O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
JINOYAT ISHLARI BO‘YICHA PROTSESSUAL CHIQIMLARNI UNDIRISH AMALIYOTI TO‘G‘RISIDA
Jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlarni undirishga oid sud amaliyoti natijalarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi mazkur masala yuzasidan sudlar faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ta’kidlaydi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha sarf qilingan protsessual chiqimlarni mahkumlardan undirish borasida, ko‘pincha, qonunga xilof tarzda zarur choralar ko‘rilmayapti dastlabki tergov organlaridan ayblov xulosasiga ular tomonidan sarf qilingan protsessual chiqimlar turi va miqdori to‘g‘risida ma’lumotnomalar ilova qilish talab etilmayapti; mahkumlardan undirilishi lozim bo‘lgan protsessual chiqimlar yetarli asoslarsiz davlat hisobiga o‘tkazilyapti; shaxs ayb e’lon qilingan moddalardan biri bo‘yicha oqlangan yoki ayb epizodlaridan biri yoki bir nechtasi chiqarilgan hollarda mazkur ayblov yoxud epizod bo‘yicha dalillarni yig‘ish va tekshirish bilan bog‘liq protsessual chiqimlar mahkumlarga asossiz ravishda yuklanayapti.
Sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 471-moddasi 3 bandi va 320-moddasi talabini buzib, qator hollarda protsessual chiqimlar kimga va qancha miqdorda yuklanishi lozimligini hal etishmayapti va hukmda ko‘rsatishmayapti; ba’zan bunda Jinoyat-protsessual emas, balki Fuqarolik protsessual kodeksiga amal qilishmoqda, ayrim hollarda protsessual chiqimlarni davlat foydasiga emas, balki muayyan shaxslar yoki tashkilotlar foydasiga undirishmoqda; ish bo‘yicha bir necha shaxs sudlanganda protsessual chiqimlarni hissali emas, balki solidar tartibda undirishmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar ishlarni apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rish chog‘ida protsessual chiqimlarga oid masala hukmda to‘g‘ri hal etilganligini tekshirishga yetarli e’tibor berishmayapti; bunday masala hukmda hal etilmagan hollarda sudlardan yo‘l qo‘yilgan xatolarni JPK 541-moddasida nazarda tutilgan tartibda tuzatishni talab etishmayapti.
(muqqadimaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar shunga olib kelmoqdaki, jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlar to‘liq undirilmasligi oqibatida davlatga zarar yetkazilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlarni undirishga oid sud amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, sudlar tomonidan qonun normalari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlarni undirish to‘g‘risidagi qonun talablarini qat’iy bajarishga qaratilsin.
2. Tushuntirilsinki, Jinoyat protsessual kodeksining 318-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlar quyidagilardan iborat:
jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar o‘tkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek, sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan;
doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan summadan;
ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda o‘z vazifalarini bajarganligi uchun to‘lanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirig‘i tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;
ushbu Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi to‘lovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam ko‘rsatganlik uchun himoyachiga to‘lanadigan haqdan;
ashyoviy dalillarni saqlash va jo‘natish bilan bog‘liq xarajatlar summasidan;
ekspertiza muassasalarida ekspertiza o‘tkazish uchun sarflangan summadan;
shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan;
Oldingi tahrirga qarang.
surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda o‘tkazish chog‘ida qilingan xarajatlardan;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan.
3. Protsessual chiqimlarga tegishli boshqa xarajatlar deganda, jinoyat ishi bo‘yicha bevosita shaxsning aybdorligiga doir dalillarni to‘plash va tekshirish yuzasidan surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan qilingan sarf-xarajatlar tushuniladi. Boshqa xarajatlarga, jumladan, tergov eksperimenti yoki ekspertiza o‘tkazish chog‘ida buzilgan yoki yo‘q qilingan narsalar qiymatini qoplash jinoyat ishini alohida ish yurituvga ajratish tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar (ayblanuvchilardan tashqari) xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq sarflar kiritilishi mumkin.
4. Jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlarga quyidagilar kirmaydi:
Oldingi tahrirga qarang.
guvoh, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi tariqasida chaqiriladigan shaxsning surishtiruv, tergov organlari, prokuror yoki sudga chaqirilganligi bilan bog‘liq vaqt uchun ularning ish joyida qonunga ko‘ra saqlanib qoluvchi o‘rtacha ish haqi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
ekspert, mutaxassis, tarjimonga u surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda o‘z vazifalarini bajarganligi uchun to‘lanadigan haq, basharti bu vazifalar xizmat topshirig‘i tartibida bajarilganda;
mazkur ishni surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudda yuritish bilan bog‘liq devonxona va pochta xarajatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar har bir jinoyat ishini o‘z ish yurituviga olish paytida dastlabki tergov organlari tomonidan JPK 380-moddasi birinchi qismining ayblov xulosasiga hamda surishtiruv organlari tomonidan JPK 38112-moddasi uchinchi qismining ayblov dalolatnomasiga protsessual chiqimlar turi va miqdoriga doir ma’lumotnoma ilova qilinishi to‘g‘risidagi talabi bajarilganligini tekshirishlari lozim. Bunday ma’lumotnoma yarashuv to‘g‘risidagi ariza, ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bilan sudga yuboriladigan ish bo‘yicha ham ilova etilishi shart.
Dastlabki tergov va surishtiruv davrida qonun ushbu normasi talabi bajarilmaganligini hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 570-son qarori talablariga asosan hisoblanmaganligi aniqlagan taqdirda, sudya qonun analogiyasi bo‘yicha (JPK 398-moddasi) surishtiruvchi va tergovchi zimmasiga tegishli ma’lumotnomani taqdim etish vazifasini yuklaydi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
6. Tushuntirilsinki, JPK 471-moddasi 3-bandiga ko‘ra, protsessual chiqimlarga doir masala hukmda (ajrimda) hal etilishi shart bo‘lib, unda chiqimlar kimga va qay miqdorda yuklanishi ko‘rsatiladi.
Protsessual chiqimlarga doir masala hukm (ajrim) chiqarish paytida hal etilmagan hollarda, bu masala hukm (ajrim) chiqargan sud tomonidan JPK 541-moddasi tartibida hal qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, JPK 320-moddasi birinchi qismiga muvofiq jinoyat ishini tergov qilish va sudda ko‘rishda sarf qilingan chiqimlar davlat foydasiga mahkumlardan (shu jumladan, jazodan ozod qilingan yoki jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilganda ham) undiriladi, tarjimonga to‘langan summalar, shuningdek JPK 320-moddasi oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Protsessual chiqimlar, shuningdek, yarashuv amnistiya akti yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi munosabati bilan jinoyat ishi tugatilgan shaxslar zimmasiga ham yuklanishi mumkin.
Agar ish bo‘yicha bir necha shaxs aybdor deb topilgan bo‘lsa, protsessual chiqimlar ulardan solidar emas, balki ulardan har birining aybi xarakteri, sodir etilgan jinoyat uchun javobgarligi darajasi va mulkiy ahvolini hisobga olgan holda hissali tartibda undiriladi.
8. Tushuntirilsinki, qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda protsessual chiqimlar jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilaridan undirilishi mumkin, jumladan:
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga chaqirilganda kelmagan protsess ishtirokchisidan — ishning sudda ko‘rilishi yoki tergov harakatlari o‘tkazilishi uning uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmasligi oqibatida kechiktirilgan hollarda;
tegishli advokatlar tuzilmasidan — advokat surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga chaqirilganda uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmaganda;
jabrlanuvchining shikoyati asosida qo‘zg‘atiladigan ish bo‘yicha ish yuritish uning arizasiga ko‘ra boshlangan shaxsdan — mazkur ish bo‘yicha sudlanuvchi oqlangan taqdirda.
Sud voyaga yetmaganlar jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha protsessual chiqimlarni to‘lashni mahkumning ota-onasiga yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga yuklashi mumkin, basharti voyaga yetmagan shaxs xulq-atvori ustidan tegishli nazorat yo‘qligida ularning aybi mavjud bo‘lganda.
9. Sudlar shunga e’tibor berishlari lozimki, protsessual chiqimlar quyidagi hollarda davlat hisobiga o‘tkaziladi:
sudlanuvchi oqlangan yoki ish ushbu Kodeksning 83-moddasiga muvofiq tugatilgan taqdirda. Sudlanuvchi bir ayblov bo‘yicha oqlangan, boshqa ayblov bo‘yicha esa aybli deb topilgan bo‘lsa, sud u aybli deb topilgan ayblov bilan bog‘liq protsessual chiqimlarni to‘lashni uning zimmasiga yuklaydi;
protsessual chiqimlar undirilishi lozim bo‘lgan mahkum mulkiy jihatdan uni to‘lashga qodir bo‘lmagan taqdirda. Protsessual chiqimlarni to‘lashi mahkumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarning moddiy ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, sud mahkumni protsessual chiqimlarni to‘lashdan butunlay yoki qisman ozod etishga haqli.
Tarjimonga va advokat xizmatiga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar bilan bog‘liq protsessual chiqimlar ham, agar mahkum huquqiy yordam uchun haq to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa, davlat hisobiga o‘tkaziladi.
Sud yoki sudya protsessual chiqimlar davlat hisobiga o‘tkazilishi lozimligi to‘g‘risida fikrga kelgan hollarda hukmda bunday qaror asoslantirib berilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Protsessual chiqimlarni undirish masalasini hal etish chog‘ida sudlar protsessual qonunchilik bilan bir qatorda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2023-yil 28-oktabrdagi 570-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2024-yil 21-noyabrdagi 774-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga rioya etishlari lozim
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
101. Sudlar jinoyat ishlari yuzasidan protsessual chiqimlarni undirilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 570-son qarori talablariga rioya qilinishini ta’minlasin.
(101-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Sudlar ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish chog‘ida protsessual chiqimlar to‘g‘ri undirilishiga alohida e’tibor berishlari lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Protsessual chiqimlar noto‘g‘ri undirilayotganligi faktlari aniqlangan hollarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish choralari ko‘rilsin.
12. Sudlarga bu masalada ularning faoliyatida mavjud xato va kamchiliklarning oldini olish maqsadida protsessual chiqimlarni undirish amaliyotini vaqti-vaqti bilan o‘rganish va umumlashtirish tavsiya etilsin.
13. Mazkur qaror qabul etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlari va jinoyat ishlari yuzasidan sud chiqimlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi Yu. TURSUNBAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-noyabr,
13-son