|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.02.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markaziga oʻquvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 25-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2408]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vazirining 2017-yil 27-yanvardagi 3-B-sonli “Kasb-hunarga oʻqitish markazlariga oʻqitishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2860 27.01.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 270-son “Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyatini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 37-son, 431-modda) muvofiq buyuraman:
1. Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markaziga oʻquvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari) ni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-noyabr,
74-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yil 29-noyabrdagi 74-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markaziga oʻquvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 270-son “Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyatini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 37-son, 431-modda) muvofiq Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markaziga (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) tanlangan yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitish va qayta tayyorlash (keyingi oʻrinlarda oʻqish deb yuritiladi) uchun oʻquvchilarni qabul qilish hamda kirish malaka imtihonlarini (testlari) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom Markaz tomonidan tashkil qilinadigan qisqa muddatli pulli kurslarga oʻqishga qabul qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Markazga unda oʻqish istagini bildirgan fuqarolar, jumladan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinfini tamomlagan, tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida (keyingi oʻrinlarda Bandlikka koʻmaklashish markazi deb yuritiladi) qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan hamda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan berilgan yoʻllanmasi mavjud boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻqishga qabul qilinadi.
2. Markaz oʻqishga qabulni tashkil qilish uchun oʻqitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan oltmish kun oldin oʻzining qabul rejasini tuzadi va kelishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga kiritadi.
3. Qabul rejasining kelishuvi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida Bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi tomonidan taʼminlanadi.
4. Markazning oʻqishga qabul rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishilgan kundan boshlab uch kun ichida Markaz tomonidan ommaviy axborot vositalarida oʻqishning asosiy yoʻnalishlari va qabul uchun shartlar, talab etiladigan hujjatlar roʻyxati, Markaz manzili va murojaat uchun telefon raqamlari koʻrsatilgan holda oʻqishga qabul toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
II bob. Oʻqishga qabul qilish ishini tashkil etish
5. Markazda oʻqish uchun qabul oʻqitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan qirq besh kun oldin boshlanadi va oʻn besh kun davomida amalga oshiriladi.
6. Markazga oʻqishga kirish uchun qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar topshiriladi:
Markaz direktorining nomiga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
pasport nusxasi;
maʼlumotini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi (diplom yoki attestat);
Bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan berilgan yoʻllanmaning asl nusxasi;
sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
35 x 45 mm oʻlchamdagi 6 dona fotosurat.
Pasport qabul komissiyasining masʼul xodimiga fuqaro tomonidan shaxsan koʻrsatiladi.
7. Oʻqishga qabul qilingan fuqarolarning mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlari hamda oʻqish davrida unga nisbatan qabul qilingan hujjatlar uch yilgacha Markazda saqlanadi va qonun hujjatlariga muvofiq Markaz tomonidan davlat arxivi organlariga topshiriladi.
8. Tegishli hujjatlarni topshirgan fuqarolarga hujjatlarning qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida tilxat beriladi.
9. Qabul uchun masʼul shaxs tomonidan hujjatlarni qabul qilib olish vaqtida fuqaroning yotoqxonaga boʻlgan ehtiyoji aniqlanadi va bu haqda fuqaroning hujjatlari yigʻma jildiga tegishli yozuv kiritib qoʻyiladi.
10. Markazda oʻqish istagini bildirgan fuqarolarning hujjatlari qabul komissiyasining ishchi guruhi tomonidan qabul qilinadi. Ishchi guruh Markaz direktorining buyrugʻi bilan Markaz xodimlaridan iborat tarkibda tuziladi.
III bob. Qabul komissiyasi ishini tashkil etish va kirish imtihonlarini oʻtkazish
11. Qabul komissiyasi quyidagi toʻqqiz kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi:
komissiya raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli tarkibiy boʻlinmasi rahbari;
komissiya raisi oʻrinbosari — Markaz direktori;
komissiya kotibi — Markaz direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari;
komissiya aʼzolari — Toshkent shahar va Toshkent viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosarlari va Markazning boʻlim boshliqlari.
12. Quyidagilar qabul komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻqish istagini bildirgan fuqarolarni roʻyxatga oladi va ularning hujjatlarini qabul qilish ishini tashkillashtirish;
qabul rejasiga oʻqish istagini bildirgan fuqarolardan tushgan arizalarni inobatga olgan holda belgilangan qabul kvotasi (360 ta) doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
kirish imtihonlarini oʻtkazish jadvallari va test savollarini tasdiqlash;
kirish imtihonlarini oʻtkazish sanasini belgilash;
Markaz mutaxassislari, oʻqituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy savollarni imtihonlar boshlanishidan oʻn kun oldin Markazning eʼlonlar taxtasiga joylashtirilishini taʼminlash;
kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolarning roʻyxatini tasdiqlangan holda Markaz rahbariyatiga taqdim etish;
kirish imtihonlarining natijasidan norozi boʻlgan fuqarolarga asoslantirilgan javoblar berilishini taʼminlash.
13. Kirish imtihonlari qabul komissiyasi va Markaz xodimlari tomonidan test oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Zarur boʻlgan hollarda, kirish imtihonlarida Koreya Xalqaro Hamkorlik agentligining (KOICA) tegishli mutaxassislari oʻz xohishlariga koʻra ishtirok etishi mumkin.
14. Test savollari markazda oʻqish istagini bildirgan fuqaroning tanlagan yoʻnalishi boʻyicha umumiy bilim darajasini aniqlash va baholashga yoʻnaltirilgan boʻlib, matematika, geometriya, fizika va informatika boʻyicha savollarni oʻz ichiga oladi.
15. Test savollari alohida raqamlangan hamda har bir savolga toʻrt xil javob varianti berilgan va shulardan biri toʻgʻri javob hisoblangan ellikta savoldan iborat boʻlgan savollar kitobida taqdim etiladi. Savollar kitobi test oʻtkazilishidan bir kun oldin ishchi guruh tomonidan tayyorlanadi. Savollar kitobini saqlash boʻyicha masʼuliyat qabul komissiyasi kotibining zimmasiga yuklanadi.
16. Kirish imtihonlari Markaz binosida oʻqishga kiruvchilar uchun qulay sharoitda oʻtkaziladi. Imtihon vaqtida imtihon oʻtkazilayotgan xonada begona shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqarolarga test savollarini yechish uchun 120 minut vaqt beriladi. Test savollariga berilgan javoblar Markaz oʻqituvchilari tomonidan tekshiriladi.
17. Har bir toʻgʻri javob uchun ikki ball qoʻyiladi va ballar yuqoridan pastga qarab ketma-ketlikda joylashtiriladi. Tegishli yoʻnalish uchun belgilangan qabul kvotasi doirasida yuqori ball olgan fuqarolar imtihondan oʻtgan hisoblanadi.
IV bob. Kirish imtihoni natijalarini eʼlon qilish
18. Imtihon natijalari u oʻtkazilgan kundan boshlab besh kun ichida Markazning eʼlonlar taxtasiga osib qoʻyiladi va bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Markazning Internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
19. Kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolar roʻyxati qabul komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi va Markaz direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
20. Oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarning roʻyxati uch kun ichida Markaz tomonidan Bandlikka koʻmaklashish markazlariga yuboriladi. Kirish imtihonidan oʻta olmagan shaxslar Markazda oʻqitishning navbatdagi bosqichida oʻqish uchun qayta ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
V bob. Oʻquvchilarni yotoqxona bilan taʼminlash
21. Markazda oʻqish uchun qabul qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan kelgan oʻquvchilar belgilangan miqdor doirasida (100 oʻrin) Markaz tomonidan yotoqxona bilan taʼminlanadi.
22. Oʻquvchilar yotoqxonaga Markazning Pedagogik kengashi qaroriga asosan joylashtiriladi.
VI bob. Yakuniy qoida
23. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori J. ISMOILOV
2012-yil 28-noyabr
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markaziga oʻquvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
|
NAMUNA | ||||
|
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazida ishsiz fuqarolarni oʻqitish uchun tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining | ||||
| “___” _________ 20__ y. | ___-son |
Toshkent shahri | ||
Ishsiz | ||||
|
Ishsiz fuqaro _________________________________________________________________ | ||||
| 19___ yilda tugʻilgan, turar joyi: | ||||
| _______________ shahri (qishloq, ovul), ____________________ koʻcha, ____ uy, ____ xonadon. | ||||
| Pasport __________________________ tumani (shahri) IIB tomonidan ______ y.da berilgan. | ||||
| Maʼlumoti: ________________________ | ||||
| “Ishsiz” deb belgilangan sana: “___” _________ 20__ y. | ||||
| Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi boshligʻi |
_________________ | |||
|
M.Oʻ. |
| |||
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markaziga oʻquvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
| |
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazi direktori ________________ ga | |||
| |
______________________________ | |||
| | ______________________________ | |||
| | ______________________da yashovchi | |||
| | ______________________________ | |||
| | ____________________________dan | |||
|
ARIZA | ||||
|
Sizdan, meni Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazining | ||||
| ____________________________________________________________________ | ||||
| (mutaxassisligi) boʻyicha 1 (bir) yilgacha muddatga kasb-hunarga oʻqishga qabul qilishingizni soʻrayman. | ||||
| | ||||
| “____” ____________ 20_____ yil | | |||
| __________________________ | |
(imzo, F.I.O.) | ||
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 52-son, 597-modda)