Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Shahar yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, yoʻlovchilar tashish xavfsizligi va sifatini oshirish, qulay va shinam avtobuslardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, transport tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash, yoʻlovchilar tashishni boshqarishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida:
1. Quyidagilar shahar yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim vazifalari va yoʻnalishlari deb hisoblansin:
yoʻlovchilar tashishni tashkil qilish samaradorligini oshirish, avtobus yoʻnalishlarini yanada optimallashtirish, harakatlanadigan tarkibning ratsional miqdorini aniqlash maqsadida Toshkent shahar jamoat transportining barcha turlarida yoʻlovchilar oqimini tizimli asosda oʻrganib chiqish;
sutkaning turli vaqtlarida yoʻlovchilar oqimi oz-koʻpligiga qarab bitta yoʻnalishda katta va oʻrtacha sigʻimli avtobuslardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi harakatlanadigan tarkibdan foydalanishning prinsipial yangi tizimini joriy etish;
shahar atrofi yoʻnalishlarining oxirgi toʻxtash punktlarini Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab joylashtirgan holda yoʻlovchilarning shahar atrofi yoʻnalishlaridan shahar yoʻnalishlariga chiqib oʻtirishlari uchun eng qulay boʻlgan joylarda yoʻlovchi tashish avtostansiyalarini qurish va shahar atrofida qatnovchi liniyadagi taksilarning toʻxtash joylari uchun maydonchalar barpo etish asosida shahar va shahar atrofi yoʻnalishlari sxemalarini maqbullashtirish;
shahar yoʻlovchi tashish transporti tizimiga shahar yoʻlovchilarini tashishni boshqarish, jamoat transporti qatnovi grafiklari va intervallariga qatʼiy rioya etishni taʼminlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, harakatlanadigan tarkibning qatnovi ustidan “on-layn” tartibida masofadan turib nazorat qiladigan (GPS) tizimlarini joriy etish;
shahar jamoat transporti korxonalari moliya-xoʻjalik faoliyatining samaradorligi va rentabelligini oshirish, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sarf-xarajatlarini qisqartirish, yonilgʻi-moylash materiallaridan samarali foydalanish, transport vositalarining oʻzini oʻzi qoplashini taʼminlash;
bazaviy tarif stavkasiga nisbatan ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar ulushini oshirishga qaratilgan transport korxonalari xodimlari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2014-2015-yillardagi davrda Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini tashkil qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilsin.
2. 2014-yilning 1-yanvaridan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Toshkent shahrida:
liniyalardagi avtobuslar va yoʻnalishli taksilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha bir-birini takrorlab qatnashiga yoʻl qoʻyilmaydi;
avtobus saroylari tarkibida yoʻlovchilarni yoʻnalishli taksilarda tashish boʻyicha ixtisoslashtirilgan avtokolonnalar barpo etiladi, ular malakali haydovchi xodimlar bilan va yoʻlovchilar tashish xavfsizligi talablariga mos keladigan zamonaviy harakatlanadigan tarkib bilan taʼminlanadi;
jismoniy shaxslardan ijara shartlari asosida jalb qilingan avtotransport vositalari (avtobuslar va mikroavtobuslar)dan shaharda yoʻlovchilar tashishda foydalanish taqiqlanadi;
yoʻlovchilarni xususiy yoʻnalishli taksilarda tashishning zarur boʻlgan tizimi va tartibini taʼminlashga, birinchi navbatda yoʻlovchilar tashish xavfsizligining qatʼiy texnik talablariga javob beradigan transport vositalari bilan taʼminlanishiga, shuningdek ularning saqlanishiga, avtobus saroylarida texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari oʻz vaqtida oʻtkazilishiga, avtotransport vositalari qatnovga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan va haydovchilar tibbiy koʻrikdan majburiy oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
Ushbu masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasi xususiy yoʻnalishli taksilarda yoʻlovchilar tashish toʻgʻrisida maxsus nizom qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar hokimligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2014-yilning 1-yanvariga qadar muddatda yoʻlovchilar tashish xavfsizligi boʻyicha texnik talablarni tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va yana ham qattiqroq talablar oʻrnatsin, harakatlanadigan tarkibning texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5525-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
4. Yoʻlovchi tashish boʻyicha “Toshshahartransxizmat” uyushmasi va uning tarkibiga kiruvchi “Toshavtobustrans” va “Toshpasremservis” aksiyadorlik kompaniyalari, “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasi tugatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tugatilayotgan “Toshshahartransxizmat” uyushmasi negizida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tashkil qilinsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati “Toshshahartransxizmat” uyushmasining, “Toshavtobustrans”, “Toshpasremservis” aksiyadorlik kompaniyalarining hamda “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PF-5846-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etish, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
8. Toshkent shahar hokimligi manfaatdor idoralar va tuzilmalar bilan birgalikda bir oy muddatda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining taʼsis yigʻilishi oʻtkazilishi hamda uning nizomi qabul qilinishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Belgilansinki, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirgan tashkilotlarning balansida boʻlgan binolar va inshootlarni sotishdan tushgan mablagʻlar obyektlarni baholash va sotish bilan bogʻlik xarajatlarni chiqarib tashlagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Mercedes-Benz Conecto Low Floor” rusumli 400 ta avtobusni sotib olish uchun jalb etilgan kreditlarini qaytarishga yoʻnaltiriladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PF-5846-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlar, shuningdek, 2016 — 2019-yillarda obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PF-5846-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 9-oktabr,
PQ-2048-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 9-oktabrdagi PQ-2048-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshshahartransxizmat” uyushmasi hamda Toshkent shahar hokimligi yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 18-yanvardagi PQ–262-son qarorining 1-bandi va qarorga 1 — 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrini yoʻlovchi tashish avtobuslari bilan taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 6-maydagi PQ–1109-son qarorida:
2-bandning uchinchi xatboshidagi “Toshshahartransxizmat” uyushmasi mablagʻlari, shuningdek oladigan avtobuslar miqdoriga mutanosib ravishda “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi va” soʻzlari “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi mablagʻlari, shuningdek oladigan avtobuslar miqdoriga mutanosib ravishda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
9-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“10. Belgilansinki, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tarkibiy boʻlinmalarga “EvoBus GmbX” (Germaniya) firmasi bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha “Mercedes-Benz Conecto Low Floor” rusumli 200 ta shahar yoʻlovchi tashish avtobuslarini, ularga ehtiyot qismlarni, shu jumladan avtobuslardan foydalanishning kafolatli muddati davrida ishdan chiqqan qismlar oʻrniga yetkazib beriladigan ehtiyot qismlar va materiallar qoʻshilgan qiymat soligʻi solish obyekti hisoblanmaydi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrining yoʻlovchi avtobuslari saroylarini yanada yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 5-martdagi PQ-1721-son qarorining 9-bandidagi “uyushma” soʻzi “aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida yoʻlovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 31-yanvardagi 11-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 1-son, 6-modda):
1-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshi hamda qarorga 4 va 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
4-bandning birinchi xatboshidagi “Toshavtobustrans” soʻzi “Toshshahartransxizmat” soʻzi bilan almashtirilsin;
8-bandga quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi qoʻshilsin:
“yoʻlovchi tashuvchilar tomonidan yoʻlovchilar tashish qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha yoʻnalishda nazoratni amalga oshirish”;
oltinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishli ravishda yettinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-avgustdagi 156-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari hamda shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandidagi “uyushma” soʻzi “aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Transport va transport kommunikatsiyalari masalalari boʻyicha maxsus komissiya tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 6-martdagi 57-son qaroriga 1-ilovadagi “Muxamedjonov Sh.Sh. — “Toshshahartransxizmat” uyushmasi raisi” soʻzlari “lavozimiga koʻra — “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining raisi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
11. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2006-yil 2-avgustdagi 156-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 19-avgustdagi PQ–1392-son qarori)” 2010-yil 31-dekabrdagi 325-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 76-modda) 2-bandi birinchi xatboshidagi va 3-bandidagi “Toshshahartransxizmat” uyushmasi” soʻzlari “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida cheklangan tariflar boʻyicha aholiga xizmatlar koʻrsatish munosabati bilan shaharda yoʻlovchilarni muntazam tashish bilan band boʻlgan tashuvchilar koʻradigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandi yettinchi xatboshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 69-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“tushumlarning toʻliq yigʻilishini taʼminlash, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini pasaytirish tadbirlarini hisobga olgan holda, cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar va bagajni tashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi munosabati bilan shahar yoʻlovchi tashish transporti tashuvchilari koʻradigan zararlarni qoplash”.
13. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar yoʻlovchi avtobuslari parklarini yanada yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 3-maydagi 119-son qarorining 10-bandidagi “uyushma” soʻzi “aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 41-son, 545-modda; 2017-y., 8-son, 116-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son; 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)