Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.05.2023
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining
buyrugʻi
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 4-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2434]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2022-yil 10-noyabrdagi 18-sonli ““Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2434-2, 17.11.2022-y.) asosan 2023-yil 1-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 141-modda), “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 124-modda) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-sonli “Umumiy foydalaniladigan transportda yoʻlovchi tashuvchilar faoliyatini hamda ularni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 38-son, 437-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 29-yanvar,
2-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2013-yil 29-yanvardagi 2-son buyrugʻiga
ILOVA
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son “Umumiy foydalaniladigan transportda yoʻlovchi tashuvchilar faoliyatini hamda ularni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni (keyingi oʻrinlarda guvohnoma deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
arizachi — guvohnoma olish uchun tegishli shahar yoʻlovchi transportini boshqarish organiga ariza bilan murojaat etgan shaxs;
shahar yoʻlovchi transportini boshqarish organlari (keyingi oʻrinlarda ShYTBO deb yuritiladi) — Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti hamda viloyat markazi hisoblangan shaharlar, shuningdek Nukus shahar hokimligi huzuridagi yoʻlovchi transportini boshqarish tashkilotlari;
guvohnoma — mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda ShYTBO tomonidan beriladigan, qatʼiy hisobda turadigan, belgilangan namunadagi, egasining nomi yozilgan hujjat;
guvohnomalar reyestri — guvohnomalar berish boʻyicha maʼlumotlar elektron tarzda shakllantiriladigan baza.
2. Eski namunada berilgan guvohnomalar mazkur Nizom kuchga kirgandan keyin olti oy mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
3. Guvohnoma egasi Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqiga ega.
4. ShYTBOning joylashgan eri (pochta manzili), telefon raqamlari, masʼul shaxslar va ularning ishlash jadvali, guvohnomalarni berish toʻgʻrisidagi axborotlar manfaatdor shaxslar eʼtiboriga mazkur axborotlarni ommaviy axborot vositalari, jumladan ShYTBOning Internetdagi rasmiy veb-saytida eʼlon qilish, ShYTBO binosining kirish joylarida barchaning tanishib chiqishi qulay boʻlgan joylariga osib qoʻyish orqali yetkaziladi.
5. Guvohnoma olish boʻyicha murojaat etgan fuqarolarga zarur axborotlar taqdim etish va guvohnomalarni rasmiylashtirish uchun ShYTBO rahbari tomonidan masʼul xodim tayinlanadi.
6. “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, quyidagi shaxslar shahar yoʻlovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
1941–1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar;
1941–1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
1941–1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs.
Haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga guvohnoma berilmaydi. Ular harbiy guvohnomasi yoki kontrakt asosida xizmat qiluvchining shaxsiy guvohnomasini koʻrsatgan taqdirda shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqidan foydalanadi.
7. 1941–1945-yillardagi urushning I guruh nogironi va koʻzi ojiz nogironlarga hamrohlik qiluvchi shaxslar uchun mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda varaqa beriladi. Mazkur varaqa guvohnoma egasiga hamrohlik qilish vaqtidagina haqiqiy hisoblanadi.
8. Guvohnoma egasi:
guvohnomasini asrab-avaylashi, uning boshqa shaxsga berilishiga, yoʻqolishiga va yaroqsiz holga kelishiga yoʻl qoʻymasligi;
guvohnoma yoʻqolgan taqdirda, darhol guvohnoma bergan ShYTBOga yozma ravishda murojaat qilishi lozim.
9. Guvohnoma blankalari va varaqalari qatʼiy hisobda turadigan va belgilangan himoya chizigʻiga ega hujjat boʻlib, hisobga olish seriyasi va tartib raqamiga ega boʻladi.
10. Guvohnomalar och yashil rangda tayyorlanib, oʻrtasiga Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegaralari konturlarining koʻrinishi joylashtiriladi.
11. Guvohnoma blankalari va varaqalari tegishli ShYTBOning buyurtmasiga asosan, “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan yagona namunada tayyorlanadi. Guvohnoma blankalari va varaqalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun ShYTBO rahbari javobgardir.
12. Guvohnoma va varaqa cheklanmagan muddatga beriladi.
13. Guvohnoma va varaqa uning egasiga yuklarini bagaj shaklida tekin tashish huquqini bermaydi.
14. Guvohnomani boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
(14-band Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
II bob. Guvohnoma olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish va berilgan guvohnomalarni roʻyxatga olish
15. Guvohnoma olish uchun fuqaro yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan doimiy yashash (roʻyxatdan oʻtish) joyi boʻyicha ShYTBOga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza;
3 x 4 sm oʻlchamdagi ikkita fotosurat;
fuqarolik pasporti;
mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan toifaga kirishini tasdiqlovchi hujjat.
16. ShYTBOning masʼul xodimi tomonidan mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqqanlik va guvohnoma berganlik uchun yigʻim undirilmaydi. Guvohnoma mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilgandan keyin bir ish kuni ichida beriladi. Mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan fuqarolarga ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar uchun varaqa ham qoʻshib beriladi.
(17-band Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
18. Guvohnomalarni berish boʻyicha maʼlumotlar Guvohnomalarni qayd etish jurnalida (keyingi oʻrinlarda Jurnal deb yuritiladi) va guvohnomalar reyestrida roʻyxatga olinadi.
19. Jurnalda va guvohnomalar reyestrida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
fuqaroning familiyasi, ismi va otasining ismi;
guvohnoma olish uchun ariza berilgan sana;
fuqaroning turar joy manzili, fuqarolik pasportining seriyasi va raqami;
berilgan guvohnomaning seriyasi va raqami;
fuqaroning mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan shaxslar toifasiga kirishini tasdiqlovchi hujjat turi va raqami.
20. Fuqaro guvohnoma olganligini Jurnalga imzo qoʻyish orqali tasdiqlaydi.
21. Jurnal varaqlari raqamlangan, ip oʻtkazib bogʻlangan hamda ShYTBO rahbari imzosi va muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Tegishli maʼlumotlar Jurnalga ketma-ketlikda tartib bilan qayd etiladi. Jurnalga asossiz ravishda qoʻshimcha yozuvlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Guvohnomalar reyestridagi maʼlumotlar ShYTBOning Internetdagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
III bob. Guvohnomani dublikatini berish, almashtirish va uni bekor qilish
23. Guvohnoma yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda, fuqaroga guvohnomaning dublikati beriladi.
24. Guvohnoma dublikatini olish uchun guvohnoma egasi ShYTBOga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
guvohnomaning yoʻqolganligi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida chop etilgan eʼlon nusxasi;
topilmalar idorasining guvohnoma topilmaganligi haqidagi maʼlumotnomasi.
25. Guvohnoma yaroqsiz holga kelgan taqdirda, guvohnoma almashtirib beriladi. Bunda, guvohnoma egasi yaroqsiz holga kelgan guvohnomani ShYTBOga topshirishi lozim.
26. Guvohnoma soxta hujjatlar taqdim etgan holda olinganligi aniqlanganda u bekor qilinadi.
IV bob. Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxatini inventarizatsiya qilish
(IV bob nomi Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
27. ShYTBO tomonidan moliya yili yakunida shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxati har yili inventarizatsiyadan oʻtkaziladi.
(27-band Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
28. ShYTBO moliya yili yakunlangandan keyin oʻttiz kun ichida guvohnomalar reyestridagi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlariga — 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar, 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari, 1941 — 1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan, Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar va koʻzi ojiz nogironlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining hududiy organlariga — Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda inventarizatsiyadan oʻtkazish uchun yuboradi.
(28-band Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
29. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari va Mudofaa vazirligining hududiy organlari guvohnomalar reyestri olingandan soʻng oʻttiz kun ichida ShYTBOga guvohnomalar reyestridan chiqib ketgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etadi.
(29-band Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
30. ShYTBO taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan, guvohnomalar reyestri va Jurnalga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
V bob. Guvohnomalarni va varaqalarni hisobdan chiqarish va yoʻq qilish
31. Foydalanish mumkin boʻlmagan guvohnomalarni va varaqalarni hisobdan chiqarish va yoʻq qilish ShYTBO rahbarining buyrugʻi asosida tashkil qilinadigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
32. Guvohnomalarni hisobdan chiqarish va yoʻq qilish tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Dalolatnomada guvohnomalarning seriyalari, tartib raqamlari, soni va qiymati, shuningdek hisobdan chiqarish va yoʻq qilish asoslari koʻrsatiladi.
VI bob. Yakuniy qoidalar
33. Mazkur Qoidalarning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
34. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Mudofaa vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2013-yil 29-yanvar
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2013-yil 29-yanvar
Mudofaa vaziri K. BERDIYEV
2013-yil 29-yanvar
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqini beruvchi guvohnomaning shakli
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqini beruvchi varaqaning shakli
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
‎‎ __________________________‎‎
‎‎ __________________________‎‎
‎‎

‎‎__________________________

‎‎

(ShYTBOning nomi)‎‎

‎‎‎‎A R I Z A

‎‎Men, _______________________________________, _______________________

‎‎(ariza beruvchining F.I.O.)

___________________________________________________________da yashovchi,
‎‎_______________________________________________________________________boʻlib,

‎‎(qaysi toifaga kirishi)

‎‎menga shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqini beruvchi guvohnoma berishingizni soʻrayman.
‎‎
‎‎Arizamga 3x4 sm oʻlchamdagi ikkita fotosuratimni ilova qildim.
‎‎
‎‎ ‎‎_________________________ ____________‎
‎‎

‎‎(F.I.O. va imzo)

‎‎_____________________

‎‎

‎‎(ariza berilgan sana)

‎‎
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning
ROʻYXATI

T/r

‎‎ShYTBOning roʻyxati boʻyicha bepul yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslar

‎‏Moliya vazirligi huzuridagi
‎budjetdan tashqari Pensiya
‎jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan

‎‏Mudofaa vazirligining hududiy organlari tomonidan

‎‏‎‏Izoh

(ShYTBO tomonidan taqdim etiladi)

Hudud nomi‎

F.I.O.‎

Manzili‎

Tugʻilgan yili‎

Toifa shakli‎

pensiya yoki nafaqa oluvchi sifatida roʻyxatda turadi‎

Harbiy pensiya oluvchi sifatida roʻyxatda turadi‎

Afgʻoniston Respublikasida va boshqa
‎mamlakatlarning hududidagi jangovar
‎harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi
‎jangchilar sifatida roʻyxatda turadi‎

(4-ilova Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 7-fevraldagi 57-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2434-1, 15.02.2017-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 103-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 10-son, 131-modda; 2017-y., 7-son, 103-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)