|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KENG KO‘LAMLI “TOZA SUV SANITARIYA VA AHOLI SALOMATLIGI” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Orolbo‘y aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlashni yaxshilash dasturini ro‘yobga chiqarish, aholi turmush darajasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot banki (XTTB) o‘rtasida 1997-yil 29-avgustdagi hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida 1997-yil 27-iyundagi qarz bitimlarini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
XTTB tomonidan 20 yilga, shu jumladan besh yil imtiyozli muddatga 75 mln AQSH dollari miqdorida kredit berilganligi, kreditning keng ko‘lamli “Toza suv sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini amalga oshirishga yo‘naltirilishi;
Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 20 yilga, shu jumladan besh yil imtiyozli muddatga 6 mln Quvayt dinori miqdorida kredit berilganligi, kreditning Orolbo‘yi aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash keng ko‘lamli loyihasi doirasida Nukus va Urganch shaharlari suv ta’minotini yaxshilash komponentlarini amalga oshirishga yo‘naltirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
XTTB bilan Qarz bitimi doirasidagi keng ko‘lamli “Toza suv sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini mablag‘ bilan ta’minlash sxemasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi bilan Qarz bitimi doirasidagi Nukus va Urganch shaharlari suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha komponentlarini mablag‘ bilan ta’minlash sxemasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Moliya vazirligi respublika budjetini shakllantirishda, suv bilan ta’minlash, foydalanish tashkilotlarining ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘larini hisobga olgan holda olingan kreditlarni, ular bo‘yicha foizlar va vositachilik haqini 3 va 4-ilovalarga* muvofiq to‘lashga budjet mablag‘lari ajratishni nazarda tutsin.
* 3 va 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda qarz mablag‘larini berish, ulardan foydalanish va ularni qaytarish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 74-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 3-4-son, 13-modda)
qarz bitimlarida kelishib olingan muddatlarda mahalliy suv ta’minoti tashkilotlarining faoliyati mustaqil auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishini;
suv ta’minoti tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi zarur hisobot ma’lumotlarining, keyinchalik ularni XTTBga va Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasiga yuborish uchun Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga, belgilangan shakl bo‘yicha o‘z vaqtida taqdim etilishini;
suv ta’minoti sohasida tegishli tarif siyosati amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasi bilan XTTB (“Toza suv sanitariya va aholi salomatligi”) o‘rtasidagi qarz bitimiga, O‘zbekiston Respublikasi bilan Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasidagi Nukus va Urganch shaharlari suv ta’minotini takomillashtirish bo‘yicha Qarz bitimiga muvofiq XTTB hamda Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi qarz mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi hududida bajariladigan va ko‘rsatiladigan hamda haq to‘lanadigan ishlar va xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan soliqlar va yig‘imlar to‘lovidan ozod etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I. X. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 15-oktabr,
444-son