OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGIning
Qarori
Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklar tashuvlarini amalga oshiradigan haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 19-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2560]
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) ijrosini taʼminlash, yoʻnalishga texnik jihatdan soz avtomobillarni chiqarish, avtotransport vositalarini va haydovchilar salomatligini sifatli nazoratdan oʻtkazish orqali yoʻl harakati xavfsizligini yanada oshirish maqsadida, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladilar:
1. Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklar tashuvlarini amalga oshiradigan haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi V. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-yanvar,
22-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-yanvar,
1-son
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-yanvar,
1-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligining 2014-yil 17-yanvardagi 22, 1, 1-son qaroriga
ILOVA
Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklar tashuvlarini amalga oshiradigan haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son “Shahar yoʻlovchi tashish transporti tizimini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tijorat asosida yoʻlovchilar, bagaj va yuklar hamda maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan avtotransport vositalarini yoʻnalishga chiqish oldidan texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda ularning haydovchilarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
(muqaddimasi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 17-apreldagi 3-son, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2026-yil 15-apreldagi 9271-son va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2026-yil 4-martdagi 17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2560-3, 28.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 10/26/2560-3/0422-son)
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtotransport vositalari — yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashishga hamda maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan avtomobillar, shatakchi avtomobillar, tirkama va yarim tirkamalar;
tashuvchi — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega boʻlgan, tijorat asosida yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashish xizmatini koʻrsatadigan hamda bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
2. Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik shaxs sifatida faoliyat koʻrsatayotgan tashuvchilar uchun majburiydir.
3. Jismoniy shaxs boʻlgan yuklarni tashuvchilar yoʻnalishga chiqishdan oldin avtotransport vositasini texnik sozligini, tozaligini va toʻliq jihozlanganligini tekshirishi, shuningdek avtotransport vositasini har qanday mastlik (alkogol, giyohvand modda va boshqalar) holatida, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblikda boshqarmasligi kerak.
4. Tashuvchi avtotransport vositalari yoʻnalishga chiqish oldidan mexanik tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishini hamda haydovchilar yoʻnalishga chiqishdan avval tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishlarini taʼminlashi shart.
5. Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan, haydovchilarni esa tibbiy koʻrikdan oʻtkazmay turib yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish taqiqlanadi.
Yoʻnalishga chiqish oldidan texnik koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha nosoz deb topilgan avtotransport vositalariga, tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etilmagan haydovchilarga yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish taqiqlanadi.
Ushbu bandda koʻrsatib oʻtilgan holatlarda yoʻl varaqasi navbatchi dispetcherga qaytarilishi lozim.
6. Yoʻnalishga chiqishdan oldin avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan va haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkillashtirish tashuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish
1-§. Texnik koʻrikdan oʻtkazish joylari
7. Yoʻnalishga chiqishdan oldin avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida tashuvchiga tegishli boʻlgan nazorat-texnik punktlarida (bundan buyon matnda NTP deb yuritiladi) amalga oshiriladi.
8. NTP yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositasining texnik koʻrigini oʻtkazishga imkon beradigan quyidagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim:
yoritish asbob-uskunalari bilan jihozlangan koʻzdan kechirish chuqurchasi va (yoki) avtotransport vositasini koʻtarishga moslashgan koʻtargich, estakada;
avtotransport vositasining asbob-uskunalari toʻplami;
amaldagi tekshirish tamgʻasi qoʻyilgan kamida ikkita yongʻin oʻchirgich (uglekislotali, kukunli);
mazkur Nizomning 1-ilovasidagi roʻyxatda koʻrsatib oʻtilgan texnik soz ahvolda boʻlgan asbob-uskunalar, anjomlar.
9. NTPda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
avtotransport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish;
yoʻnalishdan qaytib kelgan avtotransport vositasini qabul qilishda uning holatini texnik nazoratdan oʻtkazish;
avtotransport vositasi yoʻnalishga chiqqan va qaytgan vaqti, spidometr koʻrsatkichi, texnik ahvoli va qoʻyilgan joyi yoʻl varaqasi va boshqa tegishli hujjatlarda toʻgʻri koʻrsatilishi;
avtotransport vositalari saqlanadigan hududda yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish.
2-§. Yoʻnalishga chiqish oldidan texnik koʻrikdan oʻtkazish
10. Avtotransport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun haydovchi mexanikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
avtotransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi hujjat;
Oldingi tahrirga qarang.
haydovchilik guvohnomasi;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 3-avgustdagi 22-son, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2023-yil 28-iyuldagi 31-son va Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 31-iyuldagi 35-sonli qarori (roʻyxat raqami 2560-2, 18.08.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2023-y., 10/23/2560-2/0624-son)
yoʻl varaqasi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Yoʻnalishga chiqishdan oldin avtotransport vositalarining texnik ahvolini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalari (bundan buyon matnda Yoʻl harakati qoidalari deb yuritiladi) va 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglament hamda boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Yoʻnalishga chiqishdan oldingi texnik koʻrikka avtotransport vositalari toza ahvolda va yoʻlovchilarsiz taqdim etilishi lozim.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 3-avgustdagi 22-son, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2023-yil 28-iyuldagi 31-son va Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 31-iyuldagi 35-sonli qarori (roʻyxat raqami 2560-2, 18.08.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2023-y., 10/23/2560-2/0624-son)
12. Avtotransport vositalarining yoʻnalishga chiqishdan oldingi texnik koʻrigini amalga oshirishda mexanikning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
texnik ahvoli yoʻl harakati xavfsizligi talablariga javob bermaydigan, navbatdagi texnik xizmatdan yoki texnik koʻrikdan oʻtmagan avtotransport vositalarini yoʻnalishga chiqishlariga yoʻl qoʻymaslik;
yoʻl varaqasining tegishli kataklarini toʻldirish va mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi Navbatchi mexanikning avtotransport vositalarining yoʻnalishga chiqishlari va qaytishlarini roʻyxatga olish kitobini (bundan buyon matnda Roʻyxatga olish kitobi deb yuritiladi) yuritish;
haydovchilarga ob-havo sharoitlari, yoʻllardagi vaziyat va yoʻl harakati xavfsizligi choralari toʻgʻrisida xabar berish.
13. Mexanik avtotransport vositasini yoʻnalishga chiqarishdan oldin quyidagi tadbirlarni amalga oshirishi lozim:
a) yurgizgich (dvigatel) ishlab turgan rejimda quyidagi tekshiruvlarni oʻtkazish:
boshqaruv qurilmasidagi lyuft yigʻindisining koʻrsatkichi belgilangan talablarga muvofiqligi;
qulflovchi moslama toʻxtatib turish tormoz tizimining dastagi (richagi)ni ushlab tura olishi;
oyna tozalagich va oyna yuvgichning ishlashi;
tashqi yoritish asboblari, tovush moslamasi (signal), falokat yorugʻlik ishoralarining belgilangan tartibda ishlashi;
spidometr qurilmasining belgilangan tartibda ishlashi va tamgʻalanganligi;
gidravlik yoki pnevmatik tormoz uzatmasining ishlashi;
havo almashtirish va isitish moslamalarining ishlashi;
yonilgʻi uzatish tizimi zich (germetik)ligi;
b) yurgizgich (dvigatel) ishlamay turgan rejimda quyidagi tekshiruvlarni oʻtkazish:
avtotransport vositasida mavjud raqamlarni yoʻl varaqasida va avtotransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi hujjatda koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligi;
tisarilishga qarshi tirgak (boshmoq)ning mavjudligi;
tibbiyot qutichasi (aptechka)ning mavjudligi;
yongʻin oʻchirgich mavjudligi;
majburiy toʻxtaganini bildiruvchi belgi (miltillovchi qizil chiroq);
avtotransport vositasining tegishli suyuqliklarining (tormoz, qoʻshimcha ulovchi (ssepleniye), boshqaruv kuchaytirgichi, sovutish tizimlarining suyuqliklari, yurgizgichning (dvigatelning) moyi, oyna yuvgichning suyuqliklari va shu kabilar);
yonilgʻi idishining germetikligi;
shinalarni toʻgʻri oʻrnatilganligi va ularning umumiy holati;
old tomondagi oyna va orqa tarafni aks ettiruvchi koʻzgularda haydovchini koʻrish doirasi cheklab qoʻyilmaganligi;
ressorlarning asosiy qatlami yoki markaziy bolti shikastlanmaganligi;
gʻildirak diskida yoki tegarchigida darz ketgan joylar mavjud emasligi;
gʻildiraklar ishonchli va mustahkam mahkamlanganligi;
tormoz tizimining boʻgʻim va qismlari ishonchli mahkamlanganligi;
kuzov yoki kabina eshiklari qulflarining ishonchli ishlashi;
falokat yuz bergan vaqtda chiqish joylari va ularni amalga keltirish moslamalarining soz holatdaligi;
avtotransport vositasining yoʻlovchilar oʻrindiqlari ishonchli mahkamlanganligi va ularning soni ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlarida koʻrsatilgan soniga mosligi;
avtotransport vositasining salonida begona narsalar (kanistralar, domkratlar, ehtiyot qismlar, gʻildiraklar va shu kabilar) yoʻqligi;
avtotransport vositasining kuzovida yemirilgan, zanglagan, jiddiy zarbalangan joylar yoʻqligi;
avtotransport vositasining tashqi koʻrinishi va saloni sanitariya qoidalari va normalariga muvofiqligi;
v) avtotransport vositasi suyultirilgan yoki siqilgan gazda ishlaganda qoʻshimcha ravishda quyidagilarni tekshirish lozim:
gaz ballonlarining kronshteynlarga, kronshteynlar esa platformaning uzunasi boʻylab joylashgan bruslariga ishonchli mahkamlanganligi;
gaz uskunalarining umumiy ahvoli, ularning ulanish joylarining germetikligi;
dvigatelni yurgizish yengilligi va uning tirsakli vali turli tezlikda aylanayotgan vaqtida bekor turish tartibda gazda ishlashi.
14. Texnik koʻrik natijalari boʻyicha avtotransport vositasining texnik ahvoli yoʻl harakati xavfsizligi talablariga mos kelgan taqdirda mexanik Roʻyxatga olish kitobining 10-ustuniga “Texnik soz” degan yozuvni kiritadi hamda yoʻl varaqasining tegishli katagiga imzo (muhr) qoʻyadi.
Texnik koʻrik natijalari boʻyicha avtotransport vositasining texnik ahvoli yoʻl harakati xavfsizligi talablariga mos kelmagan taqdirda mexanik Roʻyxatga olish kitobining 10-ustuniga aniqlangan nosozliklarni aniq koʻrsatib “Texnik nosoz” degan yozuvni kiritadi va yoʻl varaqasiga imzo (muhr) qoʻymaydi.
III bob. Haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
1-§. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkillashtirish
15. Tibbiy koʻrik tashuvchining tegishli litsenziyaga ega boʻlgan tibbiy punktida yoki boshqa oʻrnatilgan tartibda faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasasida tibbiyot xodimi yoʻnalishga chiqish oldidan haydovchining jismoniy va ruhiy ahvolini tekshirish maqsadida oʻtkaziladi.
16. Tibbiy punkt xonasi sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ravishda isitish tizimlari, yoritish uskunalari, suv, tozalab turish va taʼmirlash asbob-uskunalari bilan taʼminlanadi.
17. Tibbiy xodim haydovchilar yoʻnalishga chiqishlaridan oldin ularning salomatligini muntazam ravishda monitoring qilib boradi hamda haydovchilar sogʻligʻining ahvoli bilan bogʻliq boʻlgan sabablarni aniqlash maqsadida yoʻl-transport hodisalarini tahlil qilishda ishtirok etadi.
18. Tibbiy xodim tashuvchining rahbariyati, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, foydalanish xizmati va xodimlar boʻlimi bilan yaqin aloqada ishlaydi. Tibbiy koʻriklar natijasida jamlangan maʼlumotlar, keyinchalik tashuvlar xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalari va jarohatlanishni kamaytirish, mehnat intizomini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda qoʻllanilishi lozim.
19. Tibbiy xodimning haydovchilarni yoʻnalishga chiqishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha kundalik ishlari hisobi mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi Haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni hisobga olish kitobida (bundan buyon matnda Tibbiy kitob deb yuritiladi) qayd etib boriladi.
20. Tibbiy xodim tibbiy koʻrikni oʻtkazishga imkon beradigan quyidagilar bilan jihozlangan boʻlishi lozim:
alohida xona;
yozuv stoli, stullar, stol ustida turadigan lampa, kiyim uchun javon, ustki kiyim uchun ilgak;
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun kerakli vositalar bilan butlangan javon;
arterial bosimni oʻlchash asbobi;
termometr;
chiqarilayotgan nafasdan spirt bugʻlarini aniqlash asbobi;
tibbiy kushetka;
tibbiy asbob-uskunalar uchun kichik stol;
tibbiy shpatellar.
Xona uzluksiz ravishda ishlab turadigan telefon aloqasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
2-§. Yoʻnalishga chiqish oldidan tibbiy koʻriklarni oʻtkazish
21. Haydovchilarni yoʻnalishga chiqish oldidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda tibbiy xodimning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
salomatligining ahvoli talablarga javob bermaydigan haydovchilarni yoʻnalishga chiqishlariga yoʻl qoʻymaslik;
yoʻl varaqasining salomatlik ahvoliga tegishli boʻlgan kataklarini toʻldirish;
bir smena davomida oʻtkazilgan tibbiy koʻriklar natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tashuvchining rahbariyatiga taqdim etish;
Tibbiy kitobni yuritish.
22. Haydovchini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda uning sogʻligʻi boʻyicha suhbat olib boriladi hamda umumiy tibbiy koʻrik oʻtkaziladi.
Suhbat davomida haydovchining ahvoli, dam olish (uxlash) davomiyligi va sharoitlari aniqlanadi.
Haydovchi salomatligini umumiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish vaqtida uning yuz qismidagi teri qoplamalari, lablar shilliq pardasi va koʻz oqining holatiga eʼtibor qaratiladi, tomir urishining tezligi, arterial bosim va tana harorati oʻlchanadi.
23. Haydovchilarni avtotransport vositasini boshqarishdan chetlatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
tana haroratining koʻtarilganligi aniqlanishi;
arterial bosim oshganligi, taxikardiya, bradikardiya, yurak urish maromining buzilishi;
har qanday mastlik (alkogol, giyohvand modda va boshqalar) holati, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsiri, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik aniqlanganda.
24. Tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha haydovchining salomatligida yoʻnalishga chiqishga toʻsqinlik qiladigan holatlar aniqlanmasa, tibbiy xodim Tibbiy kitobning 8-ustuniga “Ruxsat etildi” degan yozuvni kiritadi hamda yoʻl varaqasining tegishli katagiga imzo (shtamp) qoʻyadi.
25. Tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha haydovchining salomatligida yoʻnalishga chiqishga toʻsqinlik qiladigan holatlar aniqlansa, tibbiy xodim Tibbiy kitobning 8-ustuniga aniqlangan toʻsqinliklarni aniq koʻrsatib “Ruxsat etilmadi” degan yozuvni kiritadi hamda yoʻl varaqasiga imzo (shtamp) qoʻymaydi.
26. Haydovchi yoʻnalishga chiqishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishdan bosh tortgan holatlarda, shuningdek haydovchida kasalliklar alomatlari, jarohatlar, har qanday mastlik (alkogol, giyohvand modda va boshqalar) holati aniqlanganda tibbiy xodim zudlik bilan tashuvchining rahbariyatiga xabar beradi.
IV bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2013-yil 31-dekabr
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2013-yil 31-dekabr
Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklar tashuvlarini amalga oshiradigan haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Nazorat-texnik punktining asbob-uskunalari, anjomlari
ROʻYXATI
T/r‎ Nomlanishi‎ Soni‎ Izoh‎
1‎ 2‎ 3‎ 4‎
1.‎

Elektron soat (nazorat)‎

2‎ Aniqligi 1%‎
2.‎

Boshqaruv qurilmasidagi lyuftni tekshirish asbobi ‎

1‎ Oʻlchashdagi xato 5%‎
3.‎

Tormoz va qoʻshimcha ulovchi (ssepleniye) pedallarining erkin harakatlanishi masofasini oʻlchash asbobi (lineyka)‎

1‎ Oʻlchashdagi xato 5%‎
4.‎

Shina naqshlari izlarining qoldiq chuqurligini oʻlchash uchun shtangensirkul ‎

1‎ Birlik darajasi 0,01 ‎
5.‎ Shina manometri‎ 1‎ 0,1 kgk/kv.sm.‎
6.‎ Uzun simli koʻchma lampa‎ 1‎ 36 voltli kuchlanishga ulanish uchun‎
7.‎

Dastasi 700 millimetrga teng ogʻirligi 200 grammli bolgʻa‎

1‎
8.‎

Gʻildiraklar kesishuvi darajasini (razval-sxojdeniye) oʻlchash asbobi (lineyka)‎

1‎ Oʻlchashdagi xato 5 — 10%‎
9.‎

Ishqorli akkumulyatorli (batareyali) koʻchma yoritgich (fonar) ‎

1‎
10.‎

Yoʻlda ishlatiladigan gidravlik domkrat ‎

1‎
11.‎

Gʻildirakni yigʻish asbobi (montirovka)‎

2‎
12.‎

Shatakka olish uchun qattiq buksir ‎

2‎
Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklar tashuvlarini amalga oshiradigan haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Navbatchi mexanikning avtotransport vositalarining yoʻnalishga chiqishlari va qaytishlarini roʻyxatga olish
KITOBI
‎‏T/r Avtotransport vositasining markasi ‎‎Avtotransport vositasi raqami Tirkama raqami Yoʻnalishga chiqish‎ Yoʻnalishdan qaytish‎ Avtotransport vositasining texnik ahvoli Izoh‎‏
Davlat raqami‎ Garaj raqami‎ Davlat raqami‎ Garaj raqami‎ Chiqish vaqti‎ Spidometr koʻrsatkichlari‎ Qaytish vaqti‎ Spidometr koʻrsatkichlari‎
1‎ 2‎ 3‎ 4‎ 5‎ 6‎ 7‎ 8‎ 9‎ 10‎ 11‎
Yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklar tashuvlarini amalga oshiradigan haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni hisobga olish
KITOBI
T/r‎ Haydovchining familiyasi, ‎ismi, otasining ismi‎ Tabel raqami‎ Shikoyatlari‎ Tomir urishi‎ Tana harorati‎ Arterial bosim‎ Chiqarilayotgan nafas tarkibida alkogol miqdori‎ Haydovchilarni tibbiy
‎koʻrikdan oʻtkazish natijalari‎
Izoh‎
1‎ 2‎ 3‎ 4‎ 5‎ 6‎ 7‎ 8‎ 9‎
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 8-son, 84-modda; 2017-y., 2-son, 34-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 18.08.2023-y., 10/23/2560-2/0624-son; 28.04.2026-y., 10/26/2560-3/0422-son)