|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.11.2015
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKA PAXTA TOZALASh SANOATINI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA BOShQARIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 27-oktabrdagi PF-4761-sonli “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika paxta tozalash sanoatini monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, korxonalarning mustaqilligini kengaytirish, tarmoqni rivojlantirish va texnik jihatdan qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini keng jalb qilish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-oktabrdagi 401-son qarori bilan “O‘zdavpaxtasanoatsotish” davlat-aksiyadorlik uyushmasiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish va aksiyalashtirish masalalari bo‘yicha tashkil etilgan maxsus komissiyaning:
paxta xomashyosini qayta ishlash va paxta mahsulotlarini sotish davlat-aksiyadorlik uyushmasi “O‘zdavpaxtasanoatsotish”ni “O‘zpaxtasanoat” uyushmasiga aylantirish;
paxta xomashyosini xarid qilish, qayta ishlash va paxta mahsulotlarini yetkazib berish hududiy davlat-aksiyadorlik birlashmalarini tegishli ravishda tugatgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarini tashkil etish;
tarmoqning korxonalari va tashkilotlarini aksiyadorlik jamiyatlariga va mulkchilikning boshqa nodavlat shakllariga aylantirish jarayonini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “O‘zpaxtasanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
jahon va ichki paxta bozorlari konyunkturasini muntazam o‘rganish va ularda shakllanayotgan tendensiyalardan kelib chiqqan holda chigitning seleksiya navlarini joylashtirish tizimini, paxta yetishtirish hajmlari va tarkibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
bozor islohotlarini amalga oshirishda, jahon bozorida raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishda, tarmoqning paxta tozalash korxonalarini zamonaviylashtirish va texnik jihatdan qayta jihozlashda, ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy etishda, investitsiyalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishda “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalariga, paxta tozalash korxonalariga ko‘maklashish;
tasdiqlangan navlarni joylashtirishga qat’iy muvofiq holda paxta navini yangilash va navlarni joylashtirish, yuqori sifatli urug‘lik chigitlar ishlab chiqarish, tayyorlash va paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarni ular bilan ta’minlashning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 13-noyabrdagi PF-3161-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 10-11-son, 203-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari bilan birgalikda paxta mahsulotlari ishlab chiqarish va yetkazib berish balanslarini shakllantirishda qatnashish.
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 30-avgustdagi PF-3306-son Farmoni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 8-son, 121-modda)
3. Quyidagilar belgilansin:
“Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari paxta tozalash sanoati tarmog‘ining asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, paxta xomashyosini xarid qilish va qayta ishlash, ishlab chiqarilgan paxta mahsulotini belgilangan tartibda eksportga va respublika iste’molchilariga yetkazib berish, paxta xomashyosi va paxta mahsuloti uchun qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini jahon paxta bozorida xaridorgir seleksiya navlarining urug‘lik chigitlari bilan ta’minlash uchun javob beradi;
“Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari tugatilayotgan “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining hududiy davlat-aksiyadorlik birlashmalari negizida ochiq aksiyadorlik jamiyatlari shaklida tashkil etilib, paxta tozalash korxonalari aksiyalarining nazorat paketlari ularning ustav fondiga beriladi;
“Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari tarkibiga paxta tozalash korxonalari (paxta tayyorlash punktlari bilan birgalikda) va urug‘lik chigit tayyorlash korxonalari, ta’mirlash, qurilish, ta’minot, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish tashkilotlari kiradi. Shu bilan birga hududiy aksiyadorlik birlashmalari tarkibiga paxta xomashyosi chiqindilarini qayta ishlash korxonalari hamda ulardan qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar kirishi mumkin.
4. “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari ijro etuvchi apparati tarkibida Paxta xomashyosi va paxta mahsulotlari kontraktatsiyasi va hisob-kitobi markazlari tashkil etilib, ularning zimmasiga kontraktatsiya shartnomalari tuzish, yetishtirilgan paxta xomashyosi va paxta mahsulotlari uchun hisob-kitob qilish vazifalari yuklatilsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-maydagi PF-3610-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)
5. “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalariga quyidagi vazifalar yuklansin:
paxta xomashyosi xarid qilish va uni qayta ishlashning bozor mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish;
paxta xomashyosini xarid qilish va qayta ishlash yuzasidan paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzish, shuningdek paxtani qayta ishlash mahsulotlarini eksportga va ichki bozorga yetkazib berish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalari va mamlakatimizdagi iste’molchilar bilan shartnomalar tuzish;
tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq va paxta mahsulotini eksportga va ichki bozorga yetkazib berishni paxta xomashyosi xarid qilish va uni o‘z vaqtida qayta ishlashni tashkil etish;
paxtaning jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan seleksiya navlarining sifatli urug‘lik chigitlarini tayyorlash va ular bilan paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarni ta’minlash;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanish, paxta xomashyosini xarid qilish va qayta ishlash uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitob qilish;
(6-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-maydagi PF-3610-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)
paxta xomashyosini xarid qilish, paxta tolasi va boshqa paxta mahsulotlari ishlab chiqarish, iste’molchilarga jo‘natish va shu mahsulotlarning qoldiqlari bo‘yicha hisob-kitob va hisobot yuritish, paxta xomashyosi xarid qilish, paxta mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari, uni eksportga va respublika iste’molchilariga sotish bo‘yicha ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash.
7. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda paxta xomashyosi yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari tuzishning belgilangan tartibiga rioya etilishi va ularning to‘g‘ri tuzilishi uchun javobgardir.
Adliya organlariga paxta xomashyosi xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalarini buzganligi uchun mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tayyorlangan va qayta ishlangan paxta xomashyosining miqdori va sifati to‘g‘risidagi hisobotlarni buzganlik uchun jazo jarimalari qo‘llash, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat-aksionerlik assotsiatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 7-noyabrdagi PF-485-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” 1998-yil 31-dekabrdagi PF-2165-son Farmonining 8-bandida “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi” so‘zlari “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari” so‘zlari bilan almashtirilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan o‘n kun muddatda qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 11-iyun,
PF-2874-son
“PAXTASANOAT” HUDUDIY AKSIYADORLIK BIRLAShMASI TO‘G‘RISIDA
NAMUNAVIY NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi (keyingi o‘rinlarda Hududiy birlashma deb yuritiladi) uning tarkibiga kiruvchi korxonalar bilan paxta tozalash sanoati tarmog‘ining asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, paxta xomashyosini xarid qilish va uni qayta ishlash, ishlab chiqarilgan paxta mahsulotini belgilangan tartibda eksportga hamda respublika iste’molchilariga sotish, paxta xomashyosi, paxta mahsulotlari uchun qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va paxta tozalash korxonalari bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini paxtaning xalqaro bozorda xaridorgir seleksiya navlari urug‘lik chigitlari bilan ta’minlash uchun javob beradi.
2. Hududiy birlashma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Namunaviy nizomga amal qiladi.
3. Hududiy birlashma tarkibiga paxta tozalash korxonalari (paxta tayyorlash punktlari bilan birgalikda) va hududiy birlashmaga yuklangan asosiy vazifalar bajarilishiga ko‘maklashuvchi urug‘lik chigit tayyorlash korxonalari, ta’mirlash, qurilish, ta’minot, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish tashkilotlari kiradi.
Shu bilan birga Hududiy birlashma tarkibiga paxta xomashyosi chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha mustaqil korxonalar hamda ulardan qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar kirishi mumkin.
4. Hududiy birlashma yuridik shaxs maqomidagi ochiq aksiyadorlik jamiyati hisoblanib, o‘zining nomi yozilgan muhrga va bank muassasalarida hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
5. Hududiy birlashmaning ustav fondi tugatilayotgan “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining hududiy davlat-aksiyadorlik birlashmalarining mol-mulki, paxta tozalash korxonalari aksiyalarining nazorat paketlari, shuningdek hududiy birlashma tarkibiga kiruvchi boshqa aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining davlatga tegishli paketlarini ularning ustav fondiga berish hisobiga shakllantiriladi.
Paxta tozalash korxonalari Hududiy birlashmaning shu’ba korxonalari hisoblanib, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi va o‘z faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi. Paxta tozalash korxonalarining paxta tayyorlash punktlari esa yuridik shaxs hisoblanmaydi va banklarda o‘z hisob raqamlariga ega bo‘lmaydi.
6. Hududiy birlashma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisob-kitob jamg‘armasining tijorat agenti hisoblanadi.
7. Hududiy birlashma “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb yuritiladi) tarkibiga muassis sifatida kiradi hamda “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq u bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
II. HUDUDIY BIRLAShMANING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
8. Quyidagilar hududiy birlashmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
paxta xomashyosi xarid qilish va qayta ishlash bozor mexanizmlarini rivojlantirish, jahon bozorida raqobatga bardoshli yuqori sifatli paxta mahsulotlari ishlab chiqarishdan qishloq xo‘jaligi va paxta tozalash korxonalarining iqtisodiy manfaatdorligini kuchaytirish;
xizmat ko‘rsatuvchi banklar ishtirokida paxta zavodlari orqali paxta xomashyosini xarid qilish va qayta ishlash yuzasidan paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzish;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalari va mamlakatimiz iste’molchilari bilan paxtani qayta ishlash mahsulotlarini eksportga va ichki bozorga yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzish;
tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq paxta xomashyosi xarid qilish va uni o‘z vaqtida qayta ishlashni hamda paxta mahsulotini eksportga va ichki bozorga yetkazib berishni tashkil etish;
paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarni paxtaning jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan seleksiya navlarining yuqori konditsiyali urug‘lik chigitlari bilan ta’minlagan holda urug‘lik paxta xomashyosining sifatli qabul qilinishi, saqlanishi va qayta ishlanishini tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tomonidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini ta’minlash, paxta xomashyosini xarid qilish va qayta ishlash yuzasidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga va fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitob qilish, shuningdek paxta tozalash korxonalari bilan hisob-kitob qilish;
(8-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-maydagi PF-3610-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)
paxta xomashyosini xarid qilish, paxta tolasi va boshqa paxta mahsulotlari ishlab chiqarish, iste’molchilarga jo‘natish va shu mahsulotlarning qoldiqlari bo‘yicha hisob-kitob va hisobot yuritish, paxta xomashyosi xarid qilish, paxta mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari, uni eksportga va respublika iste’molchilariga sotish bo‘yicha ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash;
paxta tozalash korxonalarini texnik jihatdan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish bo‘yicha yagona siyosatni amalga oshirish, chet el investitsiyalarini jalb etish va paxta tozalash korxonalarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish.
9. Hududiy birlashma o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
xizmat ko‘rsatuvchi banklar bilan birgalikda paxta tozalash korxonalari orqali paxta xomashyosi xarid qilish va uni qayta ishlash yuzasidan paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzadi, ularning bajarilishini va tayyorlangan paxtaning miqdori va sifati bo‘yicha ma’lumotlarning ishonchliligini nazorat qiladi;
paxtaning navlar bo‘yicha joylashtirilishiga, urug‘lik paxta xomashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash texnologiyasiga rioya etilishini, paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar uchun paxtaning yuqori konditsiyali urug‘lik fondi tayyorlanishini ta’minlaydi. Paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning belgilangan navlarni joylashtirishga qat’iy muvofiq holda urug‘lik chigitlar bilan ta’minlanishi uchun javob beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
paxta tozalash korxonalarining bankda ochiladigan maxsus hisob raqamlari orqali, paxtani qayta ishlash va mahsulotni sotish tugallangandan keyin paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jalik korxonalari bilan o‘zaro hisob-kitob qilinishini ta’minlaydi;
(9-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-maydagi PF-3610-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalari va respublika iste’molchilari bilan tuzilgan shartnomalar va kontraktlarga muvofiq paxta xomashyosining paxta tozalash korxonalarida qayta ishlanishini hamda ular tomonidan paxta mahsuloti eksportga va respublika iste’molchilariga jo‘natilishini tashkil etadi;
paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarni va paxta tozalash korxonalarini moliyalash miqdorlari hisob-kitobi Jamg‘armaga o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlaydi hamda tushgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
kontraktatsiya shartnomalari bajarilishi, paxta tozalash korxonalari bo‘yicha paxta mahsulotlari ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishi hajmi yuzasidan ma’lumotlarni Uyushmaga o‘z vaqtida taqdim etadi;
investitsiya dasturlarini amalga oshirishda qatnashadi, paxta tozalash korxonalarini zamonaviylashtirish va texnik jihatdan qayta jihozlashga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishiga, hududiy birlashma tarkibiga kiruvchi korxonalarni moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlashga ko‘maklashadi;
paxta xomashyosini qayta ishlashning texnologiya reglamentiga rioya etilishi, xomashyo resurslaridan oqilona foydalanilishi, paxta tolasi, chigit va lint normativga muvofiq chiqishi ta’minlanishi, raqobatbardosh sifatli paxta mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda paxta materiallari bilan ishlashda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi;
paxta xomashyosi xarid qilish, paxta mahsulotlari ishlab chiqarish, jo‘natish va uning qoldiqlari bo‘yicha hisob-kitob va hisobotni yuritadi hamda ma’lumotlarni belgilangan ro‘yxat bo‘yicha hududiy statistika organlariga va Uyushmaga taqdim etadi;
hududiy birlashma va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyatini tekshirish chog‘ida “O‘zpaxtasanoat” uyushmasining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi mutaxassislari ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi;
Uyushma apparati ta’minotiga Ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan miqdorlarda o‘z xo‘jalik faoliyati natijalaridan mablag‘ ajratadi.
III. HUDUDIY BIRLAShMANING HUQUQLARI
10. Hududiy birlashma o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida quyidagilarga haqlidir:
davlatga tegishli aksiyalarning unga berilgan paketlariga muvofiq o‘z tarkibiga kiruvchi paxta tozalash korxonalari va boshqa korxonalar faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Uyushma bilan o‘zaro munosabatlarini muassis huquqlarini hisobga olgan holda amalga oshirish;
Uyushmaga “Paxtasanoat” hududiy birlashmalarini zarur asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va moddiy-texnika resurslari bilan markazlashtirilgan tartibda ta’minlash funksiyalarini berish;
Oldingi tahrirga qarang.
paxta mahsuloti xarid qilish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bilan hisob-kitob qilish uchun Jamg‘arma mablag‘larini olish hamda Hududiy birlashma tarkibiga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan markazlashtirilgan tartibda o‘zaro hisob-kitoblar qilish;
(10-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-maydagi PF-3610-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalari, shuningdek mamlakatimiz iste’molchilari bilan paxta mahsulotini eksportga va ichki bozorga yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzish;
o‘z vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
IV. HUDUDIY BIRLAShMA FAOLIYATINI TAShKIL ETISh
11. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi, kuzatuvchi kengash va boshqaruv Hududiy birlashmaning boshqaruv organlari hisoblanadi.
Hududiy birlashmaning davlatga tegishli aksiyalari paketini boshqarish bo‘yicha davlatning ishonchli vakili kuzatuvchi kengash tarkibiga kiradi.
12. Hududiy birlashma boshqaruvi raisi va uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda kuzatuvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadilar va keyinchalik aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadilar.
13. Boshqaruv raisi Hududiy birlashmaning vazifalari va funksiyalari bajarilishi uchun javob beradi hamda uning faoliyati bilan bog‘liq barcha masalalarni mustaqil hal etadi, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining yoki kuzatuvchi kengashning mutlaq vakolatiga tegishli deb topilgan masalalar bundan mustasno.
14. Hududiy birlashmaning ijro etuvchi apparati tuzilmasida Paxta xomashyosi va paxta mahsulotlari kontraktatsiyasi va hisob-kitobi markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etiladi. Markaz:
xizmat ko‘rsatuvchi banklar ishtirokida paxta tozalash korxonalari orqali paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jalik korxonalari va fermer xo‘jaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzadi;
Oldingi tahrirga qarang.
paxta tozalash korxonalarining maxsus hisob raqamlari orqali Jamg‘armadan olingan mablag‘lar hisobiga kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq paxta yig‘im-terimi uchun haq to‘laydi;
(14-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-maydagi PF-3610-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)
paxta xomashyosini qayta ishlash natijalarini hisobga olgan holda paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari bilan paxta tozalash korxonalarining maxsus hisob raqamlari orqali uzil-kesil hisob-kitob qiladi;
Jamg‘armadan olingan mablag‘lar qaytarilishini hisobga olgan holda eksportga va respublika iste’molchilariga jo‘natilgan mahsulot uchun paxta tozalash korxonalari bilan o‘zaro hisob-kitob qiladi;
xizmat ko‘rsatuvchi banklar bilan birgalikda paxta tozalash korxonalarining maxsus hisob raqamlari orqali paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarga yo‘naltiriladigan Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
joriy yil hosili paxta xomashyosini qayta ishlash yakunlari bo‘yicha paxta mahsulotlarining natura holidagi oraliq balanslarini tayyorlaydi, ularni Uyushmaga taqdim etadi;
paxta tozalash korxonalarining paxta xomashyosini qayta ishlash va paxta mahsuloti yetkazib berish bo‘yicha faoliyati natijalari xatlovi dalolatnomalarini tasdiqlab, tarmoq bo‘yicha paxta mahsuloti natura holidagi yig‘ma balanslarini tayyorlash uchun Uyushmaga taqdim etadi;
tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha ma’lumotlarni tayyorlaydi va viloyat statistika organiga taqdim etadi;
Hududiy birlashma oldida turgan vazifalardan kelib chiquvchi boshqa funksiyalarni bajaradi.
15. Hududiy birlashma apparati ta’minoti uning xo‘jalik faoliyati natijalaridan olingan mablag‘ hisobiga amalga oshiriladi.
16. Hududiy birlashmani tugatish yoki qayta tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
V. HUDUDIY BIRLAShMANING JAVOBGARLIGI
17. Hududiy birlashma shartnomalar bo‘yicha majburiyatlari o‘z vaqtida bajarilishi hamda mazkur Nizomda, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida uning oldiga qo‘yilgan vazifalar bajarilishi uchun javobgardir.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 6-son, 120-modda; 2002-y., 10-11-son, 203-modda; 2003-y., 8-son, 121-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 19-20-son, 139-modda)