Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IBN SINO XALQARO JAMGʻARMASINI TASHKIL ETISH VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 1999-yil 6-yanvardagi PF-2171-son Farmonini bajarish hamda Ibn Sinoning tibbiy taʼlimotini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, maʼrifiy ishlarni amalga oshirish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga koʻmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
Jamgʻarma xodimlarining cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 10 kishidan iborat etib tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasi Ustavini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
2. Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasining Vasiylik kengashi tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Belgilab qoʻyilsinki:
amaldagi qonunchilikka muvofiq Vasiylik kengashi jamgʻarmaning, uning ijro etuvchi organlari va mansabdor shaxslarining butun faoliyatini nazorat qilishni amalga oshiruvchi yuqori boshqaruv organi hisoblanadi;
jamgʻarma boshqaruvi raisi oʻz funksiyalarini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Fanlar akademiyasi Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasiga xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam aloqa oʻrnatishda va samarali hamkorlik qilishda har tomonlama koʻmaklashsinlar.
4. Oʻzbekiston Qizil Yarim oy Jamiyati Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasi bilan birgalikda kam taʼminlangan fuqarolar uchun birgalikdagi xayriya tibbiy faoliyatni olib borish boʻyicha aniq tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin.
5. Toshkent shahar hokimligi Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasini joylashtirish uchun bir oy muddatda alohida joy ajratsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Jamgʻarma boʻlimlarini tashkil etish uchun joylar ajratsinlar.
6. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasi boshqaruvini shahar va hukumat telefon aloqasi bilan taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasi faoliyatini muntazam yoritib borsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 25-yanvar,
36-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
25-yanvardagi 36-son qaroriga
1-ILOVA
Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasining
TUZILMASI
Jami: Markaziy apparat — 10 kishi
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
25-yanvardagi 36-son qaroriga
2-ILOVA
Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari
TUZILMASI
Jami: 4 kishi.