Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.04.2022
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2012-yil 8-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2012-yil 5-dekabrda ma’qullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi O‘RQ-765-sonli “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi xususiy bank va boshqa xususiy moliya institutlari (bundan buyon matnda xususiy bank va moliya institutlari deb yuritiladi) hamda ular faoliyatining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari xususiy bank va moliya institutlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashdan, bank-moliya sohasiga xususiy kapitalni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratishdan, bank xizmatlari va boshqa moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni kengaytirishdan hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iboratdir.
2-modda. Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Xususiy bank va moliya institutlari
Xususiy bank va moliya institutlari ustav fondida (ustav kapitalida) muassislar (ishtirokchilar) bo‘lgan jismoniy shaxslarning ulushi kamida ellik foizni tashkil etishi lozim bo‘lgan banklar va boshqa kredit tashkilotlari, sug‘urta tashkilotlari, shuningdek faqat moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi o‘zga yuridik shaxslardir.
Xususiy bank va moliya institutlari tadbirkorlik subyektlaridir.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3 va 4-moddalari.
Quyidagilar xususiy bank va moliya institutlarining muassislari (ishtirokchilari) bo‘lishi mumkin emas:
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar;
davlat organlari, shuningdek siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va diniy tashkilotlar.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarida haq to‘lanadigan lavozimni egallashi mumkin emas.
4-modda. Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatining mulkiy asosi
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyati ularning o‘z mol-mulki va (yoki) qonunchilikda belgilangan tartibda jalb etilgan mol-mulk asosida amalga oshirilishi mumkin.
Xususiy bank va moliya institutlarining o‘z faoliyatini amalga oshirishiga asos hamda vosita bo‘lgan mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda huquq va majburiyatlarning belgilanishi, o‘zgartirilishi va (yoki) bekor qilinishi bilan bog‘liq oldi-sotdi, garov, ijara hamda boshqa bitimlar obyekti bo‘lishi mumkin.
(4-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatini tashkil qilish
Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tashkil qilish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq bank, sug‘urta, lizing xizmatlari yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish vazifalari zimmasiga yuklatilgan davlat organlari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organlaridir.
Maxsus vakolatli davlat organlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda faoliyatning tegishli sohasida xususiy bank va moliya institutlari rahbarlariga nisbatan malaka talablarini belgilashi, shuningdek, xususiy bank va moliya institutlari bajarishi uchun majburiy bo‘lgan iqtisodiy normativlarni va jalb etilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiyalarning eng ko‘p miqdorlarini belgilashi mumkin.
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(5-moddaning birinchi — to‘rtinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 289-moddasi.
6-modda. Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatiga soliq solish
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatiga soliq solish soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi hamda ular uchun soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar hamda preferensiyalar nazarda tutilishi mumkin.
(6-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-bob. Xususiy bank va moliya institutlarining huquq hamda majburiyatlari
7-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining huquqlari
Xususiy bank va moliya institutlari:
mustaqil ravishda o‘z faoliyatini amalga oshirishga hamda bank xizmatlari va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga;
bank xizmatlari va moliyaviy xizmatlar bozorida rivojlanish strategiyasini hamda ishtirok etish dasturlarini tanlashga;
o‘z faoliyatidan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olishga va uni ta’sis hujjatlariga muvofiq o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etishga;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni.
Xususiy bank va moliya institutlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining majburiyatlari
Xususiy bank va moliya institutlari:
o‘zlari tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishi;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashi;
mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan shaxslarning mehnat haqini qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lmagan miqdorda belgilashi, ular bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilishi, shuningdek ish beruvchi sifatida o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilishi;
(8-modda birinchi qismining to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasi sohasidagi qonunchilik va normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
(8-modda birinchi qismining beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XIII-bobi (“Mehnatni muhofaza qilish”).
raqobat to‘g‘risidagi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
(8-modda birinchi qismining oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari.
joylashgan eri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi haqida qonunchilikka muvofiq tegishli davlat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishi;
(8-modda birinchi qismining yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
buxgalteriya hisobi va hisobotini qonunchilikka muvofiq yuritish talablariga rioya etishi;
(8-modda birinchi qismining sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni.
o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni tegishli davlat organlariga belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
Xususiy bank va moliya institutlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining birlashmalari
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘z huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonunchilikka muvofiq uyushmalarga (ittifoqlarga) va boshqa birlashmalarga birlashishi mumkin.
(9-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 22-martdagi 153-son qarori bilan tasdiqlangan “Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida”gi Nizom.
3-bob. Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatining kafolatlari
10-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining kafolatlari
Davlat xususiy bank va moliya institutlariga teng huquqlarni kafolatlaydi hamda moddiy-texnika, moliyaviy, mehnat, axborot resurslaridan va boshqa resurslardan foydalanish uchun teng imkoniyatlar yaratadi.
Davlat xususiy bank va moliya institutlarining tadbirkorlik faoliyati erkinligini hamda huquqiy jihatdan muhofaza qilinishini kafolatlaydi.
Xususiy bank va moliya institutlariga nisbatan kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
11-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining mulk huquqi kafolatlari
Xususiy bank va moliya institutlari, shuningdek ular muassislarining (ishtirokchilarining) mulk huquqi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53 va 54-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining II-bo‘limi (“Xususiy mulk”) va O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
12-modda. Xususiy bank va moliya institutlari mol-mulki natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmasligining kafolatlari
Xususiy bank va moliya institutlarining mol-mulki natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202, 203 va 204-moddalari.
Xususiy bank va moliya institutlarining mulki bo‘lgan mol-mulkni, shu jumladan yer uchastkasini ular natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilingan hollarda olib qo‘yish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xususiy bank va moliya institutlariga uning bozor qiymati, shuningdek bunday olib qo‘yish munosabati bilan xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi.
Xususiy bank va moliya institutlari o‘z mulkidagi mol-mulkning natsionalizatsiya, musodara hamda rekvizitsiya qilinishi to‘g‘risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 32-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasi.
13-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatida qonunchilik buzilganligini aniqlasa, ular o‘z vakolatlari doirasida va aniq qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq chora-tadbirlarni ko‘rishi mumkin. Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan xususiy bank va moliya institutlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
(13-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ular mansabdor shaxslarining xususiy bank va moliya institutlari faoliyatiga, shu jumladan mazkur institutlar hamda ular filiallarining rahbar xodimlarini tayinlashga aralashishi, xususiy bank va moliya institutlarining mablag‘lari hisobidan turli to‘lovlar hamda badallar talab qilishi taqiqlanadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning xususiy bank va moliya institutlarining tadbirkorlik tavakkalchiliklarini, shu jumladan kredit portfeli hamda aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishga doir faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 34-moddasi.
14-modda. Ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar uchun haq to‘lash miqdorini mustaqil belgilash kafolatlari
Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq to‘lash miqdori xususiy bank va moliya institutlari tomonidan mustaqil belgilanadi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(14-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Daromadni (foydani) tasarruf etish erkinligi kafolatlari
Xususiy bank va moliya institutlari barcha xarajatlarning, shu jumladan ta’sis hujjatlarida belgilangan xarajatlarning o‘rni qoplanganidan, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin qolgan daromadni (foydani) o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etadi, sud tartibidagi majburiy undiruv hollari bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 20 va 21-moddalari.
16-modda. Axborotdan foydalanish kafolatlari
Davlat organlari va boshqa organlar, ularning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlariga mazkur xususiy bank va moliya institutlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor qonunchilik hujjatlari, hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart. Axborotdan foydalanish qonunchilik hujjatlarini, hujjatlarni, qarorlarni va boshqa materiallarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali davlat organlari va boshqa organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish va tarqatish yo‘li bilan ta’minlanadi.
(16-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasi.
4-bob. Xususiy bank va moliya institutlarining huquqlarini himoya qilish
17-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining ishchanlik obro‘sini himoya qilish
Xususiy bank va moliya institutlari o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga, agar bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Agar xususiy bank va moliya institutlarining ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, bu ma’lumotlarga raddiya ayni shu ommaviy axborot vositalarida berilishi lozim. Agar tashkilotdan olingan hujjatda shunday ma’lumotlar bo‘lsa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.
Xususiy bank va moliya institutlari o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlar tarqatilganda, bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1992-yil 19-iyundagi 5-PL-92-sonli “Sud amaliyotida fuqaro va tashkilotlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi qonunlarni qo‘llash to‘g‘risida” qarori.
18-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining oshkor etilmagan axborotini muhofaza qilish
Xususiy bank va moliya institutlarining tijorat siri bo‘lgan, uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmagan axboroti (oshkor etilmagan axborot) uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmaganligi sababli haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega bo‘lgan, undan qonuniy asosda erkin foydalanish mumkin bo‘lmagan hamda axborot egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralar ko‘rgan taqdirda, muhofaza qilinadi.
Oshkor etilmagan axborotni undan qonunga xilof ravishda foydalanishdan muhofaza qilish huquqi ushbu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan, guvohnomalar olishdan va hokazodan) qat’i nazar vujudga keladi.
Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish qoidalari qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri bo‘la olmaydigan ma’lumotlarga (yuridik shaxslar, mol-mulkka bo‘lgan huquqlar hamda uning xususida tuzilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bitimlar haqidagi ma’lumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarga va boshqalarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asoslarsiz olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs axborotdan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun bu axborotning qonuniy egasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart.
Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi ma’lumotlarni mustaqil ravishda va qonuniy tarzda olgan shaxs, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qat’i nazar, bu ma’lumotlardan foydalanishga haqli va bunday foydalanganlik uchun uning oldida javob bermaydi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 64-bobi (“Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish”) va O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasi.
19-modda. Xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zararning o‘rni, shu jumladan boy berilgan foyda bu zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘la hajmda qoplanishi kerak. Zarar yetkazuvchi bo‘lmagan shaxs zimmasiga qonunga binoan zararning o‘rnini qoplash majburiyati yuklatilishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi va boshqa organning qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilishi natijasida xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan va boshqa organ tomonidan sudning qarori asosida qoplanishi kerak. Davlat organlari va boshqa organlarning mansabdor shaxslari aybi bilan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sud qarori bilan mazkur mansabdor shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
(19-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshiruvlardan o‘tkazish, shuningdek davlat organlari va boshqa organlar xodimlarining, shu jumladan ular tomonidan tekshirishlar o‘tkazishga jalb qilingan shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zararning o‘rni, boy berilgan foydani hisobga olgan holda, zarar yetkazgan davlat organlari yoki boshqa organlar tomonidan to‘la hajmda qoplanishi kerak.
Xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplagan davlat organlari va boshqa organlar mazkur organlar xodimlarining, shuningdek ushbu organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazishga jalb qilingan shaxslarning aybi bilan xususiy bank va moliya institutlariga yetkazilgan zarar bo‘yicha ularga nisbatan regress talab qo‘yish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”) va O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 38-moddasi.
20-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlarni cheklash
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlar qonunchilikka muvofiq nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan rejali tartibda ko‘pi bilan besh yilda bir marta amalga oshirilishi mumkin.
(20-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy bank va moliya institutlarining moliya-xo‘jalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda to‘lanmagan taqdirda, rejali tekshirishlardan o‘tkazilishi mumkin.
(20-modda O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-418-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2017-y., 1-son, 1-modda)
Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlar o‘ttiz kalendar kundan moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar esa o‘n kalendar kundan oshmasligi hamda xususiy bank va moliya institutlarining to‘laqonli faoliyat yuritishiga xalaqit qilmasligi lozim.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Nazorat qiluvchi organ rejali tekshiruv o‘tkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni o‘tkazish boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin xususiy bank va moliya institutlarini, tekshiruvdan o‘tkazish muddatlari va tekshiruv predmetini ko‘rsatgan holda, yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining mavjudligi prokuratura, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshiruvlardan o‘tkazish uchun asos bo‘ladi. Bunda xususiy bank va moliya institutlarining qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq faoliyatigina tekshiruv bilan qamrab olinishi mumkin, bu haqda tekshiruv tayinlanganligi to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilishi kerak.
(20-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Xususiy bank va moliya institutlari tekshiruv o‘tkazish uchun asoslarga ega bo‘lmagan shaxslarning tekshiruv o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha ularning talablarini bajarmaslik hamda ularni tekshiruv predmetiga taalluqli bo‘lmagan materiallar bilan tanishtirmaslik huquqiga ega.
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatini tekshirishlar natijalari dalolatnoma (ma’lumotnoma) bilan rasmiylashtirilib, tekshirish tugagan kuni uning bir nusxasi tekshirilayotgan xususiy bank va moliya institutida qoldiriladi.
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyati tekshiruvlardan o‘tkazilayotganda qonunchilik normalarining qo‘llanilishida yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan kelishmovchiliklar va noaniqliklar xususiy bank va moliya institutlari foydasiga talqin qilinadi.
(20-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 39-moddasi.
Xususiy bank va moliya institutlari faoliyatini tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan xususiy bank va moliya institutlari faoliyatini tekshirishlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(20-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning rahbarlari, xodimlari, shuningdek tekshirishlar o‘tkazishga jalb qilinadigan shaxslar xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlarni qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun, shu jumladan qonunga xilof qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) uchun qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
(20-moddaning o‘ninchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 990, 991-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining XVI1 bobi (“Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik”) va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XIII1 bobi (“Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar”).
21-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlarni amalga oshiradigan mansabdor shaxslarga qo‘yiladigan talablar
Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishga kirishishiga mazkur shaxslarda nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan tekshiruvlar o‘tkazish rejasidan ko‘chirma yoki qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida ushbu organ tomonidan qabul qilingan qarorning ko‘chirma nusxasi, shuningdek nazorat qiluvchi organning tekshirish maqsadlari, tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi va tekshiruv o‘tkazish muddatlari ko‘rsatilgan buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi, tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tekshiruvlar o‘tkazishga ruxsat berilganligi to‘g‘risidagi maxsus guvohnomasi hamda shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasi bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
(21-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-418-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 1-son, 1-modda)
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazayotganda tekshirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobiga qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli yozuv kiritadi.
(21-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirayotganda xususiy bank va moliya institutlarining tijorat siri, xizmat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlari, shuningdek oshkor etilmagan axboroti sir saqlanishini ta’minlashi shart.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 41-moddasi
22-modda. Davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Xususiy bank va moliya institutlari davlat organlari hamda boshqa organlarning xususiy bank va moliya institutlari faoliyati bilan bog‘liq qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan o‘z xohishiga ko‘ra bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud bevosita sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat berilganligi shunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
Xususiy bank va moliya institutlari davlat organlari hamda boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida sudga murojaat qilganida davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 50-moddasi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
23-modda. Nizolarni hal etish
Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari sohasidagi nizolar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.
(23-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
25-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(25-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
26-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2012-yil 18-dekabrdagi 245 (5665)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 17-dekabr,
O‘RQ—339-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 51-son, 573-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 1-son, 1-modda, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)