabiat muhofazasi
1. Harbiy harakatlar yuritish davrida tabiiy muhitni keng miqyosli, uzoq muddatli va jiddiy talafotlardan himoyalash uchun g‘amxo‘rlik qilinadi. Urush harakatining tabiiy muhitga shunday ziyon yetkazish maqsad qilib olingan yoki u tufayli ziyon yetishi mumkin bo‘lgan va buning natijasida aholi sog‘lig‘iga yoxud uning jon saqlashiga ziyon yetishi ehtimol tutilgan usul va vositalaridan foydalanishni taqiqlash ana shunday himoya jumlasidandir.
2. Tabiiy muhitga repressaliy sifatida ziyon yetkazish taqiqlanadi.
56-modda — Xatarli kuchga ega qurilma va inshootlar himoyasi
1. Xatarli kuchga ega qurilma va inshootlar, xususan, to‘g‘onlar, dambalar va elektr stansiyalariga hujum qilinishi oqibatida ulardagi xatarli kuchlarning bo‘shalib ketishi va fuqaro aholi o‘rtasida og‘ir talafotlar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud bo‘lgan taqdirda, bunday obyektlar harbiy obyekt hisoblangan holda ham, ular hujum uchun nishon bo‘lmasligi kerak. Ana shu qurilma va inshootlar ichida yoki ularning yaqinida joylashtirilgan boshqa harbiy obyektlarga hujum qilinishi oqibatida ulardagi xatarli kuchlarning bo‘shalib ketishi va fuqaro aholi o‘rtasida og‘ir talafotlar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud bo‘lgan holda ham, bu obyektlar hujum uchun nishon bo‘lmasligi shart.
2. Quyidagilarga nisbatan 1-bandda ko‘zda tutilgan hujumdan alohida himoya qilish barham topadi:
a) to‘g‘onlar va dambalarga nisbatan, agar qandaydir yo‘l bilan ushbu obyektlardan ularning odatdagi faoliyatidan farqli o‘laroq boshqa maqsadlarda va harbiy harakatlarni muntazam, izchil va bevosita ta’minlab turishda foydalanilayotgan bo‘lsa va bu obyektlarga hujum qilish bunday qo‘llab-quvvatlashga barham berishda yagona amaliy imkoniyat hisoblangan hollardagina;
b) atom elektr stansiyalariga nisbatan, agar ular harbiy harakatlarni muntazam, izchil va bevosita ta’minlab turish uchun elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan bo‘lsa va bu obyektlarga hujum qilish bunday qo‘llab-quvvatlashga barham berishda yagona amaliy imkoniyat hisoblangan hollardagina;
s) ushbu qurilma va inshootlar ichida yoki yaqinida joylashtirilgan boshqa harbiy obyektlarga nisbatan, agar ulardan harbiy harakatlarni muntazam, izchil va bevosita ta’minlab turishda foydalanilayotgan bo‘lsa va bu obyektlarga hujum qilish bunday qo‘llab-quvvatlashga barham berishda yagona amaliy imkoniyat hisoblangan hollardagina.
3. Fuqaro aholi va alohida fuqaro shaxslar barcha hollarda xalqaro huquq tomonidan beriladigan to‘la himoyalanish huquqidan, shu jumladan, 57-moddada ko‘zda tutilgan ehtiyot choralarini qo‘llash yo‘li bilan himoyalanish huquqidan foydalanishda davom etadi. Agar himoya to‘xtatilib, 1-bandda qayd etilgan qurilma, inshoot yoki harbiy obyektlarning birontasiga nisbatan hujum qilingan taqdirda, xatarli kuchlarning bo‘shalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida barcha amaliy ehtiyot choralari ko‘riladi.
4. Yuqoridagi 1-bandda qayd etilgan har qanday qurilma, inshoot yoki harbiy obyektlarni repressaliy obyektlariga aylantirish taqiqlanadi.
5. Nizolashayotgan tomonlar 1-bandda ko‘rsatilgan qurilma va inshootlar yaqinida hech qanday harbiy obyektlarini joylashtirmaslikka harakat qilishi zarur. Ammo himoyadan foydalanadigan ushbu qurilma va inshootlarni hujumdan mudofaa qilishdek yagona maqsad bilan muayyan inshootlar tiklanishiga yo‘l qo‘yiladi; bu inshootlardan himoyadan foydalanadigan qurilma va inshootlarga nisbatan hujumlarni qaytarish uchun zarur mudofaa harakatlaridan boshqa biron-bir harbiy harakatlar yuritishda foydalanilmagan taqdirda va ularning qurol-yarog‘lari tarkibi faqat himoyadan foydalanadigan qurilma va inshootlarga nisbatan hujumlarni qaytarishgagina mo‘ljallangan qurollar bilan cheklangan bo‘lsa, bunday hollarda mazkur inshootlar hujum uchun nishon bo‘lmasligi kerak.
6. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlarga xatarli kuchga ega obyektlarni qo‘shimcha himoyalashni ta’minlash yuzasidan o‘zaro boshqa bitimlar tuzish tavsiya etiladi.
7. Mazkur moddaga muvofiq himoyadan foydalanadigan obyektlarni tanib olishni osonlashtirish maqsadida, nizolashayotgan tomonlar ularni mazkur Protokolning I Ilovasi 16-moddasida (o‘zgartirish kiritilgan Ilovaning 17-moddasida) ko‘rsatilgan tartibda, yagona o‘qda joylashgan bir guruh och-sariq doiralar shaklidagi maxsus belgi yordamida belgilashlari mumkin. Bunday belgilarning mavjud emasligi nizolashayotgan tomonlarning birontasini ham mazkur moddada ularning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlardan mutlaqo xalos etmaydi.
IV BOB.
EHTIYOT CHORALARI
EHTIYOT CHORALARI
57-modda — Hujum paytidagi ehtiyot choralari
1. Harbiy amaliyotlarni bajarish paytida har doim fuqaro aholini, fuqaro shaxslarni va fuqaro obyektlarini ehtiyotlash uchun g‘amxo‘rlik qilinadi.
2. Hujumlarga nisbatan quyidagi ehtiyot choralari ko‘riladi:
a) kimki, hujum qilishni rejalashtirgan yoki uni amalga oshirishga ahd qilgan bo‘lsa:
I) hujum qilinadigan obyektlar na fuqaro shaxslar, na fuqaro obyektlari emasligi va alohida himoyadan foydalanmasligi, balki 52-moddaning 2-bandida qayd etilgan mazmundagi harbiy obyektlar ekani va mazkur Protokol qoidalariga muvofiq ularga hujum qilish taqiqlanmasligiga to‘la ishonch hosil qilish uchun tegishli barcha imkoniyatlardan foydalanadi;
II) fuqaro aholi o‘rtasida tasodifiy talafotlar yuz berishi, fuqaro shaxslarning yaralanishi va fuqaro obyektlariga tasodifiy ziyon yetkazilishining oldini olish, hech bo‘lmaganda, bunday talafotlarni kamaytirishga erishish maqsadida hujum vositalari va usullarini tanlashda tegishli barcha ehtiyot choralaridan foydalanadi;
III) fuqaro aholi o‘rtasida tasodifiy talafotlar yuz berishi, fuqaro shaxslarning yaralanishi va fuqaro obyektlariga tasodifiy ziyon yetkazilishi yoki barchasining birgalikda sodir bo‘lishi va bunday oqibatning qo‘lga kiritish taxmin etilgan aniq va bevosita harbiy ustunlikka nisbatan haddan ziyod ekani kutilayotgan har qanday hujumni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan saqlanadi;
b) agar obyekt harbiylarga tegishli emasligi va alohida himoyadan foydalanishi, unga hujum qilish fuqaro aholi o‘rtasida tasodifiy talafotlar yuz berishi, fuqaro shaxslarning yaralanishi va fuqaro obyektlariga tasodifiy ziyon yetkazilishi yoki barchasining birgalikda sodir bo‘lishi va bunday oqibatning qo‘lga kiritish taxmin etilgan aniq va bevosita harbiy ustunlikka nisbatan haddan ziyod ekani ochiq-oydin ma’lum bo‘lgan hollarda hujumni amalga oshirish bekor qilinadi yoxud vaqtincha to‘xtatiladi;
s) fuqaro aholiga daxl qilishi mumkin bo‘lgan hujum to‘g‘risida oldindan samarali ravishda ogohlantirish beriladi; vaziyat taqozo etmagan hollar bundan mustasno.
3. Tengma-teng darajadagi harbiy ustunlikka erishish uchun bir necha harbiy obyektlardan birini tanlash imkoniyati mavjud bo‘lgan taqdirda, unga hujum qilish oqibatida fuqaro shaxslar va fuqaro obyektlariga iloji boricha kamroq xavf tug‘iladigan obyekt tanlanadi.
4. Dengizda yoki havoda harbiy amaliyotlarni bajarish davrida nizolashayotgan tomonlarning har biri qurolli mojarolar paytida qo‘llanadigan xalqaro huquq normalarida ko‘zda tutilgan o‘z huquq va majburiyatlariga muvofiq holda fuqaro aholi o‘rtasida talafotlar yuz berishi va fuqaro obyektlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga qaratilgan barcha oqilona ehtiyot choralarini ko‘radi.
5. Mazkur moddaning biron-bir qoidasi fuqaro aholiga, fuqaro shaxslar yoki fuqaro obyektlariga qandaydir hujumlar qilish uchun ruxsat beradigan mazmunda talqin etilishi mumkin emas.
58-modda — Hujumlar oqibati yuzasidan qo‘llanadigan ehtiyot choralari
Nizolashayotgan tomonlar iloji boricha imkoniyat darajasida:
a) To‘rtinchi konvensiyaning 49-moddasiga ziyon yetkazmagan holda, o‘z nazorati ostida joylashgan fuqaro aholini, alohida fuqaro shaxslarni va fuqaro obyektlarini harbiy obyektlar yaqinidagi hududlardan imkon qadar uzoqlashtirishga intiladi;
b) harbiy obyektlarni aholi zich joylashgan hududlarga yoki bu hududlar yaqiniga joylashtirmaslikka harakat qiladi;
s) o‘z nazorati ostida joylashgan fuqaro aholini, alohida fuqaro shaxslarni va fuqaro obyektlarini harbiy amaliyotlar tufayli yuzaga keladigan xavf-xatarlardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa ehtiyot choralarini ko‘radi.
V BOB.
MAXSUS HIMOYA OSTIDA BO‘LGAN JOYLAR VA ZONALAR
MAXSUS HIMOYA OSTIDA BO‘LGAN JOYLAR VA ZONALAR
59-modda — Mudofaa etilmaydigan joylar
1. Nizolashayotgan tomonlarga mudofaa etilmaydigan joylarni biron-bir vosita yordamida hujumga duchor etish taqiqlanadi.
2. Nizolashayotgan tomonlarning tegishli ma’muriyatlari qurolli kuchlarga tutash yoki ularning yaqinida joylashgan va dushman tomon istilo etishi uchun ochiq bo‘lgan har qanday aholi yashash manzilini mudofaa etilmaydigan joy, deb e’lon qilishi mumkin. Bunday joy quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) barcha kombatantlar, shuningdek, ko‘chma harbiy vositalar va ko‘chma harbiy aslaha-anjomlar evakuatsiya qilingan bo‘lishi kerak;
b) turg‘un harbiy qurilma yoki inshootlardan dushmanlik maqsadlarida foydalanilmasligi kerak;
s) na ma’murlar va na aholi tomonidan dushmanlik xatti-harakatlari sodir etilmasligi kerak;
d) harbiy amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan biron-bir harakat qilinmasligi kerak.
3. Bu joyda Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq alohida himoyadan foydalanadigan shaxslarning mavjudligi, qonun ustuvorligi va tartib-qoidani ta’minlashdan iborat yagona maqsad uchun qoldirib ketilgan politsiya kuchlarining mavjudligi 2-bandda bayon etilgan talablarga zid kelmaydi.
4. Dushman tomonga 2-bandda ko‘zda tutilgan tartibda bayonot beriladi va unda mudofaa etilmaydigan joyning aniq ta’rifi va tasnifi ko‘rsatiladi. Bunday bayonotni olgan tegishli nizolashayotgan tomon olganligini tasdiqlaydi va ko‘rsatilgan joyga mudofaa etilmaydigan joy sifatida yondashadi; 2-bandda ko‘zda tutilgan talablarga amal qilinmagan holatlar bundan mustasno; bu holda tegishli tomon bayonot bergan tomonni zudlik bilan xabardor etadi. Hatto 2-bandda ko‘zda tutilgan talablarga amal qilinmagan holatlarda ham bunday joylar mazkur Protokolning boshqa qoidalarida va qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan xalqaro huquq normalarida ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanishda davom etadi.
5. Nizolashayotgan tomonlar muayyan joylar 2-band talablariga javob bermagan taqdirda ham ularni mudofaa etilmaydigan joylar, deb e’lon qilishga kelishib olishlari mumkin. Bunday bitimda mudofaa etilmaydigan joyning ta’rifi va tasnifi iloji boricha aniq ifoda etilishi kerak; zarur hollarda unda nazorat usuli ham ko‘zda tutilishi mumkin.
6. Bunday bitimning mavzusi hisoblangan tegishli joyni o‘z nazorati ostida saqlab turgan tomon iloji boricha bu joyni boshqa tomon bilan kelishib olingan muayyan belgilar bilan belgilashi va bu belgilarni ko‘zga yaqqol tashlanadigan yerlarda, joyning barcha perimetrlarida, katta yo‘llarning bo‘ylarida o‘rnatishi lozim.
7. Bu joy 2-bandda bayon etilgan talablarga yoki 5-bandda tilga olingan bitim shartlariga javob bermay qo‘ygan taqdirda, o‘zining mudofaa etilmaydigan joy, degan maqomini yo‘qotadi. Bunday hollarda bu joy mazkur Protokolning boshqa qoidalarida va qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan boshqa huquq normalarida ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanishda davom etadi.
60-modda — Qurolsizlantirilgan zonalar
1. Nizolashayotgan tomonlarning tegishli bitim asosida qurolsizlantirilgan hududlar maqomi berilgan hududlarga o‘z harbiy amaliyotlarini yoyishi, bu tilga olingan bitim qoidalariga zid kelgan hollarda, taqiqlanadi.
2. Bunday bitim aniq ifoda etilgan, og‘zaki yoki yozma shaklda, bevosita yoxud Homiy Davlat yoki har qanday beg‘araz tashkilot vositasida tuzilgan va o‘zida o‘zaro bir to‘xtamga kelingan bayonotlarni jamlagan bo‘lishi lozim. Bitim tinchlik paytida, shuningdek, harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng tuzilishi mumkin va unda qurolsizlantirilgan zonalarning aniq ta’rifi va tavsifi, zarur hollarda nazorat usulini o‘rnatish tartibi ochiq-oydin ifoda etilishi kerak.
3. Odatda quyidagi talablarga javob beradigan har qanday zona bunday bitimlarning mavzusi bo‘la oladi:
a) barcha kombatantlar, shuningdek, ko‘chma harbiy vositalar va ko‘chma harbiy aslaha-anjomlar evakuatsiya qilingan bo‘lishi kerak;
b) turg‘un harbiy qurilma yoki inshootlardan dushmanlik maqsadlarida foydalanilmasligi kerak;
s) na ma’murlar va na aholi tomonidan dushmanlik xatti-harakatlari sodir etilmasligi kerak;
d) harbiy harakatlar bilan bog‘liq har qanday faoliyatga barham berilishi kerak.
Nizolashayotgan tomonlar “d” bandchada bayon etilgan talabni izohlash bo‘yicha va 4-bandda tilga olinganlardan tashqari qurolsizlantirilgan zonaga kirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida kelishib olishlari zarur.
4. Bu zonada Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq alohida himoyadan foydalanadigan shaxslarning mavjudligi, qonun ustuvorligi va tartib-qoidani ta’minlashdan iborat yagona maqsad uchun qoldirib ketilgan politsiya kuchlarining mavjudligi 3-bandda bayon etilgan talablarga zid kelmaydi.
5. Bunday zonani o‘z nazorati ostida saqlab turgan tomon iloji boricha bu zonani boshqa tomon bilan kelishib olingan muayyan belgilar bilan belgilashi va bu belgilarni ko‘zga yaqqol tashlanadigan yerlarda, zonaning barcha perimetrlarida, katta yo‘llarning bo‘ylarida o‘rnatishi lozim.
6. Agar harbiy harakatlar qurolsizlantirilgan zonaga yaqinlashib kelsa va agar nizolashayotgan tomonlar bunga kelishgan bo‘lsa, u holda tomonlarning birontasi bu zonadan harbiy harakatlar yuritishga taalluqli maqsadlarda foydalanishi yoki uning tegishli maqomini bir tomonlama bekor qilishi mumkin emas.
7. Agar nizolashayotgan tomonlarning biri 3 yoki 6-banddagi qoidalarga xilof ish tutsa, u holda ikkinchi tomon bu zonaga qurolsizlantirilgan zona maqomini berish to‘g‘risidagi bitimda ko‘zda tutilgan o‘z majburiyatlaridan xalos bo‘ladi. Bunday hollarda bu zona o‘zining maqomini yo‘qotadi, ammo mazkur Protokolning boshqa qoidalarida va qurolli mojarolar davrida qo‘llanadigan boshqa xalqaro huquq normalarida ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanishda davom etadi.
VI BOB.
FUQARO MUDOFAASI
FUQARO MUDOFAASI
61-modda — Tushunchasi va qo‘llanish sohasi
Mazkur Protokol maqsadlari uchun:
a) “Fuqaro mudofaasi” deganda fuqaro aholini xavf-xatarlardan himoyalash, ularga bevosita harbiy harakatlar va falokatlar oqibatlarini tugatishda ko‘maklashish, shuningdek, ularning jon saqlashi uchun zarur shart-sharoit yaratishga qaratilgan va quyida ko‘rsatilgan insonparvarlik vazifalarining ayrimlari yoki to‘laligicha bajarilishi tushuniladi. Bu vazifalar quyidagilardan iborat:
I) xabar berish;
II) evakuatsiya qilish;
III) pana joy berish va joylashtirish;
IV) chiroqdan maskirovka qilish bo‘yicha tadbirlar qo‘llash;
V) qutqaruv ishlari;
VI) tibbiy xizmat, shu jumladan, birinchi yordam va diniy yordam;
VII) yong‘inga qarshi kurash;
VIII) xavfli hududlarni aniqlash va belgilash;
IX) zararsizlantirish va shu kabi boshqa himoya choralarini ko‘rish;
X) tezkorlik bilan boshpana berish va ta’minotni yo‘lga qo‘yish;
XI) tezkorlik bilan falokat joylaridagi tiklash va tartibni saqlash ishlariga ko‘maklashish;
XII) tezkorlik bilan zarur kommunal xizmatlarni tiklash;
XIII) tezkorlik bilan jasadlarni dafn etish;
XIV) jon saqlash uchun o‘ta zarur hisoblangan obyektlarni saqlab qolishda ko‘maklashish;
XV) yuqorida qayd etilgan vazifalardan har qandayini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha faoliyat, masalan, rejalashtirish va tashkilotchilik va hokazolar;
b) “fuqaro mudofaasi tashkilotlari” deganda “a” bandda tilga olingan vazifalardan har qandayini bajarish uchun nizolashayotgan tomonlarning vakolatli ma’muriyatlari tashkil etgan yoki vakolat bergan va xuddi shu vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan va faqat shu maqsadlardagina foydalaniladigan muassasalar va boshqa tashkiliy birliklar tushuniladi;
s) “xodimlar” deganda nizolashayotgan tomon faqat “a” bandda tilga olingan vazifalarnigina bajarishi uchun tasdiqlagan shaxslar, shu jumladan, nizolashayotgan tomonlarning vakolatli ma’muriyatlari tegishli fuqaro mudofaasi tashkilotlarini boshqarish uchun tayinlagan xodimlar tushuniladi;
d) “moddiy qism” deganda fuqaro mudofaasi tashkilotlari “a” bandda tilga olingan fuqaro mudofaasiga taalluqli vazifalarni bajarish uchun foydalanadigan asbob-uskunalar, jihozlar, materiallar va transport vositalari tushuniladi.
62-modda — Umumiy himoya
1. Fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlari va ularning xodimlari mazkur Protokol qoidalari asosida, ayniqsa, ushbu bo‘lim qoidalariga muvofiq ravishda hurmat va himoyadan foydalanadi. Ular fuqaro mudofaasi yuzasidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish huquqiga ega; muqarrar harbiy zaruriyat taqozo etgan holatlar bundan mustasno.
2. Fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlariga a’zo hisoblanmasligiga qaramay, vakolatli ma’muriyatlarning chaqirig‘i asosida va ularning nazorati ostida fuqaro mudofaasi vazifalarini bajarayotgan fuqaro shaxslarga nisbatan ham 1-band qoidalari qo‘llanadi.
3. Mazkur Protokolning 52-moddasi fuqaro mudofaasi maqsadlari uchun foydalaniladigan bino va moddiy qismga, shuningdek, fuqaro aholi uchun beriladigan pana joylarga ham taalluqlidir. Tegishli tomondan o‘zga tomonlar fuqaro mudofaasi uchun foydalaniladigan obyektlarni yakson etishi yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanishi mumkin emas.
63-modda — Istilo etilgan hududlardagi fuqaro mudofaasi
1. Istilo etilgan hududlarda fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlari ma’muriyatdan o‘z vazifalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tegishli ko‘makni oladi. Hech qanday vaziyatda ularning xodimlari ushbu vazifalarni lozim darajada bajarishni qiyinlashtiradigan ishlarga majbur etilmaydi. Istilochi davlat ushbu tashkilotlar tizimiga yoki xodimlari tarkibiga ular faoliyatining samarali bajarilishini xavf ostida qoldirishi mumkin bo‘lgan biron-bir o‘zgartirish kiritmaydi. Bunday tashkilotlardan ushbu davlat fuqarolari va manfaatlari ustuvorligiga amal qilish talab etilmaydi.
2. Istilochi davlat fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlarini o‘z vazifalarini fuqaro aholi manfaatlariga qaysidir jihatdan ziyon yetkazadigan ahvolda bajarishga undashi, majburlashi yoki zo‘rlashi mumkin emas.
3. Istilochi davlat xavfsizlik nuqtayi nazaridan kelib chiqib, fuqaro mudofaasi xodimlarini qurolsizlantirishi mumkin.
4. Istilochi davlat tomonidan fuqaro mudofaasi tashkilotlariga tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan ishlatilayotgan binolar yoxud moddiy qismning belgilangan maqsadlari o‘zgartirilishi, rekvizitsiya qilinishi fuqaro aholiga ziyon yetkazadigan bo‘lsa, u holda bunday o‘zgartirish yoki rekvizitsiya qilishni amalga oshirish mumkin emas.
5. Agar 4-banddagi umumiy qoidalarga amal qilinishi davom etayotgan bo‘lsa, istilochi davlat quyidagi aniq shartlar mavjud bo‘lgan hollarda ushbu resurslarni rekvizitsiya qilishi yoki mo‘ljallangan maqsadini o‘zgartirishi mumkin:
a) bu binolar yoki moddiy qism fuqaro aholining boshqa ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan hollarda, va
b) rekvizitsiya qilish yoki maqsadini o‘zgartirish faqat bunga zarurat mavjud bo‘lib turgandagina amalga oshiriladi.
6. Istilochi davlat fuqaro aholi foydalanishi uchun mo‘ljallangan yoki mazkur aholiga zarur hisoblangan pana joylarning maqsadini o‘zgartirishi yoxud ularni rekvizitsiya qilishi mumkin emas.
64-modda — Betaraf davlatlar yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmagan boshqa davlatlarning fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlari va xalqaro muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar
1. Protokolning 62, 63, 65 va 66-moddalari qoidalari, shuningdek, nizolashayotgan tomon hududida shu tomon roziligi asosida va nazorati ostida 61-moddada qayd etilgan fuqaro mudofaasiga doir vazifalarni bajarayotgan betaraf davlatlar yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmagan boshqa davlatlarning fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlariga nisbatan ham qo‘llanadi. Har qanday manfaatdor dushman tomon bunday yordam to‘g‘risida iloji boricha tezkorlik bilan xabardor etiladi. Hech qanday vaziyatda bu faoliyat mojaroga aralashish sifatida baholanmaydi. Shu bilan birga, bunday faoliyatni manfaatdor nizolashayotgan tomonlar xavfsizligi manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirish zarur.
2. Ushbu 1-bandda qayd etilgan yordamni oluvchi nizolashayotgan tomonlar va bunday yordamni ko‘rsatuvchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar zarur hollarda fuqaro mudofaasi sohasidagi bu faoliyatni xalqaro doirada muvofiqlashtirish uchun ko‘maklashadi. Bunday hollarda mazkur Bob qoidalari tegishli xalqaro tashkilotlarga ham taalluqli hisoblanadi.
3. Istilo etilgan hududlarda istilochi davlat fuqaro mudofaasiga taalluqli vazifalarning o‘z vositalari yoki istilo etilgan hududda mavjud vositalar yordamida tegishli darajada bajarilishini ta’minlay olgan taqdirdagina, bu davlat tomonidan betaraf davlatlar yoki nizolashayotgan tomonlar hisoblanmagan boshqa davlatlarning fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlari va xalqaro muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar faoliyati taqiqlanishi yoki cheklab qo‘yilishi mumkin.
65-modda — Himoyalashning to‘xtatilishi
1. Fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlari, ularga tegishli xodimlar, binolar, pana joylar va moddiy qism bevosita o‘z vazifasidan tashqari dushmanga ziyon yetkazadigan harakatlarni sodir etgan yoki shu kabi harakatlarni sodir etish uchun ishlatilgan taqdirdagina, ular foydalanadigan himoyalash huquqi to‘xtatiladi. Ammo himoyalashni to‘xtatish har gal, zarur hollarda oqilona tarzda aniq muddatlarni ko‘rsatib, tegishli ogohlantirish yuborilgach va ushbu ogohlantirish e’tiborga olinmaganidan so‘nggina amalga oshirilishi mumkin.
2. Quyidagilar dushmanga ziyon yetkazuvchi harakatlar, deb hisoblanmaydi:
a) harbiy ma’muriyatlar rahbarligi yoki nazorati ostida fuqaro mudofaasi vazifalarini bajarish;
b) fuqaro mudofaasi vazifalarini bajarish borasida fuqaro mudofaasi fuqaro xodimlarining harbiy shaxsiy tarkib bilan hamkorlik qilishi yoki harbiy xizmatchilardan muayyan miqdorining fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlariga berilishi;
s) fuqaro mudofaasi bo‘yicha vazifalarni bajarish harbiylar tarkibidan hisoblangan qurbonlarga, xususan, safdan chiqqanlarga yo‘l-yo‘lakay foyda keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyat.
3. Shuningdek, fuqaro mudofaasining fuqaro xodimlari tartibni saqlash yoki o‘zini o‘zi muhofaza qilish maqsadida yengil shaxsiy qurol taqib yurishi ham dushmanga ziyon yetkazuvchi harakat, deb hisoblanmaydi. Ammo jang borayotgan yoki jang boshlanishi ehtimoli mavjud bo‘lgan quruqlikdagi hududlarda fuqaro mudofaasi xodimlarini kombatantlardan ajratib olishni osonlashtirish maqsadida nizolashayotgan tomonlar bunday qurollarni pistoletlar yoxud revolverlar kabi qo‘l qurollari bilan cheklash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Hatto fuqaro mudofaasi xodimlari bunday hududlarda boshqa turdagi yengil shaxsiy qurol taqib yurgan taqdirda ham, ular tegishli maqomda tanib olinishi bilanoq hurmat va himoyadan foydalanadi.
4. Fuqaro mudofaasi bo‘yicha fuqaro tashkilotlarini harbiy namunaga muvofiq tashkil etish va ularda majburiy xizmat tartibni joriy qilish ham ularni mazkur bobda belgilangan himoyadan mahrum etmaydi.
66-modda — Tanib olish
1. Nizolashayotgan tomonlarning har biri o‘ziga tegishli fuqaro mudofaasi tashkilotlari, ularning xodimlari, binolari va moddiy qism faqat fuqaro mudofaasiga taalluqli vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan muayyan davrda ularning tanib olinishi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga harakat qiladi. Fuqaro aholiga mo‘ljallangan pana joylarni tanib olishni ham xuddi shu tartibda ta’minlash lozim.
2. Nizolashayotgan tomonlarning har biri, shuningdek, fuqaro mudofaasining xalqaro farqlovchi belgi joylashtiriladigan fuqaro mudofaasi tashkilotlarini, ularning xodimlarini, binolari va moddiy qismini tanib olish imkonini beradigan tegishli usul va protseduralarni qabul qilish va qo‘llashga harakat qiladi.
3. Jang borayotgan yoki jang boshlanishi ehtimoli mavjud bo‘lgan istilo etilgan hududlarda fuqaro mudofaasi xodimlari fuqaro mudofaasining xalqaro farqlovchi belgisi va ularning maqomini tasdiqlovchi shaxsiy guvohnomalar yordamida tanib olinadi.
4. Fuqaro mudofaasining xalqaro farqlovchi belgisi fuqaro mudofaasi tashkilotlarini, ularning xodimlarini, binolari va moddiy qismini, shuningdek, fuqarolar uchun pana joylarni himoyalash maqsadida foydalanilayotgan hollarda sariq taglikdagi teng tomonli zangori uchburchak ko‘rinishida bo‘ladi.
5. Nizolashayotgan tomonlar fuqaro mudofaasini tanib olish maqsadida farqlovchi belgilardan tashqari farqlovchi signal belgilaridan foydalanish haqida ham o‘zaro kelishib olishlari mumkin.
6. Ushbu moddaning 1 — 4-bandlari qoidalarining qo‘llanishi mazkur Protokolga I Ilovaning V bobi asosida qat’iy tartibga solinadi.
7. Tinchlik davrida 4-bandda tavsiflangan farqlovchi belgidan fuqaro mudofaasini tanib olish maqsadlarida vakolatli davlat ma’murlari ruxsati asosida foydalanish mumkin.
8. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar fuqaro mudofaasining xalqaro farqlovchi belgisidan foydalanish bo‘yicha nazoratni ta’minlash va bu boradagi qandaydir suiiste’molchiliklarning oldini olish va ularga barham berishni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
9. Fuqaro mudofaasining tibbiy va diniy xodimlarini, tibbiy tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarini tanib olish, shuningdek, 18-modda asosida tartibga solinadi.
67-modda — Fuqaro mudofaasini tashkil etish uchun tayinlangan qurolli kuchlar shaxsiy tarkibi va harbiy bo‘linmalar
1. Fuqaro mudofaasini tashkil etish uchun tayinlangan qurolli kuchlar shaxsiy tarkibi va harbiy bo‘linmalar quyidagi shartlar asosida hurmat va himoyadan foydalanadi:
a) bunday shaxsiy tarkib va bunday harbiy bo‘linmalar faqat 61-moddada qayd etilgan vazifalardan birini bajarish uchun doimiy tayinlanadi va ularni bajarish bilangina mashg‘ul bo‘ladi;
b) bunday tartibda tayinlangan shaxsiy tarkib mojaro davrida boshqa hech qanday harbiy majburiyatlarni bajarmaydi;
s) ushbu shaxsiy tarkib qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi boshqa shaxslardan o‘zlarining ko‘rinarli joylarida iloji boricha kattaroq o‘lchamdagi fuqaro mudofaasi xalqaro farqlovchi belgisini taqib yurishi bilan ajralib turadi va bu shaxsiy tarkib mazkur Protokolga I Ilovaning V bobida qayd etilgan, ularning maqomini tasdiqlovchi shaxsiy guvohnomalar bilan ta’minlanadi;
d) bunday shaxsiy tarkib va bunday harbiy bo‘linmalar tartibni saqlash yoki o‘zini-o‘zi muhofaza qilish maqsadida faqat yengil shaxsiy qurolgagina ega bo‘ladi. Bunday hollarda 65-modda 3-bandining qoidalari ham qo‘llanadi;
e) bunday shaxsiy tarkib harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmaydi va fuqaro mudofaasi bo‘yicha zimmasiga yuklangan vazifalardan tashqari dushman tomonga ziyon yetkazuvchi harakatlar sodir etmaydi yoxud bu kabi harakatlarni sodir etishda ulardan foydalanilmaydi;
f) bunday shaxsiy tarkib va bunday harbiy bo‘linmalar o‘zlarining fuqaro mudofaasi bo‘yicha vazifalarini faqat o‘zlari mansub tomonning milliy hududi doirasidagina amalga oshiradi.
Yuqoridagi “a” va “b” bandlarda qayd etilgan shartlarga daxldor bo‘lgan qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi har qanday shaxs tomonidan yuqoridagi “e” bandda bayon etilgan talablarga amal qilmaslik taqiqlanadi.
2. Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi va fuqaro mudofaasi tashkilotlarida xizmat qiluvchi shaxslar dushman tomon hukmi ostiga tushib qolgan taqdirda, ular harbiy asir hisoblanadi. Zarurat tug‘ilgan hollarda istilo etilgan hududda ular faqat ushbu hududning fuqaro aholisi manfaatlari yo‘lidagina fuqaro mudofaasi vazifalarini bajarish uchun jalb etilishi mumkin va bunda muayyan xatarli ishlarni bajarish uchun ular ixtiyoriy ravishda rozilik bildirishlari shart.
3. Fuqaro mudofaasini tashkil etish uchun tayinlangan harbiy bo‘linmalarning binolari, yirik asbob-uskunalari va transport vositalari fuqaro mudofaasi xalqaro farqlovchi belgisi bilan aniq-ravshan belgilanishi kerak. Bu farqlovchi belgi iloji boricha kattaroq o‘lchamda bo‘lishi lozim.
4. Fuqaro mudofaasini tashkil etish uchun doimiy asosda tayinlangan va faqat fuqaro mudofaasi bo‘yicha vazifalarnigina bajarishga mo‘ljallangan harbiy bo‘linmalarning moddiy qism va binolari dushman tomonning qo‘liga tushib qolgan taqdirda, ular urush qonunlariga bo‘ysunishda davom etadi. Toki fuqaro mudofaasi bo‘yicha vazifalarni bajarishda ulardan foydalanish zarurati mavjud ekan, ularni fuqaro mudofaasi maqsadlaridan boshqa maqsadlarda ishlatish mumkin emas; agar fuqaro aholi ehtiyojlarini yetarli darajada ta’minlash borasida oldindan tegishli choralar ko‘rilmagan bo‘lsa, qat’iy harbiy zarurat taqozosiga ko‘ra ulardan foydalanish bundan mustasno.
II BO‘LIM.
FUQARO AHOLIGA YORDAM
FUQARO AHOLIGA YORDAM
68-modda — Qo‘llanish sohasi
Ushbu bo‘lim qoidalari mazkur Protokolda tushuncha berilgan fuqaro aholiga nisbatan qo‘llanadi va To‘rtinchi konvensiyaning 23, 55, 59, 61 va 62-moddalari va boshqa tegishli moddalariga qo‘shimcha hisoblanadi.
69-modda — Istilo etilgan hududlardagi asosiy ehtiyojlar
1. To‘rtinchi konvensiyaning 55-moddasida sanab o‘tilgan oziq-ovqat va tibbiy dori-darmonlar ta’minotiga taalluqli majburiyatlarga qo‘shimcha sifatida istilochi davlat o‘z ixtiyoridagi vositalardan imkon qadar keng foydalanib va hech qanday nomuvofiq tafovutlarni hisobga olmagan holda, istilo etilgan hududdagi fuqaro aholini yotarjoy buyumlari, boshpana uchun vositalar va jon saqlash uchun o‘ta zarur bo‘lgan boshqa xil zaxiralar, shuningdek, diniy marosimlarni o‘tash uchun zarur bo‘lgan narsalar bilan ta’minlaydi.
2. Istilo etilgan hududlar fuqaro aholisiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlar To‘rtinchi konvensiyaning 59, 62, 108, 111-moddalari, shuningdek, mazkur Protokolning 71-moddasi bilan tartibga solinadi va paysalga solinmasdan amalga oshiriladi.
70-modda — Yordam ko‘rsatish tadbirlari
1. Agar mojaroda qatnashayotgan tomonning nazorati ostida joylashgan istilo etilgan hududlardan boshqa barcha hududlardagi fuqaro aholi 69-moddada qayd etilgan zaxiralar bilan yetarli darajada ta’minlanmayotgan bo‘lsa, u holda yordam ko‘rsatish tadbirlari amalga oshiriladi; bunday tadbirlar insonparvarlik va xolislik mazmuniga ega bo‘lib, ular bu kabi yordam ko‘rsatishdan manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga muvofiq va hech qanday nomuvofiq tafovutlarni hisobga olmasdan amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan talablarga javob beradigan tartibda yordam ko‘rsatish bo‘yicha tushgan takliflarga qurolli mojaroga aralashish yoki g‘ayrido‘stona xatti-harakatlar sifatida qaralmaydi. Yetkazib berilgan yordamni taqsimlashda To‘rtinchi konvensiya yoki mazkur Protokolga muvofiq alohida imtiyozlar va alohida himoyadan foydalanadigan shaxslarga, masalan, bolalar, homilador ayollar, chaqaloqli va yosh bolali onalarga alohida e’tibor beriladi.
2. Nizolashayotgan tomonlar va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri mazkur Bo‘limga muvofiq yordam ko‘rsatish maqsadida taqdim etilayotgan barcha yuklar, asbob-uskunalar va xodimlarning tezkorlik bilan va to‘siqlarsiz yetkazib borilishiga ruxsat etadi va bunday yordam dushman tomonning fuqaro aholisiga mo‘ljallangan bo‘lsa ham, uni yetkazishda ko‘maklashadi.
3. Nizolashayotgan tomonlar va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri 2-bandga muvofiq yordam ko‘rsatish maqsadida yuklar, asbob-uskunalar va xodimlarning yetkazib borilishiga ruxsat etishda:
a) bunday yetkazib borishga ruxsat berishdan oldin bajarilishi lozim bo‘lgan muayyan texnik choralarni, shu jumladan, tekshiruvni joriy etish huquqiga ega;
b) bunday yordamning taqsimoti Homiy Davlat nazorati ostidagi joyda amalga oshirilishi sharti bilan uni yetkazib borishga ruxsat etishi mumkin;
s) yordam yukining dastlabki mo‘ljalini mutlaqo o‘zgartirmaydi va ularni yetkazib borishni to‘xtatib qolmaydi; tegishli fuqaro aholi manfaatlari taqozo etadigan shoshilinch zarurat hollari bundan mustasno.
4. Nizolashayotgan tomonlar yetkazib beriladigan yordam himoyasini ta’minlaydi va ularning zudlik bilan taqsimlanishiga ko‘maklashadi.
5. Nizolashayotgan tomonlar va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri 1-bandda qayd etilgan yordam ko‘rsatish tadbirlarini samarali xalqaro muvofiqlashtirishni rag‘batlantiradi va bu borada ko‘maklashadi.
71-modda — Yordam ko‘rsatish tadbirlarida qatnashuvchi xodimlar
1. Zarur hollarda yordam ko‘rsatish tadbirlarini amalga oshirishda, ayniqsa, yetkazib beriladigan yordamni tashish va taqsimlash uchun ko‘maklashishda tegishli xodimlarni jalb etish mazkur tadbirlarning uzviy qismini tashkil etishi mumkin; bunday xodimlarning yordam ko‘rsatish tadbirlarini bajarishda qatnashishi uchun ular o‘z vazifalarini bajaradigan hudud mansub bo‘lgan tomonning roziligi olinishi kerak.
2. Bunday xodimlar hurmat va himoyadan foydalanadi.
3. Yetkazib beriladigan yordamni oluvchi har bir tomon 1-bandda qayd etilgan xodimlarga yordam ko‘rsatish borasidagi vazifalarini bajarishida imkoniyat yo‘l qo‘ygan darajada ko‘proq ko‘maklashadi. Faqat qat’iy harbiy zarurat tufayligina bunday xodimlarning faoliyati va harakatlanishi vaqtincha muddatga cheklab qo‘yilishi mumkin.
4. Hech qanday vaziyatda yordam ko‘rsatish tadbirlarida qatnashuvchi xodimlar mazkur Protokolda qayd etilgan vazifalari doirasidan chetga chiqishlari mumkin emas. Xususan, ular o‘z zimmalaridagi vazifalarini bajarayotgan hudud mansub bo‘lgan tomonning xavfsizlik bo‘yicha talablarini e’tiborga olishi shart. Ushbu shartlarga amal qilmagan taqdirda, bunday xodimlar tarkibiga kiruvchi har qanday shaxsning faoliyati to‘xtatilishi mumkin.
III BO‘LIM.
NIZOLASHAYOTGAN TOMON HUKMI OSTIDA BO‘LGAN SHAXSLAR BILAN MUOMALA
NIZOLASHAYOTGAN TOMON HUKMI OSTIDA BO‘LGAN SHAXSLAR BILAN MUOMALA
I BOB.
QO‘LLANISH SOHASI. SHAXS VA OBYEKTLAR HIMOYASI
QO‘LLANISH SOHASI. SHAXS VA OBYEKTLAR HIMOYASI
72-modda — Qo‘llanish sohasi
Mazkur Bo‘lim qoidalari To‘rtinchi konvensiyadagi, xususan, uning I va III Qismidagi, nizolashayotgan tomon hukmi ostida bo‘lgan fuqaro shaxslar va fuqaro obyektlarini gumanitar himoyalash borasidagi qoidalariga, shuningdek, qo‘llanadigan xalqaro huquqning xalqaro qurolli mojarolar davrida insonning asosiy huquqlari himoyasiga taalluqli qoidalariga qo‘shimcha hisoblanadi.
73-modda — Qochoqlar va apatridlar
Manfaatdor tomonlar qabul qilgan tegishli xalqaro hujjatlar bo‘yicha yoki boshpana bergan davlat yoxud yashash joyi hisoblangan davlat milliy qonunchiligiga muvofiq harbiy harakatlar boshlanishiga qadar apatridlar yoki qochoqlar sifatida qaralgan shaxslar To‘rtinchi konvensiyaning I va III qismlari mazmuniga ko‘ra tegishli himoyadan har qanday shart-sharoitda va qandaydir nomuvofiq tafovutlarsiz foydalanuvchi shaxslar hisoblanadi.
74-modda — Ajralgan oilalarni birlashtirish
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar qurolli mojarolar natijasida ajralib ketgan oilalarni birlashtirish borasida barcha imkoniyatlaridan kelib chiqib ko‘mak beradilar, xususan, Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidalariga muvofiq va ularning tegishli xavfsizlik qoidalari asosida bu borada muayyan vazifalarni bajarayotgan insonparvarlik tashkilotlarining faoliyatini rag‘batlantiradi.
75-modda — Asosiy kafolatlar
1. Mazkur Protokolning 1-moddasida qayd etilgan vaziyat taqozosidan kelib chiqqan holda, mojaroda ishtirok etayotgan tomonning hukmi ostida bo‘lgan va Konvensiyalar yoki mazkur Protokolga muvofiq tegishli imtiyozli muomaladan foydalanmayotgan shaxslarga har qanday vaziyatda ham insoniy muomala qilinadi va ular kamida o‘zlarining irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini yoki e’tiqodi, siyosiy yoxud boshqa xil maslagi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi va boshqa biron-bir maqomi va shunga o‘xshash xilma-xil jihatlarga asoslangan nomuvofiq tafovutlarning hech qaysisini hisobga olmagan holda ushbu moddada ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanadi. Har bir tomon bunday shaxslarning shaxsiyati, or-nomusi, e’tiqodi va diniy taomillariga hurmat bilan qarashi kerak.
2. Quyidagi xatti-harakatlar, ularni fuqaro tashkilotlari yoki harbiy organlar vakillari sodir etishidan qat’i nazar, taqiqlangan va har doim har qayerda taqiqlanadi:
a) shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va jismoniy yoki ruhiy holatiga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish, xususan:
I) o‘ldirish;
II) jismoniy yoki ruhiy jihatdan barcha turdagi qiynoqlar;
III) tan jazolari;
IV) shikast yetkazish;
b) insoniy qadr-qimmatni tahqirlash, xususan, kamsitish va haqoratomuz muomala qilish, fohishabozlikka majburlash yoki boshqa har qanday shakldagi nomunosib tazyiqlar o‘tkazish;
s) garovga olish;
d) ommaviy jazolash;
e) yuqorida ko‘rsatilgan harakatlardan birontasini sodir etish bilan tahdid qilish,
3. Qurolli mojaro bilan bog‘liq harakatlari uchun qamalgan, qo‘lga olingan yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan har qanday shaxs bunday choralar ko‘rilishi sabablari to‘g‘risida o‘zi uchun tushunarli bo‘lgan tilda kechiktirmay xabardor etilishi zarur. Jinoiy huquqbuzarlik yuzasidan qamash yoki qo‘lga olish holatlari bundan mustasno; bunday shaxslarning qamalgani, qo‘lga olingani yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilganini oqlovchi tegishli shart-sharoit barham topishi bilanoq ular qisqa muddatlar ichida ozod etilishi kerak.
4. Qurolli mojaro bilan bog‘liq jinoiy huquqbuzarlik sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan hech qanday hukm chiqarilishi va ularning hech qanday jazoga tortilishi mumkin emas; xolis va tegishli tartibda ta’sis etilgan va quyida sanab o‘tilgan odatdagi sudlov ishlarining umume’tirof etilgan prinsiplariga amal qiladigan sudlarning hukm haqidagi qarorlari bundan mustasno:
a) protsedurada ayblanuvchi o‘ziga ayb sifatida yuklanayotgan huquqbuzarlikning tafsilotlaridan kechiktirmasdan xabardor etilishi, unga sudgacha va sud paytida barcha zarur huquqlar va himoya vositalari berilishi ko‘zda tutilishi kerak;
b) shaxsan jinoiy javobgarlikka asoslanmagan holda biron-bir shaxs sud qilinmasligi kerak;
s) biron-bir shaxs tomonidan muayyan harakat yoki adashish sodir etilgan paytda harakati bevosita bu shaxsga ta’sir etadigan milliy qonunchilik yoki xalqaro huquq normalarida jinoiy huquqbuzarlik sifatida qaralmaydigan har qanday harakatlar va adashishlar bo‘yicha muayyan jinoiy huquqbuzarlikda ayblanishi yoki shu ayb bo‘yicha sudlanishi mumkin emas; tengma-teng ravishda ushbu jinoiy huquqbuzarlik sodir etilgan paytda qo‘llanganiga nisbatan shafqatsizroq jazo qo‘llanishi mumkin emas; agar huquqbuzarlik sodir etilganidan keyin qonun asosida nisbatan yengil jazo belgilanadigan bo‘lsa, bu qonunning ta’siri ushbu huquqbuzarga ham tegishlidir;
d) huquqbuzarlikda ayblanayotgan har qanday shaxsning aybi qonun asosida isbot etilmaguncha, u aybsiz hisoblanadi;
e) huquqbuzarlikda ayblanayotgan har qanday shaxs tegishli sudda tinglanishlarda shaxsan hozir bo‘lish huquqiga ega;
f) biron-bir shaxs o‘ziga qarshi guvohlik berishga yoki o‘zini o‘zi aybdor deb topishga majbur etilmasligi kerak;
g) huquqbuzarlikda ayblanayotgan har qanday shaxs o‘ziga qarshi ko‘rsatma berayotgan guvohlarni so‘roq qilish yoki ularning so‘roq qilinishini talab etish, shuningdek, o‘ziga qarshi ko‘rsatma berayotgan guvohlar bilan tengma-teng sharoitda uni yoqlab ko‘rsatma beradigan guvohlarni chaqirish va so‘roq qilishni talab etish huquqlariga ega;
h) biron-bir shaxsga nisbatan muayyan tomon qonunchiligi va sudlov jarayoniga muvofiq oqlash yoki jazolash yuzasidan tegishli yakuniy hukm chiqarilganidan so‘ng uni shu huquqbuzarliklari uchun xuddi shu tomonning ta’qib etishi yoki jazolashi mumkin emas;
i) huquqbuzarligi uchun sudlov tartibida ta’qib etilayotgan har qanday shaxs o‘ziga nisbatan sud hukmi oshkora e’lon qilinishi huquqiga ega;
j) hukm chiqarish paytida sudlanuvchiga uning sudlov yoki boshqa tartibda shikoyat qilish huquqlari mavjudligi, shuningdek, bu huquqdan qaysi muddat mobaynida foydalanishi mumkinligi haqida ma’lum qilinishi kerak.
5. Qurolli mojaro bilan bog‘liq sabablar tufayli ozodligi cheklangan ayollar erkaklar joylashgan binolardan uzoqroq binolarga joylashtiriladi. Ular bevosita ayollarning nazoratida bo‘ladi. Ammo, oilalar qo‘lga olingan yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan hollarda, iloji boricha ular bir joyga va har bir oila alohida tarzda joylashtiriladi.
6. Qurolli mojaro bilan bog‘liq harakatlari uchun qamalgan, qo‘lga olingan yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan har qanday shaxs to‘la ozod etilishi, vataniga qaytarilishi yoki joylashtirilishiga qadar, hattoki qurolli mojaro tugasa ham, mazkur moddada ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanadi.
7. Harbiy jinoyatda yoki insoniyatga qarshi jinoyatda ayblanayotgan shaxslarni ta’qib etish va sud qilishga nisbatan har qanday shubha-gumonga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagi prinsiplar qo‘llanadi:
a) bunday jinoyatlarda ayblanuvchi shaxslar amaldagi xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’qib etilishi va sud qilinishi zarur;
b) Konvensiyalarga muvofiq va mazkur Protokol asosida tegishli imtiyozli muomaladan foydalanmayotgan bu kabi har qanday shaxslar, ular aybdor deb qaralayotgan jinoyatlar Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidalarini jiddiy buzish ekani yoki yo‘qligidan qat’i nazar, ushbu moddada ko‘zda tutilgan muomaladan foydalanadi.
8. Ushbu moddaning biron-bir qoidasi 1-bandda qayd etilgan shaxslarga nisbatan amaldagi har qanday xalqaro huquq normalariga muvofiq katta imtiyozli himoya berishni ko‘zda tutuvchi yanada qulay qoidalarni cheklaydigan yoki ularga ziyon yetkazadigan mazmunda talqin etilmasligi kerak.
II BOB.
AYOLLAR VA BOLALAR HIMOYASI BO‘YICHA CHORALAR
AYOLLAR VA BOLALAR HIMOYASI BO‘YICHA CHORALAR
76-modda — Ayollar himoyasi
1. Ayollar alohida hurmatdan foydalanadi, ular, xususan, nomusga tegishdan, fohishabozlikka majburlashdan va boshqa har xil nomunosib tajovuzlardan himoyalangandir.
2. Homilador ayollar va yosh bolali ayollarning ishlari, agar bu bolalar ularning qaramog‘ida bo‘lsa, ular qurolli mojaro bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra qamalgan, qo‘lga olingan yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan taqdirda, birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.
3. Nizolashayotgan tomonlar qurolli mojaro bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan homilador ayollar va yosh bolali ayollarga nisbatan, agar bu bolalar ularning qaramog‘ida bo‘lsa, o‘lim hukmi chiqarilishidan iloji boricha qochishga harakat qiladi. Bunday ayollarning huquqbuzarliklariga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilmaydi.
77-modda — Bolalar himoyasi bo‘yicha choralar
1. Bolalar alohida hurmatdan foydalanadi va ular har qanday turdagi nomunosib tajovuzlardan himoyalangandir. Nizolashayotgan tomonlar yoshligi yoki boshqa har qanday sabablar tufayli ular uchun zarur bo‘lgan tegishli himoya va yordam ko‘rsatishni ta’minlaydi.
2. Nizolashayotgan tomonlar o‘n besh yoshga to‘lmagan bolalar harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmasligi uchun zarur bo‘lgan barcha amaliy choralarni ko‘radi, xususan, tomonlar ularni o‘z qurolli kuchlariga yollashdan saqlanadi. Un besh yoshga to‘lgan ammo hali o‘n sakkizga kirmaganlarni yollash paytida, nizolashayotgan tomonlar iloji boricha yoshi kattaroqlarga e’tibor qaratadi.
3. Istisno hollarda, 2-band qoidalariga zid o‘laroq o‘n besh yoshga to‘lmagan bolalar harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etsa va dushman tomon hukmi ostiga tushib qolsa, ular harbiy asir ekani yoki yo‘qligidan qat’i nazar, mazkur moddada ko‘zda tutilgan alohida himoyadan foydalanishda davom etadi.
4. Qurolli mojaro bilan bog‘liq harakatlari uchun qamalgan, qo‘lga olingan yoki urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan hollarda bolalar kattalar binolaridan ajratilgan alohida binolarga joylashtiriladi; 75-moddaning 5-bandida ko‘zda tutilgan oilalarning alohida joylashtirilishi bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno.
5. Qurolli mojaro bilan bog‘liq bo‘lgan muayyan huquqbuzarlikni sodir etgan paytida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning huquqbuzarliklariga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilmaydi.
78-modda — Bolalarni evakuatsiya qilish
1. Nizolashayotgan tomonlarning birontasi ham bolalarni o‘zining fuqarolaridan boshqacharoq bir mazmunda xorijiy davlatga evakuatsiya qilish yuzasidan chora qo‘llamaydi; bolalarning sog‘lig‘i taqozosi yoki davolanishi zarurati yoxud ular istilo etilgan hududda joylashgan bo‘lsa, ularning xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan shoshilinch zaruriy sabablar asosida vaqtincha evakuatsiya qilish hollari bundan mustasno. Bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vasiylarini topish mumkin bo‘lgan taqdirda, bunday evakuatsiya uchun ulardan yozma rozilik olinishi zarur. Agar bunday shaxslarni topish imkonsiz bo‘lsa, u holda qonun asosida yoki taomil bo‘yicha bolalarga homiylik qilish uchun asosiy javobgar hisoblangan tegishli shaxslardan bunday evakuatsiya uchun yozma rozilik olinadi. Bu kabi har qanday evakuatsiya jarayoni Homiy Davlat nazorati ostida va manfaatdor tomonlar, ya’ni evakuatsiyani amalga oshiruvchi tomon, bolalarni qabul qilib oluvchi tomon va fuqarolari evakuatsiya qilinayotgan har qanday tegishli tomon o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq bajariladi. Barcha hollarda nizolashayotgan tomonlar evakuatsiyaga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hollarga yo‘l qo‘ymaslik uchun imkoniyat doirasidagi amaliy choralarni ko‘radi.
2. Evakuatsiyani 1-bandga muvofiq amalga oshirish bilan bog‘liq barcha hollarda har bir bolaga evakuatsiya davrida uni imkon qadar uzluksiz ravishda o‘qitish, shu jumladan, unga ota-onasining xohishi asosida tegishli diniy va axloqiy tarbiya berish ta’minlanadi.
3. Mazkur moddaga muvofiq evakuatsiya qilingan bolalarning o‘z oilasiga, o‘z mamlakatiga qaytishini yengillatish maqsadida, evakuatsiyani amalga oshiruvchi tomon ma’muriyati, maqsadga muvofiq topilgan hollarda esa qabul qiluvchi tomonning ham ma’muriyati har bitta bolaga fotosuratli maxsus kartochka to‘ldiradi va uni Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy ma’lumotlar agentligiga jo‘natadi. Har bir kartochkada, iloji bo‘lgan hollarda va bu hol bolaga ziyon yetkazadigan qandaydir xatarga sabab bo‘lmasa, quyidagi ma’lumotlar qayd etilishi kerak:
a) bolaning familiyasi (familiyalari);
b) bolaning ismi (ismlari);
s) bolaning jinsi;
d) tug‘ilgan joyi va sanasi (yoki tug‘ilgan sanasi noma’lum hollarda, taxminiy yoshi);
e) otasining to‘liq ismi;
f) onasining to‘liq ismi va qizlik familiyasi, agar saqlangan bo‘lsa;
g) bolaning yaqin qarindosh-urug‘lari;
h) bolaning millati;
i) bolaning ona tili va u so‘zlasha oladigan boshqa har qanday tillar;
j) bola oilasining adresi;
k) bolaga taalluqli har qanday shaxsiy raqam;
l) bola salomatligining ahvoli;
m) bolaning qon guruhi;
n) alohida belgilari;
o) bola topilgan sana va joy;
p) bola o‘z mamlakatini tark etgan sana va boradigan manzilning nomi;
q) bola mansub bo‘lgan din, agar bo‘lsa;
r) bolaning qabul qiluvchi mamlakatdagi haqiqiy adresi;
s) bola qaytmay turib vafot etgan taqdirda, vafotining sanasi, joyi, o‘lim sabablari va dafn etilgan manzil.
III BOB.
JURNALISTLAR
JURNALISTLAR
79-modda — Jurnalistlar himoyasi bo‘yicha choralar
1. Qurolli mojarolar hududida xatarli xizmat safarida bo‘lgan jurnalistlar 50-moddaning 1-bandida ko‘zda tutilgan mazmundagi fuqaro shaxslar, deb hisoblanadi.
2. Shu jihatdan ular fuqaro shaxs maqomiga mos kelmaydigan hech qanday harakat sodir etmaslik va qurolli kuchlar qoshida akkreditatsiya qilingan harbiy muxbirlarning Uchinchi konvensiyaning 4-moddasi A.4-bandida ko‘zda tutilgan maqomiga va tegishli huquqlariga ziyon yetkazmaslik sharti bilan tegishli Konvensiyalar va mazkur Protokolga muvofiq muayyan himoyadan foydalanadi.
3. Ular mazkur Protokolning II Ilovasida ko‘rsatilgan namunadagidek shaxsiy guvohnomalar olishlari mumkin. Jurnalist o‘zi fuqarosi hisoblangan yoki hududida doimiy yashab turgan yoxud ishlab turgan axborot agentligi joylashgan tegishli davlat hukumati tomonidan beriladigan ushbu guvohnoma o‘z sohibi jurnalist maqomiga ega ekanini tasdiqlaydi.
V QISM.
KONVENSIYALAR VA MAZKUR PROTOKOLNING BAJARILISHI
KONVENSIYALAR VA MAZKUR PROTOKOLNING BAJARILISHI
I BO‘LIM.
UMUMIY QOIDALAR
UMUMIY QOIDALAR
80-modda — Bajarish bo‘yicha choralar
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar paysalga solmasdan Konvensiyalar va mazkur Protokolda zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarish yuzasidan zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi.
2. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar Konvensiyalar va mazkur Protokolga amal qilishni ta’minlash maqsadida tegishli buyruq va farmoyishlar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi.
81-modda — Qizil Xoch va boshqa insonparvarlik tashkilotlarining faoliyati
1. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi mojarolar qurbonlarini himoyalashni va ularga yordam berishni ta’minlash maqsadida Konvensiyalar va mazkur Protokolda o‘z zimmasiga yuklangan insonparvarlik vazifalarini yetarli darajada bajarishi uchun nizolashayotgan tomonlar unga imkoniyat doirasidagi barcha vositalarni ajratadi; Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, shuningdek, nizolashayotgan tomonlar roziligi asosida bunday qurbonlar foydasiga qaratilgan boshqa har qanday insonparvarlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
2. Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidalari va Qizil Xoch Xalqaro konferensiyalarida shakllantirilgan Qizil Xochning bosh prinsiplaridan kelib chiqqan holda, nizolashayotgan tomonlar o‘zlarining tegishli Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) tashkilotlariga bunday mojarolar qurbonlari foydasiga qaratilgan insonparvarlik faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan vositalarni ajratadi.
3. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) tashkilotlari va Qizil Xoch jamiyatlari Ligasi mojarolar qurbonlariga Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidalari va Qizil Xoch Xalqaro konferensiyalarida shakllantirilgan Qizil Xochning bosh prinsiplaridan kelib chiqqan holda tegishli yordam ko‘rsatishda barcha imkoniyatlardan kelib chiqib ko‘maklashadi.
4. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar Konvensiyalar va mazkur Protokolda qayd etilgan, nizolashayotgan tomonlar tegishli tartibda vakil etib tayinlagan, Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidalari asosida o‘z insonparvarlik faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa insonparvarlik tashkilotlariga 2 va 3-bandlarda qayd etilgani kabi vositalarni o‘z imkoniyati doirasida ajratadi.
82-modda — Qurolli kuchlarda yuridik maslahatchilar
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har doim va nizolashayotgan tomonlar qurolli mojarolar davrida yuridik maslahatchilar mavjud bo‘lishini ta’minlaydi; ular zarur hollarda Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishi va bu borada qurolli kuchlarni muayyan tartibda instruktajdan o‘tkazish bo‘yicha harbiy qo‘mondonlarga tegishli darajada maslahatlar berib boradi.
83-modda — Ommalashtirish
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tinchlik davrida va qurolli mojarolar paytida ham Konvensiyalar va mazkur Protokolni o‘z mamlakatlarida imkon qadar keng ommalashtirish, xususan, ularni o‘rganish uchun harbiy ta’lim dasturlariga kiritish, fuqaro aholi o‘rganishini rag‘batlantirish majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi, toki bu hujjatlardan qurolli kuchlar va fuqaro aholi atroflicha xabardor bo‘lsin.
2. Har qanday harbiy yoki fuqaro ma’murlari qurolli mojarolar davrida Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishi bilan bog‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olar ekan, ular bu hujjatlarning to‘liq matni bilan tanishib chiqishlari shart.
84-modda — Qo‘llash qoidalari
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar depozitariy vositasida, zarur hollarda Homiy Davlatlar orqali mazkur Protokolning o‘zlaridagi rasmiy tarjimalarini, shuningdek, uni qo‘llash uchun qabul qilinadigan qonunlar va qoidalarni bir-birlariga zudlik bilan jo‘natadi.
II BO‘LIM.
KONVENSIYALAR VA MAZKUR PROTOKOL QOIDABUZARLIKLARIGA BARHAM BERISH
KONVENSIYALAR VA MAZKUR PROTOKOL QOIDABUZARLIKLARIGA BARHAM BERISH
85-modda — Mazkur Protokol qoidabuzarliklariga barham berish
1. Konvensiyalarning mazkur Bo‘lim bilan to‘ldirilgan qoidabuzarliklar va jiddiy qoidabuzarliklarga barham berishga taalluqli qoidalari mazkur Protokol qoidabuzarliklari va jiddiy qoidabuzarliklariga barham berish uchun qo‘llanadi.
2. Konvensiyalarda jiddiy qoidabuzarlik sifatida ta’riflangan harakatlar agar dushman tomon hukmi ostida bo‘lgan va mazkur Protokolning 44, 45 va 73-moddalari himoyasidan foydalanadigan shaxslarga yoki dushman tomonga mansub bo‘lgan va mazkur Protokol himoyasidan foydalanadigan yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarga yoxud dushman tomon nazorati ostida bo‘lgan va mazkur Protokol himoyasidan foydalanadigan tibbiy va diniy xodimlar, sanitariya-transport vositalariga qarshi amalga oshirilgan bo‘lsa, u holda ular mazkur Protokolning jiddiy qoidabuzarliklari, deb hisoblanadi.
3. 11-moddada qayd etilgan jiddiy qoidabuzarliklarga qo‘shimcha sifatida mazkur Protokolning tegishli qoidalarini qasddan buzgan holda sodir etilgan va o‘limga yoki jiddiy tan jarohatiga va yoki salomatlikka ziyon yetkazishga sabab bo‘lgan quyidagi harakatlar mazkur Protokolning jiddiy qoidabuzarliklari, deb hisoblanadi:
a) fuqaro aholini yoki alohida fuqaro shaxslarni hujum obyektiga aylantirish;
b) bunday hujum 57-moddaning “2.a.III” bandida qayd etilganidek, fuqaro shaxslar orasida haddan ortiq ko‘p qurbonlar va yaradorlar paydo bo‘lishiga yoki fuqaro obyektlariga ziyon yetishiga olib kelishi ma’lum bo‘lgan holda, fuqaro aholiga va fuqaro obyektlariga daxl qiluvchi tanlanmagan mazmundagi hujumlarni amalga oshirish;
s) bunday hujum 57-moddaning “2.a.III” bandida qayd etilganidek, fuqaro shaxslar orasida haddan ortiq ko‘p qurbonlar va yaradorlar paydo bo‘lishiga yoki fuqaro obyektlariga ziyon yetishiga olib kelishi ma’lum bo‘lgan holda, xatarli kuchga ega bo‘lgan qurilma va inshootlarga qarata hujum qilish;
d) mudofaalanmaydigan joylar va qurolsizlantirilgan zonalarni hujum obyektiga aylantirish;
e) muayyan shaxsning harbiy harakatlarda ishtirok etishni to‘xtatganligi ma’lum bo‘lgan holda, unga qarshi hujum qilish;
f) qizil xoch, qizil yarim oy yoki qizil sher va quyosh kabi farqlovchi belgilardan yoxud Konvensiyalar va mazkur Protokolda e’tirof etilgan boshqa himoya belgilaridan 37-moddaga xilof ravishda munofiqlik bilan foydalanish.
4. Yuqoridagi bandlarda va Konvensiyalarda qayd etilgan jiddiy qoidabuzarliklarga qo‘shimcha sifatida mazkur Protokolning tegishli qoidalarini qasddan buzgan holda sodir etilgan quyidagi harakatlar mazkur Protokolning jiddiy qoidabuzarliklari, deb hisoblanadi:
a) istilochi davlat tomonidan o‘ziga mansub fuqaro aholining o‘zi bosib olgan hududga ko‘chirilishi yoki deportatsiya qilinishi yoxud istilo etilgan hudud aholisini to‘laligicha yoki qisman ushbu hudud ichidagi yoxud undan tashqaridagi hududlarga To‘rtinchi konvensiyaning 49-moddasiga xilof ravishda ko‘chirish;
b) harbiy asirlar yoki fuqaro shaxslarni vataniga qaytarishni asossiz holda to‘xtatib turish;
s) aparteyid amaliyotini va boshqa shu kabi g‘ayriinsoniy va haqoratomuz, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, irqiy kamsitishlarga asoslangan harakatlarni qo‘llash;
d) xalqlarning madaniy yoki ma’naviy merosi hisoblangan va muayyan shartnomalar, masalan, vakolatli tashkilotlar doirasida tuzilgan maxsus bitimlar yordamida himoyalangan va aniq-ravshan ko‘zga tashlanib turgan tarixiy yodgorliklarni, san’at asarlari yoki ibodat maskanlarini hujum obyektiga aylantirish, oqibatda dushman tomon 53-moddaning “b” bandini buzgani haqida tegishli ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan va ushbu tarixiy yodgorliklar, san’at asarlari yoki ibodat maskanlari harbiy obyektlarning bevosita yaqinida joylashmagan holda, ularni keng miqyosda vayron etish;
e) Konvensiyalarda yoki mazkur moddaning 2-bandida qayd etilgan himoyadan foydalanuvchi shaxslarni xolis va odatiy tartibda sudlanish huquqidan mahrum etish.
5. Konvensiyalar va mazkur Protokolning qo‘llanishiga ziyon yetkazmagan holda, ushbu hujjatlarni jiddiy ravishda buzish hollari harbiy jinoyat, deb qaraladi.
86-modda — Chora ko‘rmaslik
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar chora ko‘rish zarur bo‘lgan holda chora ko‘rilmaganligi oqibatida sodir etiladigan jiddiy qoidabuzarliklarga barham berishi va Konvensiyalar va mazkur Protokolni buzish hisoblanuvchi boshqa barcha qoidabuzarliklarga barham berish uchun tegishli choralar ko‘rishi shart.
2. Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidabuzarliklarining tobe shaxs tomonidan sodir etilganligi fakti uning boshliqlarini jinoiy yoki intizomiy javobgarlikdan ozod etmaydi; bunda ularning o‘sha paytdayoq ushbu o‘zlariga tobe shaxs bu qoidabuzarlikni sodir etayotgani yoki sodir etish maqsadida yurgani haqida tegishli xulosa chiqarish imkonini beruvchi muayyan axborotga ega bo‘lgan-bo‘lmaganligi, bunday qoidabuzarlikning oldini olish yoxud unga barham berish uchun o‘z vakolatlari doirasida tegishli barcha amaliy choralarni ko‘rgan-ko‘rmaganligi bilan bog‘liq holatlardan kelib chiqiladi.
87-modda — Komandirlarning majburiyatlari
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar o‘zlariga tobe qurolli kuchlar tarkibidagi va o‘z qo‘l ostlaridagi boshqa muayyan shaxslardan iborat harbiy komandirlardan Konvensiyalar va mazkur Protokol qoidabuzarliklariga yo‘l qo‘ymaslikni va zarur hollarda bunday qoidabuzarliklarga barham berishni va bular haqida vakolatli ma’muriyatlarni xabardor etishni talab qilishi shart.
2. Qoidabuzarliklarga barham berish va ularning oldini olish maqsadida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar komandirlardan ular muayyan vakolatlari doirasida o‘zlariga bo‘ysunuvchi qurolli kuchlar tarkibidagi shaxslarning Konvensiyalar va mazkur Protokolda o‘z zimmalariga yuklangan majburiyatlardan xabardor bo‘lishlari uchun tegishli choralar ko‘rishni talab qilishi zarur.
3. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va nizolashayotgan tomonlar o‘ziga tobe yoki bevosita nazorati ostida bo‘lgan shaxslarning Konvensiyalar yoxud mazkur Protokol qoidabuzarligini sodir etgani yoki sodir etishga ahd qilganidan xabardor bo‘lgan har bir komandirdan Konvensiyalar yoxud mazkur Protokol qoidabuzarligini sodir etganlarga nisbatan ogohlantiruvchi choralar ko‘rishni va zarur hollarda bunday qoidabuzarlikni sodir etganlarga qarshi intizomiy yoki jinoiy tergov ishlari boshlashni talab qilishi zarur.
88-modda — Jinoiy ta’qib masalalarida o‘zaro yordam berish
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Konvensiyalar va mazkur Protokolni jiddiy buzish xollarida qo‘zg‘atiladigan jinoiy ta’qib munosabati bilan bir-birlariga iloji boricha ko‘proq ko‘maklashadi.
2. Konvensiyalarda va mazkur Protokolning 85-moddasi 1-bandida belgilangan huquq va majburiyatlarga ziyon yetkazmagan holda va sharoit shuni taqozo etganda, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ushlab berish yuzasidan hamkorlik qiladi. Ular tegishli davlatning go‘yoki o‘z hududida xuddi shunday huquqbuzarlik sodir etilgani haqidagi iltimosini tegishli darajada inobatga oladi.
3. Har qanday holda ham ushlab berish haqida iltimos kelib tushgan Oliy Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi qo‘llanadi. Ayni chog‘da, yuqoridagi bandlarning qoidalari jinoiy ta’qib masalalari bo‘yicha o‘zaro yordam ko‘rsatish tartibini to‘liq yoki qisman belgilab bergan yoki belgilab beradigan har qanday ikki tomonlama yoxud ko‘p tomonlama bitimlar qoidalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga daxl qilmaydi.
89-modda — Hamkorlik
Konvensiyalar va mazkur Protokolni jiddiy buzish hollari yuz berganda, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar birgalikda yoki alohida tartibda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq ravishda tegishli choralarni ko‘rish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
90-modda — Faktlarni aniqlash bo‘yicha xalqaro komissiya
1. a) Faktlarni aniqlash bo‘yicha xalqaro komissiya (bundan keyin “Komissiya” deb ataladi) yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan va xolislikda e’tirof etilgan o‘n besh nafar a’zodan iborat tarkibda ta’sis etiladi.
b) Kamida yigirmata Oliy Ahdlashuvchi Tomon Komissiya vakolatini 2-bandga muvofiq tarzda qabul qilishga rozilik bildirganidan keyingina depozitariy chaqiriladi, kelgusida esa har besh yilda Komissiya a’zolarini saylash maqsadida ushbu Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari ishtirokida konferensiya chaqirib turiladi. Konferensiyada vakillar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bittadan nomzod kiritadigan ro‘yxat asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Komissiya a’zolarini saylaydilar.
s) Komissiya a’zolari shaxsiy sifatlarini namoyish etadi va o‘z faoliyatini navbatdagi konferensiyada yangi a’zolar saylab olinishiga qadar davom ettiradi.
d) Saylash paytida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Komissiyaga saylanuvchi har bir shaxs o‘zining alohida muhim sifatlariga ega bo‘lishiga va to‘liq tarkibdagi Komissiya barcha jug‘rofiy hududlardan tegishli vakillar bilan adolatli ravishda ta’minlanganligiga e’tibor qaratadi.
e) Ko‘zda tutilmagan vakansiya paydo bo‘lgan taqdirda, Komissiyaning o‘zi yuqoridagi bandlar qoidalarini tegishli tartibda hisobga olgan holda ushbu vakansiyani to‘ldiradi.
f) Depozitariy Komissiya o‘z faoliyatini bajarishi uchun unga ma’muriy tomondan zarur bo‘lgan tegishli yordamni ko‘rsatadi.
2. a) Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Protokolni imzolash, ratifikatsiya qilish yoki unga qo‘shilish davrida va yoxud kelgusida boshqa har qanday paytda xuddi shu kabi majburiyatlarni, mazkur moddada ko‘rsatilgan tartibda tegishli tomonning arizasini tekshirish borasidagi Komissiya vakolatini o‘z zimmasiga oluvchi har qanday Oliy Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan ipso fakto holatini maxsus bitimlarsiz ham e’tirof etishi haqida bayonot berishi mumkin.
b) Yuqoridagi bayonotlar depozitariyga topshiriladi va u o‘z navbatida mazkur bayonotlar nusxalarini Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga yuboradi.
s) Komissiya quyidagi vakolatlarga ega:
I) Konvensiyalar va mazkur Protokolda jiddiy qoidabuzarlik sifatida belgilanganligi ko‘zda tutilayotgan yoki Konvensiyalar va mazkur Protokolni jiddiy buzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa har qanday faktlarni tekshirish;
II) o‘zining g‘amxo‘rligi bilan Konvensiyalar va mazkur Protokolga hurmat ko‘rsatish munosabatlarini tiklash.
d) Boshqa holatlarda Komissiya nizolashayotgan tomonlarning iltimosiga muvofiq ayni chog‘da boshqa manfaatdor tomon yoki tomonlarning roziligi asosidagina tekshirishni tayinlaydi.
e) Ushbu bandning yuqoridagi qoidalarini hisobga olgan holda Birinchi, Ikkinchi, Uchinchi va To‘rtinchi Konvensiyalarning tegishli tartibda 52, 53, 132 va 149-moddasi qoidalari Konvensiyalarni buzish hisoblanuvchi har qanday ehtimol tutilayotgan hollarga nisbatan qo‘llanishda davom etadi va mazkur Protokolga taalluqli har qanday ehtimoldagi qoidabuzarlik uchun tegishli hisoblanadi.
3. a) Manfaatdor tomonlar o‘rtasida boshqa bitimga kelinmagan bo‘lsa, u holda barcha tekshirishlar quyidagi tartibda tayinlanadigan yetti a’zodan iborat Palata tomonidan amalga oshiriladi:
I) Komissiyaning nizolashayotgan tomonlardan birontasining ham fuqarosi hisoblanmagan besh nafar a’zosi nizolashayotgan tomonlar bilan o‘zaro maslahatlashuvdan so‘ng jug‘rofiy hududlardan vakillar adolatli tartibda mavjud bo‘lishi nuqtayi nazaridan kelib chiqib tayinlanadi;
II) nizolashayotgan tomonlardan birontasining ham fuqarosi hisoblanmagan ikki nafar maxsus a’zo har bir tomondan bittadan tayinlanadi.
b) Tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida iltimos kelib tushishi bilan Komissiya Raisi Palatani ta’sis etish uchun zarur bo‘lgan tegishli muddatni belgilaydi. Belgilangan muddat davomida qaysidir maxsus a’zo tayinlanmay qolgan taqdirda, Rais Palata tarkibini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan Komissiya a’zosi yoki a’zolarini zudlik bilan tayinlaydi.
4. a) Tekshirish o‘tkazish uchun 3-bandga muvofiq ta’sis etiladigan Palata nizolashayotgan tomonlardan o‘ziga yordam ko‘rsatishni va dalil-isbotlar keltirishni so‘raydi Palata, shuningdek, o‘zi zarur deb hisoblagan boshqa dalil-isbotlarni surishtirishi va joyning o‘zida tekshirishlar o‘tkazishi mumkin.
b) Barcha dalil-isbotlar to‘laligicha manfaatdor tomonlar e’tiboriga havola etiladi va tomonlar ushbu dalil-isbotlar yuzasidan Komissiyaga o‘z fikr-mulohazalarini taqdim etish huquqiga ega.
s) har bir manfaatdor tomon ushbu dalil-isbotlarni inkor etish huquqiga ega.
5. a) Komissiya Palata tomonidan aniqlangan faktlar to‘g‘risidagi ma’ruzani o‘zi zarur hisoblagan tavsiyalar bilan birgalikda manfaatdor tomonlarga taqdim etadi.
b) Palata obyektiv va xolis xulosalar tayyorlash uchun yetarli darajada dalil-isbotlarni olish imkoniga ega bo‘lmagan taqdirda, Komissiya buning sabablari haqida ma’lumot beradi.
s) Komissiya o‘z xulosalari to‘g‘risida ommaviy ma’lumot bermaydi; barcha nizolashayotgan tomonlarning Komissiyadan bu haqda so‘rashlarigina bundan mustasno.
6. Komissiya o‘zining protsedura tartib-qoidalarini, shu jumladan, Komissiyaga raislik qilish va Palataga raislik qilishga taalluqli qoidalarni o‘zi belgilaydi. Bu tartib qoidalar Komissiya Raisi o‘z faoliyatini har qanday paytda bajara olishini, tekshirish o‘tkazilayotgan davrda esa bu faoliyat nizolashayotgan tomonlardan birontasining ham fuqarosi hisoblanmagan shaxs tomonidan bajarilishini ta’minlaydi,
7. Komissiyaning ma’muriy sarf-xarajatlari 2-bandga muvofiq bayonot beradigan Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar badallari va ixtiyoriy badallar hisobidan qoplanadi. Tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida iltimos bilan murojaat qilgan nizolashayotgan tomon yoki tomonlar Palata xarajatlarini qoplash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni avans tariqasida ajratadi va ularga bu mablag‘ bunday iltimos bilan murojaat qilishga sababchi bo‘lgan tomon yoki tomonlar hisobidan Palata xarajatlariga doir mablag‘ning ellik foizi miqdorida olib beriladi. Palataga har ikki tomon birdek iltimos bilan murojaat qilgan taqdirda, har qaysi tomon kerakli mablag‘ning ellik foizi miqdorida avans ajratadi.
91-modda — Javobgarlik
Konvensiyalarni yoki mazkur Protokolni buzgan tegishli nizolashayotgan tomon bunga asos mavjud bo‘lgan hollarda yetkazilgan zararni qoplashi zarur. U o‘zining qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan sodir etiladigan barcha xatti-harakatlar uchun javobgar hisoblanadi.
VI QISM.
YAKUNLOVCHI QOIDALAR
YAKUNLOVCHI QOIDALAR
92-modda — Imzolash
Mazkur Protokol Yakuniy hujjat imzolanganidan so‘ng olti oy o‘tgach, Konvensiya ishtirokchilari imzolashlari uchun ochiq hisoblanadi va o‘n ikki oy davomida ochiq bo‘ladi.
93-modda — Ratifikatsiya
Mazkur Protokol iloji boricha tezroq ratifikatsiya qilinishi zarur. Ratifikatsiya yorliqlari saqlash uchun Shveysariya Federal Kengashiga, Konvensiya depozitariysiga topshiriladi.
94-modda — Qo‘shilish
Mazkur Protokol uni imzolamagan har qanday Konvensiya ishtirokchisi uchun ochiqdir. Qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlar saqlash uchun Konvensiya depozitariysiga topshiriladi.
95-modda — Kuchga kirishi
1. Mazkur Protokol ikkita ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat saqlash uchun topshirilganidan so‘ng olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
2. Mazkur Protokol keyinchalik uni ratifikatsiya qilgan yoki unga qo‘shilgan har qaysi Konvensiya ishtirokchisi uchun ana shu ishtirokchilar tomonidan ularga tegishli ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat saqlash uchun topshirilganidan so‘ng olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
96-modda — Mazkur Protokol kuchga kirganidan keyingi shartnomaviy munosabatlar
1. Agar Konvensiyalar ishtirokchilari mazkur Protokolning ham ishtirokchilari hisoblansa, u holda Konvensiyalar mazkur Protokolda ularga kiritilgan qo‘shimchalar bilan birgalikda qo‘llanadi.
2. Agar nizolashayotgan tomonlardan biri mazkur Protokolga daxldor bo‘lmasa, u holda o‘zaro munosabatlarda mazkur Protokol uning ishtirokchisi hisoblangan tomonlar uchun majburiyligini saqlab qoladi. Bundan tashqari, mazkur Protokolga daxldor bo‘lmagan, ammo uning qoidalarini tan oladigan va qo‘llaydigan har qaysi tomon bilan ularning o‘zaro munosabatlarida ham mazkur Protokol majburiydir.
3. Xalq vakolati asosida biron-bir Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi 1-moddaning 4-bandida qayd etilgan turdagi qurolli mojaroda kurashayotgan hokimiyat depozitariyga bir tomonlama ariza berish yo‘li bilan bunday mojaroga nisbatan Konvensiyalar va mazkur Protokolni qo‘llash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi mumkin. Bunday ariza depozitariyga kelib tushgach, tegishli mojaroga nisbatan quyidagi harakatlar amalda bo‘ladi:
a) nizolashayotgan tomonlar uchun bo‘lgani kabi ushbu hokimiyat uchun ham Konvensiyalar va mazkur Protokol zudlik bilan kuchga kiradi;
b) Konvensiyalar va mazkur Protokol yuzasidan Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar qanday huquqlarga ega bo‘lib, qaysi majburiyatlarni zimmasiga olgan bo‘lsa, ushbu hokimiyat ham xuddi shunday huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
s) Konvensiyalar va mazkur Protokol ushbu mojaroda ishtirok etayotgan barcha tomonlar uchun bir xil darajada majburiy hisoblanadi.
97-modda — Tuzatishlar kiritish
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri mazkur Protokolga o‘z tuzatishlarini tavsiya etishi mumkin. Har qanday tavsiya etilgan tuzatishning matni depozitariyga jo‘natiladi va u barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi bilan maslahatlashuvdan so‘ng tuzatish yoki tuzatishlar bo‘yicha tegishli tavsiya yuzasidan konferensiya chaqirish kerakmi-yo‘qligini hal etadi.
2. Depozitariy ushbu konferensiyaga barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarni, shuningdek, Konvensiyalar ishtirokchilarini, ular mazkur Protokolni imzolaganmi-yo‘qligidan qat’i nazar, taklif etadi.
98-modda — I Ilovani qayta ko‘rib chiqish
1. Mazkur Protokol kuchga kirgandan so‘ng uzog‘i bilan to‘rt yildan kechiktirmay, keyin esa kamida har to‘rt yilda Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar bilan mazkur Protokolning I Ilovasi yuzasidan maslahatlashib boradi va agar u zarur deb hisoblasa, I Ilovani qayta ko‘rib chiqish va unga kiritish lozim topilayotgan tuzatishlar bo‘yicha takliflarni o‘rganish uchun texnik ekspertlar kengashini chaqirishni taklif etishi mumkin. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga bunday kengash chaqirish haqidagi takliflar ma’lum qilinganidan so‘ng olti oy davomida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchdan bir qismidan bu haqda e’tirozlar tushmagan taqdirda, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi bu kengashni chaqiradi va unga, shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarni ham taklif etadi. Bunday kengash Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi tomonidan Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchdan birining iltimosi asosida har qanday vaqtda chaqirilishi mumkin.
2. Kengashdan so‘ng texnik ekspertlar kengashi tavsiya etgan tuzatishlarni ko‘rib chiqish maqsadida Depozitariy Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoki Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchdan birining iltimosi asosida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va Konvensiyalar ishtirokchilari bo‘lgan tomonlarning konferensiyasini chaqiradi.
3. Bunday konferensiyada hozir bo‘lgan va ovoz berishda qatnashayotgan Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi asosida I Ilovaga tuzatishlar qabul qilinishi mumkin.
4. Depozitariy Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va Konvensiyalar ishtirokchilari bo‘lgan tomonlarga shu tartibda qabul qilingan har qanday tuzatishlar to‘g‘risida xabar beradi. Tuzatish to‘g‘risida bunday xabar berilganidan so‘ng bir yil muddat o‘tgach, o‘tgan vaqt davomida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning kamida uchdan bir qismining nomidan depozitariyga tuzatish qabul qilinmaganligi haqida bayonot kelib tushmasa, u holda ushbu tuzatish qabul qilingan hisoblanadi.
5. 4-bandga muvofiq qabul qilingan deb hisoblangan tuzatish u qabul qilinganidan so‘ng uch oy muddat o‘tgach barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar uchun kuchga kiradi; ushbu bandga muvofiq tuzatishni qabul qilmaganlik haqida bayonot bergan tomonlar bundan mustasno. Bu haqda bayonot bergan har bir tomon istalgan paytda o‘z bayonotini qaytarib olishi mumkin va bunday hollarda mazkur tomon uchun tegishli tuzatish oradan uch oy muddat o‘tgach kuchga kiradi.
6. Depozitariy Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va Konvensiyalar ishtirokchilari bo‘lgan tomonlarga qabul qilingan har qanday tuzatishning kuchga kirishi, bu tuzatish taalluqli bo‘lmagan tomonlar, uning har bir tomon uchun kuchga kirish muddatlari, 4-bandga muvofiq tegishli tuzatishni qabul qilmaganlik haqida berilgan bayonotlar va bunday bayonotlarning qaytarib olingani to‘g‘risida xabar beradi.
99-modda — Denonsatsiya
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomon mazkur Protokolni denonsatsiya qilgan taqdirda, bu haqdagi hujjat kelib tushganidan so‘ng bir yil muddat o‘tgachgina denonsatsiya kuchga kiradi. Ammo bir yillik muddat tugagan paytda denonsatsiya haqida bayonot bergan tomon 1-moddada qayd etilgan vaziyatlardan biriga tushib qolgan bo‘lsa, denonsatsiya qurolli mojaro yoki istilo tugamaguncha, har holda Konvensiyalar va mazkur Protokol himoyasidan foydalanuvchi shaxslarni to‘la ozod etish, vataniga qaytarish yoxud joylashtirish bilan bog‘liq amaliyotlar nihoyasiga yetmaguniga qadar kuchga kirmaydi.
2. Denonsatsiya to‘g‘risidagi bildirish yozma tarzda depozitariyga jo‘natiladi va depozitariy uni barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga yuboradi.
3. Denonsatsiya faqat denonsatsiya haqida bayonot bergan tomonga nisbatangina kuchga ega bo‘ladi.
4. Hech qanday denonsatsiya 1-bandga muvofiq denonsatsiya haqida bayonot bergan tomon bunday denonsatsiya kuchga kirishiga qadar sodir etgan har qanday harakatlariga nisbatan oldinroq qurolli mojaro munosabati bilan mazkur Protokolga binoan zimmasiga olgan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
100-modda — Bildirish
Depozitariy barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga, shuningdek, Konvensiyalar ishtirokchilariga, ular mazkur Protokolni imzolaganmi-yo‘qligidan qat’i nazar, quyidagilarni bildiradi:
a) mazkur Protokolga qo‘yilgan imzolar, shuningdek, 93 va 94-moddalarga muvofiq ratifikatsiya yorliqlari va qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlarning saqlashga topshirilishi haqida;
b) 95-moddaga muvofiq mazkur Protokol kuchga kiradigan sana haqida;
d) 96-moddaning 3-bandiga muvofiq kelib tushgan eng tezkor usulda xabar qilinadigan bayonotlar to‘g‘risida;
e) 99-moddaga muvofiq denonsatsiyalar haqida.
101-modda — Ro‘yxatga olish
1. Mazkur Protokol kuchga kirganidan so‘ng depozitariy uni ro‘yxatga olish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 102-moddasiga muvofiq e’lon qilish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyatiga yuboradi.
2. Depozitariy, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyatini mazkur Protokol bo‘yicha o‘ziga kelib tushgan barcha ratifikatsiya yorliqlari va qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlar haqida xabardor etib boradi.
102-modda — Matnlarning autentligi
Mazkur Protokolning asliyati bo‘lgan ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tilidagi o‘zaro teng darajada asl nusxaga muvofiq matnlar saqlash uchun depozitariyga topshiriladi va depozitariy asliyatning tasdiqlangan nusxalarini Konvensiyalarning barcha ishtirokchilariga yuboradi.
I Ilova
TANIB OLISHGA DOIR NIZOM
(1993-yil 30-noyabrdagi tuzatishlar bilan birga)
1-modda. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ilovadagi tanib olishga doir Nizom Jeneva konvensiyalari va Protokolidagi tegishli qoidalarning ijrosini ta’minlash yo‘lida tuzilgan; mazkur Nizomning maqsadi Jeneva konvensiyalari va Protokoli himoyasida bo‘lgan xodimlar, mol-mulk. tuzilmalar, transport vositalari va qurilmalarini tanib olishga ko‘maklashishdan iborat.
2. Ushbu Nizom o‘z holicha himoyalash huquqi bilan ta’min eta olmaydi. Bu huquq Konvensiyalar va Protokolning tegishli moddalariga muvofiq tartibga solinadi.
3. Vakolatli ma’muriy organlar, Jeneva konvensiyalari va Protokolining tegishli qoidalariga amal qilish sharti bilan, farqlovchi emblemalar va belgilarni joylashtirish va yoritish hamda ularni tanib olish imkoniyatlariga taalluqli qoidalarni har qanday paytda joriy etishlari mumkin.
4. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga, xususan, nizolashayotgan tomonlarga tanib olishni osonlashtirishi mumkin bo‘lgan va bu boradagi ilg‘or texnika yutuqlaridan to‘la foydalanish imkonini beradigan qo‘shimcha va boshqa xildagi belgilar, vositalar va sistemalar to‘g‘risida har qanday paytda o‘zaro kelishib olish taklif etiladi.
I BOB.
SHAXSIY GUVOHNOMA
SHAXSIY GUVOHNOMA
1-modda. Doimiy fuqaro tibbiy va diniy xodimlari uchun shaxsiy guvohnoma
1. Protokolning 18-moddasi 3-bandida qayd etilgan doimiy fuqarolik tibbiy va ruhoniy xodimlari uchun shaxsiy guvohnoma:
a) farqlovchi emblemaga va cho‘ntakka sig‘adigan o‘lchamga ega bo‘lishi;
b) imkon qadar chidamli bo‘lishi;
s) milliy yoki rasmiy tilda va bundan tashqari, zarur hollarda, muayyan mahalliy joy tilida tayyorlanishi;
d) unda guvohnoma egasining ism-familiyasi, tug‘ilgan sanasi (yoki bu sana aniq bo‘lmagan taqdirda, guvohnoma berilgan paytdagi yoshi) va agar shaxsiy raqami mavjud bo‘lsa, ushbu raqam qayd etilishi;
e) guvohnoma egasi Konvensiyalar va Protokol bilan beriladigan himoya bo‘yicha qanday huquqlarga ega ekanligi ko‘rsatilishi;
f) guvohnoma egasining surati, shuningdek, imzosi yoki bosh barmog‘ining izi yoki har ikkisi aks etgan bo‘lishi;
g) vakolatli hokimiyat organining muhri va imzosi mavjud bo‘lishi;
h) shaxsiy guvohnomaning berilgan sanasi va amal qilish muddati tugaydigan sana ko‘rsatilishi;
i) imkoni bor joyda, guvohnomaning orqa tomonida uning egasining qon guruhi ko‘rsatilishi kerak.
2. Shaxsiy guvohnoma har bir Oliy Ahdlashuvchi Tomonning butun hududida bir xil bo‘lishi va iloji boricha nizolashayotgan barcha tomonlar uchun bir xil ko‘rinishda bo‘lishi lozim. Nizolashayotgan tomonlar bir tilda tuzilgan va 1-rasmda tasvirlangan namunaga amal qilishlari mumkin. Agar bu shakl 1-rasmda tasvirlangan namunadan farq qilsa, harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng tomonlar bir-birlariga o‘zlari foydalanadigan shakl namunasini yuboradi. Shaxsiy guvohnoma imkon qadar ikki nusxada tuziladi, ulardan biri guvohnoma bergan hokimiyat organlarida saqlanadi, ular o‘zlari bergan guvohnomalar ustidan nazorat olib borishlari shart.
3. Doimiy fuqarolik tibbiy va ruhoniy xodimlari hech qanday holatda shaxsiy guvohnomalaridan mahrum etilmasligi kerak. Shaxsiy guvohnoma yo‘qolgan taqdirda uning egasi dublikat olish huquqiga ega bo‘ladi.
2-modda. Vaqtincha fuqaro tibbiy va diniy xodimlari uchun shaxsiy guvohnoma
1. Vaqtincha fuqaro tibbiy va ruhoniy xodimlari uchun shaxsiy guvohnoma imkon qadar mazkur Nizomning 2-moddasida nazarda tutilgan guvohnomaga o‘xshash bo‘lishi zarur. Nizolashayotgan tomonlar 1-rasmda tasvirlangan guvohnoma namunasiga asoslanishlari mumkin.
2. Vaqtincha fuqaro tibbiy va ruhoniy xodimlariga tavsifi mazkur Nizomning 2-moddasida qayd etilgan guvohnomaga o‘xshash shaxsiy guvohnoma berish vaziyatga to‘g‘ri kelmaydigan hollarda, bunday xodimlarga vakolatli ma’muriy organ tomonidan imzolangan va ushbu hujjat berilgan shaxsga vaqtincha xodimlar tarkibida muayyan vazifani bajarish yuklatilganini tasdiqlovchi va bu vazifaga tayinlanish sanasi hamda iloji bo‘lsa xodimning farqlovchi emblema taqish huquqiga ega ekani ham ko‘rsatilgan ma’lumotnoma berilishi mumkin. Unda ma’lumotnoma egasining ism-familiyasi, tug‘ilgan sanasi (yoki bu sana aniq bo‘lmagan taqdirda, ma’lumotnoma berilgan paytdagi yoshi), bajaradigan vazifasi va agar shaxsiy raqami mavjud bo‘lsa, ushbu raqam qayd etilishi kerak. Ma’lumotnomada uning egasi imzosi va bosh barmog‘i izi yoxud ikkisidan biri bo‘lishi zarur.

1-rasm. Shaxsiy guvohnoma namunasi (o‘lchami 74x105 mm)

II BOB.
FARQLOVCHI EMBLEMA
FARQLOVCHI EMBLEMA
3-modda — Emblema shakli
Farqlovchi (oq asosdagi qizil) emblema tegishli sharoit taqozo etadigan darajada katta o‘lchamda bo‘lishi kerak. Xoch, yarim oy yoki sher va quyosh shakllarini ifodalashda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar 2-rasmda tasvirlangan namunalarga asoslanishi mumkin (1980-yildan buyon bironta davlat qizil sher va quyosh emblemasidan foydalanmayapti).

2-rasm. Farqlovchi (oq asosdagi qizil) emblema
4-modda — Emblemadan foydalanish
1. Farqlovchi emblema imkon qadar tekis yuzaga, jumladan, bayroqqa yoki boshqa biron-bir taxlitda tegishli joyga shunday tasvirlanishi kerakki, u barcha tomondan, uzoq masofalardan, xususan, osmondan yaqqol ko‘rinib tursin.
2. Qorong‘i paytlarda yoki ko‘rish imkoniyati cheklangan hollarda farqlovchi emblema yoritib qo‘yilishi yoxud yaltirab turadigan bo‘lishi mumkin.
3. Farqlovchi emblema aniqlashning texnik vositalari ko‘magida tanib olish imkonini beradigan materiallardan tayyorlanishi ham mumkin. Emblemani tanib olishni. ayniqsa, uni qorong‘i paytlarda infraqizil asboblar ko‘magida ko‘rishni osonlashtirish maqsadida emblemaning tegishli qismidagi qizil rangni qora tusdagi sathga chizish kerak.
4. Jang maydonida o‘z vazifasini o‘tayotgan tibbiy va diniy xodimlar imkon qadar farqlovchi emblemali bosh kiyim va liboslarda bo‘lishi zarur.
III BOB.
FARQLOVCHI SIGNALLAR
FARQLOVCHI SIGNALLAR
5-modda — Signallardan foydalanish
1. Ushbu bobda sanab o‘tilgan barcha farqlovchi signallar tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari tomonidan ishlatilishi mumkin.
2. Bu signallar, yorug‘lik signalini (quyida 3-bandga qarang) istisno etganda, faqat tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalaridagina foydalanish uchun mo‘ljallangan va ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
3. Nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida yer usti sanitariya-transport vositalari, sanitar kemalar va suzish vositalarini tanib olish uchun moviy nurli shula yorug‘idan foydalanish huquqini mustahkamlab qo‘yish uchun tuziladigan maxsus bitimlar mavjud bo‘lmagan hollarda boshqa yer usti sanitariya-transport vositalari, sanitar kemalar va suzish vositalarining bunday signaldan foydalanishi taqiqlamaydi.
4. Vaqt yetishmasligi yoki texnik holati tufayli farqlovchi emblema bilan belgilanmagan vaqtincha sanitar uchish apparatlari mazkur bobda ruxsat etilgan farqlovchi signallardan foydalanadi.
6-modda — Yorug‘lik signali
1. Moviy nurli shula yorug‘i ko‘rinishidagi chaqnoq yorug‘lik signali, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining doc.9051 raqamli Uchishga yaroqlilik bo‘yicha texnik qo‘llanmasida belgilanganidek, sanitar uchish apparatlariga ularni tanib olish uchun o‘rnatiladi. Boshqa biron-bir uchish apparati bu signaldan foydalanishi mumkin emas. Moviy nurli chaqnoq yorug‘likdan foydalanadigan sanitar uchish apparatida nur manbai shunday o‘rnatilishi kerakki, to yorug‘lik signali imkon qadar ko‘proq tomondan ko‘rinib tursin.
2. Xalqaro dengiz ishlari tashkiloti Xalqaro signallar kodining XIV bob 4-bandi qoidalariga muvofiq 1949-yilgi Jeneva konvensiyalari va Protokoli himoyasida bo‘lgan kemalarda hamma tomondan ko‘rinib turadigan bitta yoki bir nechta moviy nurli yaltiroq shula manbalari mavjud bo‘lishi kerak.
3. Yer usti sanitariya-transport vositalarida imkon qadar uzoq masofadan ko‘rinib turadigan bitta yoki bir nechta moviy nurli chaqnoq yorug‘lik manbalari mavjud bo‘lishi kerak. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, xususan, nizolashayotgan tomonlar boshqa rangdagi shuladan foydalanayotgan hollarda, bu haqda bir-birlarini xabardor etishlari shart.
4. Tavsiya etilayotgan moviy yorug‘lik Xalqaro yoritish komissiyasining ranglar diagrammasi doirasidagi ranginlik darajasida hosil qilinadi va quyidagi o‘lchovlarga muvofiq ravishda belgilanadi:
yashil rang chegarasi y=0,065+0,805 x;
oq rang chegarasi y=0,400 — x;
to‘q qizil rang chegarasi x=0,133+0,600 y.
Tavsiya etilayotgan moviy nurli yorug‘likning chaqnash chastotasi minutiga 60 — 100 tadan iborat bo‘ladi.
7-modda — Radiosignal
1. Radiosignal, Xalqaro elektr aloqalari ittifoqining Radioaloqa reglamentida (PP, 40 va N40-moddalarda) tasvirlanganidek, shoshilinch signal va farqlovchi signaldan iborat bo‘lishi shart.
2. 1-bandda qayd etilgan shoshilinch va farqlovchi signaldan iborat radioxabar ingliz tilida tegishli interval va chastotada yoki Radioaloqa reglamentida shu maqsadda belgilangan chastotalarda uzatiladi hamda sanitariya-transport vositalariga nisbatan quyidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan bo‘ladi:
a) chorlash signali yoki e’tirof etilgan boshqa tanib olish vositasi;
b) joylashgan manzili;
s) yer usti transport vositalarining soni va turi;
d) taxminiy yo‘nalishi;
e) yo‘lda sarflanadigan vaqt va sharoit taqozosiga bog‘liq holda jo‘nab ketish va yetib kelish vaqti;
f) radiochastota kuzatuvi ostida bo‘lgan parvoz balandligi, shuningdek, ikkilamchi radiolokatsion tanib olish sistemasining shartli tili, ish rejimi va kodi kabi boshqa har qanday axborot.
3. 1 va 2-bandlarda qayd etilgan xabarlarni, shuningdek, Protokolning 22-23 va 25 — 31-moddalarida qayd etilgan xabarlarni uzatishni osonlashtirish maqsadida, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, nizolashayotgan tomonlar yoxud nizolashayotgan tomonlardan biri o‘zaro kelishgan holda yoxud alohida harakat qilgan holda, Elektr aloqasi bo‘yicha xalqaro konvensiyaga ilova qilingan Radioaloqa reglamentining Chastotalarni taqsimlash jadvaliga muvofiq bunday xabarlarni uzatishda o‘zlari foydalanadigan milliy chastotalarni aniqlab olishi va chop etishi mumkin. Radio bo‘yicha butunjahon ma’muriy konferensiyasi tasdiqlagan protsedura bo‘yicha bu chastotalar haqida Xalqaro elektr aloqalari ittifoqiga ma’lum qilinadi.
8-modda — Elektron tanib olish
1. 1944-yil 7-dekabrda qabul qilingan va vaqti-vaqti bilan o‘zgartirishlar kiritilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasining 10-Ilovasida tavsifi berilgan Ikkilamchi radiolokatsion tanib olish sistemasi (SSR) sanitar uchish apparatlarini tanib olish va ularning yo‘nalishini kuzatib borish maqsadida qo‘llanilishi mumkin. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, nizolashayotgan tomonlar yoxud nizolashayotgan tomonlardan biri o‘zaro kelishgan holda yoxud alohida harakat qilgan holda, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tavsiya etgan protseduraga muvofiq sanitar uchish apparatlaridagina foydalanish mo‘ljallangan SSR ish rejimi va kodini belgilaydi.
2. Himoyaga olingan sanitariya-transport vositalari o‘zini tanitish va joylashgan manzilini ko‘rsatish uchun odatdagi aviatsiya radiolokatsion otvetchiklari va (yoki) dengiz qidiruv va qutqaruv radiolokatsion otvetchiklaridan foydalanishi mumkin.
Himoyaga olingan sanitariya-transport vositalari ikkilamchi tanib olish radiolokatsion stansiyasi bilan jihozlangan boshqa kemalar yoki uchish apparatlari tomonidan sanitariya-transport vositalaridagi radiolokatsion (masalan, 3/A rejimdagi) otvetchiklar uzatgan kod yordamida tanib olinishi zarur.
Sanitariya-transport vositasi uzatadigan kod mazkur transport vositasiga vakolatli ma’muriy organlar tomonidan birkitib qo‘yiladi va bu haqda barcha nizolashayotgan tomonlarga ma’lum qilinadi.
3. Sanitariya-transport vositalari suvosti kemalari tomonidan sanitariya-transport vositasi uzatadigan tegishli suvosti akustik signallari yordamida tanib olinishi zarur.
Suvosti akustik signali kemaning “VVV” yakka guruhida xabardor etiladigan, tegishli akustik chastotada, masalan 5 kGs chastotasida, Morze alifbosida uzatiladigan chorlash signalidan (yoki boshqa har qanday e’tirof etilgan sanitariya-transport vositasini tanitish vositasidan) iborat bo‘lishi kerak.
Yuqorida tavsiflangan suvosti akustik signalidan foydalanish istagida bo‘lgan nizolashayotgan tomonlar ana shu signallar to‘g‘risida barcha manfaatdor tomonlarga imkon qadar tezroq xabar beradi va o‘ziga qarashli gospital kemalardan foydalanish haqida ma’lumot yetkazishda qo‘llaydigan chastotasini tasdiqlaydi.
4. Nizolashayotgan tomonlar yer usti sanitariya-transport vositalari, shuningdek, sanitar kemalar va suzish vositalarini tanib olishda foydalanish uchun maxsus bitimga muvofiq o‘z o‘rtalarida bunday elektron sistemani o‘rnatishlari mumkin.

3-rasm. Fuqaro mudofaasi xodimlari uchun shaxsiy guvohnoma namunasi (o‘lchami 74x105 mm)

IV BOB.
ALOQA
ALOQA
9-modda — Radioaloqa
1. 8-moddada ko‘zda tutilgan shoshilinch signal va farqlovchi signal tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari Protokolning 22-23 va 25 — 31-moddalarida ifodalangan protseduralarni qo‘llashi jarayonida nazarda tutilgan tegishli radioxabarlardan oldinroq uzatilishi mumkin.
2. Xalqaro elektr aloqalari ittifoqi (XEAI) Radioaloqa reglamentining 40 (II bo‘lim, 3209-son) va N40-(III bo‘lim, 3214-son) moddalarida qayd etilgan sanitariya-transport vositalari, shuningdek, XEAI Radioaloqa reglamentining harakatdagi yer sun’iy yo‘ldoshi xizmatlari to‘g‘risidagi 37, N37 va 59-moddalari qoidalariga muvofiq yer sun’iy yo‘ldoshi aloqasi tizimi orqali ham radioxabarlar uzatishi mumkin.
10-modda — Xalqaro kodlardan foydalanish
Tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari, shuningdek, Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti hamda Xalqaro dengiz ishlari tashkiloti tomonidan belgilangan kodlar va signallardan foydalanishi mumkin.
11-modda — Boshqa aloqa vositalari
Ikki tomonlama radioaloqa o‘rnatish mumkin bo‘lmagan hollarda, Xalqaro dengiz ishlari tashkiloti tomonidan tasdiqlangan, Xalqaro signallar kodida nazarda tutilgan yoki 1944-yil 7-dekabrda qabul qilingan va vaqti-vaqti bilan o‘zgartirishlar, kiritilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasining tegishli Ilovasida qayd etilgan signallardan foydalanilishi mumkin.
12-modda — Parvoz rejalari
Protokolning 29-moddasida nazarda tutilgan parvoz rejalariga oid bitim va bildirishlar imkon qadar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan joriy etilgan protseduralarga muvofiq belgilanishi kerak.
13-modda — Sanitar uchish apparatini tutish uchun signallar va protseduralar
Agar tutuvchi uchish apparatidan parvozdagi sanitar uchish apparatini tanib olish yoki uni Protokolning 30-31-moddalariga muvofiq yerga qo‘nishga majbur etish maqsadida foydalanilayotgan bo‘lsa, u holda 1944-yil 7-dekabrda qabul qilingan va vaqti-vaqti bilan o‘zgartirishlar kiritilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasining 2-ilovasida nazarda tutilgan odatdagi vizual tutish va radio to‘lqinlari orqali tutish protseduralari tutuvchi va sanitar uchish apparatlari tomonidan qo‘llanilishi shart.
V BOB.
FUQARO MUDOFAASI
FUQARO MUDOFAASI
14-modda — Shaxsiy guvohnoma
1. Protokolning 66-moddasi, 3-bandida nazarda tutilgan fuqaro mudofaasi xodimlari shaxsiy guvohnomalari mazkur Nizomning 2-moddasiga muvofiq tartibga solinadi.
2. Fuqaro mudofaasi xodimlarining shaxsiy guvohnomalari 3-rasmda tasvirlangan namunaga muvofiq holda bo‘lishi kerak.
3. Agar fuqaro mudofaasi xodimlariga yengil shaxsiy qurol olib yurish uchun ruxsat etilgan bo‘lsa, shaxsiy guvohnomada bu haqda tegishli yozuv qayd etilishi shart.
15-modda — Xalqaro farqlovchi belgi
1. Protokolning 66-moddasi, 4-bandida nazarda tutilgan fuqaro mudofaasining xalqaro farqlovchi belgisi 4-rasmda tasvirlangan to‘q sariq taglikdagi teng tomonli zangori uchburchak ko‘rinishidan iboratdir.

4-rasm. To‘q sariq taglikdagi zangori uchburchak
2. Tavsiya etiladiki:
a) agar uchburchak bayroq, bog‘ich yoki yopqichga tasvirlangan bo‘lsa, u holda shu bayroq, bog‘ich yoxud yopqich to‘q sariq rangli taglik vazifasini o‘tasin;
b) uchburchak burchaklaridan biri yuqoriga tik holda qaratilgan bo‘lsin;
s) uchburchakning biron-bir burchagi taglik chetiga tegmasin.
3. Xalqaro farqlovchi belgi tegishli shart-sharoit taqozo etgan darajada katta o‘lchamda bo‘lishi kerak. Iloji bo‘lgan hollarda bu belgi imkon qadar barcha tomondan va imkon qadar uzoq masofadan ko‘rinadigan tarzda tekis yuzaga yoxud bayroqqa chiziladi. Vakolatli ma’murlar yo‘l-yo‘rig‘iga muvofiq fuqaro mudofaasi xodimlari, iloji bo‘lgan hollarda, xalqaro farqlovchi belgili bosh kiyim va liboslarda yurishi zarur. Qorong‘i paytlarda yoki ko‘rish imkoniyati cheklangan hollarda farqlovchi belgi yoritib qo‘yilishi yoxud yaltirab turadigan bo‘lishi mumkin; u aniqlashning texnik vositalari ko‘magida tanib olish imkonini beradigan materiallardan tayyorlanishi ham mumkin.
VI BOB
XATARLI KUCHGA EGA QURILMA VA INSHOOTLAR
XATARLI KUCHGA EGA QURILMA VA INSHOOTLAR
16-modda — Xalqaro maxsus belgi
1. Xatarli kuchga ega qurilma va inshootlar uchun xalqaro maxsus belgi, Protokolning 56-moddasi, 7-bandida nazarda tutilganidek, bir chiziqda joylashgan uchta och-sariq doiralar guruhidan iborat bo‘lib, har bir doira oralig‘idagi masofa 5-rasmda tasvirlangan namunaga muvofiq holda bo‘lishi kerak.
2. Belgi tegishli shart-sharoit taqozo etgan darajada katta o‘lchamda bo‘lishi kerak. Keng yuzaga chizish paytida belgi tegishli shart-sharoit taqozo etgan darajada bir necha bor takrorlanishi mumkin. Iloji bo‘lgan hollarda bu belgini tekis yuzaga yoxud bayroqqa shunday chizish kerakki, to u imkon qadar barcha tomondan va uzoq masofadan ko‘rinib tursin.
3. Bayroqda belgining tashqi chegaralari va bayroqning yondosh tomonlari o‘rtasidagi masofa bir doira radiusiga teng bo‘ladi. Bayroq to‘g‘ri burchakli shaklda va uning sathi oq rangda bo‘lishi kerak.
4. Qorong‘i paytlarda yoki ko‘rish imkoniyati cheklangan hollarda belgi yoritib qo‘yilishi yoxud yaltirab turadigan bo‘lishi mumkin; u aniqlashning texnik vositalari ko‘magida tanib olish imkonini beradigan materiallardan tayyorlanishi ham mumkin.

5-rasm. Xatarli kuchga ega qurilma va inshootlar uchun xalqaro maxsus belgi
II Ilova
XATARLI XIZMAT SAFARIDAGI JURNALISTNING GUVOHNOMASI
