|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2013-yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari prognozi to‘g‘risida” 2012-yil 25-dekabrdagi PQ-1887-son qarorini hamda Vazirlar Mahkamasining “AYQShlarda sotiladigan avtomobil benzini va dizel yonilg‘isining chakana narxlariga chegirmalar belgilash to‘g‘risida” 2012-yil 30-dekabrdagi 375-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalariga benzin, dizel yonilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gaz ishlatganlik uchun jismoniy shaxslardan olinadigan soliq stavkalarini belgilash to‘g‘risida” 2011-yil 31-dekabrdagi 350-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “O‘zdavneftgazinspeksiya” bilan birgalikda bir oy muddatda bir tonna avtobenzin va dizel yonilg‘isi narxini aniqlash uchun hajm ko‘rsatkichini litrlardan tonnaga qayta hisoblab chiqish qo‘llanilishining og‘irlik koeffitsiyentini belgilasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 7-mart,
69-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-martdagi 69-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Neft mahsulotlarini sotish va ularga tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risida” 2003-yil 1-iyuldagi 296-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 7-son, 54-modda):
a) 1-bandda:
birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshidagi “korxonalarning” so‘zi “neft bazalarining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 3-bandning birinchi xatboshidagi “xususiylashtirilgan” so‘zi chiqarib tashlansin;
v) ilovada:
ilovaning nomidagi “korxonalarning” so‘zi “neft bazalarining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Neft mahsulotlarini sotishda “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan temir yo‘l orqali neft bazalarigacha tashish haqi miqdorini shunday tartibda belgilaydiki, bunda aynan bir turdagi bir tonna neft mahsulotlarining istalgan neft bazasigacha yoki neft bazasi filialigacha tashish summasi bir xil bo‘lishi kerak. Bunda neftni qayta ishlash zavodlarining neft mahsulotlarini temir yo‘l orqali tashish bo‘yicha mumkin bo‘lgan salbiy moliyaviy natijasi umumiy xo‘jalik faoliyatidan olingan daromadlar hisobiga qoplanadi”;
5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi neft bazalarining cheklangan ustama narxlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilinadi.
Bunda “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi neft bazalarining cheklangan ustama narxlarini deklaratsiya qilish uchun hisob-kitoblar, neft mahsulotlarini neft bazalaridan AYQSh joylashgan joygacha tashish bo‘yicha xarajatlarning ustama narxlar tarkibiga kiritilishini hisobga olgan holda, “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan taqdim etiladi;
9-10 bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“9. “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi neft bazalaridan avtomobil benzini va dizel yonilg‘isini AYQShga sotish, chegirishni hisobga olgan holda, yagona chakana narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Butun respublika bo‘yicha yagona chakana narxlar markazlashtirilgan holda belgilanadigan neft mahsulotlarini neft bazalari tomonidan, shu jumladan AYQSh hamda neft bazalari tarkibiga kiradigan boshqa bo‘linmalar orqali sotishda sotish narxi (qo‘shilgan qiymat solig‘ini va neft bazasi ustama narxini chegirgan holda) va sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy tafovut tegishli neftni qayta ishlash zavodlarining depozit hisob raqamlariga ularning yetkazib berishlariga mutanosib ravishda o‘tkaziladi. Bunda neftni qayta ishlash zavodlarining depozit hisob raqamlariga o‘tkaziladigan summa avtobenzinni sotib olishga xarajatlarning bir qismi shaxslarning ayrim toifalariga har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadigan pul mablag‘lari summasiga kamaytiriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan ushbu summalar bo‘yicha har chorakda neft bazalari va neftni qayta ishlaydigan zavodlari o‘rtasida taqqoslash dalolatnomalari tuziladi.
Neftni qayta ishlash zavodlarining depozit hisob raqamlariga o‘tkaziladigan ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lar neft bazalarining budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga, Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalari summasiga kiritilmaydi, yagona soliq to‘lovini to‘lashda esa — yagona soliq to‘loviga kiritilmaydi.
10. Neft bazalarining cheklangan ustama narxlarini deklaratsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi”;
11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Barcha AYQShlar uchun, ularning joylashgan joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isining chakana narxidan chegirishlarning yagona miqdori belgilanadi”;
20-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
21-banddagi “korxonalar tomonidan belgilangan cheklangan darajalar” so‘zlari ““O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi neft bazalari tomonidan belgilangan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 09/20/170/0336-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 11-son, 141-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 09/20/170/0336-son)