|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.04.2020
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasining XUSUSIYLAShTIRILGAN KORXONALARGA KO‘MAKLAShISh va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 14-yanvardagi PF-5630-son va “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonlari)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2012-yil 14-noyabrdagi 322-son qarorini bajarish yuzasidan, davlat aktivlarini samarali boshqarishni ta’minlash, yagona texnik-iqtisodiy, ishlab chiqarish siyosatini amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, shu jumladan investitsiyalarni jalb etish yo‘li bilan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ning yangi turlarini ishlab chiqarish va o‘zlashtirish hajmlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 35 nafar bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
2. Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat raqobat qo‘mitasi deb ataladi) Davlat aktivlarini boshqarish markaziga (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi):
3-ilovaga* muvofiq aksiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlaridagi aksiyalarning davlat paketlarini;
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4-ilovaga* muvofiq mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav fondlaridagi davlat ulushlarini tasarruf etish huquqisiz egalik qilish va foydalanish uchun bersin.
* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli ravishda:
qayta tashkil etilayotgan “Mulk-Invest” davlat unitar korxonasining Markazga o‘tayotgan avtotransport vositalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishini;
qayta tashkil etilayotgan “Mulk-Invest” davlat unitar korxonasining ko‘chmas mulkiga kadastr hujjatlari Markazga qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishini;
“Mulk-Invest” davlat unitar korxonasi qayta tashkil etilishi munosabati bilan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning ta’sis hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirmasdan amalga oshirsinlar.
4. Belgilansinki:
qayta tashkil etilayotgan “Mulk-Invest” davlat unitar korxonasining huquq va majburiyatlari Markazga o‘tadi;
qayta tashkil etilayotgan “Mulk-Invest” davlat unitar korxonasining hisob raqamidagi pul mablag‘lari qoldig‘i to‘liq hajmda Markaz hisob raqamiga o‘tkazilishi kerak;
Markaz davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha o‘z faoliyatida davlat nomidan ish ko‘radi;
aksiyalarning davlat paketlarini va ulushlarini Markazga egalik qilish va foydalanish uchun berish, shuningdek ularning keyinchalik Markaz tomonidan ishonchli boshqaruvga berilishi baholash tashkilotlari tomonidan baholanmasdan amalga oshiriladi;
xo‘jalik jamiyatlaridagi aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlari Markaz tomonidan tanlov asosida ishonchli boshqaruvga beriladi, ularning davlat ishonchli vakillariga hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga berilishi hollari bundan mustasno;
2012-yilning uchinchi va to‘rtinchi choragida hamda 2013-yilning I choragida davlat vakillari xizmatiga haq to‘lash Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
Davlat raqobat qo‘mitasining Toshkent shahri bo‘yicha hududiy boshqarmasi huzuridagi Davlat mulki ijarasi markazi tomonidan Toshkent shahri budjetiga yo‘naltiriladigan mablag‘larning bir qismi 2013-yilda, 2014-yildan boshlab esa — davlat ulushi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga amalda tushgan dividendlarning bir qismi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan xarajatlar smetasi bo‘yicha davlat korxonalari foydasining bir qismidan ajratiladigan ajratmalar ta’minot, zarur moddiy-texnik bazani shakllantirish, shuningdek Markazning faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlarini qoplash manbai hisoblanadi.
Bunda Markazga o‘tkaziladigan pul mablag‘lari uning tomonidan xo‘jalik jamiyatlarida aksiyador (qatnashchi) sifatida olinadigan dividendlar hisoblanadi va ularga qonun hujjatlariga muvofiq to‘lov manbaida soliq solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan va Markazning hisob raqamiga o‘tkaziladigan budjet mablag‘lari hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasining alohida budjetdan tashqari hisob raqamida amalga oshiriladi.
5.Belgilab qo‘yilsinki:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga ishonchli boshqaruvga berilgan davlat aktivlarini boshqarish ular tomonidan ishonchli boshqaruv to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq Markaz bilan birgalikda amalga oshiriladi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari Markazga tahliliy axborotni, shu jumladan davlat unitar korxonalari va o‘zlari muassislar (aksiyadorlar, qatnashchilar) hisoblangan xo‘jalik jamiyatlarining moliya-xo‘jalik faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadilar Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan shakl bo‘yicha.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi bir oy muddatda:
Markazni ijara to‘lovining nul stavkasi bo‘yicha joylashtirishni belgilangan tartibda ta’minlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda idoraviy-normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Markazni belgilangan tartibda zarur Hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 11-iyun,
165-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 11-iyundagi 165-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi
(1-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 11-iyundagi 165-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi to‘g‘risida
(2-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) unga tezkor boshqarish uchun berilgan mol-mulkning davlat mulki negizida tashkil etilgan davlat unitar korxonasi hisoblanadi. Markaz o‘ziga biriktirilgan mol-mulkka nisbatan faoliyatni ushbu Nizom bilan qo‘yilgan maqsadlarga va mulkdorning topshiriqlariga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshiradi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
2. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, bank hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va boshqa rekvizitlarga ega bo‘ladi.
4. Korxonaning to‘liq rasmiy nomi:
davlat tilida: “Davlat aktivlarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasi;
rus tilida: Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Sentr po upravleniyu gosudarstvennimi aktivami”;
ingliz tilida: “The Center on state assets management” state unitary enterprise.
5. O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat raqobat qo‘mitasi deb ataladi) Markazning muassisi hisoblanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
6. Markaz “Mulk-Invest” davlat unitar korxonasining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
7. Markaz Davlat raqobat qo‘mitasining roziligi bilan qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning qatnashishiga yo‘l qo‘yiladigan tijorat tashkilotlarining, shuningdek notijorat tashkilotlarining qatnashchisi (a’zosi) bo‘lishi mumkin.
8. Markaz xodimlariga to‘lov manbalaridan qat’i nazar, Davlat raqobat qo‘mitasi xodimlari uchun qonun hujjatlarida va idoraviy hujjatlarda nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lovlari shartlari tatbiq etiladi.
Bunda Markaz xodimlari yil yakunlari bo‘yicha faoliyati uchun olti lavozim maoshi miqdorigacha mukofot bilan rag‘batlantiriladi, uning aniq miqdori Davlat mulki qo‘mitasi raisi bilan kelishgan holda har bir xodimning ish samaradorligiga qarab Markaz rahbarining qarori bilan belgilanadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil15-sentabrdagi 729-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 38-son, 1038-modda)
9. Quyidagilar Markaz faoliyatining maqsadlari hisoblanadi:
egalik qilish va foydalanish uchun belgilangan tartibda unga berilgan davlat aktivlarini boshqarishning bozor mexanizmlariga o‘tish;
davlat aktivlarining yaxlitligini, saqlanishini va hisobi yuritilishini ta’minlash;
faoliyatning favqulodda turi sifatida davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish;
xo‘jalik jamiyatlarida davlat vakillari malakasini muntazam ravishda oshirish tizimini tashkil etish;
ishonchli boshqaruvchilarning, shuningdek ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari faoliyatining sifatli monitoringi olib borilishini va tahlil etilishini tashkil etish;
respublikada boshqaruv xizmatlari bozori shakllantirilishiga ko‘maklashish.
II. Markazning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari va davlat mulkini samarali boshqarish bo‘yicha davlatning ishonchli vakillari faoliyatining natijadorligi monitoringini olib borish;
aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik jamiyatlari aksiyalarining davlat paketlari (ulushlari) bo‘yicha, shu jumladan ularni davlatning ishonchli vakillariga, boshqaruvchi kompaniyalarga va xo‘jalik boshqaruvi organlariga ishonchli boshqaruvga berish yo‘li bilan aksiyador (qatnashchi)ning huquqlarini ro‘yobga chiqarish;
ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik va boshqa xo‘jalik jamiyatlari faoliyati samaradorligini, birinchi navbatda, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik jihatdan qayta jihozlash, mahsulot tannarxini pasaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish hisobiga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda qatnashish;
Markazga egalik qilish va foydalanish uchun berilgan davlat aktivlari bo‘yicha dividendlarning aksiyadorlik va boshqa xo‘jalik jamiyatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lanishini ta’minlashga ko‘maklashish.
(10-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
11. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi nomidan aksiyalarning davlat paketi (ulushlari) bo‘yicha xo‘jalik jamiyatlarining aksiyadori (qatnashchisi) huquqini amalga oshiradi, shuningdek ushbu huquqlarni ishonchli boshqaruvchilarga beradi;
shu jumladan chet eldagi xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlarida o‘ziga egalik qilish va foydalanish uchun berilgan aksiyalarning davlat paketlari (ulushlar) bo‘yicha aksiyador (qatnashchi) sifatida davlat manfaatlarini ifodalaydi;
davlat aktivlarining investitsion jalb etuvchanligini oshirish yo‘li bilan xususiylashtirish jarayoniga ko‘maklashadi;
zaruriyat bo‘lganda, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarga murojaat qilish, shu jumladan yuqori malakali mutaxassislarni yollash yo‘li bilan aksiyador (qatnashchi) sifatida davlat manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi;
davlat mulkini boshqarish masalalari bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
muassislar (aksiyadorlar), qatnashchilar va ishonchli boshqaruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlar va axborot shu jumladan idoralararo elektron hujjat aylanishi vositasida olinadigan hisobotlar asosida davlat unitar korxonalarining va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik birlashmalarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qiladi, jamiyatning biznes-rejasi parametrlari muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda esa jamiyatning ijro etuvchi organi tarkibini almashtirish tashabbusi bilan chiqadi;
(11-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
Davlat raqobat qo‘mitasining Iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish va tarkibiy o‘zgartirish bosh boshqarmasi bilan birgalikda ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan iqtisodiy nochor, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qiladi, shuningdek ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish choralarini ko‘radi;
davlat unitar korxonalari va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining samarali biznes-rejalari ishlab chiqilishiga ko‘maklashadi va ularning parametrlari bajarilishi monitoringini olib boradi;
aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar va kuzatuvchi kengashlarning rolini tubdan oshirishga, minoritar aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining moliya-xo‘jalik faoliyati natijalari yuzasidan ijro etuvchi organlarning aksiyadorlar oldidagi javobgarligini kuchaytirishga yo‘naltirilgan korporativ boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ko‘radi;
xo‘jalik jamiyatlarini samarali boshqarishni ta’minlash uchun ularni korporativ boshqarishning eng yaxshi ilg‘or tajribasini joriy etish ishlarini olib boradi;
xo‘jalik jamiyatlari faoliyatining iqtisodiy samaradorligini, shu jumladan ularning moliyaviy natijalarini oshirish choralarini ko‘radi;
ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnologik qayta jihozlash va kengaytirish jarayonlariga zarur investitsiyalarni jalb etish uchun xo‘jalik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlarini chiqarish tashabbusi bilan chiqish orqali fond bozorining rivojlanishiga ko‘maklashadi;
ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining aksiyadorlari (qatnashchilari) umumiy majlisida ishtirok etish uchun ishonchli boshqaruvchilarga, davlat vakillariga va Markaz xodimlariga ishonchnomalar beradi;
xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlari majlislari kun tartibi masalalari yuzasidan ovoz berish siyosati bo‘yicha ishonchli boshqaruvchilarga va davlat vakillariga ko‘rsatmalar beradi;
tanlov asosida aksiyalarning davlat paketlarini (ulushlarini) ishonchli boshqaruvga beradi, ularni davlatning ishonchli vakillariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga berish hollari bundan mustasno;
respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxati bo‘yicha takliflarni, shuningdek davlat aktivlarini egalik qilish va foydalanish uchun Markazga berish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishni olib borish bo‘yicha komissiyaga kiritadi;
(11-bandning o‘n yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
davlatning ishonchli vakillarini va xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushlarini boshqarish bo‘yicha investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilarini, shuningdek aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlatning ishtiroki maxsus huquqidan (“oltin aksiya”) foydalanuvchi davlatning vakillarini tayinlash va ozod qilish bo‘yicha takliflarni aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishni olib borish bo‘yicha komissiyaga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi;
(11-bandning o‘n sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushini boshqarish bo‘yicha ishonchli boshqaruvchilar bilan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa boshqa yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzadi;
davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish, korporativ boshqarishni rivojlantirish sohasida konsalting xizmatlari ko‘rsatadi;
Markazga yuklangan vazifalarni bajarishni ta’minlash masalalari bo‘yicha Markazning vakolatxonalari hamda Davlat raqobat qo‘mitasining tegishli hududiy organlari va idoraviy mansub tuzilmalari faoliyatining o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
soliqlar va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga boshqa to‘lovlar, davlat maqsadli fondlari, ish haqi va dividendlar bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik hosil bo‘lganda, shuningdek ketma-ket ikki chorak mobaynida biznes-rejaning asosiy parametrlari bajarilmagan taqdirda xo‘jalik jamiyati (davlat korxonasi)ning ijro etuvchi organi bilan mehnat munosabatlarini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani jamiyatning kuzatuvchi kengashiga kiritadi;
davlat unitar korxonalarida va ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida tashqi auditni o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotlarini tanlaydi va auditorlik tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha tanlovda qatnashish uchun, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi va Moliya vazirligi rahbariyatining tasdiqlashi uchun ularning ro‘yxatini tayyorlaydi;
moliya-xo‘jalik faoliyatini auditorlik tekshirish yoki ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyati faoliyatining maxsus masalasi bo‘yicha auditorlik tekshirishini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi;
respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan davlat-aksiyadorlik kompaniyalari va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan boshqa xo‘jalik jamiyatlarining ijro etuvchi organi va kuzatuvchi kengashi rahbarlarining korporativ boshqarishning sifatli tizimini joriy etish bo‘yicha hisobotlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida vaqti-vaqti bilan eshitishni tashkil etadi;
xo‘jalik jamiyatlaridagi davlatning ishonchli vakillarini attestatsiyadan o‘tkazadi;
Davlat raqobat qo‘mitasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda korporativ boshqarishni rivojlantirish va rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasini joriy etish yo‘li bilan davlat aktivlarini samarali boshqarish, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining menejmenti, davlatning ishonchli vakillari, investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari bilimlari va ko‘nikmalari darajasini oshirish bilan bog‘liq seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etadi;
korporativ boshqarish tizimini takomillashtirish va xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushini boshqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
manfaatdor davlat organlari, ishonchli boshqaruvchilar bilan birgalikda davlat unitar korxonalarida va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida samarali dividend siyosatini amalga oshirishda qatnashadi;
yilning har choragida Davlat raqobat qo‘mitasiga davlat unitar korxonalari va davlat ulushi mavjud bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, shuningdek ishonchli boshqaruvchilar faoliyati samaradorligi to‘g‘risidagi tahliliy materiallarni kiritadi;
Markaz faoliyati davomida aniqlangan davlat aktivlarini boshqarishni davom ettirish bo‘yicha takliflarni Davlat raqobat qo‘mitasiga kiritadi;
davlatning tashkilotlardagi ulushli ishtiroki maqsadlariga erishish uchun boshqa tadbirlarni amalga oshiradi;
Markaz mablag‘lari tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini ishlab chiqadi va belgilangan muddatlarda Davlat raqobat qo‘mitasiga taqdim etadi;
davlat vakillarining xizmatlariga ularning faoliyati uchun belgilangan tartibda haq to‘laydi;
davlat aktivlarini samarali boshqarish, korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, menejment sifatini oshirish bo‘yicha, shuningdek davlatning xo‘jalik jamiyatlaridagi vakillari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
o‘z vakolatlari doirasida Markaz faoliyatini takomillashtirish choralarini ko‘radi yoki belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
jamiyatni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘larni ustav fondiga kapitallashtirishda xo‘jalik jamiyatlariga ko‘maklashadi.
Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
12. Markaz o‘ziga yuklangan funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlaridan, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlaridan, boshqa davlat tashkilotlaridan va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridan Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot va materiallarni so‘rash va, zaruriyat bo‘lganda, bepul olish;
ilmiy-tadqiqot, auditorlik, advokatlik, konsalting tashkilotlarini va boshqa tashkilotlarni, mustaqil ekspertlarni va korporativ boshqarish, menejment, moliya va qimmatli qog‘ozlar sohasida ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarni qo‘yilgan vazifalarni jadal hal etish uchun belgilangan tartibda jalb etish;
o‘zgaga noqonuniy berilgan mol-mulk, mulkiy huquqlar va boshqa davlat aktivlari davlat boji to‘lanmasdan qaytarilishi to‘g‘risida sudlarga da’volar va arizalar berish, shuningdek ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida qatnashish;
zaruriyat bo‘lganda joyiga borib davlat mulkini xatlovdan o‘tkazish va undan foydalanish samaradorligi monitoringini olib borish;
vazirliklar va idoralar orasida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuvchi kengashlariga nomzodlarni tanlash;
Davlat raqobat qo‘mitasi bilan kelishgan holda, o‘z vakolatlari doirasida xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondida aksiyalarning davlat paketlarini (ulushlarini) o‘zgartirish bo‘yicha buyruqlar chiqarish;
ishonchli boshqaruvchilarga aksiyador (qatnashchi) sifatida davlatning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish va (yoki) ularning oqibatlarini tugatish, dastlabki holatni tiklash to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek ularning bajarilishini nazorat qilish;
xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlarida davlatning ishtirokini maqbullashtirish yuzasidan takliflar kiritish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega.
III. Markaz faoliyatini boshqarish
13. Markaz Davlat raqobat qo‘mitasiga hisobot beradi.
14. Markazning muassisi sifatida Davlat raqobat qo‘mitasi quyidagi huquqlarga ega:
Markazning strategik vazifalarini va uning kelgusida faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishlarini aniqlashga doir takliflarni, shuningdek Markaz ishlarining yillik rejasini aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishini olib borish bo‘yicha komissiyaga kiritish;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
ichki audit xizmatini tashkil etish, Markaz moliya-xo‘jalik faoliyatining, zaruriyat bo‘lganda – mustaqil ekspertlar va auditorlarni jalb etgan holda ichki audit xizmati tomonidan o‘rganilishini tashkil etish;
Markazning Bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchini tayinlash;
Markaz faoliyati tartibini belgilaydigan ichki nizomlarni tasdiqlash;
yirik bitishuvlar va sodir etilishidan manfaatdorlik mavjud bo‘lgan bitishuvlar tuzilishini ma’qullash masalasini ko‘rib chiqish;
Markazning ustavini tasdiqlash, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
Markazning vakolatxonalarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Markazning Bosh direktori bilan mehnat shartnomasi tuzish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markazni qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida taklif kiritish, tugatish komissiyasini tayinlash va tugatish balansini tasdiqlash;
Markazga yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida Markazning ijro etuvchi organiga da’vo kiritish.
Davlat raqobat qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega.
15. Davlat raqobat qo‘mitasi belgilangan tartibda:
Markazning ustav fondini shakllantiradi;
Markazning ustav fondiga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va saqlanishini nazorat qiladi;
Moliya vazirligi bilan Markazning xarajatlari smetasini kelishadi;
Markazning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uning tomonidan to‘g‘ri amalga oshirilishini nazorat qiladi.
16. Markazning joriy faoliyatiga rahbarlik qilish ijro etuvchi organ nomidan Bosh direktor tomonidan amalga oshiriladi.
17. Markazning Bosh direktori Davlat raqobat qo‘mitasi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
18. Bosh direktor yakka boshchilik qiladigan ijro etuvchi organ hisoblanadi va o‘z huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarini ijro etishda Markazning manfaatlarini ko‘zlab ish ko‘radi.
19. Markazning bosh direktori:
Markazning vazifalari va funksiyalari bajarilishini tashkil etadi;
Markaz nomidan ish ko‘radi, barcha tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
xodimlarni, shu jumladan Bosh direktor o‘rinbosarlarini ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalari tuzadi, ularni o‘zgartiradi va to‘xtatadi;
keyinchalik aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishni olib borish bo‘yicha komissiyaning tasdiqlashi uchun yillik ish rejasi loyihasini Davlat raqobat qo‘mitasiga kiritadi;
(19-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
kadrlarni tayyorlash va o‘qitish, ularning malakasini oshirish choralarini ko‘radi;
Markazning xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida Markaz tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi;
zamonaviy fan-texnika yutuqlariga muvofiq xo‘jalik boshqaruvi organlarida va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarishning yangi texnologiyalarini joriy etish dasturlari va loyihalari amalga oshirilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda qatnashadi;
yangi texnika va texnologiyalarni ishlab chiqish va qo‘llashni tashkil etadi;
faoliyatning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
Markazning moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
IV. Markaz faoliyatini moliyalashtirish tartibi
20. Markaz faoliyatini moliyalashtirish davlat ulushi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga amalda tushgan dividendlarning bir qismi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan xarajatlar smetasi bo‘yicha davlat korxonalarining sof foydasidan ajratmalar hisobiga amalga oshiriladi.
Kelgusi moliyaviy yil uchun xarajatlar smetasi Markaz tomonidan, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishish uchun oldingi yilning 20-dekabrigacha taqdim etiladi.
Markaz faoliyatini moliyalashtirish shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan qo‘shimcha manbalar hisobiga amalga oshiriladi. Bunda Markaz mablag‘larni sarflashni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Markaz budjet tashkiloti hisoblanmaydi va uni moliyalashtirishga budjet tashkilotlari uchun belgilangan qonunchilik normalari qo‘llanmaydi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qaroriga asosan uchinchi, to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
V. Markazning mol-mulki
21. Markazning ustav fondi unga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan berilgan mablag‘lar, mol-mulk va boshqa aktivlarning yig‘indisidan iborat bo‘ladi.
22. Markazning ustav fondini ko‘paytirish yoki kamaytirish Davlat raqobat qo‘mitasining qaroriga binoan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
23. Tezkor boshqarish huquqi bilan Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan Markazga biriktirilgan asosiy fondlar va aylanma mablag‘lar, shuningdek uning faoliyati davomida sotib olingan, u o‘z majburiyatlari bo‘yicha javob beradigan mulkchilik huquqi bilan Markazga tegishli bo‘lgan boshqa mol-mulk Markazning mol-mulkini tashkil etadi.
24. Markazning mol-mulki bo‘linmaydi va omonatlar (ulushlar, paylar) bo‘yicha taqsimlanishi mumkin emas.
25. Markazning mol-mulkini tasarruf etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda binolar va inshootlarni (shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlarni), aksiyalar va ulushlarni realizatsiya qilish Markazning ustav fondi tegishli ravishda kamaytirilgan holda Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
VI. Daromadni (foydani) taqsimlash
26. Barcha soliqlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin Markazda qoladigan sof foyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
27. Markaz mablag‘laridan xayriya maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
VII. Markazning hisobotlari
28. Markaz hisobot davri tamom bo‘lgandan keyin vakolatli organlarga ro‘yxati qonun hujjatlarida belgilangan moliyaviy hisobotlarni va boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlashga berilishi uchun javob beradi.
29. Markaz faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat raqobat qo‘mitasi va boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
30. Markazning Bosh direktori yilning har choragida moliya-xo‘jalik faoliyati natijalari to‘g‘risida Davlat raqobat qo‘mitasiga hisobot beradi.
VIII. Markazning javobgarligi
31. Markaz:
ushbu Nizom bilan Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning, Davlat raqobat qo‘mitasi rahbarlari topshiriqlarining va ular tomonidan belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, xolisona, ochiq-oshkora, sifatli bajarilishi;
o‘ziga tegishli mol-mulk bilan o‘z majburiyatlari yuzasidan;
o‘ziga berilgan davlat mulkining maqsadli va oqilona (samarali) boshqarilishi, shuningdek uning saqlanishi va yaxlitligi uchun javob beradi.
32. Markaz Davlat raqobat qo‘mitasining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
IX. Markazning vakolatxonalari
33. Markaz Davlat raqobat qo‘mitasi bilan kelishib, qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda vakolatxonalar ochishi mumkin.
34. Markazning vakolatxonalari Markaz tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida Markaz nomidan ish ko‘radi.
35. Markazning vakolatxonasi rahbari Davlat raqobat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Bosh direktor tomonidan tayinlanadi va o‘ziga berilgan ishonchnoma asosida ish ko‘radi.
36. Markaz tashkil etiladigan vakolatxonalarning majburiyatlari bo‘yicha javob beradi.
X. Markazni tugatish va qayta tashkil etish
37. Markaz qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, muassisning qaroriga ko‘ra yoki sudning qaroriga binoan tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi mumkin.
38. Markazning tugatilishi, huquqlar va majburiyatlar huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga o‘tmasdan, uning faoliyati to‘xtatilishiga olib keladi.
Markazni qayta tashkil etishda uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga o‘tadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 24-son, 314-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; 2017-y., 11-son, 161-modda, 29-son, 693-modda, 33-son, 863-modda, 38-son, 1038-modda)