Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.06.2001
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON PAXTANI QAYTA IShLASh VA PAXTA MAHSULOTINI SOTISh DAVLAT AKSIONERLIK ASSOTSIATSIYASI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 11-iyundagi PF-2874-son “Respublika paxta tozalash sanoatini monopoliyadan chiqarish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida kolxozlarning, sovxozlarning, paxta tozalash sanoati korxonalari va tashkilotlarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish, paxtani qayta ishlash jarayonlarini samarali ta’minlashda hamda paxta tolasini va boshqa mahsulotini sotishda ularning manfaatdorligini oshirish maqsadida.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yengil sanoatni xomashyo bilan ta’minlash va mahsulotni sotish bosh boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston paxta sanoati respublika ishlab chiqarish birlashmasining mazkur tashkilotlarni tugatish hamda ularning qaramog‘idagi korxonalar va tashkilotlarni O‘zbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat aksionerlik assotsiatsiyasiga ixtiyoriy birlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat aksionerlik assotsiatsiyasi yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan xo‘jalik uyushmasidir va u paxtani xarid qilishni, qayta ishlashni hamda paxta mahsuloti va kanop sotishni ta’minlovchi davlat va aksionerlik korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash va mahsulotni sotish transport, ilmiy tadqiqot, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari va boshqa ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni ixtiyoriy asosda birlashtiradi;
o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va assotsiatsiyaning Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizom asosida yuritadi;
O‘zbekiston yengil sanoatini xomashyo bilan ta’minlash va mahsulotni sotish bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston paxta sanoati respublika ishlab chiqarish birlashmasi bilan ilgari tuzilgan barcha shartnomalar va qabul qilingan majburiyatlar bo‘yicha mas’uliyatlidir.
3. O‘zbekiston paxta sanoati respublika ishlab chiqarish birlashmasining viloyat ishlab chiqarish birlashmalari va O‘zbekiston yengil sanoatini xomashyo bilan ta’minlash va mahsulotni sotish bosh boshqarmasining ta’minlash hamda mahsulotni sotish boshqarmalari negizida paxtani xarid qilish, qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish hududiy davlat aksionerlik birlashmalari tashkil etilsin.
4. Quyidagilar O‘zbekiston davlat paxta sanoati va mahsulotni sotish assotsiatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari qilib belgilansin:
respublikada yetishtirilgan paxtani xarid qilish, saqlash va qayta ishlash bilan bog‘liq barcha ishlarni uyushtirish va amalga oshirish;
iste’molchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi belgilagan me’yorlarda davlat ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur hajmda paxta tolasini sotish va yetkazib berish, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining ruxsatnomalari asosida eksport uchun jo‘natish;
chigitdan foydalanishning belgilangan tartibiga muvofiq respublikaning paxtakor xo‘jaliklariga va yog‘-moy sanoati korxonalariga chigit sotish;
bevosita shartnomalar bo‘yicha iste’molchilarga paxta linti, o‘lik paxta, momiq, shuningdek kanop tolasini yetkazib berish;
paxtani xarid qilish va sanoat yo‘li bilan qayta ishlash sohasida paxtakor xo‘jaliklar bilan o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni, shuningdek ular erkin sotadigan paxta tolasini jo‘natishni takomillashtirish;
hukumat qarorlariga muvofiq erkin (shartnoma) narxlarda sotish uchun xo‘jaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi va boshqa turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotini sotish yuzasidan Qoraqalpog‘iston respublika va viloyat assotsiatsiyalariga har tomonlama ko‘maklashish;
paxtani xarid qilish, saqlash, sanoat yo‘li bilan qayta ishlash chog‘ida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat o‘tkazish, jahon standartlariga mos keladigan paxta tolasi va boshqa paxta mahsuloti yetkazib berilishini ta’minlovchi ilg‘or, kamxarj texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish;
paxtani xarid qilish, paxta tolasini, kanop va boshqa paxta mahsulotini ishlab chiqarish, jo‘natish va ularning qoldiqlarini hisobga olish yuzasidan hisob-kitob va hisobotni joriy etish;
tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq mahsulot yetkazib beruvchilar va iste’molchilar bilan jo‘natilgan mahsulot uchun markazlashtirilgan hisob-kitoblarni amalga oshirish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat komiteti zimmasiga paxta tolasi ishlab chiqarish va uni respublika iste’molchilariga, Hamdo‘stlik mamlakatlariga va eksportga taqsimlash yo‘li bilan iste’mol qilish balansini ishlab chiqish, uni Vazirlar Mahkamasi tasdig‘iga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida O‘zbekiston davlat paxta sanoati va mahsulotni sotish assotsiatsiyasi faoliyatini tashkil etishga doir qarorni qabul qilsin, uning tuzilmasi va Nizomini tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-noyabr,
PF-485-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 55-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 6-son, 120-modda)