Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal qilishda qonun hujjatlarining toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlar ishtirokchilar oʻrtasida, ishtirokchilar bilan xoʻjalik shirkatlari oʻrtasida, shu jumladan aksiyadorlar oʻrtasida, aksiyador bilan aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida xoʻjalik shirkatlari faoliyatidan kelib chiqadigan nizolarni hal qilishda Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa qonun hujjatlarini qoʻllashlari lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Xoʻjalik shirkati taʼsis shartnomasini taraf sifatida imzolab, xoʻjalik shirkatini tashkil etish majburiyatini olgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxs yoki ular tomonidan vakolat berilgan shaxs ushbu shirkatning muassisi (taʼsischisi) hisoblanadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik shirkati qonunda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, yuridik shaxs maqomini olganidan soʻng unda oʻz ulushi (payi, hissasi)ga ega boʻlgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxs ushbu xoʻjalik shirkatining ishtirokchisi hisoblanadi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan joylashtirilgan aksiyalarni oluvchi yuridik va (yoki) jismoniy shaxs uning depo hisobvaragʻiga tegishli kirim yozuvi belgilangan tartibda kiritilgan paytdan eʼtiboran ushbu jamiyatning aksiyadori hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, shaxsning xoʻjalik shirkatining ishtirokchisi (aksiyadori) ekanligini aniqlash uchun:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
toʻliq va kommandit shirkatlardan taʼsis shartnomasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlardan taʼsis shartnomasi (agar muassislar soni ikki va undan ortiq boʻlsa) va jamiyat ustavining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
aksiyadorlik jamiyatlaridan aksiyadorlar reyestridan koʻchirma;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
ustav fondidagi ulushni oluvchi foydasiga ulushdan voz kechilganligini tasdiqlovchi hujjat;
jamiyatning ustav fondidagi ulush ochiq kimoshdi savdosi orqali sotilganda kimoshdi savdosi natijalari haqidagi bayonnoma talab qilib olinishi lozim.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qaroriga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sudlarning eʼtibori jamiyat direktori, jamiyat boshqaruvi aʼzolari, ishonchli boshqaruvchi hamda jamiyat oʻrtasida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 79-moddasining sakkizinchi qismiga asosan tuzilgan shartnoma boʻyicha yuzaga keladigan nizo jamiyat faoliyatidan kelib chiqsada, iqtisodiy sudga taalluqli emasligiga qaratilsin, chunki ushbu nizo mehnat munosabatlaridan kelib chiqadi. Xuddi shu qoida masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor) hamda jamiyat oʻrtasida “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 39-moddasining ikkinchi qismiga asosan tuzilgan shartnoma boʻyicha yuzaga kelgan nizolarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar aksiyador ayni vaqtda jamiyatning xodimi boʻlib, mehnatga oid nizo yuzasidan iqtisodiy sudga murojaat qilgan boʻlsa, bunday daʼvo arizasi IPKning 311-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sudga oʻtkazilishi, agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish va iqtisodiy sud ishini yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilishi lozim.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sudlar inobatga olishlari kerakki, mazkur toifadagi ishlar boʻyicha IPKning 94-moddasida koʻrsatilgan daʼvoni taʼminlash choralari qoʻllaniladi. Bunda daʼvoni taʼminlash choralari arz qilingan talablarga mos kelishi, yaʼni bevosita nizo predmetiga bogʻliq, daʼvo talablariga mutanosib, sud hujjati ijrosini taʼminlash uchun kerakli va yetarli boʻlishi lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudlarning eʼtibori xoʻjalik shirkati zimmasiga uning boshqaruv organlari vakolatiga kiradigan majburiyat (masalan, ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish yoki kamaytirish, shirkatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, ijroiya organini tuzish, uning rahbarini saylash (tayinlash va rahbarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish)ni yuklash haqidagi daʼvo talabi, ushbu majburiyat qonun hujjatlari bilan shirkat boshqaruv organining vakolatiga kiritilganligi sababli, rad etilishi lozimligiga qaratilsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
10. “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 19-moddasining beshinchi qismiga koʻra shirkat ishlarini yuritish boʻyicha bir yoki bir necha ishtirokchiga berilgan vakolatlar, asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, xususan vakolatli shaxs (shaxslar) oʻz vakolatlarini qoʻpol ravishda buzgan hollarda yoki uning (ularning) shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatning bir yoki bir necha boshqa ishtirokchilarining talabiga binoan sud tomonidan tugatilishi mumkin. Sudning hujjati asosida shirkatning taʼsis shartnomasiga zarur oʻzgartishlar kiritiladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, ishtirokchining vakolatini tugatish haqidagi daʼvo arizasi bilan har qanday ishtirokchi (ishtirokchilar) u(lar)ning jamiyat ustav fondidagi ulushi hamda aynan ushbu masala boʻyicha umumiy yigʻilishi qarori mavjudligidan qatʼi nazar, murojaat qilish huquqiga ega.
11. “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 22-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq shirkat ishtirokchilari biror-bir ishtirokchini qolgan ishtirokchilarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga koʻra va bunga asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, xususan ana shu ishtirokchi oʻz majburiyatlarini qoʻpol ravishda buzgan hollarda yoki uning shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatdan sud tartibida chiqarib yuborishni talab qilishga haqlidirlar.
12. Sudlar ishtirokchilarning vakolatlarini tugatish, ishtirokchini shirkatdan chiqarish haqidagi nizolarni koʻrish jarayonida mazkur ishtirokchining vakolatlarini shirkatning taʼsis hujjatlarini oʻrgangan holda aniqlashlari lozim. Bunda javobgarning (javobgarlarning) oʻz vakolatlarini qoʻpol ravishda buzganligi yoki uning (ularning) shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligini isbotlash daʼvogar (daʼvogarlar)ning majburiyati hisoblanadi.
13. Sudlar aksiyalarning hammasini yoki muayyan qismini aksiyadorlik jamiyati tomonidan qaytarib sotib olish majburiyatini yuklash haqidagi daʼvo arizasi bilan faqat “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 40-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan ovoz beruvchi aksiyaga ega boʻlgan aksiyadorlar murojaat qilishga haqliligini nazarda tutishlari lozim.
Jamiyatni qayta tashkil etish, joylashtirilgan aksiyalarni yiriklashtirish, yirik bitim tuzish, jamiyat ustaviga ovoz beruvchi aksiya egasi boʻlgan aksiyadorning huquqlarini cheklaydigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki yangi tahrirdagi ustavni tasdiqlash haqida aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilishda, basharti aksiyador qayd etilgan masalalar boʻyicha yoqlab ovoz bergan boʻlsa yoxud bu masalalar boʻyicha ovoz berishda uzrsiz sabablarga koʻra ishtirok etmagan boʻlsa, aksiyadorning oʻziga qarashli aksiyalarini qaytarib sotib olish majburiyatini jamiyatga yuklash haqidagi talabini qanoatlantirish rad etiladi.
Daʼvogarning aksiyadorlar umumiy yigʻilishida qatnashmaganligining sabablarini aniqlashda, sudlar u yigʻilishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida qonunda belgilangan tartibda xabardor qilinganligini tekshirishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
13.1. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, aksiyadorning oʻziga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi talabini aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan oʻttiz kun ichida jamiyatga taqdim qilishlari kerak. Ushbu talab yozma shaklda berilishi va unda aksiyadorning yashash manzili (joylashgan manzili) hamda u qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar soni koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bunda qayd etilgan oʻttiz kunlik muddat nizoni sudgacha hal etish muddati hisoblanishini nazarda tutish lozim. Sudlar bunday daʼvolarni koʻrish jarayonida aksiyador tomonidan talabnoma jamiyatga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yuborilganligini tekshirishlari lozim. Agar talabnoma ushbu muddat ichida yuborilgan boʻlmasa, daʼvo boʻyicha ish yuritish IPK 110-moddasining 8-bandiga asosan tugatilishi lozim.
(13.1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 41-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra oʻttiz kunlik muddat tugaganidan soʻng jamiyat qaytarib sotib olish talabini qoʻygan aksiyadordan aksiyalarni oʻn kun ichida sotib olishi shart.
Sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, oʻn kunlik muddatni hisoblash aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun oʻtganidan soʻng boshlanadi.
Agar hal qiluv qarorini qabul qilish paytida mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida koʻrsatilgan muddatlar oʻtmagan boʻlsa, aksiyalarni qaytarib sotib olish haqidagi majburiyatni yuklash toʻgʻrisidagi daʼvo talabi, jamiyat tomonidan majburiyatni bajarish muddati kelmaganligi sababli, rad etilishi lozim. Ushbu asos bilan daʼvo talabining rad etilganligi, majburiyatni bajarish muddati kelgach, daʼvogarning ayni daʼvo talabi bilan sudga qaytadan murojaat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
13.2. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi daʼvoni qanoatlantirishda sotib olishga ajratiladigan mablagʻlarning umumiy summasi aksiyadorlarda oʻzlariga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi vujudga kelishiga sabab boʻlgan qaror qabul qilingan kundagi jamiyat sof aktivlari qiymatining oʻn foizidan oshib ketishi mumkin emas, bundan jamiyatning oʻzgartirilishi holatlari mustasno. Shu munosabat bilan aksiyalarni qaytarib sotib olish haqidagi majburiyatni yuklash toʻgʻrisidagi talabni koʻrishda sudlar nazarda tutishlari kerakki, bunday daʼvo talabi faqat jamiyat sof aktivlari qiymatining oʻn foizidan oshmagan miqdorda qanoatlantirilishi mumkin, bundan jamiyatning oʻzgartirilishi holatlari mustasno.
14. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 60-moddasining toʻqqizinchi qismiga koʻra, agar aksiyador uzrli sabablarga koʻra aksiyadorlar umumiy yigʻilishida ishtirok etmagan yoki bunday qaror qabul qilinishiga qarshi ovoz bergan boʻlsa, u aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilishga haqlidir.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etmagan aksiyador tomonidan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo arizasi berilganda, sudlar daʼvogar mazkur yigʻilishda ishtirok etmaganligining sababini aniqlashlari, yigʻilishda ishtirok etilmaganligining sababi uzrli deb topilganda esa umumiy yigʻilish qarorining qonuniyligini tekshirishlari, bunday sabablar uzrli deb topilmaganda esa daʼvoni qanoatlantirishni rad etishlari lozim.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, yigʻilishda ishtirok etib, nizoli masala yuzasidan qabul qilingan qarorni yoqlab ovoz bergan shaxs ushbu qarorni haqiqiy emas deb topish haqida sudga murojaat qilganda, uning talabini qanoatlantirish rad etilishi lozim, aksiyadorning aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish taʼsirida ovoz berganligi holatlari bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
14.1. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori u qonunchilikka zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonunchilik va jamiyat ustavida belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
(14.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14.2. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarori bitim hisoblanmasligi sababli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda FKning bitimlarga oid normalarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
(14.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlarga tushuntirilsinki, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 62-moddasida nazarda tutilgan talablardan tashqari boshqa talablar boʻyicha umumiy daʼvo muddati (uch yil) hisoblanadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
Oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini tiklash masalasi FKning 159-moddasida koʻrsatilgan tartibda hal etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 56-moddasi birinchi qismining mazmuniga koʻra qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi investorlarning, qimmatli qogʻozlar egalarining, davlatning manfaatlarini koʻzlab sudda daʼvo qoʻzgʻatishga haqli. Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, vakolatli davlat organining daʼvo arizasida kimning manfaati koʻzlanayotganligi koʻrsatilishi shart. Daʼvo arizasida u kimning manfaatini koʻzlab berilayotganligi koʻrsatilgan boʻlmasa, daʼvo arizasi IPK 155-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytariladi. Agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, u koʻrmasdan qoldirilishi lozim.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organlari (umumiy yigʻilish, kuzatuv kengashi, ijroiya organi) qarorlarini toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvolar boʻyicha javobgar boʻlib ushbu boshqaruv organlari emas, balki jamiyatning oʻzi hisoblanadi. Daʼvo arizasida javobgar sifatida muayyan boshqaruv organi koʻrsatilganligi, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish uchun asos boʻladi.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatning boshqaruv organlari qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida berilgan daʼvo arizalarini ish yuritishga qabul qilish masalasi ham xuddi shu tartibda hal etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 32-moddasining sakkizinchi qismiga koʻra jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish yoki jamiyatni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinmagan taqdirda uning aksiyadorlari, kreditorlari, shuningdek vakolatli davlat organlari jamiyatni sud tartibida tugatishni talab qilishga haqli. Bunda sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, IPK 25-moddasi birinchi qismining 5-bandiga muvofiq jamiyatni tugatish haqidagi aksiyadorlarning talablari iqtisodiy sudga taalluqlidir. Jamiyatning kreditorlari, shuningdek davlat tomonidan vakolat berilgan organlarning bunday talablarining taalluqliligi masalasi esa umumiy asoslar boʻyicha hal etilishi lozim.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
19. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ishtirokchini jamiyatdan chiqarish talabi bilan sudga faqat jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari murojaat qilishlari mumkin. Bunda sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan bitta ishtirokchi ham, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan bir nechta ishtirokchi ham bunday talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Bir nechta ishtirokchi sudga murojaat qilganda daʼvo arizasi ushbu ishtirokchilarning barchasi yoki ularning vakili (vakillari) tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Bunda daʼvogar (daʼvogarlar) ulushining miqdori belgilangan tartibda tasdiqlangan taʼsis hujjatlari asosida aniqlanadi.
Agar daʼvogar ishtirokchining ulushi yoki bir nechta ishtirokchilarning jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning oʻn foizidan kam boʻlsa yoxud daʼvo arizasi jamiyatning oʻzi tomonidan berilgan boʻlsa, daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilishi lozim. Sudlar ushbu toifadagi ishlarni koʻrishda javobgar oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotganligi, harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari mavjudligini aniqlashlari lozim.
20. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasiga asosan jamiyat boshqaruv organining qarori ushbu qarorni qabul qilish boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining daʼvosi bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, yigʻilishda ishtirok etib, nizoli masala yuzasidan qabul qilingan qarorni yoqlab ovoz bergan shaxs yoki kun tartibiga qoʻyilgan masala boʻyicha ovoz berishdan oʻzini tiygan yigʻilish ishtirokchisi ushbu qarorni haqiqiy emas deb topish haqida sudga murojaat qilganda, uning talabini qanoatlantirish rad etilishi lozim, ishtirokchining ovoz berishdagi xohish-irodasi buzilgan yoki xohish irodasini ifoda etish imkoniyati boʻlmagan holatlar, shuningdek, ishtirokchini aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish taʼsirida ovoz berganligi hollari bundan mustasno.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
20.1. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonunchilikka zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonunchilik va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
(20.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarorini haqiqiy emas deb topilishi, ushbu qaror asosida tuzilgan bitimlarning haqiqiy emasligi va boshqa harakatlarning oʻz-oʻzidan noqonuniyligini keltirib chiqarmaydi. Biroq, ushbu holat manfaatdor shaxsni bitimlarning haqiqiy emasligi va boshqa harakatlarning noqonuniyligini nizolashish huquqidan mahrum qilmaydi.
(20.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
20.2. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 41-moddasining birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Bunda ikki oylik muddat yigʻilishda ishtirok etgan ishtirokchi uchun qaror qabul qilingan kundan, yigʻilishda ishtirok etmagan ishtirokchi uchun esa u qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab hisoblanadi.
(20.2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyatdan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talab qoʻyilgan taqdirda, daʼvo talabi qanoatlantirilishi rad etilishi lozim, ishtirokchining chiqib ketishi va uning huquqiga toʻgʻridan-toʻgʻri daxldor boʻlgan umumiy yigʻilish qarori bundan mustasno.
(20.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasida belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanadi va u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi. Ushbu muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablari daʼvogarning iltimosnomasiga asosan sud tomonidan uzrli deb topilib, FKning 159-moddasiga muvofiq tiklanishi mumkin.
Qayd etilgan daʼvo muddati masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat kuzatuv kengashining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organining qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha qoʻllanilmaydi. Bunday daʼvolarga nisbatan sud tomonidan umumiy daʼvo muddati qoʻllanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
20.3. Sudlar masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda ishning barcha holatlarini toʻliq oʻrganishlari, daʼvogarning ovozi ovoz berish natijalariga qay darajada taʼsir koʻrsata olishi mumkinligini aniqlashlari lozim. Agar ariza bergan jamiyat ishtirokchisining ovozi ovoz berish natijalariga taʼsir koʻrsata olishi mumkin boʻlmasa va (yoki) yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlik jiddiy boʻlmasa va (yoki) qaror jamiyatning ana shu ishtirokchisiga yoki jamiyatga zarar yetkazmagan boʻlsa, sud ishning barcha holatlarini hisobga olib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etishi mumkin.
(20.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
20.4. Umumiy yigʻilish qarorining haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi huquqni himoya qilish usuli qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmaganligi sababli bunday daʼvo talabi har qanday holatda qanoatlantirilishi rad etilishi lozim.
(20.4.-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
21. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisiga koʻra jamiyat ishtirokchisi “...jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligidan qatʼi nazar, ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda istalgan vaqtda jamiyatdan chiqishga... haqli”. Shu munosabat bilan eʼtiborga olish kerakki, ishtirokchi tomonidan jamiyatga nisbatan berilgan oʻzini jamiyatdan chiqarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilinganda, bunday talabni qanoatlantirish rad qilinadi.
22. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 22-moddasining beshinchi qismiga muvofiq jamiyatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan jamiyat ishtirokchisining ulushi jamiyatga oʻtadi. Bunda jamiyat undan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchiga ulushining chiqarilish yoki chiqib ketish sanasidan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari boʻyicha aniqlanadigan haqiqiy qiymatini toʻlashi yoki jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchisining roziligi bilan unga xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni asli holida berishi shart.
Jamiyatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchining oʻz ulushini masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatdan undirish toʻgʻrisidagi talablar boʻyicha ishlarni koʻrishda sudlar nazarda tutishlari kerakki, jamiyat kiritilgan mol-mulkni natura shaklida berishga rozi boʻlmagan holda, ishtirokchi jamiyat ustav fondiga ulush sifatida aynan oʻzi kiritgan mol-mulkini talab qilishga haqli emas, shu sababli bunday talabni qanoatlantirish rad etiladi.
22.1. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 15-moddasining beshinchi qismiga koʻra jamiyatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitali) hissa tariqasida foydalanish uchun berilgan mol-mulk, agar taʼsis hujjatida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, u qancha muddatga berilgan boʻlsa, shuncha muddat davomida jamiyat foydalanishida qolaveradi.
Sudlariga tushuntirilsinki, ishtirokchining u tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitali) hissa sifatida foydalanish uchun kiritilgan mol-mulkni talab qilib olish haqidagi daʼvo talabi, agar mulkdan foydalanish muddati tugagan boʻlsa, qanoatlantirilishi lozim, agar taʼsis hujjatida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa.
22.2. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 22-moddasining toʻqqizinchi qismiga koʻra ulush (ulushning bir qismi) jamiyatga oʻtgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida, agar jamiyatning ustavida kamroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, jamiyat ulushning (ulush bir qismining) haqiqiy qiymatini toʻlashi yoki xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni asli holida berishi shart.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, agar jamiyat ustavida ulushning haqiqiy qiymatini toʻlash yoki xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni asli holida berish uchun bir yildan kamroq muddat belgilangan boʻlsa, bu holda ustavda koʻrsatilgan muddat qoʻllaniladi. Agar jamiyat ustavida bir yildan koʻproq muddat koʻrsatilgan boʻlsa, bu holda “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 22-moddasining toʻqqizinchi qismida belgilangan muddat qoʻllaniladi.
Nazarda tutish kerakki, jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchida oʻz ulushi qiymatini sud tartibida undirish huquqi qonunda yoki jamiyat ustavida belgilangan muddat oʻtganidan soʻng vujudga keladi. Agar jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchi ushbu muddatlar oʻtmasdan sudga murojaat etsa, daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilishi lozim.
Ushbu asos bilan daʼvo talabining rad etilganligi, majburiyatni bajarish muddati kelgach, daʼvogarning ayni daʼvo talabi bilan sudga qaytadan murojaat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
22.3. Jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchining ulushi chiqarilish yoki chiqib ketish sanasidan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari boʻyicha aniqlanishini inobatga olib, ishdagi hujjatlardan ulush qiymatini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda yoki ushbu masala yuzasidan nizo vujudga kelganda taraflarning iltimosiga asosan ulush qiymati ekspertiza tayinlash yoʻli bilan aniqlanishi kerak.
Sudlar shuni alohida eʼtiborga olishlari lozimki, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmuniga koʻra ulush qiymati ekspertizani tayinlash yoʻli bilan aniqlanganda, ekspert oldiga ishtirokchi ulushining bozor bahosidagi qiymati emas, balki ulushning jamiyat buxgalteriya hisobotlaridagi maʼlumotlar boʻyicha qiymatini aniqlash toʻgʻrisida savol qoʻyilishi lozim, chunki qonun hujjatlarida ishtirokchining ulushi bozor bahosida toʻlanishi nazarda tutilmagan, bundan chet ellik investor boʻlgan ishtirokchi mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
22.4. “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 56-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq chet ellik investor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonadan chiqib ketgan yoki bu korxona tugatilgan taqdirda, korxona mol-mulkidagi oʻz ulushi pul yoki bozor bahosiga muvofiq ravishda tovar shaklida qaytarilishi huquqini oladi.
(22.4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Chet ellik investor ulushi qiymatining bozor bahosini ishdagi hujjatlardan aniqlash imkoniyati boʻlmaganda yoki ushbu masala yuzasidan nizo vujudga kelganda taraflarning iltimosnomasiga asosan ulush qiymatining bozor bahosi ekspertiza tayinlash yoʻli bilan aniqlanishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Umumiy qoidaga koʻra maʼnaviy zararni undirish haqidagi talablar iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrilmaydi. Shu bilan birga sudlar inobatga olishlari kerakki, IPK 25-moddasi birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan ishlar boʻyicha ishtirokchilar (aksiyadorlar) — jismoniy shaxslarning maʼnaviy zararni undirish haqidagi talablari iqtisodiy sudga taalluqlidir. Shuning uchun maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini yoki talabni qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, IPKning kelishuv bitimi institutini tartibga soluvchi normalari IPK 25-moddasi birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan nizolar boʻyicha ishlarga ham tatbiq etiladi. Kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlmasa, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasa, u sud tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oliy xoʻjalik sudi raisi K. KAMILOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya K. DAVLETOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 20-iyun,
262-son