|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.11.2012
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TARKIBIDA QIMMATBAHO METALLAR VA QIMMATBAHO TOShLAR BOʻLGAN IKKILAMChI RESURSLAR VA ChIQITLARNI TAYYoRLASh HAMDA QAYTA IShLASh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 2004-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritiladi.
3. Vazirlar Mahkamasining tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi 2004-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 17-noyabr,
515-son
Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Komissiya faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Komissiyaning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) funksiyasini bajaradi.
Ishchi organ litsenziya talabgorlarining tegishli hujjatlar bilan arizalarini qabul qiladi, ular boʻyicha ekspert xulosalari, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish va toʻxtatib turish yoxud litsenziyalarni bekor qilish toʻgʻrisida Komissiya qarorlari loyihalarini tayyorlaydi va ularni koʻrib chiqish uchun Komissiyaga kiritadi, litsenziyalarni rasmiylashtiradi va qayta rasmiylashtiradi, litsenziya bitimlari tuzadi, litsenziyalar reyestrlarini yuritadi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi.
3. Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
4. Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga koʻra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini amalga oshirishga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
6. Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:
tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash sohasidagi qonun hujjatlariga, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning, shuningdek tarkibida ular mavjud boʻlgan buyumlarning muomalada boʻlishiga oid normativ-texnik va boshqa talablarga majburiy rioya qilish;
tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlashni tartibga solishga doir zarur normativ-texnik hujjatlarning mavjud boʻlishi;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur va belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjud boʻlishi;
tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar chiqindilari boʻlgan materiallar, buyumlar hamda parchalarni belgilangan talablarga muvofiq hisobga olish va ularni saqlashning taʼminlanishi;
shtatda tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash (metallurgiya, kimyo) sohasida maxsus maʼlumotga ega boʻlgan yetarli xodimlar boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga berilgan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasining mavjud boʻlishi.
7. Litsenziya bitimida mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatib oʻtilgan litsenziya talablari va shartlaridan aniq talablar va shartlar nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
8. Litsenziya olish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami; litsenziyalanadigan faoliyat turi (uning bir qismi)ning nomi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, normativ-texnik hujjatlarning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
litsenziyalanadigan faoliyat turi amalga oshiriladigan binolar va xonalarga mulkiy huquqni yoki boshqa ashyoviy huquqni tasdiqlovchi hujjat;
mavjud bino va xonalarning qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi talablariga, sanitariya-gigiyena va ekologiya normalariga muvofiqligi toʻgʻrisida ichki ishlar, sanitariya-epidemiologiya va tabiatni muhofaza qilish organlarining xulosalari;
ariza koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi organ masʼul xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
10. Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
11. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilganligi uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
12. Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga taqdim etadi.
Zarur hollarda ishchi organ litsenziya talabgori tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bajarish imkoniyatlarini joylarga borib oʻrganishga haqlidir.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi hamda qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi, protokol Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
13. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi ishchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
14. Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziyalar blankalari namunalari ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, Komissiya tomonidan tasdiqlanadi hamda ishchi organ buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishchi organ mablagʻlari hisobiga bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalar blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va ularning maqsadli foydalanilishi uchun ishchi organ rahbari shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
15. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda beriladi.
16. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
17. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
18. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni qayta koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
19. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi organ hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin uch kun mobaynida ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi, litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga taqdim etadi.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin yetti kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi, protokol Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
20. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
21. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
22. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
23. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ishchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
24. Yoʻqolgan yoki amal qilish muddati oʻtmagan yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin.
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
25. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida Komissiyaga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritish;
tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirilishining aniqlangan holatlari toʻgʻrisidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar koʻrish uchun soliq organlariga belgilangan tartibda yuborish.
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi ishchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
28. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarini nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
29. Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorning asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
30. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi. Reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqami;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziya umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
31. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Davlat bojini toʻlash tartibi
32. Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berilganligi va uning amal qilish muddati uzaytirilganligi uchun eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji mablagʻlari respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash faoliyatini litsenziyalash sxemasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 22-son, 221-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 34-36-son, 264-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2007-y., 19-20-son, 196-modda; 2008-y., 39-son, 394-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda)