Hujjat 19.09.2000 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIK TOʻGʻRISIDA
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi radiatsiyaviy xavfsizlikni, fuqarolar hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki, shuningdek atrof muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning zararli taʼsiridan muhofaza qilishni taʼminlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ionlashtiruvchi nurlanish — radioaktiv parchalanishda, yadroviy evrilishlarda, moddadagi zaryadlangan zarralar harakatining sekinlashuvida hosil boʻladigan hamda muhit bilan oʻzaro taʼsir etish chogʻida har xil qutbli ionlarni hosil qiladigan nurlanish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbai — oʻzidan ionlashtiruvchi nurlanish chiqaruvchi yoki chiqarishga qodir boʻlgan qurilma va (yoki) radioaktiv modda;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar — ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib oluvchi, ishlab chiqaruvchi, hosil qiluvchi, qayta ishlovchi, ulardan foydalanuvchi, ularni saqlovchi, ularga xizmat koʻrsatuvchi, ularni tashuvchi, zararsizlantiruvchi va koʻmib tashlovchi yuridik va jismoniy shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
kuzatuv zonasi — radiatsiyaviy monitoring oʻtkaziladigan sanitariya-muhofaza zonasidan tashqaridagi hudud;
radiatsiyaviy avariya — uskuna nosozligi, xodimlar (personal)ning xatti-harakatlari (harakatsizligi), tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar tufayli kelib chiqqan, fuqarolarning belgilangan normalardan koʻproq nurlanish olishiga yoki atrof muhitning radioaktiv ifloslanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoxud olib kelgan ionlashtiruvchi nurlanish manbai ustidan boshqaruvning izdan chiqishi;
radiatsiyaviy xavfsizlik — fuqarolar va atrof muhitning ionlashtiruvchi nurlanishning zararli taʼsiridan muhofazalanganlik holati;
Keyingi tahrirga qarang.
sanitariya-muhofaza zonasi — ionlashtiruvchi nurlanish manbai atrofidagi hudud boʻlib, u yerda fuqarolarning nurlanish olish darajasi mazkur manbadan normal foydalanish sharoitida aholi uchun nurlanish dozasining belgilangan asosiy chegarasidan oshishi mumkin;
tabiiy radiatsiyaviy fon — kosmik nurlanish orqali hamda yerda, suvda, havoda, biosferaning boshqa elementlarida, oziq-ovqat mahsulotlarida va inson organizmida tabiiy ravishda taqsimlangan tabiiy radionuklidlarning nurlanishi orqali hosil boʻladigan nurlanish dozasi;
texnogen ravishda oʻzgartirilgan radiatsiyaviy fon — inson faoliyati natijasida oʻzgargan tabiiy radiatsiyaviy fon;
xodimlar (personal) — bevosita ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan doimiy yoki vaqtincha ishlaydigan yoxud ish sharoitlariga koʻra bunday manbalar taʼsir zonasidagi jismoniy shaxslar;
yadroviy xavfsizlik — yadroviy materialdan xavfsiz foydalanishni taʼminlovchi chora-tadbirlar majmui.
3-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashning asosiy prinsiplari
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
normalashtirish prinsipi — ionlashtiruvchi nurlanish barcha manbalaridan fuqarolarning nurlanish olishi individual dozasini yoʻl qoʻyiladigan, ular sogʻligʻiga xavfsiz boʻlgan darajadan oshirmaslik;
asoslash prinsipi — inson va jamiyat uchun keltiradigan foydasi agar (tabiiy radiatsiyaviy fonga qoʻshimcha ravishda) yetkazishi ehtimol tutilayotgan xavfdan ortiq boʻlmasa, ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanishga oid faoliyatning barcha turlarini taqiqlash;
minimallashtirish prinsipi — ionlashtiruvchi nurlanishning har qanday manbaidan foydalanilganda nurlanish olishning individual dozalarini fuqarolar sogʻligʻiga xavfsiz boʻlgan chegarada va nurlanish olayotgan shaxslar sonini mumkin qadar oz darajada boʻlishini saqlab turish.
5-modda. Fuqarolarning radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi huquq va majburiyatlari
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan nurlanish oqibatida ularning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yetkazilgan zarar qonun hujjatlariga muvofiq qoplanishi;
Keyingi tahrirga qarang.
atrof muhitning, foydalanishdagi va isteʼmoldagi predmetlarning radiatsiyaviy holati, radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek oʻzlari olgan nurlanish dozasi toʻgʻrisida toʻliq va xolis axborot olish;
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokamasida ishtirok etish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 26-son “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori.
Fuqarolar quyidagilarga majburdirlar:
radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishga;
Keyingi tahrirga qarang.
mahalliy davlat hokimiyati organlarining, radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida tartibga solishni amalga oshirayotgan davlat organlarining talablarini bajarishga.
Qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolar boshqa huquqlarga ega boʻlishi hamda ular zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Ayrim toifadagi fuqarolarning ijtimoiy himoyasi
Nurlanish olish dozalarining belgilangan asosiy chegaralaridan oshib ketish ehtimoli boʻlgan hududlarda yashovchi fuqarolar ijtimoiy himoyalanish huquqiga ega. Ijtimoiy himoyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 246-moddasiga muvofiq, tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay boʻlgan joylarda mehnat haqiga rayon koeffitsiyentlari va ustamalar belgilanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga koʻra, ishlovchilarning ish haqiga mintaqaviy koeffitsiyent belgilangan hududlarda yashovchi shaxslar va oilalarga pensiya tayinlashda mintaqaviy koeffitsiyent eʼtiborga olingan holda hisoblab chiqilgan amaldagi ish haqi hisobga olinadi.
II. RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASH SOHASINI TARTIBGA SOLISH
7-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda u vakolat bergan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish quyidagilardan iborat boʻladi:
radiatsiyaviy xavfsizlikka doir talablarga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish va tekshirish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash;
Keyingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini, yemlarni, ichimlik va texnik suvlarni, qurilish materiallarini va ulardan tayyorlangan buyumlarni radiatsiyaviy ifloslanish jihatidan sertifikatlash;
barcha turdagi qurilish uchun yer uchastkalari ajratilishi kelishib olinayotganda radiatsiyaviy ifloslanishni aniqlash.
8-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazoratini Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ishlab chiqarish nazoratini ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar amalga oshiradi.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi jamoat nazorati nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladi.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazoratni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish obyektlarining davlat ekspertizasi
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish obyektlari qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda davlat ekologik, radiatsiya-gigiyena va texnikaviy ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-sonli “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
10-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlatish sohasidagi ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlari, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini loyihalashtirish, barpo etish, ular uchun texnologik asbob-uskunalarni, radiatsiyadan muhofazalash vositalarini yaratish va tayyorlash, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib olish, ishlab chiqarish, hosil qilish, qayta ishlash, ulardan foydalanish, ularni saqlash, ularga xizmat koʻrsatish, ularni tashish, zararsizlantirish va koʻmib tashlash belgilangan tartibda berilgan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida normalashtirish
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida normalashtirish qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda tasdiqlanadigan hamda roʻyxatga olinadigan radiatsiyaviy xavfsizlik sanitariya normalari va qoidalarini, gigiyena normativlarini, davlat standartlarini, qurilish normalari va qoidalarini, mehnat muhofazasi qoidalarini, radiatsiyaviy xavfsizlik boʻyicha yoʻriqnomaga oid, uslubiy va boshqa hujjatlarni joriy etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASHGA DOIR TALABLAR
12-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikning taʼminlanishi
Radiatsiyaviy xavfsizlik quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanilganda fuqarolar olgan nurlanishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish yagona davlat tizimining amal qilishi;
radiatsiyaviy taʼsir tufayli fuqarolar sogʻligʻiga zarar yetkazilishi xavfi yuqori boʻlganligi uchun toʻlanadigan tovon turlari va miqdorlarini belgilab qoʻyish;
radiatsiyaviy avariya natijasida fuqarolar sogʻligʻiga hamda ular mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat turlarini belgilash;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining eksport va import qilinishini davlat tomonidan tartibga solish;
tibbiy-profilaktik tadbirlar oʻtkazish;
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 363-moddasiga qarang.
radiatsiyaviy vaziyat hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida fuqarolarni xabardor qilish;
fuqarolarga radiatsiyaviy xavfsizlik chora-tadbirlarini oʻrgatish;
radiatsiyaviy avariyalar natijasida nurlanishga duchor boʻlgan fuqarolarga yordam koʻrsatish;
radioaktiv ifloslanish zonalarida fuqarolarning yashashiga doir alohida rejimlarni joriy etish;
tegishli hududda radiatsiyaviy avariyalar oqibatlarini bartaraf etish;
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelishi xavfi boʻlgan taqdirda tezkor chora-tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish.
Radiatsiyaviy xavfsizlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar orqali ham taʼminlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash
Radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirish, mazkur tadbirlar samaradorligini tahlil etish chogʻida mahalliy davlat hokimiyati organlari, radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlari, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan olib boriladi.
Radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash quyidagi asosiy koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi:
atrof muhit radioaktiv ifloslanishining tavsifi;
radiatsiyaviy xavfsizlik tadbirlarining taʼminlanishi hamda radiatsiyaviy xavfsizlik normalari va qoidalari hamda gigiyena normativlarining bajarilishi tahlili;
radiatsiyaviy avariyalar ehtimoli va ularning koʻlami;
radiatsiyaviy avariyalarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik darajasi;
xodimlar (personal) va aholi ionlashtiruvchi nurlanish barcha manbalaridan olayotgan, olgan va olish ehtimoli boʻlgan nurlanish dozalarining tahlili;
nurlanish dozalarining belgilab qoʻyilgan asosiy chegarasidan yuqori boʻlgan nurlanishga duchor boʻlgan shaxslar soni.
14-modda. Radiatsiya-gigiyena pasporti
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchining radiatsiya-gigiyena pasportiga har yili radiatsiya xavfsizligini baholash natijalari kiritib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Radiatsiya-gigiyena pasportlarini yuritish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Tabiiy radionuklidlar taʼsir etish chogʻida radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash
Yer uchastkalarini tanlash, binolar hamda inshootlarni loyihalashtirish va qurish xonalar havosiga tabiiy radionuklidlar tushishini bartaraf etish hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
Qurilish materiallarini ishlab chiqarish, binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilib olish, binolar va inshootlardan foydalanish xonalari havosidagi tabiiy radionuklidlarning mavjudlik darajasini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
Radiatsiyaviy xavfsizlik normativlariga javob bermaydigan qurilish materiallari va buyumlaridan foydalanish taqiqlanadi.
Turar joy va ishlab chiqarish xonalarida aholi va xodimlar (personal)ning tabiiy radionuklidlar oqibatida nurlanish olishi belgilab qoʻyilgan normativlardan oshmasligi kerak.
16-modda. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda hamda ichimlik suvidan foydalanishda radiatsiyaviy xavfsizlikning taʼminlanishi
Oziq-ovqat xom ashyosi, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi hamda ularni tayyorlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jarayonida ularga yondosh boʻladigan materiallar va buyumlar radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash talablariga javob berishi kerak.
17-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchining radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi majburiyatlari
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi quyidagilarga majburdir:
radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishga;
Keyingi tahrirga qarang.
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalari boʻlmish mahsulotlar, materiallar va moddalar, texnologik jarayonlarning radiatsiyaviy xavfsizligini asoslash va baholash ishlarini olib borishga;
ish joylarida, xonalarda, ishlab chiqarish hududlarida, sanitariya-muhofaza zonalarida va kuzatuv zonalarida radiatsiya vaziyati ustidan, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining chiqarilishi, tashlanishi ustidan va koʻmib tashlangan joylarida ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirishga;
xodimlar (personal) nurlanish olganligining individual dozalari nazoratini va hisobini olib borishga;
ishlab chiqarish rahbarlarini, xodimlar (personal)ni, ishlab chiqarish nazorati xizmati mutaxassislarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va attestatsiyadan oʻtkazishga;
xodimlar (personal)ni ularning ish joylaridagi ionlashtiruvchi nurlanish darajalari xususida hamda ular olgan nurlanishning individual dozalari toʻgʻrisida muntazam xabardor qilib borishga;
xodimlar (personal) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini tashkil etib turishga;
ishlatilmayotgan ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini koʻmib tashlashni taʼminlashga;
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlarining talablarini bajarishga.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi.
18-modda. Nurlanish olishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanishda, tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolar olgan, shuningdek tabiiy radiatsiyaviy fon va texnogen ravishda oʻzgargan radiatsiyaviy fon sababli yuzaga kelgan nurlanish olishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qoʻygan tartibda yaratiladigan nurlanish olishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish yagona davlat tizimi doirasida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 3-apreldagi 98-son qarori bilan tasdiqlangan Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tizimini tashkil etish qoidalari.
19-modda. Tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolarning radiatsiyaviy xavfsizligini taʼminlash
Tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolarning oladigan nurlanish dozalari radiatsiyaviy xavfsizlikning belgilab qoʻyilgan normalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolarni muhofaza qilish vositalaridan foydalanish lozim.
Fuqaro talabi bilan unga tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda olinishi kutilayotgan yoki u olayotgan nurlanish dozasi toʻgʻrisida va buning ehtimol tutilgan oqibatlari xususida axborot beriladi.
Fuqaro tibbiy rentgenoradiologik muolajalardan voz kechish huquqiga ega, epidemiologik jihatdan xavfli kasalliklarni aniqlash maqsadida oʻtkazilayotgan profilaktik tadqiqotlar bundan mustasno.
20-modda. Sanitariya-muhofaza va kuzatuv zonalari
Fuqarolar hamda atrof muhitni muhofaza qilish maqsadida ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanilayotgan obyektlar joylashgan yerda sanitariya-muhofaza va kuzatuv zonalari belgilab qoʻyiladi.
Sanitariya-muhofaza zonalarining oʻlchamlari va chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tomonidan belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sanitariya-muhofaza zonasida odamlarning doimiy va vaqtincha yashashi, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlab chiqarish obyektlarining va boshqa obyektlarning joylashtirilishi taqiqlanadi.
Sanitariya-muhofaza zonasida joylashgan mavjud obyektlar va inshootlardan, ularning yoʻnalishi oʻzgargan taqdirda, xoʻjalik maqsadlari uchun foydalanishga ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Kuzatuv zonasi, uning oʻlchamlari va chegaralari ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan belgilanadi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlari bilan kelishiladi.
Kuzatuv zonasida qonun hujjatlariga muvofiq xoʻjalik faoliyatiga doir cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Kuzatuv zonasida va sanitariya-muhofaza zonasida radiatsiyaviy avariyani bartaraf etish chora-tadbirlari amal qilishi tatbiq etiladi.
Sanitariya-muhofaza zonasi hamda kuzatuv zonasini belgilab qoʻyish oqibatida yetkazilgan zararlar ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Radioaktiv chiqindilarni saqlash yoki koʻmib tashlash
Radioaktiv chiqindilarni saqlashda yoki koʻmib tashlashda ularning atrof muhitdan ajratib qoʻyilishi taʼminlangan boʻlishi kerak.
Radioaktiv chiqindilarni yigʻish va koʻmib tashlashni tashkil etish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasiga qarang.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunining 21—22-moddalariga qarang.
22-modda. Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash ularni ishlatishning barcha turlarida majburiydir.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishi ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan taʼminlanadi.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash texnik va tashkiliy choralar majmuini rejalashtirish hamda amalga oshirish yagona tizimini nazarda tutadi, bu tizim quyidagilarga yoʻnaltirilgan boʻladi:
radioaktiv va yadroviy materiallar joylashgan hududga ruxsatsiz kirishning, shuningdek ularning talon-taroj qilinishi yoki shikastlanishining oldini olish;
yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan radioaktiv va yadroviy materiallarni topish va qaytarish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 3-apreldagi 98-son qarori bilan tasdiqlangan Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tizimini tashkil etish qoidalari.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash ustidan nazoratni Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yildagi 13-avgustdagi 231-sonli “Radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar, shuningdek yadroviy materiallar aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
IV. RADIATSIYAVIY AVARIYA SODIR BOʻLGANDA RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASH
23-modda. Fuqarolar va atrof muhitni radiatsiyaviy avariyalardan muhofaza qilish
Radiatsiyaviy avariyalar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud tashkilotlar quyidagilarga ega boʻlishi shart:
potensial radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining (ular oqibatlari taxmini hamda radiatsiyaviy holati taxmini koʻrsatilgan) roʻyxatiga;
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelganda qarorlar qabul qilish mezonlariga;
fuqarolar va atrof muhitni radiatsiyaviy avariya va uning oqibatlaridan muhofaza qilish tadbirlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari, radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlari bilan kelishilgan rejasiga;
radiatsiyaviy avariyadan xabardor qilish va radiatsiyaviy avariya oqibatlarining tugatilishini taʼminlash vositalariga;
radiatsiyadan zararlanishning oldini olish tibbiy vositalari va radiatsiyaviy avariyada jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish vositalariga;
xodimlar (personal) jumlasidan tuziladigan avariya-qutqaruv boʻlinmalariga.
24-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchining radiatsiyaviy avariya sodir boʻlgan paytdagi majburiyatlari
Radiatsiyaviy avariya sodir boʻlgan taqdirda ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi quyidagilarga majburdir:
xodimlar (personal)ni va aholini radiatsiyaviy avariyadan hamda uning oqibatlaridan muhofaza qilish tadbirlari bajarilishini taʼminlashga;
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlarini, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qilishga;
jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish choralarini koʻrishga;
radioaktiv ifloslanish oʻchogʻi doirasini kamaytirishga va atrof muhitga radioaktiv moddalar tarqalishini bartaraf etishga;
radiatsiyaviy avariyaning kechishini va radiatsiyaviy avariya vaqtidagi radiatsiyaviy vaziyat oʻzgarishlarini tahlil qilishga hamda ularning taxminiy chizgilarini tayyorlab qoʻyishga;
radiatsiyaviy avariya tugatilganidan keyin radiatsiyaviy vaziyatni normallashtirish choralarini koʻrishga.
25-modda. Radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatishga jalb etiladigan fuqarolar yuqori nurlanish olishining rejalashtirilishi
Radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatish, avariya-qutqaruv ishlari hamda dezaktivatsiya oʻtkazishga jalb etiladigan fuqarolar yuqori nurlanish olishining rejalashtirilishi faqat odamlarni qutqarish va ularning yanada koʻproq nurlanish olishining oldini olish zaruratidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatishga jalb etiladigan fuqarolarning nurlanish olishi belgilab qoʻyilgan gigiyena normativlaridan oshmasligi kerak.
Radiatsiyaviy avariyalar oqibatlarini tugatishga jalb etiladigan fuqarolar yuqori nurlanish olishining rejalashtirilishiga ularning ixtiyoriy roziligi boʻlgan hamda ehtimol tutilgan nurlanish dozalari va sogʻliq uchun zarari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilingan holda ularning hayoti mobaynida bir marta yoʻl qoʻyiladi.
Mazkur ishlarni bajarish uchun jalb etiladigan shaxslarga xavf yuqori boʻlganligi uchun toʻlanadigan tovon hamda radiatsiya taʼsirida sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash turlari va miqdorlari qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumi va Prezident huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-apreldagi 170-son “Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash haqida”gi qaroriga qarang.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi PF-3079-son “Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 31-maydagi 188-son “Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
V. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
26-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Nizolarni hal etish
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 252—2551-moddalariga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 31-avgust,
120-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 212-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 50-51-son, 512-modda; 2011-y., 15-son, 148-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son, 11.09.2019-y., 03/19/566/3734-son, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son)