O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA MUASSASALARI LABORATORIYALARIDA (BO‘LINMALARIDA VA BO‘LIMLARIDA) ISHLASHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 2-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2260]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Sanitariya-epidemiologiya muassasalari laboratoriyalarida (bo‘linmalarida va bo‘limlarida) ishlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-avgust,
48-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 9-avgustdagi 48-B-son buyrug‘iga
ILOVA
Sanitariya-epidemiologiya muassasalari laboratoriyalarida (bo‘linmalarida va bo‘limlarida) ishlashda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq sanitariya-epidemiologiya muassasalari laboratoriyalarida (bo‘linmalarida va bo‘limlarida) (bundan buyon matnda laboratoriya deb yuritiladi) ishlashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar sanitariya-epidemiologiya muassasalarining (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) bakteriologik, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar infeksiyasi, parazitologik, virusologik, radiologik tekshirishlarini olib boruvchi laboratoriyalarga taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar binolar va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi).
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Tashkilot xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qitishni va bilimlarni sinashni tashkil qilish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
13. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi muhit hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘ir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillar yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilot o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga to‘la javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va me’yorlar talablariga mos jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ish joylarining havo muhitini me’yorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qo‘llash va to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi.
27. Xodimlar Sog‘liqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me’yorlariga (ro‘yxat raqami 1998, 2009-yil 25-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 35-son, 391-modda) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan bepul ta’minlanishi lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
29. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
30. Bosim ostida ishlovchi uskunalarda va xavfi yuqori bo‘lgan ishlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli guvohnomaga ega bo‘lishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
31. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
33. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyruq (ro‘yxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
34. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi lozim.
35. Tibbiy ko‘riklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud bo‘lmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkazilishi lozim.
36. Xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslik huquqiga ega.
37. Davriy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklandi.
8-§. Sanitariya va gigiyena talablari
38. Tashkilot xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi, umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
39. Ishlab chiqarish xonalarida ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi kerak.
9-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
40. Tashkilot binolari va inshootlari QMQ 2.09.04-98 “Korxonalarning ma’muriy va maishiy binolari” talabiga mos kelishi kerak.
41. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
42. Transport vositalarini binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositasining eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
43. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan yuqori bo‘lishi kerak.
44. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
45. Binolar va inshootlar bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tasdiqlanadigan tadbirlar va dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
46. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
47. Tashkilot hududida joylashgan xo‘jalik binolari bemorlarning nazoratsiz kirib-chiqishini oldini oladigan kuzatuv va ogohlantiradigan uskunalar bilan ta’minlanishi lozim.
10-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
48. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
49. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi lozim.
50. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o‘tish yo‘laklarining enini kamaytirmaslik lozim.
51. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°S, o‘rtacha og‘ir ishda 17°S va og‘ir ishda 16°S dan past bo‘lmasligi kerak.
52. Maishiy xonalar QMQ 2.09.12-98 “Korxonaning maishiy va ma’muriy binolari” talablariga muvofiq oqib keluvchi va so‘ruvchi ventilyatsiya bilan jihozlanishi lozim.
53. Tashkilot rahbari buyrug‘i bilan havo almashtirish tizimi qurilmalarini xavfsiz ishlatish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanishi lozim.
54. Ventilyatsiya qurilmalari ishga yaroqli holda saqlanishi, davriy ravishda ko‘rikdan o‘tkazilib, tozalanib turilishi, nosozliklar aniqlanganida esa, zudlik bilan ta’mirlanishi lozim.
55. Tashkilotlarda havo harorati SanQvaM 12.01.005 “Ish zonasidagi havoga umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
11-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(11-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
56. Suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(56-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
57. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
58. Ichimlik suvining harorati 80 °S dan 200 °S gacha bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
59. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq suv va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
(59-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
60. Tashkilotda oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi yo‘q bo‘lganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarini mavjud bo‘lishiga ruxsat etiladi.
(60-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
12-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan talablar
61. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
62. Elektr tok o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslar (marmar, tekstolit, getinaks va boshqalar)da montaj qilinishi lozim.
63. Yoritish va quvvatli uskunalar hamda elektr tarmoqlarining tuzilishi xonalardagi sharoitlarga va ulardagi ishlab chiqarishning xususiyatiga mos bo‘lishi shart.
64. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan yoki yopiq ijroda bo‘lishi shart.
65. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
66. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llanuvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
67. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qalpoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o‘tkazgichlar qo‘llanishi lozim.
68. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi lozim.
69. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
70. Kabellar va elektr o‘tkazgichlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, himoyalovchi yerga ulagichlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va asboblar bilan o‘lchash orqali tekshirilib turilishi lozim.
71. Elektr apparatlari va agregatlarini nolga va yerga ulash simlarining butunligi tashkilot bosh energetigi boshchiligidagi komissiya tomonidan kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
72. Kam quvvatli elektr lampalari va asboblarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yo‘l qo‘yiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda elektr xo‘jaligi uchun javobgar xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
73. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
74. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun mashinalarning g‘iloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘rlar bilan o‘ralgan va to‘r yer bilan ulangan bo‘lishi lozim.
75. Tashkilotning barcha turdagi bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi lozim. Yashin qaytargichlar har yili bahorda tekshirilib turilishi va nosozliklari bartaraf etilishi lozim.
13-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
76. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talabiga mos bo‘lishi lozim. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak.
77. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarning ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarni sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
78. Yorug‘ tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
79. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan to‘sib qo‘yishga ruxsat etilmaydi.
80. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda) tizim orqali amalga oshiriladi. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
81. Uchastkalarda va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolishi ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
82. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak.
83. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
14-§. Tashkilot maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
84. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89—80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani” talabiga mos bo‘lishi kerak.
85. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
86. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
87. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
88. Tashkilot maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
89. Yilning yoz vaqtida yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi lozim.
90. Yo‘lovchilar uchun yo‘lak va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m yon tomonlarida devorcha va to‘siqlar bo‘lishi lozim.
91. Binolarning tomlarini qishki mavsumda qordan, karnizlarni qotgan muzlardan tozalab turish zarur.
92. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
93. Hovlidagi hojatxonalarni ozoda saqlash, muntazam dezinfeksiya qilish, sutkaning qorong‘i paytida esa yoritilishi kerak.
94. Tashkilot joylashgan maydon butun chegara bo‘ylab to‘silgan bo‘lishi, uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
15-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
95. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.012.-90 “Tebranma.Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
96. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan hollarda uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (shamollatgich, kompressor, va boshqalar) to‘silgan xonalardan tashqarida joylashtirish;
tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalarini (elektr dvigatellar, ventilyatorlar va shunga o‘xshashlar) mustaqil poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatilishi kerak.
97. Ishlab chiqarish xonalarida shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibda himoya qiluvchi vositalardan foydalanish kerak.
16-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
98. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(98-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
III bob. Tashkilotlarda ish jarayonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ish jarayonlariga qo‘yiladigan xavfsizlikning umumiy talablari
99. Yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan laboratoriyalarni foydalanishga qabul qilib olish SHNQ 3.01.04.04 “Yangi qurilgan obyektlarni foydalanish uchun qabul qilish”ga muvofiq qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
100. Xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlar sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan laboratoriyalarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
101. Tashkilotlar ishni tashkil qilish uchun, uning faoliyat yo‘nalishiga bog‘liq ravishda kerakli miqdorda xonalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
102. Laboratoriyalarda yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblar bilan ish olib boriladigan xonalar alohida binoda yoki binoning ajratib olingan qismida joylashtirilishi va unda kamida ikkita kirish joyi bo‘lishi kerak.
103. Zaharli moddalar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan xonalar laboratoriyaning boshqa xonalaridan ajratib olingan bo‘lishi kerak.
104. Laboratoriyalarda pollar metlax plitkalari yoki boshqa suv o‘tkazmaydigan va kislotaga bardoshli material bilan qoplanishi kerak. Maxsus laboratoriyalarda, ishning xususiyatlariga ko‘ra pol qoplamasi sifatida boshqa materiallar ham ishlatilishi mumkin.
105. Laboratoriyaga kirmasdan laboratoriya xonasini ko‘zdan kechirish uchun ularning eshiklari (o‘rta qismida) shaffof oynali bo‘lishi kerak.
106. Laboratoriya ishchi xonalarining eshiklari undan chiqish tomoniga (laborant xonasiga, preparatlar tayyorlanadigan xonaga, koridorga) ochiladigan bo‘lishi kerak. Qolgan xonalarning eshiklari ham iloji boricha tashqariga (koridorga) ochiladigan bo‘lishi kerak.
107. Yong‘in jihatidan xavfli va portlovchi moddalar bilan ish olib boriladigan laboratoriyalarning ishchi xonalarida ikkita chiqish yo‘li bo‘lishi kerak.
108. Deraza oynalarini bo‘yoq bilan bo‘yash mumkin emas.
109. Laboratoriyalarning ishchi xonalariga toza havo beruvchi va havoni so‘rib oluvchi shamollatish tizimidan tashqari, alohida havoni tortuvchi (ventilyatsiyali) shkaflar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
110. Korroziyalovchi moddalar bilan ish olib boriladigan xonalardagi shamollatish uskunalari korroziyaga qarshi materiallardan tayyorlangan yoki korroziyadan himoya qiluvchi qoplamali bo‘lishi kerak.
111. Yong‘in jihatidan xavfli va portlovchi moddalar bilan ish olib boriladigan xonalarda barcha shamollatish uskunalarining kanallari yonmaydigan materiallardan tayyorlanishi kerak.
112. Yong‘in jihatidan xavfli va portlovchi moddalar bilan ish olib borish uchun mo‘ljallangan ish stollari va havoni tortuvchi (ventilyatsiyali) shkaflar yonmaydigan material bilan to‘liq qoplanishi, kislota va ishqorlar bilan ishlash uchun esa korroziyaga qarshi materiallar bilan qoplanishi va yon devori yonmaydigan materialdan bo‘lishi kerak.
113. Zararli va yonuvchan bug‘ va gazlar chiqishi bilan birga kechadigan ish olib borilishi kerak bo‘lgan havoni tortuvchi (ventilyatsiyali) shkaflar ustki va ostki tortib oluvchi moslamalar bilan jihozlangan (havoni so‘rib oluvchi moslamalarni ishga tushirish bug‘larning zichligiga ko‘ra tartibga solinadi) va suyuqlikning polga tushishdan saqlaydigan yon devorli bo‘lishi kerak.
114. Laboratoriyalar elektr energiyasi (o‘zgaruvchan va doimiy tok), gaz, sovuq va issiq suv, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari, zarurat tug‘ilganda esa radiatsiyadan, elektromagnit maydonlaridan, tebranishlardan va shovqindan himoya qilish moslamalari bilan ta’minlangan bo‘lishi, shuningdek elektr asbob-uskunalar yerga ulanishi kerak.
115. Har bir laboratoriyada quyidagilar bo‘lishi kerak:
pasport (xonalar, asbob-uskunalar, kommunikatsiyalarning tavsifi);
birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun ichida kerakli tibbiy preparatlar, bog‘lash vositalari va asboblari to‘plami bo‘lgan shkaf-dorilar qutisi;
birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari;
yakka tartibdagi va jamoa himoya vositalari;
yong‘in va texnika xavfsizligi hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnoma;
yong‘in va texnika xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalarni qayd etish jurnali.
116. Laboratoriyalar xonalari tahlillar o‘tkazilishi jarayoniga ko‘ra joylashtirilishi va texnologik jarayonning asosiy oqimlari jihatidan ratsional joylashtirish bilan ta’minlanishi kerak.
117. Ro‘yxatga olish xonasi va bakteriologik laboratoriyalarda namunalarni qabul qilib olish xonasi laboratoriyaning kirish qismida joylashtirilishi, zararlangan material bilan ishlashda ketma-ketlikni hisobga olgan holda, eshik va ishchi xonalar yonma-yon va namuna olish xonasiga yaqinroqda joylashtirilishi, avtoklav, yuvish, preparatlar tayyorlanadigan xona va muhit yaratish xonasini bir guruhga birlashtirish kerak.
118. Bakteriologik laboratoriyalarda bir qancha termostatlarni har joyda joylashtirish o‘rniga, ajratib olingan qorong‘u xonada termal xonani jihozlash lozim.
119. Boks xonasi bir-biridan oynaband to‘siq bilan ajratilgan ikki bo‘linmadan, ya’ni boks xonasining o‘zi va boks xonasining old (kirish) xonasidan iborat bo‘ladi.
120. Boks xonasining old (kirish) xonasi qo‘shimcha kiyim kiyish va yordamchi ishlarni bajarish uchun xizmat qiladi.
121. Laboratoriyalarning bino, qurilma, inshootlarga, omborxonalarga, yong‘in vaqtida foydalanishi mumkin bo‘lgan suv havzalariga, yong‘in xavfsizligi anjomlariga olib boruvchi yo‘llar va yo‘laklar to‘sib qo‘yilmasligi kerak hamda qish kunlari qor va muzlardan tozalanib turilishi lozim.
122. Laboratoriyalarda xodimlar uchun xona, kiyim almashtiradigan xona va xodimlar ovqatlanadigan xona bo‘lishi kerak.
123. Kiyim yechib-kiyiladigan xonada har bir xodim uchun ustki kiyim javoni yoki javonlarda har bir xodim uchun alohida bo‘limlar bo‘lishi kerak.
124. Laboratoriyaning har bir xodimi unga biriktirilgan ish joyiga ega bo‘lishi lozim.
125. Ish boshlashdan oldin shaxsiy shkaflarda saqlanadigan maxsus himoya kiyimini kiyishi kerak, himoya kiyimining turi va uni almashtirish shartlari bajarayotgan ishning xususiyatlariga ko‘ra belgilanishi lozim.
126. Yengil alangalanuvchi suyuqliklarni 1000S haroratgacha qizdirilishini maxsus sig‘imlarda amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
127. Spirt lampasi yoki yengil alangalanuvchi suyuqliklar bilan ishlashda alangani tez o‘chirish va avariya holatlari oldini olish uchun qo‘l ostida jun adyol, qalin mato bo‘lishi kerak.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
128. Ishlab chiqishda o‘rganilmagan yong‘in va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qo‘llash taqiqlanadi.
129. Texnologik jarayonni ishlab chiqish, unga apparaturani kiritish, nazorat va boshqaruvni amalga oshirishda, shuningdek avariyaga qarshi himoya vositalarining tanlovida yong‘in va portlash xavfsizligi ta’minlanishi lozim.
130. Texnologik obyektlarning portlash xavfliligi holati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat o‘rnatiladi.
131. Texnologik jarayonlar joylashtirilgan binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 20-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq me’yorlari”ga muvofiq har bir aniq holat uchun alohida aniqlanadi.
132. Bir marotaba ishlab chiqarishda, sex yoki qurilmada bir vaqtning o‘zida yoki navbatma-navbat bitta idishda va quvurlarda hamda bitta uskunalarda etil va metil spirtini qo‘llash taqiqlanadi.
133. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi hamda atrof-muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va shu kabilar) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan shart-sharoitlar ta’minlanishi lozim.
134. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, ma’muriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
135. Ventilyatsiya tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi lozim.
136. Kuch va yoritish tizimi tarmoqlarining elektr asbob-uskunalari hududlar tasnifi hamda binolar va xonalarning toifasiga binoan talab qilinadigan me’yorlarga javob berishi lozim.
3-§. Bakteriologik laboratoriyalarda ishlashda xavfsizlik talablari
137. Yuqumli kasalliklarni turli xavf darajasidagi infeksiyalar qo‘zg‘atuvchilari bilan ishlarni bir vaqtda o‘tkazishda butun laboratoriyaning ish tartibi eng ko‘p xavfli qo‘zg‘atuvchi bilan ishlash talablari va shartlarini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
138. Bakteriologik material bilan ishlash maxsus anjomlar (pinsetlar, ignalar, ilgaklar, kornsanga va boshqalar) yordamida bajariladi, tekshirilayotgan materialga qo‘l bilan tegish man etiladi.
139. Qo‘l va qo‘lqoplarni zararli mikroblardan tozalash uchun zararsizlantiruvchi eritma bilan eksikatorlarga solinadi.
140. Ishlatilgan zaharlangan idish va ishlatib bo‘lingan material uchun (hayvonlar, embrionlar murdalari va boshqalar) zararsizlantiruvchi eritma tarkibida bo‘lgan alohida qopqoqli sirlangan idish kerak bo‘ladi.
141. Havo va asbob-uskunalarni dezinfeksiyalash uchun bakteritsid lampalardan foydalaniladi.
142. Yuqumli materialga ishlov berish va ekish uchun mo‘ljallangan xonalarda boshqa ish turlarini o‘tkazish va gultuvaklarda gullarni o‘stirish man etiladi.
143. Tashkilot hududida bir laboratoriyadan boshqasiga yuqumli materialni olib borish maxsus tamg‘alangan metall idishda (bikslarda) amalga oshirilishi lozim.
144. Ish boshlashdan oldin laboratoriya xonasini nam usulida tozalash lozim. Stollar, asboblar, shuningdek deraza tokchalari sirtidagi changni zaharsizlantiruvchi eritmada namlangan toza latta bilan artib tashlanadi.
145. Pollarni chang yutkich bilan changdan tozalanadi va bundan so‘ng karbol kislotasining 3—5 foizli eritmasida namlangan lattada artib tozalanishi shart.
146. Ishlab bo‘lingandan keyin Petri idishchalari va patogen mikrob ekilmalari bilan probirkalarni, zaharlanib qayta emlanadigan to‘qimali ekilmalar bilan to‘shakchalarni qopqoqli bankalarga yig‘iladi va avtoklavdan o‘tkazilishi lozim.
147. Zararlangan hayvonlarning murdalarini zararsizlantiruvchi eritmali idishga solinadi va ish kuni tugaganidan so‘ng maxsus pechlarda (mufel pechlarda) kuydirib tashlanadi yoki 1200S haroratda 1 soat davomida avtoklavdan o‘tkazilishi, avtoklavdan o‘tkazilganidan so‘ng utilizatsiya zavodlariga yuborish lozim.
148. Ish tugaganidan so‘ng laboratoriya xodimlari ish stolini va qo‘llarini, boks, operatsiya xonasini zararsizlantirishlari shart.
149. Ish va tozalash tugaganidan so‘ng 30—60 daqiqa davomida xonalar bakteritsid lampalar bilan zararsizlantiriladi. Zararsizlantirish quvvati 1m3 — 2,5 V ni tashkil qilishi kerak.
150. Laboratoriyada tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati bo‘lgan holat uchun birinchi tibbiyot qutichasi mavjud bo‘lishi kerak.
4-§. O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyalarida ishlashda xavfsizlik talablari
151. Patogen biologik agentlari bilan ishlovchi laboratoriya alohida binoda yoki ko‘p qavatli binoning pastki qavatida joylashishi kerak. Bunda xodimlar uchun alohida va material qabul qilish uchun alohida qulflanadigan eshiklar bo‘lishi shart.
152. Patogen biologik agentlari bilan ishlaydigan mutaxassislar kasalliklarga qarshi emlanadilar, vaksina qabul qilishi mumkin bo‘lmagan mutaxassislarni tashkilotning maxsus buyrug‘i asosida ishlashiga ruxsat etiladi.
153. Yuqumli materiallar (ekmalar, mikrob kulturalari va boshqalar) ish jarayonida maxsus shkaf, seyf va termostatlarda qulflangan holda saqlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
154. Laboratoriya xonasidagi yig‘ib olingan chiqindilar avtoklavda zararsizlantirilib, insineratorda kuydiriladi. Ifloslangan chiqindi suvlari umumiy oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga to‘kib tashlashdan oldin zararsizlantirilishi lozim.
(154-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
155. Biotajriba hayvonlariga tekshiriluvchi materiallar yuqtirilganda va ularni yorib ko‘rish jarayonida xodimlar maxsus himoya kiyimlari, himoyalovchi ko‘zoynaklar, niqob-respiratorlar taqish, rezinali qo‘lqoplar, yengliklar va klyonkali fartuklarda bo‘lishi lozim.
5-§. Parazitologiya laboratoriyalarida ishlashda xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
156. Sanitariya-gigiyenik, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya rejimiga binoan har bir tahlildan keyin materialning qoldiqlari zararsizlantirilib oqova suvni chiqarib yuborish tarmog‘iga to‘kib tashlanishi shart.
(156-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
157. Predmet va qoplov oynachalari, pipetkalar, bankalar va boshqa shisha idishlar qaynatish yo‘li bilan zararsizlantiriladi yoki fenol preparatlari (karbol kislotasining 5 foizli eritmasi, lizolning 10 foizli eritmasi yoki boshqa zararsizlantiruvchi eritmalar) bilan olti soat davomida zararsizlantirilishi lozim.
158. Laboratoriya stollari va havo tortuvchi shkafning stoli xloraminning 3 foizli eritmasi, fenolning 5 foizli eritmasi yoki spirt bilan zararsizlantirilanishi lozim.
159. Tahlil qilinayotgan materiallarni gelmint tuxumlariga tekshirish ishlari rezina qo‘lqoplarda bajarilishi lozim. Probirkada qolgan cho‘kmalar osh tuzining to‘yingan eritmasi solingan stakanlarda saqlanishi lozim. Tekshirishlardan so‘ng barcha idishlar yuvilishi va qaynatilishi lozim.
160. Qonni parazitlar mavjudligi bo‘yicha tekshirishda qo‘llar zararlangan qon bilan ifloslanishi mumkin bo‘lgan barcha harakatlar rezinali qo‘lqoplarda bajarilishi kerak.
161. Ish vaqtida qo‘llardagi barcha shikastlar tibbiyot qo‘lqopi yoki barmoqni himoyalovchi rezina yoki yopishqoq tasma bilan berkitilishi lozim. Probirkalardan surtma va qalin tomchilarni tayyorlashda rezinali grushadan foydalanish kerak.
6-§. Virusologiya laboratoriyalarida ishlashda xavfsizlik talablari
162. Virusologiya laboratoriyasida patogen faolligi faqat III-IV guruhga mansub bo‘lgan viruslar bilan ishlashga ruxsat etiladi. II guruh mikroblari bilan zararlanganligiga shubha bo‘lgan materiallar bilan ishlash, faqat o‘ta xavfli infeksiyalar bilan ishlash uchun nazarda tutilgan xonalar, moslamalar va asbob-uskunalar majmuasiga ega bo‘lgan laboratoriyalarda ruxsat etiladi.
163. Virusologiya laboratoriyasining xonalari alohida-alohida ajratilgan bo‘lishi kerak (alohida kirish-chiqish eshiklari bo‘lishi, alohida binoda yoki bo‘limda joylashtirilgan bo‘lishi kerak).
164. Xonalarning ichki joylanishi xodimlarni xavfsizligiga mosligini ta’minlashi kerak.
165. Xonalar alohida shamollatish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi, havo tortuvchi shamollatish tizimi yo‘lida havoni mikroblardan tozalovchi maxsus filtrlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
166. Boksdagi derazalar zich yopilgan bo‘lishi shart.
167. Tarkibida viruslar mavjud materiallar bilan bajariladigan barcha ishlar, ya’ni to‘qimalarni, tovuq embrionlarini va laboratoriya hayvonlarni zararlantirish, tirik viruslar bilan serologik tekshirishlar o‘tkazish, boshlang‘ich va o‘tkazilayotgan to‘qima ekinlarining turli tizimlarini tayyorlash bokslarda o‘tkaziladi.
168. II guruh viruslari bilan zararlangan materiallar xavfli bo‘lganligi uchun, ushbu materiallar bilan ishlashda xodimlar shu guruh viruslariga qarshi emlangan bo‘lishlari shart, agar xodimlarni emlash mumkin bo‘lmasa, tashkilot rahbarining buyrug‘i asosida ishlashga ruxsat etiladi.
169. Mikrob ekmalari yoki zararlangan to‘qima ekmalari mavjud flakonlar, probirkalar va boshqalar faqat zararsizlantiruvchi eritmada namlantirilgan paxta-doka qistirma bilan yopiq metall konteynerlarda boshqa xonalarga olib o‘tiladi.
170. Viruslar bilan zararlangan namunalarni qabul qilib olish ishlari, bunda paydo bo‘ladigan tomchilardan xodimlarni himoya qilish maqsadida, stol ustidagi bokslarda bajarilishi lozim. Namunalarni surtish va suspenziya qilish, zich to‘rt qavatli doka g‘ilofga joylashtirilgan va jipslashgan tiqin bilan yoki bankada amalga oshirilishi kerak.
7-§. Radiologiya laboratoriyalarida ishlashda xavfsizlik talablari
171. Radiologiya laboratoriyalarini joylashtirish va jihozlashda radiatsiyaviy xavfsizlik me’yorlariga amal qilinishi lozim.
172. Maxsus himoya kiyimlari, yakka tartibdagi himoya vositalari va qo‘lqoplarining radiatsiyaviy zararlanishi ruxsat etilgan darajadan oshib ketmasligi kerak.
173. Radioaktiv moddalar bilan zararlanish holatida, shaxsiy kiyim va poyabzal tashkilotning radiatsiyaviy xavfsizlik xizmati nazoratida radioaktiv qoldiqlardan tozalanishi, tozalash imkoniyatlari bo‘lmagan taqdirda o‘rnatilgan tartibda radioaktiv chiqindilar sifatida maxsus joyda ko‘milishi shart.
174. Ochiq radionuklid manbalar bilan ishlovchi va kelib turuvchi barcha shaxslar ishlarning turi va sinfiga ko‘ra yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishlari kerak.
175. Xonalarni tozalovchi, shuningdek radioaktiv eritma va kukunlar bilan ishlovchi xodimlar plastikatli etaklar va yengliklar yoki plastikatli xalatlar, qo‘shimcha maxsus poyabzal yoki rezina etiklar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
176. Xona havosi radioaktiv gazlar bilan zararlanishi ehtimoli bo‘lgan ishlarda yoki agar filtratsiya qiluvchi vositalarni qo‘llash radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlamaganda, izolyatsiya qiluvchi vositalarni (pnevmokostumlar, pnevmoshlemlar, ayrim hollarda esa kislorodli izolyatsiya asboblari) qo‘llash lozim.
177. Radioaktiv moddalar bilan ish bajariladigan xonalardan chiqishda maxsus kiyim va boshqa yakka tartibdagi himoya vositalarining tozaligini tekshirish, radioaktiv zararlanish aniqlanganda ularni yechish va dush tagida yuvinish lozim.
178. Ochiq radionuklid manbalar bilan ishlash xonalarida xodimlarning yakka tartibdagi himoya vositalarisiz bo‘lishlari, ovqatlanishlari, tamaki chekishlari, uy kiyimi va kosmetik buyumlarini hamda ishga taalluqli bo‘lmagan boshqa narsalarini saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
IV bob. Laboratoriyalarda foydalaniladigan asbob-uskunalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ultrabinafsha va ultratovush tarqatuvchi apparatlardan foydalanishda xavfsizlik talablari
179. Santimetr va detsimetr to‘lqindagi apparatlarning to‘g‘ri nurlanish maydonida xodimning bo‘lishi man etiladi.
180. Ultrabinafsha nurlari bilan ishlaganda xodim ko‘zini nurlanishdan saqlash uchun 3N-11-72-V-2 tipidagi yorug‘lik filtrli yopiq himoya ko‘zoynaklari bilan himoyalangan bo‘lishi kerak.
181. Xodimga infraqizil nurlarining zararli ta’siriga va boshqa yonayotgan lampaga uzoq vaqt qarash man qilinadi.
182. Ultratovush apparatlaridan foydalanishda xodim ish vaqtining 50 foizi ultratovushli ish jarayoniga to‘g‘ri kelganida, har 1,5 soat orasida 15 minut tanaffus berilishi, ya’ni ular ultratovush bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ish bilan band bo‘lishi lozim.
183. Ultratovush hosil bo‘ladigan muhit bilan xodim qo‘lining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lishi man qilinadi.
184. Ultratovush muolajalarini o‘tkazish jarayonida xodim paxta matoli qo‘lqop bilan ishlashi kerak.
185. Apparat ishlayotgan vaqtda xodim apparatning ishchi qismiga tegishi man etiladi.
2-§. Lazer qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik talablari
186. Lazer qurilmalaridan foydalanish SanQvaM “Lazer qurilmalari va ulardan foydalanishda sanitariya qoidalari va me’yorlari” talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
187. Tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan lazer qurilmalaridan xavfsiz foydalanish va nosozlikni bartaraf qilish uchun javobgar xodim tayinlanishi lozim.
188. Lazer qurilmalaridan foydalanuvchi xodim lazer nurlari to‘lqinining uzunligini hisobga olgan holda svetofiltrli 3N22-72 rusumli yopiq himoya ko‘zoynaklaridan foydalanishi lozim.
3-§. Sterilizatsiya qilish jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik talablari
189. Sterilizatsiya qilish jihozidan foydalanishga quyidagi holatlarda ruxsat berilmaydi:
himoyalovchi klapanlarda nuqson bo‘lganda;
ekspluatatsiya bo‘yicha yo‘riqnomaga rioya qilingan bo‘lsa ham sterilizatorda bosim ruxsat berilgan miqdordan ko‘tarilganda;
bosim ostida ishlaydigan sterilizatorlar elementlarida yoriq, do‘ppayib turgan joylar, boltlar mahkamlangan joyida oqish boshlanganda, prokladkalarda yoriq paydo bo‘lganda;
suyuqlik miqdori ko‘rsatgichida nuqson paydo bo‘lganda;
himoyalovchi blokirovkalangan qurilmalarda nuqson aniqlanganda;
nazorat-o‘lchash asboblari va avtomatika vositalari yo‘q bo‘lganda yoki ularda nuqson aniqlanganda;
qismlar birikkan joyda kondensat oqimi paydo bo‘lganida (texnologik bug‘ chiqarilayotganda);
sterilizatsiya va suv bug‘ kameralari, nazorat-o‘lchash asboblari birikmalari, truboprovod va armatura eshiklari va qopqoqlari zichligining germetikligi (2,2 kgs/sm2 bosimda) buzilganda;
mahkamlovchi detallar, qopqoqlarning nosozligi va but emasligida, sterilizator tashqi yuzasining temperaturasi ko‘tarilganda.
190. Sterilizatsiya xonasida tabiiy yorug‘lik bo‘lishi, shuningdek, derazalarida framugalar yoki fortochkalar bo‘lishi kerak.
191. Sterilizatsiya xonasi havo tortadigan ventilyatsiya sistemasi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Xonaning eshigi tashqariga ochiladigan bo‘lishi zarur. Xonaning eshigi oynali bo‘lmasligi kerak.
192. Xonada faqat sterilizatorlar joylashgan bo‘lishi lozim.
193. Sterilizatorlar devordan 0,8 m uzoqlikda joylashtirilishi kerak. Shkaf ko‘rinishidagi sterilizator uchun esa uning qopqog‘i ochiladigan tomonga 1,5 m masofa belgilanadi.
194. Elektr sterilizatsiyalash xonasidagi pol tok o‘tkazmaydigan materialdan bo‘lishi kerak.
195. Poli plitali xonalarda rezina dielektrik gilamchalar bilan qoplangan sharoitda elektrik sterilizatordan foydalanishga ruxsat beriladi.
196. Sterilizatsiya xonalarida yong‘inga qarshi ishlatiladigan vositalar va zarur bo‘lganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerak bo‘ladigan tibbiyot qutichasi mavjud bo‘lishi kerak.
197. Rubilniklar va avtomatik o‘chirgichlar poldan 1,6 m balandlikda va sterilizatordan 1 m dan uzoq bo‘lmagan joyda o‘rnatilishi lozim.
V bob. Laboratoriyalarda asbob-uskunalarni ta’mirlashda xavfsizlik talablari
1-§. Ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirishda xavfsizlikning umumiy talablari
198. Asbob-uskunalarni ta’mirlash xizmati asbob-uskunalarning mehnat xavfsizligi standartlari tizimi, ularning pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini ta’minlashi lozim.
199. Asbob-uskunalarni zarur texnik holatda saqlab turish uchun tashkilotda unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi ta’mirlashni bajarilishi va ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
200. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bu ishlarga mas’ul rahbar bilan kelishilishi lozim.
201. Asbob-uskunalarni ta’mirlash va unga texnik xizmat ko‘rsatishda ish joyini tayyorlash uchun quyidagi tadbirlar bajarilishi lozim:
tok manbaidan o‘chirilgan bo‘lishi hamda ehtiyotsizlik tufayli yoki o‘z-o‘zidan ishlab ketishining oldini olish;
boshqarish tizimiga “Ulanmasin, odamlar ishlamoqda!” degan taqiqlovchi belgilarni osib qo‘yish va zarurat bo‘lganida to‘siqlar qo‘yish;
ish boshlash oldidan tok o‘tuvchi qismlarda kuchlanishning yo‘qligini kuchlanishni ko‘rsatuvchi asbob yoki olib yuriladigan voltmetr yordamida tekshirib ko‘rish kerak.
202. Ta’mirlash ishlari boshlanishidan avval, ta’mirlashda band bo‘lgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazilishi lozim.
203. Ta’mirlashda band bo‘lgan xodimlar belgilangan me’yorlar bo‘yicha maxsus kiyim, poyabzal va himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
204. Og‘ir yuklarni joyidan ko‘chirish ishlari yuk ortish va tushirish ishlari uchun javobgar shaxslarning ruxsati bilan bajarilishi shart.
205. Nosoz yuk ko‘taruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
206. Yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
207. Ta’mirlash paytida ish joylarini, yo‘llarni, yo‘laklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
208. Ta’mirlash ishlari balandlikda bajarilayotganda havoza va taxta to‘shamalarning o‘rnatilishi xavfsizlik talablariga javob berishi hamda xodimlar kamarlar va arqonlardan foydalanishlari shart.
209. Barcha ta’mirlash ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan shaxslarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
210. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, uskunalar, materiallar, asboblar va chiqindilar olib ketilishi hamda to‘siqlar, saqlovchi moslamalar va blokirovkalar o‘z joyiga o‘rnatilishi lozim.
211. Asbob-uskunalarni davriy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari tashkilotning ta’mirlash xizmati tomonidan muhandis-texnik xodimning rahbarligi ostida o‘tkazilishi lozim.
212. Ko‘rikdan o‘tkazish paytida asbob-uskunalarni ishlashida nuqsonlar topilsa, ularning sababini aniqlash va bartaraf qilish uchun darhol to‘xtatilishi lozim.
213. Yangi ishga tushirilayotgan asbob-uskunalarni xavfsizlik talablariga mosligini ta’minlash bo‘yicha quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
ishga tushirish-sozlash ishlaridan so‘ng tashkilot rahbari (rahbar o‘rinbosari), mehnat muhofazasi xizmati vakili, bosh mutaxassislardan iborat komissiya tomonidan uskunaning mehnat xavfsizligi standartlari va ushbu laboratoriya asbob-uskunalariga taalluqli boshqa normativ texnik hujjatlarning talablariga mosligini tekshirishi;
aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, tibbiyot texnikasi takroran komissiyaga qabul qilish uchun taqdim etilishi;
qabul qilish tugagach, tibbiyot texnikasini foydalanishga topshirish dalolatnomasi tuzilishi lozim.
2-§. Laboratoriyalar asbob-uskunalarini sozlashda xavfsizlik talablari
214. Asbob-uskunalarning ishga yaroqliligini ta’minlash ishlarining xavfsizligi uchun javobgarlik tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan tegishli kasb malakasiga ega bo‘lgan injener-texnik xodimlarga yuklatilishi lozim.
215. Asbob-uskunalar bilan ishlash jarayonida ishtirok etadigan xodimlar xavfsizlik qoidalariga amal qilishi lozim.
216. Laboratoriyalarda ishlatiladigan barcha mashinalar, mexanizmlar va moslamalar bajarilayotgan ishning xarakteriga mos va hamisha soz holda bo‘lishi lozim.
217. Yuqori kuchlanishda bo‘lgan elektr laboratoriya asbob-uskunalarini sozlashda xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi tadbirlar bajarilishi lozim:
kuchlanishda bo‘lgan elektr toki o‘tgan qismlari sozlovchining ro‘parasida yoki faqat bir yonbosh tomonida joylashtirilgan bo‘lishi;
ishlash jarayonida apparaturani sozlovchi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish;
218. Asbob-uskunalarni boshqarish ishlari boshlangunga qadar, ishlash uchun quyidagi zarur bo‘lgan asboblarning mavjudligini va himoya vositalarining yaroqliligini tekshirib ko‘rish lozim:
elektr kavsharlagichning korpusida qisqa tutashish yo‘qligi;
izolyatsiyalangan dastalarning mavjudligi va izolyatsiya holati;
dielektrik qo‘lqoplardan foydalanishdan uning yaroqliligi;
dielektrik rezina gilamchadagi shtamp bo‘yicha yaroqlilik muddati va mexanik nuqsonlarning yo‘qligi;
tok o‘tkazuvchi simlarda izolyatsiya nuqsonlarining yo‘qligi.
219. Asbob-uskunalarni sozlovchining yuqori kuchlanishda bo‘lgan va izolyatsiyalanmagan elektr toki qismiga to‘satdan tegib ketishini oldini olish maqsadida himoyalovchi, izolyatsiyalangan vositalardan va moslamalardan foydalanishi lozim.
220. Asbob-uskunalardagi nosozliklarni aniqlashda nazorat-o‘lchash asboblarining barcha turdagi o‘chirish-yoqish ishlari (jihozlar tarkibiy qismlari rejimini o‘lchash) elektr kuchlanishdan to‘liq uzilgan holda amalga oshirilishi lozim.
221. Kuchlanishda bo‘lgan apparatlarni tekshirish va sozlash taqiqlanadi.
222. Asbob-uskunalarni elektr manbaidan o‘chirmasdan turib, shuningdek apparat korpuslarini ochib qo‘ygan holda elektr toki o‘tuvchi qismlarga tegish taqiqlanadi.
223. Elektr asbob-uskunalarni sozlashda, texnik xizmat ko‘rsatishda va boshqa ishlarda kuchlanish berilishidan oldin, uning metall korpuslari yerga sim orqali ulangan bo‘lishi lozim.
224. Asbob-uskunalarni rozetkaga vilkasiz, ochiq simlar yordamida ulash taqiqlanadi.
225. Elektr asbob-uskunalarni kuchlanishni o‘chirmasdan turib ishlarni amalga oshirishning iloji bo‘lmagan hollarda (sozlash, rejimlarni o‘lchash, o‘chirib-yoqish uskunasida yaxshi kontakt bo‘lmasligi, tokning yo‘qolib qolishini o‘lchash) kuchlanish ostida ishlashga ruxsat beriladi. Bunday hollarda xodim kuchlanish ostidagi qismga tegib ketishdan ehtiyot bo‘lishi, xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat’iy rioya qilishi lozim.
VI bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
226. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
227. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
(227-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII bob. Yakuniy qoida
228. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi va “O‘zstandart” agentligi bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 8-avgust
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 8-avgust
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2011-yil 8-avgust
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 8-avgust
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2011-yil 8-avgust
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XO‘JAYEV
2011-yil 8-avgust
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 8-avgust
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 36-son, 371-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)