Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SUD TIZIMI XODIMLARINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILIShNI TUBDAN YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Qonun va qonunchilik ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan, davlat hokimiyatining gʻoyat muhim tarmogʻi boʻlgan sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich demokratlashtirish va erkinlashtirish huquqiy davlatni shakllantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan uzoq muddatli va izchil islohotlar dasturining eng muhim ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Oʻtgan yillar mobaynida qabul qilingan qonunlar, xususan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, hokimiyat tarmoqlarining boʻlinishi konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirish, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, uni oʻtmishdagi qatagʻon va jazolash qurolidan qonun himoyasida turadigan chinakam mustaqil institutga aylantirish borasida miqyosi va koʻlamiga koʻra ulkan ishlar olib borilmoqda.
Sud kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyishning zamonaviy demokratik tamoyillarga asoslangan tizimi yaratildi, bunda asosan jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi muhim rol oʻynaydi.
Shu bilan birga, rivojlangan demokratik davlatlarning tajribasi va sud-huquq tizimini isloh qilish boʻyicha oʻtgan davr davomidagi ishlarning tanqidiy tahlili shundan dalolat beradiki, sud organlarining davlat boshqaruvidagi roli va ahamiyati yanada oshirilishini taʼminlamasdan, ularning vakolatlari va mustaqilligini kuchaytirmasdan turib mamlakatni siyosiy hamda iqtisodiy yangilash va modernizatsiya qilishda muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi.
Ayni shu boisdan 2010-yilning 12-noyabrida qabul qilingan oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan Mamlakatimizda Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida zikr etilgan muammolarni hal etishga, shu jumladan, sud ishlarini mustaqil yuritish va sud organlari xodimlarining ijtimoiy maqomini muhofaza qilish uchun zarur huquqiy va sotsial kafolatlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qoʻyilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar:
Konstitutsiyaviy sud va sudlar sudyalarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnat haqi razryadlari 1 — 4-ilovalarga* muvofiq;
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Konstitutsiyaviy sud va sudlar sudyalari hamda mazkur sudlardagi darajali unvonga ega boʻlgan xodimlarining alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlariga oylik ustama haq miqdori 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Konstitutsiyaviy sud va sudlarning sudyalari xizmat vazifalarini bajarishlari munosabati bilan oladigan daromadlari jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliq toʻlovidan ozod qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Oldingi tahrirga qarang.
sudyalarga uy-joy sotib olish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berishni, shuningdek turar joylar ijarasi uchun har oyda pul kompensatsiyasi toʻlab borishni nazarda tutadigan tartibni tasdiqlasin;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi PF-6186-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.03.2021-y., 06/21/6186/0200-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-sonli “Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish hamda sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartiblari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi bilan kelishilgan holda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturini tasdiqlasin;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-dekabrdagi 346-sonli “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
sudlarning tarkibiy tuzilmasida axborotlashtirish masalalari boʻyicha alohida boʻlinmalar tashkil qilish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar sudyalarining mavjud ish yuklamasini, tumanlararo sudlarning oʻzlariga biriktirilgan hududlarga nisbatan qanchalik olisda joylashganini oʻrganib chiqsin hamda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tizimini optimallashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin. Bunda sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlangan (saylangan) shaxslarning tegishli ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudida majburiy tayyorgarlik va stajirovka oʻtashlari nazarda tutilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Ushbu Farmonni amalga oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-oktabrdagi PF-5209-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda yuridik taʼlimni yanada takomillashtirish va huquqshunoslik fanini rivojlantirish, zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini koʻrib chiqish uchun kiritsin;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni.
bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchisi B.A.Kokanbayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 2-avgust,
PF-4459-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 31-son, 355-modda; 2017-y., 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2018-y., 06/18/5482/1506-son; 11.03.2021-y., 06/21/6186/0200-son)