Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
YONGʻIN XAVFSIZLIGI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 24-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2009-yil 28-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi yongʻin xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yongʻin — odamlarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan, nazorat qilib boʻlmaydigan yonish;
yongʻin nazorati — yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tekshirish va tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan faoliyat;
yongʻinlar profilaktikasi — yongʻinlar kelib chiqishi ehtimolini istisno etishga va ularning oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan ogohlantirish chora-tadbirlari majmui;
yongʻindan saqlash xizmati — odamlarning hayoti va sogʻligʻini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni yongʻinlardan himoya qilish, shuningdek obyektlarda, aholi punktlarida hamda boshqa hududlarda yongʻin xavfsizligini talab darajasida saqlab turish maqsadida belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqaruv organlari, kuchlar va vositalar majmui;
yongʻin xavfsizligi — odamlarning, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkining, shuningdek atrof tabiiy muhitning yongʻinlardan himoyalanganligi holati;
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin xavfsizligi talablari — yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida qonunchilikda belgilangan ijtimoiy va (yoki) texnik xususiyatga ega maxsus shartlar;
(3-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
yongʻin xavfsizligi talablarining buzilishi — yongʻin xavfsizligi talablarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik;
yongʻin-texnik mahsuloti — yongʻin xavfsizligini taʼminlashga moʻljallangan maxsus texnik, ilmiy-texnik va intellektual mahsulotlar, shu jumladan yongʻinni oʻchirish texnikasi va asbob-uskunalari, yongʻinni oʻchirish aslaha-anjomlari, olovni oʻchirish va olovdan himoya qilish moddalari hamda materiallari, maxsus aloqa va boshqarish vositalari, elektron hujjatlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalari, shuningdek yongʻinlarning oldini olish hamda ularni oʻchirishning boshqa vositalari;
yongʻinga qarshi rejim — yongʻin xavfsizligi talablari buzilishining oldi olinishini va yongʻinlar oʻchirilishini taʼminlash yuzasidan odamlarning xatti-harakat qoidalari, ishlab chiqarishni tashkil etish va (yoki) binolarni (hududlarni) saqlash tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻinga qarshi alohida rejim — yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda muayyan hududlarda qonunchilikka muvofiq yongʻin xavfsizligining qoʻshimcha talablarini belgilash.
(3-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin-qutqaruv boʻlinmasi — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining favqulodda vaziyatlar va yongʻinlarni profilaktika qilish hamda bartaraf etish, shuningdek qutqaruv ishlarini bajarish maqsadida tashkil etilgan boʻlinmasi;
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuniga asosan oʻn ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
4-modda. Yongʻin xavfsizligini taʼminlash tizimi
Yongʻin xavfsizligini taʼminlash tizimi yongʻinlarning oldini olish hamda ularni oʻchirishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-texnik chora-tadbirlar, shuningdek kuchlar va vositalar majmuidan iboratdir.
Yongʻin xavfsizligini taʼminlash tizimi subyektlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) va fuqarolardir.
2-bob. Davlat organlari va boshqa organlarning yongʻin xavfsizligi sohasidagi vakolatlari. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yongʻin xavfsizligini taʼminlashdagi ishtiroki. Tashkilotlar hamda fuqarolarning yongʻin xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yongʻin xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yongʻin xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati oʻtkazilishini taʼminlaydi;
yongʻin xavfsizligi sohasida davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yongʻin xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(5-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
yongʻin xavfsizligi sohasida moliyaviy, moddiy-texnika taʼminotini va resurslar bilan taʼminlashni amalga oshiradi;
davlat ehtiyojlari uchun yongʻin-texnik mahsulotining nomenklaturasini, uni yetkazib berish hajmlarini tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
6-modda. Yongʻin xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli organning vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidir (bundan buyon matnda Favqulodda vaziyatlar vazirligi deb yuritiladi).
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
(6-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosini taʼminlaydi;
(6-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
yongʻin xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini yongʻinni oʻchirish texnikasi va boshqa texnika vositalari bilan jihozlash sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻinlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning hamda aholining hayotiga va sogʻligʻiga boshqacha tarzda muqarrar xavf paydo boʻlishining oldi olinishi munosabati bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turadi;
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 20-apreldagi OʻRQ-1136-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2026-y., 03/26/1136/0393-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 22-iyul)
yongʻinlarni oʻchirishni, yongʻin zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarishni amalga oshiradi;
barcha turdagi yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarining yongʻinlarni oʻchirishga shayligi holati va yongʻinlar profilaktikasiga doir ishlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqadi;
(6-modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin xavfsizligi sohasidagi texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalarni va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;
(6-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
davlat yongʻin nazoratini amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi talablaridan asosli ravishda chetga chiqilgan yoki bunday talablar mavjud boʻlmagan taqdirda binolar, inshootlarni va boshqa obyektlarni qurish, kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va texnik jihatdan qayta jihozlashga doir loyiha hujjatlarining yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishiga taalluqli qismini koʻrib chiqadi;
qurilish uchun maydonlar (trassalar) tanlash (ajratish) komissiyasining, shuningdek qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish komissiyalarining ishida ishtirok etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasida yongʻinga qarshi targʻibotni, oʻqitishni va axborot bilan taʼminlashni amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligining ilmiy-texnik jihatdan taʼminlanishini muvofiqlashtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin xavfsizligi sohasidagi sertifikatlashtirish va litsenziyalashni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
(6-modda ikkinchi qismining oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 27-noyabrdagi OʻRQ-1099-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-mart)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qarori bilan tasdiqlangan “Yongʻinni avtomatik tarzda oʻchirish va yongʻin signalizatsiyasi qurilmalarini montaj qilish, sozlash, taʼmirlash hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatining pasporti”.
yongʻinlar va ularning oqibatlari hisobini yuritadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 3-fevraldagi 13-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yongʻinlarni va ularning oqibatlarini hisobga olish, shuningdek yongʻinlarga doir axborotni toʻplash hamda oʻzaro almashish tartibi haqida”gi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar va fuqarolarga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish hamda yongʻinlarning oldini olishga doir tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar beradi.
(6-modda ikkinchi qismining oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-oktabrdagi 272-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisida”gi nizom.
7-modda. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining yongʻin xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari (bundan buyon matnda vakolatli organlar deb yuritiladi) oʻz vakolatlari doirasida:
Oldingi tahrirga qarang.
yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosini taʼminlaydi;
(7-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
yongʻin xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasidagi texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlar ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
yongʻin nazoratini tashkil etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni muvofiqlashtiradi;
davlat ehtiyojlari uchun yongʻin-texnik mahsulotining nomenklaturasini ishlab chiqadi va hajmlarini belgilaydi;
yongʻinlarni va ularning oqibatlarini hisobga olish tizimini yaratadi;
aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda, ijtimoiy-madaniy, sanoat obyektlarida hamda boshqa obyektlarda, hududlar va kommunikatsiyalarda yongʻinlar oʻchirilishini tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yongʻin xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari mahalliy budjetlarning yongʻin xavfsizligiga, shu jumladan yongʻindan saqlash xizmatining taʼminoti xarajatlariga doir qismini tasdiqlaydi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(8-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
yongʻin xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlari amalga oshirilishida ishtirok etadi;
yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarining bajarilishini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy budjetlarning yongʻin xavfsizligiga, shu jumladan yongʻindan saqlash xizmatining taʼminoti xarajatlariga doir qismining ishlab chiqilishini, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritilishini va ijro etilishini taʼminlaydi;
(8-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
yongʻin oʻchiruvchilar depolari qurilishini amalga oshiradi, yongʻindan saqlash xizmatining mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan boʻlinmalarini belgilangan tartibda saqlaydi va moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlaydi;
yongʻin xavfsizligini taʼminlashning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirilishini amalga oshiradi;
tegishli hududda yongʻinga qarshi alohida rejim oʻrnatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
9-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yongʻin xavfsizligini taʼminlashdagi ishtiroki
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
koʻngilli yongʻindan saqlash xizmatining tashkil etilishiga va faoliyatiga koʻmaklashadi;
yongʻin nazoratining amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
10-modda. Tashkilotlarning yongʻin xavfsizligi sohasidagi huquqlari va majburiyatlari
Tashkilotlar:
yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini belgilangan tartibda oʻz mablagʻlari hisobidan tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
tegishli organlarga yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha takliflar kiritish;
belgilangan tartibda yongʻin-texnik komissiyalarini tashkil etish;
oʻz hududida sodir boʻlgan yongʻinlarning kelib chiqish va kuchayish (tarqalish) sabablari hamda sharoitlarini aniqlashga doir ishlarni bajarish;
yongʻin xavfsizligini taʼminlashni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini belgilash;
belgilangan tartibda yongʻin xavfsizligi masalalari boʻyicha axborot olish, shu jumladan yongʻindan saqlash xizmatining boshqaruv organlari va boʻlinmalaridan axborot olish huquqiga ega.
Tashkilotlar:
yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilishi;
yongʻindan saqlash xizmati mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi;
yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi, shuningdek ularning bajarilishi ustidan doimiy nazoratni taʼminlashi;
yongʻinga qarshi targʻibot oʻtkazishi va oʻz xodimlariga yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni oʻrgatishi;
oʻziga qarashli yongʻinga qarshi himoya tizimi va vositalarini, yongʻinga qarshi suv taʼminoti manbalarini, shu jumladan yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalarini ishga yaroqli holda saqlashi, ulardan belgilanganidan boshqa maqsadda foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi;
yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalariga yongʻinlarni oʻchirishda, shuningdek yongʻin nazorati organlariga yongʻinlarning kelib chiqish va kuchayish (tarqalish) sabablari hamda sharoitlarini aniqlashda, yongʻin xavfsizligi talablarining buzilishida va yongʻinlar kelib chiqishida aybdor shaxslarni topishda belgilangan tartibda koʻmaklashishi;
oʻz hududidagi yongʻinlarni oʻchirish chogʻida zarur kuchlar va vositalarni belgilangan tartibda berishi;
yongʻindan saqlash xizmatining mansabdor shaxslari oʻz xizmat vazifalarini bajarayotganda ularning oʻz hududiga, binolar, inshootlarga va boshqa obyektlarga erkin kirishini taʼminlashi;
oʻziga qarashli obyektlarning yongʻin xavfsizligi holati toʻgʻrisidagi, shu jumladan oʻzi ishlab chiqarayotgan mahsulotning yongʻin xavfliligi haqidagi, shuningdek oʻz hududida sodir boʻlgan yongʻinlar va ularning oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda hujjatlarni yongʻin nazorati organlari mansabdor shaxslarining talabiga koʻra taqdim etishi;
kelib chiqqan yongʻinlar, mavjud yongʻinga qarshi himoya tizimlari va vositalaridagi nosozliklar toʻgʻrisida, yoʻllar va tor koʻchalarning holati oʻzgarganligi haqida yongʻindan saqlash xizmatiga darhol xabar qilishi;
koʻngilli yongʻindan saqlash xizmatining faoliyatiga belgilangan tartibda koʻmaklashishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar boʻlishi mumkin.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Fuqarolarning yongʻin xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari
Fuqarolar:
yongʻin kelib chiqqan taqdirda oʻz sogʻligʻi va mol-mulkining himoya qilinishi;
yongʻin tufayli oʻziga yetkazilgan zararning oʻrni belgilangan tartibda qoplanishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”).
oʻz sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazgan yongʻinning kelib chiqish sabablari hamda sharoitlarini aniqlashda ishtirok etish;
yongʻin xavfsizligi masalalari boʻyicha belgilangan tartibda axborot olish;
yongʻindan saqlash xizmati yetib kelguniga qadar odamlarni, mol-mulkni qutqarish va yongʻinlarni oʻchirish yuzasidan choralar koʻrish;
yongʻinlarni oʻchirishda yongʻindan saqlash xizmatiga koʻmaklashish;
yongʻin xavfsizligini taʼminlashda, shu jumladan koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega.
Fuqarolar:
yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilishi;
yongʻinni sezib qolganda bu haqda yongʻindan saqlash xizmatiga darhol xabar qilishi;
yongʻindan saqlash xizmati mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi;
oʻziga qarashli ishlab chiqarish, xoʻjalik binolarini, turarjoylarni va boshqa binolar hamda imoratlarni belgilangan tartibda yongʻin nazoratini amalga oshirish maqsadida koʻzdan kechirishi va tekshirishi uchun yongʻin nazorati organlarining mansabdor shaxslariga imkoniyat berishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar boʻlishi mumkin.
(11-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Yongʻin xavfsizligini taʼminlash
12-modda. Yongʻin xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish
Yongʻin xavfsizligini taʼminlash tashkilotlarning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining tarkibiy qismidir. Yongʻin xavfsizligini taʼminlashga doir talablar mansab yoʻriqnomalarida va boshqa yoʻriqnomalarda, zarur hollarda esa tegishli shartnomalarda aks ettirilishi kerak.
Tashkilotlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlash, agar tegishli shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur tashkilotlarning rahbarlari va ular vakolat bergan shaxslar zimmasiga yuklatiladi. Yongʻin xavfsizligini taʼminlashga doir vazifalarning vakolatli shaxslar zimmasiga yuklatilishi rahbarlarning zimmasidan masʼuliyatni soqit qilmaydi.
Xususiy va davlat uy-joy fondlarining turarjoylari va boshqa binolarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash, agar bu mulkiy ijara (arenda) shartnomasida koʻrsatilgan boʻlsa, mulkdorlar yoki ijaraga (arendaga) oluvchilar zimmasiga yuklatiladi.
Aholi punktlarini rivojlantirish va ularda imorat qurishni rejalashtirish, binolar va inshootlarni loyihalashtirish, qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish hamda texnik jihatdan qayta jihozlash chogʻida yongʻin xavfsizligini taʼminlash tegishincha shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, buyurtmachilar, imorat quruvchilar, loyiha va qurilish tashkilotlari zimmasiga yuklatiladi.
13-modda. Yongʻin xavfsizligi sohasida normativ jihatdan tartibga solish
Yongʻin xavfsizligi sohasida normativ jihatdan tartibga solish ijro etilishi shart boʻlgan yongʻin xavfsizligi talablarining vakolatli organlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek normativ hujjatlarda belgilanishidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan yongʻin xavfsizligi talablarini oʻz ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek normativ hujjatlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishib olinishi kerak.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasi.
14-modda. Yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish
Yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari yongʻin xavfsizligini taʼminlashga, shu jumladan yongʻin xavfsizligi talablarini bajarishga doir harakatlardir.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikka, yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq, shuningdek yongʻinlarga qarshi kurashish tajribasi, moddalar, materiallar, texnologik jarayonlar, buyumlar, konstruksiyalar, asbob-uskunalar, binolar va inshootlarning yongʻin xavfliligiga baho berish asosida ishlab chiqiladi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Moddalar, materiallar, buyumlar, konstruksiyalar va asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchilar (yetkazib beruvchilar) mazkur moddalar, materiallar, buyumlar, konstruksiyalar va asbob-uskunalarning yongʻin xavfliligi koʻrsatkichlarini, shuningdek ulardan foydalanishda qoʻllaniladigan yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini tegishli texnik hujjatlarda koʻrsatishi kerak.
Tashkilotlar, binolar, inshootlar va boshqa obyektlar uchun yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda, shu jumladan ular loyihalashtirilayotganda yongʻinlar chogʻida odamlarning evakuatsiya qilinishini hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki saqlab qolinishini taʼminlovchi yechimlar nazarda tutilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Aholi punktlari va boshqa hududlar uchun yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.
(14-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
15-modda. Yongʻinlarni oʻchirish
Yongʻinlarni oʻchirish odamlarning hayotini asrab qolish hamda sogʻligʻini saqlash, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni asrash hamda yongʻinlarni bartaraf etish harakatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalari tomonidan yongʻinlarning oʻchirilishini tashkil etish tartibini Favqulodda vaziyatlar vazirligi belgilaydi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqaruv organlari va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining yongʻindan saqlash xizmatining boshqa turlari, vakolatli organlar, avariya-taʼmirlash xizmatlari va oʻzga xizmatlar bilan yongʻinlarning oʻchirilishini tashkil etishni taʼminlashga doir hamkorligi kelishuvlar bilan tartibga solinadi.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining kuchlari va vositalarini favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilish tartibi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻinlarni oʻchirish uchun yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarining kuchlari va vositalarini jalb qilishning mintaqalararo hamda mahalliy darajalardagi rejalari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlanadi.
(15-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻinlar toʻgʻrisidagi xabarlarni qabul qilish uchun aholi punktlarining telefon tarmoqlarida yagona raqam — 101 oʻrnatiladi.
(15-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi OʻRQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin kelib chiqqanligi toʻgʻrisidagi xabarni olgach, Favqulodda vaziyatlar vazirligining yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari yongʻin joyiga darhol joʻnab ketishi shart.
(15-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Zarur hollarda, yongʻinlarni oʻchirish chogʻida yongʻin kuchayishining (tarqalishining) hamda yongʻin bilan bogʻliq boʻlgan, odamlarga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, atrof tabiiy muhitga tahdid soluvchi xavfli omillarning oldini olish uchun:
yongʻinlar tarqalgan (tarqalish ehtimoli boʻlgan) va xavf keltirib chiqaradigan joylarga kirib borishga doir;
yongʻinlarning kuchayishiga (tarqalishiga) toʻsqinlik qiladigan va ularni bartaraf etishni taʼminlaydigan sharoitlarni yaratishga doir;
tashkilotlar va fuqarolarda mavjud boʻlgan aloqa, transport vositalaridan, asbob-uskunalardan, yongʻinni oʻchirish vositalari va olovni oʻchirish moddalaridan keyinchalik oʻrni belgilangan tartibda qoplanishi sharti bilan foydalanishga doir;
tegishli xizmatlarni jalb etgan holda jamoat tartibini taʼminlash, yongʻinlar oʻchirilayotgan joylarni qoʻriqlash (shu jumladan yongʻinlarning kelib chiqish va kuchayish (tarqalish) sabablarini, sharoitlarini tekshirish chogʻida), yoʻl harakatini tartibga solish, evakuatsiya qilish va (yoki) yongʻin kelib chiqqan joyda boshqa tadbirlarni amalga oshirishga doir harakatlar bajariladi.
Yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalari yongʻinlarni oʻchirish, yongʻinlar va avariyalarning kelib chiqishi hamda kuchayishining (tarqalishining) oldini olish bilan bogʻliq zarur ishlarni amalga oshirishda yongʻinni oʻchirish maqsadi uchun tabiiy va sunʼiy suv manbalaridan suv bilan bepul taʼminlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Asosli tavakkalchilik doirasida harakat qilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligining shaxsiy tarkibi va yongʻinni oʻchirishda qatnashgan boshqa ishtirokchilar yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashdan ozod qilinadi.
(15-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
16-modda. Yongʻinni oʻchirishga rahbarlik qilish
Yongʻinni oʻchirishga rahbarlik qilish yongʻin joyiga yetib kelgan yongʻindan saqlash xizmatining katta tezkor mansabdor shaxsi (bundan buyon matnda yongʻinni oʻchirish rahbari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi, u yongʻinni oʻchirish harakatlarini bajarishda ishtirok etayotgan yongʻindan saqlash xizmatining shaxsiy tarkibini, shuningdek yongʻinni oʻchirishga jalb etilgan kuchlar va vositalarni yakkaboshchilik prinsipi asosida boshqaradi.
Yongʻinni oʻchirish rahbari vazifalarning bajarilishi, yongʻinni oʻchirish harakatlarini bajarishda ishtirok etayotgan yongʻindan saqlash xizmati shaxsiy tarkibining hamda yongʻinni oʻchirishga jalb etilgan kuchlar va vositalarning xavfsizligi uchun javob beradi.
Yongʻinni oʻchirish rahbari yongʻinni oʻchirish harakatlari amalga oshirilayotgan hudud chegaralarini, mazkur harakatlarni bajarishning tartibini va oʻziga xos jihatlarini belgilaydi, shuningdek yongʻin chogʻida odamlarni, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish boʻyicha qarorlar qabul qiladi. Zarur hollarda, yongʻinni oʻchirish rahbari boshqa qarorlar, shu jumladan yongʻinni oʻchirish harakatlari amalga oshirilayotgan hududdagi yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini cheklaydigan qarorlar qabul qilishga haqli.
Yongʻinni oʻchirish rahbarining koʻrsatmalari yongʻinni oʻchirish harakatlari amalga oshirilayotgan hududdagi barcha tashkilotlar va fuqarolarning ijro etishi uchun majburiydir.
Yongʻin oʻchirilayotganda yongʻinni oʻchirish rahbarining harakatlariga aralashishga yoki uning farmoyishlarini bekor qilishga hech kim haqli emas.
17-modda. Yongʻin xavfsizligi sohasida ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlar yongʻin xavfsizligi talablarini amalga oshirish, shuningdek yongʻinlar profilaktikasini taʼminlash va yongʻinlarni oʻchirish maqsadida bajariladi hamda koʻrsatiladi. Yongʻin xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
yongʻin xavfsizligi sohasi mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish;
aholiga yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni oʻrgatish;
yongʻinga qarshi targʻibot ishlarini amalga oshirish;
ilmiy-texnik maslahatlar berish va ekspertizalar oʻtkazish;
tashkilotlarni, aholi punktlari va boshqa hududlarni yongʻinlardan muhofaza qilish;
yongʻin-texnik mahsulotini ishlab chiqarish, sinovdan oʻtkazish, xarid qilish va yetkazib berish;
moddalar, materiallar, buyumlar, konstruksiyalar va asbob-uskunalarni yongʻin xavfsizligi jihatidan sinovdan oʻtkazish;
loyiha, tadqiqot ishlarini bajarish;
olovdan himoya qilish va pech-moʻrikon ishlarini bajarish;
yongʻinga qarshi himoya tizimlari va vositalarini montaj qilish, ularga texnik xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash;
yongʻinga qarshi aslaha-anjomlarni, yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalarini taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish, olovni oʻchirish moddalarining sifatini tiklash.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlar jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa ishlar va xizmatlar ham kiritilishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Yongʻinga qarshi targʻibot va yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni oʻrgatish
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻinga qarshi targʻibot aniq maqsadni koʻzlagan holda jamiyatni ommaviy axborot vositalari, maxsus adabiyotlar va reklama mahsulotlarini nashr etish hamda tarqatish, muayyan mavzuga bagʻishlangan koʻrgazmalar, koʻriklar, konferensiyalar oʻtkazish va aholini xabardor qilishning qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllaridan foydalanish orqali yongʻin xavfsizligi muammolari va yongʻin xavfsizligini taʼminlash yoʻllari haqida xabardor qilishdir.
(18-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yongʻinga qarshi targʻibotni yongʻindan saqlash xizmati, shuningdek yongʻindan saqlash xizmati koʻmagida vakolatli organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar va fuqarolar oʻtkazadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashkilotlarning xodimlariga yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni oʻrgatish ish beruvchilar (maʼmuriyat, mulkdorlar) tomonidan yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq, tegishli vakolatli organlar tasdiqlagan va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan maxsus dasturlar boʻyicha olib boriladi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga va boshqa taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan shaxslarga yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni majburiy tarzda oʻrgatish mazkur muassasalar tomonidan tegishli vakolatli organlar tasdiqlagan va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan maxsus dasturlar boʻyicha amalga oshiriladi.
(18-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida bolalarga yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni oʻrgatish, ularni kasbga yoʻnaltirish, yongʻinga qarshi targʻibot tizimini takomillashtirish hamda yongʻinlarning oldini olishga va yongʻin chogʻida toʻgʻri harakat qila bilishga qaratilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish maqsadida qonunchilikka muvofiq yosh yongʻin oʻchiruvchilar drujinalari tashkil etilishi mumkin.
19-modda. Yongʻin xavfsizligi sohasida axborot bilan taʼminlash
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli organlar yongʻin xavfsizligi uchun noqulay sharoitlar toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligini darhol va bepul asosda xabardor qilishi shart.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Faoliyati toʻliq yoki qisman Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalari yongʻin xavfsizligi masalalariga doir tezkor axborotni bepul asosda eʼlon qilishi shart.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yongʻin xavfsizligini taʼminlash yuzasidan qabul qilgan qarorlari haqida aholini xabardor qilishi shart.
20-modda. Yongʻinlarni va ularning oqibatlarini hisobga olish
Yongʻinlarni va ularning oqibatlarini hisobga olish, shuningdek yongʻinlarga doir axborotni toʻplash hamda oʻzaro almashish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Yongʻinga qarshi alohida rejim
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfi yuqori boʻlganda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori bilan tegishli hududlarda yongʻinga qarshi alohida rejim oʻrnatilishi mumkin.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Yongʻinga qarshi alohida rejimning amal qilishi davrida tegishli hududlarda yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan yongʻin xavfsizligiga oid qoʻshimcha talablar belgilanadi.
22-modda. Yongʻin xavfsizligini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash
Yongʻin xavfsizligini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashni ilmiy- tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, loyiha tashkilotlari va boshqa ilmiy-texnik tashkilotlar, shuningdek tegishli taʼlim muassasalari amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi ilmiy-texnik ishlanmalarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, tashkilotlarning mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashni muvofiqlashtirish Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(22-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Tashkilotlar yangi texnologiyalar va mahsulotlar yaratilishida yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida zarur ilmiy-texnik ishlanmalar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
23-modda. Yongʻin-texnik mahsulotini ishlab chiqarish
Yongʻin-texnik mahsuloti davlat buyurtmasi asosida, shuningdek tadbirkorlik faoliyati tartibida ishlab chiqariladi.
Yongʻin-texnik mahsulotini ishlab chiqarish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-oktabrdagi 272-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
24-modda. Yongʻin xavfsizligi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 27-noyabrdagi OʻRQ-1099-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-mart)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qarori bilan tasdiqlangan “Yongʻinni avtomatik tarzda oʻchirish va yongʻin signalizatsiyasi qurilmalarini montaj qilish, sozlash, taʼmirlash hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatining pasporti”.
25-modda. Yongʻin xavfsizligi sohasidagi mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi majburiy sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan mahsulotlar va xizmatlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 536-son qarori bilan tasdiqlangan Yongʻin xavfsizligini taʼminlash va yongʻin oʻchirish vositalariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament.
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi mahsulotlar va xizmatlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun ular tashkilotlar hamda fuqarolar tashabbusiga koʻra ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazilishi mumkin.
4-bob. Yongʻindan saqlash xizmati
26-modda. Yongʻindan saqlash xizmatining asosiy vazifalari
Yongʻindan saqlash xizmatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yongʻinlar profilaktikasini oʻtkazish va yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
yongʻinlarni oʻchirish, yongʻin zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻindan saqlash xizmati kuchlari va vositalarining yongʻinlar profilaktikasi hamda yongʻinlarni oʻchirish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarni bajarishga jalb qilinishiga, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyilmaydi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Yongʻindan saqlash xizmatining turlari
Yongʻindan saqlash xizmati davlat, idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmatlariga boʻlinadi.
28-modda. Davlat yongʻindan saqlash xizmati
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat yongʻindan saqlash xizmati yongʻindan saqlash xizmatining asosiy turidir va u Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining boshqaruv organlari va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
(28-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 700-son “Respublikaning tumanlari, shaharlari va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(29-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuniga asosan 2020-yil 26-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(30-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuniga asosan 2020-yil 26-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
31-modda. Idoraviy yongʻindan saqlash xizmati
Idoraviy yongʻindan saqlash xizmati vakolatli organlarda va tashkilotlarda ularga qarashli obyektlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Idoraviy yongʻindan saqlash xizmati boshqaruv organlari va boʻlinmalarining faoliyatini tashkil etish, shuningdek shaxsiy tarkibning xizmatni oʻtash tartibi tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(31-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
32-modda. Koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati
Koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati fuqarolar va jamoat birlashmalarining tashkilotlarda, aholi punktlari va boshqa hududlarda yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini taʼminlashda, yongʻinlarni oʻchirishda ishtirok etishining shaklidir.
Koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalari drujinalar va (yoki) komandalar tarzida tashkil etiladi hamda tegishli maʼmuriy-hududiy birlikning yongʻin xavfsizligini taʼminlash tizimiga kiradi.
Koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
33-modda. Idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini hisobga olish roʻyxatidan oʻtkazish
Idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalari hisobga olish roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini hisobga olish roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
5-bob. Yongʻin nazorati
34-modda. Davlat yongʻin nazorati
Davlat yongʻin nazorati vakolatli organlar, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tekshirish va tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat yongʻin nazorati Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yongʻin nazorati organlari boʻlgan boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(34-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining obyektlarida, oʻrmon xoʻjaliklari hududlarida, kon qazilmalari va shaxta inshootlarida, portlovchi materiallar ishlab chiqarilayotganda, tashilayotganda, saqlanayotganda, ulardan foydalanilayotganda va ular utilizatsiya qilinayotganda, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallardan foydalangan holda portlatish ishlarini olib boruvchi tashkilotlarda, havo, suv, temir yoʻl, avtomobil transportidan hamda elektr transportidan foydalanilayotganda davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish tartibi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va tegishli vakolatli organlar oʻrtasidagi kelishuvlar bilan belgilanadi.
(34-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan davlat yongʻin nazorati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
(34-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik va boshqa chet el vakolatxonalari egallab turgan obyektlarda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan davlat yongʻin nazorati ushbu muassasalar rasmiy vakilining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali qilgan yozma murojaati asosida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat yongʻin nazorati organlari va mansabdor shaxslarining roʻyxati, vazifalari, huquq va majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.
35-modda. Idoraviy yongʻin nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
Idoraviy yongʻin nazorati idoraviy yongʻindan saqlash xizmati, shuningdek qonunchilikda vakolat berilgan mansabdor shaxslar tomonidan idoralarga qarashli tashkilotlarning yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilishini tekshirish va tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Idoraviy yongʻin nazorati vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(35-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Idoralarga qarashli tashkilotlarda yongʻin xavfsizligi talablari yongʻin kelib chiqishiga va odamlarning xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda buzilganligi aniqlangan taqdirda, idoraviy yongʻindan saqlash xizmati alohida ishlab chiqarishning, ishlab chiqarish uchastkasining, agregatning ishini, binodan, inshootdan, xonadan foydalanishni, ayrim turdagi ishlarni bajarishni toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
36-modda. Yongʻindan saqlash xizmatining moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti
Oldingi tahrirga qarang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqaruv organlari hamda yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining, bundan tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan boʻlinmalar mustasno, moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(36-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etilgan boshqaruv organlari va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari mazkur tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
(36-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
Idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmatining moliyaviy hamda moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek shaxsiy tarkibning ijtimoiy kafolatlari va kompensatsiyalarini moliyaviy taʼminlash ularning muassislari tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
37-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(37-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
38-modda. Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(38-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 84, 124, 211-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
39-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(39-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
40-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2009-yil 1-oktabrdagi 191-192 (4854-4855)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-sentabr,
OʻRQ-226-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 40-son, 432-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son, 2019-y., 2-son, 47-modda, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son; 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 21.04.2026-y., 03/26/1136/0393-son)