Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ATOM ENERGIYASIDAN TINCHLIK YOʻLIDA FOYDALANISH SOHASIDAGI XALQARO SHARTNOMALAR BOʻYICHA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MAJBURIYATLARINI BAJARISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga muvofiq, shuningdek atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
Oʻzbekiston Respublikasi va Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik oʻrtasidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik toʻgʻrisidagi 1994-yil 8-oktabrdagi shartnoma bilan bogʻliq boʻlgan kafolatlarni qoʻllash toʻgʻrisidagi Bitim hamda Bitimga 1998-yil 22-sentabrda Toshkent shahrida imzolangan Qoʻshimcha protokol boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Atom energiyasi boʻyicha Yevropa Hamjamiyati (Yevratom) oʻrtasida atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida 2003-yil 6-oktabrda Bryussel shahrida imzolangan Bitim boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikka (MAGATE) va Yevratomga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborotlar tayyorlash va ularni (bayonot, hisobotlar, xabarnomalar, hisobotlarga qoʻshimcha va tushuntirishlar) taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasiga yuklansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi MAGATE va Yevratomni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan Bitimlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlarining bajarilishini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilanganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-iyun,
179-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 27-son, 314-modda; 2010-y., 51-son, 486-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)