OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI BOSHLIGʻINING
buyrugʻi
RAQAMLI NAZORAT QURILMALARIDAN FOYDALANISH TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 26-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2346]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-dekabrdagi 340-sonli “Avtomobilda xalqaro yuk tashiydigan avtotransport vositalariga raqamli nazorat qurilmalarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 51–son, 546-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Raqamli nazorat qurilmalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-fevral,
35-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2012-yil 27-fevraldagi 35-son buyrugʻiga
ILOVA
Raqamli nazorat qurilmalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-dekabrdagi 340-son “Avtomobilda xalqaro yuk tashiydigan avtotransport vositalariga raqamli nazorat qurilmalarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 51-son, 546-modda) muvofiq xalqaro yoʻnalishlarda yuk va yoʻlovchi tashuvlarini amalga oshirishga moʻljallangan avtotransport vositalaridagi raqamli nazorat qurilmalaridan (taxografdan) foydalanish tartibini belgilaydi.
I-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma talablari xalqaro yoʻnalishlarda yuk va yoʻlovchi tashuvlarini amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar va raqamli nazorat qurilmalarini oʻrnatish, qiyoslash, texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va tamgʻalash boʻyicha faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar (bundan buyon matnda ustaxona deb yuritiladi) uchun majburiy.
2. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
raqamli nazorat qurilmasini avtotransport vositasiga identifikatsiya qilish — avtotransport vositasining raqamli nazorat qurilmasi xotirasida saqlanib qoladigan parametrlarini yangilash va tasdiqlash;
raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat koʻrsatish — raqamli nazorat qurilmasini uni ishlab chiqaruvchining yoʻriqnomasiga muvofiq ishchi holatiga olib keluvchi texnik operatsiyalar (avtotransport vositasiga identifikatsiya qilish, raqamli nazorat qurilmasini ishga tushirish, raqamli nazorat qurilmasidan maʼlumotlarni oʻqish);
raqamli nazorat qurilmasini tamgʻalash — raqamli nazorat qurilmasini plombalash, unga qiyoslash bayonnomasida belgilangan maʼlumotlar va ustaxona maxsus belgisi tushirilgan plastinkalarni oʻrnatish.
II-bob. Raqamli nazorat qurilmasini oʻrnatish va qiyoslash
3. Foydalanishdagi avtotransport vositasiga raqamli nazorat qurilmasi ustaxona tomonidan oʻrnatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Avtotransport vositalariga oʻrnatilgan raqamli nazorat qurilmasini qiyoslash ustaxona yoki Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
5. Avtotransport vositalariga oʻrnatilgan raqamli nazorat qurilma bir yilda kamida bir marta qiyoslanadi. Raqamli nazorat qurilmasi taʼmirlangandan va texnik xizmat koʻrsatilgandan keyin qiyoslanganlik muddatidan qatʼii nazar, qayta qiyoslanishi lozim.
6. Qiyoslash natijasida raqamli nazorat qurilmasini foydalanishga yaroqliligi aniqlanadi.
7. Raqamli nazorat qurilmasini yaroqliligi qiyoslanganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Raqamli nazorat qurilmasini qiyoslanganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma bir yil davomida saqlanadi.
8. Raqamli nazorat qurilmasidan keyingi foydalanish imkoniyatini oʻrganish boʻyicha kalibrlash ishlari olti yilda kamida bir marta oʻtkazilishi shart.
III-bob. Raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash
9. Raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash faqat ustaxona tomonidan amalga oshiriladi.
10. Raqamli nazorat qurilmasiga bir yilda kamida bir marta texnik xizmat koʻrsatiladi. Qiyoslash natijalarida ogʻishishlar aniqlangan taqdirda ham texnik xizmat koʻrsatiladi.
11. Taʼmirlash quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
foydalanish jarayonida nosozlik aniqlanganda haydovchi talabi boʻyicha;
texnik koʻrik jarayonida nosozlik aniqlanganda;
qiyoslash vaqtida nosozlik aniqlanganda.
IV-bob. Raqamli nazorat qurilmasini tamgʻalash
12. Raqamli nazorat qurilmasini tamgʻalash uni oʻrnatgan, unga texnik xizmat koʻrsatgan, taʼmirlagan yoki qiyoslash ishlarini bajargan ustaxona tomonidan amalga oshiriladi.
13. Raqamli nazorat qurilmasini tamgʻalash ishlari qurilma oʻrnatilgandan, unga texnik xizmat koʻrsatilgandan, taʼmirlangandan yoki qiyoslash ishlari bajarilgandan soʻng amalga oshiriladi.
14. Ustaxona plombaga bosiladigan maxsus belgiga ega boʻlishi shart.
15. Raqamli nazorat qurilmasini plombalashda ishlatiladigan plombalar uchun ustaxonaning quyidagi maxsus belgilari ishlatiladi: “UZ — XXX”, bu yerda XXX — ustaxonaning tartib raqami.
16. Raqamli nazorat qurilmasini avtotransport vositasiga identifikatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi plastinka oʻzi yelimlanadigan va uni olib tashlashga urinilganda zararlanib qoladigan boʻlishi lozim.
17. Raqamli nazorat qurilmasi plastinkasida qiyoslash bayonnomasida va raqamli nazorat qurilmasini avtotransport vositasiga identifikatsiya qilish bayonnomasida belgilangan maʼlumotlarga muvofiq quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart:
raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat koʻrsatuvchi ustaxonaning maxsus belgisi;
avtotransport vositasining xarakteristik koeffitsiyenti “k = ... r/km” yoki “w =... imp/km”;
avtotransport vositasi gʻildiragi shinalarining effektiv aylanasi “L=... mm”;
raqamli nazorat qurilmasi konstantasi quyidagi shaklda “k =... r/km” yoki “w =. .. imp/km”;
raqamli nazorat qurilmasining avtotransport vositasiga identifikatsiya qilingan sanasi.
V-bob. Raqamli nazorat qurilmasidan foydalanishda haydovchilarga talablar
18. Haydovchi faqat oʻzining kartochkasidan foydalanishi shart.
19. Qatnovda ikkita haydovchi ishtirok etgan holda ikkinchi haydovchining haydovchi kartochkasi raqamli nazorat qurilmasiga birinchi haydovchining haydovchi kartochkasi oʻrniga avtotransport vositasi toʻliq toʻxtagandan keyin oʻrnatilishi kerak.
20. Haydovchi:
faqat soz holdagi raqamli nazorat qurilmasidan foydalanishi;
raqamli nazorat qurilmasining nosozligini aniqlaganda uni almashtirish va taʼmirlash choralarini koʻrishi;
mehnat va dam olish rejimiga rioya qilishi shart.
21. Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi:
raqamli nazorat qurilmasi, spidometr va yuritma datchigidagi plombani uzish;
diagramma tasmasi oʻrnatilmagan raqamli nazorat qurilmasidan foydalanish;
avtotransport vositasining harakati davomida raqamli nazorat qurilmasidan haydovchi kartochkasini chiqarish;
raqamli nazorat qurilmasini ochish;
diagramma tasmasini almashtirish;
raqamli nazorat qurilmasini mustaqil ravishda taʼmirlash;
raqamli nazorat qurilmasini elektr tarmogʻidan uzish.
VI-bob. Yakuniy qoida
22. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va “Oʻzstandart” agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2012-yil 28-yanvar
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2012-yil 28-yanvar
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2012-yil 28-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 13-son, 148-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)